Tush va topishmoq

0
3177
marta koʻrilgan.

Topishmoqlar dunyo xalqlari folkloridagi eng qadimiy kichik janrlardan biri hisoblanadi. Bu oʻzbek topishmoqlariga ham xos xususiyatdir. Biroq “kichik” atamasini nisbiy maʼnoda qabul qilish zarur. Zero, xalq ogʻzaki ijodida shunday topishmoqlar borki, ularning mazmunini butun boshli ertak yoxud dostonga teng deb qarashimiz mumkin.

Topishmoqlarimiz borasida qator izlanishlar mavjud.[1] Biroq bularning orasida Zubayda Husainovaning tadqiqoti alohida ajralib turadi.[2] Olima ilk bor oʻzbek topishmoqlarini monografik planda oʻrganib, mazkur janrning oʻziga xos xususiyatlari, tasnifiy belgilari va boshqa janrlar bilan munosabatini yaxshi ochib bergan.

“Topishmoq, – deb yozadi Zubayda Husainova, – xalq ogʻzaki ijodining boshqa janrlari: doston, ertak, qoʻshiq, maqol kabi xalqning maʼnaviy boyligi va kollektiv ijodi mahsulidir. U inson ijtimoiy hayot, tabiat hodisalarining mavjud tomonlari bilan keng bogʻlangan boʻlib, hamma vaqt real zaminga asoslanadi. Unda atrofimizni qurshab turgan real, moddiy dunyodagi turli obʼyektlar aks etadi. Har bir topishmoq oʻziga xos shakl va mazmunga ega boʻlgan mustaqil bir butun badiiy asardir. Unda falsafiy, tarixiy, etnografik belgilar, tushunchalar, hodisalarning mohiyati goʻzal obrazli ifodalarda aks etadi”.[3]

Oʻzbek topishmoqlarining tadqiqi olimaning bu fikrlarini toʻla tasdiqlaydi.

Ushbu tadqiqotdan maqsadimiz topishmoq hamda ertak va dostonlarimizda keladigan tush hodisasini oʻzaro qiyoslashdan iborat. Dunyoda tush koʻrmaydigan odam boʻlmaganidek, topishmoqlari boʻlmagan xalq ham mavjud emas. Tush qanchalik umuminsoniy hodisa boʻlsa, topishmoqlar ham dunyoning barcha xalqlariga xos boʻlgan xalqaro janrdir. Har ikkalasining tarixiy asoslari ibtidoiy ajdodlarimizning mifologik tafakkuri bilan chambarchas bogʻliq. Shunday ekan, tushlarning ham, topishmoqlarning ham yuzaga kelishida oʻxshash qonuniyat mavjud. Xoʻsh, bu oʻxshashlik nimalarda koʻrinadi? Bizning nazarimizda, u har ikki manbaning qadim tasavvurlar va metaforaga asoslanganligidadir.

Topishmoqlarda biror bir jism (harakat yoki holat) ikkinchi bir jismga majoziy qiyoslanib, “bu nima”, degan savol qoʻyiladi va yakunida uning javobi beriladi. Bu janrning zaruriy sharti, muhim spetsifik xususiyati, oʻzgarmas qonuniyati hisoblanadi. Misol:

  1. Qator, qator qora nor,

U ne boʻldi bolqantoʻz?

Uy ortida qoʻsh terak,

U ne boʻldi bolqantoʻz.[4] (Soch oʻrimi).

Yoxud:

  1. Qizning chechasiga aytib turgani:

 

Och gazadan chang chiqdi,

U nimadir, chechajon?

Joʻra otli bir chiqdi,

U nimadir, chechajon?

Yolgʻiz otli bir chiqdi,

U nimadir, chechajon?

Adir oʻti changidi,

U nimadir, chechajon?

Toʻrt oyogʻi bovriga,

U nimadir, chechajon?..

 

Chechasining qizga javobi:

 

Och gazadan chang chiqsa,

Sovchi kelar, ona qiz.

Joʻra otli bir chiqsa,

Quda kelar, ona qiz.

Yolgʻiz otli bir chiqsa,

Kuyov kelar, ona qiz.

Adir oʻti changisa,

Qoʻy keladi, ona qiz.

Toʻrt oyogʻi bovriga,

Tuya kelar, ona qiz.[5]

 

Demak, topishmoqlar oʻz qurilishiga koʻra ikki qismdan iborat: savol va javob. Savol qismida goʻyo bir-biriga aloqasiz, mantiqan uzoq boʻlgan biror bir harakat yoki holat (jism, narsa) ikkinchi bir narsaga oʻxshatiladi, qiyoslanadi. Bir parcha patir, olamga tatir (oy), Kichkina kuchukcha uy qoʻriqlar (qulf), Togʻ ustida oʻrmon (soch). Yuzaki qaraganda, patirning oyga, kuchukning qulfga, sochning oʻrmonga oʻxshatilishi gʻalati tuyulmasa-da, biroq kuchukning vazifasi uy qoʻriqlash boʻlganidek, qulf osilgan uyga begonalarning kirolmasligi, patir (non)ning koʻrinishi oyga oʻxshash ekanligi, quyuq oʻsgan soch oʻrmondagi daraxtlarni eslatishi ham tabiiydek tuyuladi.

Topishmoqlardagi bunday oʻxshatish, metaforalar ertak va dostonlarimizdagi tush motivida keladigan ramzlarni yodimizga soladi.

Ertak va dostonlarimizdagi tush bilan bogʻliq parchalar ham, asosan, xuddi topishmoqdagidek ikki qism: biror bir qahramonning tushdagi holati va uning taʼbiridan iborat boʻladi. Hatto bu tushdagi holatlar, koʻpincha, xuddi topishmoqlardagidek savol tarzida keladi. “Rustamxon” dostonida kelgan tush bayoni buning isbotidir:

Uch yuz oltmish jallod keldi qoshima,

Qor yomgʻirday qamchi urdi boshima.

Arzi hol aytolmay deni toʻshima,

Tushimning tabgiri, Ximcha, ne boʻldi?

Yomon dema yaxshi joʻra sabildi,

Oq yuzima qirmiz qonlar quyildi.

Qora sochim har tarafga yoyildi,

Jallodlar haydaydi menday oyimni,

Bu tushimning tabgiri ne boʻldi?..

Ximchaoyim bu soʻzlarni eshitib, koʻngli buzilib, bagʻri ezilib, Huroyimga qarab bir soʻz aytib turgan ekan:

Tushingdi ayting, opa, koʻnglim buzildi,

Oqtoshning shahridan rizqing uzildi.

Koʻrolmaysan, bildim, yolgʻiz qoʻzingdi,

Kelgin sarson opa, endi birga yigʻlayik!

Shunday gaplar kirib sening tushingga,

Kun oʻtmaydi, jallod kelar qoshingga.

Bu tushing xabari shunday boʻladi:

Hayallamay, opa, jallod keladi…[6]

 

Xuddi shunga oʻxshash misolni “Yakka Ahmad” dostonida ham koʻrishimiz mumkin.[7] Boshqa dostonlarimizda, koʻpincha, tushlar va uning taʼbiri topishmoq shaklida keladi.

Tushni taʼbir qilish koʻp asrlik tarixga ega va uning boy ramzlar tizimi mavjud, taʼbirchilar uni juda yaxshi bilishadi. Bu ramzlar tizimi avloddan avlodga oʻtib kelmoqda. Topishmoq badiiy-estetik hodisa, uning tarixiy asosida xuddi dostonlarimizdagi kabi qadim mifologik tafakkur izlarini koʻrishimiz mumkin. Baʼzi tushlarning topishmoqqa aylangan holatlari ham mavjud. Birgina misol:

Tushda koʻrsang ganj,

Oʻngda koʻrsang yanch.

Bu misolimizda topishmoq elementi ham, maqol elementi ham bor. Oʻzbek xalqi tasavvurida tushda koʻrilgan ilon boylik ramziga aylanib ketgan. Ikkinchi misrada esa real hayotiy narsa nazarda tutilgan. Topishmoq ham, tush ham metafora, koʻchimlarga boy. Badiiy ijod hodisasi sifatida tushlardagi ramzlar turli poetik koʻchimlarga aylangan. Tush ramzlari esa topishmoqqa nisbatan oʻzlarining mifologik xususiyatlarini kuchliroq saqlab qolgan.

“Metafora – topishmoqning yuragidir, – deydi rus folklorshunos olimi Lazutin. – Metaforani tushunish, topishmoqni tushunish demakdir”.[8]

Metafora asosida ikki narsa (holat)ning qiyosi yotadi. Biroq bunday qiyos oʻxshatmalardan farqlanib turadi. Oʻxshatmalarda “xuddi”, “day”, “goʻyo”, “misli” kabi soʻzlar yordamida oʻxshatilma bilan bogʻliqlik yuzaga keladi. Misol uchun: Tursa tuyaday, jatsa jabaday.

Metaforaning oʻxshatishdan farqli jihati oʻxshatilma bilan oʻxshatma oʻrtasidagi bogʻliqlik oshkor etilmay, sir tutiladi. Ikki oʻrtadagi bogʻliqlikni topish uchun kishidan katta bilim, saviya va zehn talab etiladi.

Otasi egri-bugri,

Onasi silliq juvon,

Oʻgʻli qoʻshiqchi,

Qizi oʻyinchi (Ariq, suv, baqa, baliq).[9]

Topishmoqning javobini topish uchun “kosa” tagidagi “nimkosa”, yaʼni metaforani toʻgʻri anglay olish kerak. Topishmoqlardagi metafora narsa va predmetlarni oʻzaro qiyolash asosida paydo boʻladi. Bu qiyoslashda, albatta, tashqi va ichki oʻxshashliklar hisobga olinadi. Kundalik hayotda isteʼmol qiladigan metaforalar, asosan, nomenativ xarakterga ega boʻladi. Badiiyat namunasiga aylangan stilistik-poetik metaforalar esa obrazlilikni yuzaga keltirib, badiiy til imkoniyatlarini kengaytiradi. Har bir baxshi tildagi mavjud metaforalardan, epik formuladan imkoniyat darajasida foydalanishga harakat qiladi. Tilga, formulalarga baxshining ijodiy yondashuvi jarayonida yangidan-yangi metaforalar yuzaga keladi. Bunday metaforalar tilning lugʻat qatlamini boyitadi, obrazlar tizimini mustahkamlaydi.

Dostonlarimizdagi tush motivi bilan bogʻliq ramzlar metaforalarga boyligi bilan ajralib turadi.

Shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, bevosita tush haqidagi topishmoqlar oz boʻlsa-da, xalq ogʻzaki ijodi namunalarida uchraydi.

 

Saman ot mindim, soy kechdim,

Soyasini koʻrmadim.

Qizil baxmaldan toʻn bichdim,

Qiyigʻini koʻrmadim.[10]

Saman ot, soy, qizil baxmal toʻnning tushga qanday bogʻliqligi bor, degan savol tugʻiladi. Yuzaki qaraganda, hech qanday. Bu oddiy topishmoqning javobi tush ekanligini topish anchayin mushkul. Bu topishmoqqa “kalit” topish uchun esa marosimlarga murojaat qilishimizga toʻgʻri keladi.

Motam marosimida “Ot turladi” va “Toʻn kiydirar” degan uzvlar mavjud.[11] Qadimda biror bir xonadonda erkak kishi vafot etganda “Ot turladi” marosimi uyushtirilgan. Udumga koʻra, vafot etgan odamning oti egarlanib, davra tushilgan. Bu marosimni uyushtirishdan maqsad marhumni oti bilan narigi dunyoga kuzatishdan iborat boʻlgan.

Olimlar qadimda qahramon vafot etganda uning oti bilan birga qoʻshib koʻmilganligi toʻgʻrisida koʻplab maʼlumotlar berishadi. Jumladan E. Taylor kundalik maishiy hayotda ham, motam marosimida ham otlar muhim oʻrin tutganligini, biror kishi vafot etganda oti ham unga qoʻshib koʻmilganini urgʻulaydi.[12]

V. P. Dyakonova bu udum tuvaliklarda keyingi davrlargacha ham yaxshi saqlanib qolganligini taʼkidlab oʻtadi.[13] Tuvaliklarning marhumni otga mindirib qabristonga olib borishi kishining eʼtiborini tortadi.

Folklorshunos olima Darmonoy Oʻrayeva “Ot turladi” udumining Buxorada “jar” deb yuritilishini, unda vafot etgan yigitga motam yor-yori aytib boʻlingach, marhumning oshna-ogʻaynilari ot atrofini aylanib, sadr tushganligini qayd etgan.[14]

Xalqimiz orasida tobutni bekorga “toʻrt oyoqli choʻbin ot”, deyishmaydi. Bu qanchalik badiiy metafora boʻlmasin, unda ajdodlarimizning qadimiy inonch-eʼtiqodlari izlarini koʻramiz.

Otni muqaddas bilgan ajdodlarimizning qadimga tasavvuriga koʻra, inson qayerga safar qilmasin, unga albatta ot zarur boʻlgan. Uyqu ham bir “oʻlim”, yaʼni u dunyoga safar, deb qabul qilingan. Otni oʻziga totem deb bilgan inson uchun bunday safar otsiz boʻlmasligi tabiiy. Shuning uchun ham yuqoridagi topishmoqda bekorga “Saman otga mindim, soy kechdim”, deyilmayapti. Saman ot biz uchun tushunarli. Saman ot bu oʻrinda tush koʻruvchining uyquga ketganligiga, “Soy kechdim” esa tush koʻrganligiga, ikki dunyo oʻrtasidagi “chegara” – suvdan oʻtganligiga ishora qilmoqda. Narigi dunyoda esa hech bir narsa hayotdagiga oʻxshamaydi. Koʻp oʻrinlarda esa butunlay teskari holatda boʻladi. Shuning uchun ham hech bir kishi u yerda oʻz “soyasini koʻrmaydi”. Endi topishmoqning qolgan ikki misrasini tahlil qilishimiz lozim. Buning uchun biz yana marosimlarga murojaat qilamiz.

Maʼlumki, bugun ham toʻy-tomoshalarimiz, tadbirlarimiz toʻnsiz, sarposiz oʻtmaydi. Toʻn kundalik maishiy hayotimizdan shunchalik mustahkam oʻrin egallaganki, buni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi.

Toʻnning motam marosimida ham alohida oʻrni bor. Biror bir xonadonda taʼziyali holat boʻlganda, albatta, marhumning oila aʼzolari “maxsus”, yaʼni motam marosimi kiyimini kiyishgan. Odatda, erkaklar toʻn kiyishadi.

Darmonoy Oʻrayeva oʻzining “Oʻzbek motam morasimi folklori” nomli kitobida qiziq bir faktni keltiradi. “Jar” marosimidan soʻng marhum yigitga “Toʻn kiydirish” (“Jomanpoʻshon”) boʻlib oʻtadi. Unda marhum yigitga keksa chol yangi doʻppi va yangi chopon (toʻn) kiydiradi…” [15]

Bunday misollarni boshqa joydagi motam marosimi bilan bogʻliq namunalarda ham koʻrishimiz mumkin.

Topishmoqdagi “Qizil baxmaldan toʻn bichdim, qiyigʻini koʻrmadim” misrasidagi maʼno biz uchun endi tushunarli. Yuqoridagi topishmoqni taxminan quyidagicha ifodalash mumkin:

Uyquga ketib tush koʻrdim,

U dunyoda hammasi boshqacha edi.

Oʻlib, yana qayta tirildim.

Koʻrganlarim, uygʻongach, gʻoyib boʻldi.

Yana bir holat, topishmoqda kelgan koʻpgina metaforalarni tush motivida kelgan ramzlarga qiyoslasak, ular oʻrtasidagi oʻxshashlik yanada oydinlashadi.

“Uzun-uzun qizgina, uzun boʻyli qizgina” (Tuya), “Momom ketib borayotir, kulchasi qolib borayotir” (Tuyaning izi), Qatordagi qora nor, jetakdagi jir moya, Qaragʻay novda butoqsiz, bogʻlon qoʻzi suyaksiz” (Ota, ona, soch, koʻkrak), “Pastakkina boʻyli, issiqqina poʻstinli” (Qoʻy), “Ola-bula toʻni bor, quyrugʻida xoli bor” (Yoʻlbars), “Kunduz koʻrpa yopar, kechasi ochiq yotar” (Yulduz), “Avval boshdan ishim bor, ustasida kumushim bor. Ochilmagan sandiqda koʻzi bogʻli qushim bor” (Ona, tugʻilmagan bola) va hokazo.

Ushbu misollarda qiz, momo – tuyaga, ota – norga, ona – moyaga, koʻkrak – qoʻziga, qoʻy, yoʻlbars, yulduz – odamga, qush – bolaga oʻxshatilmoqda.

Bu yerdagi metaforalar ertak va dostonlarimizda tush motividagi ramzlar bilan uygʻun va ayni paytda, ifoda usulida teskari holatda kelganligini koʻramiz.

 

Qibla betdan bir oy tugʻib koʻrindi,

Oy yonida ikki yulduz koʻrindi…[16]

 

Oltmish beshta boqqan qoʻyim bor ekan,

Qolgan ekan qoʻyim juda semirib…

Bir och boʻri chiqib keldi ostimdan,

Qira berdi qoʻylarimni bir boshdan…[17]

 

Bir tarlon talpinib Qoʻngʻirotdan uchdi,

Yaxshilikka yuri, opa, bu tushdi….

Koʻk yoʻl boʻri kelib, qirdi qoʻyimdi…[18]

 

Yotib edim, vallamatim, tush koʻrdim,

Men tushimda bir ajoyib ish koʻrdim.

Mabodo koʻnglingga ogʻir olmasang,

Ek qanoti mayib boʻlgan qush koʻrdim.[19]

 

Bu oʻrinda qoʻy, boʻri, qush – odam, oy – yor, yulduz – farzand maʼnosida kelmoqda. Topishmoqda odam biror bir jism yoxud hayvon haqida topishmoq uchun metafora vazifasini oʻtab kelayotgan boʻlsa, dostonlarda buning aksi: qush, qoʻy, boʻri, oy, yulduz ramzlari qahramonning, uning holati va kechinmalarining badiiy ifodasi sifatida kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, tush va topishmoqlar struktural, ifoda usuli, mazmun-mohiyatiga koʻra oʻzaro oʻxshash va farqli jihatlarga ega. Ulardagi oʻxshashlik har ikkalasi ham mifolik tasavvur mahsuli ekanligini koʻrsatadi. Bu tasavvurlar ajdodlarimizning qadim dunyoqarashi bilan bogʻliq boʻlib, tarixiy taraqqiyot jarayonida ular bilan bogʻliq tushunchalar ham oʻzgarib borgan. Tush va topishmoqlar oʻrtasidagi farqli jihatlar ularning oʻz tabiatidan kelib chiqqan.

Topishmoq va tush motivida aks etgan metafora va ramzlar xalq ogʻzaki ijodi badiiyatini kuchaytirib, estetik ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu bob soʻnggida unga yakun sifatida quyidagi xulosalarni aytishni lozim topdik:

  1. Har bir fanda boʻlganidek, jahon folklorshunosligining ham oʻz tadqiq metodlari bor. Ularni mifologik, antropologik, tarixiy, qiyosiy-tipologik, qiyosiy-tarixiy kabi maktab vakillari ishlab chiqqanlar. Bu maktab vakillari baʼzan bir-birlarining qarashlarini toʻla inkor qilish darajasigacha yetgan boʻlsalar-da, ular kashf etgan metodlar bir-birini toʻldirib, folklor tarixi, poetikasi, ahamiyati haqidagi ulkan ishlar yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Ular orasida XX asrda shakllangan psixoanalitik maktab vakillari yaratgan ruhiy-tahlil metodi oʻziga xos oʻrin tutadi. Bu maktab taʼlimotining mavzumiz uchun bevosita ahamiyati va nazariy asoslardan biri boʻlishiga sabab shundaki, uning vakillari qarashlarida tush hodisasi markaziy masalalardan biridir.
  2. Psixoanalitik metod asoschilari va vakillari miflarni yangicha oʻrganishga asos soldilar. Ular klassik miflarni va tushni insonning anglanmagan ong osti hislari, ruhiyati ifodasi sifatida ramzlar tiliga asoslangan mohiyatiga koʻra bir narsa, deb baholadilar. Ularning talqinicha miflar ham, sanʼat ham ramzlar tiliga asoslanadi. Faqat biz poetik mushohadadagi ramzlarni koʻchimlar, deb qabul qilsak, ibtidoiy odam mif ramzlarini haqiqat sifatida tushungan. Shu sababli, masalan, mifda biror hayvonning insonga evrilishi real voqelik, deb qaralgan.
  3. Psixoanalitik maktab vakillari birinchi marta mifni zamonaviy odam bilan birgalikda oʻrgana boshladilar. Ularning talqinicha, tush zamonaviy odamning mifidir. Bu maktabning ulkan kashfiyotlaridan biri shundaki, unda inson ruhiyatida ibtidoiy davrda ham, bugun ham mavjud boʻlgan ezgulik va yovuzlik hislari mif va tushlarda turli ramzlar, ruhlar sifatida namoyon boʻlishini ilmiy asoslab berdilar. Oʻzbek folklorining tarixiy asoslari ham, eng avvalo, mifologiya bilan bogʻliq boʻlgani, tush motivi folklorimizning istisnosiz barcha janri namunalarida ishtirok etib, turli badiiy-estetik vazifalar bajarib kelishi, psxioanalitik metodni oʻzbek folklorini oʻrganishga tadqiq qilish fanimizni yanada yuksak darajaga koʻtarishga asos boʻla oladi.
  4. Tadqiqotimizning avvalgi sahifalarida aytilganidek, tush oʻzbek folklorining barcha janri namunalari, jumladan, xalq qoʻshiqlarida ham alohida oʻrin tutadi. Tush va qoʻshiq umuminsoniyat uchun xos, tarixiy tipologik, hayotiy va davomiy hodisalardir. Oʻzbek xalq lirik qoʻshiqlari uzoq tarixiy asoslarga, hajman naqadar koʻpligiga, ommaviy ijod va ijro etilishiga qaramay, ularda tush badiiy detali juda kam uchraydi. Biroq tush motivi mavjud namunalarda oʻziga xos ramzlar, xalqning tush haqidagi qarashlari, taʼbirlari maʼlum darajada oʻz badiiy ifodasini topgan. Jumladan, ularda tushda koʻrilgan qush – xabar, choy ichish – visol, icha olmaslik – ayriliq, suv va uning atributlari – sevgi, ot – murod, uzuk – nikoh, farzand ramzlari boʻlib keladi.
  5. Xalq lirik qoʻshiqlarida tush taʼsiri, odatda, “tagmatn”da boʻladi. Tushlar ramzlar olami, qoʻshiqlar ramzlarga boy boʻlgani uchun tushlardagi ramzlar lirik qoʻshiqlardagi ramzlarga mos boʻladi. Qiyosiy tahlillarimiz shuni koʻrsatadiki, qoʻshiqlar ham, koʻpincha, anʼanaviy zachin misra, ramzlar, lirik xulosaga ega boʻlsalar-da, ertak, dostonlar kabi yoyiq syujetli emas, tafsilotlarga berilmaydi.
  6. Mif, tush va qoʻshiqqa xos umumiy xususiyatlardan biri – ularning oddiy mantiq qonunlariga boʻysunmasligidir. Shu bois qoʻshiqlarda daryolarning oʻrtasidan yoʻl solish, ilonlar oʻrdasini qurish mumkin. Farq shundaki, miflar va tushlarda bunday ramzlar haqiqat, deb tushunilsa, lirik qoʻshiqlarda ular poetik koʻchimlar, deb qabul qilinadi. Umuman olganda, oʻzbek xalq qoʻshiqlaridagi koʻplab poetik ramzlarning tarixiy asosida tush va u haqdagi mifologik tasavvurlar yotadi.
  7. Tush qadimiy, doimiy, umuminsoniy fiziologik-ruhiy, sehrli-ilohiy hodisa, topishmoq tarixiy asoslari ibtidoiy davrlar bilan bogʻliq jahon folkloriga xos janr boʻlgani uchun ular oʻrtasida genetik aloqadorlik, umumiy va farqli jihatlar boʻlishi tabiiy. Ular, asosan, quyidagilardan iborat:

a) Tush – doimiy hodisa, topishmoq – tarixiy-folkloriy jarayon natijasida mifologik tafakkur mevasidan poetik tafakkur hosilasiga aylangan, ammo namunalarida qadimiy tassavur rudimentlari saqlanib qolgan folklor janri;

b) dunyo ibtidoiy odam uchun ulkan jumboq, topishmoq edi. Bunga u miflar bilan javob berdi. Topishmoq ham qandaydir javobni talab qiladi. Tush va uning taʼbirlari asosida, ular haqida ham koʻplab topishmoqlar yaratilgan. Xuddi tushni taʼbir qilish kabi topishmoq aytish, uning javobini topishning oʻziga xos qonun-qoidalari bor. Xuddi mif va tush kabi mohiyatiga koʻra tush taʼbiri va topishmoq javobi bir narsalardir;

v) qadimda tush ham, topishmoq ham magik-marosimiy ahamiyatga ega boʻlib, notoʻgʻri taʼbir qilganlar jazolangani, biror koʻngilsizlikka uchragani kabi topishmoq qoidalarida ham javob topa olmaganlar jazolangan;

g) topishmoqlarning tush shaklidagi ifodalari xalq dostonlari syujeti tarkibida koʻp uchraydi va muhim badiiy-estetik vazifalar bajarib keladi. Tush ramzlar olami boʻlganidek, topishmoqlarning koʻpgina namunalari ramzlar, turli poetik koʻchimlar asosiga quriladi.

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.

 


[1] Qarang: Zarifov H. Topishmoqlar // Oʻzbek folklori: xrestomatiya. – Toshkent, 1939; Oʻzbek topishmoqlari. Uzbekskiye zagadki / Tuzuvchi, tarjima, soʻzboshi va izohlar muallifi M.Abdurahimov. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1991; Jahongirov Gʻ. Oʻzbek bolalar folklori. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1974; Abdullayev J.X. Oʻzbek topishmoqlarining leksik-semantik xususiyatlari. Filol. fanlari nomzodi diss… avtoref. – Toshkent, 1993; Qobulova U.S. Metaforik matnda integral va difrensemalar munosabati (Oʻzbek topishmoqlari misolida). Filol. fanlari nomzodi diss… avtoref. – Toshkent, 2007; Saparniyozova M. Oʻzbek xalq topishmoqlarining sintaktik-semantik xususiyatlari. Filol. fanlari nomzodi diss… avtoref. – Toshkent, 2005; Qobuljonova G. Metaforalarning sistemaviy-lisoniy talqini (Oʻzbek xalq topishmoqlari misolida). Filol. fanlari nomzodi diss… avtoref. – Toshkent, 2006; Joʻrayeva M. Topishmoq va marosim // Oʻzbek tili va adabiyoti. – Toshkent, 2009. -№2. – B.19 – 24.

[2] Topishmoqlar. Oʻzbek xalq ijodi. Koʻp tomlik. – Toshkent: Adabiyot va saʼnat, 1981; Husainova Z. Topishmoqli ertaklar //Oʻzbek folklori ocherklari. T.2. – Toshkent: Fan, 1989. – B.102 – 129.

[3] Husainova Z. Soʻngsoʻz // Topishmoqlar. Koʻp tomlik. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1981. – B.337 – 338.

[4] Topishmoqlar. Koʻp tomlik. – B.31.

[5] Koʻrsatilgan manba. – B.183 – 184.

[6] Rustamxon. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. – M.: Nauka, 1972. – B.102 –104.

[7] Yakka Ahmad. Doston /Aytuvchi Ergash Jumanbul oʻgʻli. – Toshkent: Aadabiyot va sanʼat, 1984. – B.252 – 253.

[8] Lazutin S.G. Poetika russkogo folklora. – M.: Viʼsshaya shkola, 1981.– S.52.

[9] Topishmoqlar. Koʻp toplik. – B.348.

[10] Koʻrsatilgan manba. – B.45.

[11] Qarang: Alaviya M. Oʻzbek xalq marosim qoʻshiqlari. – Toshkent: Fan, 1974. – B.140 – 15; Oʻrayeva D. Oʻzbek motam marosimi folklori. – Toshkent: Fan, 2004. – B.54 – 55.

[12] Taylor E.B. Pervobiʼtnaya kultura. – M.: Politizdat, 1989. – S.237 – 245.

[13] Dyakonova V.P. Otrajeniya pogrebalnogo obryada tuvinsiv v folklore // Folklor i etnografiya. – L.: Nauka, 1974. – S.265.

[14] Oʻrayeva D. Koʻrsatilgan asar. – B.55.

[15] Oʻrayeva D. Koʻrsatilgan asar. – B.55.

[16] Alpomish. Doston / Aytuvchi Omon shoir Razzoqov. Yozib oluvchi Otash Xolmirzayev. Qoʻlyozma. ZOʻFA. Inv. №943. – B.22.

[17] Alpomish. Doston / Aytuvchi Berdi baxshi. Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Yozuvchi, 1999. – B.102 – 103.

[18] Alpomish. Doston /Aytuvchi Saidmurod Panoh oʻgʻli va Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Yozuvchi, 2000. – B.19 – 20.

[19] Kuntugʻmush. Doston / Aytuvchi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Hodi Zarifov. – Toshkent, 1975. – B.192 – 193.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.