Tarixiy haqiqat, badiiy toʻqima va uydirma

0
2777
marta koʻrilgan.

Yavdat Ilyosovning “Sugʻdiyona” romanida qiziq epizod bor. Spitamen Baqtriya oliy kohini Vaxshunvartaning uyida mehmon boʻlib, yogʻliq palov yeydi. Voqea eramizdan avvalgi 329-327 yillarda boʻlib oʻtyapti. Palov, aniqrogʻi, palovga oʻxshash taom Yaqin Sharq mamlakatlarida sholi ekish rasm boʻla boshlagan paytlarda, eramizdan avvalgi II-III asrlarda paydo boʻlgan, degan taxminlar bor. Palov tayyorlash texnologiyasi esa eramizning IX-X asrlariga kelib takomilga erishgan, deya faraz qilinadi. Karim Mahmudovning tadqiqotlarida ham palovning tarixiga oid qiziqarli maʼlumotlarni koʻrish mumkin. Rivoyatlarga koʻra esa bu taomni Ibn Sino kashf qilgan ekan… Demak, Spitamen tanovul qilgan taom hozirgi palovlardan emas, balki oshga oʻxshab ketadigan boshqacha bir ovqat boʻlgan boʻlsa kerak.

Men sevib oʻqigan romanlardan biri – “Yulduzli tunlar”da yana-da qiziq epizod bor. Bir qarashda oddiygina voqea. Boburning otasi Umarshayx Mirzo oilasi bilan birgalikda saharlik qilyapti. Dasturxonga tortilgan turli tansiq yeguliklardan totingach, podshoh choy ichish asnosida farzandlariga nasihat qiladi. Voqea hijriy 899, ramazon oyining boshida, melodiy 1494 yil iyunida boʻlib oʻtyapti. Talabalik paytlarim romanning shu joyini oʻqiganda, men: “Oʻsha paytda Movarounnahrda choy ichish rasm boʻlgan ekanmi?” deb oʻylaganim esimda. “Boburnoma”, “Humoyunnoma” asarlarini oʻqish asnosida choy taʼrifi, xususan, Bobur va temuriylar saroyida choy ichilganiga doir qaydlarni uchratmadim. Keyinroq S. Abashinning tadqiqotlarida choy dastlab Xitoy savdogarlari tomonidan Qoʻqon xoni Erdanabiy saroyiga (u 1752–1769 yillarda taxtda oʻtirgan, xonlik hududini ancha kengaytirgan, afgʻon shohi Ahmadshoh Durroniy bilan Sin imperiyasining Markaziy Osiyoga qilgan tajovuziga qarshi ittifoq tuzgan kishi) taqdim etilgani haqidagi maʼlumotni koʻrdim (Choʻqon Valixonov ham choyning Oʻrta Osiyoda rasm boʻlishi bilan bogʻliq ancha qiziqarli maʼlumotlar keltiradi). Demak, Pirimqul Qodirov Movarounnahrga choy kirib kelishidan ikki yuz ellik yil avvalgi voqelikda choy bilan bogʻliq epizodni kiritgan ekan.

Xullas, bu kabi “tarixiy xato”larni yana topish mumkin. Aslida tarixiy roman yoki qissalarda shunga oʻxshash “xato”lar qanchalik ahamiyatga ega? Umuman, haqiqiy xato nima-yu, toʻqima, anigʻi, badiiy toʻqima nima, uydirma-chi? Bu masala koʻpdan buyon fikrimni band etib keladi.

Birmuncha vaqt avval Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr kengashiga kelgan tarixiy romanlardan birini menga taqriz uchun topshirishdi. Havaskor bir adibaning “Men Movarounnahr amiriman” romanida Amir Temurning bolaligidan to siyosat maydoniga kirib kelishigacha boʻlgan davr qalamga olingan ekan. Taqrizni oʻqiganlar “asar”dagi men eʼtiroz bildirgan epizodlarning baʼzilari haqida “bu shunchalik ahamiyatlimi?” deyishgan edi. Oʻzingiz xulosa chiqara qoling: Amir Temur (romanda yozilishicha, Temurbek) vafot etgan onasini eslab, (roman birinchi shaxs – Amir Temur tilidan hikoya qilinyapti) mazmunan shunday deydi: “Onam qanchalik mehribon edi, menga samovarda choy qaynatib berardi…” Keyingi lavha: Temurbekning opasi Qutlugʻ Turkon uzatilyapti. Muallif yozadi: “Mulla “Nikoh” surasini oʻqib boʻlgach, – Sizlarni er-xotin deb eʼlon qilaman, – dedi”. Yoki yana biri: Amir Muhammad Taragʻay majlisda qatnashib, bek va amirlar oldida nutq soʻzlayapti: “Eshitishimcha, dunyodagi xalqlar uchta irqqa boʻlinar ekan. Yevropaliklar, qora tanlilar va moʻgʻullar irqiga. Lekin nega turkiylar irqi deyilmaydi?” Mayli, agar voqea tasvirlanayotgan XIV asrda samovar Movarounnahrga kirib kelish tugul, qadim Rusning oʻzida hali ixtiro qilinmaganini (u 1778 yilda Tulada aka-uka Ivan va Nazar Lisitsinlar tomonidan yasalgan, bizga esa chor Rossiyasi istilosidan keyin kirib kelgan), Qurʼoni Karimda Nikoh surasi yoʻq ekanini, nikoh paytida mulla odatda ikki tomonning roziligini olib, nikoh haqidagi hadislardan aytishini (masalan, “An-nikahu sunnati manla yankihu falaysa minni” – “Kim nikohlanmasa, u mening ummatim emas”), “Sizlarni er-xotin deb eʼlon qilaman” degan jumla nasroniylar nikohida aytilishi, bizga Gollivud filmlaridan kirib kelgani-yu, bugungi kunda FHDYo mudiralarining baxtiyor kelin va kuyovga aytadigan xitobiga aylanganini, insoniyatni uchta irqqa ajratish XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib tatbiq etilgani, voqea boʻlayotgan XIV asrda esa bu haqda ilmiy nazariya va qarashlar hali yaratilmaganini nazarga olmasak, albatta, hech gap emas.

Toʻgʻri, yozuvchi badiiy toʻqimaga haqli. Ammo yozuvchining xayoloti qachon badiiy toʻqima boʻladi-yu, qachon uydirmaga aylanadi, gap shunda.

Tarixiy mavzuda bitiladigan asarda tarixiy voqelik, obrazli qilib aytganda, goʻyo bir avra va astar, xolos. Magʻiz va bichim esa badiiy asarga qoʻyiladigan bosh mezon – badiiylikdir.

Keling, badiiy toʻqima hodisasini “Yulduzli tunlar” romanidan boshlab tahlil etamiz.

 

ToІir va ToІir oftobachi

 

Tohir obrazi – oʻquvchi uchun badiiy toʻqima. Haqiqatda esa Bobur Mirzoning Tohir oftobachi degan aʼyoni boʻlgan, Gulbadan begim “Humoyunnoma” asarida otasining soʻnggi kunlarini eslash asnosida Tohir oftobachini ham yodga olib oʻtadi. Lekin bu kishining qayerda tugʻilgani, ajdodlari kimligi, Bobur xizmatiga qanday kelib qolgani haqida qaydlar uchramaydi. Yozuvchi Boburning yonida oddiy xalq ichidan chiqqan yaqin safdoshlar borligini koʻrsatish niyatida boʻlgani uchun Tohir oftobachini tanlaydi va asar davomida uni obraz sifatida bosqichma-bosqich rivojlantira boshlaydi (qolaversa, oʻsha davr mafkurasi badiiy asarlarda oddiy xalq vakillari obrazi boʻlishini talab qilgan), Tohir va Robiya sevgisini “yaratadi”, uni Bobur bilan birgalikda Samarqand qamaliga, Oʻratepa-yu, Toshkent, Andijon oʻrtasidagi darbadarlikka, Ibrohim Loʻdi qoʻshini bilan boʻlgan jangga “tashlaydi”, qahraton qishda Hindikush togʻlarida qor kechtiradi, shu tariqa, uzoq yillik sinovlardan oʻtkazib, Boburning yonida uning xos kishisi qilib qoldiradi, va nihoyat, Bobur vafotidan keyin uning “Boburnoma”sini Vatanga olib keluvchilardan biriga aylantiradi. Shu maqsad yoʻlida yozuvchi hatto tarixan yuz bergan baʼzi voqealarni ham Tohirning zimmasiga yuklaydi. Masalan, Umarshayx Mirzo halok boʻlgandan keyin Sulton Ahmad Mirzo (u Boburning amakisi edi) Andijonni qoʻshib olish niyatida Samarqanddan qoʻshin tortib kelayotganda askarlari halokatga uchragan: Quvasoy daryosi ustidagi koʻprik qulab, lashkarning koʻp qismi suvga choʻkib ketgan. Yozuvchi esa oʻz qahramonining yuragida isyon oʻtini yoqish uchun ushbu tarixiy voqeadan foydalanadi. Ota-onasi, qishloqdoshlari va, tabiiyki, sevgilisini qutqarish uchun chora qidirgan Tohirning qoʻliga arra va bolta “tutqizadi”. Tohir yoniga doʻstlarini olib, lashkar kelishidan oldin tunda koʻprikning asosini arralab qoʻyadi. Va shu bilan voqealar sahnasiga chiqib keladi. Shu maʼnoda Tohir obrazi tarixiylik va badiiy toʻqimaning ajib uygʻunligiga misol boʻlib qoladi.

 

Xonzoda begim va tarix ІaЄiЄati

 

Xonzoda begimning Muhammad Shayboniyxonga uzatilishi, oʻgʻli Xurram Sultonning halok boʻlishi “Yulduzli tunlar”ning eng taʼsirli boblaridan hisoblanadi. Agar tarixiy haqiqatga toʻliq rioya etilish nuqtai nazaridan qarasak, bu yerda ham “xato” topamiz. Gulbadan begim “Humoyunnoma”da yozadi: “Otam hazratlari olti oy davomida Samarqandni olmoqqa urindilar, lekin maqsadlariga yeta olmadilar… hech joydan madad va yordam kelmagach, maʼyus boʻldilar. Ana shunday vaqtda Shohibekxon “Agar… Xonzodabegimni menga bersangiz oramizda sulh tuziladi va ittifoqlik aloqalari oʻrnatiladi”, deb aytgizib yubordi. Oxiri Xonzodabegimni oʻsha xonga berib, oʻzlarining qaytishlari zarur boʻldi”. Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida esa shunday deyiladi: “Uning (yaʼni Boburning) qarshilik koʻrsatishga hech chorasi qolmay, Shohibek bilan sulh tuzib, oʻz egachisi Xonzodani unga berdi”.

Pirimqul Qodirov romanni yozar ekan, bosh qahramoni Boburning yilma-yil, bosqichma-bosqich shaxs sifatida shakllanib borishini, xususan, uning atrofidagi yaqinlari, opasi, onasining fidoyiligini koʻrsatishni niyat qilgan boʻlib, Xonzodabegim va Nigorxonimni Boburning intilishlari mohiyatini tushunib yetgan oqila ayollar sifatida tasvirlaydi. Shu nuqtai nazardan yozuvchi ongli ravishda tarixni “buzib” koʻrsatadi, Bobur opasini Shayboniyxonga uzatishga rozilik bermaydi, tunda qamalni yorib chiqishga qaror qiladi, ukasining halok boʻlishini istamagan Xonzodabegim esa Boburdan yashirincha Samarqanddan chiqib, Shayboniyxon qoshiga ketadi…

Tarixiy roman yozish maqsadida manbalarni sinchiklab oʻrgangan yozuvchi “Humoyunnoma”, “Tarixi Rashidiy” va nihoyat, “Boburnoma”da nimalar yozib qoldirilganini bilmasmidi? Bilardi, albatta. Gap shundaki, Gulbadan begim va Muhammad Haydar yozib qoldirgan tarixiy haqiqat romanning badiiyat mantigʻiga mos kelmas edi. Aynan badiiyat mantigʻi Xurram Sultonning oʻlimini ham bir necha yilga “kechiktirishni” taqozo qiladi. Xurram Sulton tarixan roʻy berganidek, otasi Shayboniyxon hayotligi paytida kasallanib vafot etmaydi, balki otasi halok boʻlgandan keyin Xonzodabegim bilan birga oʻz xaloskori – Bobur Mirzo huzuriga keladi, togʻasiga ixlos qoʻyadi, Boburning Shoh Ismoil qoʻshinlari yordamida Samarqandni olganidan norozi boʻlib isyon koʻtargan beklarga qarshi navkarlar qatorida turib jang qiladi, paykon otib, onasining koʻz oʻngida halok boʻladi. Oxiri qabristonga emas, ovloqroq bir yerga yoʻl-yoʻlakay dafn etib ketiladi. Mazkur voqea sababli Bobur shialar hukmdori bilan ittifoq tuzib qilgan xatosining qanchalik qimmatga tushganini anglagan boʻlsa, Xonzoda begim zamon gʻildiragining beshafqat zalvorini yana bir bor his etadi. Shu bilan yozuvchi qahramonlar hayotidagi fojiaviylikni yana bir qadar oshiradi.

 

Xronologik nisbiylik

 

Tarixiy voqealar xronologiyasiga amal qilish borasida ham istagancha bahs qilish mumkin. Albatta, roʻy bergan tarixiy voqea-hodisaning mohiyatini, ayniqsa, uning ahamiyatini anglab olishda, mazkur voqeaning tarixiy davrga koʻrsatuvchi taʼsirini aniqlashda va albatta, odilona baholashda xronologiyaning oʻrni beqiyos. Bunga “Zafarnoma” asarining yozilish tarixi dalil boʻla oladi. Asar yozilishiga bosh-qosh boʻlgan temuriyzoda Ibrohim Sulton kitobni yozishda shu qadar aniqlik talab qilganki, hatto voqea boʻlgan sana, joy nomlari, shaharlar orasidagi masofalar ham aniq keltirilgan. Agar shubha tugʻilsa, masofalarni yangidan oʻlchab chiqishgan. Shu bois “Zafarnoma” Sohibqiron olib borgan siyosat va faoliyat haqidagi eng aniq maʼlumot beruvchi qimmatli manba hisoblanadi.

Badiiy asarda xronologik tartibga rioya qilishda esa bir qadar nisbiylik bor. Har nechuk badiiy asar “Zafarnoma” emas, deya oʻylayman. Lekin shu ondayoq tarixchi doʻstlarimning eʼtirozini eshitganday boʻlaman: Amir Temur haqida roman yozayotib, loy jangi bilan Hindiston yurishini farqlamagan, bu ikki voqea vaqtini adashtirgan yozuvchiga qanday baho berish kerak? Albatta, bunday yozuvchi Sohibqironga samovarda choy qaynatib bergan muallif oladigan bahoga loyiq. Ammo baribir, voqealarning badiiy talqinida nisbiylik degan tushuncha borki, voqealarning mantiqiy rivoji, xarakter talabi bilan yozuvchi unga murojaat qilishiga toʻgʻri keladi. Nisbiylik tushunchasini anglash uchun yana misol keltirishga toʻgʻri keladi.

Mirzo Ulugʻbek hayotining soʻnggi kunlari, xususan, uning qatl etilishi borasida ham badiiy adabiyotda bir nechta talqinlar mavjud. Shulardan uchtasini keltiramiz.

Odil Yoqubov (“Ulugʻbek xazinasi” romani) talqiniga koʻra, Mirzo Abdullatif otasini qatl ettirgach, ukasi Abdulazizni va amakivachchasi Abdullo Mirzoni zindonga tashlaydi. Abdulaziz otasining oʻldirilganidan xabar topgach, zindonda yotgan joyidan chiqib keladi-da, toʻgʻri salomxonaga, taxtda oʻtirgan akasining huzuriga bostirib keladi. Turgan gap, shahzodaning yoʻlini toʻsishga hech kim botina olmaydi. Abdulaziz otasining qatli uchun akasini laʼnatlab, unga qarata: “Padarkush!” deya qichqiradi. Sir saqlab kelgani oshkor boʻlib borayotganidan choʻchigan Abdullatif endi ukasini oʻldirishga buyruq beradi.

Xurshid Davronning “Osmonda quyosh yoʻq edi” nomli essesida esa ushbu tarixiy voqeaning boshqacha talqinini koʻramiz. Unda Abdullatif avvalo ukasini qatl ettiradi. Keyin otasini oʻldirishga buyruq beradi. Aniqrogʻi, Said Abbos bir necha yil avval Mirzo Ulugʻbek tomonidan qatl ettirilgan otasining xunini soʻraydi. Abdullatif otasini oʻlim oldidan qiynamaslik sharti bilan rozi boʻladi. Said Abbos esa otasi uchun oʻch olmoqchi, quvgʻindi shohni qiynab, rohat olmoqchi. Nihoyat, ablahona qiynoq oʻylab topadi. Oʻlimi oldidan Mirzo Ulugʻbekka sevimli oʻgʻli Abdulaziz qatl ettirilganini aytadi. Shohning azob ichra qolganini koʻrib, qoniqish bilan qilichini qinidan sugʻuradi…

Qarangki, birgina Mirzo Ulugʻbek, Abdulaziz va Abdullatif voqeasi ikki xil talqinda ikki xil vazifani ado etyapti. Odil Yoqubovning talqinida Abdulaziz koʻp bora quyushqondan chiqib, otasini kuydirgan, malomatlarga qoldirgan boʻlsa-da, otasini yaxshi koʻradi, padarkush akasiga nisbatan bor nafratini bildira oladi. Shu bois yozuvchi Abdulazizni avvalo zindonga “tashlaydi”, keyin “qatl etadi”. Xurshid Davron talqinida esa Mirzo Ulugʻbekning oʻz oʻgʻliga boʻlgan cheksiz mehri aks etishi kerak edi. Shuning uchun ham ijodkor avval Abdulazizni, keyin Mirzo Ulugʻbekni “qatl qiladi”. Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” dramasida esa bosh qahramon hayotiga boshqacha nuqta qoʻyiladi. Said Abbos uning koʻksiga xanjar sanchib oʻldiradi. Chunki sahna talabi, drama soʻnggidagi voqealar mantigʻi shuni taqozo qiladi. Nisbiylik mana shu uch asarda uch rakursda koʻrinadi. Va har biri maʼlum bir belgilangan vazifaga xizmat qiladi. Shunday ekan, tarixiy haqiqatni nisbiylik nuqtai nazaridan talqin qilgani uchun ijodkorga iddao qilmoqqa qanchalik haddimiz sigʻadi?

Mirzo Ulugʻbek va Mirzo Abdullatifning soʻnggi uchrashuvi ham bir qancha asarlarda turlicha talqinda uchraydi. Shulardan uchtasini keltiramiz. “Ulugʻbek xazinasi” romanida ota va oʻgʻilning yakkama-yakka uchrashuvi “Koʻksaroy”da, Mirzo Ulugʻbekning koʻnglida kechgan ichki gʻalayonlar tasviri va Abdullatif bilan boʻlgan ruhan ogʻir dialog bilan kechadi. Muhammad Alining “Altoir yulduzi” hikoyasida ota va oʻgʻilning uchrashuvi saroyda boshlanayotgan bazm tasviri asnosida kechadi, bunda ota va bola oʻrtasidagi suhbat allaqachon boʻlib oʻtgan, endi ushbu soʻzlashuvning oqibati kuzatilyapti. Xurshid Davronning “Algʻul” fojiasida esa ota va oʻgʻilning uchrashuvi Mirzo Ulugʻbekning xayoloti orqali berilib, Ulugʻbek va Abdullatif oʻrtasida gina-kuduratga toʻla bahs kechadi.

Odil Yoqubovning talqini ulugʻ olimning oddiy inson sifatida umri davomida amalga oshirgan ishlarining yoʻq boʻlib ketishidan xavotirini, ota va oʻgʻil oʻrtasida yuzaga kelgan maʼnaviy jarlikni koʻrsatish barobarida, Abdullatifning boshiga tushajak koʻrgilikdan ogohlantirishga (“Yolgʻiz tilagim: ilm yoʻlida otang qilgan ishlarga, shogirdlari va ustodlariga tegmagaysan. Tegsang… ota qargʻishiga uchrab, toabad badnom boʻlursen!”), Muhammad Alining talqini Movarounnahrda yuzaga kelayotgan maʼnaviy inqirozni tasvirlashga, Xurshid Davronning talqini esa ota va oʻgʻil oʻrtasida yuzaga kelgan ixtilofning ildizlarini ochishga xizmat qiladi (Abdullatif: “… men tomonda kuch-qudrat dagʻdagʻasi! Mening qoʻlimda kuch-qudrat qilichi, sizning ilkingizda adolat qalqoni! Amirlar hech qachon adolatni himoya qilmaganlar, ular kuch-qudrat timsoli – saltanatni hifz etganlar. Kuch men tomonda, demak adolat ham men tomonda deb oʻylaydi ular”).

Yozuvchining oʻz nigohi boʻladi. Va u har bir voqea va hodisani mana shu nigohi orqali koʻradi. Tarixiy mavzuda asar yozayotgan ijodkor ham har bir voqeani oʻz nigohi bilan koʻradi va baholaydi. Bu “nigoh” yozuvchi oʻz oldiga qoʻygan maqsadi, asarning konseptidan kelib chiqadi. Shu bois baʼzan tarixiy aniqlik bilan yozuvchi talqini oʻrtasida maʼlum bir farqlar yuzaga keladi. Masalan, “Yulduzli tunlar” romanidagi Xadichabegimning soʻnggi kunlari tasvirini olaylik. Yozuvchi talqiniga koʻra, Xadichabegim Mansur baxshiga nikohlab beriladi va qiynoqlar ostida jon beradi. Tarixiy aniqlikka rioya etadigan boʻlsak, Xadichabegim Hirotda yana ancha yillar umrguzaronlik qilganini, kasal boʻlib qolgan oʻgʻli Muzaffar Mirzoni koʻrish uchun Astrobodga borgani, oʻgʻli vafotidan keyin yana Hirotga qaytib ketgani kabi faktlarni romanga kiritmagani uchun yozuvchidan “gina” qilishimiz kerak boʻladi. Lekin Xadichabegim hayotidagi ushbu faktlarning romanga kirishi shart emas edi, chunki roman konseptiga koʻra, bu ayol oʻz qilmishlari uchun jazo olgan joyida voqea mantiqan oʻz yakuniga yetgan.

Xronolik nisbiylikka yana bir misolni Nabi Jaloliddinning “Tegirmon” romanida koʻrish mumkin. Yozuvchi roman bosh qahramoni Abdulhamid Choʻlpon umrining soʻnggi damlarini tasvirlar ekan, Abdulla Qodiriy va Fitratni ham Choʻlpon bilan bir vaqtda “qatl ettiradi”. Holbuki, tarixan millatimiz faxrlari aynan bir kunda otilmagan, ularni kim qatl etgani, fojia tafsilotlari ham maʼlum emas. Yozuvchi xalqimiz boshiga tushgan kulfatni butun koʻlami bilan koʻrsatish maqsadida Choʻlpon, Qodiriy va Fitratni bir kunda choh oldiga “olib keladi”. Jallod avvalo Choʻlponni oʻldiradi. Shoirning hayot bilan vidolashuvi juda qiyin kechadi: miltiq otilmaydi, toʻpponchani oʻqlab shoirning boshiga tirab otsalar, toʻpponcha ham ishdan chiqadi, oxiri shoirni bolta bilan chopib tashlamoqchi boʻladilar, lekin noshud jallod shuni ham eplay olmaydi. Choh oldida oʻz qismatlarini kutib oʻtirgan Qodiriy bilan Fitrat esa Choʻlponning qiynalayotganini koʻrib, yana-da ogʻirroq ruhiy iztirob ichida azoblanadilar…

“Tegirmon” romani aynan shu lavha bois xalqimiz hozirgi kunga yetishish uchun qay taxlit yoʻqotishlarni koʻrganini yana bir bor taʼkidlaydi. Zotan, yozuvchining maqsadi ham shu boʻlib, tarixiy voqelik ana shu maqsad yoʻlida nisbiylik nuqtai nazaridan koʻrib chiqilgan edi.

 

Badiiy toʻЄima yaratgan stereotip

 

Bizning tuygʻularimiz baʼzan shu qadar hadsiz boʻlib ketadiki… Mehr qoʻysak, uning chekini topolmaymiz, nafrat qilsak, chegarasini qoʻyolmaymiz. Bu juda gʻalati hodisa. Koʻpincha oʻqiyotgan romanlarimizga va qissalarimizga shu nuqtai nazardan qaraymiz. Ijobiy qahramonmi, u albatta, har tomonlama yetuk va barkamol boʻlishi, salbiy qahramonmi, qurumdan ham qora boʻlishi shart. Hatto adabiy asarlarga munosabat borasida ham shundaymiz. Yozuvchi xayolotini, badiiy toʻqima hodisasini unutib qoʻyamiz, shekilli.

Yana “Yulduzli tunlar” romaniga qaytamiz. Ikkita qarama-qarshi qutb – Bobur va Shayboniyxon oʻrtasidagi taxt uchun kurash, doʻstlar sadoqati va safdoshlar xiyonati, muzaffariyat quvonchi va magʻlubiyat alami biz kitobxonni shunchalik rom etib oladiki, yuqorida yozib oʻtganimiz nisbiylik, badiiy toʻqima va tarixiy haqiqat farqi yodimizdan koʻtariladi. Shu bois yozuvchi bitganlarni ayni haqiqat deya qabul qila boshlaymiz. Albatta, bu asarning muvaffaqiyatli chiqqanligi, yozuvchi isteʼdodi va mahorati yuksakligi natijasi. Eng qizigʻi, yozuvchi xayoloti mevasi boʻlgan hodisalarni kitobni yopgandan keyin ham ayni haqiqat edi, deya oʻzimizni ishontirishimiz, oʻzgalarni ham shunga ishonishga undashimizdir. Bu esa koʻpincha tarixiy hodisalar, ayniqsa, tarixiy siymolar borasida maʼlum bir qoliplarga, stereotiplarga tushib qolish xavfini tugʻdiradi. Bu ayniqsa, romanda Boburga qarama-qarshi qoʻyilgan Shayboniyxon obraziga boʻlgan munosabatda koʻrinadi. Asarda koʻp oʻrinlarda Bobur tilidan aytilgan baʼzi mulohazalar (masalan, Soʻxda quvgʻinda yurgan Bobur Shayboniyxonning Andijonni egallaganini eshitib, shunday deb oʻylaydi: “Bir vaqtlar Bobur orzu qilgan, lekin yetisholmagan ulkan maqsadga – Movarounnahrdagi parokanda viloyatlarni birlashtirib, yagona kuchli davlat barpo etish maqsadiga endi Shayboniyxon yetishmoqdami? Nahotki buning uchun Shayboniyxonday makkor, zolim va shafqatsiz boʻlish kerak edi?”) ayni tarixiy haqiqat deb qabul qilinishiga nima deyish kerak?

Muhammad Solihning “Shayboniynoma”sidagi:

 

Xon oʻzi oshiq erur, orif ham,

Borcha soʻz jonibidin voqif ham.

 

Xon oʻzi soʻzni base xub aytur,

Nazm ila nasrni margʻub aytur.

 

misralarini inobatga olmasak ham, juda boʻlmaganda, Herman Vamberining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” asaridagi taʼrifga eʼtibor berish kerak: “Bu urush odami maorif va madaniyat haqida oʻz davrining ruhidan toʻla xabardor va zamonasidagi tengdosh shoirlarning aksariyatidan ortiq darajada qalam sohibi boʻlgan. Chunki uning sheʼrlari… buyuk bir iqtidor va goʻzal tabiatga molik ekanini, u ham turkiy, ham forsiy, ham arabiy tillardan asosli suratda voqif ekanini koʻrsatmoqda. U… Buxoro, Samarqand, Toshkentda masjidlar, madrasalar solishga amr etdi. Garchi oʻzbek nomi oʻzining paydo boʻlish vaqtida va keyinchalik… eroniylar nazarida biqiqlik, vahshiylik bilan bir maʼnoda qoʻllanilsa-da, bu gaplar bir tomonlama va Shayboniyga nisbatan notoʻgʻridir. Chunki u maorif jihatidan oldingi Temur shahzodalarining aksaridan past emas edi”.

Nima uchun Shayboniyxon obrazida qora boʻyoqlar quyuqroq ekanligi haqida oʻylab koʻrganmizmi?

“Yulduzli tunlar” 1969 yilda yozila boshlagan, faqat oʻn yildan keyingina ancha mashaqqatlar bilan bosilgan. Bunga asosiy sabab oʻsha davr mafkurasida ekspluatator sinfi deb atalgan shohlarni ijobiy qahramon qilib olish mumkin emasligi edi. Pirimqul Qodirov oʻz asarining yorugʻlikka chiqishi uchun qanchalik aziyat chekkani hammamizga maʼlum. Yozuvchi Boburning bor sifatlarini koʻrsatishni, uning xalqimiz iftixor eta oladigan buyuk siymo ekanligini taʼkid qilishni niyat qilgan ekanmi, bu niyat roʻyobga chiqolmay qolmasligi, oʻsha davr mafkurasi romanni umuman yoʻq qilib yubormasligi uchun Boburga qarama-qarshi boshqa bir salmoqli adabiy qahramonni tanlashi shart edi. Xuddi shu talab taqozosi bilan Shayboniyxon Boburga dushman deb “belgilandi”. Buning uchun tarixan zamin bor edi. Yaʼni ikkovi ham Movarounnahrni birlashtirib, markazlashgan davlat tuzish orzusida jangu jadal qilar, bir unisi, bir bunisining qilichi oʻtkirlik qilardi. Ikkovi ham shoh edi, isteʼdodli shoir va iqtidorli sarkarda edi. Biri temuriy Abusaid Mirzoning nevarasi, ikkinchisi koʻchmanchi oʻzbeklar xoni Abulxayrxonning nevarasi, ikkovi ham oʻzini Samarqand taxtiga munosib deb bilardi. Tarix bu ikki shaxsni oʻzining chorrahasida toʻqnashtirib, avlodlar uchun goʻyoki bir boshqotirma yaratgan edi. Lekin sotsialistik realizm metodi uchun boshqotirmaning keragi yoʻq, badiiy asarda hamma narsa ochiq-oydin boʻlishi shart: bu – yaxshi, bu – yomon! Ayniqsa, ekspluatatorlar sinfi vakillarining yaxshi boʻlishi mumkin emas! Endi ulardan birining ijobiy sifatlari ochilibdimi, demak, u bilan jang qilgan ikkinchi podsho albatta, salbiy qahramon boʻlishi zarur! Biz romanni oʻqiganda mana shularni eʼtibordan soqit qilib yuborganmiz, chamamda.

Yaqinda Nasr kengashiga topshirilgan yana bir havaskor yozuvchining “Qilich va qalam” nomli tarixiy romanini oʻqiganda shunga yana bir bor amin boʻldim. Romanning koʻplab sahifalarida Shayboniyxonning qahrli, shafqatsiz va makkor ekanligi oʻrinsiz ravishda takror va takror qayd etiladi. Albatta, muallifga tarixiy manbalarni yanada sinchiklab oʻrganish, har bir masalaga asar konsepsiyasidan kelib chiqqan holda yondashish va badiiyat mantigʻiga tayanish tavsiya etildi.

Bular badiiy toʻqimani tarixiy haqiqat sifatida idrok qilishimiz oqibati. Lekin baʼzida buning batamom aksi, tarixiy haqiqatning badiiy talqinidagi toʻqimalarning haddan oshuvi kuzatiladiki, bu ham bizning talqindagi hadsizligimiz oqibati, shekilli.

 

Amir Temur, Saroymulkxonim

va Sultonbaxt

 

Nurali Qobulning “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich” romanida mana shunday lavha bor: Temur Toshkentda davolanyapti, Amir Husayn Zominda qishlayapti. Temur Boboturkni vaziyatni oʻrganish, Husaynni kuzatish uchun joʻnatgan. Boboturk qaytib kelib, Temurga hisob beryapti:

“ – (Amir Husaynning) xonimlaridan Qozonxonning qizi Saroymulk bizga yaqin bir kishiga, Amir Husayn Temurning tirnogʻiga ham arzimaydi, buni Temur bilarmikan? Uni (Amir Husaynni – R. H.) hecham Samarqand taxtiga yoʻlatmaslik kerak, debdi. Nega bu soʻzni bizning odamga aytgan, tushunmadim. Eri eshitsa, boshini kesadi.

Temur javob qiladi:

– Yaxshi. Xonim gaplashgan oʻsha kishiga tayinla. Bu haqda birovga gullasa, boshi ketishini anglat. Biz quroldosh doʻstlarimizga munosabat bobida axloqu odob doirasidan chiqmasligimiz kerak!”

Endi xuddi shu lavhaga mantiq yuzasidan qarab koʻraylik. Voqea boʻlib oʻtayotgan paytda Saroymulk Amir Husaynning nikohidagi ayol edi. Yozuvchining talqiniga koʻra, Saroymulk oʻz eri haqida nojoʻya gap aytyapti, yana bu gapni erining dushmaniga xizmat qilayotgan josusga taʼkidlab aytyapti: “Erim Temurning tirnogʻiga ham arzimaydi”, “erimni Samarqand taxtiga hecham yoʻlatmaslik kerak”.

Saroymulkxonim oqila, fozila ayol boʻlgani tarixan maʼlum. Mantiqan ayting-chi, oqila bir ayol oʻz erining dushmaniga shunaqa gaplarni ayttirib yuborishi mumkinmi? Agar yozuvchi Saroymulk Temurga xayrixoh boʻlgan, degan talqinni olgʻa surmoqchi boʻlsa (yozuvchi toʻqimaga haqli!), buni badiiyat mantigʻi bilan shunday dalillashi kerak ediki, toki oʻquvchi dilida shubha qolmasin, toʻqima rostdan ham badiiy va mantiqiy boʻlsin.

Shahodat Isaxonovaning “Bibixonim” romanida yanada boshqacha talqin bor. Saroymulkka Amir Husayn nomidan Temurbek sovchi boʻlib keladi. Saroymulk oʻzi uzatilayotgan yigitga emas, oʻziga sovchi boʻlib kelgan Temurbekka eʼtibor qiladi. Uning onasi Xonlar begim ham qiziga Amir Husaynni emas, Temurbekni munosib koʻradi-yu, lekin noiloj, Husaynga uzatadi. Adibaning talqiniga koʻra, Temur va Saroymulk yoshlik chogʻlaridayoq sevishgan-u, Husayn ularga xalal bergan. Faktlarga murojaat qilamiz. Sohibqiron Saroymulkxonimga uylanganida malika yigirma toʻqqiz yoshda boʻlib, hayotning achchiq-chuchugini totigan, oq-qorani tanigan ayol edi. U oʻn besh yil Amir Husaynning nikohidagi xotini boʻlib kelgan. Endi ayting-chi, bizning mentalitetimizda shuncha yil xayolan oʻz eri oʻrnida begonani koʻrib yurgan ayolga qanday baho beriladi? Bu toʻqima, bu kabi talqin Bibixonimga ham, Amir Temurga ham soya solmaydimi? Bu bilan xalq maqolida aytmoqchi, “qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqardik”, Amir Temur va Saroymulkxonim sevgisini koʻrsataman deb, ikkovini xiyonatkorga chiqardik: Saroymulk eriga, Temur doʻstiga xiyonat qildi… Bu bizning talqindagi haddan oshishlarimizga bir misol.

Bu romanda Sohibqironning qizi Sultonbaxt begimga tegishli toʻqimalar borki, bularga ham toʻxtab oʻtish lozim. Romanda yozilishicha, Sultonbaxt begim oʻz eri Muhammad Mirakning xos soqchisi Yodgorshoh Orlotga maʼshuqa boʻlgan. Yodgorshoh soʻzga juda chechan kishi ekan, Sultonbaxt begimni yolgʻiz uchratib qolgan chogʻlarida hech tap tortmasdan xonimning qulogʻiga moyday yoquvchi soʻzlarni shivirlab aytarkan, bu Sultonbaxt begimning boshini aylantirib qoʻygan ekan. Ikkovi oʻrtasidagi munosabatni yaqin odamlarning barchasi bilarkan, lekin shaʼma qilishga ham qoʻrqarkan. Oxiri Bibixonim bu gap-soʻzlar bosilishi uchun Yodgorshohni Xalil Sulton qoʻshiniga oʻtkazdirib yuboribdi…

Tarixiy manbalarda Yodgorshoh Orlot degan odam haqida maʼlumotlar uchramaydi, u – toʻqima obraz. Sultonbaxt begimning axloqsiz ayol boʻlgani haqida ham maʼlumotlar yoʻq, demak, bu adibaning toʻqimasi. Yozuvchi toʻqimaga haqli ekanini yana bir bor taʼkid qilgan holda masalaga mantiq nuqtai nazaridan qaraymiz.

Oʻsha davr zodagon ayollari, ayniqsa, malikalar begona nazarlardan juda ehtiyot qilingan. Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Gavharshod” romanlarida, Xurshid Davronning “Sohibqiron nevarasi” badihasida bu masala, ayniqsa, yaxshi aks etgan. Yodgorshoh Orlot Muhammad Mirakka xizmat qila turib, oʻz xoʻjasining haramiga yaqin kela oladimi? Yodgorshoh Orlot oʻta jurʼatli odam ekan, yurak yutib Sohibqironning qiziga koʻz tashlabdi, deb faraz ham qilaylik, Amir Temurday kishining qizi oddiygina soqchini nazariga iladimi? (Muallifning taʼkid qilishicha, bu ayol oʻz eriga ham past nazar bilan qararkan!) Mayli, malika soqchiga “marhamat koʻrgazibdi” yoki soqchi gaplari bilan uning boshini haqiqatan ham aylantirib qoʻyibdi, deb taxmin qilaylik. Bu gap Bibixonimga yetadi-yu, nahot Amir Temurning qulogʻiga yetib bormaydi? Bu savolga javoban Bibixonim gap tashishni yomon koʻrgandir, deb faraz qilamiz. Muallif Sultonbaxt begim otasi yonida muloyim tortib qolardi, shuning uchun Sohibqiron u haqdagi gap-soʻzlarga ayollarning fisq-fasodi deb eʼtibor qilmas edi, deb taʼkidlaydi. Demak, bu gaplar Amir Temurga yetib borgan ekan. Mantiqan, axloq, diyonat va adolat tushunchalarini baland tutib kelgan Sohibqiron oʻz qizining axloqsizligiga chidab turadimi?

Bu – toʻqimada haddan oshishlarga ikkinchi bir misol. Xuddi shu oʻrinda boshqa bir masalaga yetib keldik.

 

Toʻqima nima? Uydirma-chi?

 

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da toʻqimaga shunday taʼrif beriladi: “Badiiy asarning asosiy mazmunini va undagi qahramonlarning xarakterini ochib beradigan, oʻzaro uzviy bogʻlangan voqea-hodisalar majmui”. Ikkinchi maʼnosi: “Toʻqib chiqarilgan voqea, xarakter va hokazo”. Uydirmaga berilgan taʼrif: “Oʻylab, toʻqib chiqarilgan, yolgʻon…”

Qarangki, toʻqima ham, uydirma ham oʻylab topilgan voqea va hodisalar yoki qahramonlar boʻlib, yozuvchining xayoloti mevasi. Lekin ularning farqi nimada? Oʻylab topilgan voqea yoki qahramonlar qachon toʻqima (badiiy toʻqima) boʻladi-yu, qachon uydirma darajasiga tushadi?

Yuqorida “Yulduzli tunlar” romanidagi Tohir obrazini koʻrib chiqdik. Tohir oftobachining hayot yoʻli bilan yozuvchi yaratgan qahramon – Tohirning hayot yoʻli orasida oʻxshashlik, balki, umuman, yoʻqdir. Tohir oftobachi Fargʻonada tugʻilmagan, Bobur bilan birga Samarqand qamalida qatnashmagan, Ibrohim Loʻdi bilan boʻlgan jangda yaralanmagan boʻlishi mumkin. Lekin yozuvchi oʻz qahramoni – Tohirni shaxs sifatida bosqichma-bosqich rivojlantirib boradiki, oxir-oqibat u Boburning yaqin hamdamiga, Tohir oftobachi darajasiga koʻtarildi. Va shu bilan yozuvchi xayoloti badiiyat mantigʻi bilan isbotlangan toʻqimaga, yaʼni badiiy toʻqimaga aylandi.

Bu masalada ikkinchi bir misolni keltirish oʻrinli. Shahodat Isaxonovaning “Bibixonim” romanida Shodimulk bilan bogʻliq qator voqealar keltiriladi.

Muallifning yozishicha, Amir Sayfiddin Shodimulkni bir chuhrachidan Amir Temur saroyi uchun sotib oladi, lekin qiz yoqib qolib, oʻziga olib qoladi. Shodimulk Amir Sayfiddinning kanizagi boʻlib yurgan chogʻda Abu Bakr degan bek bilan topishib, ikkovi Amir Sayfiddindan choʻchimay, uchrasha boshlaydi. Amir Sayfiddin ham buni biladi, lekin qarshilik qila olmay, dardi ichida, kuyib yuradi. Oxiri Abu Bakrdan oʻch olishning antiqa yoʻlini topadi-da, Shodimulkni Xalil Sultonga hadya qilishga qaror qiladi. Yana bu qarorni shahzodaga Abu Bakr orqali ayttirmoqchi boʻlib: “Foniy dunyoning bu bebaho gavhari shahzodamizga ikkimizdan munosib sovgʻa boʻlsun”, deydi. Abu Bakr nima qilishni bilmay, kanizakning oʻzidan maslahat soʻraydi, agar Shodimulk rozi boʻlsa, qiz bilan boshi oqqan tomonga ketmoqchi. Kanizak shahzodaning daragini eshitishi bilan unga qiziqib qoladi. “Shahzodaga kaniz boʻlmoq ikkimizga saodat keltirur”, deb shahzodaga kaniz boʻlishga rozilik beradi…

Manbalardan bilamizki, Xalil Sulton Amir Sayfiddinning kanizagi Shodimulkni sohibi vafotidan keyin yashirincha oʻz nikohiga olgani Amir Temurning gʻazabini keltirgan, lekin Saroymulkxonim aralashib, Xalil Sultonni jazodan olib qolgan, bahonada Shodimulkning hayoti ham saqlab qolingan (shu oʻrinda yuqorida keltirilgan Sultonbaxt begim bilan bogʻliq farazlarga oid yana bir savolni keltirsak: nevarasining axloqsizligi uchun dargʻazab boʻlib, uni jazolamoqchi, Shodimulkni qatlga buyurmoqchi boʻlgan Sohibqiron Sultonbaxtning hammaga mish-mish boʻlib ketgan “sarguzashtlari”ga indamaydimi?).

Shodimulk va Xalil Sulton orasidagi munosabatlar, Shodimulkning temuriylar saltanati boshiga tushgan koʻrgiliklarga qoʻshgan “hissasi” tarixiy manbalarda yoritilgan boʻlib, roman muallifi ushbu manbalarni eʼtiborga olmaganda ham, hech boʻlmaganda, Xurshid Davronning “Saroymulkxonim yoxud tugamagan doston” essesini nazardan qochirmasligi kerak edi.

Shahodat Isaxonova Shodimulkning qanchalik yaramas ayol boʻlganini taʼkidlash uchun yuqoridagi voqeani toʻqib chiqargan, deya faraz qilaylik. U holda masalaning boshqa bir jihati tugʻiladi: har bir qahramonga oid u yoki bu toʻqima asardagi boshqa bir qahramon hayotiga doir tarixiy haqiqatlar yoki mavjud tasavvurlarga taʼsir koʻrsatadi. Shu bois yozuvchi Shodimulk yoki Sultonbaxt begimning hayoti, uning xarakteri haqida biron-bir toʻqima yaratar ekan, xayolotning bu “meva”si mazkur ayollar orqali boshqa bir odamlar (masalan, Amir Sayfiddin, Xalil Sulton, Sultonbaxt, Saroymulk, Amir Temur) haqida tarixiy manbalarda yozib ketilgan haqiqatlarga zid kelib qolmasligini, ularning xalq tasavvuridagi mavjud qiyofasiga soya solmasligini oʻylashi zarur. Aks holda yozuvchining bu toʻqimasi tarixiy shaxslarga nisbatan, yumshoqroq qilib aytganda, insofsizlik boʻladi.

Va mana shu nuqtada yuqoridagi, oʻylab topilgan, toʻqilgan voqea yoki qahramonlar qachon badiiy toʻqima boʻladi-yu, qachon uydirma darajasiga tushadi, degan savolning javobi kelib chiqadi.

Xulosa oʻrnida

 

Kino olamida “kinolyap” degan atama bor. Bu filmlarni surat olish yoki montaj qilish jarayonida yoʻl qoʻyilgan, ekranda roʻy berayotgan voqealarning tabiiyligini buzadigan texnik va mantiqiy xatolardir. Bizning yuqorida keltirgan “xatolar” (Umarshayx Mirzoning choy ichishi, Spitamenning palov yeyishi) bilan “kinolyap” oʻrtasidagi oʻxshashlik qanchalik yaqin yoki uzoq, degan savolni qoʻymoqchi emasman. Koʻnglimda muharrir va shu bilan birgalikda yozuvchi sifatida kechadigan xavf borki, u ham boʻlsa… “Yulduzli tunlar” ham, “Sugʻdiyona” ham hali yana koʻp bora qayta nashr etiladi. Mana shunday nashrlardan birida muharrirlardan biri qoʻliga oʻchirgʻichni olib… (Xudo saqlasin!) Yana shundan ham choʻchiymanki, romanlardagi mana shu xatolar haqida maqola bosilgan edi, degan taʼkidlov shunga sabab boʻlishi mumkin. Boisi bundan bir qancha yillar avval Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” dramasidagi Xoʻja Ahror va Mirzo Ulugʻbek toʻqnashuvi liniyasi borasida matbuotda Xoʻja Ahrorning Ulugʻbek fojiasida ishtiroki yoʻqligi, bu ulugʻ zot oʻsha paytda Toshkentda yashagani, Samarqandga Ulugʻbek vafotidan uch yil oʻtib, Abusaid Mirzoning taklifi bilan koʻchib kelgani haqidagi eʼtirozlar bosilgani sababli bugun bu asar asosida ishlangan, Shukur Burhonov, Hamza Umarov kabi sanʼatimiz dargʻalari ishtirokida yaratilgan, kino sanʼatining nodir namunasi darajasiga koʻtarilgan film umuman ekranga chiqmayotganini, “Ulugʻbek xazinasi” romanidagi epizod ham (Mirzo Ulugʻbek va Abdullatifning Koʻksaroydagi uchrashuvida Xoʻja Ahror ham boʻladi) yozuvchining oʻzi tomonidan “qaychilab” tashlanganini, keyin romanni boyitish asnosida qoʻshimcha qahramon, epizodlar kiritilganini unutib boʻlmaydi. Natijada esa “Ulugʻbek xazinasi”ning yangicha bir koʻrinishiga ega boʻldikki, endi Mirzo Ulugʻbek qariganida Yulduzbibi degan yosh qizni sevgani va bu qizni saroyida, xilvatxonada saqlaganini (!), Qalandar Qarnoqiy obrazining nihoyat darajada faollashib ketganini, quvgʻindagi Ulugʻbekni Yulduzbibi bilan uchrashtirganini (buning uchun qizni Koʻksaroydan lahm orqali rasadxonaga keltiradi! Ajabki, hech bir qarshiliksiz, bemalol, emin-erkin!) oʻqib turibmiz. Holbuki, romanda hamma “gʻisht” joy-joyida boʻlib, ularni siljitib boʻlmas edi. Faqat romanga yopishib tushmagan birgina lavha – Xoʻja Ahror qatnashgan epizodning oʻzini olib tashlasa kifoya edi!

Aslida “Mirzo Ulugʻbek” dramasida Xoʻja Ahrorning salbiy qahramon qilib kiritilishi oʻsha davr mafkurasi va siyosiy idoralarning talab va tazyiqi bilan boʻlgani aniq. Yoʻqsa, Shayxzodadek zukko ijodkor Xoʻja Ahror valiyning kim ekanligini bilmasmidi?

Har nechuk, mazkur asarlar biz uchun ogohlantiruvdir. Yuqorida qoʻygan savolimizning (bu “xato”lar qay darajada ahamiyatli?) javobi xuddi shu yerga kelib topiladi. Ular avvalo, oʻzining ibrati bilan ahamiyatli. Qolaversa, asarning badiiy qiymatini tushirmagan, voqealar rivojiga va xarakter mantigʻiga soya solmagan boʻlsa, bu “xato”larni “tuzatish”ga urinmay ham qoʻya qolgan maʼqul emasmi? Bu borada “Ulugʻbek xazinasi” boshiga tushgan koʻrgilik bizga saboq boʻlishi kerak.

Tarixiy mavzuda asar yozishga kirishayotib, ajdodlarimiz ruhini shod etishni bosh maqsadimiz etib belgilab olish, qogʻoz qoralayotib, xayolotning uchqur qanotlarida ucharkanmiz, oʻtganlar ruhini bexos ranjitib qoʻymaslik uchun masalaning ikkala tomoniga ham qarab qoʻyishni dilimizga mahkamroq tugib olishimiz shartdir.

 

Risolat HAYDAROVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.