Talantning oʻzi kifoya qilmaydi, insof ham kerak!

0
156
marta koʻrilgan.

“Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak. Lekin yozilgan narsani oʻchirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun talantning oʻzigina kifoya qilmaydi, insof ham kerak”.

Abdulla QAHHOR

 

KINONI OXIRIDAN KOʻRIB BOʻLMAYDI

Bir tanishim gazetalarni orqa sahifalaridan boshlab oʻqishini aytganida ajablangandim. Yosh qalamkash Ahad Qayumning 2013 yilda “Dizayn-Press” MCHJ nashriyotida chop etilgan “Aldangan qiz”, “Qizmi bu, kiyikmi bu?!”, “Meni yigʻlatma, hayot!” va “Sevgidan kechmaydilar” nomli toʻplamlari qoʻlimga tushib qoldi-yu, beixtiyor oʻsha tanishimning odatini eslab, ularni oxiridan varaqlay boshladim. “Sevgidan kechmaydilar” toʻplamining oxirida Ahad Qayumning 84 nafar qoʻshiqchi va rejissyor bilan (ularning ism-familiyalari, taxalluslari erinmay sanalgan) hamkorlik qilib kelayotgani aytilibdi. Xuddi shu satrlarni “Meni yigʻlatma, hayot!”, “Qizmi bu, kiyikmi bu?!” toʻplamlari soʻnggi sahifalarida ham uchratish mumkin. “Mayli, qalamkash shuni istabdimi, yozaversin. “Oʻ-hu, shuncha tilga tushgan sanʼatkorlar uning sheʼrlarini qoʻshiq qilib kuylashsa, qani, yozganlarini oʻqib koʻray-chi”, – dedim. Chunki Ahad Qayumning yozganlarini oʻsha sanʼatkorlardan ayrimlarining qoʻshiqlari orqali eshitgandim. “Meni yigʻlatma, hayot!” deb nomlangan 112 betli kitobda 151 ta sheʼr va 62 ta aforizm (deb taqdim etilgan fikrlar) berilgan ekan. 55 ta sheʼrda muallif oʻz ismini tilga olibdi.

Adabiyotning fidoyisi boʻlgan haqiqiy muharrirning qoʻliga tushganida kitob sifatida chop etishga noloyiq topilishi aniq boʻlgan qofiyali tizmalardan ana shu taxallusgina yarq etib koʻzga tashlanadi. Kitoblardagi baʼzi jumlalarni tushunmagan boʻlsam, ayrimlarini oʻqib, labimga uchuq toshishiga sal qoldi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, Ahad va unga oʻxshagan qalamkashlarda ayb yoʻq. Hamma ayb sheʼriyat qonun-qoidalarini bilmagan noshirlarda. Oʻsha kitoblar muharriri savodli boʻlganida, shoirga kamchiliklarini koʻrsatgan, nuqsonlar bartaraf etilgan va pirovardida ijodkorning yuzi yorugʻ boʻlardi. Xullas, kinoni oxiridan boshlab koʻrib boʻlmaganidek, gazetani ham, kitobni ham oxiridan oʻqib boʻlmas ekan.

 

XATONING KATTA-KICHIGI BOʻLMAYDI

Bizda qabul qilingan adabiy til meʼyorlari bor, ular xuddi qatʼiy rioya qilinadigan yoʻl qoidalari kabi amalda. Ularga rioya qilinmadimi, tartib buziladi. Axir, oʻzingiz oʻylang: men oʻzimcha “til qoidalari”ni yaratsam, siz oʻzingizcha grammatika oʻylab topsangiz, qanday boʻladi? Adabiy til degan istilohni qoʻllamay qoʻyaversak ham boʻlar-a, nima deysiz?

Keyingi paytlarda ayrim matbuot va internet nashrlarida, kitob mahsulotlarida, ehtimol, eʼtiborsizlik, balki adabiy til qoidalarini nazar-pisand etmaslik oqibatidadir, mana shu talabga amal qilinmayotganiga koʻp bor guvoh boʻlmoqdamiz. Xususan, soʻz yuritayotganimiz – yosh ijodkor Ahad Qayum kitoblarida ham bu meʼyorlarni chetlab oʻtish hollari uchraydi. Biz Ahadning har bir sheʼrini tahlil etsak, shundogʻam semirib borayotgan maqolamiz yana ham shishib ketishi mumkin. Shu bois ulardagi eng koʻp duch kelganimiz – bitta xato borasida qisqacha toʻxtalmoqchimiz.

Kitoblardagi aksariyat sheʼrlarda -ning qaratqich kelishigi qoʻshimchasining -ng qismi “tushib” qolgan.

“Aldangan qiz” kitobidan misollar:

“Dilingni dilingga tengi borligin…” (4-bet);

”Seni bittagina shu yolgʻoning deb…” (21-bet);

“Bu odatini faqat oʻzining foydasiga hal boʻlayotganiga shubha qilmasdi…” (96-bet).

“Meni yigʻlatma, hayot!” kitobidan:

“Baxtimni qaychilar yomonlar meni,

Atrofim oʻragan yolgʻonlar meni…” (10-bet);

“Haromni ham meʼyori bor deb,

Insoflisi bor deb shaytonni…” (17-bet);

“Ruhlarini shod etaylik Navoiylarni…” (41-bet).

“Sevgidan kechmaydilar” kitobidan:

“Oshiqlarim koʻp meni…” (19-bet);

“Dard har bir ildizin quritdi dilni…” (21-bet);

“Men umr deganda, bu dunyodan oʻtgandan keyingi uygʻonish qimmatini qanchalik darajadaligini oʻlchab baho qoʻygan boʻlardim…” (97-bet);

“Gohida seni yoqtirmagan odamlarning, sen haqingda yaxshi fikr bildirishlari, bu boshqa hamkasbingni aybu nuqsoni koʻpligidan kelib chiqadi” (98-bet).

“Qizmi bu, kiyikmi bu?!” kitobidan:

“Yaqinroq kel, suyganim meni…” (23-bet);

“Ul malakni suygani…” (30-bet);

“Sogʻinchni koʻpiyam yomon…” (44-bet);

“Oshiq jonni daʼvosini…” (48-bet);

“Bunday xatolar insonni oʻzini yeb bitiradi…” (95-bet).

Jonkuyar ustoz, taniqli adabiyotshunos Omonulla Madayev anjumanlarning birida “bejiz” soʻzini “bejizga” deb gapirgan notiqqa qattiq tanbeh bergan edi. Ayrimlar, ha endi, bitta “-ga”ni qoʻllash bilan nima oʻzgarardi, deyishi mumkin? Nima boʻlardi, maʼno oʻzgaradi-da! Deylik, “mashinaga (mashina uchun) qoldi” bilan mashinada (mashinaning ichida) qoldi” oʻrtasida farq bor-a? Yoxud bir mashhur qoʻshigʻimizda “Xizmatingda boʻlmasam seni, bolam dema, Vatanim, meni…” deyiladi. “Seni (tushum kelishigi bilan) undogʻ qilaman, bundogʻ qilaman” va “sening (qaratqich kelishigi) farzandingman” iboralari oʻrtasida maʼno jihatidan tafovut bormi? Modomiki, tilimizda “-ning” bilan “-ni” qoʻshimchalarining vazifalari alohida-alohida ekan, bunga rioya etish oʻzbek tilini hurmat qiladigan har bir shaxs uchun majburiy boʻlishi shart, bizningcha…

 

“YOTMAYDIGAN” KOʻNGIL

Kitoblardan oʻzim tushunmagan bir necha iqtibosni keltiraman. Balki Siz tushunarsiz?

“Qizmi bu, kiyikmi bu?” kitobidan:

“Koʻz yasadim koʻzim yoshidan…” (4-bet);

“Yurganimni ochib qara, ishonmasang…” (21-bet);

“Men seni har kuni koʻzlaringda maktub bitishni istayman…” (92-bet);

“Har doim bir yangi sheʼr yozishni boshlasam, oʻylab qolaman. Goʻyoki men sheʼrni emas, sheʼr meni yozayotgandek tuyuladi…” (95-bet).

“Meni yigʻlatma, hayot!” kitobidan:

“Yarim jonim oʻynama hayot…” (7-bet);

“Tasodifan tugʻilish mumkin…” (59-bet);

“Sizni soʻrab mudom koʻngil yotmagay…” (74-bet);

“Meni tahlil qilmoq sengamas, bilsang…” (91-bet);

“Xazonlar qoʻshigʻini tinglashga harakat qilganmiz, undan mozorlardan keladigan beayov ohang kelib turadi…” (101-bet).

“Aldangan qiz” kitobidan:

“Yaxshi kunda kiyilar koʻylak…” (66-bet);

“Ezar ekan insonning tishin…” (67-bet);

“Oʻzga elni quchgan bilan, oʻz elimdan qochmaganman…” (71-bet);

“Afsuski, bu hayot, ha, aniq hayot…” (77-bet);

“Xayollarim toʻzilib ketdi…” (78-bet).

“Sevgidan kechmaydilar” kitobidan:

“Tugʻilgandim teskari…” (11-bet);

“Sevmayman marhumlikni…” (16-bet);

“Yuragimni poʻchoqlar…” (18-bet);

“Haqligimiz tan olmasdan tortishardi tishingiz…” (28-bet).

Inson kuchli isitma taʼsirida nima deyotganini oʻzi anglolmaydi. Kitobdagi mazkur jumlalar ham xuddi shu holatga tushgan kishi tomonidan yozilganday.

Mozorning beayov ohangi, ezilgan-tortishgan tish, poʻchoqlangan yurak va marhumlikni sevish… Bunday beoʻxshov tashbehlar kishiga maʼnaviy ozuqa yoki zavq bera olarmikin? Bu savolga, bu kabi turli-tuman “ijodkor”larning yozishmalarini qabul qilayotgan noshirlar javob berishi joiz. Sababi oʻsha sheʼrlarni oʻqigan muxlis, ayniqsa, sheʼr shunday boʻlar ekan, deb xulosa chiqaradigan yoshlar uni boricha qabul qiladi va oʻzlari mehr qoʻygan shoirga oʻxshab aljirab yurishadi.

 

“OMMAVIY MADANIYAT” UNSURLARI(MI?)

Navbatdagi iqtiboslarni koʻngli boʻshlar oʻqimasligini tavsiya qilamiz. “Aldangan qiz” kitobidan:

“Sizga oʻxshaganlarga” sarlavhali sheʼrida:

“… Ahaddayin oʻjarlar,

Qoningizni icharlar…” (57-bet).

“Xotin – fohisha emas” sarlavhali sheʼrida:

“Biling, eshak tezagi,

Tandirga oʻtin boʻlmas.

Har kimga koʻzin suzgan,

Aqlli xotin boʻlmas” (91-bet).

“Sizda yigitlar roʻyxati bormi?” sarlavhali sheʼrida:

“Baʼzi qizlar don sochsang,

Oʻxshar dumsiz tovuqqa.

Pul sochsang, kiyimsiz ham,

Oʻynab berar sovuqda” (91-bet).

“Ochiq-sochiq yubkasida…” sarlavhali sheʼrida:

“Mashina toʻxtab qolar,

Ishlamasa motori.

Qizlar suykala boshlar,

Oʻtmay qolsa bozori” (92-bet).

“Qalbi “ummon” yigitlar” sarlavhali sheʼrida:

“Bir yigit yuz yoshda uylanmay oʻldi,

Oʻlimidan oldin vasiyat qildi.

– Ey boʻydoqlar, meni ahmoq demanglar,

Yuz yil umrim qizlar deb ado boʻldi” (92-bet).

”Qizmi bu, kiyikmi bu?” kitobidan:

“Oʻshal yara yurakka singib,

Qonga oʻtib goʻshtga aylandi…” (8-bet).

“Ruxsora” sarlavhali sheʼrida:

“… Boshqalardan farqli maʼshuqlaring yoʻq…” (35-bet).

“Menimcha” sarlavhali sheʼrida:

“Itni vafo deydilar, xotinni jafo,

Bilmadim, bu gapni aytgan qaysi benavo.

Menimcha, u xotinini eplay olmayin,

Boshiga it kuni tushib, boʻlgandir rasvo” (45-bet).

“Meni yigʻlatma, hayot!” kitobidagi “Nega xiyonat qilding” sarlavhali sheʼrida:

“… Bor, oʻzingni os endi…”

“… Bir it hidlagan gulsan…” (9-bet);

“Sogʻinch” sarlavhali sheʼrida:

“… Va barmogʻim teshaman bir oz,

Oʻz qonimdan ichib olaman…” (48-bet).

“Sevgidan kechmaydilar” kitobida:

“Muhabbatni oʻrgatmang,

Oʻzim yaxshi bilaman.

Koʻcha toʻla qiz boʻlsa,

Sevib nima qilaman” (90-bet).

Bu xitoblar “ommaviy madaniyat” targʻiboti va shafqatsizlik tashviqotiga oʻxshab ketadi. Chunki sheʼrlardagi “kiyimsiz oʻynab berish”, “bozori oʻtmay qolgan qizlarning suykalishi”, “barmogʻini teshib, qonini ichishi”, “koʻcha toʻla qiz-ku, sevib nima qilaman” kabi “qonsiragan” va tiyiqsiz ifodalar yoshlar ongiga salbiy taʼsir qilmaydi, deb kim kafolat beradi? Mamlakatimiz birinchi rahbarining “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida shunday deyiladi: “Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va, aksincha, asl maʼnaviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bogʻliq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va koʻpchilik butun jahonda bamisoli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, bizning ulugʻ ajdodlarimiz oʻz davrida komil inson haqida butun bir axloqiy mezonlar majmuini, zamonaviy tilda aytganda, sharqona axloq kodeksini ishlab chiqqanliklarini eslash oʻrinli, deb bilaman. Ota-bobolarimizning ongu tafakkurida asrlar, ming yillar davomida shakllanib, sayqal topgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo, ibo va iffat kabi yuksak axloqiy tuygʻu va tushunchalar bu kodeksning asosiy maʼno-mazmunini tashkil etadi, desak, oʻylaymanki, xato qilmagan boʻlamiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, uyat – oʻlimdan qattiq, degan gaplar xalqimiz tilida oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan, aksincha, bunday iboralar el-yurtimizga mansub ezgu va goʻzal axloqiy qadriyatlarning asl mazmunini ifoda etadi.

Darhaqiqat, uyat va or-nomusini yoʻqotgan odam, Ahmad Yassaviy bobomiz aytganidek, xuddiki hayvon jinsiga aylanib qoladi.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning:

Oldigʻa qoʻyganni yemak – hayvon ishi,

Ogʻziga kelganni demak – nodon ishi, – degan chuqur maʼnoli soʻzlari ham bu fikrni tasdiqlab beradi”.

 

MAʼNAVIYAT MANFAAT SOYASIDA QOLMASIN

Ayni paytda “Dizayn-Press” nashriyoti faoliyat yuritmayotgan ekan. Biroq qaysi nashriyot boʻlmasin, “avval iqtisod, keyin siyosat” deganlaridek, mayli, birinchi navbatda moddiy manfaatdorligini oʻylasin, bu davr taqozosi. Ammo oʻn marta moddiy manfaatdorlik oʻylangan joyda yetti marta maʼnaviy manfaatdorlik ham oʻylab koʻrilsa, badiiy jihatdan sayoz (nihoyatda nochor desa ham boʻladi), badiiy zavq bermaydigan “asar”larni nashr qilish keskin kamayib, kitobxonga maʼnaviy ozuqa baxsh eta oladigan asarlar ham chop etilarmidi? Balki har bir nashriyot bilan Yozuvchilar uyushmasining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish kerakdir?

80 yoshdan oshgan jurnalist, olim, publitsist, hali ham futbol oʻynashni kanda qilmay kelayotgan Saydi Umirov suhbatlarimizning birida “ortiqcha vaznli yoshlarni koʻrsam, gʻashim keladi”, degan edi. Aytish kerakki, bugungi kitobxon ham hech bir vaznga toʻgʻri kelmaydigan “ijod namunalari” oʻrin olgan “ortiqcha vazn”li kitoblardan zerikib bormoqda.

Darvoqe, yuqorida Ahad Qayumning sheʼr yozishga urinishlari bilan bogʻliq raqamlarni sanashdan maqsadimiz – uning mashqlariga oid ayrim fikrlarni aytish edi, xolos.

 

Sherali KARVONLI

 

“Hurriyat” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.