Tohir Malik

0
3824
marta koʻrilgan.

Oʻzbek adabiyotida Tohir Malik oʻzining «Somon yoʻli elchilari», «Zaharli gʻubor», «Chorrahada qolgan odamlar», «Falak» va boshqa fantastik, «Charxpalak», «Bir koʻcha, bir kecha», «Soʻnggi oʻq», «Shaytanat» singari detektiv asarlari bilan tanilgan va kitobxonlarning sevimli yozuvchisiga aylangan ijodkordir.

Bir qator hukumat nishonlari va mukofotlari bilan taqdirlangan, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 1946-yil dekabrda Toshkentda ziyoli oilada dunyoga keldi. Barcha tengdoshlari singari u ham urushdan keyingi turmush qiyinchiliklarini boshidan kechirdi. Oiladagi besh farzandning kenjasi boʻlgan Tohir maktabga bormay turiboq savodini chiqardi. Uning kitobga ixlosini sezgan akasi birinchi sinfga borgan ukasiga hozirga qadar eʼzozlab saqlayotgani — «Mard yigit» ertaklar toʻplamini sovgʻa qildi.

Taniqli oʻzbek adibi va tarjimoni Mirzakalon Ismoiliy Tohir Malikning togʻasi boʻlib, uni 1949-yilda «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olishadi.

«Kechasi uygʻonib ketib, qarasam, ayam rahmatli qora chiroq nurida doʻppi tikib oʻtiribdilar. Qoʻllari ishda-yu, koʻzlarida yosh. «Nega yigʻlayapsiz?» deb soʻradim, javob bermadilar. Sababini oradan yillar oʻtib bildim. Togʻamning «xalq dushmani» emasligi maʼlum boʻlib, «oqlanib» chiqqanida ikkinchi sinfda oʻqirdim. Dastlabki mashqlarim oʻshanda boshlangan. Ammo yozganlarimni talabchan togʻamga koʻrsatishdan choʻchir edim», deb eslaydi adib.

Dastlabki hikoyasi 1960-yilda «Gulxan» jurnalida chop etiladi. 1963-yilda Tohir Malik Toshkent davlat universitetining kechki jurnalistika boʻlimiga oʻqishga kirib, kunduzi qurilishda duradgor, gʻisht tashuvchi boʻlib ishlay boshlaydi. U ijodga doir mashqlarni davom ettirar ekan, ustoz-togʻaning ikki oʻgiti — «Oʻzing bilmagan narsani yozma», «Boshqalar yurgan yoʻldan yurma, oʻz yoʻlingni top»ga hamisha amal qildi. Shu bois Tohir Malik oʻzbek adabiyotida kam eʼtibor berilgan fantastika janriga qoʻl urdi va bir qator asarlari bilan kitobxonlar eʼtiborini qozondi. Uning «Falak» qissasi rus tiliga tarjima qilinib, Moskvada va boshqa respublikalarda chop etildi.

Tohir Malik «Tong yulduzi» gazetasi, Oʻzteleradio, «Guliston» jurnali, «Gʻafur Gʻulom», «Choʻlpon» nashriyotlari, Yozuvchilar uyushmasi, «Yoshlik», «Sharq yulduzi» jurnallarida faoliyatini davom ettirdi. U qayerda ishlamasin hayotni, insonlarni, ularning tabiatini yaqindan oʻrgandi. Yozuvchi asarlarini oʻqir ekansiz, ularda tasvirlangan eng yomon odamlardan ham baʼzan nafratlanmaysiz, ularga achinasiz. Nega shunday? Chunki yozuvchi insonlarni, ularning ichki kechinmalarini, ru-hiyatlarini sinchiklab oʻrganadi va kitobxonni ham mana shu ruhiyat olamiga olib kiradi, uni shu holga solgan sabablarni tahlil qilishga va xulosa chiqarishga yoʻnaltiradi.

«Alvido, bolalik» asari Tohir Malik ijodida alohida oʻrin tutadi. Asardagi asosiy mavzu hech kim jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi, bolani atrof-muhit, jamiyatdagi turli illatlar jinoyatchiga aylantiradi. Bu haqda adibning oʻzi shunday deydi: «Men oʻsmirlar va yoshlarning jinoyat koʻchasiga kirib qolayotganligiga befarq qarab turolmayman. Bolalar axloq tuzatish koloniyalariga har borga-nimda yuragim eziladi. Ozod, erkin yashab, oʻqib, hunar oʻrganadigan bolalar bu yerga qanday tushib qoldilar?! Nahot jinoyat olami ularga jozibali koʻrinsa?! Men jinoyat olamini «Shaytanat», yaʼni shaytonlar yetovidagi zulmkorlar mamlakati deb atab, «Ehtiyot boʻling, jigarlarim, bu koʻchaga yaqin yoʻlamang. Boshi berk bu koʻchaning adogʻida faqatgina azobli, xorli oʻlim topasiz», demoq niyatida yozdim. Yozganlarimni ogohlantirish deb qabul qilishlarini istardim», deydi.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.