Sulton Joʻra

0
3193
marta koʻrilgan.

 (1910–1943)

Sulton Joʻra 1910 yilning 15yanvarida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Qagʻaltom qishlogʻida dehqon oilasida tugʻildi. Yetti yoshida ota-onasidan yetim qolgan Sulton dastlab boshlangʻich maktabda oʻqidi. U 1924 yilda Buxoroga kelib erlar pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirdi va uni 1930-yilda bitirdi.

Sulton Joʻra 1931–1938-yillarda Buxoro pedagogika institutining ishchi fakultetida oʻqiydi. 1938–1941 yillarda Andijondagi oʻqituvchilar instituti va pedagogika bilim yurtida til va adabiyotdan dars berdi.

1942 yilda Sulton Joʻra harbiy xizmatga chaqiriladi. U dushmanga qarshi ham qurol, ham qalam bilan mavdonavor jang olib bordi. 1943 yilning 14noyabrida Belorussiya tuprogʻida nemis-fashist bosqinchilariga qarshi janglarning birida jangchi-shoir qahramonlarcha halok boʻldi.

Sulton Joʻraning dastlabki sheʼrlari 1933 yilda Buxoro yosh shoirlarining “Sheʼrlar” toʻplamida nashr etildi. Uning 1939 yilda “Fidokor”, 1941-yilda “Moskva” sheʼriy toʻplamlari, 1942-yilda “Iroda” nomli pesasi nashr etildi. Isteʼdodli shoirning vafotidan soʻng 1951 yilda rus va oʻzbek tillarida “Tanlangan asarlar”, tinch qurilish yillari davrida “Havorang gilam”, “Zangori gilam”, “Bruno”, “Parvoz”, “Qaldirgʻoch”, “Tanlangan asarlar” kitoblari bosilib chiqdi.

Ikkinchi jahon urushi davrida yaratgan asarlarida fashist gazandalarining butun yovuzliklari ochib tashlandi, ularda yovga qarshi laʼnat va nafrat tuygʻulari davr kishilarining yuksak vatanparvarlik ruhi bilan hamohang yangradi. “Toʻpchi Muhammad”, “Pulemyotchi ovozi”, “Chavandoz”, “Uch ogʻayni botirlar”, “Nayzamiz” (1941), “Qahramon Qoʻchqor” (1942), “Jahon seni olqishlar”, “Berlin aptekasida” (1943) sheʼrlari shular jumlasidandir.

Sulton Joʻra kattalar uchun joʻshqin lirik sheʼrlar, yirik dostonlar yaratish bilan birga, bolalarga atab ham ajoyib asarlar yozdi.

Shoir-pedagog Sulton Joʻra bolalar uchun yozgan asarlarida baxtli bolalik, Vatanga muhabbat va dushmanga nafrat, mehnat ahllariga eʼtiqod tuygʻularini ifodaladi. Ayni chogʻda, u yaxshi va aʼlo baholarga oʻqish uchun kurashish, rostgoʻy va intizomli boʻlish, madaniy va pokiza kiyinish, savodxon va chiroyli yozuv malakasini egallash kabi taʼlim-tarbiyaviy masalalarni ham badiiy vositalarda talqin etdi. Bunday gʻoyalar shoirning “Yozgi yomgʻirdan soʻng” (1936), “Qizlar”, “Aʼlo” va “Yaxshi”ning maqtovi”, “Zangori gilam” (1939), “Lola”, “Oy nechta?”, “Tinish belgilarining majlisi”, “Choʻntak”, “Sirkda” (1940), “Qarzdor”, “Qaldirgʻoch”, “Yolgʻonchi”, “Dengiz tagida” (1941), “Sogʻinib” (1942), “Sogʻinchli salom”, “Salom xat” (1943) kabi asarlarida oʻz ifodasini topdi.

U oʻz asarlarida bolalar va maktab hayotini, ularning oʻqishi, koʻcha va oilada oʻzini tutishini haqqoniy aks ettirdi. Shoir yosh kitobxonning diqqatini oʻziga tortuvchi asarlar ijodkori sifatida tanildi.

Bolalar ilmiy-ommaviy mavzularda yozilgan sanʼat asarlarini ham sevib oʻqiydilar. Sulton Joʻraning bunday mavzudagi asarlaridan biri “Oy nechta?”dir. Bunda shoir kichkintoylarning orzuumidlarini ona va bolalarning suhbati orqali ifoda etadi:

Ona dedi:

Yotinglar endi,

Faqat bitta osmonning oyi!

Katta boʻlgach, aylanaylarim,

Oyning oʻzin minib koʻrarsiz.

Oʻshanda-chi, oyijon, bizga,

Katta toti[1] olib berarsiz.

“Mamatning kechirmishi” sheʼrida shoir Mamatning ichkiruhiy kechinmalari, ishyoqmasligi, yalqovligi, toʻngligi orqasida darslardan qoloq boʻlib, iztirob chekishini ishonarli aks ettirgan. Mana, hamma uxlagan, ammo tanho Mamat uygʻoq. Shoir uning ana shu daqiqalardagi qalb iztirobini, ruhan qiynalayotganligini, notinch ruhiy holatini sodda, ravon misralarda tasvirlaydi.

Shoir qoloqlik sabablarini birovdan emas, balki qahramonining oʻzidan qidirtiradi va buni Mamatning oʻzini gapirtirish orqali ochadi.

Qoloqligi sababli ruhan azob chekib, qiynalib yurgan Mamat oʻjarligi, oʻzboshimchaligini tan olib, doʻstlari yordamida oyoqqa turib, endilikda astoydil oʻqishga ahd qiladi:

Boʻldi… Men bas qildim yalqovlikni,

Doʻstlarimday olay bilimni.

Achchiq tajribamning oʻzi saboq,

Ol, darsxonam, ishq dilimni!

Bor kuchimni berayki, bu “yomon”

Yondashmasin menga ertadan.

Nomim Mamat boʻlmay ketsin agar,

Vaʼda qilgan boʻlsam joʻrttaga!

Sulton Joʻra qissadan hissa chiqarib, aʼlo oʻqish katta ahamiyatga ega ekanligini bolalarga uqtiradi:

Aʼlo oʻqish oʻzi yuksak shuhrat,

Har shuhrating tillarda doston.

Sheʼrda barcha tasviriy vositalar gʻoyaviy, badiiy niyatni yorqin amalga oshirishga qaratilgan. Shoir tabiat lavhalari, goʻzal hayotiy tasvirlar vositasida qahramonning ichki holatini ochadi va taʼsirchanlikka erishadi:

Barcha uxlar…

Kumush ariqchaning

Eshitilar shildir-shildiri,

Yaproqlar ham “alla” deb tebratar

Sirtlariga qoʻngan oy nurin.

“Mamatning kechirmishi”da yalqovlikni tashlab, aʼlo oʻqishga mahkam bel bogʻlagan bolaning ijobiy namunasida oʻz kuchiga ishonish, nuqsonlarga tanqidiy qaray bilish gʻoyat katta kuch degan taʼlim-tarbiyaviy, pedagogik oʻgit ilgari suriladi.

Taʼlim-tarbiya sohasida yozma nutq sanʼatini egallash eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Baʼzi oʻquvchilar grammatik mashqlar bilan jiddiy shugʻullanmasligi, badiiy adabiyotni kam oʻqishi natijasida yozma ishlardan oqsaydilar. Chiroyli yozuv qoidalarini buzib, xunuk xat yozishdan tashqari, turli xatolarga yoʻl qoʻyadilar. Pedagog-shoir Sulton Joʻra taʼlim-tarbiya ishidagi bunday nuqsonlarni tugatishda oʻquvchilarga yordam berish maqsadida “Kimning xati chiroyli?”, “Tinish belgilarining majlisi”, “Harflar paradi” sheʼrlarini yozdi.

“Kimning xati chiroyli?” sheʼrida bolaning sogʻlom, baquvvat boʻlib kamol topishida, yozuvining goʻzal boʻlishida partada toʻgʻri oʻtirish qoidasiga qatʼiy rioya qilish katta ahamiyatga ega ekanligini ham uqtirib oʻtadi:

Oʻtirishim toʻgʻri, soz,

Qoidaga juda mos.

Koʻkragimni men sira,

Oʻltirganim yoʻq tirab!

Chiroyli yoz, yozsang xat!

Chunki bu ham zoʻr sanʼat…

Shoir ijodiy faoliyatida “Tinish belgilarining majlisi” sheʼri katta ahamiyatga ega. Sheʼrda oʻzbek tilining eng muhim qoidalari – tinish belgilarining vazifalari bolalarga mos ravishda, jonlantirish kabi badiiy tasvir vositasi orqali ifoda etiladi. Unda har bir tinish belgisi jonlantirilib, qoʻllanishiga mos tarzda gapirtiriladi va oʻziga xos joyiga qoʻyiladi. Bu holat kitobxonda aniq tasavvur hosil qiladi va shoirning pedagogik, badiiy mahoratini egizak holda namoyish qiladi.

Shoir sheʼrda oʻxshatishdan ham ustalik bilan foydalanib, undov belgisini mirzaterakka, nuqtani koptokka; soʻroq belgisini oʻroqqa, zirak taqqan quloqqa, vergulni kichik toʻqmoqqa, qoʻshtirnoqni qiziqchilarga, tireni gugurtga oʻxshatib, shoirona tasvirlaydi. Gapda esa nuqta “fikrlarning stansiyasiga”, vergul “fikrlarning razezdi” (toʻxtab uchrashadigan joy)ga oʻxshatiladi. Bunday oʻxshatishlar tinish belgilari qoidasini oson oʻzlashtirishga yordam beradi.

Soʻroq belgisi:

Uqdingizmi? Yetadimi? Bormi savol?

Yoki oʻzim soʻrayinmi sizdan savol?

Vergul:

Gar undalma gapda kelsa qoq oʻrtada,

Uning ikki yonboshida men joʻrttaga,

“Qani endi undalmaxon, qochib boq-chi” –

Deb boʻlurman yubormayin unga soqchi,

Gar undalma gap soʻngida kelsa, u choq,

Undan oldin qoʻyilarman, tushun oʻrtoq!

Qoʻshtirnoqlar:

Mana rais: – “Vaqt tamom, toʻxtangiz!”

Deb qoldi-ku, mayli, endi yoʻq gapimiz.

Tire:

Biroq shartim – soʻz qolmasin oʻlda-joʻlda.

Koʻrinib turibdiki, shoir tinish belgilarining xususiyatlarini tasvirlabgina qolmay, unga muvofiq misollarni ham sheʼriy yoʻl bilan koʻrsatgan. Shuning uchun bu sheʼrni koʻrgazmali sheʼr deyish va undan darslarda ijodiy foydalanish mumkin.

“Yolgʻonchi” dostonida bolalarni rostgoʻy boʻlishga, yaxshi va aʼlo oʻqishga chaqiriladi. Doston qahramoni Noʻmon maktabda taʼlim-tarbiya qoidasini buzuvchi, oʻqituvchi va ota-onasiga nisbatan hurmatsizlik qiluvchi bola sifatida gavdalanadi. Shoir, Noʻmon qoniqarsiz oʻqishiga qaramay, oʻzini tuzatish oʻrniga oʻqituvchiga zarda qilishi, yolgʻon gapirishi, oʻjarligi, dars tayyorlamasligi va ishyoqmasligini turli hayotiy parchalarda juda ishonarli tasvirlaydi. Chunonchi, Noʻmon oʻqituvchi yozib bergan xatni yirtib tashlab, “2” baholarini yashirib, oʻzini aʼlochi qilib koʻrsatib, beodobligini fosh etadi.

Noʻmon oʻqituvchi va ota-onasi taʼsirida butun kamchiliklarini anglab yetadi, yaxshi oʻqishga vaʼda beradi va vaʼdasining ustidan chiqadi. Doston oʻz kamchiliklarini anglab, oʻqishga astoydil berilgan Noʻmonning ijobiy xatti-harakatini ulugʻlash bilan tamomlanadi.

Sulton Joʻraning “Havorang gilam” ertagidagi qahramon Rahimdir. U oʻtmishda ogʻir kulfatlarni boshidan kechiradi.

Rahim zindondan qochib, uyiga kelsa, na xotini, na qizi bor. Uning xaroba uyini shoir:

Uy oʻrnida bir devor!

Atrofi oʻt – tikanzor, –

deb tasvirlaydi. Gʻazabda yongan Rahim zulmkorlarga qarshi kurashga bel bogʻlaydi. Ertakda shoir asar qahramoni Rahimning hayoti haqida hikoya qilar ekan, uning eʼtiborga loyiq eng muhim belgisini – xalq bilan chambarchasligini koʻrsatadi.

Dostonda yovuzlarga qarshi bir tan, bir jon boʻlib kurashgan xalq ozodlikka chiqadi, zulmkorlarni tag-tugi bilan yoʻq qilib, baxtli hayotga erishadi. Shoir “mozorday jimjit”, “qushlar uchsa qanoti, inson yursa oyogʻi” kuyadigan bepoyon dasht-choʻllarda endi yangi hayot qaynayotganini tasvirlab, bularning hammasi Rahimlarning ijodiy mehnati tufayli yuz berganligini bolalarga hikoya qiladi:

Choʻl oʻrnida bogʻ-boʻston,

Rang-barang bir guliston…

Qoʻngʻiroqday shalola,

Oy kabi nurli dala…

Daryoni qilib qamal,

Oʻtkazishgan zoʻr kanal…

Xullas, goʻyo bu – sara

Va ajoyib manzara

Oʻxshardi boqqan sari

Gilamchaki – zangori!..

Koʻrdi: koʻm-koʻk keng dala,

Unda ishlar bir gala

Son-sanoqsiz er-xotin,

Ekardilar zar-oltin…

Xalq ommasining mehnati tufayli ajoyib shaharlar, choʻl oʻrnida boʻstonlar yaratilishini tasvirlash orqali shoir kattalar mehnatiga bolalarning havasini oshiradi.

Sulton Joʻra “Sogʻinchli salom” sheʼrida Vatanga muhabbat, dushmanga nafrat hislarini va gʻalabaning muqarrarligini tasvirlaydi. Shoir “guli gʻunchalari”, “oltin yulduzchalari”, “girgitton qizchalari”ga sogʻinchli salom yozar ekan, ularga nemis bosqinchilarining yovuzliklari va vahshiyliklari, insoniyat boshiga solgan azob-uqubatlari, jabr-zulmi, fashistlar vayron qilgan joylardagi xalqning ogʻir ahvoli, yosh bolalarning ayanchli taqdiri haqida hikoya qilib beradi. Shoir urush va uning dahshatlarini, xalqning azob-uqubatlarini oʻz koʻzi bilan koʻrib, boshidan kechirgan bir kampir tilidan soʻzlab, voqeaning taʼsirchanligini, bolalar ongiga tez, oson yetib borishini taʼminlaydi. Kampirning qalbi dardga toʻla. Gʻam, alam, qasd uning butun vujudini egallab olgan. Uning soʻzlari orqali fashistlar tomonidan otib oʻldirilgan qizi va nevarasining fojiasigina emas, umuman dushmanning yovuzligi, rahm-shafqatsizligi roʻyirost ochib berilgan:

Koʻzim ochsam ne koʻray:

Voy! “Qoʻrqinchli manzara”,

Koʻkragidan qon oqib,

Yerda yotar Varvara…

Fashist jallod nayzasin

Sanchibdi koʻkragidan,

Bolaning hali yoshi

Ketmagan ki prigidan,

Bir tomonda onasi,

Bir tomonda bolasi,

Qon ichida yotibdi.

E voh, har ikkalasi!..

Urush dahshatlarining kichik bir parchasini yuqoridagiday tasvirlash bilan shoir bolalarning murgʻak dilida urush olovini yoquvchilarga nisbatan kuchli nafrat tuygʻularini qoʻzgʻatadi. Ular qalbida tinchlik, doʻstlik, baxtiyorlik haqidagi ulugʻ maqsad, buyuk orzu hislarini uygʻotadi.

Obod qishloqlarni vayron qilgan, begunoh kishilarning umrini xazon qilgan fashistlardan qasos olishga bel bogʻlagan gʻazabkor otaning hayqirigʻi tubandagi misralarda zoʻr mahorat bilan tasvirlangan:

Ana shu Varvaraday

Qancha yosh bolalarni,

Bolalik boʻstonida

Ochilgan lolalarni

Halok etgan peslardan –

Shu jallod fashistlardan

Jon uchun jon olaman,

Qon uchun qon olaman.

Xullas, fashist yovlarni

Tor-mor etib batamom

Soʻngra, jigarbandlarim,

Yoningizga qaytaman!..

Shoir his-hayajonni oshirishda xalq ogʻzaki ijodidan oʻrinli foydalangan:

Hay, janubga uchgan qush,

Kel, yonimga bir pas tush!

Qizlarimga xat beray,

Andijonga qarab uch!

Pedagog-murabbiy va jangchi-shoir Sulton Joʻra oʻzbek bolalar adabiyotining xazinasiga oʻzining ana shunday qimmatbaho asarlari bilan munosib hissa qoʻshgan.

 

Mamasoli JUMABOYEV

  

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

 


[1] Toti – ot.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.