“Tazkirai naqshbandiya”

0
138
marta koʻrilgan.

Koʻngil tashnaligini qondiradigan maʼrifatning yana bir bulogʻi “Tazkirai naqshbandiya” asaridir. Tadqiqotlarda “Silsilai xojagoni naqshbandiya”, “Tazkirai Tohir eshon”, “Tazkirat ul-avliyo” nomlari bilan ham uchraydi. Muallif yuqoridagi maqolada qayd etilgan tazkiralarni munosib davom ettirgan.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasida muallifning “Al-abyot ul-naqshbandiya”, “Hujjat as-solikin va rohat at-tolibin”, “Risola sayr ilalloh”, “Rumuz ul-kalom” asarlari ham saqlanadi.

Muallif: Muhammad Tohir ibn Muhammad Tayyib Xorazmiy, XVII asrning ikkinchi yarmida tugʻilgan va hijriy 1160 yil (1747) atrofida vafot etgan. Xorazmning Xonaqoh (hozirgi Xonqa) tumanidan edi. Oʻz davrida tasavvuf va adab ahli davrasida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlgan.

Asarning ahamiyati: Unda ilk islom davridan 1747 yilga qadar yurtimizda yashagan, turli sohalarda faoliyat yuritgan suluk ahli va olimlar toʻgʻrisida maʼlumotlar yigʻilgan. Tazkirada 320 nafardan oshiq ulugʻlar toʻgʻrisida axborot beriladi. Muallif oʻzigacha yozilgan tazkiralardan ham foydalangan. Oʻquvchi unda “Samarot ul-mashoyix” asarining ajoyib tarzda davom etganini koʻradi. Asarda kitobxonlar ommasiga tanish boʻlgan mashhur tarixiy shaxslardan tashqari, Muhammad Zohid Vaxshuvariy, Darvesh Muhammad Shahrisabziy, Mavlono Xojagi Imkanagiy, Boqibilloh Dehlaviy, Shayx Ahmad Sirhindiy, Hoji Habibulloh Buxoriy, Xoja Vafo Buxoriy Samarqandiy, Hasanquli Xorazmiy, Darvesh Ahmad Samarqandiy, Ogʻoyi Buzruk, Muhammad Hofiz Basir, Ismoil Farkatiy, Qozi Omon Termiziy kabi tarixiy shaxslar, Subhonqulixon, Ubaydullaxonlarga oid voqealar qiziqarli tarzda hikoya qilinadi. Ayrim voqealarda muallifning oʻzi ham ishtirok etadi. Muhammad Tohir Xorazmiy koʻplab joylarda boʻlgani, azizlar qabrini ziyorat qilgani, zamonasining ziyolilari bilan suhbatlarini  yozadi.

Qoʻlyozmalar xazinasida mazkur asarning №69, 75, 6832 raqamlardagi forsiy, №7017-1, 856-1 turkiy nusxalari saqlanadi.

№7017 raqamli qoʻlyozma mahalliy qogʻozga nastaʼliq xatida yozilgan, muqovasi yashil rangli, qattiq qogʻoz, 376 varaq (1b – 376a), 35x21,5 sm. Matn oldi varaqlarda (1b – 4a) mundarija berilgan. Anʼanaviy “bismilloh”dan soʻng asarning asosiy matni (5b) boshlanadi.

Matnning yakuniy qismida muallifning: “Faqir Muhammad Tohir ayturkim, bu kitobni Buxoroda ibtido etdim va ham Buxoroda tamom etdim”, qaydi bor. Asar hijriy 1160 yili (1747) yozib tugallangan (376a).

Ushbu nusxa hijriy 1329 yili (1911) domulla Muhammad Yaʼqub oxund Beshariqiy tomonidan Xiva shahrida koʻchirilgan.

“Tazkirai naqshbandiya” asariga tadqiqotchilar tez-tez murojaat qilib turishiga qaramay, hozirga qadar yetarli darajada ilmiy oʻrganilmagan. Uning turkiy nusxalarini kirill, lotin yozuvlariga oʻgirish va nashr etish bugunning kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb vazifalaridandir. Ayniqsa, ayni kunlarda yurtimizda ziyorat yoʻnalishi va xalqaro sayyohlik ishlarini yoʻlga qoʻyishda bu kabi asarlarga yaqqol ehtiyoj sezilayotir.

Koʻngil tashnaligi… Uni qondiradigan hayot tomchilari qoʻl uzatgudek yonginamizda. Uni koʻrish, ilgʻash, qalbni u bilan quvvatlantirish uchun endi, faqat oʻzimiz harakat qilishimiz zarur. Ushbu mitti maqolamizga oʻsha hayot tomchilari dunyoga keladigan qoʻsh buloq haqidagi qisqagina axborotni joylashtirishga urindik. Oʻzlikni topish yoʻlida bizni hali yana gʻaroyib asarlar kutib turibdi.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

 

“Yoshlik”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.