Tarjimonning mavqei va masʼuliyati

0
855
marta koʻrilgan.

Ne tongki, istiqlol sharofati bilan bugun jahon adabiyoti durdonalarining istalgan namunasini milliy estetik ehtiyojdan kelib chiqqan holda, shaxsan tashabbus koʻrsatib, tarjima qilish imkoniyati paydo boʻldi. Yaʼni, tarjimon eng maqbul asarni oʻzi erkin tanlab, ona tilida qayta yarata oladi. Shoʻro davrida, yakkahokim firqaviy mafkura quyushqoniga sigʻmagan asarlarni tarjima qilish haqida oʻylash ham mahol edi.

Ammo, ijodiy erkinlikning yuksak masʼuliyati ham mavjud. Bunda, tarjimon: birinchidan, milliy maʼnaviy ehtiyojimizga toʻliq javob beradigan va adabiyotimiz xazinasiga munosib hissa boʻlib qoʻshiladigan asarni yanglishmay, toʻgʻri tanlay olishi; ikkinchidan, tarjimon-shoir ham oʻz salaflarining, zamondoshlarining ijodini har taraflama puxta oʻzlashtirishi; uchinchidan, tarixiylik prinsipiga rioya etib, tarjimon muayyan xalqning muallifi “men”i mohiyatini va asari mazmunini tashkil etgan dunyoqarashni, ruhiyatni asliyatga muvofiq tarzda, badiiy haqqoniy qayta kashf etishi; toʻrtinchidan, zarur hollarda badiiy matnning qorongʻiroq oʻrinlariga ilmiy sharhlar ilova etishi lozim.

2015 yil tarjimalari misolida ham ushbu fikrlar tasdigʻini topishi mumkin. Biz vaqtli matbuotda bosilgan tarjimalar bilan imkoniyatimiz darajasida tanishib, ularni aniq bir mavzu asosida oʻrganishga intildik.

Badiiy tarjimachilikning asosiy minbari “Jahon adabiyoti” jurnali hisoblanadi. Oʻtgan yilda yoritilgan asarlarni xayolimizdan oʻtkazsak, tarjimalar keng miqyosli va salmoqli ekanini sezishimiz mumkin. Misol uchun, Charlz Dikkensning “Katta umidlar” romani (ingliz va rus tilidan Shoazim Minovarov tarjimasi, 1-4-sonlar), Chinnapa Bharatining “Pavlayi” romani (tamil tilidan Maktuba Murtazoxoʻjayeva tarjimasi, 5-6-sonlar, Gorderning “Apelsin qiz” (rus tilidan Komila Nosirova tarjimasi, 5-6-sonlar) va boshqa asarlar fikrimizni tasdiqlaydi. Bundan tashqari, izchillik bilan tartib berilgan maxsus sonlar: Belgiya (1), Eron (2-3), Norvegiya (4), Turkmaniston (5), Argentina (5), jahon bolalar adabiyotidan namunalar (6-7), Vengriya (8), Ispaniya (10-11-12) sonlar ham misol boʻla oladi.

Yuqorida tarjimon tashabbusi naqadar muhimligi haqida toʻxtaldik. Uning zamirini aniq maqsadli faoliyatga kirishgan estetik ideal tashkil etadi. “Tarjimaga asar tanlashda muhabbatim ovozigagina quloq soldim, – deydi mohir tarjimon Ibrohim Gʻafurov. – Jahon adabiyotini ozmi-koʻpmi taniy boshlagach, meni koʻproq va asosan yangi tipdagi asarlar qiziqtirishini bildim. Yangi tipdagi deganim adabiyot va tafakkur dunyosida yangi yoʻllar ochgan, yangi shakllar kiritgan, yangi ruhoniy hodisalarni kashf etgan asarlar va yozuvchilar”.

“Jahon adabiyoti” jurnali 2014–2015 yillarda “Hikoya ichida hikoya” rukni ostida eʼlon qilgan jahon hikoyachiligi namunalari tarjimalari va ularga yozilgan adabiy sharhlar koʻpchilik eʼtiborini tortdi. Masalan, 2015 yilda: Xorxe Luis Borxes “Sohildagi uchrashuv” (3-son), B. Yosimoto “Kaltakesak” (4-son), Xulio Kortasar “Bemorlarning salomatligi” (5-son), M. Byuter “Moʻjazgina koʻzguchalar”, P. Gripari “Bir juft boshmoq” (6-son), Laslo Krasnaxorkai “Akropol sarhadlarida”, Laslo Byoti “Iqror” (8-son), Karlos Fuentes (Meksika) “Qoʻgʻirchoq malika” (9-son), Shoan Ignasio Taybo (Ispaniya) “Odamlar, kimsiz oʻzi?”, Xuan Benet (Ispaniya) “Rayxenau” (10-son) hikoyalari va ularga bagʻishlangan maqolalar. Bu ijodiy tajriba oʻrganishga, qoʻllab-quvvatlashga, bahslashishga loyiqdir. “Jahon adabiyoti” ijodiy jarayoni faoli sifatida, “Hikoya ichida hikoya” rukni masʼuli boʻlgan yozuvchi Olim Otaxon adabiy jamoatchilik koʻz oʻngida tarjimon va mutafakkir maqomida yaqqol gavdalanganini aytib oʻtishni istardim.

Jahon hikoyachiligidan tarjimalar sirasida: Lev Tolstoyning “Men qanday qilib jinni boʻldim” (asliyatdan Ibrohim Gʻafurov tarjimasi: “Tafakkur”, 2015 yil 3-son, 56-63-bet), yapon yozuvchisi Ryunoske Akutagava “Loyxoʻrak ovi” (rus tilidan Oygul Asilbek qizi tarjimasi: “Sharq yulduzi”, 2015 yil 1-son), Ranko Marinkovich “Timsol” (rus tilidan Risolat Haydarova tarjimasi: “Sharq yulduzi”, 2015 yil 4-son), Aleksandr Kuprin “Zumrad ot” (asliyatdan Oygul Suyundiqova tarjimasi: “Yoshlik”, 2015 yil 3-son), Mariya Luiza Kashnite “Arvohlar” (asliyatdan Yanglish Egamova tarjimasi: “Yoshlik”, 2015 yil 4-son) hikoyalarini va boshqalarni, bolalar adabiyotidan esa Etta Bleyzdelning “Jajji quyoshcha” (ingliz tilidan Shahnoza Karimova tarjimasi: “Gʻuncha”, 2015 yil 10-son) va shu kabilarni eslab oʻtish joiz. Bular, shubhasiz, tarjima bobidagi yutuqlarimiz jumlasidandir.

Asliyatdan va oraliq tildan tarjima kun tartibidagi eng muhim muammolardan biridir. Har ikki holatda ham tarjimon asliyat va uning tarjimasi – qayta yaratilgan badiiy matni manfaatlarini birdek hisobga olishi zarur. Hind eposi “Ramayana”ni oraliq tildan tarjima qilgan shoir Muhammad Ali qanday ijodiy yoʻl tutgani haqida shunday deydi: “Shuni taʼkidlash lozimki, dostonda Vishnuning shon-shavkatli ishlari koʻproq taʼriflanadi. Shoir imkoni topildi deguncha, Vishnuning qahramonliklarini, dunyoni asrashdagi beqiyos jasoratlarini ifoda etuvchi biror lavha, naql, hech boʻlmaganda shularni eslatadigan ibora, soʻz keltirib oʻtadi. Shoirning bunday munosabati tushunarli – axir doston Vishnu tajassumi – Ramaning mashaqqatli mardona hayotiga bagʻishlangan. Ikkinchi kitobning “Ayoʻdhya gʻussasi taʼrifinda” bobida Ramani badargʻa qilgan Dasharatha oʻgʻlining ortidan dod solib qasrdan chiqadi. Shoir podshoning dahshatdan yuzi oqarib ketganini shunday taʼriflaydiki, uning oxiri Vishnuga borib ulanishini dabdurustdan payqash qiyin:

 

Ruschasi:

I sar poblednel, slovno mesyasa lik svetozarniʼy

V tu poru, kogda yego demon glotayet kovarniʼy.

 

Tabiiyki, oʻquvchi buni oʻqib, uning zamirida yotgan goʻzal afsonani bilmay qoladi”.

Tarjimon ushbu afsonani bayon qilgach, quyidagilarni eslaydi: “Hindlar tasavvurida quyosh va oy tutilishini iblis Rohu tutib oldi, deb hisoblaydilar. “Rohu” tutib olguvchi, demakdir. Yuqoridagi baytni tarjima qilganda mana shu afsonani eʼtiborga olishni, uni qandaydir yoʻl bilan aks ettirishni farz deb bildik. Shuning uchun garchi oraliq tilda faqat “iblis” (“demon”) soʻzi berilgan boʻlishiga qaramay, biz unga “Rohu” soʻzini kiritdik va izoh berdik. Bayt oʻzbekchada ushbu koʻrinishga ega boʻldi:

 

Hiylagar iblis Rohu yutgan oy singari shoh,

Rangi oqarib ketmish dokadan ham oppoq, oq.

 

Shoir, birinchidan, Vishnuning ulugʻvorligiga ishora qilib oʻtmoqchi va, aytish kerakki, u bunga erishgan, ikkinchidan, nogahoniy balo-qazoga giriftor boʻlgan Dasharathaning ahvoli ruhiyasini tasvirlamoqchi. Taxtga minaman, deb turgan suyukli oʻgʻlining oʻn toʻrt yilga badargʻa qilinishi va uning keta boshlashi podsho uchun baayni oʻsha iblis Rohuday dahshatli-yu qoʻrqinchli; bunday balo-ofat har kimning ham boshini gangitib qoʻyadi va uning rangida Rohu yuta boshlagan oydek qon qolmasligi tabiiy. Tarjimada biz Dasharathaning shu holatini boʻrttiribroq koʻrsatish uchun asliyatda boʻlmagan, lekin asarning mantigʻi talab qilgan chizgi – “doka”ni qoʻshishga jurʼat etdik. “Dokadan ham oppoq” soʻzlaridan keyin, taʼkidni kuchaytirish maʼnosida “oq” soʻzi keltirildi. Zero, “poblednel” – “rangi oqardi” asliyatdagi podsho holatini ifoda etishga ojizroqday tuyuldi”.

“Yozuvchining badiiy niyatidan hech narsa tushib qolmasligi, hammasi asliyatda qanday boʻlsa, shunday yaraqlab turishini oʻylayman. Ayniqsa, iboralar. Bironta jumla, ibora tarangligini yoʻqotmasa, deyman. Variantlar… variantlar… tabdillar, muodilliklar variantlari… Qachon Dostoyevskiy yo Nitshega munosib oʻzbekcha qurch badiiy ibora chiqarkan, deyman. Rus tili orqali qilingan tarjimalarda ham Markes yo Nitshening yuragini, ularni oʻgirgan rus tarjimonining yuragi zarblarini tinglashga, ilgʻab olishga ich-ichimdan intilaman. Rus tarjimonining qiyinchiliklarini tasavvurimga keltiraman, – deydi olim va tarjimon Ibrohim Gʻafurov. – Baʼzan: yoʻq, Nitshe bunday yozishi mumkin emas, degan ishtibohga boraman. Tarjima tili butun oʻziga xos olam! Oraliq tildan tarjimada, axir, avtordan koʻra tarjimon-muallifga ergashasiz, uning harakatlari, yuz ifodalarini takrorlaysiz”.

Bularning barchasi shuni koʻrsatadiki, bir rus tarjimoni aytganidek, sheʼriyatday, tilning murakkab ijodida olamning lisoniy manzarasi emas, balki sen koʻzing bilan koʻrmaydigan, soʻz tarzida yoza bilmaydigan – oʻqiy olmaydigan oʻzga bir narsa hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Endi sheʼriy tarjimalarga bir qur koʻz tashlaydigan boʻlsak, avvalo, “Jahon adabiyoti” sahifalarida yil davomida jahon adabiyoti namunalaridan tarjimalar muntazam berib borildi. Boshqa xalqlar shoirlarining ona tilimizda qayta yaratilgan koʻp va xoʻb sheʼriy asarlarini birdaniga tahlildan oʻtkazish uchun vaqt bemalol boʻlishi kerak. Shuning uchun Marina Svetayevadan shoira Gulbahor Saidgʻaniyeva, Emili Dikonsondan shoir Karim Bahriyev, Ivan Bunindan shoir Sirojiddin Rauf, Korney Chukovskiydan shoira Kavsar Turdiyeva eʼlon qilgan sheʼriy tarjimalarni ham unutmagan holda, rus shoirlari – Boris Pasternak va Anna Axmatova sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish yoʻlida amalga oshirilayotgan ijodiy ishlar, shakllanayotgan tajriba xususida baʼzi fikr-mulohazalarimizni bayon etmoqchimiz.

Yosh tarjimonlardan biri Shahnoza Nazarova Boris Pasternak asarlarining “bizga daxldor” jihatlarini bilishga qiziqadi va Boris Pasternakning “Nobel mukofoti” sheʼrini oʻz tarjimasida taqdim etadi. Nazarimda, biror shoir sheʼrining tarjimasi muvaffaqiyatli chiqishi uchun tarjimon shoir kamolga yetgan muhitni, shaxsi va dunyoqarashini, asarining tub magʻzini, maʼno tovlanishlarini teran va har taraflama uqib, qayta yarata olishga tayyorlanishi, shundan soʻng tarjima qilishi lozim. Lekin shu ijodiy shartga rioya qilinmayapti.

Shoir Mirpoʻlat Mirzo Boris Pasternakning “Qish tuni” sheʼri kuyini ona tilimizda muqobil – asliga muvofiq, goʻzal tarzda ifodalay olgan.

Sheʼrning kuyi topilgan, lekin mazmun soʻzlarda toʻliq ifodasini topmagan. Sheʼrni soʻzma-soʻz tarjima qilsangiz, buni yaqqol koʻrasiz. Tarjimon mukammal ifodaga erishish uchun badiiy matn yaratish ustida ijodiy mehnatini davom ettirishi uni muvaffaqiyatga eltadi.

Nazarimizda, Boris Pasternak sheʼrlarining tarjimalari muvaffaqiyatli chiqishi uchun tarjimonlarimiz bu rus shoiri kamolga yetgan muhitni, uning shaxsi va dunyoqarashi, ijodiy tadrijini, asarlarining tub magʻzini, maʼno tovlanishlarini teran va har taraflama uqib, qayta yarata olishga tayyorlanishlari, shundan soʻnggina tarjima qilishlari lozim. Lekin hammaga maʼlum shu ijodiy shartga rioya qilinmayapti. “Sharq yulduzi” jurnalida Boris Pasternakning beshta sheʼrining tarjimasi bosildi (9, B. 206-207). Ularni oʻqib tushunib boʻlmaydi. Asliyatdagi sodda, aniq, balqib turgan obrazlar tanib boʻlmas ahvolga keltirilgan. Tarjimon – adabiyotshunos bu sheʼrlarni soʻzma-soʻz tarjima qilib koʻrganida, sheʼr maʼnosi va kuyini uqqanida, bunday tusmol qilib yurmas edi. Shunday tarjimaning chop etilishi taajjublanarlidir. Bir misol bilan kifoyalanamiz

 

Asliyat:

 

I polusonniʼm strelkam len

Vorochatsya na siferblate,

I dolshe veka dlitsya den,

I ne konchayetsya obʼyatye. (18, S. 130)

 

“Sharq yulduzi”dagi tarjima:

 

Yarim uyqu – yalqovlik mili,

Aylanadi kuyosh qadogʻi.

Davom etar asr kunlari,

Va sigʻmas bagʻriga adogʻi. (9, B. 206).

 

“Yalqovlik mili” nima degani? “Quyosh qadogʻi”-chi? “Bir asrdan uzoqroq davom etar kun” mazmunidagi favqulodda obraz, Chingiz Aytmatov romani nomiga aylangan misra qanday qilib “davom etar asr kunlari” kabi gʻaliz jumla boʻlib qoldi? “Va sigʻmas bagʻriga adogʻi” degan mavhumot qayoqdan keldi? Boris Pasternak sheʼrini shunchalik oʻzboshimchalik bilan buzishga “tarjimon”ning qanday haddi sigʻdi? Beshta “tarjima”ning har bir satrini shu tarzda koʻrib chiqish befoyda va adabiy tanqid odobiga rioya qilmaslik boʻlur edi.

Anna Axmatova asarlari tarjimasi bobida koʻproq ijodiy tajriba mavjud.

Abdulla Sher tarjimasida yakuniy band samimiy; lirik qahramon qalb qaʼrlaridagi fojeiy iqror gʻoyat iboli, ammo faryodday boʻlib yuzaga chiqqan:

 

Cheksiz azob kunlarin bir-bir

Yashab oʻtdim men qishi bilan.

Biroq nechun, sen nechun, axir,

Ayt, yaxshisan tanlaganimdan?

 

Gulnoza Moʻminova tarjimasida ilk bandning birinchi va ikkinchi misrasi sodda, ravshan ifodalangan:

 

Bogʻlanmagan koʻngil koʻngilga,

Ketavergin, istasang agar.

Anna Axmatova: Abdulla Sher tarjimasi: Mirpoʻlat Mirzo tarjimasi:

 

Dver poluotkriʼta Yarim ochiq eshikdan Eshik yarim ochilgan,

Veyut lipiʼ sladko… Joʻkalar boʻy ufurar. Joʻka boʻy tarar shu tob…

Na stole zabiʼtiʼ Qoʻlqoping xivchin bilan Stolda unutilgan

Xliʼstik i perchatka. Stol ustida turar. Xipchin hamda oq qoʻlqop.

 

Anna Axmatova: Abdulla Sher tarjimasi: Mirpoʻlat Mirzo tarjimasi:

 

Ya prishla syuda, bezdelnitsa, Men shunchaki bu yerga keldim, Dilgirlikdan bezib ketdi jon,

Vse ravno mne, gde skuchat! Farqsiz – qayda zerikmoq bu kun! Yuragimga har lahza ogʻu.

Na prigorke dremlet melnitsa, Doʻngda mudrar yeltegirmon jim, Tepalikda turar tegirmon,

 

Asliyatdagi goʻzal lirik sheʼrlarning poetik jozibasini uqishga qiziqish, oʻzbek tilida ularga mos ajoyib ifodalarni topish – ayni ijodiy jarayonda estetik zavq-shavq olish imkoniyatini boy bermaslik qanchalik muhim. Nega shu ijodiy ehtiyojdan kelib chiqib ish koʻrilmagan? Har qalay, tushunish qiyin…

2015 yil sheʼriy tarjimadagi muhim voqealardan biri – Anna Axmatovaning “Jahon adabiyoti” jurnalida Abdulla Sher tarjimasida eʼlon qilingan dostoni “Firoqnoma” boʻldi. Rus shoirining erksevarlik ruhiga toʻla, mohiyatan insoniylikni sharaflovchi bu asari ham oʻzbek tilida jarangladi. Anna Axmatova “men”i ruhan mustabid tuzum zulmi ostida qolgan boʻlsa-da, insoniy gʻurur, ichki ozodlik unga qoʻldosh va yoʻldosh edi. Tarjimon bu ruhni toʻgʻri ifodalay olgan. Abdulla Sher tarjimasida, yana bir asliyatga muvofiq oʻrinlardan birini koʻraylik:

 

Bu gʻamdan togʻning ham bukilgay qaddi,

Tinib qolgusidir ulugʻ daryo ham,

Biroq turmalarning tambasi mahkam,

Tambaning ortida “ariston kati”,

Va dilni qon qilgan sogʻinchli alam.

 

Bunday mahoratli ijod namunasi tasodifiy emas. Abdulla Sher oʻz sheʼrlariga ham, tarjimalariga ham qayta-qayta sayqal berishdan charchamaydi.

Oʻzbek adabiyoti namunalari 2015 yilda chet tillarda ham nashr etildi:

“XX asr oʻzbek sheʼriyatidan namunalar”, “XX asr oʻzbek hikoyalaridan namunalar”, “Zulfiya ijodidan namunalar” toʻplami koreys tilida eʼlon qilindi.

Yozuvchi Erkin Aʼzamning “Shovqin” romani, “Pakananing oshiq koʻngli” qissasi, “Yozuvchi” va “Aralashqoʻrgʻon” hikoyalaridan iborat toʻplami ingliz va fransuz tillariga tarjima qilindi, Vashington va Parij shaharlarida muallif ishtirokida bu kitoblarning taqdimotlari oʻtkazildi.

Tarjima jarayoniga nazar tashlar ekanmiz, adabiyotshunos Adhambek Alimbekovning hozirjavoblik bilan yozilgan taqrizlari, maqolalarini eslab oʻtish zarur. Ularni kuzatib, jahon adabiyotidan oʻzbek tiliga, oʻzbek adabiyotidan dunyoning turli tillariga qilinayotgan tarjimalar, har ikki holda ham, ularga bildirilayotgan adabiy-estetik munosabatlar toʻgʻrisida asosli tasavvurga ega boʻlish mumkin.

Oʻziga xos maʼrifiy ahamiyatga molik ishlar borasida soʻzlaganda, professor Akmal Saidovning “Jeyms Joysning yana bir romani – oʻzbek tilida”, “Yana chorlar meni ilohiy bir un…” (Oʻzbekcha “Faust”ning ikkinchi nashri haqida)” maqolalari yodga keladi. U olmon shoiri Gyote “Faust” asarining Erkin Vohidov, irland yozuvchisi Jeyms Joysning “Uliss” romanining Ibrohim Gʻafurov, “Navqiron sanʼatkorning siyrati” romanining Ahmad Otaboy tomonidan amalga oshirilgan tarjimalari haqida toʻxtalib, “oʻzbek adabiyotshunosligi va tarjimashunosligi yonma-yon faoliyat olib borganini” uqtirib oʻtadi. Uning muvaffaqiyatli amalga oshirilgan tarjima “boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, gʻarb va sharq oʻrtasida adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro adabiy taʼsir muammolarini oʻrganish yoʻlida muhim qadamdir” degan fikri tajribada qayta-qayta isbotini topgan xulosani yana bir marta eʼtirof etadi.

Badiiy tarjima sohasiga jahon tillarini oʻrgangan yoshlar kirib kelayotgani katta umid baxsh etadi. Shuningdek, ular jahon adabiyoti namunalarining oʻzbek tilidagi tarjimalari boʻyicha izlanishlar ham olib borishmoqda. “Yoshlik” jurnalida navqiron avlod vakillarining zabardast tarjimonlarimiz ijodiga bagʻishlangan maqolalari berilmoqda. Chunonchi, yosh tadqiqotchi Behruz Avazov Hayne asarlari xususida fikr yuritib, shunday deydi: “Hayne asarlarini ona tilimizga mahorat bilan tarjima qilayotgan taniqli shoir Abdulla Sher xizmatlarini taʼkidlab oʻtish joiz”. Asliyatdan bevosita oʻgirilgan bu ijod namunalari oʻzbek kitobxonlari qalbidan allaqachon joy olib ulgurgani shubhasiz.

“Agar biz Oʻzbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorugʻ kelajagini ulugʻlamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi boʻlsak, avvalambor buyuk yozuvchilarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak” (“Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch”, 139-140-betlar). Yurtboshimizning bu dasturulamal fikri azaliy va adabiy tarbiya maktabi boʻlmish adabiyotimizga ham, tarjimachiligimizga ham talluqlidir.

 

Muhammadali QOʻShMOQOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.