“Tong yoqasi”da yoxud mangu yosh shoir rivoyati…

0
24
marta ko‘rilgan.

 (Yigirma yoshlik shoir kitobiga yigirma yildan keyin nimadir demoq)

 

Emishki, Tangri Odamning musibat yomg‘iru qorlaridan to‘kilaverganini ko‘rib, uning zuvalasida o‘zi qo‘shib yaratgan ujmohdagi jununvash yorug‘likni – ajabtovur fe’lni dardiga davo maqomida Yerga indirdi. Balki yerdan chiqardi, bu yog‘i endi bizga qorong‘u. Ishqilib, o‘sha fe’l ustuvor bandasi beshikdaligidayoq go‘zal chehrani ko‘rsa g‘ilmonmonand hislari jo‘shib, sevgi izhor qilar, onasiga qo‘lini uzatib bog‘ni, dalani ko‘rsatar, gulga uzoq termulib qolar, shodlanib nimalardir deb yuborar, qalbi tug‘yonga to‘lib dengiz kabi mavjlanib ketardi. Uning bu alomati kun sayin avjlanib, uch-to‘rtida ajib ma’sum harakatlar qiladigan, bo‘ldi yetti-sakkizida o‘spirinlikdan hatlab balog‘atga yetdi. O‘n to‘rt-o‘n beshida endi aqli ham kamolotning eng cho‘qqisi-la bo‘ylashib, shunaqa bir munavvar o‘lan desa degulik aytimlar tilidan uchadigan bo‘ldiki, dardi shirinligidan qavmi mast bo‘lar, rosti achchiqligidan mardumning basirat ko‘zi ochilib ketar edi. Xullas, Tangri unga bergan bu iqtidor onlari – ilhomi g‘alayon qilganida u chunon quvvat sarf qilganiga qaramay vaqt to‘xtab qolar, qarimas edi. Ajabtovuri, u aytimini boshlashi bilan karomat hol yuz berar: hayvonot va nabotot olami butunlay boshqa xilqatga, qadrdon odamlar huru g‘ulmonga evrilar, nigohlarda olam go‘zal bir ravzaning bo‘lagidek, dardlar olislarga chekinar, alvon-alvon rangda bulutlar sutday oydin tun, yulduzlar shu’lasi yerning ko‘nglini yoritib, eng og‘ir, ayanchli g‘amlarga giriftor bo‘lib yurganlar ham masrur bir kayfiyatda g‘amini unutar, yo eng omadliman deb yurgan kimsa-da asl haqiqatdan xabar topib, ulug‘ bir g‘amga botar edi.

Xaloyiq unga shoir degan rutba-nom berdi. U bir umr zohiran ham qalbiday o‘n besh, o‘n olti yoshida qoldi. Dunyodan ketarida ham shunday hur, shunday bokira, hislariga dog‘ tushmagan, tuyg‘ulariga gard yuqmagan edi. Dunyoni pok, odamni ma’sum, mehrni mushfiq ona, sevgini ilohning nuri, sevgilini qalbning shafoatgo‘yi kabi bildi. Kuylab-bo‘zlab, bu dunyodan unisiga o‘tdi. Bundan ham g‘aroyibi o‘sha yosh shoir ko‘nglini Qiyomat qadar bizning dunyomizga meros, aytimchilarga vasiyat, ziynat va taskin qilib qoldirib ketdi…

Dostonchi bobom “Mangu yosh shoir” rivoyatini ham goh-gohida ana shunday boshlab qolardi… Emishki…

 

Mashrab va Rembo

Xotiramda anchadan buyon farang shoiri Artyur Remboning shov-shuvli ma’sum va badbin hayoti yashaydi. Ochig‘i, uning jismoniy hayoti la’natlashdan ham tubanroqdir. Lekin insonni hech vaqt inson qoralashga, ayblashga, gunohkor sanashga haqqi yo‘q! U o‘ziniki bilmaydi, boshqani qayoqdan bilsin; o‘ziniki gunohdan tiya olmas ekan, qanday qilib boshqani gunohkor, buzg‘unchi, badkor-badbin deya oladi? Ozgina aqli-farosati bor odam bundan andisha qiladi.

Artyurni dunyoni hayratga solgan xazinasi, dunyoni dunyoga yoniq va go‘zal qilib ko‘rsatgan karomati SHE’RIYATIdir. Uning 16-19 yosh orasida jo‘sh urib, qalbidan to‘kilgan g‘aroyib, ko‘lvor she’rlari betimsol bir yetuklik kasb etib, o‘z idroki ila dunyoning qaytadan kashfi bo‘ldi. Remboning fitratidan taralgan mastona musaffolik ko‘ngilni jannat sari boshlab, nazarkardalik bilan, o‘quvchini soflab, behad hayratlantiradi. Bu uning badiiy olami karomati. Jumladan, uning “Sarxush kema”siga tushgan, poklik va tiniqlikning teran ummonida moddiyat hech qachon daxl qilmas ma’naviy injular topadi. Go‘zallik olami sayohatida tasavvurlari hududini kengaytiradi va ko‘rkamlashtiradi. Yoniq, yosh, go‘zal, bokira ana shu tuyg‘ular manzarasi, hislar hayoti, fikrlarning favqulodda tirik va teranligi hamon taxayyul olamidan mujdalar berib, orziqtiradi. Aql bovar qilmas toza va musaffo hislarni uyg‘otib, odamzotning nekbin va hursifatligiga ishonchni mustahkamlaydi. Isyonkorligi va dalliligi bilan chirkinliklarga bosh egmas ruh siymosi bo‘lib, ruhiyatlarga quvvat beradi. Ana shu bir onlik hur xayollari bois uni G‘arbning Mashrabi deb bildim. Holbuki, butun hayoti isboti ila Mashrab osmon bo‘lsa, u Yercha tubanlikda, Yer qadar Mashrabdan olislikda…

Zero, Rembo ham bu xoslar, go‘zal xayollarni sevarlar olamida juda kam istiqomat qildi, ehtimol, uning chinakam baxti bu olamda harqalay yashagani, hatto garttak jannat isini tuyganida edi. Avom ko‘ngillar esa bu olamni juda keraksiz, xomxayol va dumbul; fuqarolarini devonalar deb hisoblab, yaqiniga yo‘lashni-da istamaslar. Shuning uchun ham ko‘ngliga oshuftalarni xayolparast, qushlar qavmi deya – shoirlar ustidan kulib, gadoylar kabi so‘z ahlidan, ishq qavmidan hazar qilishadi… Bu jannatni uch yil o‘tmay turib, Remboning o‘zi ham tashlagan, undan tobora uzoqqa – jahannamga chopgan, yana shuncha yil yashab, qayta qo‘liga qalam olmagan edi. Lekin alal-oqibat 37 yoshida bedavo xastalikka yo‘liqib, o‘limi oldidan yana she’riyatni qattiq sog‘inganini his qiladi…

 

* * *

Javonimda qay bir fikrga dalil kerak bo‘libmi “P” harfi qatorida turgan kitoblarni o‘ngdan chapga o‘tkazar ekanman, bir kitobchaga ko‘zim tushib, maqsadim esimdan chiqib ketdi. Bektemir Pirnafasov. Tong yoqasi. She’rlar. 1996 yil.

“Yosh shoir” sifati ko‘pincha ijodkorning adabiyotdagi “yoshi”ga qarab qo‘llaniladi. Lekin Bektemir haqiqatdan ham yosh, u ilk kitobi “Tong yoqasi” ni yigirma bir yoshda e’lon qildirdi. Yigirma yashar yigitning zalvorli so‘zlarini o‘qiymiz, bu so‘zlar tajribasiz bir ijodkornikidan tafovut qiladi. Demak, shoir nazmdagi o‘z so‘qmog‘ini allaqachon topgan” (Bahrom Ro‘zi Muhammad. “Daxlsizlik huquqi” maqolasidan, 1997 yil).

Demak, Bektemir ham naq Artyurday suyagi qotib ulgurmagan o‘spirin holida o‘zidan bir muchal yoshulli she’riyat vakili tomonidan e’tirof bilan qarshi olingan. Shu bir bosma taboqli kitobcha munosabati bilan Bahrom Ro‘zi Muhammad shu hajmi mitti kitobcha turtki berib, yangilanayotgan dunyo she’riyatiga nazar soladi.

“Tong yoqasi”da tong yoqasiga chiqib umidlanganimizga ham yigirma yil bo‘lyapti. Adabiy muhitda birdan tan olingan yosh shoir o‘shandan keyin vaqtli nashrlarda, bayozlarda yangi she’rlari bilan juda siyrak ko‘rindi. “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi”da tengdoshlaridan faqat uning she’rlari kiritilganiga qaramay shu yigirma yil orasida boshqa alohida kitobi yorug‘lik yuzini ko‘rmadi. Biz bu bilan uning iste’dodi so‘ndi yo avji pasaydi demoqchi emasmiz. Lekin ma’naviy hayotning dalillari o‘jar, iste’dodga yarasha ishonchni oqlamoq, fidoyilik talabi ham shafaq qadar yuksak bo‘ladi… Shu yigirma yil orasida she’riyat olamida qanaqa taloto‘plar, ne bir yo‘qotishlar bo‘lmadi, deysiz. Yana qaytaramiz, bugungi badiiyatga rag‘bati susaygan, ma’naviy ochlik kuchaygan ochunda shoirning botini nafsning bosqinidan qanday holdaligidan ko‘pincha omma bexabar qoladi… Shoir ham odam axir, unga ham moddiyan ikkita umr berilmagan…

Taxminlarni qo‘y, naqddan gapir deng!..

Menga “Tong yoqasi” muallifining o‘shandagi u-bu zohiriy-botiniy holati bir qadar ma’lum… Bir adabiyotchi domlamiz yozadi: “Odatda Usmon Nosir to‘g‘risida so‘z borganda, tug‘ma talant, degan ifoda tez-tez tilga olinadi. Lekin Usmonning Qo‘qondalik yillarida yozgan she’rlarida ham, Samarqand yulduzlari ostida tug‘ilgan aksar she’rlarida ham tug‘ma talantning nishonalari ko‘rinmaydi” (N. Karimov. “Usmon Nosir” risolasi qo‘lyozmasi, 91 b.). Menimcha, boshidanoq iste’dod namoyandasining yozganlarida tug‘ma iqtidor nishonalari bo‘ladi, keyin u sharoit, muhit, ilm, tajriba, mahorat, mehnat va fidoyilik bilan yarq etib yuzaga chiqadi yoki aksincha. Baribir bosh-avvaldan shoirona iste’dod birinchi belgi, usiz qolgan hamma harakatlar bo‘lgani bilan ham qalamkash chinakamiga marg‘ub asarlar yaratolmaydi. Iste’dod bo‘la turib, yozishga ulgurish va ulgurmaslik esa boshqa masala.

 

Voqealar rivoji

Birinchi voqea (Shoira va adiba Salima Umarova hikoyasi).

“Karmana tumani gazetasida ishlayman. Jaloyir qishlog‘idan bir xat keldi. Katak daftarning qog‘ozida qisqa-qisqa, lekin teran ifodalangan fikrlar yo‘llangan edi. Ular odatiy xabarlardan farq qilar, tabiatni kuzatish va solishtirishdan tug‘ilgan chiroyli va ohorli sochmalar; hayotiyligidan tashqari, yana sehrlovchan lirik nimasidir bor edi… Men bu sochmalarni ellik yoshdan oshgan, tajribasi yetarli, qishloqda istiqomat qiladigan dehqon-muallim yozgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim va gazetaga berib yubordim. Chop etilgach, kunlardan bir kuni tahririyatga tortinib bir o‘spirin kirib keldi.

– Ha, bolam? – 15 yoshlardagi yigitchaga qaradim.

– Men Bektemir Pirnafasov edim.

Endi men bir oz shoshib qoldim…”

Zarafshon daryosining Sarmish tog‘i tomonidagi Kavobi qishlog‘ida tug‘ilgan Bektemir, otasining bevaqt qazosidan keyin daryoning Qizbibi tog‘i tomonida joylashgan Jaloyir qishlog‘iga tog‘asini qora tortib ko‘chib kelishadi. Oilaning to‘rtinchi farzandi Bektemir o‘shanda sakkizinchimi, to‘qqizinchi sinfida o‘qirdi.

Sochmalar voqeasidan keyin Karmana tumani gazetiga tez-tez boradigan bo‘ladi. Tahririyatdagi Odil aka Hotamov, Salima opa Umarova va boshqalarning ta’sirida inson va ijodkor sifatida yana ham tez ulg‘ayadi. Aslida bular sabab. Iste’dod tez ta’sirchan, o‘zlashtirishga boshqalardan ko‘ra qobil va shiddatliroq, o‘zida ham boshqalarda ko‘rinmagan alomat va o‘zgacha hollar bor bir zuvala. Birinchi navbatda hayotning o‘zi quvonchli va iztirobli tashvishlari bilan oziq va ashyo beradi, ulg‘aytiradi. Ammo xayrixoh ustozsiz uning holi juda murakkab kechadi. Har kim to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi ustozga va himoyaga, ayniqsa, umrining tongotarida muhtoj bo‘ladi.

Ikkinchi voqea. Shu ustozlardan biri aytgan chiqar, Toshkentdan qishloqqa kelganimdan Bektemir xabar topibdi. Ungacha men ham u haqida eshitgan edim. 1991 yilning qish fasli ekani aniq, kun ochiq kunda u velosiped minib bolaligim kechgan hovlimizga tanishmoqchi bo‘lib kirib kelgan edi. Negadir o‘sha uchrashuv xotiramda uyg‘onsa, hovlimiz qishloqning kunchiqar tomoni eng chekkasida joylashgan edi: shudgorlangan dala osha, qori ketmagan oqishtob Nurota tog‘lari tomonga yaqin qish oftobiga goh ko‘z tashlab, badani ko‘k tollar ostida, qizg‘ish va go‘zal kunchiqar shafag‘i ham nazarimizdan qochmay anchagina gurunglashganmiz uyga kirganimizcha ham. Menga o‘shanda uning birinchi fazilati dadil va jur’atliligi bo‘lib ko‘ringan. O‘n yetti yoshli yigitchaning so‘zlari xotirjam va jo‘yali, jo‘nlikdan xoli, tengdoshlarinikidan farqli o‘laroq qaytariq so‘rovlar emasdi.

Shundan men adabiyot, qolaversa, hayot haqida aqli va shuurini ishga solib, hamma narsada yangilik ko‘radigan bir o‘spirin do‘st topdim. Bizni adabiyot va haqiqatga tashnalik ma’rifati birodarlashtirdi. Keyin u “Tong yoqasi”ning nashr etilishigacha bor-yo‘g‘i besh yilni juda shiddatli, barakali, qaltis, murakkab, favqulodda yashadi. Men biridan xabardor bo‘lsam, o‘nidan g‘ofilman…

Uchinchi voqea. Maktabni bitiriboq, universitetga kirdi. Anchadan buyon esa Toshkent adabiy muhitining haqiqiy markazlaridan biri esa ToshDUning jurnalistika, filologiya fakultetlari bo‘lib keladi. Yangi she’riyat, bahslar, munozaralar, hech kimni tan olmay, hech kimga qo‘l bermay, dunyo adabiyoti o‘rganish va targ‘ib qilishning uch burchagi bo‘lgan bu dargoh kuni kechagacha. Adabiy “izm”lar va urflar ham shu yerda birinchi bo‘lib bayrog‘ini ko‘tarardi.

To‘rtinchi voqea.”Yoshlik” jurnalida nasibamni terib yurardim. Bir kuni yosh shoir kursdoshi shoira qiz bilan tahririyatga kirib keldi. Menga ular yoshlik shijoatiday ko‘rindi. Bu faslda odam mangu yashaydigandek juda beg‘ubor, betaktor tuyg‘ular bilan nafas oladi. Ojizlikni zarracha ham tan olmaydi. Ko‘p o‘tmay uning “Nigohingni chayib ol, kursdosh qiz” satri yonib turgan she’riga ko‘zim tushdi…

Beshinchi voqea. Shoir go‘zal haqiqatgo‘y. Uning jim turishi o‘ziga, o‘zligiga xiyonat. Haqiqatchi esa shunga yarasha haqqini oladi… Hamishagidek o‘sha yillardagi talabalar davrasi fikrlarining hammasiga ham qo‘shilavermaslik tabiiy, ammo yoniq va ayovsizligiga havasingiz kelmasligi mumkin emas. Shunday nafis majlislarning birida mashhur shoiraga haqiqat yuzasidan ikki-uch berilgan savollar haddan shakkok tuyulib, maddohani shoshirib qo‘yganlar ertasi kuni universitet talabalari ro‘yxatidan o‘chiriladi. Ular orasida Bektemir ham bor edi.

Albatta, ular nohaq ayblangan, ammo haqiqat qaror topib, o‘qishlari tiklangunicha oradan ikki yil o‘tadi.

Oltinchi voqea. Uning o‘qishi tiklanib, yana Ibrohim G‘afurovdek adib va buyuk tarjimon asos solgan “Milliy tiklanish” gazetiga ishga joylashdi.

Yettinchi voqea. 1994 yili Bektemirning bitiklaridan bir turkumini tepasiga ikki og‘iz so‘z ham yozib, adabiy jurnallarimizning oqsoqoli “Sharq yulduzi”ga taqdim etdim. “Hali bo‘sh joy ko‘p sukunatda” deb atalgan turkumi tez nashr etildi, faqat mening ikki og‘iz so‘zimsiz…

Sakkizinchi voqea. 1996 yili birinchi kitobi va keyingi yigirma yilda birgina to‘plami bo‘lib turgan jussasi juda ham oriq “Tong yoqasi” nashr etildi.

 

***

Birovlar kabi yillar davomida kutib emas, ana-mana deyishga ham ulgurmasdan shiddat bilan yorug‘lik yuzini ko‘rgan to‘plamini Bektemir menga tutqazarkan, yozg‘irganday: “Vatan haqida biron nima bo‘lishi kerak”, deb qo‘yishmagach, mana bu ikkisini qoralab eltsam, kitobning boshiga qo‘yishibdi…” dedi. Shunda meni boshqa narsa, soxta mezon o‘ylantirdi, hozir ham tashvishlantiradi: inson hislarini bunisi ijtimoiy, bunisi shaxsiy deb orasiga to‘siq qo‘yish to‘g‘rimikin? Axir, har qanday ijtimoiy g‘oya, niyat, falsafa, hikmat shaxsiy hayotda asl yo noaslligini aniqlab oladi; qolaversa, shaxsiy dardi bo‘lmagan ijtimoiylik yoxud shaxsiy, intim tuyg‘uda omma o‘zini ko‘rmasa, u o‘yin, ohanjama, olifta va soxtaligi bilan ma’nosiz va keraksiz holida, yo‘qlik qa’riga ravona bo‘ladi.

Ushbu ikki she’ri saralaganlari ichida eng nimjoni bo‘lishiga qaramay, ikki doirada ham iste’dod kuchi shaxs dardi va maslagini ifodalashga o‘zida hofiza topgan edi.

 

Qo‘shiq kirib chiqdi tushimga,

Kipriklarim titib uyg‘ondim.

Tong keltirdi meni hushimga.

Yellar topib keltirgan baxtday,

Ufqqa chorlab umidlarimni

Chopdi sochlarini silkib daraxtlar.

 

Xususan, yuqoridagi birinchi misra juda ham tabiiy holda she’rxonga adabiyot, ma’naviyat, san’at bandasining botiniy olamidan mujdalar berib, izhor, ko‘ngil ochish, salom yanglig‘ yangraydi. Oshiq ko‘ngilning tushiga birinchi tashrif buyuradigan borliq, albatta, qo‘shiq bo‘ladi-da. Bu misrada yosh shoirda salaflariga xos, lekin o‘zgacha kinoya, real emas, ideal borliq balqiydi, ya’ni hushda, moddiyatda ko‘rinmaydigan olam tushda jonlanadi. Hayotda xayol qo‘shiq tush olamida qahramonni sel qiladi. Ikkinchi uchlikdagi oxirgi qator manzarasi – “Chopdi sochlarini silkib daraxtlar” Shavkat Rahmonning “Chopib kirdi sovuq shaharga yalang oyoq yashil daraxtlar” misrasiga monand.

Iste’dod ijtimoiy buyurtmaga shaxsiy hayoti tarixidan misollar topib, uni go‘zal ifodalay olsa, u boshqalarning hayotiga uyqash jihatlarni tiriltirar, boshqaning qismatini bus-butun o‘z ichiga olishi va o‘zi ham boshqalarning dardi bilan nafas ola olar ekan. Bektemirning gapi ta’siridami “Vatan haqida she’r”ini sidirg‘asiga o‘qib ketgan ekanman… Ammo bir tarix o‘qituvchisi bilan gurungimizda – maktab o‘quvchilariga moziyning ma’naviy haqiqatlarini yetkazishda bu she’r fikrlariga turtki berib, bilimiga isbotday yordamga kelganini e’tirof etarkan, mana bu misralar insoniyatning ma’naviy tarixidan rivoyatgo‘y ekani menga-da ayon bo‘ldi.

 

Men vatanman o‘zimga o‘zim,

Bu yurtda men ham shoh, ham vazir.

Menda yashar ongim va ko‘zim,

Ko‘nglim o‘zga yurtda musofir.

 

She’rda, avvalo, inson vatanda vatan timsoli ekanligini aqlan anglatib, ko‘ngilning vatanini ko‘rsatadi. “Ko‘nglim o‘zga yurtda musofir” misrasi esa yana ham botiniy munosabatlar haqida tuganmas xayol surishga boshlaydi. Ko‘ngil doimo musofir, u jannatdan tushgan, yana jannatga intiladi… Yana bu shoir bitiklariga ishoraday tuyuladi… Qolaversa, muhabbat qismati borasida ham xayollar qo‘zg‘aydi…

 

Menda yashar o‘z vatanidan

Quvg‘in bo‘lgan bir necha yurak.

Ularga ham ko‘nglim kabi-da,

Mehr kerak, muhabbat kerak.

 

Shoirning toza hislari, mubolag‘ador tasavvurlariga bu moddiy olamda joy yo‘q, hech ham joy yo‘q, balki… Ular bu moddiy dunyoning fuqarolari emas, ko‘ngil olamining boylari, ma’dan izlovchilaridir…

 

***

Muallif o‘zi tanlab, kitobiga kiritgan: “Nilufar hidlagan baliqlar… deya boshlanuvchi birinchi she’r ilk o‘qiganimday har safar ajib kayfiyat yaratib g‘aroyib olamga yetaklaydi. Bu olam quruqlikda emas, daryoning tubida. Unda esa baliqlar nilufarni “emaydi”, balki hidlaydi. Zero, gul hidlash ham ma’naviy ehtiyoj. Bu ma’naviy ehtiyojning ruhoniy turi she’riyatning ham ramzi. She’rning manzili daryoning tubi, nilufar hidlayotgan baliqlar orasida. Shuning uchun shoir “aqldan ozganday muallaq” to‘lqinlarning oralig‘idan ovozini izlaydi ilhaq…

Aqldan ozganday muallaq holat ham baliqlarga, ham shoirga tegishli. Bundan baliqlar mast, inson esa o‘zining qavmi odamlar orasidan emas, to‘lqinlarning oralig‘idan ovozini izlashga mahkumligi bois baliqlar to‘ntarilib yotganday favqulodda ahvolda ekanligini ma’lum qiladi. Zero, she’riyatning hayrati va jozibasi aql birdan tushunib, qabul qilishi qiyin, murakkab jarayon. Shuning uchun moddiy dunyoda aqldan ozishday tasavvur uyg‘otadi.

She’riyat – yorug‘lik mayog‘i. Shuning uchun daryo qa’ridan bir lahzada parvoz qilib, osmon qopqasini taqillatishi hech gap emas ekan:

Yulduzlar chug‘urlaydi:

– Kimsiz?!

Bektemirning lirik qahramoni borgan sari bu olamlarning mehvariga – odamzot haydalgan va qaytib borishi muqaddas orzu – illiyunga intiladi. Shuning uchun uning “Usti(m)dan kuladi parilar”. Faqat “parilar” polifonik obraz ekanligini ham unutmaylik…

Eng asosiy topgan timsoli esa yangi va azaliy, ko‘zlar va yuraklar tashna bo‘lgan qadrdonlikka, mehr-oqibatga javob:

 

… Bahorim kelganda mening ham,

Turnalar chog‘lansa parvozga.

Bir qo‘shiq aytishni istayman,

Adirlar sog‘ingan ovozda…

Adirlar sog‘ingan ovozda…

 

Adirlar – bu yurt odamlari. Qancha ovozlarimiz gum bo‘lib ketdi, o‘zimizga-da eshitilib-eshitilmay: yo‘lda qoldi, cho‘lda so‘ndi, boshqa ko‘chalarga burilib ketdi…:

 

“Qolib ketdi o‘shal ovozim,

Ikki daryo oralig‘ida” (A. Oripov).

 

Vodarig‘, to‘lqinlarning orasidan ovozini izlab, bizni g‘aroyib olamga boshlagan Bektemirniki-chi???

 

***

She’riyat xayrli niyatni, fidoyilik, oshiqlikni yoqtiradi, qadrlaydi, ammo da’voni jini suymaydi, undan hazar qiladi, iddaoni mazax, kalaka qiladi, sharmanda, badnom etadi.

O‘n to‘qqiz bahorni qarshilagan shoir xomxayollarni xayoliga keltirmay, insonning botiniy hayoti fojialarini kechadi, komediyalari shamollarida mavjlanadi! Shunda uning o‘z yurak sirlari ochilib ketadi. Bundan ko‘ngli titrab turarkan, tilidagi ramziy kalit, haqiqatga tabiatdan pardali so‘z topib, izhori dili qiladi. Bu tavba ham:

 

Ketyapman xiyobon bo‘ylab,

Quchog‘imda parishon yellar.

 

Muhabbat, vaslni xor etib, tubanga tashlagan, jism maylini “sevgi” deb ma’naviyatni bulg‘ayotgan fahmsiz qofiyabozlar, husni xulq ko‘chasidan o‘tmaganlar ishq mana shu ekanligini bilsalar edi, anglasalar edi. Yo‘q ular bu hisning rangin iztirobidan mosuvo so‘qirlardir.

“Quchog‘imda parishon yellar” – go‘zal tashbehning ruhi sirli, pardali.

 

Tongga qadar visolni o‘ylab

Atrofimda qizargan gullar.

 

Qizargan gullar – insonning insonga va Allohga muhabbatining ulg‘ayishi va yuksalishi. Shu bilan yana hayo doirasi ichida. Gullarning qizarishi tasviri ila bir yo‘la ham estetikani, ham etikani jamuljam qila olgan. Hayodan judo she’rimiz yalang‘och, kiyimsiz, bezbet va hissiz bo‘lib borayotgani qanchalik mag‘lubiyat. Bu ham qadriyatimizning, ham badiiy didimizning jallodi. Tana namoyishining esa ta’magir yo‘lbuzarlaridan. Tanni ko‘z-ko‘zlovchi tizmalarning hech ham ko‘ngil muhabbatiga qavm-qarindoshchiligi yo‘q.

Ehtimol, yosh shoir bularni o‘ylamagandir, biroq o‘zbekona ruhoniy tarbiyada qarashlari qorilgan dard izhorida hayotiy manzaralar iqtidoriga eshik ochgan.

“Menkim, fotih Temur” asarida yozilishicha, Amir Temur hazratlari birinchi marta muhabbat dardiga mubtalo bo‘lganlarida o‘zlarini poralab tashlashni istagan ekanlar. Ulug‘ shoirimiz Rauf Parfi: “Men oila qurdim – yengildim”, deydi armon bilan. Bu abadiy jarayonga qarshilik emas, balki moddiyat olamida nafs tarozisining bosib ketishidan iztirob. Inson yarmi ilohiy borliqdan iboratligini anglab, tabiat qonuni qarshisida buyuk qalblarning ko‘ngilsizlikka isyoni, oliy ishqqa munosib bo‘lish da’vatidir.

Bektemirning she’ri ham har bir ko‘ngilli boshiga tushadigan shu qismatdan bahs qiladi:

 

Nafasimdan titragan maysa

Chehrasida toblanar gulob,

Shivirlari to‘kilar g‘amgin;

– Sog‘inchlar – men ko‘nikkan azob…

 

Ishq ham, she’riyat ham judolikda komillikka erishadi. Ikki dunyoning fikri va ko‘zlovi bir xil bo‘lishi mumkin emas. Shu qarama-qarshilikni ko‘rib, his qilib, ko‘ngil, yurak tomonida qolishi va yashashi, oshiq va shoirning qismati. U noroziligini bildira turib, maslagini ma’lum qiladi va insonni o‘sha cho‘qqiga nazarini qaratadi:

 

Olislarga chirmashar nigoh

Xayolimdan dunyodan gina –

Bu dunyodan maysalar kabi

O‘tib ketsam indamaygina…

 

Bunaqa jasorat kimning ham qo‘lidan kelardi, kimning? Majnunning, Farhodning, Otabekning, G‘aribning qo‘lidan kelmadi… Rasvoi jahon bo‘ldi buyuk qalblar, kuyigi jon bo‘lishdi ishq ahli… Lekin o‘shalar yoshida qo‘liga qalam olgan ko‘ngil (Darvoqe, yuqorida sanalgan zotlar ham shoir bo‘lishgan) shu mardllikka, ko‘ngil komilligiga o‘zini, o‘quvchini chog‘laydi…

Bektemir muhabbat kuychisi. Chin oshiqning qismati esa boshqalarnikiga o‘xshamaydi:

 

… Baribir Bir kuni

Ko‘zlaring chaqirib oladi meni

Parilar sochingni o‘rar maydalab,

Humo xayol surar tilagimizda.

Ko‘ksimiz tog‘ bo‘lib o‘sar qaytadan,

Ohular yugurar yuragimizda.

 

Bu sarxush holatning ba’zi ustunlari xalqona tashbeh bilan tiklangan. Zero, Bektemir an’anaviylikni rad qilmaydi, balki shu tizimda yangi va ohorli his va fikrlarini ifodalaydi. U xalqonalikni jo‘n deb kerilmaydi. Qaytaga ruhi, ohangi, tashbehi bilan goh o‘zini kuchlantiradi. Faqat asosiy fazilati yangi topildig‘i ila azaliy holat onlarini ranginlantirib yuboradi:

 

Ohular yugurar yuragimizda

Tunlar o‘zi uchun topib olar rang,

Yomg‘irlar may bo‘lib yog‘adi faqat.

Mening yuragimdan boshlanadi tong,

Sening ko‘zlaringdan boshlanar shafaq.

 

Shunday ramzlar bilan holat o‘zgarishiga munosib ishoralar kelaveradi. Ishoralarda o‘quvchining o‘zida o‘zgacha xayol surishiga ham masofalar qoldiriladi. Hayotiy misollar esa ko‘ngil oziqasi sifatida kelib, ma’noni kuchaytiradi ham. “Yomg‘irlar may bo‘lib yog‘adi faqat”. Shafaq ikki xil ma’no beradi: yig‘laganda ko‘zlarning qizarishi va quyoshning chiqishi. Faqat bu ikki ma’no bir-birini to‘ldiradi.

Bektemirning tuyg‘ular tadriji hamisha ham an’anaviy she’r yo‘liga sig‘avermaydi. She’riyatimizda o‘tgan asr boshidan kuzatilib, 70-80-yillardagina borib nomi topilgan she’rlar paydo bo‘ldi. Mansur she’rlar, nasrdagi nazm va hokazo. Ushbu sarlavha ham ana shu nasriy-mansur uslub-ifoda orqali hislar hayotini, kechinmani ko‘rsatishdan tug‘ilgan. Demakki, nomning birinchi so‘zi she’rning shakliga, ikkinchisi voqeasiga tegishli. She’rni hikoya sifatida xotirga tolib o‘qirkansiz, sevgisini yo‘qotgan oshiqning xotiradagi olishuvi zavq va armonga botiradi. Bu surat bilan siyratning suhbati. Eski daftarimni varaqlaganda chiqib qolar yirtiq surating. Faqat ko‘zlar qolgan, ko‘zlaring haliyam o‘zining ixtiyorida.

Bir voqeadan ikkinchisiga harakat bilan o‘tiladi:

 

Hozir qaragandek bo‘ladi menga,

Bazo‘r jilmaygandek ko‘rsatib o‘zin

Olib qochadigandek bo‘laveradi…

Keyin yig‘laydi…

Uchinchi voqeada xotiradagi ma’shuqaning ruhiy holati, oshiqning ham bor taqdirini aytmasdan aytib, iltijo qiladi. O‘quvchini ko‘proq aytilmagan, bo‘lib o‘tgan va o‘tajak savdolarni o‘zicha tasavvur qilishi maroqlantiradi.

 

Har gal… qo‘rqaman termulishdan

Har gal o‘tinaman,

Nigohingni uz mendan Surat,

Yopib qo‘yay eski daftarni!

(“Ishonmayman muhabbatdan so‘ng

Begonalik boshlansa nahot” –

Abdulla Oripov).

Zanjirday bog‘langan har bir voqeada o‘zini fosh etishda ko‘ngil istagini hech qachon bir mezon bilan o‘lchab bo‘lmasligi o‘quvchini-da o‘z ishq tarixiga qaratadi:

 

Men senga achinib ketaman

Men daftarni yopganimdan so‘ng…

Kimga qarab qolar surating

(“Ko‘rgali husnungni zoru

mubtalo bo‘ldim sanga,

Ne balolig‘ kun edikim,

oshno bo‘ldim sanga,

Har necha dedimki,

kun-kundin uzay sendin ko‘ngul,

Vahki, kun-kundin batarrak

mubtalo bo‘ldim sanga. Alisher Navoiy)

… Bilsayding naqadar og‘irligini

Sening suratingga boqmay qo‘yishim.

Naqadar og‘irligini bilsayding

Sening suratingga qarashimni ham!..

 

Ana shu shafqatsiz qarshilantirish, falsafiy va bir umr yashovchan xulosalarni u yigirma yoshgacha yozgan. Albatta, ular nasihat emas, lekin keskirligi bilan yoshidan qat’i nazar, o‘quvchini haq fikri bilan o‘yga toldiradi. Dunyo va inson munosabatlarining chigal va ulug‘ligidan hikmatlar ko‘zini ochib, ilhom ham Xudoning marhamati ekaniga yana bir bor imon keltirtiradi.

Uning “Vido” degan she’ri bor. Haqiqiy shoirlarning “vido”lari bir-biridan ta’sirchan. Bedilnikimi, Yesenin yo Oripovniki bo‘lsin, kishining jonu jahonini o‘rtaydi. Rauf Parfiniki butun ijodida sochilib yotibdi. Hayot har lahza davom etar ekan, har bir fursat, so‘nggi fursat bo‘lish ehtimoli ham qilich yalang‘ochlab turaveradi. Vidolashish – qismat. Lekin kimlar butun umr unga tayyorlanib, shunga yarasha yuk bosar, eng muhim so‘zlarini aytadilar. Kimlardir vidolashishga ulgurmay ham o‘tib ketaveradilar. Vidolashishning eng og‘iri sevgan odami, yo‘qotgan yaxshisi bilan vidolashishdir.

Bektemirning shunday she’ri bor. U juda yangroq ham emas, Naqaroti ko‘rkam ham deb bo‘lmaydi. Qaytarig‘i “Yuragim kengroq payti kelgin, sevgilim” deb murojaat qilishi ham erish tuyuladi kishiga… Lekin unda ham bir teran aql, kishining ruhiyati ochilish paytida diydorlashishga da’vatida hech bir ijodkornikiga o‘xshamas vidosi to‘xtamlari mardona tushkunlik chohiga uloqtirmaydi, balki ko‘nglingizni shifolaydi va yangi hayot sari yo‘llaydi!

Hayot uchrashuv va ayriliqdan iborat. Visol va hijron oralig‘i hayot, judolik va yetishish oralig‘i o‘lim. Va, ayni holda, aksi ham. Biz vaslda edik jannatda.

Bu dunyoga haydaldik, sinovli ayriliqda umid-ilinj yashaydi, faqat azob va jabri-jafolarga chirpirak bo‘lib, xavf va rajoni yurakka bosgancha, vasl sari talpinaveramiz. Inson buni hayot deydi. Qismat manglayiga yozgan bilan, uni chala-yarim o‘qishga tutinadi. Vaslda hech qachon vasl xayolga kelmaydi… ammo musibat, ayriliq, o‘lim har lahza xotirada qalqib turadi. Aslida biz o‘ylagan vidoning u tomoni vaslga yo‘l, abadiy yo‘l va balki hech og‘ishmay boriladigan yo‘l…

Ojiz tasavvurimizcha, qayerdan ham o‘spirinning vidosi bo‘lsin? Lekin yetuk idrok juda tez anglaydiki, har lahza bu dunyoda o‘tkinchi, dunyoda ayriliqqina muqarrar: Bog‘lab qo‘ygani yo‘q bolalarni ham (A. Oripov).

 

Bektemirning she’ri ham shu iztirobdan ko‘z ochgan.

Yuragim kengroq payti kelgin sevgilim

Kimlardir baxt va’da etsa ham pinhon.

Xiyonat qilsang-da tilamam o‘lim,

Men sening yo‘lingni to‘smayman, ishon.

 

Yurakning keng bo‘ladigan payti… Ma’naviy borliqda farishtalar olamiga yetilgan fursatdir, balki. O‘shanda oddiy odamning ojizligiga tushuniladi, unga rahmi keladi odil yurak; uni mehr-muhabbat bilan yig‘lab kechira oladi. Holbuki, maxluqning hayvoniy hayoti tarzi hazar qilish qadar dahshatli… Ammo kenglikda sevgan yurak uchun basharning oddiy yashash xohishi dunyoning ziynatiga sotilishi, o‘zidan ketishi yo sevilganning xiyonati hech; – Men sening yo‘lingni to‘smayman, ishon!

Kishining farishtalar olamida istiqomati – Bektemirning ifodasicha “yuragi keng”lik fursati qancha? Uni Yaratgan biladi, belgilaydi va sevgan bandasiga in’om etadi. Shoir ikkita holatini chizgi qiladi:

  1. “Men tongda she’rlar yozib bo‘lganimdan so‘ng…” She’r yozish – ham poklanish, ham tavba qilish onidir.
  2. “Va yo yo‘l olganda izdihom sari”. Odamlar oldiga chiqqanda kishida asl haqiqatlarni aytish, anglatish, o‘shanga boshlash, o‘sha uchun yashash, o‘sha uchun kurashish istagi bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa izdihomga talpinmagan, ommadan juda ham nari yurmoq kerak. Bektemirda ham ana shu ma’naviy olamga arzigulik nimasinidir bildirib qo‘yish ehtiyoji borki, o‘shandan keyin eng yaqin kishisi bilan, sevgilisi bilan xayrlashmoqchi, sevgisi bilan emas… Ular yuragi kenglik paytida boshqa-boshqa olamlarning odamlari esa-da, zohiran nimalaridir o‘xshash, loylari pishirilganda nimalaridir bir-biriga intiluvchan, talpinuvchan ekanki, hamroz qildi, sevdirdi. Moddiy olamda ko‘ngil istiqomatiga makon yo‘q, shunda ham uning saodati pok sevgi tor, noqulay yaralgan maxluqiy, olamda lahzali baxtiyor va farovon etdi. Ilohiy ishqning soyasini, majozini, isini, ramzini, zavqini, armonini ko‘ngilga, yurakka berdi. Shundan uning basirat ko‘zi tilga kiradi:

 

O‘shanda o‘ylayman oxirgi o‘yim:

Sendan ham ta’masiz parvonalar bor,

Sendan ham go‘zalroq olamlar mavjud,

Sendan ham kechmoqlik mumkin baxtiyor.

 

She’rdagi tuyg‘u moddiy, tirikchilik olamining munosabatlaridan kuyunayotgani yo‘q. Balki mumtoz she’riyatimizda xo‘p o‘ylangan komillikka uzangan tuyg‘udir. Hali o‘spirin ko‘ngilning mezoni baland:

 

Sendan ham go‘zalroq olamlar mavjud.

Sendan ham kechmoqlik mumkin baxtiyor…

 

Asl ishqdan darak topgan, ta’mali, hisob-kitobli, soxta mehribonlikdan kechishni, biladi, ammo “baxtiyor kechish”da alam ham, saboq ham kinoyavash keladi…

Kecholmaslik – qullik, kechish esa behojat olamga yuz burishning ibtidosi…

 

Yuragim kengroq payti kelgin, sevgilim,

Toki shundan keyin hech narsa yozmay,

Toki hamma aybim oqlasin o‘lim,

Toki o‘lim topay aqldan ozmay.

 

Ana shu oxirgi band chindan ham vido. Shoirlikning ham tugashi. “Toki shundan keyin hech narsa yozmay”, deyishi qalamkashligini da’voga tiqishtirishday tuyuladi birinchi o‘qishda. Holbuki, Bektemirning she’rlari ham serma’no, serqatlam.

Odamni so‘ylatishga va kuylatishga, suhbatga boshlaydigan narsa sevgi. Haqiqiy shoir mashhur bo‘lish, kimnidir qoyil qoldirish uchun emas, balki aytilmasa yorilib o‘ladigan dardi borligidan qo‘liga qalam oladi, yonib-kuyib, yig‘lab, izhori dil qiladi. Demakki, sevgisiz, sevgilisidan ayrilgan odam uchun “hech nima yozmay”, deyishi tabiiy hol, zero, butun dunyosini boy berdi. Va bu dunyodan ketishki – toki hamma aybim oqlasin o‘lim – tavba, o‘zlikka qaytish, gunohlarga istig‘for. “Toki o‘lim topay aqldan ozmay!” Zero, qismatning hammasini anglab, insonni shunga munosib etganidan rozi, o‘lim bir olamdan ikkinchisiga ko‘prik ekaniga farosatning yetishi ko‘ngilning aqlga, aqlning ko‘ngilga qiyomatli do‘st ekani va birgalikda yuksalishidir.

 

***

Bektemir bu dunyo botiniy kayfiyatini kutilmagan vaziyatida ko‘ra olgani uchun she’rlari boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Uning olamida tabiat hodisasi jamiyat evrilishlarini bemalol tasavvur qilishga yordam beradi.

Uning “Yomg‘irda” she’ri metonimiya. Aslida bu hodisani hamma ham payqayvermagani dunyoga tafakkur nazari bilan boqmaganida, boqolmaganida. Shoirni o‘tkir nigohidan keyin yomg‘ir paytida butun borliq suv ostida qolish ma’lumoti, ilmi bizga yetadi. Shoir kashshof ekan…

 

Daraxtlar – nilufar,

To‘lg‘onadi suv ostida.

Uylar – xarsang

Uylar – teshik g‘or.

Baliqlar uxlagan g‘orlarda,

To‘lqin – epkin – nasim

Tolim, tolim, tolim suv –

Bo‘yiga, eniga shabboda

Men bedor baliqman bu tunda –

Tong oldidan

Suv yuziga chiqishni

Istagan baliq…

 

Bor-yo‘g‘i, unda ham sindirilgan holda ko‘payib, o‘n ikki qator chiqqan she’rda qariyb shunga yaqin miqdorda tashbeh, bir narsa boshqasiga solishtirib, holatlar, yana u juda ham nozik harakatda beriladiki, yer usti suv osti dunyosi hayoti bilan tiklanadi.

Umuman, nilufar, baliq, sukut, sukunat obrazlari Bektemirda bir joydagina kelmaydi. Faqat real, ramziy, ko‘p ma’noli; har safar boshqa ma’noni tashiydi, boshqa yuki bor, boshqaning qiyofasini, boshqalarning niqoblarini sidirish uchun yollanadi…

 

***

Ochig‘i, uning har bir yangiligi ildizi baribir shakllangan birikmalar bilan muxoliflikda mangu va milliy savollarga javobday keladi.

– Siz o‘shami? (“O‘tkan kunlar” romanining favqulodda savoli). Millatning har bir a’zosi, endi hamrozi shu savol berish darajasida bu hislarni oyoqqa turg‘azadi. Oshiqlarni, ma’shuqalarni saralaydi. Asl va soxtani aniqlashga undaydi. Bektemir, o‘ylashimcha, javobda butunlay boshqa ma’naviy orziqishlarni aytish uchun bu milliy timsolga go‘yo yuz yillar o‘tib, Otabek nomidan javob qaytaradi…:

 

Men o‘sha – ko‘zlardan haydalgan itman,

Ishqning tarixiga emas begona.

Shafaq qirg‘og‘ida ohular kutgan,

Sahrolar sog‘inib qolgan devona.

 

Darvoqe, ijodkor millatning ma’naviy tarixini yaxshi bilib, har qachon xotirasida naqshlab, lekin boshqa bir davrda yashayotgani uchun unga bo‘ylashishga urina turib, ifodani yangilashni, o‘z menidan nimadir qo‘shish xayolida qalam suradi… Shuning uchun ham bu to‘rt satrda Otabekning qismatini ham tasavvur qilamiz qandaydir darajada… Ammo shularning o‘zi emas… Millatning ruhoniy tarixini ko‘ramiz. Yana ham chuqurlashsak, shaxsning qullik davridan qutulib-qutulmay, o‘zini namoyon qilishga qiynalgan zamondoshimiz qiyofasi, ijodkor siymosini ham bemalol tasavvur qilamiz. Nega iste’dod jihatidan Qodiriyday adib, inson sifatida Otabekday o‘zini ko‘rsatgan siymo 70-80 yilda yetishmadi?

 

* * *

Menda o‘tgan yillar davomida har bir millat adibining jarayonlarni ifodalashda so‘zlarni qo‘llash shaklidagi farq aniq-tiniq bilindi. Masalan rus bilan arabniki, tarjimada ham shunga yaqin ohang, uslub topish, bunga o‘rganmaganingiz uchun biroz erish ham tuyuladi. Bu hodisa tilning oxirgi ijodkorlari shoirlarning so‘z qo‘llashida, ayniqsa, bo‘rtib ko‘zga tashlanadi.

Yangi shoir qotgan qarashlar, shakllangan fikrlarni sindiradi, dunyoning boshqa qoidasini o‘z ichiga, o‘ziga xizmat qildirib ixtiro etadi. Buning mutlaq to‘g‘ri bo‘lishi shart emas. Yangiligi va o‘zgachaligi – e’tiborli birinchi belgisi. Balki shuning uchun ham juda ko‘p novator shoirlar ularni xalq qabul qilishida juda katta qarshiliklarga uchrashar, ko‘pi rad etilib, unutiladi. Ba’zan omadlari kulib, favqulodda qarashlarni o‘zgartirib yuboradilar. An’anaviylar esa tez ommalashadi, lekin kamdan-kami favqulodda fenomen darajasiga chiqadi, haqiqiy yangilardan farosatli muxlislar oldida martabalari hamisha past bo‘ladi. Faqat teran fikr, hikmat bilan to‘yinsalargina asl shoirlar bo‘lib yetishadilar, bo‘lmasa kosibchi bo‘lib, davru davron suradilar, xolos…

Bektemir ko‘pincha an’anaviy barmoq vaznida yozadi. Xalqona ohanglari faqat o‘zining realiyasi, botinini tadqiq etadi. U ziddiyatda yolg‘on sevinchdan qochib, mungning suratlarini turfa xilga soladi, g‘adir-budir, ko‘pincha nasrga yaqin esa-da, yangi fikr topsagina ifodalashga chog‘lanadi. To‘g‘ri, u o‘zbek she’riyatining 60-80-yillaridagi yutuqlaridan o‘rgangan, ta’sirlangan. Avvalo, Rauf Parfi ijodi ta’siri yorqin ko‘zga tashlanadi, so‘ng Abduvali Qutbiddin, Shavkat Rahmon va boshqalarning ramzlari, ohangdorligi ham elas-elas bilinadi. Va XX asrning eng yaxshi an’analari, yapon xakkulari, Yevropa sonetchiligi, xususan, Garsia Lorka xalqona o‘ynoqiligi “Tong yoqasi”ni quvvatlab turganini aytish mumkin. Bari bir yangilik izlashdagi o‘z o‘rganishlari va topilmalari uning she’riyatini belgilaydi. U iqtidorning kashshofligiga qattiq ishonadi va o‘rni kelgan joylarda ko‘ra olish layoqati bilan bunga ishoralar ham qila olgan: (“Hali ochiq joy ko‘p sukutda”). Bu va’da va ishonch imkoniyatlari ham.

She’rning asosiy matni manzarasidan ko‘ra, xuddi ikkinchi darajali, e’tibor berish shart emasdek qavs ichida berilgan topilmasi yangiligi va kashf qilishga da’vatkorligi bilan hayajonlantiradi:

 

Atrof esa hali juda keng,

Hali ochiq joy ko‘p sukutda.

Olis ovozlarni yutinar

Yolg‘izlikdan ortib qolgan joy.

 

Olti qatorli mana bu mo‘jaz she’rda esa “ilmiy qarashlar”ni rasmana sindirish, juda nozik hissiy tushunchalarni yangicha tiklash, ishoraviy ma’noda kuchaytirib sharhlash bor.

Yaldo kechasi – eng uzun tun. U tabiiy qonuniyatga asoslanadi. Bektemir esa ma’no olamida buni tan olmaydi, rad etadi, ustidan qizil chiziq tortadi:

 

Tun hech qanday uzun emas,

Tun faqat keng, kunduzdan ham keng.

 

Qur’oni karimda “echib olinadi” degan ibora keladi, xuddi olamning ikki libosi bor: tun va kun… Qolaversa, bu yangi tushunchani real tabiiy jarayon sifatida shoirga ishonib, qabul qilishimiz bilan birga, “tun faqat kengligi (hamma joyni egallaganida) kunduzdan ham kengligi – nurdan ko‘ra zulmatning urchib ketganligi – yovuzlikning bejo xatti-harakatiga ishora bo‘lib, ogohlikka chorlovday yangraydi: “Tun faqat keng, kunduzdan ham keng…”

She’rdagi ikkinchi kashfiyot:

 

Sukunat esa uzun

Shu qadar cho‘zilgan, shu qadar ingichka

Har qanday tovush

Chiqib yurolmaydi uning ustidan.

 

Bu ifodada na bir o‘ynoqi ohang, na bir vaznga tushadigan barmoqcha uslubni kuzatamiz, ammo bir shitob bilan tarona keskin-keskin burilib, sukunatning ramziy suratlarini chizib beradi. Qancha haqiqatlar ko‘ksida yotibdi, keskir qilichning qaltis dam ustiga sado chiqishi bilan kesadi… Shu bois ham shoirning topgan katta ma’nosiga chindan ishonamiz, sukutga botamiz, sukunatga bo‘ysunamiz.

 

Zero, “Har qanday tovush

Chiqib yurolmaydi uning ustidan.”

 

***

Shoirona, betakror, yorqin obrazlar yaratish, Xudo yuqtirgan bir saodatki, hamma shoir ham u cho‘qqiga chiqa olmaydi. Agar topilma tashbeh favqulodda yangi obraz darajasiga yetmasa, quruq tashbehbozlik ham zeriktiradi, eskiradi, unutiladi, o‘zida katta ma’no va tasvirni sig‘dirolmaydi. Yo‘lsiz daraxtzorda, qadrdon kiminidir izlab topolmagan yo‘lovchi bu o‘rmonni tashlab chiqadi. Ma’nosiz bezak behuda so‘zamollikday.

O‘tgan asrning 70-80-90-yillarida tashbehchilikka ustaliklaridan kerilib yurganlar bugun unutilgani achchiq haqiqat. Tashbeh – shoirning qimmatli sarmoyasi. Ammo u obraz – qiyofa darajasiga ko‘tarilsagina tasvirga jon kiradi, bekamu ko‘st ko‘rinadi, o‘quvchi ham uni darrov tanib oladi va qadrdonlashadi. Shu mo‘jaz kitobchada ham kam bo‘lsa-da esda qolar qiyofa – obrazlar bor. Bundan she’rxon to‘lqinlanadi. Keling Bektemirning bir she’rida bir-biriga jon qadar yaqin va bog‘liq ana shunday obrazlar istiqomatini kuzatamiz.

 

Nigohimda ezilgan so‘qmoq,

Olislarga tutashib ketgan.

 

Bu qishloqning mushtipar siymosi. Fikran esa ona timsoli.

 

Kimsasizlik hokim xiyobon

Barcha tovushlarni unutgan…

 

Bu endi shaharda qishloq bolasi adashib kelib qolganday holat. Bir umr ko‘ngilning ko‘nikolmagan ruhiy kechinmalari. Guyo hayoti alg‘ov-dalg‘ov odam. Izdan chiqib ketgan poyezd.

Shahar va, qolaversa, kuz alohida kimsadek jonlanadi. Ana shu tasvirlarda qishlog‘ini sog‘ingan, qishloqcha qadriyatlarni unutgan yigitning qismati ham ramziy, ham allegorik tarzda his qildiriladi…:

 

Qo‘zg‘aladi qadamdan cho‘chib,

Atrofimda za’faron sharpa.

Besarishta kezinar ko‘ngil

Go‘yo endi oxirgi marta.

 

Manzaralar – qiyofalar. Hayot – shahar. Xayol – qishloq. Obrazlarni esa xotira tiklaydi. Lip-lip etib, makon biridan ikkinchisiga ko‘chadi.

Mana shahar: “Arg‘uvonlar chaqirar shamol”.

Qishloqning munis va ulug‘ siymosi bosib ketaveradi: “Teraklar yo‘l ko‘rsatar oyga…”

Negadir xayolimdan rus shoiri Tyutchev o‘tdi, go‘yo faqat u shunday yozishi mumkinday… Keyin Rauf Parfining tirik manzaralari…:

 

Ovozini yashirib jimlik,

Yuzlarini yuvadi soyda.

 

Lekin Bektemirdagi yaxlitlikda personajlar yana ham g‘uj.

 

Mag‘rur xazonlarni telba yel

Suvga cho‘kkan tunga botirar.

 

Bu manzaralarni hatto rassom ham ko‘rolmaydi. Shoir esa juda yorqin ko‘z oldimizga keltiryapti.

  1. Mag‘rur xazonlar. 2. Telba yel – Tirik tabiat jarayonlari: “Suvga cho‘kkan tunga botirar”. O‘zni emas tunga; suvga emas tunga, xazon suvga cho‘kmayapti, tunga botyapti… Mag‘rur xazonni telba yel qanday qismatga giriftor qilyapti… Murakkab va ta’sirli. Shunda inson qismati haqida o‘ylaysiz. O‘zingizni goh mag‘rur xazon, goh telba yel, goh suvga cho‘kkan tun va suvga botib borayotgan xazon holida ko‘raverib, yuragingiz ezilib ketadi. Boshidayoq maqsad onani xotirlash, uning mehriga isinganlikni eslash edi, ammo hech bir joyda “ona” so‘zi tilga olinmasdan anglatiladi, zero, buyuk bir sevgini, mehrni tavsiflab bo‘ladimi? Ehtimol ramziy tasvir bilan boshqalarni loqaydlikdan, o‘z xudparastligidan tortib olmoqlik mumkindir, xolos. Bektemirning ushbu obrazi o‘z ijodida emas, XX asr 90-yillari o‘zbek she’riyatidagi eng g‘amgin va yorqin, favqulodda va rost chizgi degim keladi:

 

Derazadan kuzatar meni,

Sochlari oqargan xotira…

 

“Tong yoqasi”da adabiy portretlar ko‘p emas… Lekin odatiy, bag‘ishlov, maqtov va ta’riflardan xoli bo‘lib, ishora bilan insoniylikni his qildiradi, ko‘ngilni junbushga keltiradi, qadrdonlar safiga qo‘shdiradi. “Egachi” she’ri shularning eng esda qoladigani. O‘zbek opa-singillari taqdiri palaxmontoshi, boshqa bir mamlakatda qismatga asirday ekanligidan ularni sog‘inib, oldilaridagi qarzdorligini his qilib yashaydi. O‘zining xudbinligini ular taqdirini o‘ylab anglaydi.

“Egachi” ana shu hasratning tashbeh va istioralar bilan avjlangan g‘amgin qo‘shig‘i, mungli hikoyasi:

 

Egachi osmonmi chehrangiz,

Turfa dam to‘kilar turfa rang.

Ko‘zimga xazonday ixraysiz,

Shamolday izg‘iyman men – garang.

 

Butunlay bo‘lak mavjudotlarning tabiati va xatti-harakati opa-ukaning qismatini ochadi. Lahzada evriluvchan tasvirlar ayolning fazilat va holatlariga ism, ma’no bo‘ladi. “Osmonmi chehrangiz”, “turfa dam to‘kilar turfa rang…” Shu bir detal bilan ming xil harakat, evrilish, odamning butun hayoti uning chehrasi o‘zgarishida aks etadi. Qarshilantirishlarni qarang: “Ko‘ngilga xazonday ixraysiz, Shamolday izg‘iyman men – garang…”

Ayol, opa – quruqshagan (kuzgi) xazon. Shamolday izg‘iyman – uka… Bu ikki biri uchuvchi erksiz, birini uchiruvchi hayot personajlari o‘z holicha ikkita qismat dostoni. Shu bilan birga ukaning xatti-harakati o‘z jinsdoshlari fe’l-atvorini-da shafqatsizlarcha fosh qilib, ukaning opa oldidagi burchini eslatib, umuman erkakning ayolga munosabati adolatli bo‘lishini ham esga solayotganday. Axir har birimizning ayolimiz ham kimningdir opa yo singlisi!

Ota-onadan keyin aka-uka, opa-singillarning baxtidan chinakamiga sevinib, ularni yo‘qotganda esa astoydil kuyunish hissi boshqa hech bir yaqin kishingizga nisbatan bo‘lmaydi. Bo‘lsa ham, biri ikkinchisining o‘rnini bosa olmaydi.

 

Falak – baxtimizni ataylab,

Chegalab tushirgan chegachi.

 

Ma’sum bolalikda bir uyda, bir ko‘rpaga sig‘ganlar, ulg‘aygach, ayovsiz qismat bois hamma o‘z baxti, tolei tomon shoshadi. O‘z fojia va zafarlari ortidan yurib, o‘tgan bedog‘ damlaridan uzoqlashib boraveradi. Sog‘inchning isyoni shundan. Bektemirning rostgo‘yligi, o‘zini fosh qilishi yanayam bu satrlarning ta’sirini oshiradi!

 

Sizni bekor kutaman oylab,

Siz ham meni kutmang, egachi.

 

Bektemirning she’rini tushunib o‘qilsa, ikki begona qirra bir-biriga urilib, olov, uchqun chiqishini kuzatib boraverasiz. Moddiy hayot va ma’naviy olam.

 

Egachi, dilingiz sahromi,

Bunchalar chuqur yo‘l, adashasiz.

Ayriliq – hasadgo‘y mahramim,

Qay imkon bor menda chidashsiz.

 

“Dilingiz sahromi?” da kamida ikkita ma’no, ramz mavjud. Kenglik va ship-shiydamlik. Biri tirik belgisi, boshqasi ( o‘t-o‘lanning yo‘qligi) esa qalban ado bo‘lganlik. Dilning kimsasiz, kishining yolg‘iz qolishi esa odam fojiasini kattalashtirib anglatadi.

Bunchalar chuqur yo‘l, inson hayotining chigal va og‘irligi, “adashasiz” endi mavhum hayot, kuyunish. Imkon – chidash. Ming bor aql shu iqrorga kelaveradi:

 

Qay imkon bor menda chidashsiz.

Ayriliq – hasadgo‘y mahramim.

 

Turfa odamlarning suvratlari bular. Tevaraginggizda ular oz emas, balki juda yaqiningizdir… Lekin begona, rafig‘u raqib, sizni aslo tushunmaydi, ustingizdan kuladi, sizdan nafratlanadi, dunyoni qizg‘anadi… Shundan rohat, orom oladi… bu mahramlar…

Nima bo‘lganda ham, bari bir qadrdon odamning, beta’ma mehribonning, olisdan bo‘lsa ham kuyunadigan jigarning borligiga nima yetsin. Fojialar oralaymiz: Qurbon qilamiz, qurbon bo‘lamiz, bu nafs botqog‘ida, xudparastlik ummonida kimlarga duch kelmaymiz…

 

Adashgan yo‘lovchi bo‘ldim men,

Daraxtlarning tagidan o‘tdim.

Telbaday tirjayib xazonga,

Yana yolg‘iz sizni dil kutdi…

Egachi-i…

 

Dilida mehri adoqsiz bir odam ketib boryapti. Ko‘rasiz. U tog‘lar ortida, daryolar narisida. O‘rmonlar tepasida turib u ham sizni ko‘radi. Lekin kelolmaydi, hech kelolmaydi. Siz ham borolmaysiz, faqat yig‘lab chaqirasiz, tinimsiz dil onaday mehribon bir insonni chaqiradi. Egachi-i…

Voqealar davomi va…

To‘qqizinchi voqea. Oradan yetti yil o‘tib, 2003 yili “O‘zbek modern she’riyati” nomida bir bayoz tayyorlanib nashr etildi. Yangi she’riyat vakillari deya topilganlar safida Bektemir Pirnafas she’rlariga ham o‘rin berildi.

O‘ninchi voqea. Yana oradan besh yil o‘tib, “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi” nashr qilindi. Unda o‘zbek va qoraqalpoq she’riyatining o‘tgan asrdagi namoyandalaridan 103 nafari tanlab kiritilgan, majmua o‘zbek she’riyatining mumtoz vakili Abdulhamid Cho‘lpon she’rlari bilan ochilib, Bektemir Pirnafasovniki bilan yopilgan.

 

* * *

Yigirma yil oldin… “Tong yoqasi” nashr etilganda bir ustozi avval kulib, yoqalarini ko‘rsatib tirjayib, g‘alatilikni inkor qilib, tushunmaganini, tushunishni istamaganini pisanda qilgani kechagidek xotiramda… Zero, yangilik voqea. Uni ko‘rish, tushunish, qabul qilish ham mardona voqea…

Tong yoqasi – faqat ko‘ngil ko‘rar va faqat ko‘ngil odamlari yetar manzildir. Kimdir peshinga, kimdir asrga, kimdir shomi qorayib xuftonga yetib kelganda ham Shoirni keyingi manzillarga ko‘rinar deb kutamiz. Qani u, qani shoir? Yo bu hayotda unga o‘rinli ish qolmaganmi?

Bektemir talaba edi unda. Universitetni bitirib, gazetlarda ishladi, oinaijahonda johongashtalik qilib necha yillar beqo‘nim qo‘nim topdi, jamiyatni qurish akademiyalarida ta’lim oldi. “Jahon”ga chiqdi, Bobur saltanat tuzgan yurtlargacha yetdi, lekin buning she’riy daragi-chi? Sog‘iniblar yana “Tong yoqasi” olamiga qaytdik. U mo‘jaz va ulkan, ma’sum olam ekanki, san’ati, haqiqati, qismati ko‘nglimizni to‘ldirdi. So‘zning soni emas, chini; fikrning chalkashi emas, terani; tasvirning ezilgani emas, samimiysi va tasavvurning dilbari lahzamizni shodon etdi. Xudo yuqtirgan 16-21 yoshli Bektemir Pirnafasni qirq birinchi bahorida yo‘lovchi shamol kabi yo‘qladik, xolos. Chunki, asl she’riyatga do‘st izlagan ko‘ngil hamisha birodarga muhtoj bo‘ladi! Muhtoj bo‘ldik… Qani Bektemir kabi mangu yosh shoirlar: Xayrullo, Farhod Arziyev, Abduvohid Hayit, Pahlavon Sodiq, Zokir Xudoyshukur, Bahodir Jo‘ralar… Qani?

Hey, qaydasiz, mangu yosh shoirlar?

 

Vafo Fayzulloh

 

“Ijod olami”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.