Tanqid – badiiy adabiyotning himoya immuniteti

0
2144
marta koʻrilgan.

Oʻtgan 2013 hisobot yilida tanqid va adabiyotshunoslik sohasida oʻnlab kitoblar va koʻplab maqolalar nashr etildi. OʻzRFA Til va adabiyot instituti Adabiyot nazariyasi boʻlimi tomonidan tayyorlanib, chop etilgan “Oʻzbek adabiyoti: taʼsir va tipologiya”, filologiya fanlari doktori Naim Karimovning “Adabiyot va tarixiy jarayon”, filologiya fanlari doktori Dilmurod Quronovning “Mutolaa va idrok mashqlari”, professor Oxunjon Safarovning “Tuygʻularda tarix jilosi”, filologiya fanlari nomzodi Islomjon Yoqubovning “Bidiiy matn va estetik talqin” nomli monografiyasi, Abdulla Qahhor uy muzeyi tomonidan tayyorlanib chop etilgan “Abdulla Qahhor: shaxs va ijodkor”, yosh tadqiqotchi Saʼdullo Quronovning “Ifoda va ifodaviylik” kabi kitoblari shular jumlasidandir. Sohadagi barcha kitoblarni qoʻlga kiritish va bir maqola doirasida tahlilga tortish imkonsiz. Lekin asosiy tadqiqotlar tanqid va adabiyotshunoslik tomonidan matbuotda tahlil etilmogʻi va baholanmogʻi lozim.

Tanqid va adabiyotshunoslik yoʻnalishining umumiy manzarasiga qarab, bu soha jadal, samarali va tizimli rivojlanyapti, deyish qiyin. Jarayon sust va palapartish davom etmoqda. Adabiy tanqidga nisbatan adabiyotshunoslik ilmining mahsuldorligi salmoqliroqdir. Bosilib chiqayotgan materiallarda, ayniqsa, adabiy tanqidning qiyofasi yaqqol ajralib turmaydi. Bu vaziyatga nisbatan “Tanqid oʻladimi?” degan keskin savolni qoʻyib boʻlmaydi, albatta.

Yaqin oʻtmishda “Adabiyot oʻladimi?” degan savol koʻndalang qoʻyilgan va unga uzil-kesil javob ham berilgan edi. Adabiyot oʻlmas ekan, uning bir tarkibiy qismi boʻlgan tanqid ham oʻlmaydi. Tanqid, harqalay, yashayapti. Tanqid yashayotgan ekan, demak, adabiyot ham tirik. Ammo tanqid qanday yashayapti? Tom maʼnosi bilan yashayaptimi yoki jon saqlayaptimi? Oʻylaymizki, 2013 yilda boshlangan va davom etayotgan munozaralar bunga aniqlik kirityapti. Bu borada “Sharq yulduzi” jurnalining tashabbusi eʼtibor tortadi.

Jurnal 2013 yilda mutaxassislarga oʻnta savol bilan murojaat qilib, yil mobaynida qizgʻin suhbat-munozara oʻtkazdi. Suhbatlar nihoyasida, soʻnggi sonda “Yangi avlod ovozi” sarlavhasi ostida yakunlovchi turkum maqolalar berilgan. Yakunlovchi maqolalar orasida, ayniqsa, Ibrohim Gʻafurovning “Jarayon taassurotlari” sarlavhali suhbati fikr-mulohazalarining oʻziga xosligi, pishiq-puxtaligi, donishmandlik bilan sugʻorilgan hikmat-xulosalarga boyligi bilan diqqatga sazovordir. Ushbu maqolani tanqid va adabiyotshunoslik sohasida yilning eng yaxshi maqolasi, deya baholash ham mumkin.

Suhbatlarda “Tanqidning oʻzi nima, uning mohiyati nimadan iborat?” degan savol oʻrtaga koʻndalang qoʻyilib, tanqidga yangicha taʼrif berish, uni qaytadan baholash, meʼyor va tamoyillarini belgilash yetakchilik qiladi. I. Gʻafurov tanqidning oʻtmishi, buguni va istiqboli haqida mana bunday mulohaza yuritadi: “Keling, tan olaylik. Hozirgi davrga kelib tanqidning mohiyati oʻzgardi. Eski tanqid tugaydi. Yangisi boshlangani yoʻq. Adabiy tanqid – adabiy ijodning bir turi”. Juda maroqli, qiziqarli gaplar. Lekin adabiy tanqid – adabiy ijodning bir turi ekan, adabiyot uzluksiz davom etayotgan jarayon boʻlsa, qanday qilib eski tanqid tugab, yangisi boshlanmagan boʻladi? Adabiy tanqid hanuz “oʻtish davri”dami yoki turgʻunlikdami? Afsuski, adabiy tanqid jarayonining hozirgi koʻrinishi va mahsullari bu fikrlarni inkor etolmaydi.

Adabiy tanqidning mohiyati va istiqboli haqida mana qanday ishontiruvchi ham achintiruvchi va bahsga chorlovchi fikrlarni oʻqiymiz: “Hozir “tanqidchi” degan kasb-ixtisos yoʻq. Hech qaysi oliy oʻquv dargohi tanqidchi tayyorlamaydi. Lekin “tanqidchilik” inersiyasi davom etib keladi. Tanqidchilikning tanazzuli inson huquqlarining ustuvor boʻlishi, adabiyot chin erkinlikka chiqishi bilan ham bogʻliq boʻlsa, ehtimol. Tanqidchi mutaxassis boʻlmagach, undan nimani talab qilish mumkin va bu qaysi mantiqqa sigʻadi? Hozir tanqidchi sifatida chiqib turganlarga eʼtibor bering: ularning koʻpchiligi oliy oʻquv yurti dargohlarining oʻqituvchilari, yaʼni adabiyot, filologiya mutaxassislari. Ularning diplomlari bor. Keyingi paytlarda tanqidchilikning oʻrnini asta-sekin tadqiqotchilik egallab kelyapti. Universitetlar, ilm dargohlari adabiyot mutaxassislari, tadqiqotchilarni yetishtiradilar. Yangi zamonda tanqid oʻrnini tadqiqotchi egallaydi. Evolyusiya shuni taqozo qiladi. Ixtisoslar keng tarmoq otayotgan zamonda bu tabiiy ham. Diplomsiz tanqidchining fikridan diplomli tadqiqotchining fikri eʼtiborliroq, fikrlari, tahlillari, talqinlari ancha yuksakroq saviyada va ancha ishonarliroq va adabiyot rivoji, jarayonlari jonliligi uchun foydaliroqdir. Taqrizlar ham, tadqiqotlar ham tadqiqotchi tomonidan yozilgani maʼqulroqdir. Tanqid esa tadqiqotning ichida va zamirida boʻladi. Tadqiqotchi – munaqqid. Menimcha, mutaxassis tadqiqotchilar zamoni boshlanishi oldida turgandekmiz. Intellektual salohiyatlar quvvatga kiradigan davrda mutaxassis tadqiqotchining oʻrni katta… Shuning uchun eski “burungi” tanqid oʻrnini tadqiqotchilikka boʻshatib beradi. “Burungi” maqomidagi tanqidchilik endi adabiyot tarixidagina qoladi” (I. Gʻafurov). Bir qarashda, bu gaplar bashoratga oʻxshab koʻrinadi. Agar ular haqiqatan ham bashorat boʻlsa, katta maʼnaviy neʼmatdan ajralishimiz aniq ekan. Darvoqe, adabiy tanqid hozir tanazzulda ekanligiga ishonish mumkin. Biroq, nahotki, endi adabiy tanqid yoʻqolsa, oʻz oʻrnini tadqiqotchilikka, adabiyotshunoslikka boʻshatib bersa va uning zamirida yashay boshlasa? Bizningcha, tanqidchilik va tadqiqotchilik farqli hamda mushtarak xususiyatlarga, har biri oʻz oʻrniga egaki, bu adabiy tanqidchilikning bundan keyin ham alohida soha sifatida mavjud boʻlishini taqozo etadi. Adabiy tanqid adabiy ijodning tezkor va hozirjavob sohasi. Tadqiqotchilik esa ogʻir karvon, adabiyotning rivojlanish qonuniyatlarini chuqur oʻrganuvchi va yorituvchi fundamental nazariy soha. Adabiyotshunoslikdan tezkorlik va hozirjavoblikni talab qilib boʻlmaydi. U hozirjavob va tezkor boʻla olmaydi ham. Oʻz navbatida, adabiy tanqidchilikdan ham fundamental chuqur nazariylikni talab qilish oʻrinsiz. Adabiy tanqid jarayon bilan baravar yurishi zarur. U hozir jarayondan orqada qolgani uchun ham, uning tanazzuli haqida fikr yuritilmoqda. Tadqiqotchilik xarakteridagi adabiyotshunoslik boʻlsa, jarayon bilan baravar yurolmaydi, baravar yursa – adashadi. U jarayon mahsullarini, natijalarini tahlil va tadqiq etadi. Shuningdek, adabiy tanqidchilik tadqiqotchilik xususiyatidan xoli, deyish ham oʻrinli emas.

Tanqidchilik ixtisosiga, adabiy tanqidchi kadrlar masalasiga keladigan boʻlsak, bunda ham vaziyat boshqacharoq. Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Abdugʻafur Rasulov, Norboy Xudoyberganov, Ibrohim Gʻafurovning oʻzlari – bular professional adabiy tanqidchilar. Ularning deyarli hammalari oliy oʻquv yurti oʻqituvchilari edilar. Bularning ijodiy faoliyatlari mahsullarini sarhisob qiladigan boʻlsak, koʻz oʻngimizda adabiy tanqidchi salohiyati va siymosi gavdalanadi. Bularning hammalari dissertatsiya yozib yoqlaganlar, lekin akademik uslubdagi nazariyotchi adabiyotshunosga aylanmaganlar. Bu ularning kamchiliklari emas, balki ular ega boʻlgan salohiyat va ixtisoslashgan sohaning spetsifik xususiyatidir. Akademik M. Qoʻshjonov uzoq yillar Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida direktorlik qildi. Akademik ilmiy tadqiqotlarning tashkilotchisi boʻldi. Ammo uning birinchi ixtisoslashgan sohasi tanqidchilik, u tanqidchidan oʻsib chiqqan akademik tadqiqotchi edi. XX asr oʻzbek tanqidchiligining jangovar namoyandasi boʻlgan N. Xudoyberganov, hatto umrining keyingi davrlarida Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutida ishladi, ammo adabiy tanqidchiligicha qoldi. I. Gʻafurov soʻnggi davrda badiiy ijod va tarjima sanʼati bilan faol mashgʻul. Lekin uning asl va birinchi isteʼdodi adabiy tanqidchilik ekanligini mazkur adabiy suhbat ham tasdiqlab turibdi. Lekin kim aytadi bu atoqli tanqidchilar salohiyatida tadqiqotchilik yoʻq deb. Ular ham munaqqid – tadqiqotchi edilar. Adabiy tanqid zamirida tadqiqotchilik ham boʻladi. Ammo, shunisi ham borki, har qanday adabiyotshunos tanqidchi boʻla olmaydi. Yaʼni tanqidchilik ham oʻziga xos nodir isteʼdoddir.

Adabiy tanqidchi kadrlarning koʻzga tashlanmayotgani, tanqidchilik boʻshashayotganining sababi, I. Gʻafurov soʻzaro aytib oʻtganidek, Respublikada birorta oliy oʻquv yurti tanqidchi kadrlar tayyorlamayotganida. Ustoz U. Normatov ham “Tafakkur” jurnalining 2014 yil 1-sonida “Olim adashsa – olam adashar” sarlavhali suhbatida bong uradiki: “Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov nomi bilan bogʻliq, mamlakatda yagona oʻzbek adabiy tanqidchiligi maktabi uchun maxsus kafedra ochish orzuligicha qolayotir”. Bu gʻoya “Sharq yulduzi”dagi suhbatda taklif sifatida aytilgan edi. Mamlakatda bitta adabiy tanqid kafedrasi boʻlmasa, bu sohaning va u bilan bogʻliq ravishda adabiyotning istiqbolini qanday tasavvur qilish mumkin? Hozir ham hartugul mazkur maktabning izdoshlari faoliyatda. Suvon Meliyev, Bahodir Karimov, Ulugʻbek Hamdam, Abdulla Ulugʻov, Uzoq Joʻraqulovlarning chiqishlarida tadqiqotchilik bilan birga adabiy tanqidning ruhi ufurib turadi. Biroq ular ham oʻrta yoshdan oʻtib bormoqdalar. Adabiy tanqid kafedrasi boʻlmagach, tabiiyki, u bilan bogʻliq fan soatlari ham qisqartiriladi. Bizning avlodimizning baxti shundaki, yuqorida sanalgan tanqidchi allomalarning hammalari bizga dars berishgan. XX asrning mana shu tanqidchilar joʻshqin ijodiy-maʼrifiy faoliyat koʻrsatgan davrini oʻzbek adabiy tanqidchiligining gullab-yashnagan davri edi deya belgilasak, balki toʻgʻri boʻlar. Diplomli va diplomsiz tanqidchi degan iboralar ham munozarali. Oʻtmishdagi birorta katta tanqidchining diplomiga “adabiy tanqidchi” ixtisosi yozilganmikin? Endilikda ham, diplomlarda adabiy tanqidchilik ixtisosi rasman qayd etilmasa ham, hattoki, adabiy tanqid kafedrasi ochilmasa ham, adabiy tanqidchilar tabiiy ravishda isteʼdod sifatida yetishib chiqaveradi. Ammo, xavotir shundaki, juda kam yetishib chiqishi mumkin.

Biz oʻqigan 70-yillarda adabiy tanqidning amaliy maktabi ham boʻlardi. Bu shundan iborat ediki, universitetda A. Muxtorning “Chinor” romani, P. Qodirovning “Erk” qissasi, O. Yoqubovning “Diyonat” romani, Said Ahmadning “Ufq” romani, Mirmuhsinning “Meʼmor” romanining muxlislar va munaqqidlar ishtirokida keng miqyosdagi qizgʻin muhokamalari ishtirokchisi boʻlganmiz. Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva va ularning izdoshlari Usmon Azim, Xurshid Davron, Shavkat Rahmon, Tilak Joʻra, Yoʻldosh Eshbek kabi bir qator yosh shoirlarning mushoiralarida qatnashganmiz. Shoir, yozuvchi va munaqqidlarning zalvorli nutqlaridan universitet larzaga kelardi. Aytmoqchimizki, adabiy tanqidning oʻz yashovchan muhiti boʻladi. Qani endi bunday muhit, bunday tashkilotchilik? Bor, biroq u juda siyrak, oʻta siqiq, tor doiradagi rasmiy tadbirlar tusini olgan. Negadir, bu sohada Istiqlol bergan neʼmat va imkoniyatlardan yetarli foydalanilmayapti. Biz eslagan muhokamalarda baʼzan birgina mikrofon topish amri mahol boʻlardi. Umummamlakat selektorlari, videokonferensiyalari oʻtkazilib turgan bugungi zamonda nega endi butun mamlakat adabiy jamoatchiligini qamrab oladigan yangi adabiy asarlarga bagʻishlangan videomuhokamalar, internet muhokamalari tashkil etib boʻlmas ekan? Axir, bu yoshlar va omma ongidagi mafkuraviy boʻshliqni toʻldirish, tobora tomir yozib borayotgan ommaviy madaniyatning payini qirqishda eng muhim omillardan biri boʻlardi-ku! Adabiy tanqidning yashovchan muhiti yoʻqolib borayotganini adabiy jarayonni doimiy yoritib borishi lozim boʻlgan birgina gazeta – “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”da keyingi yillar “Bahs”, “Tanqidni tanqid”, “Bir asar haqida ikki fikr” kabi ruknlar toʻxtatib qoʻyilganida ham koʻrish mumkin. “Taqriz” rukni ham sustlashib qolgan. Aksariyat adabiy nashrlar jangovarlik bilan yozilgan maqolalarni chiqarishmaydi, zaif va saviyasiz yozilganlarini chiqargilari kelmaydi, bir asar haqidagi ikkinchi fikrni topisholmaydi, yozadigan odam yoʻq, deydi. Jangovarlikni jangarilik deb talqin etish, obʼyektiv tanqiddan subʼyektiv mayllar axtarish kamchilikka aylandi bugun tahririyatlarda. Goʻyoki ularga kimdir adabiy tanqidni qattiq jilovlash toʻgʻrisida koʻrsatma berib qoʻygandek.

I. Gʻafurov tanqidning maqsad-mohiyati haqida juda ajoyib fikrlarni izhor etadi: “Tanqid aslo “saralash” (klassifikatsiya)gina emas. “Saralash” uning faqat bir qirrasi. Boshqa juda muhim qirrasi – estetik bilimlarga tayangan holda tushuntirish, muhokama yuritish (lekin aslo hukm chiqarish emas), qiziqarli mulohazalarni oʻrtaga qoʻyish, xolisona baho berish va teran xulosalar chiqarish, oʻquvchilarda badiiy didni tarbiyalash. Oʻqish, kitobxonlikka qiziqish (“qiziqtirish” boʻlsa kerak – N. J.), ishtiyoq uygʻotish. Bularni faqat chuqur bilimlar, komil did-farosatga ega mutaxassislargina bajara oladilar”. Mana shu fikrlarning oʻziyoq adabiy tanqidning mavjudligi va bundan keyin ham mavjud hamda faol boʻlishi zarurligini koʻrsatib turibdi. Qayd etilgan bu vazifalarni adabiyotshunoslik ilmi emas, balki aynan adabiy tanqid bajaradi. Demak, adabiy tanqid adabiy jarayonning tirikligini, yashovchanligini taʼminlovchi qaynoq shaxobchasi, adabiy jarayonni yangilab turuvchi, tindiruvchi, saralab tozalovchi, filtrlovchi faol mexanizm. Agar shu mexanizm sustlashsa, zaiflashsa, faoliyatsizlik kasb etsa, bilingki, adabiy jarayon loyqalanadi, oʻrtamiyonachilik avj oladi, saviyasizlik xuruj qiladi. Vaziyatdan foydalanib, isteʼdodsizlik mahsullari, soxta adabiyot ijod maydonini zabt etadi, hoʻlu quruq baravar yonadi. Taʼbir joiz boʻlsa, adabiy tanqidning sustlashishini – adabiy immunitetning zaiflashishiga oʻxshatish mumkin. Tanqidni badiiy adabiyotning himoya immuniteti, deyish mumkin. Buning maʼnosi shuki, adabiyotning himoya immuniteti pasaysa, adabiyot organizmiga oʻrtamiyonachilik, badiiy saviyasizlik, didsizlik, koʻchirmakashlik, badiiy til nafosatsizligi kabi qator “virus”lar xuruj qiladi va uni yemira boshlaydi. Hozirgi adabiy jarayonda shunday xavf bor. I. Gʻafurov taʼbiri bilan aytganda: “Tanqidning zaifligi badiiy tafakkurda tanqidiy yoʻnalishning soʻnishiga, talantlarni payqash, namoyon boʻlishida hafsalasizliklarga sabab boʻladi. Nima demang, tanqid ijtimoiy fikrning taʼsirchan turi-da!” Aytmoqchimizki, tanqidning faol yoki faoliyatsizligi faqat adabiyot olamiga emas, balki “ijtimoiy fikrning taʼsirchan turi” sifatida keng xalq ommasining tafakkuri va saviyasiga yo ijobiy yoki salbiy taʼsir etib boradi. Shuning uchun ham, Prezident I. A. Karimov har yili matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni oldidan eʼlon etiladigan nutqlarida izchil ravishda tanqidiy fikrga keng yoʻl berish, tanqidiy tafakkurni rivojlantirish haqida alohida toʻxtaladilar.

Yangi adabiy avlod hamda adabiy tanqid haqida Q. Yoʻldoshev bayon etgan fikrlar juda ziddiyatli hamda munozarali. I. Gʻafurov: “Har qanday yakranglik ichida rang-baranglik yotadi” desa, Q. Yoʻldoshevning fikricha: “Har qanday bir xillik adabiyot uchun oʻlim ekani aniq!” Yangi adabiy avlodning ijodiy oʻziga xosligi haqida mana bunday oʻzaro keskin qarama-qarshi nuqtai nazar toʻqnashadi. R. Qoʻchqorovning nuqtai nazaricha: “… ijodkorni shu maqomga loyiq qiladigan eng asosiy mezon aynan hech kimnikiga oʻxshamaydigan dunyoqarashi, badiiy idroki, estetik didi emasmi?” Q. Yoʻldoshev esa: “Oldinlari oʻz uslubiga ega boʻlish ijodiy marra hisoblangan boʻlsa, hozirda koʻpchilik yozuvchi-shoirlar atay uslubi shakllanib qolmasligiga intilishmoqda”, degan fikrni ilgari surmoqda. Nazarimizda, bunday qarash tabiiylikdan yiroq. Ijodkor borki, oʻziga xoslikka intiladi, oʻz uslubini kashf etishga, oʻzligini namoyon etishga harakat qiladi. Ammo bu juda murakkab va mushkul jarayon. Ayrim ijodkorlar, hatto, umrbod oʻzligini topolmay oʻtib ketishi mumkin. Shuning uchun biz yangi avlod yozuvchilarini uslubidan tanib ololmayapmiz. Oʻylab koʻring, Togʻay Murod oʻz yangi uslubini toʻliq shakllantirmagunicha “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Otamdan qolgan dalalar” asarlarini eʼlon qilmagan. Ushbu asarlarini eʼlon qilganida u necha yoshda edi? Oʻz badiiy uslubini, adabiy qiyofasini kashf etish uchun u koʻp yillar sarflab xalq hayotini, xalq tilini oʻrgandi, kurashchilar bilan birga qishloqma-qishloq yurib kurash maydonlarini kuzatdi, ular bilan kechalari tongotargacha gurunglashib, ruhiyatini, xarakter, til va terminlarini oʻrgandi, uloqchi polvonlar bilan birga yurib koʻpkarilarda chavandoz sifatida qatnashdi, polvonlikning azob-uqubatini, zavq-shavqini oʻz tanasida his qildi, Moskvaga borib davlat arxivlarini titkiladi, folklor arxivlarida oʻtirib ishlab, ilmiy tadqiqotchilardek zahmat chekdi. Chumolidek mehnat qildi. Biroq uning mehnatlari ham I. Gʻafurovning “Toʻqson toʻqqiz foiz oʻqish, bir foiz yozish”, degan “juda samarali meʼyor”iga toʻgʻri kelishi dargumon. Xoʻsh, hozir qaysi yozuvchimiz shunday mehnat qilyaptiki, biz uning ijodiy qiyofasini tanib olsak.

Bu haqda yangi avlod vakillarining oʻzlari nima derkinlar?

Bir kishi butun avlodning fikrini ifodalayolmasa-da, mana, yosh emas, jismonan va aqlan ayni kuchga toʻlgan 30 yashar yozuvchi Dilmurod Sodiq “OʻzAS”da 2014 yil 31 yanvarda eʼlon qilingan “Erkinlik masʼuliyat demak” sarlavhali suhbatida qanday mardlik va tantilik bilan tan olib aytadi: “Bugungi ijod jarayonida yosh yozuvchi va shoirlarning ovozi baralla eshitilib turibdi, deya olmayman. Bu shaxsan oʻzimga va tengdoshlarimga tegishli gap. Biz oʻzimizga yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalana olayotganimiz yoʻq. Vaqt va imkoniyatlarni gʻanimat bilib, ter toʻkib ishlayotganlar kam. Koʻpchiligimiz oʻttiz yoshni qoralab qoʻydig-u, biroq tilga tushadigan asarni oʻquvchiga taqdim etolganimiz yoʻq. Nazarimda, dangasalik kuchliroq bizda. Yoshlik, aslida, umrning qizgʻin ijod pallasi. Ulugʻlarimiz mashhur asarlarini ayni navqiron paytlarida yaratishgan. Eng eʼtiborlisi, ular bugungiday sharoitni xayollariga ham keltirishmagan. Ming shukurki, yurtimizda yosh ijodkorlarga barcha sharoitlar yaratib berilgan. Ustozlarimizning koʻmagi, xilma-xil adabiyotlar – barcha-barchasi yetarli. Gap faqatgina orqainlikni yengish va iqtidorni ishga solishda”.

Q. Yoʻldoshevning qarashlarida: “Adabiyot ham, aslida, xuddi badiiy gimnastika, figurali uchish yoki sinxron suzish kabi bir oʻyin… Oʻyin – koʻrkam adabiyotning oʻz xususiyati… Aslida, oʻyin – adabiyotning oʻz xossasi. Adabiyotda oʻyin koʻpayib borayotgani jamiyatning sogʻlomlashayotganidan dalolatdir…” kabi gʻalati, mantiqsiz gaplar juda koʻp. Shunday fikrlariga Navoiydan asos keltirishga urinishi dard ustiga koʻndalang: “Agar adabiyot mohiyatan biror “izm” izmida yurishi shart boʻlganda, hazrat Navoiy bu haqda aytgan boʻlardi. Toʻgʻri, olamda Navoiy qayd etmagan narsalar ham juda koʻp, ammo badiiy ijod borasida hazrat toʻxtalmagan narsalarning koʻpchiligi shunchaki oʻylab topilgan oʻtkinchi gaplar”. Axir, hech bir dalil va asossiz “Navoiy qayd etmagan narsalar ham juda koʻp”, “hazrat toʻxtalmagan narsalarning koʻpchiligi”, deya dangalchilik qilish Navoiy dahosiga nisbatan hurmatsizlik emasmi? Suhbat maromiga Navoiyni tomdan tarasha tushganday tortish, umuman, bunday uslub tanqid va adabiyotshunoslikning etikasiga ham, estetikasiga ham toʻgʻri kelmaydi. Uning modern va postmodern adabiyot haqidagi mutlaqo ishontirmaydigan va ilmiy asoslanmagan fikrlari ham “Yoshlik” jurnalining 2012 yil 1-sonidagi “Xolis eʼtirof ehtiyoji” sarlavhali muloqoti va boshqa maqolalaridagi fikrlarining uzviy davomidir.

Bayon etilgan fikr-mulohazalar hamda tanqid va adabiyotshunoslik jarayonining mavjud ahvolidan kelib chiqib, shunday taklif, xulosalarni bayon etish mumkin: jurnalning tanqid va adabiyotshunoslik yoʻnalishini yil davomida izchil, tizimli ravishda yoritib borish, jarayonni jonlantirish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, “Yangi avlod ovozi” ruknida eʼlon qilingan suhbat-maqolalarni toʻplab “Ijod” fondi hisobidan chop etish maqsadga muvofiq boʻlardi; Boshqa matbuot organlari, xususan, “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallari, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida ham hozirgi adabiy jarayonni kengroq yoritish, tanqid va adabiyotshunoslikning dolzarb masalalari toʻgʻrisida davra suhbatlari, alohida ruknlar tashkil etish zarur; Bu sohada, ayniqsa, “OʻzAS”ning faoliyati boʻshashganligi, 2013–14-yillarda jiddiy davra suhbatlari oʻtkazmaganligi, “Bahs”, “Bir asar haqida ikki fikr”, “Tanqidni tanqid” kabi ruknlarni davom ettirmayotganligi adabiy jarayon uchun oʻnglanmas yoʻqotishdir; Oliy oʻquv yurtlarining filologiya fakultetlarida hozirgi adabiy jarayon bilan bogʻliq, tanqid va adabiyotshunoslikning dolzarb muammolarini yorituvchi, tanqidiy tafakkurni shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi tadbirlarni kengroq miqyosda, koʻproq, jonli tarzda tashkil etish lozim; Tanqid va adabiyotshunoslik kengashi boshqa kengashlar bilan hamkorlikda ilmiy-tanqidiy, badiiy asarlar muhokamasini tez-tez oʻtkazib turish tajribasining yangi shakllarini izlab topadi, adabiy tanqid toʻgaragi faoliyatigi rivoj beradi, degan umiddamiz.

 

Nusratullo JUMAXOʻJA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.