Tarjimada metaforaning ishlatilishi

0
1825
marta koʻrilgan.

(Herman Hessening «Choʻl boʻrisi» romani asosida)

 

  Taniqli tarjimashunos olim A.V. Fyodorovning fikriga koʻra, «Tarjimada har bir yozuvchining oʻziga xos uslubini, boshqa tilning imkoniyatlari va xususiyatlarini hisobga olgan holda, qayta yaratish darkor.

  Darhaqiqat, tarjimon Mirzaali Akbarov Hermann Hessening «Choʻl boʻrisi» romanini tarjima qilish jarayonida oʻzbek tilining imkoniyatarini ham chetda qoldirmadi. Metaforani metafora tarzida tarjimada aks ettirish, adekvat tarjima usulining muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Shu oʻrinda, metafora xususida toʻxtalib oʻtishni joiz deb topdik. Metafora haqida benihoya katta miqdordagi ilmiy adabiyotlar yaratilgan. Adabiyotlarning aksariyatida metaforaning asosiy mohiyati oʻxshatish, qiyoslashdan iborat.

  Metafora deganda, narsa va hodisalar oʻrtasidagi oʻxshashlik tushuniladi, yaʼni nutqqa obrazlilik, emotsiya berish maqsadida narsa va hodisalar oʻrtasidagi oʻxshashlikka asoslanib, soʻzlar va iboralarning koʻchma maʼnoda ishlatilishidir. Marita Rot fikriga koʻra: «Metaforalar tilning bezagi uchungina emas, balki, koʻproq tushunarlilik uchun ham xizmat qiladi [3:31].

  Aristotel oʻzining «Ritorika» asarida metafora bilan oʻxshatish oʻrtasida katta farq yoʻqligini yaxshi oʻxshatishni osonlik bilan metaforaga aylantirish mumkinligini, ularni mohiyatida yaqinlik mavjudligini taʼkidlab koʻrsatdi. Yunon faylasufi aytadiki, agar shoir Axill haqida «u sherdek tashlandi» desa bu yerda oʻxshatish voqe boʻladi, agar shoir shu qahramon haqida «sher tashlandi» desa metafora yuzaga keladi.

  Metafora — koʻp qirrali jarayon hisoblanadi. Shuning uchun ham uning tasnifi bir necha jihatni qamrab olishi shubhasizdir. Bu koʻchim asos metafora, ochiq, ekspressiv, nomuntazam, lugʻaviy metafora hisoblanadi. Metaforaning kuchi shundaki, jumlani qisqa va aniq, taʼsirchan aks ettiradi. Har qanday lingvistik hodisa kabi metafora ham lisoniy asosga ega.

  Metafora asosida nom koʻchishi predmet, harakat, holatlarning keng maʼnodagi oʻxshashligiga asoslanadi. Asos konkret, abstrakt boʻlishi mumkin. Metafora tuzilishiga koʻra sodda va kengaygan, badiiy hamda lingvistik metaforalarga ajratiladi. Lingvistik metafora ekspressiv boʻlmagan atama, badiiy metafora ekspressivdir. Metaforaning ana shunday mohiyatini inobatga olgan holda professor R. Qoʻngʻurov mana bunday deb yozgan: «Metaforani yashirin oʻxshatish deyish mumkin. Ammo, u oddiy qiyosdan farq qiladi. Agar oddiy qiyos har doim ikkita aʼzodan tashkil topsa (yaʼni nima qiyos qilinadi, nima bilan qiyos qilinadi, qiyos qilinuvchi va qiyos qilinadigan predmet) metaforada faqat ikkinchi aʼzo — oʻxshatilgan narsa qoladi, oʻxshagan narsa tushirib qoldiriladi va u kontekstda ochiq sezilib turadi. Demak, metaforada tasvirlanayotgan predmet ana shu ikkinchi aʼzo orqali idrok qilinadi» [4:236]. Ushbu fikrga qoʻshilgan holda shuni ham aytish kerakki, sof lisoniy nuqtai nazardan, bizningcha, metaforani «yashirin oʻxshatish» emas, balki «qisqartirilgan oʻxshatish» deb qarash maqsadga muvofiqroq koʻrinadi. Metafora aslida nutqda obrazlilik, emotsiya berish maqsadida narsa va hodisalar oʻrtasidagi oʻxshashlikka asoslanib, soʻzlar va iboralarni koʻchma maʼnoda oʻxshatishdir. Misol tariqasida:

  Aber wenn ich auch ein alter und etwas ruppiger Steppenwolf bin, so bin doch auch ich der Sohn einer Mutter, und meine Mutter war eine Bürgersfrau und zog Blumen und wachte über Stube und Treppe, Möbel und Gardinen, und bemühte sich, ihrer Wohnung und ihrem Leben so viel Sauberkeit, Reinheit, und Ordentlichkeit zu geben, als nur immer gehen wollte [5:20].

Tarjimasi:

Lekin men oʻzim qarigan, bir oz nochor Choʻl boʻrisi boʻlsam ham baribir onaning farzandiman. Lekin onam ham xuddi shunday, kelib chiqishi oddiy, meshchan ayol boʻlgan. Gullar oʻstirgan honadonga, zinalarga, mebel va darpardalarga koʻz quloq boʻlib, uyda va turmushda hamisha tozalik; ozodalik va tartiblilik boʻlishi uchun tirishib, unnagan edi.

  Tarjimon ushbu tarjimasida asliyatdagi yaxlit jumlani bir necha jumlalarga ajratib, erkin tarjima usulidan foydalanib oʻgirgan. «qarigan, bir oz nochor Choʻl boʻrisi» metaforasini tarjimada ham metafora shaklida bergan. «Choʻl boʻrisi» orqali yolgʻizlanib qolgan jamiyatdan biroz uzoqlashgan shaxs asarning asosiy qahramoni Harri Haller tasvirlangan.

  Aslini olganda, jumlaning uslubiy tasvir butunligini aks ettirish juda murakkab ish, negaki, ehtiyot boʻlinmasa, muallifning uslubiga putur yetkazib qoʻyish mumkin.

  Mirzaali Akbarov tarjimasidagi quyida berilgan metafora asliyatdagi maʼnoga salbiy taʼsir koʻrsatmaganligini kuzatishimiz mumkin.

  Zwei schöne Mädchen zogen meine Blicke an, beide gute Tänzerinnen, denen ich mit Bewunderung und Neid blickte, wie sie elastisch, schön, fröhlich und sicher dahin tanzen [5:134].

Tarjimada quyidagicha talqin qilingan:

Raqs tushayotganlar ichida ikkita chiroyli qiz diqqatimni tortdi, ikkalovi ham yaxshi raqqosa edi, ularga hayrat va havas bilan boqdim — silliq, ravon, goʻzal, quvnoq va dadil raqs tushishardi ular.

Tarjimon zogen meine Blicke an metaforik jumlasini oʻzbek tiliga xuddi shu asosda yaʼni diqqatimni tortdi metafora koʻrinishda isteʼfoda etishga harakat qilgan. Bu bilan asliyatdagi maʼnoni oʻz holida saqlashga erishgan. Quyidagi:

 Tortmoq- biror bir narsani harakatga keltirmoq

    -yukni tortmoq

    -kuchni ifodalaydi

Yuqoridagi holat koʻproq fizik koʻrinishga ega. Yozuvchi jumlani maʼnoviy hususiyatini oʻzgartirmasdan, quyidagi badiiy boʻyoqdorlikdan foydalandi. Lekin shunga qaramasdan muallif ham tarjimon ham nutqning badiiy qimmatini oshirish maqsadida shu kabi metaforik ifodani qoʻllagan. Metaforalar eng koʻp va keng qoʻllaniladigan troplar sirasiga kiradi, va oʻxshatish maʼnolarida keladi. Bir vaqtning oʻzida oʻxshatish kabi muhim rol bajaradi. Oʻxshatishdan farqi shundaki, u narsalardan mustaqil ravishda boʻladi, bu ikki narsa oʻrtasidagi munosabatdan yuzaga keladi. Va oʻxshatish yuklamasiz obrazda singib ketadi. Koʻchim ichki oʻxshashlik munosabatlaridan koʻra tashqisida uchraydi va ot, sifat, feʼl nominal va verbal frazemalarga xos hisoblanadi. Odatda metaforalarni badiiy uslubda uchratish mumkin. Ular kitobxonning dunyoqarashidan yuqori pogʻonada turishi bilan ham ahamiyatlidir, lekin ularni kundalik muloqotda, fanda va axborotlarda uchratish mumkin.

  Tarjimon oʻzi sevgan, foydali va zarur deb bilgan asarni butun salmogʻi, gʻoyaviy badiiy nafosatini saqlagan holda qalb qoʻri bilan oʻgirishga shaylanadi, oʻz qalam tebratish yoʻsinini muallifning uslubiga moslab ijod etishga kirishadi. Buning natijasida, sanʼat asari boshqa tilga, oʻzga adabiy muhitga, yangi kitobxonlar orasiga qarab yoʻl oladi. Mirzaali Akbarov ham muallif uslubini yuksak mahorat bilan tarjimada aks ettira olgan.

 

N.Elchibekov, OʻzMU,

S. Nazarov, TDPU

 

Manba: fikr.uz sayti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.