Tafakkur shakllari

0
1708
marta koʻrilgan.

Abduvali ToshDUning jurnalistika fakultetini 1983 yili tugatdi. U juda erta sheʼr va badiiy soʻz bilan oshno tutindi, xalq termalari, soʻz shovvalari ichida ongi va badiiy didi shakllandi. Birinchi kitobi “Nayson” 28 yoshida chiqdi. Oʻsha vaqtlar bir qator hikmatpesha shoirlar kitoblariga “Hulvo”, “Ayolgʻu”, “Roz”, “Ibtido”, “Suvaydo” singari odamni lol qoldiradigan nomlar berishar, chamasi, tarix arxaikasidan tomirlari va shakllarini qidirishardi.

Abduvali Qutbiddin ham ilk kitobini “Nayson” deb nomladi. Bundan oʻn yetti yil ilgari Faxriyorning “Ayolgʻu” degan sheʼriy kitobi chiqqanda, mutafakkir adib va tanqidchi Ahmad Aʼzam: “Ayolgʻu” – gʻaroyib soʻz: tarixning ohangi keladi… Hamma maʼnosi ravon, tanish-tushunarli boʻlgan muzayyan soʻz – aslida sheʼr emas, shunchaki uqtirish…”, deb yozgandi. Bu soʻzlarning Abduvali Qutbiddin sheʼrlariga ham ancha daxli bor. “Nayson” bilan 2011 yili nashr etilgan “Bor” saralanma kitobi orasida “Humo”, “Baxtli yil”, “Xayol Kechasi”, “Sen va sen uchun”, “Uzoqdan olisga” kitoblari chiqdi. Ellik yoshi arafasida u “Doʻstlik” ordeni, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” degan unvon bilan taqdirlandi.

Abduvali Qutbiddin universitetda oʻqib yurgan kezlari sheʼrlarini olib kelib chuqur hayajon ichida toʻliqib oʻqib berardi. Uning sheʼrlari hech kimnikiga oʻxshamaganidek, oʻqishi ham tamomila oʻzgacha, boshqa birovning oʻqishiga oʻxshamasdi. Abduvali adabiyotimizda yangi deb atalgan sheʼriyatni boshlaganlardan edi. Yangilik shakllarda ham, mazmun-mundarijani ifodalashda ham, leksika va sintaksisda ham, sheʼriy vositalardan foydalanishda ham aniq koʻzga tashlanardi.

Abduvali soʻzni chin bozingar kabi oʻynatadi. Soʻz sheʼrning tasvir predmetiga aylanadi. Soʻz badiiy tasvirning chinakam manbai. Soʻz – obraz. Bu imajinizm-ku deyishingiz mumkin. Ha, taʼbir koʻtarsa, imajinizm. Lekin hammasi shoir shaxsining badiiy intuitsiyasi bilan bogʻlangan va sheʼriy til taraqqiyotida impressionizm qadar koʻtarilib boradi. Ijodkor soʻz va ohang goʻzalligini, sheʼriy satrning noyobligini, ijodkor soʻz va ohang goʻzalligini, sheʼriy satrning noyobligini goʻzallik shaydosi darajasida anglaydi va his qiladi. Abduvalining Hofiz Sheroziyning mashhur goʻzal iborasiga iqtibosan yozilgan sheʼridan dastlabki ikki satr: “Sohibdilim – diloro, Ayyit, toʻxtasin karvon”… Siz oʻylaysizki, shoir bilmaydimi “ayt” deb yozishni. Boʻgʻin toʻldirishning boshqa yoʻlini bilmaydimi? Gap shundaki, shoir bu soʻzni oʻqiyotganda uzoq choʻzib talaffuz qiladi. Zotan, uning oʻz sheʼriy texnikasiga individualistik nuqtai nazari bor. “Ayyit” uzoq soʻlish bilan talaffuz etilarkan. U keyingi ikki satrdagi nay, quyun, ena, biyobon soʻz-obrazlari bilan ajib bir tarzda hamohanglik topadi. Quyunning nay kabi ovoziga ushbu “ayyit” toʻla ohangdosh: “Nay puflagan quyunning enasimi biyobon”. U jumlaga savol alomati qoʻymayapti. Lekin fikrini savolomuz tasdiqlayapti va bu yerda beshta tushuncha-obrazga murojaat qilayapti. U taqdir yoʻli, karvon yoʻlidagi koyish, ozorlar, quvonch-nadomatlar haqidagi sheʼrini “Hofiz emasman ishqda Abduvaliman goʻyo”, deb yakunlaydi. Necha asrlar orada oʻtsa hamki, hamon Hofiz karvonlari oʻtgan yoʻllardan borayotganligini, oʻsha tarixiy karvonlarga ergashayotganligini shunday ifodalaydi. Sheʼr oxiriga birdan goʻyo degan soʻzni qoʻyadi Hayot bor, karvon bor, ishq bor. Ammo bari misli goʻyo. Abduvalining oʻzi ham Hofiz yoki uning sehrsoz bayti kabi hali tarixiy reallikka aylanmagan, U tamomila goʻyo holatida. Abduvalining mana shu “Bor” deb atalgan sheʼriy kitobi ham boshdan oxirigacha shu sirli GOʻYo ustiga qurilganday taassurot qoldiradi. Hamma narsalar shu GOʻYo maqomida. Goʻyo, bu – mubhamlik, mavhumlik timsoli. Zero, shoirning falsafasida borliq, bu – goʻyolikdir.

Goʻyolik falsafasini Abduvali ancha chuqur ishlagan, bu uning original falsafasi: sermashmasha, savdoyi olamning qurilish bisotiga bir qarash. Kitobning sarlavhasidagi soʻzlarni biz: “Abduvali Qutbiddin bor” deb oʻqiymiz. Bu tugallangan poetik jumla Shaxs oʻzining dunyoda borligini tasdiqlayapti.

Sheʼrni murakkablashtirishning nima keragi bor? Badiiy sodda, toʻgʻri yozishning oʻzi kifoya qilmaydimi? Badiiy murakkablashtirish yangicha badiiy tafakkurga intilish, yangi olam, yangi ifoda yaratish maqsadidan tugʻilmasmikan? Badiiy murakkablikni teranlik, kashfiyotchilik belgisi deb qarash toʻgʻri boʻlmasmikan?

Men shoir emasman, men bir firibgar,

Men folbin emasman,

Men Abduvali…

Bu kuchli hayajon, epataj bilan aytilgan fikrlar. Har kim ham bunga jurʼat qilavermaydi. Bu yerda firibgarman degani sheʼrbozman degan taʼrifining juda kuchli sinonimi. Yirik tilshunos olim Toʻra Nafasovning “Qashqadaryo oʻzbek xalq soʻzlari lugʻati” nomli noyob kitobida firib soʻziga firibchi, ustomon deb izoh berilgan va “Firibchidan firibning oʻzi qoʻrqadi” degan maqol keltirilgan. Shoir firibgarman deganda nayrangbozlikni nazarda tutmaydi, balki badiiy shartliliklar, ramzlar, semantik, stilistik tovlanishlar ustasini nazarda tutadi. Kuzatilgan bir ayon haqiqat shuki, uning sheʼriy nutq oqimi mantiqqa boʻysunmaydi: misralar, bandlar, soʻz qurilmalari oʻz mantiqi bilan yashaydi. Shoir dunyo ufqlarini rom etaoladigan chiltori boʻlishini orzu qiladi. Bu chiltorni Yashinqush keltiradi, deb ishonadi. Hozircha orzudagi bu chiltor uning qoʻliga kirmagan, shu chiltor egasi boʻlgunicha u oʻzini “firibgar” deb hisoblaydi. Oʻzini shoir deb atashga loyiq koʻrmaydi. Ammo sheʼrda hozircha oʻz nomini tasdiqlayapti, xolos. Bizni qurshagan hayot oson emas, oʻta murakkab: inson munosabatlari ham, insonning dunyoga munosabati ham, dunyodan kutadigani, dunyoga talabi ham hech qachon oson boʻlmagan. Oson boʻlib koʻringan narsalar tagida aqlni lol qoldiradigan chigalliklar yotadi. Yaʼni mavjudlikning, mavjud boʻlishning oʻzi chigal. Abduvalining boshqalardan farqli tomoni shu chigalliklarni teran va injiq his qilishida. Teran anglaydi. Yechim berolmaslik yoki yechim topolmaslikning dramatik peripetiyalarini tushungan holda yana sheʼrga murojaat qiladi, yechimlar oʻrniga koʻtarinki deklaratsiyalar, “Ozodlik” dostonida boʻlgani kabi, cheksiz ritorik xitoblarni oʻrtaga tashlaydi. Ammo ritorik xitoblarning vazifasi maʼlum: ular oxir-oqibat “Yashasin!” bilan tugaydi. Yana shunday sheʼrlari ham uchraydiki, ularda leksika, fikr va tuygʻu zoʻriqayotgani ayon seziladi. Shoir kuzatgan maʼnoni anglash mushkul kechadi. Qizigʻi shundaki, bunday xayoliy mubham sheʼrlarni ovoz chiqarib, ohangga solib oʻqimoqchi boʻlsangiz, biron narsani tushunib ilgʻab olishga ilojsiz qolasiz. Esimda bor: Faxriyor “Yoziq” degan juda murakkab dostonining tagiga: “Ovoz chiqarib oʻqimaslik sharti bilan” deb pisanda qilib qoʻygan edi. Haqiqatan ovoz chiqarib deklamatsiya qila boshlasangiz, diqqatingizni jam qilolmay chuvalashib qolasiz.

Shoirning oʻzi uchun suyukli va qimmatli Osima degan ayolga qarata yozilgan bir qator sheʼrlarida sirli ohanglar xuddi yonib boʻlgan gulxanning uyulgan choʻgʻlaridan koʻtarilayotgan qaynoq hovurning tafti odamni kuydiradi, oʻylantiradi. Oʻquvchi hech bilolmaydi Osima kim? U Pushkinning Natalisi, Usmon Nosirning Nasimasi, Nekrasovning Zinasi kabi xaloskor bir parivashmi, telba dunyoning sevgi maʼbudasimi? Shoir oʻzini anglash va qayta baholashga ehtiyoj tugʻilganda, Osimaga murojaat qiladi. Osima ismining oʻzi ham juda shoirona eshitiladi. Gar bu nom oʻrniga misol uchun Nozima yo Dilnoza deb bitilsa, unda aniqki, shoirning xitoblari oʻz romantikasi sururidan mahrum boʻladi. Ismda sinoat bor. Abduvali esa sheʼr sinoatlarini aʼlo biladi. “Soʻz” deb atalgan sheʼr shunday boshlanadi:

Osima –

Yolgʻizim, sen unday dema,

Dasturxon chetida qoldirgin mehr

Ikki shaxs oʻrtasidagi muomalaga konflikt oralagan. Ammo Osima dasturxon tepasida mahramga nima deganligi bildirilmaydi. Osima balki oraga sovuqchilik tushganligi yoki dasturxon tobora quruq boʻlib borayotganligidan noligandir. Shoir oʻzi yolgʻizim deb erkalayotgan ayoldan mehr kutishga haqli.

Mana bu misralarda Osimaning shoir hayotidagi oʻrni ayonlashadi:

Talʼating –

Koʻrligim yoritsin ayon,

Ishqni soyabonday tutay qoʻlimga,

Senga dil arzini qilayin bayon:

Bebaho soʻz qoʻyay soqov tilimga…

Bu bandda “ishqni soyabonday tutay qoʻlimga” degan fikr ustida oʻylanasiz: ishqni soyabon qilish va uni qoʻlda tutish imkoni bormikan, tilga bebaho soʻz qoʻyishlik-chi? Bu yerda “qoʻymoq” feʼli juda katta jurʼat bilan qoʻllanganday tuyuladi. Lekin sheʼrning shoh satrlari keyingi bandda keladi. Biz shuning uchun unga batafsilroq toʻxtalayapmiz:

Boshqaman,

Mutlaqo chekmayman afsus.

Yurakni otaman chinni laganga,

Yana bir sevaman.

Alalxusus –

Ismimni aytaman qamashganlarga…

“Boshqaman” degan soʻz juda oʻtkir eʼtirof kabi eshitiladi. Bu oʻz yoʻlimdan yuraman, oʻz soʻzimni aytaman, oʻz sheʼriy sistemamni yarataman degani. Haqiqatan ham Abduvali Qutbiddin sheʼriyati boshqachalikda tanho. Uning sheʼriy yutuqlari boshqacha boʻlganidek. Mavhumliklari ham oʻziga xos. “Boshqachaman” deganiga toʻla ishonamiz va sof alogizm boʻlib tuyuladigan hodisalarning magʻzini anglaganday boʻlamiz. Mantiqini yoʻqotgan tashbehlar va majozlar bu deklaratsiyadan soʻng oʻz qonuniy va tabiiy oʻrniga ega boʻlganday anglanadi…

Abduvalining sheʼrlarini tushunish va ulardan zavqlanish uchun uning holatiga kirishga toʻgʻri keladi.

Odamning xayoliga bir gʻalati savol keladi: bu kabi sheʼrlarning oʻzi unga toʻla tushunarlimi? Bu juda jiddiy ijodiy masala. Men sheʼrlarni aslo tushunarsiz demayman. Men tushunishga tayyorgarligimiz bormi, deyman. U, mana men borman, deydi va bor tushunchasiga shoirona va insoniy, falsafiy maʼnolar yuklaydi. Siz bilan bizni yulduzlar tugʻiladigan onlarda yoʻlga tushishga undaydi va olmos shamchiroq yorugʻida soʻz mulklarida mangu ohanglar yor boʻlishiga chaqiradi.

 

Ibrohim GʻAFUROV

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.