Tarjima amaliyoti – yuksalishda

0
106
marta koʻrilgan.

Mustaqillik ijod ahli – yozuvchi va tarjimonlarimiz uchun ham jahonga chiqish eshiklarini keng ochdi. Natijada tarjima amaliyoti ham yuksalish pallasiga kirib, oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti namunalarini jahon tillariga tarjima qilish borasida oldinga siljishlar kuzatilmoqda.

Soʻnggi oʻn-oʻn besh yil ichida oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotidan Gʻarb va Sharq xalqlari tillariga oʻgirilgan tarjimalarni kuzatar ekanmiz, ular turli yoʻsinda amalga oshirilayotganiga guvoh boʻlamiz. Bu tajribalarni oʻzbek-fransuz tarjima amaliyoti tajribasida kuzataylik.

Birinchi yoʻsinda amalga oshirilayotgan tarjimalarga bevosita oʻzbek tili, yaʼni asliyatdan fransuz tiliga oʻgirilgan asarlarni kiritishimiz mumkin. Ular quyidagilar:

  1. Alisher Navoiy, “Risola-i Mufradot” (“Alicher Navoii. L’Enigme du Nom Propre”, Paris, 2006);
  2. “Nurali Botir va Margʻumon Pari” (“Nourali le Preux et Marg‘umon”, Paris, 2005);
  3. Choʻlpon, “Kecha va kunduz” (“Abd al-Hamid Sulaymon Tchulpvn. Nuit”, Paris, 2011) va boshqalar.

Bizningcha, bular asliyatga yaqin tarjimalardir. Zero, har uch asar tarjimasi mualliflari – Remi Dor va Stefan Dyuduagnon fransuz ijodkorlari hisoblanadi. Ular turkiy xalqlar tillarini, jumladan, oʻzbek tilini, xalqimiz urf-odatlarini yaxshi biladilar. Xususan, doktor Remi Dor Vatanimizda bir necha yil yashab, uning tarixi, madaniyati va adabiyotini chuqur oʻrgangan, oʻzbek, qirgʻiz, tojik tillaridan badiiy asarlar tarjima qilgan, lugʻatlar yaratishda hammuallif boʻlgan olimdir. Ana shu boy tajriba uni hazrat Navoiyning “Mufradot” risolasi va “Nurali Botir va Murgʻumon Pari” xalq dostonini fransuz tiliga tarjima qilishga undadi. Eng muhimi, u oʻz tarjimalarini asliyat matni bilan yonma-yon tarzda nashrga tayyorladi. Tarjimonning aytishicha, dostonni oʻqigan fransuz kitobxoni oʻzbek tilini oʻrganishga ham harakat qiladi. Tanqidchiga esa tarjima sifatini belgilash oson kechadi. Mana uning tarjimasidan bir namuna.

Asliyatdan:

Bahorda ochilgan bog‘ning gulisan,

Sen ham bir-birovning joni dilisan.

Tarzing ko‘rib, bo‘tam, sendan so‘rayman,

Chambil belda, bolam, kimning ulisan?

 

Jamoling mengzadim osmonda oyga,

Qoshingni mengzayman egilgan yoyga,

Tarzingni mengzayman bo‘z qarchig‘ayga,

Qarchig‘ay changallim kimning ulisan?

 

Fransuz tiliga tarjimasi:

Tu es la rose de serre qu’epanouit le printemps,

Tu es aussi le sucre et le miel d’un parent?

Voyant ton apparence, petit, je te demande,

ATchambilbél de qui es-tu le fils, enfant?

 

Ta beautq est pour moi comme la lune dans son plein

Ton sourcil est pour moi l’arc que l’archer étreint,

Ton aspect est pour moi d’un épervier hautain,

Epervier aux serres fines, de qui es-tu le fils?

Bu tarjimalarni tahlil qilgan tadqiqotchilar ularning saviyasini ijobiy baholadi (qarang: R. Shirinova, “Olam milliy manzarasining badiiy tarjimada qayta yaratilishi”, 2017). Darvoqe, tarjima amaliyotida bu – eng toʻgʻri yoʻl. Bu haqda gʻarblik tarjimashunoslarning: “Badiiy asarni ingliz tiliga ingliz, fransuz tiliga fransuz, nemis tiliga nemiszabon ijodkor tarjima qilmogʻi zarur”, degan fikri oʻrinlidir.

Ikkinchi yoʻsinda amalga oshirilayotgan tarjimalarga oʻzbek tilidan fransuz tiliga hamkorlikda bajarilgan tarjimalarni kiritsak boʻladi:

  1. “Oʻzbek sheʼriyati antologiyasi” (“Anthologie de la poysie d’Ouzbekistan”, Paris, 2008);
  1. Alisher Navoiy. Gʻazallar. (Alicher Navopi. Gazels. – Sd. Geroma: Brest, 2008).

Bu tarjimalarni asliyatga adekvat tarjimalar, deya baholash mumkin. Sababi, shoir H. Ismoilov va fransuz shoiri Jan-Pyer Balp chorak asrki, oʻzbek mumtoz va zamonaviy sheʼriyatidan fransuz tiliga tarjima qilish bilan shugʻullanib keladi. Bu borada oʻzbek va fransuz shoirlarining tajribasi bisyor. H. Ismoilov fransuz tili va fransuz sheʼriyati bilimdoni hisoblansa, shoir Jan-Pyer Ball Vatanimizda boʻlib oʻzbek sheʼriyatini, uning tuzilishini oʻrgangan ijodkordir. Ikkinchi tarjima haqida ham shunday fikrni aytish mumkin. Shoir va tarjimonlar M. Ergashev va Jan-Jak Gatye hamkorlikda oʻgirgan hazrat Navoiy gʻazallarining fransuz tilidagi majmuasining yurtimizda taqdimoti oʻtkazilganda ijod ahli buni mamnuniyat ila eʼtirof etdi. Kitobdan oʻrin olgan gʻazallarni asliyat bilan muqoyasa qilib oʻrgangan mutaxassislar tarjimalarga yuqori baho berishdi.

Uchinchi yoʻsindagi tarjimalarga fransuz tilini biladigan oʻzbek tarjimonlari oʻgirgan asarlarni kiritish mumkin. Ular quyidagilar:

  1. Erkin Aʼzam. “Alvido, sehrli ertaklar!” (Erkin Azam. “Adieux aux contes de fyes”, Tachkent, 2015).
  2. “Buyuk ipak yoʻli hikoyalari” (“Contes de la grant route de la Soi”, Tachkent, 2016.)

Birinchi tarjima muallifi Sh. Minovarov dastlab fransuz adabiyotidan Monteskye, Fransua Moriak va Le Klezio romanlarini oʻzbek tiliga tarjima qilib tanilgan boʻlsa, soʻnggi yillarda taniqli adibimiz Erkin Aʼzamning “Shovqin” romani va bir necha hikoyasini fransuz tiliga tarjima qildi. Ikkinchi tarjima muallifi Sh. Yoʻldoshev Samarqand chet tillar institutida fransuz tilidan dars beradi.

Soʻnggi yillarda mazkur tarjima yoʻsini keng tus olmoqda. Ayniqsa, respublikamiz oliy oʻquv yurtlarida faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilar va talabalar tomonidan ingliz, nemis, fransuz, xitoy, yapon va koreys tillariga oʻgirilayotgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz namunalari chet ellik mutaxassislar va adabiyotimiz ixlosmandlari tomonidan ijobiy baholanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, tahlilga tortganimiz oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti namunalarini Gʻarb va Sharq xalqlari tillariga tarjima qilishdagi bu tajribalar xayrli ish boʻlib, adabiyotimizning kelgusida jahon miqyosiga chiqishi uchun xizmat qiladi, deb ishonamiz.

 

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.