Toʻlan Nizom

0
395
marta koʻrilgan.

Hozirgi zamon oʻzbek bolalar adabiyotida Toʻlan Nizom oʻziga xos oʻrinda turadi. Uning oʻqish, odob va mehnatga bagʻishlangan serjilo sheʼrlari, bolalarning quvonchlariga quvonch ulashadigan qoʻshiqlari, dillarni rom etuvchi ajoyib-gʻaroyib ertak-dostonlari uzoq yillardan beri yosh kitobxonni maftun etib kelmoqda.

Toʻlan Nizomning ijodini qamragan mavzu choʻl-biyobonlarni bogʻ-rogʻlarga aylantirishga qaratilgan. Bolalarning choʻlquvar shoiri, deb nom chiqargan Toʻlan Nizom 1938 yilda Andijon viloyatining Boʻz tumanida choʻlquvar oilasida tavallud topdi.

Toʻlan Nizomning otasi boʻlajak shoirga mehnatni sevishni, mehnat ahlini eʼzozlashni doim qulogʻiga quyib:

– Oʻgʻlim, mehnatdan hech qachon qochma, yaxshi inson, oʻqimishli odam boʻlaman desang, ketmon chop, choʻlni oʻzlashtiruvchilar safida boʻl, yaxshi oʻqi. Jismoniy mehnat bilan oʻqishni omuxta qilib olib borsang kam boʻlmaysan. Tengdoshlaringni ham mehnat qilishga chorla, mehnatga havas qil. Axir hech bir ishni havas qilmaydigan, hech narsaga qiziqmaydigan, mehnatga befarq qaraydigan birorta ham kishi qolmasligi kerak. Har kim ham olim, yozuvchi, artist boʻlib yetisha olmaydi, har bir kishi ham yangilik kashf eta olmaydi, lekin har bir kishi oʻz sohasida, oʻz ishida xuddi shoirdek, xuddi rassomdek ter toʻkib mehnat qilishi kerak – bu shaxsning har tomonlama kamol topishida gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Hech kimning qoʻl uchida, shunchaki, apil-tapil ishlashiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Oʻzi yaxshi koʻrgan ishi bilan shugʻullanmaydigan kishini hech qanday madaniy boyliklar, xazinalar bilan shod etib boʻlmaydi, – deya nasihat qilar edi.

Ota pand-nasihatlarini qulogʻiga quyib olgan Toʻlan dalada ishladi, maktabda oʻqidi. Oʻrta maktab va Andijon pedagogika institutini aʼlo baholar bilan tamomladi. Uzoq yillar choʻlquvarlarning farzandlarini oʻqitdi, muallimlik qildi, bir necha yil u Boʻzdagi shoira Saida Zunnunova nomidagi pedagogika bilim yurtining rahbari sifatida faoliyat koʻrsatdi.

Mehnatkash, oʻziga oʻzi talabchan, sheʼrlari ham puxta-pishiq Toʻlan Nizomning “Sening ertaklaring”, “Yoshlik bayozi”, “Iftixor”, “Quyosh yoʻli”, “Ona tilim, ona elim”, “Andijonda bir qush bor”, “Choʻlpon”, “Chaman ichra”, “Muqaddas ruh” kabi yigirmadan ziyodroq toʻplamlari yosh kitobxonlarning dillariga quvonch ulashib kelmoqda.

Toʻlan Nizomning sara sheʼrlari mehnat, choʻl, choʻllarni bogʻ-boʻstonga aylantirayotgan choʻlquvar va ularning farzandlariga atalganligi bilan ajralib turadi. “Choʻpon bola”, “Boʻz”, “Daryo va men”, “Yoshligim, qaydasan?”, “Doʻstimga”, “Yoʻllar”, “Bolalikka qaytish”, “Qaldirgʻoch” singari yuzlab sheʼrlarida shu ruh bor. Mana, “Choʻpon bola” sheʼrini olaylik. Toʻgʻri, oʻzbek bolalar adabiyotida ham nazm, ham nasrda choʻponlarga yordam berayotgan, choʻponlik qilayotgan bolalar haqida oʻnlab asarlar yozilgan. Ammo Toʻlan Nizomning bu sheʼri oʻzining oʻynoqi misralari bilan qalblarni larzaga soluvchi, shu kasbga kichkintoylarning mehrlarini joʻsh urdiruvchi daʼvati bilan ajralib turadi. Qarang, bu mehnatkash, oʻz ishining fidoyisi boʻlgan choʻpon bolaga berilgan taʼrif qaysi bolaga yoqmaydi deysiz:

Choʻpon bola,

Chaqqon bola,

Yaylovga xoʻp

Yoqqan bola.

Qadimda Boʻz yerlari yaydoq choʻl boʻlgan. U bugun odamlar mehnati tufayli vodiyning gulzor maskanlaridan biriga aylanib ketgan. “Boʻz” sheʼrida shoir bu maskanni goʻyo kelinchak kabi yasanib, goʻzallashib, katta-kichikning ishq-havasini keltirayotganligini bor ovozda kuylaydi:

Andijonning hissasida,

Hoʻ, Margʻilon jussasiday,

Otalarning qissasida –

Gul – chechak Boʻz!

Kelinchak Boʻz!

Sarijoʻga qiigʻogʻida,

Qumliklar-u toshlogʻida,

Asriy choʻlning quchogʻida –

Yastangan Boʻz!

Yastangan Boʻz!

Kel, opichlay, yelkamda qol,

Paxta misol oʻlkamda qol,

Kitobimga bir qoʻshiq sol –

Zar gilam Boʻz!

Zarginam Boʻz!

Bolalarni tabiat shaydosi boʻlib kamol topishga oʻrgatuvchilar, asosan, kattalar hisoblanadilar. Bu borada badiiy adabiyotning ham roli katta. “Manzara”, “Oftob ishqi”, Ilk qor”, “Shabboda”, “Muz” sheʼrlari bilan Toʻlan Nizom bu masalaga yaqindan yondashganligini koʻramiz. Tabiatni sevish, eʼzozlash, ehtiyot qilish inson burchi, vazifasi. Tabiat bilan hazillashib, oʻynashib boʻlmaydi. Shoir “Manzara” asarida xuddi shu gʻoyani ilgari suradi. Bolalarni tabiatga qarshi bormaslikka, aks holda uning qahr-gʻazabiga duchor boʻlishi tabiiyligini uqtiradi:

Qora bulut bosib keladi,

Hayqiriq-la boʻron yeladi.

Choʻgʻ irgʻitib momaqaldiroq,

Hovliqadi, qah-qah kuladi.

Gʻazab qilsa yer ham otadi,

Borliq toʻfon, loyga botadi.

Tabiatning jami farzandi –

Mavjudoti toʻzib yotadi…

“Oftob ishqi” asarida bolalarga xos boʻlgan soddalik, tabiatdan unumli foydalanish istagi kichkintoylar oʻy-xayollari bilan chambarchas qilib berilganligi yosh kitobxon uchun kutilmagan voqea boʻladi:

Kuz shamoli esadi

Haroratni kesadi.

Qizim der: – Qor yogʻguncha,

Tomlar sadaf taqquncha,

Suvlarimiz muzlamay,

Pechka, koʻmir izlamay,

Qoplab olib quyoshdan,

Ishlataylik bir boshdan…

Tinchlik Toʻlan Nizomning ham suyukli mavzusi. “Tinchlik uchun” sheʼrida bu gʻoya kichkintoylar ruhiyatiga mos ishlangan. Ozodbek hali yosh, u hali urush nima ekanligini oʻzi bilmaydi. Lekin tank, nagan, pulemyot, raketa urush qurollari ekanligini yaxshi bilib olgan.

Ozodbek plastilindan turli-tuman oʻyinchoqlar yasashni yaxshi oʻrganib olgan. Bolaning oʻyi, xayoli yaxshi. U tank, nagan, samolyot, pulemyot, kema, raketani oʻz koʻzi bilan koʻrmagan, qoʻli bilan ushlamagan. Bularni u televizorda koʻrgan, taʼrif va tavsifini kattalardan eshitgan, xolos.

Bular nima, Ozodbek?

Mana bu – tank, bu – nagan,

Mana bu – toʻp, samolyot,

Pulemyotdir bu turgan.

Mana busi – kemadir,

Dengizlarda suzadi.

Bu – raketa, juda zoʻr,

Oʻydan uchqur, oʻzadi.

Bu – bir soldat, postida

Juda botir, bemalol –

Toshday qotib turibdi,

Qoʻlida ushlab qurol.

Dushman sira kelolmas,

Biznikilar” mustahkam.

Ota oʻgʻlining qilgan bu ishidan roziligi, minnatdorchiligi yosh kitobxon uchun bir saboq boʻladi. Negaki bola tinchlikni xohlaydi, ota tinchlik tarafdori, otasining soʻnggi soʻzi – xulosasi yosh kitobxonning quvonchiga quvonch ulashadi:

Yaxshi”, dedim ohista

Boshim chulgʻab xayollar:

Tinchlikka qalqon boʻlsin

Sen yasagan qurollar!

Toʻlan Nizom sheʼriyatida ota-onani sevish, eʼzozlash, ularning pand-nasihatlariga qatʼiy amal qilish bosh masalalardan biri. Ota-onani tirikligida suyush, ularning xizmatlarini soʻzsiz ado etish muhim vazifadir. Ular qazo qilishgandan soʻng ohvoyning foydasi yoʻq. Shoirning quyidagi misralari har qanday yosh kitobxonni oʻylashga, xulosa chiqarishga ishora qiladi:

Otam koʻzin yumgan kun

Quyosh soʻnganday boʻldi.

Onam qazo qilgan tun

Olam toʻnganday boʻldi…

Bolalar har xil boʻlishadi. Kamgap-u kamtarinlari ham, maqtanchoq, doʻstlarini mensimaydigan, ularni ranjitadiganlari ham topilib turadi. Shoir doʻstlari qalbiga ozor beradigan, ularni ranjitadigan bolalarni xush koʻrmaydi. Bunday bolalarni u ayovsiz tanqid qiladi:

Guldan gulga uchib ari

Bol yigʻadi tili bilan.

Ayrim odam qalbin tilar

Guldan nozik dili bilan.

Toʻlan Nizom hozirgi oʻzbek bolalar adabiyotida ertak-doston ijodkori sifatida ham oʻziga xos ovozga ega. “Boychibor” ertakdostoni uzoq yillardan beri kitobxon bolalar olqishiga sazovor boʻlib kelmoqda. Bu asar bogʻchalar uchun, maktab, oliy oʻquv yurtlari uchun nashr etilayotgan koʻplab darslik, qoʻllanma, majmualarda qayta-qayta chop etilmoqda.

Xalq ertak-dostonlaridagi uchqur, dovyurak, sohibining quvonchiga quvonch, jasoratiga jasorat qoʻshadigan otlarni yaxshi bilamiz. Bolalar yozma adabiyotida ham koʻplab sheʼrlar, dostonlar yaratilgan. “Kazbek” (Z. Diyor), “Toychogʻim” (I. Muslim), “Toychoq”, “Chovkar” (Q. Hikmat), “Duldul ot” (O. Hojiyeva), “Toychoq-oʻyinchoq” (Z. Raimberdiyeva), “Sirli chavandoz” (A. Nosirov) kabi sheʼrlarda oʻsha duldul ot-u gʻirkoʻklar haqida gap boradi.

Hayotda ham, badiiy asarlarda ham otlarning uchqurligi, polvonligi, egasiga sadoqatliligi toʻgʻrisida koʻp gapiriladi. Qudrat Hikmatning “Chovkar” asaridagi qahramon – Muqonning Chovkar ismli suyukli otidan boshqa hech narsasi yoʻq. Uning uyi ham, doʻsti – oilasi ham shu bitta ot, xolos. Yurt zoʻravoni Muqonni qilich bilan chopib tashlab, uning otini minishi bilan egasining oʻlganini sezgan ot yelkasidagi kallakesarni togʻning choʻqqisiga olib chiqib, pastlikka sakraydi, zoʻravon otdan qulab, togʻ-toshlarga urilib halok boʻladi. Ot esa sohibining oldiga qaytib kelib, koʻzlari toʻla yosh bilan egasining yuzlaridan yalab turishi aytiladi. Xuddi shunga yaqin gʻoya “Boychibor”da ham berilgan.

Boychiborning egasi urushga, eliga qirgʻin olib kirgan dushmanga qarshi jang qilishga otlanadi. Vafodor ot Boychiborni mingan kishining maqsad-murodiga yetishida tulporning xizmati beqiyos maqtovga loyiq. Bugun Boychiborni mingan sohib haqida ham eshitganlar bor. Ammo Boychibor taʼrifining oʻzi bir olamcha bor:

Bir ot boʻlgan – Boychibor,

Oʻzbek eli tomonda.

Uning dongʻi toʻrt yoqqa

Yoyilib ketgan ekan.

Otni mingan har yigit

Murodga yetgan ekan.

Chavandoz koʻp jang qiladi, dushmanni qiradi. Uning shashti, kuchi, gʻayrati zoʻr. Bularning hammasi Boychibor bilan, avvalo, suyumliligi bilan, kuchi, jasorati bilan bogʻliq holda beriladi:

Boʻlib oʻtar ne jang, suronlar

Dushman bosdi misli moʻr-malax,

Dod-faryodga toʻlib yer, falak,

Daryo boʻlib oqardi qonlar.

Qonli janglarning birida chavandoz mardlarcha halok boʻladi. Bu ot uchun ogʻir judolik. U qaygʻu-gʻamga botadi. Alamzada boʻlib yurgan otga dushman mingan zahoti Boychibor uni zarb bilan yelkasidan uloqtirib yuboradi:

Sapchidi koʻkka tulpor,

Yov ustidan toyrildi.

Tepki yeb, boʻlib abgor,

U jonidan ayrildi.

Toʻlan Nizom shu zaylda bedov otning egasiga sodiqligini, sohibi uchun jon berishga ham tayyor ekanligini koʻrsatib qolmay, balki xalqdagi “Ot aylanib qozigʻini topadi” maqolini ham asarga singdirib yuboradi.

Chovkar halok boʻlgan sohibining qoshiga kelib yigʻlab, yuzkoʻzidan hidlab tursa, egasidan judo boʻlgan, jangda uni yoʻqotib qoʻygan Boychibor esa oʻz makoniga – xoʻjasining uyiga talpinadi. Butun el-yurt “erni titratib”, “tepib-kishnab” kelgan Boychiborni koʻrib, hayron va hayrat bilan yoqa ushlab qoladi:

Ot keldi uyin tanib,

Hidladi ostonani.

Tulpor turar oʻrtanib,

Yurti shu – sogʻingani.

 

Shundan vafodor tulpor –

Nomi sevib alqandi.

U haqda takror-takror –

Kuylanib doston qoldi.

“Boychibor” dostoni orqali shoir bolalarni ona-Vatanni sevishga, uning har bir qarich yeri uchun qon toʻkishga, hayvonlarni, ayniqsa, otlarni sevishga – ularni ehtiyotlab parvarish qilishga oʻrgatadi.

“Olmaxon” ertak-dostonida Sobir ismli bolakayning oʻjarligi, qoʻpol-qoʻrsligi, olmaxonga nisbatan nooʻrin xatti-harakati tanqid qilinadi.

Toʻlan Nizom marhum shoir Choʻlpon toʻgʻrisida “Choʻlpon”, oʻzbek mumtoz adabiyotining otashin kuychilaridan biri Bobarahim Mashrab haqida “Ruhi ravonim” kabi dostonlar ijodkori hamdir. Choʻlponning ona shahri Andijonda Toʻlan Nizom qalamiga mansub “Choʻlpon” spektakli bir necha yillardan beri namoyish qilib kelinadi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.