Tarjima na­zariyasi fan sifatida

0
6065
marta koʻrilgan.

Oʻzbek tarjimachilik maktabi oʻzining uzoq yillik anʼanalari va tajribalariga ega. Xususan bu sohada keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar katta koʻlam va miqyosni tashkil qilmoqda. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, turli oliy oʻquv yurtlari va adabiy nashrlarda bu mavzuda turli davra suhbatlari, bahs va munozaralar uyushtirilmoqda. Mazkur chiqishlarda oʻzbek tarjimachiligining yutuq va kamchiliklari va istiqbolda qilinishi kerak boʻlgan ishlarga eʼtibor qaratilmoqda.    

Shu munosabat bilan eʼlon qilinayotgan maqolalarda tarjima nazariyasi va amaliyoti muammolari, mamlakatimiz va xorijiy tarjima maktablari hamda bugungi jarayoni haqida soʻz boradi.


 

Tarjima haqida ilk nazariy fikrlar dastlab qadim Rimda yuzaga kelgan edi. Yunon va lotin tillarini mukammal bilgan Aristotel, Sitseron va Goratsiy tarjima jarayonida soʻz ketidan quvish yaramaydi, ularning maʼno ifodalarini avval tarozida oʻlchab, keyin tarjima qilish maʼqul, degan fikrni bildirganlar. Keyinchalik Italiyada Bartolomeo va Manetti, Fransiyada dyu Belle va Malerb, Angliyada Bekon va Drayden, Germaniyada Gyote va Gumboldt, Rossiyada Lomonosov va Sumarokov tarjima xususida oʻz nazariy tushunchalarini bildirib oʻtganlar.

Xullas, to XX asrga qadar “tarjima” soʻzi muayyan maʼno kasb etib, faqat tarixiy, falsafiy va adabiy asarlar oʻgirmasiga nisbatan qoʻllanilib kelingan, ogʻzaki tarjimonga nisbatan esa turkiyda “tilmoch”, slavyanlarda “tolmach”, nemis tilida “dolmetschen”, ingliz va fransuz tillarida “interpret” atamalari ishlatilgan. Tarjima nazariyasi xususida aytilgan fikrlar ham shu yoʻsinda umumiy maʼnoga ega boʻlgan. Masalan, taniqli fransuz tilshunosi Jorj Munenning taʼkidlashicha, F. de Sossyur (1857–1918) va O. Garri Yespersen (1860–1943) tadqiqotlarida tarjima nazariyasi haqmmmmida fikrlar yoʻq, hatto Sh. Balli (1865–1947) va J. Vandriyes (1875–1960) asarlarida ham bu xususida mulohaza bildirilmaydi.

Tarjima nazariyasiga bagʻishlangan ilk tadqiqotlar oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida yuzaga kela boshladi. Bu davrda nashr qilingan F. R. Amos, J. P. Postget, O. M. Finkel, M. P. Alekseev kitoblarida, Sanjar Siddiqning “Adabiy tarjima sanʼati” (1936 y.) risolasida ham tarjima nazariyasini fan sifatida eʼtirof qiluvchi aniq fikrlar bildirilmagan edi. Tarjima nazariyasini fan sifatida taʼriflovchi va bunga daʼvat etuvchi tadqiqotlar asrning elliginchi yillariga kelib eʼlon qilina boshlandi. Aniqrogʻi, 1952 yil “Inostranniʼe yaziʼki v shkole” jurnalida taniqli tarjimon I. Kashkinning “Ishonchsiz tamoyil va noaniq xulosalar” va taniqli tilshunos A. A. Reformatskiyning “Tarjimaning lingvistik masalalari” nomli maqolalarining chop qilinishi bu sohada bahs-munozaralarning boshlanishiga sabab boʻldi. Masalan, professor A. A. Reformatskiy oʻz maqolasida “tarjima amaliyoti barcha fanlar uchun xizmat qilsa-da, tarjima nazariyasi mustaqil fan boʻla olmaydi. U tilshunoslikning bir boʻlimigina boʻlishi mumkin”, degan daʼvo bilan chiqadi. Tez orada olimning bu fikriga qarshi tarjimashunos A. V. Fedorov: “Tarjima nazariyasi fan sifatida eʼtirof qilinishi zarur. Faqat u qurilishi jihatidan tilshunoslik yoʻnalishiga vobasta boʻlmogʻi kerak” degan gʻoyani ilgari suradi. Bu yillarda Oʻzbekistonda ham tarjima nazariyasi xususida dadil fikrlar aytila boshlandi. Asqad Muxtor, Jumaniyoz Sharipov, Gʻaybulla Salomov, Ninel Vladimirovalarning tarjima nazariyasidan bahs yurituvchi risola va maqolalari nashr qilindi.

1953 yili Xalqaro tarjimonlar uyushmasi – FIT (Federation Internationale des Traducteurs) ning tashkil qilinishi tarjimon va tarjimashunoslar faoliyatining yanada ravnaq topishida muhim rol oʻynadi. 1955 yildan uyushma organi “Babel” (“Bobil”) jurnali nashr etila boshlandi. Bu yillarda turli mamlakat olimlarining tarjima nazariyasi muammolariga bagʻishlangan tadqiqotlari birin-ketin bosilib chiqdi. Ular orasida fransuz Jorj Munenning “Goʻzal, ammo bevafo”, ingliz Teodor Savorining “Tarjima sanʼati” kitoblari oʻsha davrda muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, kanadalik tilshunoslar J. P. Vinye va J. Darbelnening 1958 yilda nashr qilingan “Fransuz va ingliz tillarining qiyosiy stilistikasi. Tarjima tadorigida” monografiyasida tarjima nazariyasi qiyosiy tilshunoslik yoʻsinida talqin qilinib, mualliflar uni sof tilshunoslik izmidagi fandir, degan tezisni ilgari surdilar. Ular oʻz fikrlarini taniqli tilshunos olim Sharl Balli taʼlimotiga yaqinlashtirib, tarjima ham ikki tilga mansub sistemadir, u asliyat va tarjima tilining oʻzaro yaqinlashuvi jarayonida yuzaga keladi. Bu jarayonda asliyat tili oʻz holatini oʻzgartirmaydi, tarjima tili esa mavjud sharoitga qarab oʻzgaradi va asliyat tilining lisoniy holatlarini oʻzida ifoda etishga majbur boʻladi, degan toʻxtamga keladilar.

Oʻtgan asrning oltmishinchi yillari boshida fransuz olimi E. Karining “Tarjima nazariyasi sari” va amerikalik tilshunos Yu. Naydaning “Tarjima nazariyasi xususida” nomli mazmunan bir-birini toʻldiruvchi tadqiqotlari bosilib chiqdi. E. Kari oʻz kitobida tarjima nazariyasini mustaqil fan tarzida eʼtirof etish bilan birga umumiy “tarjima nazariyasini yaratmoq payti keldi”, degan fikrni bildirgan boʻlsa, Yu. Nayda tarjima amaliyoti va nazariyasining vobasta ilmiy tamoyillarini ishlab chiqmoq lozimligini uqtirish bilan, tarjima nazariyasiga “dinamik ekvivalent” (soʻzlarning teng maʼnoli muqobillari) tushunchasini olib kirdi.

Bu davrga kelib sobiq Ittifoqda ham tilshunos va adabiyotshunos olimlarning tarjima nazariyasi talqiniga bagʻishlangan tadqiqotlari eʼlon qilindi. Masalan, A. V. Fedorov “Tarjima nazariyasiga kirish” kitobini 1958 yil kayta nashr ettirarkan, unga “lingvistik ocherk” tagsarlavhasini ilova qilgan edi. Koʻp oʻtmay ushbu nashr mazmuni va mundarijasi atrofida qizgʻin bahs-munozaralar boshlandi. Ittifoq olimlari oʻrtasida tarjima nazariyasiga ikki tomonlama: tilshunoslik va adabiyotshunoslik ilmi nuqtai nazaridan talqin qilish muammosi yuzaga keldi. 1959 yildan ittifoq Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Tarjima mahorati” almanaxi va 1963 yildan tilshunoslik ilmining markazlaridan biri sanalgan Moskva Davlat chet tillar pedagogika instituti olimlari saʼy-harakati bilan “Tarjimon daftarlari” ilmiy toʻplami nashr etila boshlandi. “Tarjima mahorati” almanaxida taniqli adabiyotshunoslarning tarjima – bu adabiy jarayon va badiiy ijod, tarjima nazariyasi esa adabiyotshunoslikka asoslangan fandir, deguvchi maqolalari muntazam chop qilinib kelingan boʻlsa, “Tarjimon daftarlari” toʻplamida koʻplab tilshunoslarning tarjima – bu matn bilan bogʻliq lingvistik jarayon, tarjima nazariyasi ham lisoniy tahlilga asoslangan fandir, deya eʼtirof etguvchi tadqiqotlari bosilib kelindi.

Oʻsha yillari Oʻzbekistonda ham tarjima nazariyasi fan sifatida eʼtirof etila boshlandi. Prof. A. A. Reformatskiy va A. V. Fedorovning tarjima nazariyasi xususida bildirgan fikrlari yoʻnalishida bahs yurituvchi oʻzbek olimlari N. V. Vladimirova (“Nekotoriʼe voprosiʼ xudojestvennogo perevoda s russkogo na uzbekskiy yaziʼk”, 1957), J. Sharipov (“Nekotoriʼe problemiʼ poeticheskogo perevoda”, 1958), Gʻ. Salomov (“Maqol va idiomalar tarjimasi”, 1961) larning tadqiqotlari yuzaga keldi. 1961 yil professor Gʻaybulla Salomov asos solgan “Tarjima sanʼati” ilmiy toʻplamining birinchi kitobi bosilib chiqdi. Mualliflar oʻsha davr talabidan kelib chiqqan holda oʻz tadqiqotlarida tarjima nazariyasining baʼzi lingvistik va poetik xususiyatlarini yoritishga harakat qilgandilar.

Biroq, oʻtgan asrning oltmishinchi yillaridan boshlab sobiq Ittifoq va xorijiy olimlar davrasida tarjima nazariyasi tilshunoslik tadorigidagi fandir, deguvchilar soni ortib, ular taʼlimoti yetakchi oʻringa chiqib oldi. Masalan, 1964 yili rus tilshunoslari I. Revzin va V. Rozensveygning “Umumiy va mashina tarjimasi asoslari” nomli monografiyasi eʼlon qilindi. Monografiyada olimlar tarjima nazariyasi tilshunoslik yoʻnalishidagi fan boʻlishi lozim, deguvchi taʼlimotni yanada chuqurlashtirib, tarjimani strukturaviy tilshunoslik qolipida talqin qilmoq va shu tamoyilda tahlil etmoq darkor, degan fikrni targʻib qilishdi. Hatto ular A. V. Fedorov “Tarjima nazariyasiga kirish” kitobining 1958 yilgi nashri mazmuni va mundarijasiga tanqidiy yondashib, olimning tarjima nazariyasini yaratishda yakdil bir toʻxtamga kelolmaganligini, tarjima nazariyasining sof lingvistik fan ekanligini isbotlab berolmaganini tanqid qildilar. Shu bilan birga ular “mashina tarjimasi” ning nazariy muammolari xususida ham keng toʻxtalib, bu borada ham oʻzlarining lingvistik nazariyasini olgʻa surishdi.

Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida N. Vladimirova, J. Sharipov, Gʻ. Salomov, Yu. Poʻlatov, J. Boʻronov, A. S. Aznaurova, A. Abduazizov, Q. Musayev, G. Gʻafurova, S. Salomova, N. Komilov singari tarjimashunos olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy tadqiqotlar Oʻzbekistonda ham tarjima nazariyasi borasida keng koʻlamda izlanishlar olib borilganidan dalolatdir. Ular orasida tarjima nazariyasining lingvistik tamoyillarini yaratishda professor A. V. Fedorov izlanishlarini davom ettirgan professor Gʻaybulla Salomovning xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtmoq oʻrinlidir. Olimning 1966 yil nashr qilingan “Til va tarjima” monografiyasi Oʻzbekistonda tarjima nazariyasi fanining keyingi ravnaqiga katta hissa qoʻshdi. Qolaversa, bu tadqiqot respublikamizda tarjima nazariyasining lingvistik va umumfilologik asoslarini ishlab chiqqan ilk nazariy manba boʻlib, u G. Gachechiladze (Gruziya), B. Tohirbekov (Ozarbayjon), L. Mkrtchyan (Armaniston), M. Avezov (Qozogʻiston), Ye. Etkind (Rossiya), V. Koptilov (Belorussiya) kabi nazariyachilarning tadqiqotlari qatorida alohida eʼtirof qilindi. Darvoqe, olimning ushbu monografiyasida tarjimaning asosiy “qurilish materiali” boʻlgan soʻz, uning fonetik libosi, semantik va uslub xususiyatlari hamda tarjima jarayonida sinonimlardan istifoda etish kabi muammolar mufassal tahlil qilingan edi. Shuningdek, bu yillarda yaratilgan L. Abdullayevaning “Rus tilidan oʻzbekchaga tarjimaning stilistik masalalari” (1964), Q. Musayevning “Ingliz tilidan oʻzbekchaga badiiy tarjimaning stilistik muammolari” (1967) A. M. Narziqulovning “Fransuz frazeologiyasi va fransuz-oʻzbek badiiy tarjimachiligi masalalari” (1969) kabi tadqiqotlari ham tarjima nazariyasining lingvistik muammolariga bagʻishlangan edi.

Oltmishinchi yillar oxiri va yetmishinchi yillar boshida gʻarb tarjimashunosligida Jorj Munen (Fransiya), Irjiy Leviy (Chexoslovakiya), S. Vlaxov va S. Florin (Bolgariya) kabi olimlar eʼtiborga molik tadqiqotlar yaratdilar. Masalan, Jorj Munen oʻzining “tarjima – doimo til bilan bogʻliq hodisadir” mazmunidagi tezisini badiiy tarjima jarayoniga ham taalluqlidir, deyish bilan quyidagi fikrni ilgari suradi: “Har bir asar oʻz davrining ijtimoiy-madaniy hodisasi boʻlib, u faqat oʻsha xalq tili orqali ifodalanadi, tilning ishtiroki va bevosita takomillashuvi evaziga yuzaga keladi. Shunday ekan, ushbu asarni ikkinchi bir tilga oʻgirish ham faqat til vositasidagina amalga oshiriladi va lisoniy hodisaga aylanadi”. J. Munenning ushbu konsepsiyasi va R. Yakobson (AQSH)ning “Tarjimaning lingvistik tamoyillari” maqolasida ilgari surilgan tarjimaning semiotik (belgilarga asoslangan) tushunchasi va tillararo lisoniy hodisa ekanligi gʻoyasiga asoslangan “Leypsig maktabi” vakillari oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida tarjimaning lingvistik nazariyasi bilan jiddiy shugʻullandilar. Masalan, ular tilshunos Otto Kade (Germaniya) tarafidan isteʼmolga kiritilgan “translatsiya” atamasini “tarjima” soʻzi bilan almashtirish maqsadga muvofiqligini maʼqul topishdi. Sababi, “translatsiya” (lat.translatio – oʻtkazish, koʻchirish, almashtirish) tushunchasi “tarjima” tushunchasiga nisbatan umumiyroq maʼnoga ega boʻlib, u “yozma tarjima” va “ogʻzaki tarjima” tushunchalarini oʻz ichiga qamrab oladi. “Leypsig maktabi” izdoshlaridan boʻlgan nemis tilshunosi Katarina Rays oʻzining “Tarjima tanqidining chegarasi va imkoniyatlari” kitobida tilshunoslarning lingvistik nazariyasiga bir qadar aniqlik kiritib, “Otto Kade, Rudolf Yumpelt, Yudjin Nayda, Rolf Klyopfer va Ralf-Rayner Vitenoularning oxirgi oʻn besh yil ichida eʼlon qilgan tadqiqotlari tarjimashunoslik ilmida muhim ahamiyat kasb etsa-da, biroq to hanuzga qadar tarjima amaliyotining barcha sohalarini oʻzida qamrab olgan mukammal tadqiqot yaratilmadi”, degan fikrni ilgari surdi. Masalan, O. Kade tadqiqotlarida pragmatik matnlar tarjimasi, R. Yumpelt ilmiy-texnikaviy matnlar tarjimasi, Yu. Nayda (AQSH) “Injil” tarjimasi, R. Klyopfer badiiy matnlar tarjimasi, R. R. Vitenou (Isroil) esa klassik matnlar tarjimasi misolida oʻz nazariy konsepsiyalarini yaratishga muvaffaq boʻldilar.

Tilshunos Katarina Rays taʼrificha, tarjima amaliyotida asosiy holat matnning turli-tumanligiga bogʻliq boʻlib, olima quyidagi matn turlarini keltirib oʻtadi: a) paragmatik matn; b) badiiy matn; v) ogʻzaki matn. Birinchisida tarjimon aniqlik va muqarrarlikka, ikkinchisida obrazlilikka; uchinchisida esa suhbatdosh nutqining mazmuniga asosiy eʼtiborni qaratmogʻi lozim boʻladi.

1968 yil professor A. V. Fedorov monografiyasining qayta ishlangan uchinchi nashri bosilib chiqdi. Olim oʻzining koʻp yillik izlanishlarini umumlashtirarkan, tarjima nazariyasi lingvistik yoʻnalishdagi fan, degan yakuniy xulosaga keladi. Bu yillar mobaynida rus olimlaridan A. D. Shveyserning “Tarjima va tilshunoslik”, V. N. Komissarovning “Tarjima haqida soʻz”, L. S. Barxudarovning “Til va tarjima” nomli monografiyalari ham chop qilindi.

Shu tariqa oʻtgan asrning yetmishinchi yillari boshida sobiq Ittifoq oliy oʻquv yurtlarining roman-german tillari fakultetlari va chet tillar institutlarida tarjima nazariyasi va amaliyoti kursi joriy qilinib, ularda moskvalik olimlar tomonidan tuzilgan oʻquv dasturi asosida mashgʻulotlar olib borila boshlandi. Moskva Davlat chet tillari pedagogika instituti esa tarjimaning lingvistik nazariyasi yoʻnalishdagi ilmiy tadqiqotlar markaziga aylandi. Bu yillar Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida ham tarjima nazariyasi va amaliyotidan mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyildi.

Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning filologiya va jurnalistika fakulteti huzurida tashkil etilgan Tarjima nazariyasi kafedrasi prof. Gʻ. Salomov rahbarligida bu ishga bosh-qosh boʻldi. Ayniqsa, olimning 1973 yilda nashr qilingan “Tarjima tarixi”, “Tarjima nazariyasiga kirish”, “Umumiy tarjima nazariyasi asoslari” oʻquv dasturlari respublikamiz oliy oʻquv yurtlarida tarjima nazariyasi kursini oʻqitishda asosiy dasturulamal boʻlib xizmat qildi. Shundan soʻng uning “Tarjima asoslari” (1976) va “Tarjima nazariyasiga kirish” (1978) darsliklari eʼlon qilindi. Olim ularda tarjima – lisoniy, adabiy-estetik hodisa, soʻz sanʼati, tarjimon esa ijodkordir, degan tezis asosida tarjima jarayonini keng miqyosda tadqiq qilib bergan edi.

Xullas, professor Gʻaybulla Salomovning “Tarjima nazariyasiga kirish” darsligi oliy oʻquv yurtlarining filologiya fakultetlarida taʼlim olayotgan talabalar va tarjimashunoslik ilmi borasida nazariy tadqiqotlar yaratishga kirishgan ilmiy xodimlar uchun ham yoʻriqnomaga aylandi. Shuningdek, J. Boʻronov, E. Aznaurova, Q. Musayevlarning darslik va monografiyalari, A. Abduazizov, N. Komilov, M. Sulaymonov, R. Fayzullayeva, Ya. Egamova, I. Mirzayevlarning dissertatsiya va maqolalarida tarjimaning lingvistik nazariyasi xususidagi baʼzi fikrlar davom ettirildi.

Bu yillarda Yevropa tilshunoslari ham tarjima nazariyasining turli lingvistik tamoyillarini ishlab chiqishga harakat qildilar. Masalan, nemis olimlari R. Yumpelt, A. Lyudskanov va K. Rays tarjima nazariyasini “til haqidagi va tilshunoslikka tayanuvchi fan”, deb uqtirish bilan, badiiy asar tarjimasida asosan matnning janr xususiyati va “matn formasi” muhim oʻrin tutadi, degan toʻxtamga keldilar. Sababi, badiiy asar tarjimasida matndagi informatsion mazmun emas, balki undagi kontekstual (tagmazmun) maʼno ifodasini saqlab qolmoq zarurdir.

1980-yillarga kelib tarjima nazariyasining tilshunoslik yoʻnalishi tamoyillari yanada takomillashdi. Tarjimaning adabiyotshunoslik yoʻnalishiga mansub I. Kashkin va G. Gachechiladzening “realistik tarjima nazariyasi” oʻrnini D. Dyurishinning “tarjima xalqaro adabiy jarayon taraqqiyotida muhim oʻrin egallovchi adabiyotlararo kommunikativ vositadir” deguvchi nazariyasi egalladi. Lingvistik tarjima nazariyotchilari R. Klyopfer, R. R. Vitenou, I. Leviy qarashlarining davomchisi slovakiyalik olim A. Popovich tarjimaning kommunikativ asoslarini ishlab chiqdi. Biroq olim R. Klyopfer, I. Leviy va I. Kashkin, G. Gachechiladze fikrlariga qarshi oʻlaroq, tilshunoslarni tarjimaning yakdil va aniq lingvistik talqinga asoslangan nazariyasini yaratishga daʼvat etdi. Masalan, A. Popovich tarjima nazariyasining shakllangan lingvistik asoslari umumiy maʼno kasb etib, u badiiy tarjima qonuniyatlariga tamomila mos kelmasligini taʼkidlarkan, badiiy tarjima amaliyotini modellashtirishda faqat asar matniga, uning tahlili va talqiniga taalluqli lingvistik jihatlarnigina hisobga olmoq zarur, toʻliq lingvistik modellarni badiiy matn tarjimasiga majburan yuklamaslik kerak, degan xulosaga keladi.

Bu yillarda Oʻzbekistonda professor Gʻaybulla Salomov (ToshDU) va professor Jumaniyoz Sharipov (OʻzFA) rahbarligida shakllangan tarjimashunoslik maktabi olimlari tarjima nazariyasining umumfilologik muammolarini tadqiq qilish bilan mashgʻul boʻldilar. Masalan, R. Fayzullayeva, M. Sulaymonov, I. Mirzayev kabi olimlar nemis, ingliz, fransuz tillaridan oʻzbek tiliga tarjimaning lingvistik masalalari mavzusida tadqiqotlar yaratishgan boʻlsalar, Sh. Roʻziyev, Ya. Egamova, D. Gʻulomova, Q. Joʻrayev, M. Xolbekov, M. Baqoyeva, N. Otajonov, U. Sotimov, J. Yusupov, Yo. Hamroyev kabilar badiiy tarjimaning umumfilologik muammolarini tadqiq etgan nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildilar. Ular izidan tarjimashunoslik ilmiga qadam qoʻygan S. Xaitov, S. Olimov, Z. Isomiddinov, R. Abdullayeva, Gʻ. Xoʻjayev, Q. Tojiyev, B. Ermatov, S. Azimov va boshqalar jahon adabiyotidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan tarjima asarlarining badiiy jihatlarini oʻrgandilar. Ustoz Gʻaybulla Salomov oʻzining tarjima nazariyasi borasidagi izlanishlari natijasi oʻlaroq 1982 yil “Adabiy anʼanalar va badiiy tarjima muammolari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Tadqiqotda olim asosan tarjimada adekvatlikka erishish prinsiplarini tahlil qilarkan, bu borada Shekspir asarlari tarjimasi misolida “tarjima-taʼsir-tarjima” tamoyilini keng maʼnoda asoslab berdi (Karang. A. Abduazizov, M. Xolbekov. Atoqli tarjima nazariyotchisi// Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 2012,14 dekabr). Olimning bu ishi uning tarjima nazariyasi bobida yaratgan soʻnggi yirik tadqiqoti boʻlib qoldi.

Taniqli tilshunos Yu. Nayda esa tarjima nazariyasiga toʻrt taraflama, yaʼni filologik, lingvistik, kommunikativ va sotsiosemantik yondashuv lozimligini taklif etadi. Filologik yondashuv zamirida badiiy matn, yaʼni uning strukturaviy va stilistik xususiyatlari mujassam boʻlib, ularning yechimi lingvistik nazariyaga tayanadi. Lingvistik yondashuv zamirida esa ikki tilning leksik va sintaktik holatlariga eʼtiborni qaratmoq lozim boʻladi. Bu holatda tillarning kommunikativ funksiyasiga tayaniladi. Tarjimaga uchinchi yondashuv – sof kommunikativ jarayon hisoblanib, unda asosan ijtimoiy sharoit va kommunikatorlar orasidagi oʻzaro muloqot hisobga olinadi. Toʻrtinchisi, tarjimaga nisbatan sotsiosemiotik yondashuv hisoblanib, unda tarjima qilinayotgan matn uchta asosiy faktorga: belgi, referent (matn) va interpretant (talqin qiluvchi)ga asoslanadi. Bu jarayonda asosan sinonimik belgilar (elementlar) hal etuvchi vazifani bajaradi.

Xulosa qilib aytganda, keyingi jarayonda har ikki olimning fikri gʻarb tilshunoslarining diqqat-eʼtiborida boʻldi. Yuqoridagi barcha talqinlar sof lingvistik xarakterga ega boʻlib, tarjima nazariyasini hozirgi zamon tilshunoslik fani qonuniyatlari bilan vobastaligi va kommunikativ aloqa vositasi funksiyasini bajarishi isbotlandi. Va nihoyat FITning sobiq prezidenti, bolgariyalik tarjimashunos Anna Lilova asliyat va tarjimaning tipologik tahlilini lingvistik nazariya va tarixiy jarayon bilan bogʻlab olib borish zarurligini uqtirarkan, u yoki bu matnni oʻgirishda tarjimon shu jihatlarni eʼtiborga olmogʻi zarur, deya taʼkidlaydi. Olimaning taʼriflashicha, tarjimaning quyidagi uch turi: a) ogʻzaki tarjima; b) yozma tarjima; v) mashina tarjimasi va uch asosiy janri: a) ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar; b) badiiy adabiyot; v) ilmiy-texnikaviy matnlar tarjimasi mavjuddir. Anna Lilovaning asl nusxa matnining janr va shakl xususiyatlari tarjima mezonini belgilovchi asosiy omil hamdir, degan fikri to hozirga qadar oʻz qimmatini saqlab kelmoqda.

Bu davrda Oʻzbekistonda ham tarjima nazariyasi va adabiy aloqalar yoʻnalishida bir qator ilmiy tadqiqotlar yaratildi. Masalan, Najmiddin Komilov (“Xorazm tarjima maktabi”, 1987), Qudrat Musayev (“Tarjimaning lingvostilistik muammolari”, 1988), Muhammadjon Xolbekov (“Oʻzbek-fransuz adabiy aloqalari: tarjima, tanqid va idrok tadorigida”, 1991), Q. Joʻrayev (“Sheʼriy tarjimalarni xalqaro adabiy va folklor kontekstida qiyosiy oʻrganish”, 1991) ning doktorlik tadqiqotlari yuzaga keldi. Shuningdek, tarjima muammolariga bagʻishlangan oʻnlab nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Ammo oʻzbek tarjimashunoslari gʻarb olimlarining tarjima nazariyasi xususidagi bahs-munozaralarida ishtirok etolmadilar. Taʼbir joiz boʻlsa, bu davrga kilib oʻzbek tarjimashunoslik ilmi bir qadar orqada qola boshladi.

1993 yil Moskva shahrida boʻlib oʻtgan tarjimon va tarjimashunoslarning xalqaro simpoziumida soʻzga chiqqan ingliz tilshunosi G. Turi tarjimaning janr xususiyatlariga toʻxtalarkan, har qanday vaziyatda “adabiy tarjima” atamasini qoʻllash maʼqulligini taʼkidlagan edi. Uning fikricha, tarjima “badiiy” va “nobadiiy” asar matnini oʻzga tilda qayta tiklashdan iborat boʻlib, ularning har ikkalasi ham asliyatda adabiy til normalarini oʻzida mujassam etajagini unutmaslik kerak. Shunday ekan, ikkala til (asliyat va tarjima)ning adabiy normalaridan bab-barobar foydalanmoq va ularni hisobga olmoq talab etiladi. Demak, tarjima A. Lilova taʼbiricha, adabiy til hosilasidir. Yoki, tilshunos R. R. Vitenou taʼbiri bilan aytganda, vaqt oʻtishi bilan tarjima asari ham “vatan adabiyoti” xazinasidan oʻrin olib, asliyatda yaratilgan ilmiy va badiiy kitoblar (janr xususiyatidan qatʼi nazar – M. X.) qatorida oʻquvchiga oʻz “germenevtik” taʼsirini oʻtkazishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, tarjima va tarjimashunoslik ilmi oʻtgan XX asrda keng taraqqiy etdi, umumfilologik fan tarzida eʼtirof qilindi. Uzoq davom etgan bahs-munozaralardan keyin tarjima nazariyasining lingvistik tamoyillari peshqadamlikni qoʻlga olgan boʻlsa-da, XXI asr boʻsagʻasida nazariya birmuncha tanazzulga yuz tutib, amaliyotdan ortda qola boshladi. Bu fikrni bevosita oʻzbek tarjimashunosligi xususida ham aytish mumkin. Sababi, soʻnggi oʻn-oʻn besh yil ichida tarjima nazariyasi muammolariga bagʻishlangan yirik ilmiy tadqiqotlar yaratilmadi hisob. Yosh olimlar tomonidan himoya qilinayotgan nomzodlik dissertatsiyalari jahon tarjimashunosligi ilmi andozalari darajasida emas. Bir soʻz bilan aytganda, mustaqillik yillari “tarjima amaliyoti bir qadar jonlandi-yu, tarjimaning nazariy asoslari, yoʻnalishlari, istiqbollarini oʻrganish, tadqiq etish birmuncha susaydi” (X. Doʻstmuhammad). Quvonarli tomoni shundaki, oliy oʻquv yurtlarida tarjima nazariyasi va amaliyotini oʻqitish birmuncha jonlandi. I. Gʻafurov, A. Abduazizov, Q. Musayev, O. Moʻminov, N. Qambarov, Sh. Sirojiddinov kabi taniqli tarjimon va tarjimashunos olimlarimizning saʼy-harakati tufayli tarjima nazariyasi va amaliyotiga oid darslik hamda oʻquv qoʻllanmalari chop etildi. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka”, “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Tafakkur”, “Filologiya masalalari” jurnallarida tarjima nazariyasi va amaliyotiga oid maqolalar, bahs-munozaralar bosilmoqda. Vaholanki, oʻtgan “XX asr – tarjima asri” (P. F. Kaye) tarzida tarixda muhrlangan boʻlsa, XXI asrda tarjima jahon xalqlari va sivilizatsiyasi oʻrtasidagi “kommunikativ vosita” (P. M. Toper) sifatida yanada ham muhim ahamiyat kasb etishi turgan gap. Bu fikr FITning soʻnggi yillarda London, Moskva, Melburn va Shanxay simpoziumlarida ham olimlar tarafidan takror-takror aytilib oʻtildi. Endilikda, “oʻzbek adabiyoti asta-sekinlik bilan jahon adabiyoti jarayonlari bilan tutashib borayotgan” (I. Gʻafurov) ekan, tarjima amaliyoti va uning nazariy jihatlariga ham jiddiy eʼtibor qaratmogʻimiz lozim boʻladi.

 

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.