Toshni tiriltirgan bitiklar

0
1875
marta koʻrilgan.

Sharq sivilizatsiyasi tarixi, jamiyatning maʼnaviy-maʼrifiy takomilida oʻtmishda yashab ijod etgan shoirlar, adabiyot ahlining xizmati katta boʻlgan. Turkiy, xususan, oʻzbek yozma adabiyotining yuzaga kelishi va rivojida Ikkinchi turk xoqonligi davrida yashab ijod etgan adib va tarixnavislar Toʻnyuquq hamda Yoʻllugʻ tiginning oʻrni beqiyos. Ushbu ijodkorlarni turkiy yozma adabiyotining, turkiy tarixnavislikning asoschilari desa boʻladi.

Bilga Toʻnyuquq – Ikkinchi turk xoqonligining barpo etiluvi va saltanatning mustahkamlanishiga munosib ulushini qoʻshgan davlat arbobi, shu bilan birga, ulugʻ faylasuf, tarixchi va oʻz davri adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, taniqli adib edi. U uch xoqon – Qutlugʻ (=Eltarish~Eltaris; hukmronlik davri 682–692 yillar), Boʻgu (=Qapgʻan~Qapagʻan; hukmronlik davri 692–716 yillar) hamda Bilga xoqon (hukmronlik davri 716–734 yillar)ning maslahatchisi va qoʻmondoni oʻtgan. “Oʻshanda kengashchi ham mening oʻzim edim, urushuvchisi ham men edim”, deya xotirlaydi bu toʻgʻrida muallif oʻz asarida. Ayniqsa, Qutlugʻ va Bilga xoqon taxtda ekanliklari chogʻida uning obroʻsi va mavqei baland boʻlgan. Toʻnyuquq Bilga xoqonning qaynotasi ham edi. Yozuvchi va tarixchi Yoʻllugʻ tigin Toʻnyuquqqa nevara boʻladi.

Toʻnyuquq turkiy yozma adabiyotning eng keksa namoyandasi, undan ilgari yashab ijod etgan turkiy ijodkor maʼlum emas.

Uning oti turkiy bitiglarda <n> yoki qoʻshaloq <ny> harflari bilan ikki xil yozilgan: TOʻNuQuQ hamda TOʻNYuQuQ. Harqalay, birinchi <n> harfi bilan yozilgani ham [ny] deb talaffuz etilgan boʻlishi kerak.

Toʻnyuquq ayrim xitoy manbalarida Tang sulolasi davrida oʻtgan atoqli davlat arboblari, ulugʻ donishmand va sarkardalar bilan teng qoʻyiladi. Uning otiga bilga sifatining qoʻshib aytilgani bejiz emas. Bilga soʻzining maʼnosi qadimgi turkiy tilda “dono, donishmand”: Bilga Toʻnyuquq – “donishmand Toʻnyuquq” degani. U yirik donishmand, xoqonlar kengashchisi, ulugʻ faylasuf boʻlgani uchun ana shu unvonni olgan.

Toʻnyuquq yurt tinchligi, mamlakat kuch-qudratini oshirish yoʻlida koʻp yaxshi ishlarning boshida turdi, mamlakat ozodligi, xoqonlikning tiklanishi va el yurt chegaralarining kengayishiga munosib ulushini qoʻshdi.

Tarixnavis va adib Toʻnyuquqning bir asari yetib kelgan. Asar fanda muallifning oti bilan yuritiladi. Toʻnyuquqning hayoti va qilgan ishlari oʻsha asarda yaxshi berilgan. Toʻnyuquq haqida oʻtmish manbalarida ham maʼlumotlar bor. Uni adib va tarixchi Yoʻllugʻ tigin ham Bilga xoqon xotirasiga oʻrnatilgan bitigida eslab oʻtadi. Kuli-choʻr bitigida Toʻnyuquqning oti ikki bor qayd etilgan. Yana oʻsha zamonning xitoycha manbalarida ham Toʻnyuquq haqida maʼlumotlar uchraydi. Mazkur manbalarda uning oti Yuan-shjen boʻlib, u Toʻnyuquq ismining xitoycha tarjimasidir.

Toʻnyuquqning tugʻilgan va oʻlgan yili maʼlum emas. Liu Mau-tsan xitoy manbalarini tahlil etar ekan, Toʻnyuquq 716 yili yetmish yoshlarda edi, degan fikrni bildiradi.

G. Klouson, L. Bazin uning ana shu fikriga tayanib, Toʻnyuquq 646–647 yillarda tugʻilgan, degan xulosaga kelgan.

Toʻnyuquq Tabgʻachda tugʻilib tarbiya topgan. Uning ota-onasi oʻsha yerga borib yashab qolgan turk zodagonlaridan boʻlishi kerak; yosh Toʻnyuquqning bilim olishga sharoiti yetarli boʻlgan.

Bolaligi toʻgʻrisida muallif oʻz asarida shunday yozadi: Bilga Toʻnyuquq-ben. Oʻzum Tabgʻach elinga qilintim. Turk boʻdun Tabgʻachqa koʻrur erti (Men Bilga Toʻnyuquqman. Oʻzim Tabgʻach yurtida tugʻildim. Turk xalqi Tabgʻachga qaram edi). Tabgʻachning ish yoʻrigʻiga koʻra, turk oʻgʻlonlari bu yerda tarbiyalanib, oʻz yurtiga rahbarlik ishlariga joʻnatilar edi. Yosh Toʻnyuquqqa ham shunday yoʻl tutildi. Lekin u otalar yurtiga kelib, Tabgʻachga xizmat qilish oʻrniga milliy ozodlik harakatlariga qoʻshilib ketdi.

Toʻnyuquq bitigi yonma-yon tiklangan ikkita toshga koʻk turk yozuvida yozilgan. Yodnoma 62 satrli boʻlib, uning 35 satri birinchi toshga, keyingi 27 satri esa ikkinchi toshga tepadan quyiga qarab bitilgan. Yodgorlik hozir ham oʻzining tiklangan joyida. Tevaragida koʻhna maqbara vayronalari, usti nuragan haykal va balballar, turli bezaklar ishlangan yirik-yirik tosh parchalari, ustunlarning tagliklari yotibdi. Vayronaning bir yogʻida, kunchiqarga biroz yurilsa, yaqin ikki yuz qadam chamasi qatorasiga yerdan chiqib qolgan turli koʻrinishdagi toshlarga, balbal va ustunlarga koʻzingiz tushadi. Maqbaraga kirish yoʻlagi shu yoqdan boʻlgan koʻrinadi. 1957 yili mazkur kompleksdan toʻrt qatorli matn parchasi ham topilgan. Toʻnyuquq yodgorlik kompleksi oʻz zamonida ulugʻ ziyoratgohlardan edi. Hozir esa uning xarobalari qolgan, xolos.

Toʻnyuquq yodgorlik kompleksi xoqonlik zamonidan qolgan boshqa yodgorliklardan ancha chetda. Kul tigin va Bilga xoqon qabrtoshlari tiklangan joy bilan bu yerning orasi 360 chaqirim. Sarkarda qarigan chogʻda davlat ishlaridan chetroq, tinch bir manzilni tanlagan boʻlsa ajabmas.

Yodnoma matnini muallifning oʻzi koʻzi tirikligida bitib, toshga yozdirib qoʻygan. Bu haqda matnning 58-qatorida: Turk Bilga qagʻan elinga bititdim ben Bilga Toʻnyuquq (Qudratli Bilga xoqon elida yozdirdim, men – Bilga Toʻnyuquq) degan soʻzlarni oʻqiymiz. Matn uning oʻz tilidan hikoya qilinadi. Biroq bitigning yozilgan sanasi-da aniq emas. Baʼzi bilim kishilari yodgorlik 712–716 yillar orasida, baʼzilar 720, boshqa birlari 725–726 yillarda bitilgan, deya taxmin qiladilar. Hatto ushbu bitig Kul tigin bitigiga javob tariqasida bitilgan, degan qarashlar ham bor. Taniqli olim U. Sertkaya asarda aks etgan tarixiy voqealarni tahlil etib hamda matnni Kul tigin, Bilga xoqon bitiglari bilan tekstologik jihatdan oʻzaro chogʻishtirib, bitig birmuncha kech – Bilga xoqon taxtda ekanligi chogʻida (Turk Bilga qagʻan elinga bititdim jumlasini koʻzda tutgan holda), 732–734 yillar orasida yozilgan degan xulosaga keldi. Uning fikricha, Toʻnyuquq bu kezlar 85 yoshlarda edi.

Bitigda Toʻnyuquq oʻzining oʻsib ulgʻayishidan boshlab, Eltarish boshliq ulus ozodligi harakatlariga qoʻshilib, mamlakatni bosqinchilar zulmidan qutqarishi, oʻz qahramonliklari, mamlakat chegaralarini kengaytirish, yurt erki, ulus tinchligi va farovonligi yoʻlida olib borgan kurashlarini, ezgu ishlarini hikoya qiladi. Unda xoqonlik tarixi yaxshi yoritilgan. Muhimi shundaki, tarix bayoni oddiy emas: muallif koʻrgan-kechirganlarini, oʻzi qatnashgan buyuk ishlarni taʼrif etmaklik uchun turkiy tilning boy imkoniyatlaridan, xalq maqollari, turli badiiy vositalardan unumli foydalangan. Uslub yuksak balogʻat darajasida, oʻta chiroyli. Bu belgilari matnning badiiyligini taʼminlaydi. Bunday uslubning tanlanishiga sabab asarni oʻqishli qilish, uning badiiy-estetik taʼsirini oshirish edi. Shuning uchun bitigni tarixiy-badiiy asar sifatida oʻrganish oʻrinlidir.

Bitigda Toʻnyuquq qoʻrqmas bahodir, ulugʻ yoʻlboshchi sifatida gavdalanadi. Buni Yaris dashtida kechgan janglar taʼrifida ochiq kuzatamiz. Yov sirini bilib kelgan kuzatuvchining “Yaris dashtida oʻn tuman [yuz ming] qoʻshin terildi” degan xabarini eshitib, beklar yoppasiga ortga qaytishni xayol qildilar. Lekin Toʻnyuquq: “Altun yishni oshib keldik, Ertish oʻguzni kechib keldik. Kelgani alp deganlar. (Yov bizni) tuymadi. Tangri Umay, muqaddas yer-suv bosib bergan, shekilli, nega tezamiz (yovni) koʻp deya, nega qoʻrqamiz (oʻzimizni) oz deya? Qani, bosaylik, jangga kiraylik”, deya ularni toʻxtatib qoldi, qoʻshinning ruhini koʻtardi. Toʻnyuquq aytganiday boʻldi, jangda yov yengildi. Ikkinchi kun keldi, oʻtday qizib keldi. Yovning ikki qanoti yarimcha ortiq edi. Shunday esa-da, yov magʻlub boʻldi. Oʻsha xabarni eshitib, oʻn oʻq beklari, xalqi yoppasiga bosh egib keldi.

Bitig oxirlagan sayin yozuvchining koʻzlagan maqsadi ochiq-oydin koʻzga tashlana boradi; xoqonlik tarixidagi yutuqlarning boshida xoqon bilan bir safda Toʻnyuquq ham turganiga alohida urgʻu beriladi. Bitigda aytiluvicha, Eltarish xoqon allomasi bilan boʻlgani uchun, bahodiri bilan boʻlgani uchun qoʻshni ellarga cherig tortib, mamlakatni kengaytirdi, zafar qozondi. “Eltarish xoqonga, turk Boʻgu xoqonga, turk Bilga xoqonga tun uxlamayin, kunduz oʻtirmayin, qizil qonimni tugatib, qora terim yugurtib, mehnatimni, kuchimni berdim” (qizil qanim tukati, qara terim yugurti, isig-kuchig bertim), deya urgʻulaydi muallif.

Asar qahramonining alplarcha kurashi “Bosadigan yovni poymol qilgʻuchi edim”, deya taʼriflanadi. Boshqa bir oʻrinda u yurt jonkuyari ekanligini taʼkidlab: “Bu turk xalqiga yaroqli yovni yoʻlatmadim, (uning) yalovli otini yugurtirmadim”, deydi. “Qay yerdagi xoqonli xalqning mening singari alpi bor ersa, uning ne qaygʻusi boʻlardi”, deya yakunlanadi eposlarga xos bayon.

Alohida taʼkidlanuvicha, Eltarish xoqon va Toʻnyuquq yelkama-yelka turib zafar quchmaganlarida ulus ozodlikka erishmagan, saltanat tiklanmagan boʻlardi. “Eltarish xoqon zafar qozonmaganida, uning bilan mening oʻzim zafar qozonmaganimda, yurt ham, xalq ham yoʻq boʻlar edi. (Xoqon) zafar qozongani uchun, mening hushyorligim, zafar qozonganim uchun, el ham el boʻldi, xalq ham xalq boʻldi”, deyiladi bitigda.

Bu soʻzlar qayta-qayta taʼkidlanadi: “Eltarish xoqon zafar qozonmaganida, yoʻq boʻlganida, men oʻzim bilga Toʻnyuquq zafar qozonmaganimda, men boʻlmaganimda, Qapagʻan xoqon turk sir xalqi yerida boʻy ham, xalq ham, kishi ham ega boʻlmas edi”. Ushbu qaytariqlarning oʻziga yarasha badiiy-estetik vazifasi bor: undan murod ana shu tarixiy haqiqatga oʻquvchi eʼtiborini jiddiyroq qaratish, asarning gʻoyaviy taʼsirini oshirishdir.

 

* * *

Ikkinchi turk xoqonligi davrida (VIII yuzyillikning birinchi yarmi) yashab ijod etgan tarixnavis, koʻk turk yozma adabiyotining yirik namoyandalaridan yana biri Yoʻllugʻ tigindir. Koʻk turk obidalarini nashr ettirgan olimlar transkripsiyada uning otini Yoʻligʻ~Yoʻlugʻ~Yoʻllugʻ~Yulugʻ shakllarida beradilar. Bitiglarda uning oti ikki xil yozilgan: YOʻLGʻTIGN va YOʻLLGʻTIGN. Keyingi qoʻshaloq <ll> bilan yozilgan shaklini koʻzda tutib, uning otini Yoʻllugʻ tigin shaklida oʻqigan maʼqul. Bu ism tarkibidagi yoʻllugʻ – “yoʻli oydin; yoʻli yorugʻ”, tigin esa “shahzoda” anglamidadir.

Tarixnavis va adib Yoʻllugʻ tiginning ikki bitigi maʼlum: ikkovi Ikkinchi turk xoqonligʻining asoschisi Eltarishning oʻgʻillari xotirasiga tiklangan mangutoshlarda. Biri Eltarishning kichik oʻgʻli, sarkarda Kul tigin (=Koʻl tigin), ikkinchisi katta oʻgʻli Bilga xoqon bitigidir. Mangutoshlar Moʻgʻulistonning Kosho Saydam vodiysida Koʻkshin-Urxun daryosining yaqinida, biri-biridan bir chaqirim uzoqliqda, oʻzining oʻrnatilgan joyidan topilgan. Hozirgi chogʻda Kul tigin bitigi tiklangan oʻrnida, Bilga xoqon bitigi esa ancha uringani uchun boshqa bir yerga eltib qoʻyilgan.

Bilga xoqon bitigida Yoʻllugʻ tigin xoqonni “otam xoqon” (qangim qagʻan) deya tilga olgan: Qangim qagʻan it yil oʻnunch ay alti oʻtuzqa ucha bardi (Otam xoqon it yili oʻninchi oyning yigirma oltisida oʻldi). Yoki boshqa bir oʻrinda Qangim turk Bilga qagʻan oʻlurtuqinta (Otam qudratli Bilga xoqon (taxtda) oʻtirganda) degan jumlani ham oʻqiymiz. U. Sertkaya matndagi ana shu qaydlarni koʻzda tutib, Yoʻllugʻ tigin Bilga xoqonning oʻgʻli boʻlgan, degan mulohazani bildiradi. Uning fikricha, yozuvchining otiga qoʻshilayotgan tigin soʻzi ham shuni anglatadi.

Qizigʻi shundaki, Kul tigin bitigida Yoʻllugʻ tigin oʻzini Kul tigin atisi deb taʼkidlaydi: bitigning soʻnggi satrlarida Kul tigin atisi Yoʻllugʻ tigin bitidim, deb yozgan. Bu soʻzni otasi Bilga xoqonga oʻrnatilgan bitigda ham qoʻllagan: qagʻan atisi Yoʻllugʻ tigin. Muzkur bitiglardagi ati soʻzini olimlar “nevara” yoki “jiyan” deb tarjima qiladilar. Holbuki, muallif matnda Bilga xoqonni “otam xoqon” deya atagani nazarda tutilsa, u biryoʻla ham Kul tiginning, ham Bilga xoqonning jiyani boʻla olmaydi. Shuning uchun ham bitiglardagi ati soʻzi “jigar, qadrdon” deb tushunilgani maʼqul. Oʻzbeklarda “yaqin kishi”ni, “qadrdon”ni jigar deyiladi. Bitiglardagi ati soʻzi ham ana shu maʼnoda kechgan: Kul tiginning jigari Yoʻllugʻ tigin; (Bilga) xoqonning jigari Yoʻllugʻ tigin.

Sarkarda Kul tigin 731 yilning 27 fevralida oʻlgan. Bu xususda bitigda: Kul tigin qoʻn yilqa yiti yigirmika uchdi. Toʻquzunch ay yiti oʻtuzqa yoʻgʻ erturtimiz (Kul tigin qoʻy yilida, oʻn yettinchi kuni oʻldi. Toʻqqizinchi oy(ning) yigirma yettisida azasini oʻtkazdik), deb yozilgan. Lekin bitigtosh va maqbara kompleksi keyinroq – 732 yilning 21 avgustida tugallangan: Barqin bedizin bitigtashi[n] bichin yilqa yitinch ay yiti oʻtuzqa qoʻp alqdimiz (Binosini, naqshini, bitigtoshini maymun yilida, yettinchi oyning yigirma yettisida butunlay tugatdik), deyilgan bitigning yakunida muallif tilidan.

Bilga hoqon oʻlimining sanasi – 734 yil noyabrining 25 kuni: (Bilga) qagʻan it yil oʻnunch ay alti oʻtuzqa ucha bardi (Xoqon it yili oʻninchi oyining yigirma oltisida oʻldi). Bitigtoshining tiklangan vaqti nomaʼlum. Lekin Yoʻllugʻ tigin uni 34 kun oʻtirib toshga yozdirganini taʼkidlaydi: Buncha barqigʻ bedizig uzugʻ… qagʻan atisi Yoʻllugʻ tigin men ay artuqi toʻrt kun oʻlurup bitidim, bediztim (Bunday imoratni, naqshni, sanʼat yodgorligini… xoqon jigari Yoʻllugʻ tigin, men bir oyu toʻrt kun oʻtirib yozdim, naqshladim). Yana matnda yoʻgʻ marosimining oʻtkazilgan sanasi ham qayd etilgan: Lagʻzin yil bishinch ay yiti oʻtuzqa yoʻgʻ erturtim (Toʻngʻiz yili, beshinchi oyning yigirma yettisida (=735 yil, 22 iyun) yoʻgʻ qildirdim). Shunga koʻra, bitigtosh 735 yili tiklangani oydinlashadi.

Yoʻllugʻ tigin amakisi Kul tiginga atab yozilgan bitigni otasi Bilga xoqonning topshirigʻi boʻyicha bitgan. Harqalay, bitig matnini xoqonning oʻzi aytib turgan boʻlishi kerak. Oradan ikki yil oʻtgach, Bilga xoqon ham oʻldi. Yoʻllugʻ tigin endi otasi xoqonning xotirasiga atab bitig yozishga kirishdi. U amakisiga atalgan avvalgi bitigdan xoqonning el-ulusga aytgan soʻzlarini, murojaatini olib, keyingi bitigga ham kiritdi. Shuning uchun ham ikkala bitigning katta bir boʻlagi bir xil, ular xoqon tilidan beriladi. Lekin keyingi bitig bitilayotganda xoqonning soʻzlari ancha tahrir qilingan.

Diqqatga loyiq yeri shundaki, ikkala yodnomada matnning asosiy qismi muallif Yoʻllugʻ tilidan emas, uning otasi Bilga xoqon tilidan hikoya qilinadi. Boisi, bitiglarda turk xoqonining oʻz eliga murojaati, chaqirigʻi bitilgan. Xoqon butun turk ulusini, kelajak avlodni oʻz soʻzlariga quloq tutmoqqa undaydi: “Soʻzimni tugal eshitgil, keyinimdagi ini, jiyanim, oʻgʻillarim, ittifoq, urugʻim, xalqim, oʻngdagi shadapit beklar, soʻldagi tarxonlar, buyruq beklar, oʻttiz… toʻqqiz oʻgʻuz beklari, xalqi, bu soʻzlarimni yaxshilab eshit, diqqat bilan tingla”. Matn boʻylab bu chaqiriq kuchli tus oladi. Xoqon turk ulusini birlashishga, tinch-totuvlikka, otalar zahmat ila qoʻlga kiritgan ozodlikni asrab, oʻz elini saqlashga chaqiradi. Oʻtmishni eslatib, undan saboq oʻrganish, yov hiylalaridan hushyor boʻlishga undaydi. Ulugʻ yoʻlboshchi eliga qarata: “Bu xoqoningdan, bu beklaringdan, yeringdan, suvingdan ayrilmasang, turk xalqi, oʻzing ezgulik koʻrajaksan, uyingga kirajaksan, betashvish boʻlajaksan”, deya xitob qiladi. Bitiglarning bosh gʻoyasi ham ana shular bilan belgilanadi. Bilga xoqonning butun turkiy ulusga murojaati, oʻz navbatida, oʻsha kezlar turkiy qavmlar orasida umumiy adabiy til amal qilganidan dalolatdir.

Shu oʻrinda yana bir mulohazani aytish oʻrinli: Urxun bitiglari, xususan, Kul tigin va Bilga xoqon yodnomalarining tuzilishi oʻta murakkab. Ularning tuzilishi va uslubi qadimgi turk monumental matn tuzish anʼanasi yuksak darajada takomil topganidan belgi berib turadi. Matnning bayon shakliga kelsak, asosan nasrda. Biroq ora-orada sheʼriy oʻrinlar ham bor. Muhim tarixiy voqealarning kulminatsion nuqtalari, qahramonlar faoliyatining taʼrifi, ayrim tasvirlar sheʼrda. Shuningdek, matn orasida marsiya ham bor. Bu jihatdan bitiglarning tuzilishi xalq dostonlariga oʻxshab ketadi.

Kul tigin va Bilga xoqon yodnomalari xoqon va ulugʻ sarkardalar xotirasiga oʻrnatilgan oddiy bitiglar emas. U ulugʻ yoʻlboshchining butun turkiy ulusga, kelajak oʻgʻil-qizlarga murojaati, oʻgitlari, sabogʻi edi. Ushbu qabrtoshlar tiklangan manzilni ulus muqaddas bilib, u yerni ziyorat qilgan, ulugʻ xoqon, milliy qahramonlarga oʻz hurmatini bildirgan. Bitiglarni oʻqib, ulardan saboq olgan.

 

Qosimjon SODIQOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.