Tarixi Yaminiy

0
26
marta koʻrilgan.

Ushbu asar oʻtmishda oʻquvchilar orasida “Tarixi Yaminiy”, “Al-kitab al-Yaminiy”, “Tarixi Utbiy” kabi nomlar bilan mashhur boʻlgan. Arab tilida yozilgan. Qimmatli va qiziqarli tarixiy maʼlumotlarga egaligi sababli dunyo kutubxonalarida koʻplab nusxalari uchraydi. Jahonning bir qancha tillariga tarjima qilinib, Dehli, Lahoʻr, Tehron, London shaharlari va boshqa joylarda bir necha martadan nashr etilgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasida ushbu asarning arab tilidagi №3252-IV (177 varaq) va forsiyga qisqartirib tarjima qilingan №3144 (72 varaq, oxiri yoʻq), 5828 (85 varaq) nusxalari saqlanadi. №3252 nusxa mahalliy dagʻal qalin qogʻozga nasx-suls xatida koʻchirilgan, charm muqovali.

Asar muallifi: Abu Nasr Muhammad ibn Abdujabbor al-Utbiy, 962 yili Ray viloyatida zodagon oilada tugʻiladi. Abu Ali Simjuriy, Qobus ibn Vushmagir saroyida xizmat qilgan. Sabuktegin, Mahmud va Masʼud Gʻaznaviylarning oliy dargohida nufuzli amaldorlardan boʻlgan. Ayrim tarixiy manbalarga koʻra, 1036 yili Gʻaznada vafot etadi.

Mazmuni va ahamiyati: Asar anʼnaviy hamdu sanolar hamda kirish qismidan keyin somoniylar davlatidagi hijriy 365 yili (m. 975) sodir boʻlgan voqealar bilan boshlanadi. Asarda gʻaznaviylar davlati tashkil topishi, Amir Nosiriddin Sabuktegin, Yaminaddavla Mahmud Gʻaznaviy, Sulton Masʼud kabi mashhur hukmdorlar hayoti, siyosiy faoliyati haqida batafsil maʼlumotlar berilgan.

Unda shoʻrolar davrida johil, ziqna, bosqinchi, qonxoʻr shaxs sifatida talqin qilingan Mahmudni emas, Abu Rayhon Beruniy sheʼridagi ilm va adab ahlining saxovatli homiysi, saljuqiylarning buyuk va mashhur vaziri Nizomulmulkning hukmdoriga: “Agar adolat nimaligini bilmoqchi boʻlsang, Mahmudning siyosatiga nazar sol”, deb qilgan nasihatidagi shaxsni uchratasiz.

Asarda Amir Ismoil Somoniy, Amir Abul Qosim Nuh, Abul Hasan Simjur, Qoraxoniy Bugʻraxon, Abul Qosim Simjur, Sayfuddavla singari yana koʻplab mashhur hukmdorlar haqida qimmatli maʼlumotlar berilgan.

Oʻquvchi ushbu asardagi maʼlumotlar orqali Movarounnahr, Xuroson, Kashmir hududlarida X va XI asrning birinchi choragida kechgan ijtimoiy jarayonlar, qavmlar madaniyati, ushbu oʻlkalardagi xalqaro aloqalar bilan yaqindan tanishadi. Asar “Tabariy tarixi”dan keyin sodir boʻlgan voqealarni davom ettiradi. Narshaxiy, Abu Rayhon Beruniy, Saolibiy asarlaridagi shu davrlarga oid axborotlarni toʻldiradi.

Undagi maʼlumotlar Xorazm mintaqasi, Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf, Shosh kabi shaharlarning tarixiy rivojlanishi, X–XI asrlarda mamlakatimizda mavjud boʻlgan davlatchilik asoslarini ilmiy oʻrganishda bebaho birlamchi manbalardan boʻlib xizmat qiladi. “Tarixi Yaminiy” asari shu paytgacha yetarlicha tadqiq etilmagan va oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan.

 

“Yoshlik”, 2018/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.