Tushning ilmiy oʻrganilishi masalalari

0
1210
marta koʻrilgan.

Dastlabki ogʻzaki va yozma taʼbirnomalarda tushning ilmiy oʻrganilishiga asos solingan, deya bemalol ayta olamiz. Oldingi bobda biz soʻz yuritgan “Irq bitigi”, “Fol kitobi” va boshqa taʼbirnomalar bunga misol boʻla oladi. Bu manbalar bilan bir qatorda yozma adabiy manbalarda, jumladan, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida tushga aniq ilmiy taʼrif berilganini koʻramiz.[1] Mazkur asarning “Oʻzgurmush kasal” boʻlimida Oʻgdulmush Oʻzgurmushga tushni taʼbir qilishning tartib – qoidalari haqida oʻz bilganlarini aytadi: “Tushga yoʻriq turli-tuman boʻladi. Uni har bir kishi bilmogʻi shart. Koʻrgan tushni kechasi – qorongʻi tushgandan keyin ham taʼbir soʻralmaydi. Kechasi koʻrilgan tushga taʼbir kunduzgisidan tamomila boshqacha boʻladi.

Tush taʼbirining shart-sharoitlari juda koʻp. Eng avval ularni bilib olish lozim.

Birinchidan, koʻrgan tushingni oʻzing yoʻrma, shuningdek, uni duch kelgan kishiga ham aytavermaslik kerak. Koʻrilgan hamma tushni yoʻrish shart emas. Koʻrilgan tushlarga taʼbir juda xilma-xil boʻladi, ularni chuqur mulohaza qilish lozim.

Avvalo, tush yoʻrishdan tiyil, bordi-yu yoʻrmoqchi boʻlsang, bu ishda bilimga tayan. Tushni boshqa hodisalar bilan qiyosla, undagi har bir holatga maʼno ber, chuqur mulohaza yurit, yaxshilab oʻyla.

Tushning foydasi taʼbirga qarab boʻladi, agar uni yoʻrishning uddasidan chiqmasang, bu tush befoyda boʻlib qolib ketadi. Bilimi dengiz kabi teran boʻlgan kishi bu haqida yaxshi aytgan, uni eshitib sen yuzingni qizil qilib ol”.[2]

Bundan tashqari, “Qutadgʻu bilig”da tush mijozga qarab taʼbir qilinishi, bemorning koʻrgan tushiga qarab uni daʼvolash mumkinligi haqida ham soʻz yuritiladi.

Gʻarb tadqiqotchilari Zigmund Freyddan soʻng tushni inson ruhiyatining inʼikosi sifatida oʻrgana boshladilar. Vaholanki, Imom Gʻazzoliy XI asrdayoq tushni: “Odam oʻgʻli fitratining gʻaroyibotlaridandir”, deya taʼrif berib, tush bevosita inson axloqi va maʼnaviyati, yanada aniqrogʻi, ruhoniyati bilan bogʻliqligini aytib oʻtgan edi.

“Maʼnaviyat sohiblari gʻayb koʻzi ila koʻra oladi. Baʼzan unga vahiy tarzida, baʼzan unga tush tarzida ayon boʻladi. Inson agar maʼnan bir olamga yuksalsa, yerda turib haqiqatni koʻradi va mohiyatni anglaydi. Toʻgʻri tush paygʻambarlikning qirq olti juzidan biridir. Bu holat ham eng yuksak maʼnaviyatning darajalaridan biridir”.[3]

Shu oʻrinda Yusuf Xos Hojib, Imom Gʻazzoliy va Gʻarb faylasuflarining, jumladan, Zigmund Freyd qarashlari oʻrtasida yaqinlik mavjudligini koʻramiz. Garchand Zigmund Freyd va uning izdoshlari tushning ilohiyligini inkor etsalar-da, ammo tushning sirli va moʻjizali ekanligini tan oladilar. Bu borada Imom Gʻazzoliy fikrlari asoslidek tuyuladi: “Tushda biror bir hodisaning oldindan koʻrilishi sababi qalbning ajoyib sirlari bilan bogʻliqki, bu hol mukoshifo ilmi bilan izohlanadi”.[4] Zero, shu paytga qadar tushga turlicha taʼrif berilgan va oʻrganilgan boʻlsa-da, hamon tush sirliligicha va moʻjizaliligicha qolmoqda. Tush – inson shaxsi, axloqi va ruhiy dunyosi bilan chambarchas bogʻliq ekanligi borasida Imom Gʻazzoliy, Freyd hamda uning izdoshlarining fikrlari hamohangdir.

“Karomatli tushlarga sabab, – deydi Imom Gʻazzoliy, – uyquda gʻayb tajalli etadi. Tushda kishi hissiyotga boʻysunadi, uygʻonganda esa hissiyotga eʼtibor bermaydi, aqlga boʻysunadi”.[5]

Zigmund Freyd fikricha esa tushda kishining uygʻoq paytidagi ong osti kechinmalari yuzaga qalqib chiqadi. Uygʻoq payti inson koʻproq ongga, aqlga boʻysunadi. Uning xatti-harakatlari chegaralangan, maʼlum bir yoʻnalishga yoʻnaltirilgan boʻladi. Tushda esa inson erkinroqdir.[6]

Darhaqiqat, uyqu payti biz uygʻoq paytimiz yuzaga chiqishiga aqliy istaklarimiz yoʻl qoʻymagan kechinmalarga guvoh boʻlamiz va u bilan birga yashaymiz hamda buni tush deb ataymiz. Aslida tush inson ruhiy dunyosining ajralmas, murakkab va muhim qismidir. Freyd tushni tahlil qilar ekan, tushga eʼtiborsizlik, yaʼni XX asr insonlarining ruhan mayib boʻlib qolishiga olib keldi, degan xulosani tashlaydi. Tushga – ichki istak va kechinmalarga eʼtiborsizlik tufayli odamzod eng katta fojiaga duch keldi: u oʻz qalbini unutib qoʻydi.

Freyd XX asrga xos yovuzlik, qullik, mutelik, axloqiy buzilishlar, maʼnaviy yuzsizliklar, eʼtiqodsizlik va iymon sustligini insonning ichki istak, kechinmalariga eʼtiborsizligi yoxud bu kechinmalarning zoʻrlik bilan jilovlab qoʻyilishida, deb tushuntiradi. Freydning bu nazariyasi tush haqidagi qadim tasavvurlarga Gʻarbdagi fan olamini jalb etdi va tushni, insonning ruhiyatini, inson kechinmalari aks etgan badiiy ijodni tadqiq etuvchi ruhiy tahlil metodi degan metod yuzaga keldi. Freyd, Yung va boshqa ushbu metod vakillari tushni tahlil qilib, undagi ramzlar miflardagi ramzlar bilan vazifa jihatdan oʻxshash ekanligini kashf etdilar hamda tushni sharhlash miflarni sharhlashni osonlashtiradi, degan qarashni oʻrtaga tashladilar.

Umuman, uyqu va uygʻoq holatlar inson faoliyatining ikki qarama-qarshi qutbidir. Birida voqelik va mantiq hukmron, ikkinchisida erkinlik va “Men” hukmron. Uygʻoq odam oʻz faoliyatini mavjud sharoitning mantiqiga moslaydi: u shu davrga mos kiyim kiyadi, uy quradi, tashvish chekadi va shu davr mantiqidan kelib chiqib fikr yuritadi, munosabat va muomala qiladi. Yaʼni u makon va zamon chegarasida yashashga, makon va zamon nomidan gapirishga, faoliyat qilishga, yashash uchun kurashga, undan oʻzini himoya qilishga majbur. Uyqu holatida makon va zamondan mutlaqo xalos boʻladi, u oʻz ichki dunyosi – oʻz “Men”i ixtiyoriga oʻtadi. Makon va zamon ushlab qololmaydi. “Men” shunchalik kengki, u oʻzida barcha makonlarni, barcha zamonlarni mujassam etadi. Bu yerda uygʻoq paytdagi yashash uchun kurash mantiqi “oʻladi”. Kishining uygʻoqligida uning ongini jilovlab turgan bu mantiq uyquda mutlaqo ahamiyatsiz boʻlib qoladi. U makon va zamon axloqidan, tartib-qoidasidan, qonunlaridan, yashash tarzidan, taʼqib va taqiq xavfidan butkul qutuladi, yaʼni butkul erkin boʻladi. Uning zamon tartib-qoidasidan tarang boʻlgan aqliy zoʻriqishlari barham topadi, aql “dam” oladi. Ana shu paytda faqat “Men”ga – ichki dunyoga xos istak-kechinmalar bosh koʻtaradilar. Uygʻoq odam oʻzini oʻrab turgan voqelikning ijrochisi, uyqu esa ichki hissiyotlar – ruhiy dunyo bilan yuzma-yuz kelishdir. Uygʻoq payti aqliy istaklar, aqliy munosabatlar pardalab qoʻygan kechinmalar uyqu payti odam bilan yuzma-yuz keladi, oʻzini koʻrsatadi.

Tasavvuf ahllaridan yana biri Ibrohim Haqqi ham oʻzining “Maʼrifatnoma” asarida tushni ikkiga – rost va yolgʻon tushlarga ajratadi.[7]

“Rost, yaxshi tushlarni, – deydi u, – qalbi toza boʻlganlar koʻradi… Inson tush koʻrdigi zamon qalb panjaralari ochiladi va maloiklar olamida boʻlgan lavhi mahfuzdagi holatlarni idrok etadi”.[8]

Amerikalik olim Erix Fromm tushga oid bir maqolasida shunday bir ahamiyatli misol keltiradi. A. hamda B. degan shaxslar uchrashib qolishadi va birgalikda tijorat qilishmoqchi boʻlishadi. Shu kecha A. tushida B. ning oʻgʻirlab olgan pullariga soxta hujjat toʻldirayotganini koʻradi. A. tushga katta ahamiyat bersa-da, bu gal eʼtiborsiz qoldiradi. Biroq bir yildan soʻng B. soxta hujjatlar bilan katta miqdorda pul oʻmarganiga guvoh boʻladi. Bu bashorat tushni Fromm shunday sharhlaydi: “Odam uygʻoq payti uning aqliy salohiyati B. ning asl qiyofasini toʻliq qamrab ololmagan, biroq aqlga nisbatan qamrovi keng boʻlgan ong osti hislari B. ning asl qiyofasini toʻliq aks ettira olgan va bu taassurot xulosasi tushda namoyon boʻlgan”.[9] Olimning fikricha, ong osti hislari ongli hislarga nisbatan sezuvchan, harakatchan, oʻta aniq kechinmalardir. Bashorat tushlar ana shu oʻta sezuvchan kechinmalar hosilasi boʻlib, buni odam birdan anglab olishi qiyin boʻladi, aql bu sezuvchan hislarni oʻz mantigʻiga suyanib qabul qilolmaydi. Uyqu payti esa bu kechinmalar tush sifatida kelajakni oʻzida namoyon qiladi.

Ibrohim Haqqi hayvon suratlari va koinot shakllari inson ongida turli qiyofalarda aks etishini va tushdagi bunday ramzlar inson axloqi bilan bevosita bogʻliq ekanligini aytib, tushda kibr – qoplon, zoʻrlik – arslon, hasad esa boʻri qiyofasida gavdalanishini taʼkidlaydi.[10]

Ruhiy tahlil metodining asoschisi Freyd ham insondagi mayllarning tushda turli hayvon koʻrinishida gavdalanishini taʼkidlaydi.[11] Erix Fromm esa “Qizil shapkacha” ertagini tahlil etar ekan, mazkur ertakdagi boʻri ishqiy mayl timsoli sifatida talqin etilganini yozadi.[12]

“Alpomish” dostonida Barchinning mayli “yoʻlbars” va aks mayli esa “mast tuya” qiyofasida gavdalanadi.[13]

Bu misollar shundan dalolat beradiki, ibtidoiy davrlardan to XXI asrgacha kishilarning tushga boʻlgan munosabatlarida unchalik farq sezilmaydi. Ular koʻrayotgan tushdagi ramzlarda ham yaqinlik mavjud.

Sharqda tushga shunchalik bir inja bir munosabatda boʻlinganki, inson tabiatidan tortib u yegan taomgacha tushga taʼsir qilishi mumkinligini yaxshi bilishgan. Misol uchun, “Qutadgʻu bilig”da bu holat juda goʻzal misralarda bayon etilgan:

Yoʻriqcha qolar tush, tushing yaxshi yoʻr,

Tubi – aslini bil, uquv birla koʻr.

Ne tarz yoʻrsa tushni oʻshandek boʻlar,

Yomon yoʻrma tushni, senga qilar qoʻr.

Baʼzi tush yeb-ichmak taʼsiri boʻlar,

Yaroqsiz oziqdan yomon tush kelar.

Baʼzan bogʻlanadi u yil fasliga,

Mijoz kuchayishi sabab asliga.

Kichik ersa oʻgʻlon, yil fasli gar yoz,

Narsa qizil boʻlsa, yerning rangi boʻz.

Qoni oshdi degan uning, shubhasiz,

Uning tomiridan bir oz qon oqiz.

Kuz oyi boʻlsa ham yigit navqiron,

Tushida koʻrinsa qizil, zaʼfaron,

Sarigʻi koʻchaygan boʻlar, ey dono,

Oʻzini boʻshatsa, ketadi balo.

Tushida bu oʻrta yashar, kuz oyi,

Agar koʻrsa quduq, togʻ, olov joyi.

Kuchaygan boʻladi uning savdosi,

Dori ichsa, boʻlar uning davosi.

Kuz chogʻi esa-yu, koʻruvchi ulugʻ,

Oqar suv, qor, yomgʻir boʻlsa gar toʻliq,

Kuchaygan boʻladi uning balgʻami,

Issiqlik berilsa, qilinar emi.

Tagʻin bir toifa boʻlar poyma-poy,

Bu xil tush taʼbiri boʻlmas hoyna-hoy.

Uzoq oʻylaganda kishi koʻrsa tush,

Taʼbiri boʻlmagay uning tengu tush.

Yana birov kasbin koʻrar tushida,

Unga ham taʼbir yoʻq, urinma juda.

Bularning bariga qilib farosat,

Taʼbirlasang keyin chiqadi hojat.

Nima der, eshitgin, taʼbirchi hakim,

Soʻramogʻi lozim tush koʻrsa har kim:

“Taʼbir qilma tushni bilib-bilmayin,

Taʼbirni ne desa, boʻlar shundayin.

Alam koʻrsa tushda, javobi sevinch,

Sevinch koʻrsa, qaygʻu kelar tundayin”.

Tushingning taʼbiri yagona emas,

Taʼbirchi hakimlar yagona demas.

Tushda toʻliq tutsa oʻzini shodon,

Alam-qaygʻularga ochildi gumon.

Tushida yigʻlasa, koʻrsa koʻp alam,

Shodlikka yetishar, rohati – bekam.

Baʼzi tush boʻladi, taʼbiri uning

Boʻlaklar uchundir, u boʻlmas sening.[14]

Abulfazl Husayn at-Tiflisiy ham oʻz asarida Imom Jaʼfar roziallohu anhu tushni uchga boʻlganligini taʼkidlaydi. “Tush, aslida, uch qismdur, – deb yozadi u oʻzining “Mukammal tush taʼbirnoma”sida, – biri hukm deb aytiladi, ikkinchisi mutashobih (ramziy tush), uchinchisi asgʻosu ahlom (parishon) tushlardir”.[15] Parishon tushlarni koʻruvchilarni toʻrt guruhga boʻlar ekan, ulardan biri savdo qoʻzgʻatuvchi ovqatlarni yeguvchilar, deb aytadi.

Yuqoridagi misollardan koʻrinib turibdiki, tush inson axloqi, maʼnaviyati, ruhiyati bilan chambarchas bogʻliq ekan. “Basharang qiyshiq boʻlsa, oynadan oʻpkalama”, deydi xalqimiz. Yomon, qoʻrqinchli tushlarning sababini chekkadan emas, oʻzimizdan, oʻz tabiatimizdan izlashimiz zarur. Bu birinchi holat. Ikkinchi holat bu tushni taʼbirlash bilan bogʻliq jarayon.

Yusuf Xos Hojib tush taʼbirchilarini oʻrniga qarab yurumchi, yoʻrumchi, muabbir, deya uch xil nomda ataydi. Adib oʻzining “Qutadgʻu bilig” asarida: “Tush qanday taʼbir qilinsa, shunday boʻladi”, “Tushni yaxshiga yoʻy, tush yoʻrugʻiga koʻra boʻladi”[16], der ekan, tushni doimo yaxshiga yoʻyish lozimligini taʼkidlaydi.

Ertak va dostonlarimizdan bizga maʼlumki, tushni hamma ham taʼbir qilavermaydi. “Alpomish” dostonida Barchinning tushini Suqsuroy kaniz, Boyboʻrining tushini esa qizi Qaldirgʻoch taʼbir qiladi. Mazkur dostonning barcha variantlarida Qaldirgʻoch ham, Suqsuroy kaniz ham Alpomish va Barchinning yonidagi yoʻldoshlardir. Kerak payti ular oʻz yaqinlariga maslahat beradigan, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsata oladigan donishmand, oqila ayol, yanayam aniqrogʻi, dostonda homiy obraz sifatida gavdalanadilar. Shuning uchun dostonda ular asosiy qahramonlarga koʻmakchi sifatida gavdalanadi. “Manas” dostonida Manasning otasi Jaqibning tushini Boyjigitdan boshqa hech kim taʼbir qilolmaydi.

“Tushingni suvga ayt”, deydi dono xalqimiz. Suv kulti haqidagi qadim tasavvurlar bilan bogʻliq bu maqoldagi ikkita eng muhim jihat eʼtiborlidir. Birinchisi – bu tushning, albatta, kimgadir aytilishi lozimligi. Shunday qilinsa, inson yengil tortadi, koʻngli ravshanlashadi. Gʻarb tadqiqotchilari ayrim ruhiy xasta bemorlarni koʻrgan tushlarini hikoya qilib berish orqali davolash mumkinligini yozishadi. Ikkinchisi – tushni hammaga ham aytib boʻlmasligi. Uni eng yaqin, qalbi toza kishilarga aytish lozimligi. Qolaversa, suvning tiniqligi, musaffoligi va oqib turishi inson ruhiyatiga taʼsir etuvchi xususiyatga ega.

Xalq orasida ham tush hammaga aytilavermagan. Tush eng yaqin kishilarga aytilgan. Odatda, yuksak maqomlarga erishgan, el-yurt orasida katta hurmatga sazovor boʻlgan, donishmand va oqkoʻngil kishilargina tushlarni taʼbir qilgan.

Yuqorida tushni taʼbir qilish islomda paygʻambarlikning qirq olti juzidan biri hisoblanishini taʼkidlagandik. Zero, “… Rost tush Haq subhonahu va taolodan vahiydir. Tush Xudoyi taolo bilan banda oʻrtasidagi omonatdir”.[17]

Abulfazl at-Tiflisiy shunday yozadi: “Ibn Sirin rahmatullohi alayh aytadi: “Muabbir uchun shart shuki, u tushni eshitayotgan paytda tahoratli boʻlishi, tush aytayotgan dushmani boʻlsa, dushmanligi sababli notoʻgʻri taʼbir qilmasligi, bir odamning yomonligini bilsa, boshqalarga oshkor qilmasligi kerak”.[18] Bu oʻrinda tushni taʼbir qilishda muabbir, yaʼni taʼbirchining zimmasidagi masʼuliyat alohida taʼkidlanmoqda.

Tush koʻruvchining tabiati, axloqi, dini, eʼtiqodi, ismi, shajarasi, tush koʻrish oldidagi holati, tushni koʻrgan kuni va payti – bularning bari tushni taʼbir qilayotganda albatta eʼtiborga olish zarur boʻlgan holatlardir.

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Ibn Sirin rahmatullohu alayhga: “Tushimda azon aytayotgan ekanman”, deydi. Ibn Sirin unga: “Hajga borasan!”, – deb aytadi. Shu payt boshqa bir kishi kelib: “Tushimda azon aytayotgan ekanman”, dedi. Ibn Sirin uning tushini: “Seni oʻgʻirlikda ayblashadi”, deya taʼbir qildi. Nega aynan bir xil tushni ikki xil taʼbir qildingiz, deya undan soʻrashganlarida u kishi shunday javob beribdi: “Birinchisi yaxshi odam edi, shuning uchun unga: “Hajga borasan”, dedim. Ikkinchisi ahli fasodlardan ekanini bildim va taʼbirni boshqacha qilib: “Seni oʻgʻirlikda ayblashadi”, dedim”.[19]

Bu oʻrinda bizning eʼtiborimizni tortadigan birinchi jihat – tush, eng avvalo, inson axloqi bilan chambarchas bogʻliq ekanligi boʻlsa, ikkinchi holat – tushdagi ramzlar har bir tushda oʻzgacha maʼno tashishidir. Toʻgʻri, tushda ham umumiy ramzlar, yaʼni oʻzak ramzlar mavjud. Biroq har bir tush taʼbir qilinayotganda ular individual maʼnoga ega boʻladi. Shuning uchun ham tushlar va ulardagi ramzlarni sharhlash mushkul masala. Tipik tushlar, yaʼni tez-tez uchraydigan tushlar ham bor. Ularda umumga xos boʻlgan syujet va ramzlar ishtirok etadi. Biroq xuddi ramziy obrazlar aniq bir matnda alohida maʼnoga ega boʻlgani kabi, tushdagi syujet va ramzlar ham konkret tush va uning ruhiy holatidan kelib chiqib tahlil etilishi kerak.

Sharqdagi tush haqidagi qarashlar Gʻarbda keyingi asrlarda yuzaga kelgan taʼlimotning, ertak va dostonlarimiz, yozma adabiyotimizdagi tushlarning va taʼbirnomalarning ilmiy asosga ega ekanligini koʻrsatadi. Xoh ogʻzaki, xoh yozma manba boʻlsin, tush lavhasi va undagi ramzlar inson ruhiy olamining ramzlari ekan, ularga ilmiy yondashish va ilmiy baho berish bugungi kunimizning dolzarb vazifasidir.

Ibn Haldun, Imom Gʻazzoliy, Jaloliddin Rumiy kabi mutasavvif olimlar ham oʻz asarlarida tush haqidagi oʻz qarashlarini bayon etganlar.[20]

“Mukammal tush taʼbirlari ensiklopediyasi”, “Mukammal tush taʼbirnomasi”, “Komil at-taʼbir”, “Tushlar taʼbiri” kabi asarlardan bizga maʼlumki, tushga ajdodlarimiz jiddiy munosabatda boʻlganlar.[21]

Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa koʻplab adiblarimizning ijodida tushga alohida eʼtibor berilgan. Ayniqsa, Alisher Navoiyning “Sabʼai Sayyor”, “Saddi Iskandariy”, “Majolis un-nafois” va Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlarida tushning goʻzal namunalari keltirilganki, ular alohida tadqiqot mavzuidir. Qisqacha qilib shuni aytish mumkinki, to olis oʻtmishdan bugunimizga qadar hech bir ijodkor tush mavzuini chetlab oʻtmagan.

Gʻarbda tush haqida juda koʻp faylasuflar, tarixchilar, ijodkorlar fikr bildirishgan. Ammo Zigmund Freydga qadar tushni hech bir ijodkor maxsus va mukammal tadqiq etgan emas.[22] Zigmund Freyd uzoq vaqt inson holati va ruhiyati ustida kuzatish olib bordi va insonni anglash, uning qalbiga, yuragiga kirib borish, undagi xastalikni yengish uchun, eng avvalo, uning ruhiyatiga “til” topish kerak, degan fikrni ilgari surgan. Faylasufning bu fikrlari oʻz davrida keskin qarshiliklarga duch keldi. “Tush oʻrganilishga arzimas bir narsa, uni oʻrganish bizga hech narsa bermaydi”, deya eʼtiroz bildirgan muxoliflari uning tadqiqotlaridan soʻng tushga boshqacha munosabatda boʻla boshlashdi. Ayniqsa, Zigmund Freyd oʻzining “Tush taʼbirlari” degan maxsus tadqiqotini yaratgandan soʻng eng ashaddiy raqiblari ham unga tan berishdi.

“Zigmund Freyd, – deb yozadi Stefan Sveyg oʻzining mashhur essesida, – insondagi buyuk jasoratning timsolidir! U insoniyatni baxtliroq emas, ongliroq qildi… U olam manzarasini butun bir avlod koʻz oʻngida teranlashtirdi”.[23]

Zigmund Freyd tadqiqotlaridan soʻng uning koʻplab izdoshlari ham tushni tadqiq etishga kirishdilar. Biroq ular orasida Karl Gustav Yung [24] va Erix Frommlarning tadqiqotlari[25] alohida diqqatga sazovordir.

Zigmund Freyd, Karl Gustav Yung va Erix Fromm tadqiqotlarida, eng avvalo, tush inson ruhiyatining ifodasidir, degan qarash yotadi. Bu olimlar tushni inson ruhiyatining turli holatlari bilan bogʻlashadi. Z. Freyd tushda insonning bolalikdan saqlanib qolgan pinhoniy mayllari, K. G. Yung ommaviy ong osti hissiyotlari, E. Fromm tashqi dunyo ramzlari: ong darajasiga oʻsib chiqmagan, biroq inson qalbida tashqi dunyoning ramzi boʻlib qolgan turli kechinmalar ustuvorlik qiladi, degan fikrni oʻrtaga tashlaydilar. Bu olimlarning tush haqidagi fikrlari bir-birini inkor etuvchi emas, aksincha, bir-birini toʻldiruvchi fikrlardir. Uchala olimda ham bir narsa: tush – inson ruhiyatining koʻzgusi sifatida tadqiq etiladi.

Z. Freyd va K. G. Yung tadqiqotlaridan soʻng Gʻarbda insonning ruhiy holatlarini ochishda tush muhim vosita boʻlib qoldi va atayin tushga, uning ruhiy, jismoniy taʼsiriga bagʻishlangan yuzlab tush haqidagi hikoyalar yuzaga keldiki, barchasida tushning inson hayotidagi oʻrni tadqiq etildi. Lotin amerikalik mashhur adiblar – X. L. Borxes va X. Kortasarlarning asarlari buning misolidir.[26]

Turkiyalik olimlardan Fikrat Turkman, Hasan Koʻksal, Sulaymon Qazmaz kabi olimlarning ilmiy ishlarida tush haqida soʻz yuritiladi.[27] Prof. Umay Gunayning “Oshiq tarzi, sheʼr dunyosi va tush motivi” nomli monografiyasining ikki bobi turk folkloridagi tush talqiniga bagʻishlangan.[28] Biroq bu tadqiqotlarning koʻpchiligi bayon xarakterida, tush chuqur ilmiy tahlil etilmagan.

Ajdodlarimizdan meros qolgan koʻplab adabiy yodgorliklarda tush muhim oʻrin tutadi. Xalq ogʻzaki ijodining durdonalari hisoblangan dostonlarimizda, ertaklarimizda, asotir va rivoyatlarimizda, maqol, topishmoq va qoʻshiqlarimizda tush va tush bilan bogʻliq ramzlarga duch kelamiz.

Atoqli folklorshunos olim Hodi Zarifov Viktor Jirmunskiy bilan hamkorlikda yozgan “Oʻzbek qahramonlik eposi” nomli kitobida baxshi haqidagi afsonalarda tush alohida oʻrin tutishini qayd etib oʻtadi.[29]

Buning, albatta, qator sabablari bor. Maʼlumki, baxshichilik, yaʼni epik anʼana avloddan avlodga oʻtib, asrlar osha ogʻzaki ravishda saqlanib kelgan sanʼatdir. Baxshi oʻz epik xotirasida ana shu anʼanalarni saqlab, uni avlodlarga yetkazib kelgan va har gal ijro etilganda bu epik anʼana yanada boyib, yangilanib borgan. Ular epik bilim va epik xotiraning merosxoʻrlari, asrovchilari edilar. Ajdodlardan meros qolgan bu epik xotirani ular oʻz quvvai hofizasiga koʻra ijro etganlar.

Baxshilar, ayniqsa, baxshi shoirlar ustoz-shogirdchilik anʼanalariga jiddiy qaraganlar. Oʻzbek baxshilarining koʻpchiligi oʻz ustozlari haqida deyarli soʻzlashmaydi. Ular oʻz qobiliyatlarini sir saqlaydilar yoxud ilohiyot bilan bogʻlashadi. Bunga sabab – xalqimizning baxshilarni, epik ijodiyotni muqaddas, deb bilishidadir.

Epik qatlam orasida baxshilarning oʻz sanʼatini sirli – ilohiy egallaganligi haqida turli afsonalar mavjud. Bu hol faqat oʻzbek baxshilariga xos xususiyat emas, xalqaro miqyosda keng tarqalgan. Baxshi ilohiy qobiliyat egasidir. Hamma ham shomon boʻlavermagani kabi, hamma ham baxshi boʻlavermaydi. Ehtimol, mana shunga oʻxshash mifologik tasavvurlardan baxshilarning ilohiyot bilan bogʻlanishi haqidagi qarashlar paydo boʻlgandir?!

Shu oʻrinda bir narsani aytib oʻtish lozim boʻladi. Birinchi holat – baxshilar bilan bogʻliq bunday afsonalarning koʻpchiligida baxshining xastalikka yoʻliqishi va boʻlajak baxshining kasal boʻlib qolishi hamda kasallikdan faqat kuylash orqali xalos boʻlishi. Ikkinchi holat – baxshining tushga qattiq ishonishi. Baxshi real voqelikka qanday ishonsa, oʻz tushiga ham, tush bilan bogʻliq afsonalarga ham chin haqiqat, deb ishonadi. Xuddi tush kabi uning xayol dunyosi ham shu qadar keng, cheksiz-chegarasiz va bepoyonki, uni faqatgina oʻzi kabi ijodkor odamgina tushunishi mumkin. Mana shu jarayon biz uchun juda muhim.

Baxshidagi qobiliyatning tush, yaʼni ilohiyot bilan bogʻlanish sabablarini hech kim aytib berolmaydi. Bu qobiliyat unga qanday keldi, nega aynan uni qiynaydi, azoblaydi?

Baxshining oʻz qobiliyatini sirli tarzda egallashi qanchalar oʻrganilmasin, bari bir jumboqligicha qolib kelmoqda. Baxshini, u yaratgan epik ijodiyot namunalarini oʻrganar ekansiz, siz oʻzingiz ham tobora bu sirga koʻproq ishonch hosil qilasiz, bu maftunkor, sirli va sehrli dunyoning asiriga aylanasiz.

Bu tasavvurlar, ehtimol, mifologik tasavvurlar mahsulidir?! Shomonning “oʻzga dunyo” – “narigi olam”ga sayohati “ruhlar bilan muloqoti” haqidagi tasavvurlar mahsulidir?! Bu biz uchun sirli, haqiqatdan uzoq afsonadek tuyuladi. Biroq buning haqiqat ekaniga baxshi ham, tinglovchi ham ishonadi. Ana shu ishonch tufayli bu dunyoqarash bugungi kunga qadar yashab kelmoqda. Biroq, eng muhimi, biror bir baxshi oʻz-oʻzidan yoxud chetdan paydo boʻlmaydi. Biror bir baxshini oʻrganish uchun u voyaga yetgan muhitni oʻrganish lozim boʻladi. Chunki u ana shu epik muhitda katta boʻladi, voyaga yetadi. Boʻlajak baxshi oʻz tinglaganlarini, koʻrgan-kechirganlarini, his etganlarini, ruhiyatidagi tovlanishlarni asta-sekin oʻz xotirasiga joylay boradi.

Koʻpgina tadqiqotchilar qahramonlik eposining epik qatlamda ham badiiy asar, ham tarixiy, ham estetik va amaliy bir asar sifatida qabul qilinishini yozadi. Qahramonlik eposi oʻzining dastlabki paytida mifologik marosim xarakterida edi. Davrlar oʻtishi bilan bu epik ijodiyot oʻzining dastlabki xususiyatlarini yoʻqotishi bilan birga, uning ayrim jihatlarini oʻzida saqlab ham qoldi. Qadim tasavvurga koʻra, eposni kuylash orqali tabiatga taʼsir qilish mumkin, deb oʻylashgan. Baxshilar kuylar ekan, ular bevosita ruhlar bilan muloqotga kirishgan. Kasalliklarning oldini olish, tabiatga taʼsir qilish, qurgʻoqchilikda suv soʻrash, toshqinning oldini olish, urushda gʻolib kelish, moʻl hosil yigʻish, ovda muvaffaqqiyatlarga erishish, farzand koʻrish, boylikka egalik qilish – bularning hammasi baxshining vazifasiga kirgan. Baxshi odamlar bilan ruhlar oʻrtasidagi vositachi hisoblangan. Baxshi ikki dunyoni tutashtiruvchi koʻprik boʻlgan. Shuning uchun baxshining ijtimoiy mavqei shu qadar yuksak edi. Ibtidoiy inson tasavvurida soʻz ilohiy hisoblangan. U harakat va ogʻzaki ijroni asos qilib olgan. Harakat tanniki, soʻz esa ruhga, ruhiyatga tegishli deb oʻylagan. Soʻzga kishan solib, asir qilib boʻlmaydi, deyishgan. Shuning uchun ham yozuvga qiziqishmagan. Yozuv paydo boʻlgunga qadar ogʻzaki ijro oʻzining mukammal darajasiga yetgan. Ehtimol, qadim marosimlarda takror va takror ijro etilgan duo va iltijolar tilimizdagi frazeologik birikmalarning, epik formulalarning yuzaga kelishiga asos boʻlgandir. Shu tariqa Sanʼat va Magiya bir-biriga qorishib ketgan. Dastavval, u bir-biridan ayro holda tasavvur etilmagan. Epik formulalardagi ramzlar, ohang va qatʼiy tizim dastlab magik funksiya bajargan boʻlsa, davrlar oʻtishi bilan uning oʻrnini estetik funksiya ola boshlagan. Shuning uchun ham baxshi haqida soʻz yuritganda bu sanʼatning shomonlik bilan bogʻliq ekanini anglash lozim boʻladi. Ehtimol, shuning uchun epik jarayon faqat shomonlik izlari yaxshi saqlanib qolgan xalqlardagina bugungi kunga qadar yashab kelayotgandir?! Baxshining:

Eshitganning koʻnglida armon qolmasin, –

deya aytgan misrasida ham ana shunday magik-ritual tasavvur izlari mavjud. M. N. Xangalov buryatlar tunda qoʻrqmaslik, yovuz ruhlardan saqlanish uchun Abay Geser Bogdaxon haqidagi dostonni aytishlarini yozadi. Qirgʻiz jiʼrchisi Keldibek kuylaganda osmonni qora bulut qoplagan, yer silkingan. Olonxochi Artaman kuylaganda odamlar hushlaridan ayrilgan, daraxtlar qulagan. Xakaslar esa qahramonlik qoʻshigʻi ruhlarga taʼsir qiladi, yer osti yovuz ruhlariga yetib boradi, deb oʻylashadi. Qurgʻoqchilik va harbiy urushlar payti epos kuylangan. Koʻpgina manbalar eposning ov paytida magik funksiya bajarganini yozadi. Buryatlarda uligerlar kuylansa, ov yaxshi boʻlishiga haligacha ishonishadi. Moʻgʻullarda kasal boʻlganlarni “Geser”, yaʼni moʻgʻul eposini oʻqib tuzatishadi. Bizning baxshilarimiz esa ijro paytida ularga aziz avliyolar, eranlar koʻmak berib turishini aytishadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, shomonlik marosimlarida epos ijro etilgan va, ehtimol, shuning uchun eposda shomonlik izlari, u bilan bogʻliq tasavvurlar yaxshiroq saqlanib qolgandir?!

Sibirda shomon ijrosi bilan baxshi ijrosi oʻzaro oʻxshash ekanligi kuzatilgan. Olmon eposshunosi K. Rayxl esa shunday bir faktni keltiradi: “Ket shomonidan qahramonlik dostonini kuylab berishni iltimos qilishganda u aynan shomon gimnini kuylay boshlagan”.[30]

Baxshi ijro etayotgan epik matnda ham xuddi shomonlikdagi kabi aziz avliyo va eranlarga murojaat qilinadi. Biz bilamizki, shomon, asosan, ruhlar bilan muloqotga kirishgan, uning ruhi narigi dunyoga safar qilgan, turli ruhlar qiyofasiga kirgan. Shuning uchun ham oʻz ijrosida u ana shular haqida, u dunyoga borgani, oʻlib-tirilgani va yana bu dunyoga qaytib kelgani haqida hikoya qilgan. Biz shunga oʻxshash holatning bir oz oʻzgarishga uchragan koʻrinishini epik baxshilar ijodida koʻramiz. Ular ijro etgan dostonlar, aslida, shomonning “narigi dunyo”, “oʻzga olam”ga qilgan sarguzashtini eslatadi.

“Qizigʻi shundaki, – deb yozadi B. Putilov, – shomonlik matnlari xarakteri jihatidan baxshi matnlariga oʻxshab ketishi kishini yanada hayratga soladi. Ular kuylagan matnlar, shubhasiz, epos namunasidir. Biroq afsuslar boʻlsinki, shomonlik qoʻshiqlari bilan epik ijro matnlari hali jiddiy tadqiq etilmagan”.[31]

Shomon va epik ijrochining makon, zamon, olam hamda odam haqidagi tasavvurlari, badiiy tasvir vositalaridagi oʻxshashlik ana shunday xulosaga kelishimizga asos boʻla oladi. Koʻpgina epik terminlarning shomonlik terminlari bilan oʻxshash ekanligi, ehtimol, shundandir. Xalqimizda baxshi soʻzining ikki maʼnoda qoʻllanishi ham fikrimizning dalilidir.

Evinklarda Nimngakan deganda ham epik janr, ham marosim, yaʼni kamlamoq tushuniladi. Malayslardagi Pavang termini ham shomon, tabib, marosim ijrochisi sifatida keladi. Turkiy tildagi “yumak”, “iʼmak”, “numax” moʻgʻulcha “damagʻ” – yaʼni afsona, ertak, rivoyat, qadimgi turkcha “yom” – shomon hikoyasi maʼnosidadir. Xuddi baxshi kabi shomon oʻz xohishi bilan boʻlolmaydi. Balki uni ruh tanlaydi. Shuning uchun u dastavval qattiq kasalga chalinadi. U ruhlar aytganini qilgachgina, darddan forigʻ boʻladi. Xuddi baxshi kabi shomonga ham kelgusi taqdiri tushida ayon boʻladi.

Shomon ham ustozga shogird tushadi. Undan shomonlik marosim sirlarini oʻrganadi. Asta-sekin marosimlarni oʻzi boshqara boshlaydi.

Arxaik eposda shomonlik qatlami yaqqol sezilib turadi. Olimlar “Kalevala” eposining asosida shomonlik yotishini aytadilar. F. Oynas esa “Kalevala”ni shomonlik eposi sifatida talqin etadi.

“Alpomish” dostonida Alpomishning yetti yil zindonda yotib, uning haqida “oʻldi” degan xabar tarqalishi va uning zindondan soʻng qiyofasini oʻzgartirib, yurtiga qaytishi beixtiyor shomonning narigi dunyoga safarini yodimizga soladi.

Qahramon Alpning narigi dunyoga safaridan maqsad – magik qudratga ega boʻlib qayta tugʻilish, bir maqomdan ikkinchi bir maqomga koʻtarilishdir. Shu sababli turk, jumladan, Oltoy shomonlarining hozirgacha saqlanib qolgan marosimlarida behushlikda oʻzini chavaqlash, boshini kesib tashlash, tanasini tilka-pora qilish holatlari uchraydi. Bu holat shomonning bir maqomdan ikkinchi bir maqomga oʻtishidagi marosim bilan bogʻliq boʻlib, tanani toʻliq inkor etib, ruh bilan birlashishni bildiradi. Tanasini inkor etib, yangidan tugʻilgan, homiy ruhlar quvvatini oʻzida jamlay olgan shomonga dunyoni yangilash, yangidan qurish imkoni beriladi.

Shomon va baxshi tushunchalari bir-biriga bogʻliq tushunchalar ekanidan Qoʻrqut ota haqidagi koʻplab afsonalar guvohlik beradi. Urugʻboshi, yoʻlboshchi, shuning bilan bir vaqtda epik madaniyat vakili Qoʻrqut ota misolida shomonning qay taxlit davrlar oʻtishi bilan baxshi – ijrochiga evrilishini yaqqol koʻrish mumkin. Epik ijodning turlicha, yaʼni lingvistik, psixologik, falsafiy va badiiy, mifologik talqinlari bizni bir narsaga – baxshi va shomon, aslida, bir sinkretik obrazning turli davrlardagi turlicha koʻrinishi ekanligini koʻrsatishiga hech shubha yoʻq. Zamonlar oʻtgan sayin shomon va baxshi vazifalari asta-sekin bir-biridan farqlana borgan.

Eposni anglashdagi bunday evrilishlar xalqning tarixi, qahramonlik oʻtmishi va maʼnaviyatining sarchashmasi boʻlgan epik ongning taraqqiy etishida muhim rol oʻynagan. Eposdagi mifologik-magik jihatlar asta soʻna borib, shomon, tabib va baxshi funksiyalari bir-biridan tobora farqlana borgan. Endi baxshi shomon funksiyasidan koʻra el donishmandi, yurt maslahatchisi, epik anʼanalar davomchisi sifatida namoyon boʻla borgan. Epik qatlam ongidagi bunday evrilishlarni anglasakkina, nima uchun epik anʼana baʼzi joylarda tezda unutilib, baʼzi joylarda hozirgi kunga qadar saqlanib kelayotganligining sababini tushunib yetamiz.

Bularning bari eposning, baxshining, qolaversa, etnosning ijtimoiy hayotda tutgan mavqei va oʻrni haqida soʻzlashga majbur qiladi. Ijtimoiy hayotda ularning mavqei tushishi bilan eposning ham soʻnish jarayoni boshlanadi. Epik xotira bu xalqning tarixidir. U mifologik yoki qahramonlik qobigʻiga qanchalik oʻralgan boʻlmasin, u bari bir etnos uchun muqaddas boʻlib qolaveradi.

Koʻpgina baxshilar oʻzlaridagi kuylash qobiliyatini tush, yaʼni ilohiyot bilan bogʻlashi tabiiy. Folklorshunos olim Toʻra Mirzayev oʻzining “Xalq baxshilarining epik repertuari” nomli kitobida Murodbaxsh gʻori haqidagi xuddi ana shunday afsonani keltirib oʻtadi.[32] Dastlab choʻpon yoxud biror bir kasb egasi boʻlgan boʻlgʻusi baxshi tushida oʻziga kimdir doʻmbira berib ketganini yoxud tushida kuylay boshlaganini koʻradi. Bu kabi afsonalar faqatgina oʻzbek baxshilarigagina xos emas, balki jahon epik ijodkorlariga xos xususiyat hamdir.

Gʻarbda kuychi Kedmon haqidagi afsona juda mashhur. Bu afsonaga koʻra, cherkov xizmatchisi Kedmon oʻzida kuylash qobiliyati yoʻqligidan juda uyalib yurgan. Yigʻinlarda kuylash navbati unga kelganda davralarni tark etgan. Bir kuni tushiga bir chol kirib, unga: “Qani, Kedmon menga kuylab berchi”, degan. Kedmon kuylash qobiliyati yoʻqligini aytgach, chol yana unga: “Kuyla”, deb buyruq bergan. Kedmon tushida birdan kuylay boshlagan. Shundan soʻng u cherkovning eng mashhur kuychisiga aylangan.

Koʻrgan tushi tufayli favqulodda poetik qobiliyatga ega boʻlgan bunday sanʼatkorlar haqidagi afsonalar tipologik hodisa ekanligini V. M. Jirmunskiy oʻzining “Baxshi haqidagi afsona” nomli maqolasida yaxshi ochib bergan.[33]

Yoqut eposi tadqiqotchisi V. V. Illarionovning keltirgan maʼlumotiga koʻra, olonxochining tushiga har doim ruhlar olonxo kuylab ketishadi.[34] Qalmiq baxshisi Muksbyun Basangovning aytishicha, u yoshligida kasal boʻlib qolgan va Erlikxon, yaʼni oʻliklar mamlakatiga borib qolgan. Erlikxon unga jangarchi boʻlishni aytib, bu dunyoga yana qaytarib yuborgan.[35] Xakaslarda Xayji bu Xay ruhi bilan bogʻliq. Xay ruhi tushiga kirgan odam baxshi, yaʼni xayji boʻladi.[36] Baxshi – bu ilohiy ruhlar tanlagan kishi. Koʻpgina afsonalarda Qoʻrqut ota baxshining tushiga kirib, unga kuylashni buyuradi.[37] Oyrotlarda Eten Gonchak haqida shunday afsona bor: U mol boqib yurganda oldiga bir ajdarhoni mingan Alp keladi-da, undan kuylashni istaysanmi, deb soʻraydi. “Ha”, deb javob bergach, unga bir jonliq qurbonliq qil, deydi. U uygʻonganda atrofida hech kim yoʻq, faqat bir boʻri bir echkini gʻajiyotgan boʻladi. Shundan boshlab u kuylay boshlagan ekan.[38] Turkiyalik folklorshunos olim Metin Ergun manaschilarning koʻrgan tushlarini tahlil etar ekan, baxshi, oqin, jirov, oʻzon va manaschilarning koʻrgan tushlari bir-biriga oʻxshab ketishini taʼkidlaydi.[39] Shu oʻrinda bir narsani aytib oʻtish lozim boʻladi. Birinchidan – baxshilar bilan bogʻliq bunday afsonalarning koʻpchiligida baxshining xastalikka yoʻliqishi va boʻlajak baxshining kasal boʻlib qolishi hamda kasallikdan faqat kuylash orqali xalos boʻlishi. Ikkinchi holat – baxshining oʻz tushiga qattiq ishonishi. Baxshi real voqelikka qanday ishonsa, oʻz tushiga ham, tush bilan bogʻliq afsonalarga ham chin haqiqat, deb ishonadi.

Qirgʻiz folklorining tadqiqotchisi Z. Qidirboyeva ajoyib bir maʼlumot keltiradi. “Baxshilarning tush koʻrishi bilan bogʻliq afsonalar, – deydi u, – ular oʻylab topgan uydirmalar emas. Aksincha, uzoq yillik oʻqib oʻrganish, koʻnikma va maʼlum bir malaka hosil boʻlgandan soʻnggi shogirdning “pishib yetilgani”ni koʻrsatuvchi bir holatdir”.[40]

Haqiqatdan ham shogird baxshi maʼlum bir pogʻonaga koʻtarilgandan soʻng, u oʻngida ham, tushida ham faqat bir narsani, oʻz ustozidan oʻrganganlarini qanday hayotga tatbiq etish, qanday ijro qilish haqida tinimsiz oʻylay boshlaydi. Bu baxshining maʼlum bir malaka hosil qilgandan keyin ruhiy tayyorgarligini koʻrsatuvchi bir jihatdir. Xuddi tasavvufdagi sufiylar kabi ular ham oʻz ijodining maʼlum bir bosqichiga koʻtarilgach, endi oʻzlari ham ijod etish qobiliyatiga ega ekanligini, bunga ruhiy jihatdan koʻnikma hosil boʻlganini ana shunday anglab olishlari mumkin.

Olimlarimiz tomonidan tush maxsus oʻrganilmagan boʻlsa-da, ayrim maqola va risolalarda tush hodisasi folklor manbalarida alohida oʻrin tutishini taʼkidlaganlar.[41] Bu tadqiqotlarning ichida folkorshunos Tohir Haydarovning maqolasi alohida ajralib turadi. U oʻzining “Tush taʼbirining qadimiy asoslari haqida” nomli maqolasida “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonidagi tush motivini kengroq tahlil etishga harakat qilgan.[42] Bu maqola XX asrning 90-yillariga qadar folklorshunoslikda tush talqiniga bagʻishlangan birdan-bir maqoladir. Zero, shoʻro tuzumi davrida tush na adabiyotshunoslik, na falsafa, na ruhshunoslik nuqtai nazaridan atroflicha oʻrganildi.

Mustaqillikka erishganimizdan soʻng tush va inson ruhiyatini oʻrganishda yangi davr boshlandi. Eng avvalo, tush bilan bogʻliq koʻplab manbalar nashr etildi[43] va tush ilmiy jihatdan oʻrganila boshlandi.[44] Turli taʼbirnomalar va tush haqidagi Gʻarb olimlarining risolalari[45] chop etildi.

Mavjud manbalar, “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Rustamxon” turkumlari va boshqa yuzlab dostonlarimiz, ertaklarimiz, asotir va rivoyatlarimiz, maqol, topishmoq, qoʻshiqlarimizdagi tush va u bilan bogʻliq ramz, holat,

kechinmalar monografik yoʻnalishda maxsus tadqiq etishni talab qiladi. Zero, tush shunchaki tasodifiy hodisa boʻlmay, inson ruhiyatining bir koʻrinishi, ong osti kechinmalarining oʻziga xos namoyishi hamdir.

Tafakkurimizga kuch va va quvvat berib turuvchi bunday kechinmalarni oʻrganish, ruhiyatning turli tovlanishlarini bilish adabiyotshunoslik uchun ham, jamiyat taraqqiyoti uchun ham muhimdir. Tushni oʻrganish orqali xalqimizning ruhiy dunyosini, maʼnaviyati tarixini, tafakkur tarzini teranroq anglab yetamiz.

Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib birinchi bobga shunday yakun yasashimiz mumkin:

  1. Tush fenomenal fiziologik-ruhiy, insoniyat tarixining barcha davrlari uchun xos, umumiy, ayni paytda, oʻta individual hodisadir. Inson tushida xuddi real hayotdagidek koʻrishi, eshitishi, hid yoki ogʻriq sezishi, kulishi, yigʻlashi, zavqlanishi, qaygʻurishi va boshqa hissiy kechinmalarga duch kelishi mumkin. Shu jihatdan uni nafaqat fiziologik, balki anglanmagan oʻziga xos estetik hodisa sifatida ham baholash mumkinki, barcha sanʼatlar tarixida va bugunida miflar kabi tush motivi, uning obrazli ifodalariga takror-takror duch kelamiz.
  2. Hozirgi zamon kishisining ongini shartli ravishda turli qatlamlardan iborat, deyish mumkin. Shu jihatdan olganda bir insonning ijtimoiy taraqqiyotning qaysi bosqichidagi mamlakatda yoki muhitda yashayotgani, bilimi, dunyoqarashi darajasiga qarab uning ong qatlamlaridan birida mifologik tasavvurlar ustuvor, ikkinchi insonning tafakkurida diniy eʼtiqodlar, uchinchi birovida ilmiy qarashlar yetakchi boʻlishi mumkin. Insonlar ongining bunday xilma-xilligi tufayli, umuman olganda, ibtidoiy davrlardan XXI asrgacha kishilarning tushga munosabatida katta farqlar sezilmaydi. Biroq turli mamlakatlar, turli xalqlar taraqqiyotning turli darajasida yashayotgani uchun tushga munosabat tarixini shartli ravishda quyidagicha tasniflash mumkin:

a) Mifologik munosabat. Animistik tasavvur, yaʼni jon-ruhning abadiyligi, uning bir shakldan ikkinchi shakldagi tanaga koʻchib yurishi mumkinligi tush haqidagi mifologik, anʼanaviy qarashlarning asosidir. Mifologik tafakkurda qadimgi ajdodlarimiz tushda koʻrilgan voqeaning haqiqiyligiga, albatta amalga oshishiga qattiq ishonishgan. Uni ruhlar, tiriklar va marhumlar dunyosi bilan bogʻlovchi hodisa, deb tushunishgan. Ijtimoiy taraqqiyotning dastlabki bosqichida yashagan qadimgi barcha urugʻ-qabilalar tushni inson uxlab yotganda jonning tanadan chiqib, turli joylarni aylanib, koʻrib kelishi, deb tushunishgan, bu paytda tana vaqtincha oʻlim holatida boʻlgan. Bunday qarash animizm, ibtidoiy madaniyat bosqichidagi barcha xalqlar, arxaik va zamonaviy dinlar uchun xosdir;

b) anʼanaviy, diniy munosabat. Arxaik dinlar, jumladan, shomonlik, islom dini hamda Sharqda ham, Gʻarbda ham tushga sirli hodisa sifatida qarash umumiyligi saqlanib qolgan boʻlsa-da, Gʻarbda tushning ilohiyligi inkor etilgan. Shomonlar faoliyati va marosimlarida tushga alohida eʼtibor berilgan. Islomgacha tushlar xosiyatli va xosiyatsiz, deb tasnif qilingan. Irq bitigidagi tush taʼbirlarining “bu yaxshi”, “bu yomon” xulosalari ana shuni ifodalagan. Bunday tasnif oddiy xalq oʻrtasida hozirgacha saqlanib qolgan. Islomda tushlarga alohida eʼtibor berilib, ular vazifasiga koʻra rahmoniy va shaytoniyga boʻlingan.

  1. Tushlarning mukammal taʼbirlari, eng avvalo, Sharqda yaratilgan. Irq bitigi – “Taʼbirnoma”da 65 ta tush taʼbiri keltirilgan. Taʼbirlar diniy va anʼanaviy xarakterga ega boʻla borgan. Tush va uning taʼbiri dialektik birlikdagi hodisalardir. Sharqda taʼbirchilik yuksak professional darajasiga koʻtarilgan. Ibn Haldun, Imom Gʻazzoliy, Jaloliddin Rumiy va boshqa koʻplab mutasavviflarning asarlaridagi tush haqidagi qarashlarini dastlabki ilmiy talqinlar sifatida baholash mumkin. Ular tushni inson axloqi, ruhiyati, eʼtiqodi bilan bogʻlab talqin qilganlar.
  2. Gʻarbda tush hodisasini maxsus oʻrgangan Z. Freyd tushda insonning bolalikdan saqlanib qolgan pinhoniy mayllari ustuvorlik qiladi, deb, badiiy ijodda yangi ruhiy tahlil metodiga asos soldi. Uning izdoshlari: K. G. Yungning tushni ommaviy ong osti hissiyotlari, E. Frommning tashqi dunyo ramzlari, deb talqin qilishlari bu metodni yanada boyitdi. Ularning taʼlimotlari badiiy asarlar talqinida ham asoslab berildi.
  3. Tush fenomeniga mifologik, anʼanaviy, diniy, ilmiy qarashlar tarixi boshqa tadqiq metodlari qatorida psixoanalitik metodni oʻzbek folklori asarlari tarixi, poetikasini oʻrganishga ham toʻliq tatbiq etish mumkinligini koʻrsatadiki, tadqiqotimizning keyingi boblarida bu metod mohiyatini izohlash va bunday tatbiqni amalga oshirishga harakat qilamiz.

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan

 


[1] Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig / Hozirgi oʻzbek tilida bayon qiluvchi va soʻzboshi muallifi Boqijon Toʻxliyev. – Toshkent: Yulduzcha, 1990. – B.128 – 132.

[2] Koʻrsatilgan asar. – B.128.

[3] İmam Gazalî. – S.206.

[4] İmam Gazalî. İhyâ u ΄Ulûmi`d-din.Cild III. – S.57.

[5] İmam Gazalî. Cild III. – S.57.

[6] Freyd Zigmund. Tolkovaniye snovideniy. – Mn: Poppurri, 1997. – S.303 – 445.

[7] Erzurumlu İbrahim Hakki. Mârifetnâme. – İstanbul: Kit-San yayinleri, 1984. – S.99 – 101.

[8] Erzurumlu İbrahim Hakki. Mârifetnâme. – S.99.

[9] Fromm Erix. Zabitiʼy yaziʼk // Dusha cheloveka. – M.: Respublika, 1992. – S.179 – 219.

[10] Erzurumlu İbrahim Hakki. Mârifetnâme. – S.100.

[11] Freyd Z. Son i snovideniya. – M.: Olimp, I997. – S.101–122.

[12] Fromm Erix. Dusha cheloveka. – M.: Respublika, 1992. – S.285 – 288.

[13] Alpomish. Oʻzbek xalq qahramonlik eposi / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchilar Hodi Zarifov va Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Sharq, 1998. – B.97 – 101.

[14] Yusuf Xos Hojib. Koʻrsatilgan asar. – B.128 – 129.

[15] Husayn ibn Ibrohim Muhammad at-Taflisiy. Mukammal tush taʼbirlari / Forsiydan tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy tarjimasi. – Toshkent: Movarounnahr, 2008. –B.13 – 16.

[16] Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig. – B.128.

[17] Husayn ibn Ibrohim Muhammad at-Tiflisiy. Mukammal tush taʼbirlari. – B.23 – 33.

[18] Koʻrsatilgan manba. – B.29 – 30.

[19] Koʻrsatilgan manba. – B.23 – 24.

[20] İbn Haldun. Mukaddime (Terc.Z.Kadiri Ugan). Cild I. – İstanbul: MEGSB yayini, 1988; İmam Gazalî. İhyâ u ΄Ulûmi`d-din (Terc. A.Serdaroglu). Cild IV. – İstanbul: Bedir yayinleri, 1975. – S.1066; Jaloliddin Rumiy. Maʼnaviyi masnaviy. – Toshkent, 1999. Birinchi jild. – B.65 – 75.

[21] Nablûsi İmam. İslami rüya tabirleri ansiklopedisi. – İstanbul: Cumle yayinleri, 1996; Muhammad Taqlisiy. Komil at-taʼbir. Forschadan Mahmud Hasaniy tarjimasi. – Toshkent, 1992; Husayn ibn Ibrohim Muhammad at-Tiflisiy. Mukammal tush taʼbirnomasi / Forschadan Mahmud Hasaniy tarjimasi. – Toshkent: Movarounnahr, 2008; Binoiy. Tushlar taʼbiri. – Toshkent: Xalq merosi, 1996.

[22] Freyd Z. Tolkovaniya snovideniy. – Mn.: Poppurri, 1997. – S.50 – 144; Freyd Z. Son i snovideniya. – M.: Olimp, 1997. – S.15 – 534.

[23] Sveyg S. Zigmund Freyd // Jahon adabiyoti. – Toshkent, 2000. -№2. – B.140.

[24] Yung K.G. Vospominaniya, snovideniya, razmiʼshleniya. – Mn: Poppurri, 1994; Yung K. G. Analiticheskaya psixologiya. – M.: Martis, 1995; Yung K.G. Psixologicheskiye tipiʼ. – M.: Universitetskaya kniga, 1996.

[25] Fromm Erix. Dusha cheloveka. – M.: Respublika, 1992. – S.180 – 298.

[26] Borxes X.L. Strashniʼy son // Inostrannaya literatura. – M., 1990. -№3. – S.179 – 185; Kortasar X. Strashniʼe sniʼ // Inostrannaya literatura. – M., 1990. -№3. – S.185 – 188.

[27] Türkmen Fikret. Manas destani Üzerinde İncelemeler. – Ankara: TDK yayini, 1995; Türkmen Fikret. Köroğlu’nun Özbek varyantları // Millî Folklor. – Ankara, 1989. -№4. – S.8 – 9; Ögel Bahaeddin. Türk mitolojisi. II cilt. – Ankara: Türk Tarih kurumu basimevi, 1995; Kazmaz Süleyman. Türk halk edebiyatinde rüya ve aşk bâdesi motifi // Erdem. – Ankara, 1985. -№1. – S.17 – 26; Köksal Hasan. Battalnâmelerde tip ve motif yapisi. – Ankara: MIFAD yayinleri, 1984; Ergun, Metin. Kazak Halk Akınlarında (Şâirlerinde) Rüya Motifi // Millî Folklor. – Ankara, 1994. -№:23. – S.8 – 14.

[28] Günay, Umay. Aşık tarzı şiir geleneği ve rüya motifi. – Ankara: Akçağ yayınları, 1999.

[29] Jirmunskiy V.M., Zarifov X.T. Uzbekskiy narodniʼy geroicheskoy epos. – M.: OGIZ, 1947. – S.23 – 58.

[30] Reihl Karl. Türk Boylarının Destanları (Gelenekler, Şekiller, Şiir Yapısı). (Çeviren: Metin Ekici). – Ankara: TDK Yayını, 2002. – S.122. Bu kitob keyinchalik rus tiliga ham tarjima qilindi. Rus tilidagi tarjima inglizcha va turkcha nashrlaridan bir oz farq qiladi. Muallif keyingi yillarda yiqqan maʼlumotlar bilan mazkur nashrni toʻldirgan. Qarang: Rayxl Karl. Tyurkskiy epos. Traditsii, formiʼ, poeticheskaya struktura. – M.: Vostochnaya literatura, 2008.

[31] Putilov B. Epicheskoye skazitelstvo. – M.: Vostochnaya literatura, 1997. – S.59.

[32] Mirzayev T. Xalq baxshilarining epik repertuari. – Toshkent: Fan, 1978. – B.31 – 34.

[33] Jirmunskiy V.M. Legenda o prizvanii pevsa // Sravnitelnoye literaturovedeniye. – L.: Nauka, 1979. – S.397 – 407.

[34] Illarionov V. V. Iskusstvo yakutskix olonxoustov. – Yakutsk., 1982. – S.14 – 17.

[35] Ovalov E.B. Legenda o «Jangare» v zapisi B.Bergmana // Tipologicheskiye i xudojestvenniʼe osobennosti «Djangara». – M.: Elista, 1978. – S.65 – 71.

[36] Maynogasheva V.Ye. O traditsionnom biʼtovanii xakasskogo geroicheskogo eposa – Aliʼptiʼx niʼmax // Uchen.zap.Xakasskogo NII YALI. Ser. filol. Viʼp.XIU. – Abakan, 1970. – S.110.

[37] Jirmunskiy V.M. Legenda o prizvanii pevsa. – S.404 – 406.

[38] Mongolo – oyrotskiy epos. – M., 1923. – S.23.

[39] Ergun, Metin. Kazak Halk Akınlarında (Şâirlerinde) Rüya Motifi // Millî Folklor. – Ankara, 1994. -№23. – S.8 – 14.

[40] Qiʼdirboyeva Z. Skazitelskoye masterstvo manaschi. – Frunze: Ilim, 1984. – S.9 – 11.

[41] Zarifov X.T. Osnovniʼe motiviʼ eposa «Alpomish» // Ob epose «Alpamish». – Tashkent: Fan, 1959. – S.6 – 25; Mirzayev T. Xalq baxshilarining epik repertuari. – Toshkent: Fan, 1979; Mirzayev T. «Alpomish» dostonining oʻzbek variantlari. – Toshkent: Fan, 1979; Saidov M. Oʻzbek dostonchiligida badiiy mahorat. – Toshkent: Fan, 1969. – B.41; Imomov K. Oʻzbek xalq prozasi. – Toshkent: Fan, 1981; Jalolov Gʻ. Oʻzbek xalq ertaklari poetikasi. –Toshkent: Fan, 1976. – B.73 –76; Sarimsaqov B. «Orzigul» dostoni yuzasidan bir necha qaydlar // Islom shoir va uning xalq poeziyasida tutgan oʻrni. – Toshkent: Fan, 1978. – B.27 – 36; Egamov X. Sovet Sharqi turkiy xalqlari ertakchilik anʼanalari aloqalari tarixidan ocherklar. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1982. – B.52 – 67; Rahmonov N. Bitiklar olamida. – Toshkent: Fan, 1990; Rahmonov N. Irq bitigi va skiflar madaniyati // Adabiy meros. – Toshkent, 1985. -№ 3 ( 34). – B.76 – 80.

[42] Haydarov T. Tush taʼbirining qadimiy asoslari haqida // Adabiy meros jurnali. –Toshkent, 1986. -№ 2. – B.55 – 60.

[43] Binoiy. Tushlar taʼbiri. – Toshkent: Xalq merosi, 1996; Muhammad Taqlisiy. Komil at-taʼbir / Forschadan Mahmud Hasaniy tarjimasi. – Toshkent, 1992; Husayn ibn Ibrohim Muhammad at-Taflisiy. Mukammal tush taʼbirlari / Forsiydan tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy tarjimasi. – Toshkent: Movarounnahr, 2008; Fariduddin Attor. Ilohiynoma / Forsiydan Jamol Kamol tarjimasi. – Toshkent: Musiqa, 2007; Bobolardan qolgan naqllar / Yozib oluvchi Rahmutulla Yusuf oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi, soʻz va izohlar muallifi Mamatqul Joʻrayev va Ulugʻbek Sattorov. – Toshkent: Fan, 1998.

[44] Haqqul I. Tasavvuf lugʻati // Tafakkur. – Toshkent, 1999. -№4. – B.92 – 94; Haqqul I. Shayx Akbar // Tafakur. – Toshkent, 2000. -№2. – B.92 – 101; Doʻstxoʻjayeva Nodira. Ertaklarda tush hodisasi // Tafakkur. – Toshkent, 1998. -№ 4. – B.85.

[45] Sveyg S. Zigmund Freyd / Ruschadan Mahkam Mahmud tarjimasi // Jahon adabiyoti. – Toshkent, 2000. -№2 – 3. – B.133 – 156.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.