Taʼdid

0
837
marta koʻrilgan.

Taʼdid toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni klassik poyetika haqidagi manbalarning koʻplarida uchratish mumkin. Bu maʼlumotlarda u turli nomlar bilan yuritilgan. Masalan, siyoqat-ul aʼdod (“Aruzi Humoyun”, “Badoyeʼ us-sanoyeʼ”, “Latoyif at-tavoif”, “Jamoi muxtasar”, “Rahnamoyi adabiyoti forsiy”), taʼzil (“Badoyeʼ us-sanoyeʼ”), shumur (“Sanʼathoyi badeʼyi dar sheʼri tojikiy”), eʼdod, taʼdid, teʼdod (“Ilmi badeʼ dar zaboni forsiy”) shular jumlasidandir.

Bu usulning goʻzal namunalarini soʻz ustalarining deyarli barchasida uchratish mumkin. Jumladan, Ahmad Yassaviy oʻzining badiiy niyatini alohida taʼkidlash uchun shu sanʼatdan foydalanadi:

 

Dardga toʻlding, gʻamga toʻlding, telba boʻlding,

Ishq dardini soʻrsang hargiz darmoni yoʻq.

 

Birinchi misraga eʼtibor berilsa, xuddi birinchidan, ikkinchidan, uchinchidan tarzidagi sanoq ohangi seziladi. Ayni mana shu tarz unga alohida taʼsirchanlik bagʻishlaydi.

Taʼdidning muhim xususiyatlaridan biri shuki, u fikriy rivojni, ketma-ketlikni, tadrijiylikni anglatadi:

 

Oʻqi bu Lutfiy mungluq niyoznomasini,

Savob-u olqish-u yuz ming duo kerak boʻlsa.

 

Bu oʻrinda Lutfiy savob, olqish, duo soʻzlarini ketma-ket sanash orqali ushbu sanʼatni hosil qilyapti.

Taʼdidda, asosan, sanoq sonlar ishtirok etib, tartib sonlar nisbatan kam qoʻllanadi, shuningdek, bu vazifani sanoq va tartibni koʻrsatuvchi son, olmosh va ravishlar ham bajaradi.

Taʼdid grammatik oʻzaro bogʻlanishlarning bir xil turidan ketma-ket foydalanish orqali ham yuzaga chiqishi mumkin:

 

Taʼlim gulchehra nargis koʻzlilar bor,

Shakar dudogʻli, shirin soʻzlilar bor.

(Xorazmiy)

 

Bugina emas, bir xil grammatik oʻzaro bogʻlanishlar takrori koʻpincha sheʼriy musiqani kuchaytirib yuboradi. Hozirgi misolimizda ham bu holat kuzatiladi. Unda toʻldiruvchilar tilingni, koʻzingni, boʻgʻuzni soʻzlari oʻziga xos ichki qofiyalarga yaqinlashadi, kesimlar esa (koʻdazgil) radif vazifasini ado etyapti. Bu ichki qofiya va radiflar baytning ritmik ohangdorligini yoki boshqacha qilib aytsak, musiqiy boʻyogʻini taʼminlayapti.

 

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.