Togʻay Murod

0
300
marta koʻrilgan.

1948 yili Oʻzbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati Denov tumani yaqinidagi Xoʻjasoat qishlogʻida tavallud topgan.

 

Ot kishnagan oqshom 

(Der Abend, als das Pferd wicherte)

 

1982 yili nashr qilingan Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasida Ziyodulla kal hamda uning oti Tarlon hayotidan epizodlar oʻta mohirlik bilan jonli tilda tasvirlab beriladi. Garchi qissa oddiy va sodda tuyulsa-da, yozuvchi matn boshidanoq ikkinchi bir maʼno qatlamini yaratishga muvaffaq boʻlgan. Chunki turkiy xalqlar ertaklarida kalbosh (yoki qasmoqbosh) oʻz zamondoshlari jurʼati yetmagan umumqabul qilingan qoidalarni buzuvchi yoki haqiqatlarni ochiq ayta olish qobiliyatiga ega ayyor va mugʻombir shaxs timsolida keladi. Choʻpon Ziyodulla kal asarda oʻz “men”i nomidan hikoya qilib, muallif tomonidan boshqa izohlar berib borilmaydi.

Ziyodulla maktab davrida bitliqiligi sabab sochlarini qirdirib oldiradi va keyinchalik ushbu holatni oʻzining “men”iga aylantirib yuboradi. U hatto boshqalarga oʻzini “Ziyodulla kal” deb atashlarini, unga “oʻrtoq Qurbonov” deb boshqa aytmaslikni uqtiradi.

Kitobxon asar mutolaasi jarayonida ot va koʻpkari oʻyinlari, qahramonlarning oʻziga xos xislatlari haqida ham bilib oladi. SHikoyachining tushida koʻrib, soʻngra unga uylangan dilbar oʻrtasidagi oshiqlik munosabatlari ham asar ruhiyatiga juda mos kelgan:

“Momosuluvga koʻrgan tushimni aytib berdim. – Sen ham shunday tush koʻrib edingmi? – dedim. – Koʻrib edim, – dedi. – Chiningni ayt, – dedim. – Chinim, – dedi. – Lekin, taniyolmay qolib edim, chiroq oʻchiq edi, – dedi. – Oʻsha men edim! – dedim, koʻkragimga urdim. – Siz ekanligingizni bilib tegdim-da, – dedi. – Ahay-ahay! – dedim. Birodarlar, Momosuluv tushimda Choʻlpon edi, hushimda Oy edi, qoʻynimda Oftob boʻldi!”

Ziyodullaning yashirin muhabbati kenja farzandiga alla aytish pallasida ham yaqqol koʻrinadi. Alla orqali oʻquvchilar oradan yillar oʻtganini, farzandlar dunyoga kelganini biladi.

Yozuvchining yana bir qissasi “Oydinda yurgan odamlar” deb nomlanadi. Unda farzandsizlikdan iztirob chekkan kishi gʻam-gʻussalari, qadriyatlarga boy hayot tarzi ifodalangan. Qahramonlar hayotiy qiyinchiliklarga duch kelsa-da, ona-tabiatdan, oʻzligidan begonalashmaydi. Muqaddas bir dunyoga boshqa bir olamning shafqatsizlarcha bostirib kirishi esa asar strukturasini yanada boyitadi.

Ziyodullaning shahardan kelgan oʻqimishli, ammo oʻz maqolalari qahramonlarining kundalik hayoti haqida hech qanday tasavvurga ega boʻlmagan bir jurnalist bilan uchrashuvi ham kulgili tasvirlangan. Choʻpon bilan suhbat jarayonida jurnalist eski iboralari hamda gaplari bilan omi va sovuqqon koʻrinishda taassurot qoldiradi.

Goʻsht taqchilligi sabab otlarni goʻshtga topshirish toʻgʻrisidagi topshiriq ham shafqatsiz eshitiladi. Bu yerda Aytmatovning “Oq kema” asaridagi ona bugʻuning hamda “Qiyomat” asaridagi kiyiklarning qatl qilinishi syujetlarining taʼsirini kuzatish mumkin. Ziyodullaning oʻz otini xalq ogʻzaki ijodi qahramonlari bilan taqqoslashi, maqtashi, boringki, shikoyat tarzida aytgan gaplari ham oʻquvchiga kutilmagan kayfiyat beradi: “Tarlon ot emas, Jumanbulbul kuylagan “Quntugʻmish”! Fozil Yoʻldosh kuylagan “Alpomish”! Gajak-gajak boʻyinlar boʻyin emas, doʻmbira, doʻmbira! “Kuntugʻmish”ni goʻshtga topshirib boʻladimi? “Alpomish”ni goʻsht qilib boʻladimi?”

Poetik taʼkidga koʻra, goʻsht oluvchilar milliy urf-odatlarni bilmasligi va qoʻpolligi bilan ajralib turadi. Chunki ular uy egasining yangi tugʻilgan chaqaloqning sogʻligi va uydan ziyon-zahmatlarni quvish uchun mehmon tomonidan “sovgʻa” qilingan biron narsani isiriqqa qoʻshib tutashish uchun kiyimi uchidan bir ip berishni soʻrab qilgan iltimosini keskinlik bilan rad etishadi. Choʻponning muallif tomonidan Moskvaga olib borilishi, u yerda oʻz arzini ayttirishi va shundan keyin otlarni goʻshtga topshirish buyrugʻining qaytib olinishini potensial tanqidchilar uchun bir murosa sifatida koʻrish mumkin.

Tinch va osuda hayotning shafqatsiz tarzda buzilishiga bir guruh jinoyatchilar sabab boʻlishadi: Ziyodulla bozorda bir kishi oʻgʻridan oʻz narsalarini qaytib olmoqchi boʻlganida ayovsiz doʻpposlanganining guvohi boʻladi. Taqirboshdan boshqa tomoshabinlardan hech biri voqeaga guvoh boʻlishga rozi boʻlmaydi. Aksincha, ular Ziyodullaning oʻzini ahmoq deb bilishadi:

“Shu! Ana, oqibat, qarindoshingiz chalajon boʻlib, kasalxonaga ketdi! Shu! Holidan xabar olib turibsizmi? Qalay endi? – Borganim yoʻq! – Iya, nega? – Men uni tanimasam, bilmasam… – Iya, hali tanimaysizmi? – Esa-da. Baliqpaz yuzimga enkayib qaradi. Gapim jiddiyligini bilib, tizzasiga urib kuldi. – E, aka-e, aka-ye! Afandi ekansiz-ku!… – E, aka-e, e, aka-ye! Qarindoshingiz boʻlmasa, aqalli tanishingiz boʻlmasa, sizga nima? Qip-qizil Afandi ekansiz! Shu! Yo undan biron nima undirdingizmi!”

Bunday xatti-harakatlar jamiyatning barcha boʻgʻinlarida odatiy hol hisoblanadi. Koʻpchilikning ongida yaqin kishisiga shunchaki insoniylik jihatidan yordam berish bu ahmoqlik va goʻllikdan boshqa narsa emas. Asar yakunida aybdorlar topiladi va jazolanadi. Ammo sud zalidan uyga qaytishda taqirbosh jinoyatchilarning hamtovoqlari tomonidan oʻlasi qilib doʻpposlanadi.

Asar soʻngigacha ziddiyatlarga boy emas. Voqealar kulgili va jonli hikoya tarzida aytib beriladi. Yozuvchi ushbu qahramon orqali qadriyatlarga boshqacharoq nazar tashlashga muvaffaq boʻladi. Boshida kulgili va noodatiy koʻringan holatlar oxiriga borib aslida insoniy fazilatlar boʻlib chiqadi. Sobiq ittifoq paytida Oʻzbekistondagi oddiy sotsialistik turmush tarzi oʻquvchiga toʻsatdan joʻn va aqlga sigʻmaydigan holat boʻlib koʻrina boshlaydi. Bir koʻpkarida davlat idorasi xodimining gapi ham kulgili eshitiladi. Ziyodulla otdan yiqilib tushgan paytda u xuddi majlisda oʻtirgandek vaʼz oʻqiydi:

“…Men bundan koʻp yillar muqaddam aytganman, koʻpkari eskilik sarqiti, salomatlik dushmani, hayot uchun xavfli deb!..” Bunday gaplarni sotsializmning barcha davrlarida turli-tuman koʻrinishlarda eshitish mumkin boʻlgan.

Anʼanaviy yashash tarzi bilan muntazam olib borilgan siyosiy kurashlar natijasida urf-odatlar amalda qisman zamonaviy qarashlar ortiga chekindi va bu, oʻz navbatida, ushbu yashash tarziga boʻlgan sogʻinish hissining vujudga kelishiga sabab boʻldi. Togʻay Murod oʻzining aʼlo darajadagi qissasi bilan mazkur sogʻinish hissini chin insoniy qadriyatlar orqali ifodalashga muvaffaq boʻlgan.

 

Zigrid Klaynmixel

 

Nemis tilidan Sanjar Islomov tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2018/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.