Tarixda Navoiy siymosi

0
4359
marta koʻrilgan.

Ulugʻ insonlarning qiyofasi, feʼl-atvori va hayotiga qiziqish har doim ham kuchli boʻlgan. Jumladan, Alisher Navoiy siymosiga. U zotning surati aks etgan bir necha miniatyura maʼlum. Biri XV asr oxirroqlariga mansub, Mahmud Muzahhib ishlagan mashhur rasm. Yana birini biroz keyinroq nomaʼlum rassom chizgan, Navoiy va yosh shahzoda surati. Mahmud miniatyurasida shoir bor boʻyi bilan, biroz egilibroq, uzun hassaga tayangan holda aks etgan boʻlib, Behzod maktabiga xos nozik chizgilar va tasvir mahorati bilan ajralib turadi. Navoiyning donishmandlik barq urib turgan chehrasi, chuqur maʼnoli nigohi bir qaragandayoq kishini oʻziga jalb etadi.

Unda zohiriy ulugʻvorlik bilan uygʻun botiniy sokinlik, yuksak axloqiy intizom, oqillik, mukammal hayotiy tajriba va daho ijodkorga xos salohiyat nuri ajib bir nimtabassum orqali namoyon boʻlgan. Ushbu suratning haqiqatga yaqinligini yozma manbalar toʻla tasdiqlaydi.

XX asrgacha Navoiy haqida yozilgan ana shunday asarlar borasida toʻxtalsak. Bular: 1) maxsus Navoiyga bagʻishlangan asarlar; 2) doston va tarixiy asarlarda Navoiyga bagʻishlangan bob yoki oʻrinlar; 3) tazkira va ilmiy asarlar.

Birinchi toifadagi asarlarga misol qilib Gʻiyosiddin Humomiddin Xondamir (1475–1535) qalamiga mansub “Makorim ul-axloq” (Olijanob sifatlar) asarini keltirish oʻrinlidir. Asar Navoiy hayoti, ijodiy merosi, ijtimoiy-siyosiy va homiylik faoliyati haqida birmuncha batafsil maʼlumot beruvchi manbadir. Muallif uni yozishni hali Navoiy hayotlik chogʻda (1500 yil) boshlagan. Biroq ulugʻ shoirning bevaqt vafoti tufayli oʻziga taqdim etolmagan. Navoiy kutubxonasida ishlagan Xondamir shoir umrining oxirgi yillarida u bilan koʻp birga boʻlgan, hatto, jon taslim etayotgan chogʻda ham hozir edi. Betakror daho insonning vafoti esa yosh tarixchini chuqur qaygʻuga soladi va bir qancha vaqt qoʻli ishga bormay yuradi. Faqat Sulton Husayn Boyqaroning talabi bilangina ushbu asarni tugatib, unga taqdim etadi.

Asar muqaddima, oʻn maqsad (bob) va xotimadan iborat. Ularda Navoiy tavalludidan vafotiga qadar boʻlgan voqealar loʻnda va goʻzal tarzda bayon etilgan. Shoirning yuksak axloqiy fazilatlariga aniq misollar keltirilgan. Bu haqda toʻxtalish ortiqcha. Chunki asarning oʻzbekcha tarjimasi bir necha bor chop etilgan (1940,1949,1967,2015). Akademik Izzat Sulton taʼrifi bilan aytganda: “Makorimul-axloq”da Navoiyning biografiyasi emas, balki uning tarixi, feʼl-atvori masalasi birinchi oʻrinda turadi.

Sulton Husayn mirzoning ham Navoiyga maxsus bagʻishlangan “Risola”si mavjud. Hajman qisqa, ammo Navoiy ijodiyoti haqida juda muhim maʼlumotlar keltirilgan bu asarda Husayn Boyqaro baland ohang va uslubda shoir asarlariga yuksak baho beradi. Taxminlarga koʻra, “Risola” Navoiy “Xamsa”ni yozib tugatgan vaqtda – 1485 yili yaratilgan. Husayn Boyqaro shu asarida:”… Mir Alisher… turk tilining oʻlgan jasadigʻa Masih anfosi bila ruh kiyurdi…” deya shoir ijodiga yuksak baho beradi.

Navoiyga bagʻishlangan asarlar qatoriga alohida sheʼrlarni ham kiritish mumkin. Misol uchun, Davlatshoh Samarqandiyning mulammaʼ (oʻzbekcha-forscha) qasidasi maʼlum. Navoiyning yaqin doʻstlaridan boʻlgan Mavlono Fasihiddin Sohibdoroning katta hajmli tarkibbandi ham bor. Ushbu sheʼrning har bayti birinchi misrasidan shoir tavallud tarixi (hijriy 844) va ikkinchi satridan esa vafot yili (hijriy 906) abjad hisobida kelib chiqadi. Ushbu tarkibband-taʼrixda Navoiydek zotning dunyoga kelishi qanchalik xayrli va quvonchli boʻlgan esa, uning vafoti zamondoshlarini shunchalik chuqur gʻam-gʻussaga koʻmib ketgani taʼkidlanadi. Yana Xondamir, Sulton Ibrohim Amoniy, Fasihiddin Muhammad Nizomiy Oxund, Kamoliddin Sulton Husayn, Mavlono Darvish Ali kabilarning ham shunday taʼrixlari maʼlum. “Tarixi tom” asarida muallifi nomaʼlum bir taʼrix keladi, unda hazrat Navoiy quyoshga oʻxshatiladi. Bir soʻz bilan aytganda, tarix ahli Navoiyni ulugʻvor va nurli siymo sifatida tasvirlaydi.

 

Miri xurshidsifat Mir Alisheri shahir,

Raxt ba bast chu zi-i zoviyai purmehnat.

Soli taʼrixi vay az manzili oʻ poʻrsidam:

Omad ovoz zi Firdavs, ki: “Jannat, jannat!”

 

Yaʼni: –

Quyosh sifatli mashhur (zot) Mir Alisher,

Bu azob toʻla dunyodan butunlay koʻchdi.

Taʼrix yili va manzilini soʻrasam,

Firdavs bogʻidan ovoz keldiki: “jannat, jannat”.

 

Bu oʻrinda “jannat” soʻzining ikki marta kelishi abjad hisobida 906 ni – Navoiy vafot etgan hijriy yilni koʻrsatadi.

Navoiyning mansabga tayinlanishi, Hirot va uning atrofida qurdirgan koʻplab inshootlari sanasi haqidagi taʼrixlar ham maʼlum. Mavlono Atoulloh Roziy va Amir Burhoniddin Navoiyning amirlik mansabiga tayin etilishi munosabati bilan, Mir Husayn Muammoiy, Darvish Ali tabib, Qozi Ixtiyoriddin, Mir Burhoniddin Atoulloh kabilar Navoiy qurdirgan madrasalar bitishi va u yerda dars berilishi munosabati bilan taʼrixlar aytganlar. Mir Atoulloh 1486 yili qurilgan bir madrasaga bagʻishlangan taʼrixida: “Chun madrasa soxt Mir bo ilmu adab…” deya taʼriflaydi. Haqiqatan, Navoiy nafaqat qurdirgan madrasayu boshqa binolari tufayli, balki katta ilm va yuksak adabga sohibligi bilan ham hurmat qozongan edi.

Ikkinchi xil asarlar ham birmuncha boʻlib, ular quyidagilardir:

Abdurahmon Jomiyning “Fotihat ush-shabob” devoni, “Layli va Majnun” va “Haft paykar” dostonlarida Navoiyga maqtovli taʼriflar berilib, ijodiy dahosi yuksak baholangan.

XV-XVI asrlar tarixini aks ettiruvchi muhim tarixiy asarlarda ham Alisher Navoiy hayoti, ayniqsa, siyosiy arbob sifatidagi faoliyatiga doir juda koʻplab muhim maʼlumotlar aks etgan. Jumladan, Muhammad ibn Xovandshoh Mirxond (1433–1498) oʻzining “Ravzat us-safo fi siyar il-anbiyo val-muluk val-xulafo” (Nabiylar, maliklar va xalifalar tarjimai holida soflik bogʻi) asarida. Navoiyga xos fazilatlar qayd etilgan. Aslida, Mirxond ushbu mashhur asarini Navoiyning maslahati va koʻrsatmalari bilan yaratgan. Aynan unda Navoiyning “sohib tadbirligi”, Yodgor mirzoga qarshi “muhorabalardagi ishtiroki”, amirlik mansabi, Astrobodga borishi, ukasi Darvish Alining isyoni, Badiuzzamon va Muzaffar mirzo oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishi, Moʻmin mirzoning oʻldirilishi, hajga joʻnashi, ammo Mashhaddan Sulton Husayn chaqirtirib kelishi haqidagi tarixiy hodisalar zikr etilgan.

Mirxondning nabirasi Xondamir “Makorim ul-axloq”dan tashqari yana uchta tarixiy asarida Navoiyni birqancha oʻrinlarda yodga oladi. Xususan, olti oy (1499 yil) ichida yozib tugallagan ilk asari “Xulosat ul-axbor fi ahvol il-axyor” (Xayrli kishilar ahvolida jahon xabarlarining xulosasi)da Navoiy haqida juda muhim tarixiy hujjat va maʼlumotlarni keltiradi. Masalan, Hirotda Navoiy qurdirgan binolar, obod qilgan ziyoratgohlar, Navoiyga doʻst va uning himmatidan bahramand boʻlgan olim, shoir, xattot, sanʼatkor va boshqalar toʻgʻrisida.

Xondamir vazirlar haqidagi “Dastur ul-vuzaro” asarining bir necha sahifasida Navoiyning vazirlik maqomidagi yaxshi ishlari va siyosiy faoliyatiga taʼriflar bersa, oʻz zamonasining eng muhim asarlaridan hisoblanadigan “Habib us-siyar”da Sulton Husayn davri tarixining juda koʻp oʻrinlarida Navoiyni tilga oladi yoki u bilan bogʻliq tarixiy voqealarni hikoya qiladi. Bu asarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Xondamir oldingi asarlarda yoritishni unutgan yoki kam toʻxtalgan Navoiy bilan bogʻliq voqea-hodisalarni batafsil keltiradi, uning tarixiy siymosiga aniqroq chizgilar tortadi. Bu asar yordamida Alisher Navoiy barcha amalu mansablarga oʻz ixtiyori bilan kelmaganini, lekin ulardan isteʼfo berishda oʻz ixtiyori bilan yoʻl tutganini bilib olamiz. “Habib us-siyar”da keltirilishicha, Navoiy muhrdorlik lavozimidan “isteʼfoga chiqdi va amir Nizomiddin Shayx Ahmad Suxayliyni muhrdor etib tayinlashni podshohdan iltimos qildi”. Sulton Husayn uning bu iltimosini qabul qiladi va hijriy 876 yilning shaʼbon oyida (1472 yil yanvari) Navoiyni yuqoriroq mansabga “devoni oliy amirligi”ga tayinlamoqchi boʻladi. Navoiy bu mansabni ham rad etib, vaj va sabab keltirsa-da, “hoqonning munosib xohishiga binoan devoni oliy amirligi mansabini egalladi”.

Bu oʻrinda eʼtiborga molik muhim jihat – Navoiy tabiatidagi kamtarlik boʻlib, u mansablar sari intilishni emas, ezgulikka xizmat qilishni maqsad qilganiga urgʻu berilmoqda. Muallifning xolisligiga shubha qilmasa ham boʻladi. Negaki, Xondamir ushbu asarini 1515–1523 yillarda yozgan. Bu davrda Sulton Husayn saltanati tugagan edi. U tarixiy haqiqatni, ulugʻ shoirimizning tarixdagi bor boʻyini koʻrsatishga intilgan.

Navoiyning yana ikki kichik zamondoshi tarixiy asarlarida u haqida juda nodir va qiziqarli dalillarni keltirganlar. Zahiriddin Muhammad Boburning (1483–1530) “Boburnoma”si va Zayniddin Vosifiyning (1486–1566) “Badoye ul-vaqoye” asarida Navoiy xarakteri va shaxsiyatini ochuvchi, bir necha voqea va mulohazalar keltirilgan. Shunisi qiziqki, har ikki muallif ham Navoiyning noziktaʼbligi va oliy xulqi haqidagi oʻrinlarga diqqat qiladi. Garchand “Badoye ul-vaqoye”dagi hikoyalar koʻproq badiiylik kasb etsa-da, hujjatlilik va tarixiylik ham aks etib turadi. Vosifiy “Amir Alisher mizoji nazokati va latofati”, atrofdagilarga lutfu hazillari, Binoiy bilan munosabati va yana boshqalar haqida hikoya qiladi.

“Boburnoma”da esa hijriy 911 (milodiy 1505–1506) yil voqealari bayon etilar ekan, Sulton Husayn mirzo umarosi qatorida Navoiy ham tilga olinadi va muhim maʼlumotlar keltiriladi. Sahifalar osha Alisher Navoiy turli voqealar munosabati bilan eslanadi. Bobur yozadi:”… Yana Alisherbek Navoiy edi, begi emas edi, balki musohibi edi, kichikligida hammaktab ekandurlar…”.

Bu oʻrinda Navoiy Husayn Boyqaroga yaqinligi nuqtai nazaridan eslanyapti va Bobur eʼtiborni juda muhim jihatga qaratyapti. Yaʼni, podshohning har qanday umarosi yoki begi uning “musohibi” (suhbatdoshi) boʻlolmasligi va Navoiy unga shunday yaqin ekanligi, bu yaqinligi bolalikdan boshlanganini uqtirmoqda. Shundan soʻng Bobur yana bir asosli mulohazani beradi: “Xususiyat bisyor ekandur.” Eʼtibor qiling, Navoiy va Sulton Husayn koʻp xususda fikri bir joydan chiqadigan, oʻxshashliklari bisyor doʻst ekan. Aynan shunday toʻxtamni hech bir tarixchi bermagan edi. Tarixiy asarlarning aksarida Navoiy juda maqtaladi va undagi ikki xususiyat – nozikmizojlik va tez ranjishga maxsus urgʻu berilardi. Bobur esa ana shu jihatlarga ham nuktadonlik bilan taʼrif topadi. Uning taʼkidlashicha: “Alisherbekning mizoji nozukluk bilan mashhurdir. El nazokatini davlatining gʻururidin tasavvur qilur edilar. Andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilliy ekandur. Samarqandta ekanda ham ushmundoq nozuk mizoj ekandur…”.

Talqinga koʻra, xalq Navoiy tabiatidagi nozikmizojlik (nozik his-tuygʻular, suhbatdosh va doʻstni chertib-chertib tanlash, nafis va goʻzal narsalarni suyish, tavoze, ozoda va sarishtalik kabi) xususiyatini oʻta davlatmand va yuqori mansabga ega boʻlgani sababidan deb bilardi. Ammo unday emas ekan. Bu sifat u zotda tugʻma. Chunki Samarqandda moddiy qiyinchilik bilan kechgan toʻrt yil davomida ham xuddi shunday “nozuk mizoj ekandur”.

Navoiy shaxsiyatidagi oʻziga xos jihatlarni hech kim Boburchalik bu tarzda kashf etib, bayon qilmagan edi. Umuman, Boburning Navoiyga munosabati, qarashlari va talqini boshqalarnikidan realligi va keng qamrovliligi bilan ajralib turadi.

Boburning jiyani Muhammad Haydar mirzoning (1503–1551) “Tarixi Rashidiy” asarida “Mir Alisher zikrida” nomli parcha mavjud. Biroq undagi maʼlumotlar boshqa asarlarni deyarli qaytaradi. Umuman olganda, keyingi tarixiy asarlarda birmuncha takrorlar seziladi. Ammo unchalik mashhur boʻlmagan yana bir kitob borki, undagi ayrim dalillar yangiligi va qiziqarliligi bilan ajralib turadi. Bu asar Abdulmoʻminxon ibn Abdullaxon (1598 yili vafot etgan) qalamiga mansub “Tom ut-tavorix”dir. Professor A. Hayitmetovning aniqlashicha, bu asarning uch sahifasida Navoiy hayoti bilan bogʻliq baʼzi muhim maʼlumotlar, jumladan, uning otasi, Samarqanddalik davri, Hirotga qaytishi, soʻnggi yozgan sheʼri va vafoti haqida maʼlumotlar bor. Misol uchun, unda taʼkidlanishicha, shoirning otasi Gʻiyosiddin Kichkina “bisyor saodatmand va nek (yaxshi) niyatlik”, olijanob kishi boʻlib, qoʻlga tushgan bandi(asir)larni, xun pulini oʻz yonidan toʻlab, ozod qilib yuborar ekan. Yana Navoiy vafot etishidan biroz oldin yozgan gʻazalidan uch bayt keltiriladiki, bu sheʼr boshqa manbalarda uchramaydi. Uning maqtaʼsi:

 

Ey Navoiy, qil fido jonongakim jon, lof erur –

Oshiq oʻzni ishq daʼvosida mashhur aylamak.

 

Uchinchi xil asarlar, yaʼni tazkira va ilmiy asarlar ham birmuncha. Tazkiralar – Davlatshoh Samarqandiyning (1435–1495) “Tazkirat ush-shuaro”, Faxriy Hiraviyning (1497–1559) “Ravzat us-salotin”, Hasanxoja Nisoriyning (1516–1597) “Muzakkiri ahbob”, Sodiqbek Sodiqiyning (1533–1610) “Majma ul-xavois”, Sharafiddin Roqimiyning (XVII asr) “Tarixi tom” asari kabilardir. Boburning “Aruz risolasi”da ham Navoiyning bir qancha sheʼrlaridan keltiriladi, ayrim fikrlar bildiriladi. Ammo u sof ilmiy asar boʻlgani uchun Navoiy hayoti va shaxsiyatiga oid maʼlumotlar berilmagan. Tazkiralarda esa aksincha, Alisher Navoiy asosan shoir sifatida yod etiladi, asarlaridan ayrim namunalar keltiriladi. Shu bilan birga, shoir bilan bogʻliq baʼzi tarixiy voqea va hodisalarga ham ishoralar beriladi, tahlil qilinadi.

Masalan, Davlatshoh oʻz tazkirasida Navoiyni shunday taʼriflaydi: “Oftobni taʼriflash aql qisqaligidan nishona, toza mushk fazilati xususida qissani choʻzish johillik alomatidir. Bu ulugʻ amirning maqbul ishlari va qutlugʻ zikri rubʼi maskunning barcha mamlakatlarida maʼlum, fazilatining dabdabasi va oliy himmatining kamoloti butun olamga yoyilgandir. Bu xususda nima deyilsa ham ibrat boʻlgʻusidur…”.

Tazkiralarning mualliflari Navoiy dahosi va shaxsiga boʻlgan yuksak ehtiromlarini turlicha izhor etgan. Hasanxoja Nisoriy shoirni tushda koʻrgani, Navoiy undan sheʼrlaridan yod bilish-bilmasligini soʻragani, iltifot qilganini aytadi. Faxriy Hiraviy esa: “Amir Alisher – magʻfiratpanohiy. Uning ahvolining sharhi shu qadar koʻpligidan bayon chegarasiga sigʻmaydi…” deydi.

Taʼkidlash zarur, barcha tazkiralarda Navoiy turkiy va forsiy sheʼriyatda mukammal asarlar yaratgani, tabiatining quvvati va qobiliyatining kengligini vasf etib tugatib boʻlmasligi taʼkidlanadi.

Demak, Navoiy siymosi nafaqat nazm quyoshi, balki insoniylik, olijanoblik, saxovatpeshalik va ilmu adab oftobi oʻlaroq tarix davomida ham tasavvurlarda shakllanib kelgan. Bu quyosh bizga, kelajak avlodlarga ham oʻz nurlarini saxiylik bilan sochaveradi.

 

Otabek JOʻRABOYEV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

“Yoshlik”, 2016 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.