Turkiy xalqlar adabiyotining ildizlari

0
6
marta ko‘rilgan.

Imong‘ozi NURAHMAD o‘g‘li

 

Turkiy xalqlar uchun umumiy bo‘lgan adabiyotimizni sak (soq)lar davridan boshlashimiz taxminlarga asoslangan faraziy gaplar emas, aksincha, aniq dalillar bilan isbotlangan haqiqat bo‘lsa, bu davrdan qolgan merosni o‘rganish, tadqiq qilish – zamon talabi, bizning muqaddas burchimiz hamdir. Adabiyotimiz tarixini qaysi davrdan boshlash, qanday tarixiy taraqqiyot davrlariga bo‘lib o‘rganish adabiyot tarixidagi asosiy omillardan bo‘libgina qolmay, biz uchun millat sifatida tariximizni o‘rganishimizda ham o‘ta muhim ahamiyatga ega. Sababi, bunday tadqiqotlar bizning milliy mentalitetimizning shakllanishi va xalq sifatidagi teran ildizlarimiz qaylarga borib tutashajagini ham yoritib beradi. Binobarin, biz adabiyotimiz tarixini to‘g‘ri yorita olmasak, zaiflashib ketgan milliy xotiramizni ham asl holiga keltira olmaymiz, milliy-madaniy taraqqiyot dasturimizni ham zamonga mos ravishda rivojlantira olmaymiz.

Adabiyotimiz tarixining to‘g‘ri yoritilishi – turkiy xalqlar birligiga asos bo‘ladigan, bizni ruhiy-ma’naviy mushtaraklik sari boshlaydigan yo‘ldagi dastlabki asosiy qadamdir. Turkiy xalqlar uchun umumiy bo‘lgan adabiyotimizning dastlabki davr tarixini biz Turk xoqonligi davridan boshlaymiz. Sho‘rolar hokimiyati boshimizda zug‘um o‘tkazib turgan bir paytda, turkiy xalqlar uchun umumiy bo‘lgan adabiyotning mavjud bo‘lganligini aytish, ularning tarixan-ma’nan mushtarak xalqlar ekanligidan so‘z ochish, umuman mumkin emas edi, bunday fikr darhol ulkan qarshilikka uchrardi. Shunga qaramay, bunday nuqtai nazar sobiq ittifoq miqyosidagi adabiyotshunoslik ilmida 50-yillarda nish ura boshlab, 60-yillarda shakllanib bo‘lgan edi. Bu fikrni yoqlab, turkiy xalqlarning barchasi uchun umumiy bo‘lgan adabiyot tarixini Turk xoqonligi davridan boshlash to‘g‘ri bo‘lishini ilmiy jihatdan asoslagan B. Kenjeboyev, M. Avezov, N. Mallayevlarning nuqtai nazarlari, ularning asarlari, shuningdek, eski turk devor bitiklarini ilk bor qozoq tiliga o‘girib, bu yozuvlarning adabiyot tarixidagi o‘rnini, ahamiyatini yoritib bergan olim M. Jo‘ldosbekovning asarlari hali-hanuz qimmatini saqlab kelmoqda. Shu o‘rinda X. Suyunchaliyev, A. O‘spano‘g‘li, A. Qirovboyeva singari olimlarning qadimgi adabiyot borasidagi izlanishlari qozoq adabiyotshunosligi ilmining taraqqiy topishida sezilarli ta’sir ko‘rsatganligini aytib o‘tish kerak.

Qadimgi turk devor (tash, yo‘l) bitiklari bilan tanishganimizda, Turk xoqonligi davridan qolgan adabiy meros namunalari – o‘sha davrlardayoq gurkirab rivojlangan adabiyot namunalari ekanligini sezamiz. Tosh bitiklarga bitilgan, sulolalar haqidagi roman deyishga arzigulik yozma meroslar qoldirgan davrning ulkan madaniyatini ana shunday noyob so‘zlar bilan ardoqlasak, arziydi.

Bir xalqning adabiyoti o‘sha xalqqa mansub bo‘lgan dastlabki ota-bobolarning dunyoga kelgan davrlaridan, shu xalqni shakllantirgan urug‘-qabilalar umrguzaronlik qilgan davrlardan boshlanishi chin haqiqat. Ilm-fan hamisha taraqqiyotda, rivojlanishda davom etadi. Har bir davr kishilari o‘z zamonasidagi moddiy imkoniyatlarga asoslanib, tadqiqotlar olib boradi, nuqtai nazarlarni, tahlillarni o‘rtaga tashlaydi. Shu sabablarga ko‘ra ham, har bir davrda ilm o‘zigagina xos bo‘lgan xususiyatlarni namoyon qiladi, o‘ziga xos saviyaga ko‘tariladi. Ijtimoiy ilmlarning bugungi yutuqlari, bugungi darajasi bizning turkiy xalqlarimiz uchun umumiy bo‘lgan qadimgi adabiyotimiz tarixini saklar zamonidan boshlashimizga imkon beradi. Bu boradagi tashabbus avvallari ham fanimiz doirasida o‘rtaga tashlangan edi. O‘zbek olimi Natan Mallayev, qozoq olimlari A. O‘spano‘g‘li, A. Qirovboyeva, uyg‘ur olimi Turg‘un Olmos singari tadqiqotchilar adabiyotimiz qadimgi tarixi haqida yangi-yangi fikrlarni bildirib o‘tganlar.

Albatta, qadimgi turkiy adabiyot deganimizda, sak xalqiga yoki xunnularga daxldor bo‘lgan bir necha rivoyat, mif, hikoyatlarni tilga olib o‘tishimiz, yoki bo‘lmasa, ularning mazmunini yoritib berish bilangina bu masala hal bo‘lib qolmasligi aniq. Buning uchun, hech bo‘lmaganda, har bir davrdagi adabiyot namunalarini topish, bu namunalar nima sababdan adabiyot tarixidan o‘rin olganligiyu, ular o‘rtasida qanday aloqalar borligini yoritib berish zarur. Bu esa o‘ta jiddiy tadqiqotlar o‘tkazishni talab qiladigan zahmatli, mashaqqatli yumush. Ammo aynan mana shu yo‘ldan yuribgina biz chin haqiqatga tomon yetib bora olamiz.

G‘arbdagi tarixiy ma’lumotlar bo‘yicha, eramizdan avvalgi VII-VI asrlardan boshlab, Xitoy ma’lumotlari bo‘yicha, eramizdan avvalgi XII-X asrlardan boshlab, eramizning V asrlari oralig‘ida Xitoy devoridan Qora dengizgacha bo‘lgan cheksiz dalalarda saklar, xunnlar, uysunlar, qanglilar, sarmatlar, saframatlar va hokazo ko‘chmanchi qabilalar yashab o‘tganlar. Ular goh bir butun qabilalar ittifoqi sifatida, goh esa yakka-yakka, kichik-kichik xalqlar sifatida tarixda iz qoldirib ketganlar.

Saklar davriga xos bo‘lgan qishlov (qo‘rg‘on, o‘ba) odamlaridan qolgan qabriston suyaklarini tadqiq qilgan Bernshtam, Aqishev kabi atoqli olimlarning yoki xitoy arxeologlari tadqiqotlaridagi xulosalarga nazar soladigan bo‘lsak, O‘rta Osiyo va Sharqiy Turkistondagi qaysi bir qadamjodan qadimiy suyak topilsa, ularning barchasi yagona bir antropologik tiplarniki ekanligi ma’lum bo‘lmoqda. Yana bir atoqli olim M. M. Chebokorovning e’tirof etishicha, “faqat qondosh, genetik (irsiyat) jihatdan qarindosh bo‘lgan unsurlargina muayyan bir antropologik tipga kiradi” (Qarang: M. M. Chebokorov. Osnovni’e prinsipi’ antropologicheskix klassifikatsiy. Truda instituta etnografii. – M.: 1957, St. 306). Shuningdek, qadamjolardan topilgan uy jihozlari, asbob-uskunalardagi bezak-naqshlar, bitiklar ham ishonch-e’tiqod ramzlari bo‘lganligi qayd qilinadi. Binobarin, ushbu qabilalarda ishonch-e’tiqod yaxlitligi, yagona bir sivilizatsiya bunyodkorlari, ishtirokchilari bo‘lganligi seziladi.

Qadimgi davrlardagi adabiyot haqida so‘z ketganda, biz uchun muammo tug‘diradigan jihat – bizga o‘sha davrlardan bevosita yetib kelgan yozma adabiyot namunalarining saqlanib qolmaganligidir. Yetib kelganlari ham kichkina esdalik-haykallardagi yozuvlar, xolos. Saklar zamonidan bizgacha yetib kelgan mif-hikoyalarning o‘zi boshqa xalqlarning yozma yodgorliklari orqali yetib kelgan.

Adabiyotimizning narigi tarixi – dastlabki adabiy nusxalar borasida so‘z ketganda, biz adabiyotning huv boshdayoq hayotga tuyg‘udoshlikdan paydo bo‘lgani estetik vazifani bajarish uchun emas, balki, avvalo, qayta anglash ehtiyoji tufayli paydo bo‘lganini, tafakkurning rivoji uchun xizmat qilganini, undan keyingina odamzodning tafakkuri, estetik dunyoqarashining rivojlanishiga bog‘liq holda, dunyoni tanish vositasiga aylanganini unutmasligimiz kerak. Binobarin, olim N. Mijjoniyning: “Ibtidoiy urug‘-qabilalarning ijodi sifatida dunyo ko‘rgan dastlabki miflar inson tafakkurida ishonch-e’tiqod tuyg‘ularini uyg‘otishdek muhim vazifani bajargan” (“Qozoq xalqining mif va asotirlari”, Urumchi, 1996,1-bet). Ushbu nuqtai nazar yangi falsafa uchungina emas, balki adabiyotning ibtidoiy nusxalari uchun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, adabiyotning tetapoya davridagi asarlarni bugungi kunning mezonlari bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Turkiy xalqlarning hammasiga tegishli bo‘lgan qadimiy o‘rtoq yozma adabiyotlar saklar davridan boshlanadi. Bu davr adabiy yodgorliklarning shakllanishi va rivojida saklar davri adabiyotining, shuningdek, xunnlar zamonining adabiyoti, uysun-qangli davrining adabiyoti degan hududiy markazlari ham bo‘lganligi aytib o‘tiladi. Ushbu maqolada biz saklar davridan qolgan adabiy namunalarga doir o‘z fikrlarimizni o‘rtaga tashlamoqchimiz. Saklar davri adabiyotining yuqorida aytib o‘tilgan har qaysi taraqqiyot markazlariga aloqador bo‘lgan ibtidoiy nusxalarini quyidagicha bir qancha tarmoqlarga ajratish mumkin:

  1. Saklar davri adabiyoti haqida so‘z, eng avvalo, qadimdan qolgan ixcham asl yozma meros namunalaridan, ko‘lamli ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy yodgorliklardan boshlanadi. “Eshik yozuvi”, “Pavlodardan topilgan suyak tumordagi runik yozuvi”, Sharqiy Turkistondagi Xo‘tan biqinidan topilgan qadimgi sanskrit alifbosidagi Xo‘tan saklarining qadimgi yozuvlarining adabiyotimiz tarixidagi o‘rni juda muhimdir. Vaholanki, bu bitiklar to shu kungacha adabiyotchilarimizning tahlil doirasiga tortilgan emas. Shu sababli ham, adabiy yodgorlik sifatida o‘rganilmagan. Ularning soni ham bizning bilganlarimizdan anchagina ko‘p bo‘lmog‘i ham, ehtimol. Ustiga ustak, bu yodgorliklarning ko‘pini qadimgi turkiy runik alifboga asos bo‘lgan xatda yozilgan, deb taxmin qilsa bo‘ladi. Bu borada A. Aristov, I. Batmanovlarning qadimgi turkiy bitiklar haqida aytgan: “Hech bir alohida alifbosiz oq turkiy bitiklar asosida paydo bo‘lgan asl yozuv”, degan nuqtai nazarlarining mag‘zi to‘q. Biz bu kabi yodgorliklarimizni adabiyotimiz sarchashmasi sifatida tadqiq qilib, qaddu qadrini tiklayolsak, ajoyib yutuq bo‘lgan bo‘lardi. Shu bilan birga, estetik ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy so‘zlar, qadimiy yer-suv atamalarining ham ahamiyati oydinlashib, adabiyotimiz tarixidagi o‘rni belgilansa, fandagi qadr-qimmati yanada ortgan bo‘lardi. Bunday tajriba jahon adabiyotshunosligida mavjud bo‘lgan urfdir. Besh ming yillik yozma tarixi bo‘lgan xitoy adabiyotining dastlabki namunalaridan biri “Katta sichqon” deb ataluvchi, muallifi noma’lum asar atigi ikki satrdan iborat. Ushbu she’r, bor-yo‘g‘i, “Katta sichqon, katta sichqon, sen mening g‘allamni yeb qo‘yding”, degan so‘zlardangina iborat. Yoki bo‘lmasa, rus, ukrain, belorus, fransuz adabiyotlarining sarchashmasi ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan sodda yozuvlardan olinganligini B. Kenjaboyev tadqiqotlaridan bilamiz (Qarang: “Adabiy meros va uni tadqiq qilish”, Olmaota, 1961,297-bet). Biz tilga olayotgan ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan jihatlar, detallar, yuqorida aytilganlardan tashqari, maqol-matallarda, iboralarda ham uchrashi mumkin. Bularning bari – qadimgi zamon turkiy adabiyotdagi o‘zgarishsiz kelayotgan, qaynar buloq kabi o‘lmas, barqaror manbalardir;
  2. Hozirgacha saklar zamoni adabiyotining namunalari sifatida Yunon, Rim, forsiy bitiklarda uchraydigan mif-hikoyalar, rivoyatlar tilga olinib kelinadi.

Atoqli o‘zbek olimi Natan Mallayev “O‘zbek adabiyoti tarixi” (1964) nomli ko‘lamli tadqiqotida “Shiroq”, “Zarina va Zariya”, “Dandamid va Emizok”, “To‘ksarid”, “To‘maris” afsonalarini o‘zbek adabiyotining sarchashmalari sifatida keltirib o‘tadi va shu asarlarning mazmunini bayon qiladi. Keyin A. O‘spano‘g‘li ham, saklar davri adabiyoti haqida gap ketganida, shu afsonalarni keltirib o‘tgan. A. Qirovboyeva “Qadimgi adabiyot” nomli asarida (1999) yuqorida nomlari keltirilgan afsonalar bilan birga, Mo‘de Tangriqut va Targ‘itoy haqidagi afsonaga ham qadimgi adabiyot namunasi sifatida qarashni tavsiya qiladi.

Ushbu afsona-hikoyalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri – ularning mazmuni og‘zaki adabiyotdan ko‘ra yozma adabiyotga yaqinligidadir. Cho‘pon Shiroq haqidagi afsonada Shiroq bola-chaqasining baxti, xalqining omon-ozod yashashi uchun o‘zini qurbon qilsa, Zarina el-yurtining mustaqilligi yo‘lida muhabbatidan voz kechgan ayol sifatida gavdalanadi. Har bir afsonaning o‘z hikoya qilish uslubi bor. Hammasidayam takrorlanmas ma’no-mazmun mavjud. Afsonalarda qahramonning butun hayoti bir chekkadan batafsil aytib o‘tirilmaydi. Ularning ma’lum bir voqeadagi ishtiroklarigina yoritiladi, xolos. Shu jihatdan ham ular og‘zaki adabiyotdan farqlanib turadi. Afsonalardagi qahramonlar folklor asaridagi kabi xalq orzularidan paydo bo‘lgan, ideallashgan siymolar emas, real hayotdan olingan, tip darajasiga ko‘tarilgan obrazlarga yaqin. Afsonalarda uslubiy jihatdan botirlarning vatanni qo‘riqlash yo‘lidagi botirliklarini tahlil qilaroq bayon etib berilishi ham qadimgi turkiy yodgorliklar hamda undan keyingi davrlardagi botirlar qo‘shiqlariga o‘xshash. Bu – faqat uslub jihatdangina o‘xshashlik bo‘lib qolmay, balki epiklik jihatidan ham yaqinlikni ko‘rsatadi. Bunday o‘xshashlik ularning oralaridagi vazifaviy taqdirdoshlik borligiga ham ishora. Bu – saklar davri adabiyotining bir jihati. Shu bilan birga, buning bahsli tomonlari ham bor. Ba’zi birovlar, boshqa xalqlarning, boshqa bir ellarning yozma adabiyotida saqlanib qolgan shunday afsonalar qanday qilib bizning adabiyotimizda sarchashma bo‘lib xizmat qilishi mumkin, deb shubhalanadilar. Bu – tabiiy hol. Bu borada esa mulohazalarimiz shunday: to‘g‘ri, ko‘plab afsonalarimiz chet el asarlarida saqlanib qolgan, ammo ular, avvalambor, bizning ota-bobolarimizning hayotini yoritganligi bilan aziz va ardoqlidir. Misol uchun, o‘zini hisobsiz talofatlarga duchor kilgan sak jangchisi Shiroqning mardligini forslar o‘ylab topgan desak, bu gapga kim ishonadi?! Yoki Xitoy imperiyasini qaltiratib-cho‘kkalatgan Mo‘de Tangriqutning mardligi haqidagi afsonani xitoyliklarning o‘zlari o‘ylab topgan deyish, kurakda turadigan gapmi?! Shuning uchun ham A. O‘spano‘g‘lining quyidagi fikrida, bizningcha, jon bor, u yozadi: “Bu afsonalar va hikoyalarni yozib qoldirgan Herodot va Lukianlar o‘z davrida ushbu afsonalarni turli ellar, mamlakatlarni ko‘p kezib yurib yozib olgan yoki boshqa yozma manbalardan o‘zlashtirgan bo‘lishlari mumkin”.

Adabiyot tarixining afsonalardan boshlanishi ham jahon adabiyotida bor an’ana. Xitoy epik adabiyotining asosiy namunasi hisoblanadigan “Konfutsiy ta’limoti” ham mazkur donishmand haqidagi afsonalardan oziqlangan. “Konfutsiy dediki…” deb boshlanadigan hikmatlar ham Konfutsiy shogirdlarining ustoz haqidagi xotiralaridan tashkil topgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Anaxarsis aytibdi”, degan falsafiy mulohazalar ham faqat falsafa uchungina emas, balki bizning adabiyotimiz tarixi uchun ham muallif merosi sifatida o‘ta qimmatlidir;

  1. Saklar davridagi adabiyot haqidagi tasavvurlarimizni kengaytiradigan, kuchaytiradigan yana bir manba – xitoylik mualliflarning qo‘lyozmalaridir. Xitoy qo‘lyozmalarida ham sak, xunn, uysun qabilalariga doir ozmi-ko‘pmi ma’lumotlar saqlanadi. Shular ichida adabiyot tarixi uchun bevosita aloqador bo‘lgan, xitoy tilida yozilgan adabiyot namunalari bor. Bu namunalarni tarixchilar tarixiy fakt sifatida asarlarida allaqachon yoritgan bo‘lsalar-da, ular adabiyotchilarning tahlil doirasiga tortilganicha yo‘q.

Eramizdan avvalgi X asrda yashab o‘tgan xitoy sayohatchisi Mu Tiyanzi qalamiga mansub “Mu Tiyanzining tarjimai holi” deb nomlangan yozma manbada sak podshosi onasining ikkita she’ri saqlangan. Kitobda bu she’r “G‘arb podshosi onasining so‘zlari” deb sarlavhalangan ekan. Bu she’rlarni xitoy elchisi sak onasining og‘zidan yozib olgan. She’rlarning biriga “Oqcha bulut”, ikkinchisiga “Sak onaning ovozi”, deb nom qo‘yilgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, xitoy sayohatchisi saklar mamlakatiga Xitoy mamlakati foydasiga hal bo‘ladigan allaqanday bir taklif bilan kelgan, sak podshosining onasi esa shunga javob tarzida ushbu she’rni Xitoy podshosiga yo‘llagan ko‘rinadi. Birinchi she’r:

Oqcha bulut

Huv uzoqdan ko‘rinar tog‘ tizmalari,

Oqcha bulutlar, boshiga yurar qo‘nib.

Bizning qo‘nish, bilganga mustahkam yer,

Umr tilab, duomni aytay aniq:

Qovusharga kun bo‘lsin qayta o‘ralib!

Ikkinchi she’r boshqacha xayol olamiga yetaklaydi. U Xitoy podshosiga sak podshosi bildirayotgan rasmiy-siyosiy nuqtai nazar (pozitsiya)ning aksi o‘laroq jaranglaydi.

Sak onamning tovushi

Sening botish[1] tomoningdaman,

Yaralganman o‘sha tuproqdan.

Ov va qushlar, ming xil o‘simlik

Tuprog‘imning to‘shini yopgan.

Tangrimning xonchasiman,

Yor bo‘ladi Yaratgan.

G‘arq bo‘lguday joyim yo‘q,

Mizg‘imaydi bo‘sag‘am.

Chertildi to‘lqinli kuy,

Uyg‘otdi armonni.

Podshohim o‘g‘il suyib,

Unutdim yolg‘onni.

  1. Turkiy xalqlar orasida saqlangan qadimgi she’riyat namunalari ham bor. Lekin ularni keyingi paytlarda yaralganlaridan bo‘lib olish, ajratib ko‘rsatish qiyindan-qiyin ish. Uzoq yillardan beri, qaysi davrning mahsuli ekanligi noma’lum bo‘lib kelayotgan qo‘shiqlardan biri – Alp Er To‘nga haqidagi yo‘qlov. Bu yo‘qlov bizga Mahmud Qoshg‘ariy asaridan ma’lum. Shu sabablarga ko‘ra, bu yo‘qlov ancha paytgacha IX-XII asrlarda yaratilgan og‘zaki she’riyat namunasi hisoblanib keldi. Alp Er To‘nga haqidagi yo‘qlovni VIII-XII asrlarning og‘zaki she’riyatiga kiritgan Q. O‘mraliyevning o‘zi ham bu asarni o‘sha davrdan ancha ilgari paydo bo‘lgan, alohida bir asar ekanligini qayd etib, “turkiylarning ulug‘ xoqoni To‘nga alp er – Afrosiyob VII asrdan ilgariroq yashab o‘tgan deb qarab, yo‘qlovning o‘zini “ajoyib uslubga ega bo‘lgan chinakam shoirning yozgani”, degan o‘ta o‘rinli xulosaga keladi. A. Qirovboyeva Alp Er To‘nga haqidagi yo‘qlovga saklar zamoni adabiyotiga mansub asar sifatida qaraydi. M. Mirzaahmet o‘g‘li “Turon nega Turkiston deb ataldi?” degan maqolasida Yusuf Xos Hojib (Bolosog‘uniy)ning “Qutadg‘u bilik” asarini tahlil qilar ekan, Alp Er To‘nganing qanday qilib Afrosiyob degan nomni olgani, uning bu xil nomlanishi turk donishmandlari tomonidan qanday kuylangani borasida aytib o‘tadi.

Bulardan tashqari, xalq og‘zida aytilib yurgan, juda qadimiy davrlarga oid bo‘lgan ishonch-e’tiqodga doir qo‘shiqlarimiz bor. Ko‘p tangrilik dinidan ham avval paydo bo‘lgan, samoviy e’tiqodga aloqador sanalgan, undan ham burungi e’tiqod – har bir narsaning o‘z egasi bor, deb tan oladigan, miflar paydo bo‘lgan davrning belgilarini tashuvchi qo‘shiqlarimiz ham bor, misol uchun, bunga yangi oy chiqqanda aytiladigan duo, qurt chaqirish (duo o‘qib, hashoratlarni haydash), avrash (sannash) qo‘shiqlarining barchasi ham juda qadim zamonlarning mahsuli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Nima bo‘lmasin, bu qo‘shiqlar hali bugungi kunga qadar yetarli darajada tahlil qilib chiqilgani yo‘q.

A. Qirovboyevaning “Qadimgi adabiyot” deb nomlangan asarida Targ‘itoy haqidagi afsona bilan mazmundosh shunday xalq qo‘shig‘i bor:

Yovonda o‘sib turgan bir boyterak,

Zoti bor, butoq sayin jonga kerak.

Bolta, cho‘mich, turen va bo‘yintiriq,

Uchovin tanlab oldim bo‘lak-bo‘lak.

Mana shunga o‘xshash juda qadim zamonlardan beri davom etib, shakllanib kelgan, o‘zlaridagi eski zamonlar belgilarini birdan tanitadigan o‘lanlar, jumboqlar, maqol-matallar bizda yetarlicha topiladi. Ularning hammasini ham, eski zamonlardan qolgan adabiyot namunalari, deb qarash to‘g‘ri bo‘lvermasa kerak-u, ammo ularni tadqiq qilmasdan tashlab qo‘yish ham o‘rinli emas. Sababi, bizning barcha ma’naviy-ruhiy merosimiz, tariximiz yozma turda emas, balki og‘zaki turda shakllanib, saqlanib kelgan. Binobarin, necha asrlardan beri xalqlarimiz yodida saqlanib kelgan mana shularga o‘xshash she’riy satrlarning mazmuni ham, shakli ham, ma’no-mohiyati ham, tarixni o‘rganish borasida ahamiyati ham mavjud ekanligi shubhasizdir. Bolalar folkloriga oid bo‘lgan quyidagi satrlarni o‘qib chiqaylik:

 

Saq, saq bo‘ldim, saq bo‘ldim,

Sovutimga choq bo‘ldim.

Qulaparim bosimda,

Ko‘shk (otim) qoshimda.

Saqmonga solsang, tosh bo‘lay,

Soqolimga bosh bo‘lay.

 

Bu o‘lanlarni necha asrlardan beri qanchadan-qancha avlodlar aytib, davom ettirib kelganiniga aql bovar qilmaydi. So‘nggi davrlarning muhri bosilib, mazmuni ham, shakli ham o‘zgarishlarga uchragan bo‘lishi mumkin. Shularga qaramay, oltinning parchasi kabi qimmatli, qadimiy satrlar – qadimiy bir madaniyatning mahsuli ekanligi shubha uyg‘otmasa kerak.

Shulardan kelib chiqib, xulosa qiladigan bo‘lsak, turkiy xalqlarning barchasi uchun birday tegishli bo‘lgan o‘rtoq (o‘rtadagi) adabiyotimizni saklar davridan boshlashimiz – quruq taxminlarga asoslangan ishlar emas, balki muayyan dalillar ila o‘z isbotini topadigan haqiqat, zamon talabi, biz uchun esa burch va sharaf bo‘la oladigan vazifadir.

Adabiyotimizning qadimiy namunalari saklar davriga mansub yuqorida tilga olingan misollar bilangina cheklanib qolmaydi. Undan keyin tarix sahnasiga chiqqan xunnlar, uysunlar davrida ham o‘ziga xos adabiyot vujudga keldi. Bu adabiyot sonining oz yoki ko‘p bo‘lishiga, sifatining yuksak yoki past bo‘lishiga, qaysi bir tilda saqlanib qolganligiga qaramasdan, bizning davrlargacha yetib kelganligining o‘zi katta gap. Inchunun, bunday ma’naviy boyliklarimizni chetlab, nazardan soqit qilish ham yaxshi ish emas, ularni chetga surib qo‘yishga, tadbiq doirasiga tortmaslikka esa sira haqqimiz yo‘q.

 

Qozoq tilidan Muzaffar AHMAD tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

 


[1] Botish –  kun botadigan tomon, G‘arb.      

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.