Tush semantikasi va badiiy vazifalari

0
442
marta koʻrilgan.

Asotirlar, ertaklar shundan darak beradiki, ibtidoiy tasavvurlar, bugungi tasavvurlardan farqli oʻlaroq, dunyoni ramzlar orqali qabul qilgan, ramzlar bilan baho bergan, tabiat bilan ramzlar orqali munosabatda boʻlgan. Ibtidoiy inson tilini tom maʼnoda ramzlar tili, deyish mumkin.

Ulgen – yorugʻlik va ezgulik, Erlikxon – zulmat va yovuzlik, Qora dev – zulmat, Oq dev – jala, bulut, Sariq dev – olov, Koʻk dev – osmon, Momoqaldiroq – tangrilar ovozi, Yashin – tangrining oʻqi, Sel – yovuz ruhning ofati, Togʻ – tilsimli qoʻrgʻon, Suv, Tuproq – tiriklik, Gʻor – ruhlar makoni, Osmon – ezgulik tangrilari, Yer osti – yovuz ruhlar makonining ramzi, kodlashgan ismlari edi. Barcha narsa – tushuncha, qarash, tasavvur, qoʻrquv, quvonch, shodlik, baxt, kechinmalar ramz boʻlib, u orqali tushuntirilar, uning vositasida qabul qilinardi. Dunyo ramzlardan iborat boʻlib, bu insoniyatning ilk, ammo chinakam ijodi edi. Bu ijod azalu abadni birlashtira olardi.

Timsolsiz sanʼat, adabiyot, umuman, ijod boʻlgan emas. Xalq ogʻzaki ijodi bugun faqat mifologik yoki tarixiy asos sifatida oʻrganiladigan ijod emas, balki u timsollar sanʼati sifatida oʻrganiladigan, tahlil etilishi lozim boʻlgan sanʼatdir.

Timsol oʻzi nima? Biz biron asarni oʻqiganimizda yoki xalq ijodi namunasini tinglaganimizda gap A haqida borayotganday boʻlsa ham, asl maʼno B ga tegishli ekanligini his etib turamiz. Biz buni istamasak-da, ichki tuygʻularimiz A aslida B ekanini takrorlayveradi. Chunki timsolni aqlimiz emas, tuygʻularimiz tez anglaydi.

Timsol – tashqi dunyoning bizning ichki dunyomizda, “qalbimiz va ongimizdagi aksidir”.

Demak, ichki dunyomizda tashqi dunyoni oʻziga xos qabul qiluvchi xususiyat bor. U tashqi dunyoni ramzlar, timsollar orqali, yaʼni oʻzicha “qayta ishlab” qabul qilishga moslashgan. Inson tugʻilgandayoq dunyoga shunday ruhiy imkoniyat bilan kelgan. Ilk odamlar tabiat va koinot sirlarini timsollar orqali qabul qilganlari bejiz emas.

Ibtidoiy odam sel, boʻron, olov, toʻfonni koʻrganda ular qarshisida oʻzining ojizligini his qilgan va vahimaga tushgan. Quyosh tanasini yayratganda quvongan. Natijada zulmat – vahm, yorugʻlik – quvonch timsoli boʻlib qolgan. Mana shu vahm va quvonch inson ichki dunyosining tashqi dunyoga nisbatan timsoli edi. Bundan tashqari, zulmatni dushman, yorugʻlikni doʻst, deb bilgan inson ana shu ikki timsolga ezgulik va yovuzlik maʼnosini ham yuklagan. Chunki ibtidoiy odam uchun abstrakt tushunchalar yoʻq edi. V. M. Meletinskiy aytganidek, u dunyoni tasavvurlar orqali anglar, ular vositasida munosabat qilardi. Demak, timsol va tasavvur egizaklar edi.

Shu sababli har bir timsol asosida inson tasavvurlari va kechinmalari yotadiki, ularning qay tarzda, qachon paydo boʻlganini bilish timsollarni aniq, ilmiy toʻgʻri sharhlash imkonini beradi.

Inson oʻzi kashf etgan qoʻrquv, vahm timsollarini hali abstrakt mushohada qila olmagani uchun jonli holda tasavvur qilib, maxluq va yirtqichlar shaklida ramzlashtirgan. Timsollar inson ongining tinimsiz ishlashiga yoʻl ochgani uchun ong, oʻz navbatida, ojizlikdan qutulish choralarini izlagan. Natijada vahm va yovuzlik timsollari boʻlgan maxluqlarni yenguvchi, oʻziga boʻysundiruvchi qahramon tugʻilgan.

Bu jarayonni rus folklorshunosi A. N. Afanasyev yaxshi ifodalagan: “Haqiqiy shoir xalq edi: u tilni va miflarni yaratdi hamda badiiy asar uchun zarur boʻlgan barcha narsani – ham shakl, ham mazmun berdi va har bir nomga poetik maʼno bagʻishladi, har bir mifga poetik fikr ifoda etdi”.[1]

Timsol – inson ruhiyatining tili boʻlib, u tabiat bilan ana shu tilda gaplasha boshlagan. Shu timsollar tilida miflar, ertaklar, dostonlar yuzaga kelgan. Bu ijod mahsullari oʻzlari yaratilgan davrdagi inson kechinmalarining mevasi boʻlib, undagi timsollarni toʻgʻri sharhlash bizni ajdodlarimizga yaqinlashtiradi, ularning ichki dunyosini yoritib beradi.

Mif, ertak, dostonlardagi tush motivi bilan bogʻliq timsollar xalq tafakkurining xazinasi boʻlib, ularni oʻrganish xalq tafakkuri tarixini oʻrganishdir.

Xalq dostonlari va ertaklaridagi tush motivining badiiy qimmati, muayyan matndagi poetik yukini teran anglash uchun, birinchi galda, hayotdagi tush taʼbirlari bilan bogʻliq tushuncha, tasavvurlarni badiiy (folklordagi tushlarni shartli ravishda badiiy tushlar, deb olmoqdamiz) tushlarga oʻzaro qiyoslab oʻrganish talab etiladi. Masalaning ushbu tartibda qoʻyilishining maʼlum sabablari bor. Avvalo, badiiy tushlarning andozasi hayotdagi tushlardan olinadi. Qolaversa, badiiy tushlar ham hayotdagi tushlarga uygʻun kommunakativ vazifa bajaradi va undan bashorat yoki biror bir xabar anglanadi. Ana shu anglatish va anglash jarayoni semantik jihatdan bir-biriga uygʻun keladi. Yaʼni badiiy tushlar taʼbiri ham hayotiy tushlar taʼbiriga koʻp jihatdan mos. Bunda tush timsol sifatida qaralib, taʼbir etiladi.

Yana bir oʻxshashlik hayotdagi tushlar koʻp jihatdan badiiy ijodga xos shaklda namoyon boʻlishida koʻrinadi. Xususan, mifologik va folkloriy tafakkur shakli tush strukturasi va semantikasiga har jihatdan toʻgʻri keladi.

Ayni paytda, hayotdagi va badiiy tushlar oʻrtasida semantik nuqtai nazardan farqlar ham mavjud. Folklordagi (umuman, badiiy matn tarkibidagi) tushlarning hayotdagi tushlardan nazarda tutilayotgan farqli jihatlari quyidagi oʻrinlarda yaqqol koʻzga tashlanadi:

– Badiiy tush, avvalo, badiiy ijod mahsuli boʻlib, badiiy-estetik xususiyatga ega. Hayotdagi tushlarga bunday vazifa yuklanmaydi;

– hayotdagi tushlar tush koʻruvchi taqdiri, hayoti bilan bogʻliq kommunikativ vazifa bajarsa, badiiy tushga qahramon hayoti, taqdiri bilan bogʻliq ana shunday xususiyat yukalansa-da, asar tarkibida oʻziga xos badiiy vazifaga ham ega boʻladi;

– hayotdagi tushlar bir bor (baʼzan takrorlansa ham) koʻriladi. Koʻpchilikka oshkor etilmaydi. Badiiy tush asar tarkibida turgʻun koʻrinish va oʻrin egallaydi.

Hayotdagi va badiiy tushlar taʼbirlanishida ham maʼlum farqlar mavjud. Hayotdagi tushlar taʼbirida ikki muhim asos tayanch vazifasini bajaradi:

  1. Tushda koʻrilgan narsa va predmetlarning xalq tasavvuridagi anʼanaviy ramziy maʼnosiga tayaniladi.
  2. Tush koʻruvchining shaxsi, hayoti bilan bogʻliq koʻrilgan timsollar individual talqin etiladi.

Har ikki holatda ham tush koʻruvchi va taʼbirchi – yoʻriqchining ichki intuitsiyasi muhim rol oʻynaydi. Ushbu oʻrinda xalq oʻrtasidagi: “Tushning boshi qil”, degan ibora holatni toʻliq ifoda etadi. Yaʼni tush dastlab qanday taʼbir qilinsa, anglansa, oʻsha holat yuz berishi mumkin, degan eʼtiqod, tasavvurlar tizimi mavjud. Misol tariqasida quyidagi naqlni keltirish mumkin: “Naql qilishlaricha, Hazrat Xoja shunday dedilar: “Men va otam kimxobboflik kasbi bilan mashgʻul edik va yoshlar rasmiga muvofiq alohida xonamiz bor edi. Bir kuni kechasi turk mashoyixlarining ulugʻlaridan boʻlgan Hakim Ato Quddusa Sirruhuni tushimda koʻrdim. Ular meni bir darveshga topshirar edilar. Uygʻongan paytimda darvishning afti – angori esimda qolgan edi. Soliha buvim bor edilar, bu tushni ularga aytdim. “Turk mashoyixlaridan senga nasiba hosil boʻladi”, dedilar. Men doim oʻsha darvishni koʻrish orzusida yurardim.

Bir kuni Darvozai Ohangarondan chiqayotib, oʻsha darveshga duch kelib qoldim. Sochlari muloh shaklida, boshida ming baxyali kuloh, qoʻlida ud daraxtidan qilingan hassa bor edi. Orqasidan ravona boʻldim. U menga qayrilib boqmasdi. Men esa qolmasdan ketaverdim. Murgʻqushi koʻchasiga yetib, bir uyga kirdi. Men esa orqaga qaytdim. Tunda tanishlarimdan biri mening oldimga keldi. “Xalil nomli bir turk shayxzodasi seni yoʻqlayapti”, dedi. Xursand boʻlib oʻrnimdan turdim. Kuz fasli edi. Buxoro neʼmatlaridan bir oz hadya olib bordim… Salom qilib oʻtirdim. Soʻng oʻsha tushni aytish istagi tugʻyon urdi. Shu payt menga turkiychalab: “Ulkim sening koʻnglingdadir, oʻzi bizga ayondur, aytmoq ne hojat?” dedi. Holim oʻzgardi, unga maylim yanada ziyoda boʻldi”.[2]

Ushbu naqlda tushning timsoli qanday talqin etilsa, oʻsha maʼno asos oʻrniga oʻtishi bayon qilinmoqda.

Badiiy tushlarda anʼanaviy timsollar qoʻllaniladi. Bu oʻrinda xususiy holatlar koʻzga tashlanmaydi.

Gap bevosita tush semantikasi xususida borar ekan, tush haqida tasavvurlar tizimidagi tayanch tushlardan biriga alohida diqqat etish kerak. Ushbu tushuncha xalqona “chin dunyo” va “yolgʻon dunyo” deb ataluvchi dunyoqarash bilan bogʻliq. Aslida ushbu binar tushuncha dunyoning aksariyat xalqlari mifologiyasi va deyarli barcha dinlarida ham mavjud. Mifologik, diniy, falsafiy, adabiy manbalarda koʻplab talqinlariga ega. Ushbu dunyoqarash va tushunchalarga koʻra, biz yashayotgan voqelik, aslida, “yolgʻon dunyo” boʻlib, oʻzga olam – chin dunyoning soyalari, deb qaraladi. Inson uxlab, uning ruhi ravoni chin dunyoga borishi yondosh (parallel) olamlarga oʻtishi mumkin, deb tushuntiriladi. Ushbu ruhi ravonning chin dunyoga vaqtinchalik sayohati davrida koʻrgan-bilganlari tush sifatida qaraladi. Chin dunyodagi voqelik yolgʻon dunyodagi voqelikning aksi boʻlganligidan tush taʼbir qilinganda soyani asosga aylantirib mazmun chiqarish kerak, deb uqtiriladi. Aksariyat taʼbirlar mana shu tayanch tushunchaga asoslanadi.

Masalan, quyidagi narsa va predmet, holatlarning anʼanaviy xalqona taʼbirlariga diqqat qilaylik: pul – gap-soʻz, qon – yorugʻlik, oʻlgan odamni koʻrish – tirik tanishni uchratish, bit – boylik va hokazo.

Odatda, koʻrilgan tushni hamma ham taʼbir qila olmasligini taʼkidlagandik. Hayotda biror bir oqil, bilimli, turmush tajribasiga ega yaqini yoki el orasida obroʻ-eʼtibor topgan kishidan tush taʼbiri soʻralgan. Shu bilan bir qatorda, taʼbirnomalardan foydalanilgan. Folklorda ham tushni taʼbir qilishning yuqorida keltirilgan ikki usuli tasvirini koʻrishimiz mumkin. Masalan: “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida Shoxdorxon oʻzi koʻrgan tushni Yusuf qurʼaandozdan soʻraydi.[3] “Alpomish” dostonida esa Barchinning tushini kanizi Suqsuroy yoʻyadi.[4] Har ikki holatda ham taʼbirchilar koʻrilgan tushni batafsil taʼbir qilishadi.

“Alpomish” dostonining Poʻlkan va Ergash Jumanbul oʻgʻli variantlarida esa voqea ikkinchi usulda oʻz yechimini topadi. Eʼtibor qilaylik: Boyboʻri atrofidagi yaqinlariga oʻzi koʻrgan tushini bayon etib, Qaldirgʻochga shunday deydi:

Ogʻaynilar, bugun uxlab tush koʻrdim,

Men tushimda xoʻp ajoyib ish koʻrdim.

Kashalning elidan bir shunqor uchdi,

Qultoyning oldiga parvoz qip tushdi.

 

Ultontozga kabob changallar soldi,

Oʻtirgan hovlisi tep-tekis boʻldi.

Qoʻngʻirotning shahri yop-yorugʻ boʻldi,

Tos tepamga ikki juft chiroq yondi.

 

Hamma odam atrofimga keldilar,

Men oʻzimni bir balandga oldilar.

Hamma odam qulli boʻlsin, dedilar,

Atrofimni olib turgan kim boʻldi?

 

Davlat bersa, yaxshi roʻmol oʻragin,

Qora zulfing gardaningga taragin.

Xobnoma kitobni olib kel, Qaldirgʻoch,

Bu tushimning taʼbirini joʻragin.

Shunda Qaldirgʻoch borib kitobni olib kelib, otasi Boyboʻrining tushini joʻrab yotibdi:

 

Oʻylasam, omonat bandaning joni,

Hamroh boʻlgay moʻmin qulning iymoni.

Gohi tush rahmoni, gohi shaytoni,

Tushman folning boʻlmas ekan bayoni.

 

Davlat bersa, balxi roʻmol oʻrayin,

Oʻlmasam, elimda davron surayin.

Aytganimga quloq soling, otajon,

Tushingizning taʼbirini joʻrayin…[5]

 

Ushbu oʻrinda “Alpomish” dostonining Fozil Yoʻldosh oʻgʻli variantida Barchin koʻrgan tush bayonidagi boshlamani yuqoridagi Qaldirgʻoch taʼbiri boshlamasiga solishtirib qaraylik. Barchin koʻrgan tushini shunday aytadi:

Xazon boʻlib bogʻda gullar soʻlganda,

Jon jasaddan bir beqaror boʻlganda,

Ziyon yotib, rahmat toshar boʻlganda,

Rahmat daryo ayni toshib kelganda,

Tush koʻribman fayzi sahar boʻlganda.[6]

Qaldirgʻoch taʼbiri, Barchin koʻrgan tush bayonidagi boshlamalar soʻzma-soʻz toʻgʻri kelmasa-da, ular mohiyatan bir-biriga yaqin va tush haqidagi xalq tasavvurlari, tush koʻrish, taʼbir yoʻnalishi bilan bogʻliq yaxlit tizimda turishi bilan ahamiyatli. Boshlamalardagi tush tizimi bilan bogʻliq turgʻun mazmunga ega jihatlarni qarab chiqaylik.

  1. Jonning tanda omonat ekanligi, ruhi sokin va ruhi ravonning tandagi oʻrni. Ruhi ravonning tanadan bir muddat chiqib, qaytish imkoniga ega ekanligi va shu jarayonda u oʻzga makonlar, oʻlchamlarga oʻtib, tush hodisasi sodir boʻlishi.
  2. Ruhi ravonning oʻzga makon va oʻlchamlardagi olgan axborotlarning rahmoniy va shaytoniy boʻlishi. Taʼbirda ushbu jarayonning muhim ahamiyatga ega ekanligi.
  3. Tong – sahar, tun – kun, yaxshilik va yomonlik kuchlari oʻrin almashayotgan

payti, yaxshilik pallasi bosib kelganda koʻrilgan tushlarning rahmoniy – bashoratli boʻlishi.

  1. Tush va folga munosabatda xuddi “Folga ishonma, folsiz yurma”, deb aytilganidek oʻta hushyor munosabatda boʻlishlik.

Koʻrib chiqqanimiz boshlamalarning biri tush bayonida, boshqasi taʼbir qismida kelayotgan boʻlsa-da, ular yaxlit tizimga bogʻliq anʼanaviy formulaga mos tasvirlanmoqda. Aslida, bu anʼanaviy formula oʻta qadimiy boʻlib, deyarli har bir tush bayoni, taʼbirining ifoda vositalaridan hisoblangan.

Endi bevosita tush taʼbiri va taʼbirchilar masalasiga qaytsak. Dostonlarda tush taʼbirchisiga nisbatan qurʼaandoz, taʼbirchi, joʻriqchi atamalari qoʻllanilsa, uni yoʻrishga esa joʻrish (yoʻrish) va taʼbir soʻzlari ishlatiladi. Ayni paytda, har bir kishiga qoʻllanma, yoʻl-yoʻriq vositasini oʻtovchi taʼbirnomalarga taʼbirnoma, xobnoma, taʼbirlar toʻplangan maʼnosida ishlatiladi. Demak, hayotdagi tushlar mohiyatini anglab, ularni yoʻyish ikki xil:

  1. Maxsus taʼbirchi – yoʻriqchiga murojaat qilish.
  2. Yozma ravishda tartib berilgan taʼbirnomalarga tayanib tush yoʻrish.

Oʻzbek folklorshunosligida xalq oʻrtasida ogʻzaki yuruvchi taʼbirlar va yozma taʼbirnomalar bu paytgacha maxsus yigʻilib, talqin etilgan emas. Baʼzi tadqiqotlarda yoʻl-yoʻlakay, bilvosita aytilgan fikr-mulohazalar ham barmoq bilan sanarli.

Folklordagi tush semantikasi va uning tub ildizlarini yoritishda anʼanaviy ogʻzaki va yozma taʼbirnomalardagi timsollar talqini alohida ahamiyatga ega va bu xususda maxsus toʻxtalishni mavzuning oʻzi ham talab etadi.

 

Jabbor ESHONQUL

 

“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.


 

[1] Afanasyev A.N. Koʻrsatilgan asar. – S.83.

[2] Bahouddin Balogardon. – Toshkent: Yozuvchi, 1993. – B.25 – 26.

[3] Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. Muhammad Jomrod oʻgʻli Poʻlkan varianti. – B.12 – 13.

[4] Alpomish. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.97 – 101.

[5] Alpomish. Doston. Poʻlkan shoir va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli varianti. – B.189 –190.

[6] Alpomish. Doston. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.97 – 101.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.