“Turkcha aytmoqqa mohir erdi”

0
688
marta koʻrilgan.

Husayniy gʻazaliyoti XV asr oxiri XVI asrning boshlaridagi oʻzbek sheʼriyatida oʻziga xos sahifani tashkil etadi. Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida Husayn Boyqaro shoirlik mahorati, ijodiy merosining ayricha xususiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtgan: “Abulgʻozi Sulton Husayn Bahodirxon… oʻz sharif tabʼ va latif zehnlaridin dagʻi, agarchi ham forsiy demakka qodir va ham turkcha aytmoqqa mohir erdi, ammo asliy tabʼ iqtizosi va shoyeʼ takallum munosabati adosi bila turkiy devon tadvinigʻa mayl qildilar va dilpazir abyot va benazir gʻazaliyot tartib berdilar” Husayniy gʻazallari mavzusi, asosan, ishqiydir. Bunda shoir maʼshuqaning betakror chiroyi, lutfu nazokati, ishqning hayotbaxsh fayzi, oshiqning turli-tuman ruhiy kechinmalarini oʻziga xos va mos tarzda ifodalashga erishadi. Ayniqsa, badiiy tasvirda fikrning tadrijiy takomiliga jiddiy eʼtibor beradi. Natijada, har bir gʻazal oshiqning muayyan holatdagi ichki tuygʻularining ixcham, loʻnda badiiy ifodasidek koʻzga tashlanadi. Husayniy gʻazallarini kuzatsak, shoir deyarli barcha sheʼriy sanʼatlardan unumli foydalanganligini koʻramiz. Ayniqsa, tashbeh, tazod, tajnis, mubolagʻa, ruju sanʼatlari shoir gʻazallari musiqiyligi hamda poetikasi qudratini oshirishda alohida oʻrin tutadi.

Shoir tasvirlanayotgan narsa yoki hodisaning mohiyatini teranroq, chuqurroq ochib berish maqsadida ular oʻrtasidagi biron bir oʻxshash, monand jihatini qiyoslaydi. Natijada, tashbeh sanʼati sanʼatkorga oʻz mulohazalarini yorqin va oʻta taʼsirchan ifodalashda cheksiz imkoniyat beradi. Husayniy bir gʻazalida “jannat ravzasi ichida sarvu gul koʻrmoqchi boʻlsang, gulshanni kuyiga tushib, qad birla ruxsoriga boq” desa, quyidagi baytda butun bir oʻxshatish silsilasini yaratgan. Natijada, fikr gʻoyatda obrazli chiqqan.

 

Ikki qoshingning xayoli muttasil koʻnglimdadir,

Bir dilovardekki, solmish ikki yo qurbon aro.

Sarvu sunbul birla gul vasfidurur ul safhada,

Qaddu zulfu orazing yodi bila ochsam kitob[1].

 

Sheʼrshunoslar Sharq adabiyotida tashbehning toʻqqiz turi mavjudligini taʼkidlashadi. Shulardan uch xil tashbeh Husayniy gʻazallarida koʻp uchraydi.

  1. Tashbehi tafzil. Bunda shoir bir narsani oʻzgasiga oʻxshatadi, soʻng esa undan qaytib, oʻxshatilgan narsani oʻxshalgandan ustun qoʻyadi:[2]

 

Orazingni oy desam, ermas muvajjah, negakim,

Oyning ofatligʻ koʻzgu ruxsorai gulfomi yoʻq.

Gʻunchani ogʻzing desam, naylay aning guftori yoʻq,

Sarvni qadding desam, netay aning raftori yoʻq.[3]

 

Lirik qahramon yorining yuzini oyga oʻxshatay desa, iloji yoʻq, chunki oy nurining qaʼrida qora dogʻi bor. Maʼshuqaning qaddini sarvga qiyoslay desa, bunda ham mantiq zaif. Sarv maʼshuqadek xirom etib, oshiqni oʻziga rom qilolmaydi.

  1. Tashbehi muzmar. Bunda shoir bir narsani ikkinchi narsaga oʻxshatadi. Ammo, zohiran shunday ish tutadi, goʻyo uning maqsadi oʻxshatish emas, balki boshqa narsa. Haqiqatda esa fikrining zamirida oʻxshatish yotadi:[4]

 

Ul qadu hajridin oʻlsam, bezab gulbarg ila,

Tuprogʻimning boshi uzra sarv ekib, mayl aylagil.[5]

 

  1. Tashbehi moʻkad. Bunda oʻxshatilgan va oʻxshalgan narsa ega va kesim tarzida keladi. Shuning uchun bu oʻxshatish ham yopiq tashbeh sirasiga kiradi:

 

Xat binafsha, zulf sunbul, chashm nasrin, chehra gul,

Ne rayohin birla topmish zeb husning gulshani.[6]

 

Shoir oʻz sheʼrlarida oʻxshatishning butun bir silsilasini yaratishga muvaffaq boʻlgan. Bu holat Husayniy badiiy mahoratining alohida koʻzga tashlanib turadigan xislati hisoblanadi. Natijada, bir baytda, odamlar boshidagi soyabon bulut oshiq ohidan chiqqan tutunga oʻxshatilsa, ikkinchisida, maʼshuqaning labi – obi hayotga, laʼli badaxshonga, Iso nafasiga, nabotga, jannat chashmasiga, rizvonga oʻxshatilib, baytlarda rang-barang oʻta kuchli tasvir yaratiladi.

Husayniyning Mavlono Lutfiy gʻazaliga oʻxshatma tarzda, ustoz anʼanasini davom ettirib yaratgan mashhur “Ustina” radifli gʻazalida ham ajib bir lavha kuzatiladi:

 

Tishlari ustida har kim laʼlini koʻrgach dedi:

“Bargi guldurkim, tushubtur durri maknun ustina”.

Xolining har dam xayoli telba koʻnglumda erur,

Zogʻlar andogʻki gʻavgʻo qildi Majnun ustina.

Aytqay sarv uzra gul payvand qilmish bogʻbon,

Kimki koʻrsa orazing ul qaddi mavzun ustina.

Yangi oy aning samandi naʼlidan keldi nishon,

Ul quyosh raxshin magar sekretti gardun ustina.[7]

Sanʼatkor bir lavhaning oʻzida oʻxshatish, qiyos, tadrij, gʻulu sanʼatlaridan gʻoyatda mohirona foydalanib, lafzning izchilligiga, mantiqiy asoslanishiga erishgan. Sarvga gul payvand etilishi, yaʼni gulyuzli sarvqad yorni gul ulangan sarvga oʻxshatish, Husayniyga xos tasvir usulidir.

Husayniy lirikasida barakali qoʻllangan sanʼatlardan yana biri tazod sanʼati. Shoir ijodiy niyatidan kelib chiqib, bir-biriga zid tushunchalarni ifodalaydigan soʻz, birikma, baʼzan nomlarni qoʻllash orqali sheʼrda oʻziga xos fikr jozibadorligini yaratishga muyassar boʻladi, poetik yuksaklikka erishadi. Shuni ham aytish kerakki, ayrim hollarda zid tushunchalar bir-birini inkor etmaydi, balki zid tushuncha muxolif fikrni tasdiqlaydi. Masalan, yorning oʻqi (kiprigi) oshiq qalbini pora etsa, laʼli (labi) uni tiriltiradi. Husayniyning quyidagi baytlari bu fikrni quvvatlaydi:

 

Navbahor oʻldi ochilmas, vahki, ayshim gulbuni,

Gʻam xazoni yelidin sovruldi sabrim xirmani.

Bir achigʻ soʻz birla jonimni qilibsen talxkom,

Xasta jonimning iloji bir shakarxand aylagil.[8]

 

Tazodda qarama-qarshi qoʻyib tasdiqlash asosiy xislat. Yuqoridagi baytlarda oshiq navbahor kelsa ham, baxtim guli ochilmadi, bir achchiq soʻz bilan jonimni ogʻritding, endi bir shakarxand bilan uni xursand qil, demoqda. Demak, maʼshuqaning achchiq, dagʻal soʻzi oshiqni abgor etsa, shirin kalomi ruhini shod qiladi.

Husayn Mirzoning gʻazallarida tajnis sanʼatidan ham har xil munosabatlar bilan foydalanganligi, shoir gʻazallari leksik qatlamining boy va rang-barang ekanligini tasdiqlaydi. Quyidagi bayt “tajnisi xat”ga misol boʻlib, unda yozuvda bir xil, talaffuzda oʻzaro farq qiladigan “ayogʻ” soʻzi ikki maʼnoda ishlatilgan.

 

Chun Husayniy yuz ayogʻ xunob koʻzidan toʻkar,

Sen dagʻi yetkur ayogʻ bu chashmi giryon ustina.[9]

 

Husayn Boyqaro bir gʻazali maqtaʼida ham soʻz oʻyini qilib, tajnis sanʼatining ajoyib namunasini yaratadi:

 

Chun Husayniy tavba sindurdi, mugʻanniy tuz navo,

Ham “Husayniy” pardasida, soqiyo, sen boda suz!

 

Shoir birinchi misrada oʻz taxallusiga ishora qilayotgan boʻlsa, ikinchi bandda kuy nomini qoʻllab, tajnis sanʼatidan unumli foydalangan.

 

Furqatingda yoʻq edi, jismimda jon, jonimda tob,

Koʻzda xunob erdiyu gʻamgin koʻngilda pechu tob.

 

Baytdagi qofiya boʻlib kelgan soʻzlar, yaʼni birinchi misradagi “tob” soʻzi “harorat”, “issiqlik” maʼnosida, ikkinchi bandda esa, “pech” kalimasi bilan barga qoʻllanilib, “toʻlgʻonish” mazmunini ifodalagan. Bu misollar Husayniyning mohir soʻz sarrofi, sheʼrda faqat turkiycha tajnislarni qoʻllagan soʻz ustasi ekanligini koʻrsatadigan dalildir.

 

Husnigul JOʻRAYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

 


[1] Shoh va shoir. Husayn Boyqaro. Risola. Devon.  – Toshkent: Sharq, 1995. -B. 32.  

[2] Isʼhoqov Yo. Soʻz sanʼati soʻzligi. – Toshkent: Zarqalam, 2006. -B. 86.

[3] Shoh va shoir. Husayn Boyqaro. Risola. Devon. – Toshkent:  Sharq,   1995. -B. 73-74

[4]  Isʼhoqov Yo. Soʻz sanʼati soʻzligi. – Toshkent: Zarqalam, 2006. -B. 87

[5] Shoh va shoir. Husayn Boyqaro. Risola. Devon. – Toshkent: Sharq, 1995. -B. 40.

[6] Devoni Husayn Boyqaro. – Kobul: Az nashriyoti muassasai “Tabʼi kitob”,  1968. -B.190.   

[7]  OʻzR FA ShI. Qoʻlyozma, Inv № 1942. -B. 37.

[8] Oʻzr FA ShI. Qoʻlyozma. Inv № 6967.-B. 41a.

[9] OʻzR FA ShI. Qoʻlyozma, Inv № 6967. -B. 138a. 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.