Sunbulin Laylo ochiptur…

0
226
marta koʻrilgan.

Sunbulin Laylo ochiptur, yel abiroso emas,

Dogʻini Majnun qonatmish, lolayi hamro emas.

 

Nastaran koʻzgusida bir sari men, bir sari yor

Chehra aksin koʻrguzupturbiz guli raʼno emas.

 

Gulni oʻxshatqan uchun yorimgʻa goʻyo bogʻ aro,

Muztarib koʻnglum qushidur, bulbuli shaydo emas.

 

Sunbul ustidin nasim eskach, nigorim turrasin

Yod qildimkim, dimogʻ oshuftadur, savdo emas.

 

Nargis oltun jomining ollida kofuriy harir

Pardayi jonimdurur marhun, qadahpolo emas.

 

Dema, afgʻonimda bulbul nolasidek yoʻq nishot,

Bu ham anduhzo emas, gar ul nishotafzo emas.

 

Gulni sarv uzra xayol ettim koʻngul boʻstonida,

Rost aytay: sarvi gulroʻyum kebi zebo emas.

 

Boʻlmangiz magʻruri husn, ey shoʻxlarkim, bogʻ aro

Siz kebi bilturgʻi gullardin biri paydo emas

 

Manga gulrux soqiyu bulbulgʻa gul tutti qadah,

Mast erur ul ham Navoiydek, vale rasvo emas.

 

(“Gʻaroyib us-sigʻar”, 228 gʻazal)

 

 

Lugʻat:

 

Abiroso – anbardek xushboʻy

Lolayi hamro –  qizil lola

Nastaran – gul nomi, siren

Muztarib – iztirob chekuvchi, parishon, betoqat, beqaror

Turra – kokil, soch oʻrimlari; zulf

Oshufta – giriftor, devona, oshiq

Kofuriy – oq xushboʻy modda (kofur)ga oʻxshash

Marhun – garovga qoʻyilgan, garovga berilgan

Qadahpolo – may suzgich

Nishot – shodlik, xursandlik

Anduhzo – gʻam orttiruvchi, qaygʻu keltiruvchi

Nishotafzo – xursandlik paydo qiluvchi

Bilturgʻi – bulturgi,  oʻtgan yilgi

 

 

Baytlarning nasriy bayoni

 

Dilnavoz YUSUPOVA sharhi

 

  1. Taralayotgan xushboʻy hidni shamol keltirayotgani yoʻq, balki Laylo oʻz sunbul sochlarini yoygan, togʻda ochilgan qizil lola emas, balki uni Majnunning qoni qizartirgan.
  2. Nastarin gulining koʻzgusida aslida bir tomondan men, bir tomondan yorim turib, chehraning aksini namoyon qilganmiz, bu aslo raʼno gulining aksi emas.
  3. Bogʻ ichra yorimni gulga oʻxshatgani uchun betoqat va beqaror boʻlgan qush bu koʻnglim qushidir, bulbuli shaydo emas.
  4. Sunbul gulining ustidan shamol esgach, nigorimning kokilini yodga oldim va dimogʻim oshufta, yaʼni aqlim parishon boʻldi, bu aslo kasallikdan emas.
  5. Nargis gulining oltin jomi oldida mening jonim garovga qoʻyilgan harir pardaga oʻxshaydi, buni siz may suzgich deb oʻylamang.
  6. Figʻonlaringda bulbulning nolasidek shodlik yoʻq, deb aytma, agar uning nolasi xursandlik paydo qilmasa, mening figʻonlarim ham qaygʻu keltiruvchi emas.
  7. Koʻnglim boʻstonida gulni sarv ustida deb tasavvur qilib koʻrdim, lekin rostini aytsam, u mening gul yuzli sarvqomat yorimdek zebo emas ekan.
  8. Ey shoʻxlar, husningizga bu qadar magʻrur boʻlmang, bogʻ orasida siz kabi bulturgi gul yoʻq.
  9. Menga gul yuzli soqiy, bulbulga esa gul qadah tutdi, u ham Navoiydek mast, lekin u kabi rasvo emas.

 

Gʻazalning umumiy maʼno-mohiyati

 

Ushbu gʻazal mavzusiga koʻra oshiqona boʻlsa-da, unda tabiat tasviri yor goʻzalligi va oshiq ruhiy holati taʼrifi bilan uygʻunlashib ketgan, shu maʼnoda u koʻproq peyzaj yoʻnalishidagi sheʼrlarni eslatadi. Gʻazal usluban taʼrif va tavsifning umumlashmasidan iborat: unda insoniy sifatlar ham, tabiat manzaralari ham, oshiqning iztirobli tuygʻulari bayoni ham birday obʼyekt boʻlib xizmat qilgan.

Gʻazalning oʻziga xosligi va Navoiy dahosining buyukligi shundaki, unda zohiriy va botiniy maʼnolar, yaʼni majoziy ishq va ilohiy ishq tasviri bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilmaydi, aksincha, har ikki maʼno bir- birini toʻldirib, uygʻunlashib ketadi. Boshqacha qilib aytganda, bir gʻazalning oʻzida majoziy ishq tasviridan ilohiy ishq tasviriga yoki aksincha holatga oʻtiladi, kitobxon goh bu maʼnodan, goh u maʼnodan, goh har ikkisidan zavqlana oladi (Najmiddin Komilov)

Gʻazal matlaʼsida mumtoz adabiyotdagi anʼanaviy oshiq-maʼshuq obrazlari lirik qahramon va uning sevgilisi timsolini ifodalab keladi, unga koʻra bahor faslida havoning gullar vositasida xushboʻy hid taratishi ­tabiat hodisasi boʻlmay, balki Layloning sunbuldek sochidan taralgan ifordandir. Togʻ bagʻridagi qizillik ham Laylo ishqida koʻksi yara boʻlgan Majnunning qonidan, lolalarning qip-qizil boʻlib ochilib yotishidan emas.

Navbatdagi baytda guli raʼno va unga xos tasvir timsoli yetakchilik qiladi:

 

Nastaran koʻzgusida bir sari men, bir sari yor

Chehra aksin koʻrguzupturbiz guli raʼno emas.

 

Unga koʻra, oshiq va maʼshuqa chehrasining koʻzgudagi aksi raʼno gulini eslatadi. Savol tugʻiladi: nima uchun aynan raʼno guli? Chunki raʼnogulda qizil va sariq rang omuxta boʻlgan. Shoir guldagi bu xususiyatni hisobga olib, uning qizilligini yorning chehrasiga, sariq rangini esa oʻzining zaʼfaron yuziga qiyos qilyapti. Baytning botiniy maʼnosi ham bor. Raʼnogul  tasavvufda ulugʻvor goʻzallik, mutlaq jamol (Yaratgan)ning ramzini ifodalaydi. Shunga asoslanib, baytni quyidagicha talqin qilish ham mumkin:    

Nastarin gulining koʻzgusida bir tomondan men, bir tomondan yorim turib, chehraning aksini namoyon qilganimiz, lekin bu hali raʼno guli degani emas, yaʼni haqiqiy ishqning mazhari emas: hali bizning ishqimiz majoziy boʻlib, komillik kasb etgani, yaʼni kamolotga erishgani yoʻq.

 

Sunbul ustidin nasim eskach, nigorim turrasin

Yod qildimkim, dimogʻ oshuftadur, savdo emas.

 

Baytning zohiriy maʼnosiga koʻra, sunbul gulining ustidan shamol esgach, nigorimning kokilini yodga oldim va dimogʻim oshufta, yaʼni aqlim parishon boʻldi, bu aslo kasallikdan emas.

Botiniy maʼnoga koʻra, tasavvufda zulf parishonlik va hijron ramzi.

Shu sababli oshiqning holi parishon, oʻzi devonavash. Bu devonalik kasallikdan emas, demoqchi shoir, balki ishq tufaylidir, zero aql jununi bilan ishq jununining farqi bor.   

Beshinchi baytda chiroyli poetik tasvirga guvoh boʻlamiz:

Nargis oltun jomining ollida kofuriy harir

Pardayi jonimdurur marhun, qadahpolo emas.

 

Baytdagi tasvirga koʻra, nargis gulining oltin jomi yonida turgan narsa may suzgich emas, balki oshiqning garovga qoʻyilgan nozik jonidir. Ushbu tasvirni konkretlashtirishga harakat qilamiz. Maʼlumki, mumtoz adabiyotimizda nargis guli keng qoʻllanilgan timsollardan boʻlib, u koʻproq yorning koʻziga nisbat berilgan. Ushbu gʻazalda esa nargis gulining kosasi oltin qadahga oʻxshatilgan. Nargis guli bahor faslida gullagan vaqtida, poyasining pastki qismidagi bandli, patsimon oq rangli barg­lari qurib qoladi. Shoir bu oʻrinda ana shu bahoriy hodisaga ishora qiladi: nargisning oltin jomi oldida turgan oq xushboʻy barglarini may suzgich deb oʻylamang (qadimda mayni uning quyqasi, yaʼni durdidan tozalash uchun usti oq nafis mato yoki dokadan oʻtkazib, suzganlar), u mening garovga olingan nozik jonimdir. Odatda, garovga olingan narsa, omonat boʻladi, shoir ushbu omonatlilikni nargisning gullagandan ke­yin qurib, toʻkilib ketadigan nimjon barglariga oʻxshatyapti. Oshiqning joni ishq yoʻlida shunchalik omonat…

Maqtaʼdan avvalgi bayt navoiyyona falsafaning badiiy talqinini oʻzida aks ettiradi:

 

Boʻlmangiz magʻruri husn, ey shoʻxlarkim, bogʻ aro

Siz kebi bilturgʻi gullardin biri paydo emas.

 

Bu dunyo va undagi goʻzalliklar oʻtkinchi, ular bilan magʻrurlanish yaramaydi, bogʻda ham har yili yangi gullar ochiladi, avvalgi gullardan kelasi yil nom-nishon ham qolmaydi, shunday ekan, inson oʻtkinchi narsalarga aldanib qolmasligi, oʻzini haqiqiy ishq uchun tayyorlamogʻi kerak.

Maqtaʼ gʻazalning avvalgi baytlariga xulosa tarzida yangraydi:

 

Manga gulrux soqiyu bulbulgʻa gul tutti qadah,

Mast erur ul ham Navoiydek, vale rasvo emas.

 

Menga gul yuzli soqiy, bulbulga esa gul qadah tutdi, u ham Navoiydek mast, lekin u kabi rasvo emas. Irfon tilida soqiy maʼrifat mayini tarqatuvchi, bulbul esa ishq yoʻlida afgʻon chekuvchi, sukr yoʻlidagi oshiq solik  (ishqini faryod chekib izhor qiluvchi) timsolini ifodalaydi. Demak, baytdan kelib chiqadigan umumiy xulosa:  Bulbul ishq toʻla qadahni guldan olayotgan boʻlsa, oshiq maʼrifat mayini piri komil qoʻlidan olyapti. Bulbul ham ishq yoʻlida mast, lekin uning ishqi lirik qahramon darajasida emas, u hali Navoiydek rasvo boʻlgani yoʻq, zero oshiqlikning  kamoli ishq yoʻlida qanchalik “rasvo” boʻlganligi bilan belgilanadi. 

Umuman olganda, ushbu gʻazal real insoniy kechinmalar tasviri bilan birga haqiqiy ishq yoʻlida mutlaq Goʻzallik mazharini izlash yoʻlidagi oshiqning maqom bosqichlaridagi holatlarini ham oʻzida aks ettiradi.

Gʻazal rus tiliga mutarjim Adel Chilyakova tomonidan taglama sifatida tarjima qilingan.

 

Mutarjim gʻazalni erkin tarjima qilish yoʻlidan borgan: bu bevosita qofiyalanish tizimi, tarjima misralaridagi boʻgʻinlar sonining turlichaligi va shu bilan birga maʼno erkinligida ham namoyon boʻladi.  Koʻp oʻrinlarda mutarjim baytlarning mazmunidan koʻra umumiy maʼno-mohiyatini berish yoʻlidan boradi. Xususan, gʻazalning 7-bayti A.Chilyakova tarjimasida quyidagicha jaranglaydi:

 

Ya znayu: chem dano mne vechno obladat

Prekrasnee togo, o chyom mogu mechtat.

 

Shunga oʻxshash fikrni 8- va 9-baytlar tarjimasiga nisbatan ham aytish mumkin.

 

                           Gʻazalning ruscha taglama tarjimasi

 

 Tarjimon – Adel Chilyakova[1]

 

To aromat raspushʼenniʼx volos Leyli

Vgonyaet v krasku ne tyulpan, a krov Medjnuna.

 

To v sovershenstve roziʼ otrazilis

Moya lyubov i zreyushʼiye prelesti butona.

 

Ne treli solovya sredi sadoviʼx roz –

Zdes plachet serdse ranenoye krasotoyu.

 

Zefir donyos napominaniye yeyo volos,

Ya vnov bezumstvuyu ot sladkix gryoz.

 

Pod zolotom narsissa suxiye lepestki,

Zalog moyey lyubvi, napolnennoy toskoyu.

 

Ne govori, chto ne  mogu smeyatsya ili plakat,

Moy plach bez boli, v smexe – grust poroyu.

 

Ya znayu:  chem dano mne vechno obladat,

Prekrasnee togo, o chyom mogu mechtat.

 

Minuyet osen, i ne poshʼadit sad iney,

I roziʼ sniknut na yego poroge.

 

V zaloge krasotiʼ pyaneet solovey,

A Navoi pred tainstvom lyubvi blagogoveet.

 

Gʻazalning inglizcha tarjimasi

 

Tarjimon – Aʼzam Obid

 

 

It’s not wind that smells of musk, it’s Leila who unbound hair,

Not red tulips on the mount, it’s Mejnun’s blood in despair.

 

On one side – me, on the other – my beloved in lilac’s mirror,

We reflected our visage, that’s not at all a rose-briar.

 

It’s my afflicted souls’ bird, not the enchanted nightingale

Who – the flower in the garden – to my sweetheart would compare.

 

When the wind blew over the hyacinth, I called to mind my sweet’s braid,

I became insensible; indeed it’s not from love affair.

 

Before the jonquil’s golden cup my spirit is like fine curtain

Which is taken as a hostage, it’s not the wine straining tool ware.

 

Don’t say no joy in my distress like in nightingale’s sad singing,

If its wail does not bring gladness, my wound too is not a nightmare.

 

In my heart orchard I fancied over the cypress the flower,

In truth, to tell the flower’s finer than my belle would be unfair.

 

Hey, good-lookers in the parkland, don’t be proud of your beauty,

Of the last year’s flowers like you, where are they, no one’s aware.

 

The beauty passed a bowl to me and the rose to the nightingale,

Who is as drunk as me, Navoi, but not like me up in the air.

 

“Jahon adabiyoti”, 2018/1

 


[1]* Biz ayni kunlargacha Alisher Navoiy gʻazallarini koʻp bora nazardan oʻtgan, XX asrda eʼlon qilingan ruscha tarjimalarni eʼtiboringizga havola etdik. Bu sondan boshlab Navoiy sheʼriyatining yangi tarjimonlarini ham bu ishga jalb qilib, buyuk shoirning hali rus tiliga tarjima qilinmagan gʻazallarini oʻgirishga jazm etdik. Badiiyatida turli shakliy, vazniy va ifodaviy kamchiliklari koʻrinishi mumkin boʻlgan bu tarjimalar dastlabki tajribalar mahsuli boʻlib, badiiy tarjimaga aslo daʼvo qilmagani holda, shoir ijodini rusiyzabon qatlam orasida yanada kengroq targʻib etishga xizmat qiladi. Niyatimizki, mazkur taglama monand tarjimalar kelgusida yuksak badiiy tarjimalarga asos boʻlsa. Bu sonda taniqli ijodkor Adel Chelyakova bizga yordam berdilar.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.