Soʻz toʻlqinlari

0
190
marta koʻrilgan.

Siz agar kitob qahramoni yoki qahramonlarini sevib qolsangiz, hech ikkilanib oʻtirmay aytish mumkinki, bu oʻrtamiyona emas, chinakam yaxshi asar, dard bilan, xayol bilan insoniyatning taqdiri uchun qaygʻurib yozilgan asar. Aytaylik, Chingiz Aytmatovning “Bir asrga teng” (“Asrga tatigulik kun”) romani, Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi”, Fyodor Abramovning “Pryaslinlar”, Chabua Amirejibining “Data Tutashxia” asarlari oʻz bezovta, teran insoniy olamining maftuni qilib qoʻygani kabi. Lekin hozir bu yirik asarlar xususida emas, yosh oʻzbek yozuvchisining kichik bir qissasi ustida ikki ogʻiz suhbatlashsak deymiz.

Gap Anvar Obidjonning “Ey, Yorugʻ dunyo…” degan sarguzasht qissasi haqida ketmoqda. Bu – yosh adibning birinchi yirikroq kitobi. Bungacha u oʻquvchilarga oʻzining sheʼrlari va jajji hikoyachalari bilan tanilgan edi. Anvar Obidjonning sheʼrlari ham, kichkina hikoyachalari ham oʻtkir fikrlarga, topilmalarga, kutilmagan obrazlarga, jozibali va nurli kulgiga boyligi bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortgan, adabiyotimizga yorugʻ fikrli bir ijodkor kirib kelayotganidan darak bergandi.

Goʻzal va haybatli togʻlar orasida Toshtaqa degan uylari pastak-pastak, lekin odamlari gʻoyatda mehnatkash bir qishloq bor. Shu qishloqda Alamazon degan gʻalati ismli kitobxon, xayolparast bir bola yashaydi. U Tom Soyer, Geklberri Fin, Hoshimjon, Shum bola, Don Kixot, Robinzon Kruzo kabi dunyo adabiyotining jozibali qahramonlarini sevadi. Ular bilan juda yaqin oshna tutingan, ular bilan bahslashadi, tortishadi, ular kabi ajoyib sarguzashtlar olamida yashashni orzu qiladi. Nimani va kimni yaxshi koʻrsang, shuni takrorlaysan va shunga oʻxshab borasan, degan hikmat bor. Alamazon ham oʻzi yaxshi koʻrgan jozibador va doim tirik qahramonlarga oʻxshab boradi. Qissa bu haqda shunday hikoya qiladi: “Alamazonning yana bir xislati shu ediki, u biron-bir kitobni oʻqib chiqqach, undagi bosh qahramonga beixtiyor taqlid qila boshlardi. Masalan, u “Hamlet”ni oʻqib yurgan pallada biroz parishonxotir va bosiq boʻlib qoldi. Muallimlar “shumtakaga insof kirganga oʻxshaydi”, deb sevinib yurishganda u “Shum bola”ni oʻqishni boshlab yubordi-yu, yana aynib ketdi. “Spartak”ni tugatganidan keyin esa yogʻoch qilich bilan sinfdoshi Karim koʻchirmachining boshini yorib qoʻygani haqida butun qishloqqa “mishmish” tarqaldi. Bundan xabar topgan maktab qilichbozlik toʻgaragining rahbari: “Menga mana shunaqa tirishqoq talaba kerak edi”, deb zoʻrlab uni toʻgarakka aʼzo qildi. Dadillik va chapdastlik Alamazonning tugʻma qobiliyati edi. Koʻp oʻtmay u oʻzi istamagan holda (uning koʻngli hamon futbolni tusardi) maktabdagi eng mohir shamshirchi boʻlib qoldi. Boshlangʻich sinfdagi bolalar uni koʻrganda, “ana, eng zoʻr qilichboz kelyapti”, deb oʻzaro shivirlashib qoʻyishardi. Lekin qilichbozlikdan qancha obroʻ-eʼtibor topgan boʻlmasin, raqibga “ukol” sanchish oʻzgalar darvozasiga toʻp kiritishchalik zavq berolmasdi unga. Shu boisdan boʻlsa kerak, Alamazon toʻgarakdagi mashgʻulotlarga bora-bora nomuntazam keladigan boʻlib qoldi. “Alvido qurol!” degan kitobni oʻqib chiqqanidan keyin esa, qilichbozlikdan butunlay voz kechib, yana futbolga berilib ketdi…”

Yozuvchi bizni mana shu tariqa oʻz gʻalati ismli yosh qahramonining qiziq olamiga olib kiradi. Darvoqe, Alamazon degani oʻzi nima ekan-a? Bunday nomni ilgari sira eshitmagan edik-ku. Togʻ orasidagi Toshtaqa qishlogʻining xalqi toʻyda yoqiladigan baland gulxan alangasini alamazon der ekanlar. Alamazon, demak, koʻkka oʻrlagan bayram alangasi. Yuragi oʻt-otash boʻlib yonayotgan yosh qahramonga qanchalar yarashadigan nom.

Alamazon qissaning keyingi sahifalarida oʻz nomini chindan ham oqlaydigan gʻaroyib ishlar qiladi. Shum bolaning, Tom Soyerning, Don Kixotning ajabtovur boʻlgani kabi Alamazonning ham Eshmat ishma degan doʻsti bor. Eshmat bitta narsani yaxshi koʻradi va yana bitta narsani yomon koʻradi. U toʻyib ovqatlanishdan beqiyos huzur oladi. “Arifmetika”ga esa “insoniyatning dushmani” deb qaraydi. Oʻzini koʻp narsalarga ortiqcha urintirib yurmaydi. Lekin, aslida, laqma ham emas. Ikki oʻrtoq Jek Londonning “Uch qalb” deb atalgan asarini oʻqib chiqishgach, ularda katta xazina topish ishtiyoqi paydo boʻladi. Eshmat tilla topaman deb oʻlib ketishga rozi boʻlmaydi.

“Alamazonning oftobda qoraygan yuzlarida kuldirgich oʻynadi:

– Oʻsha xazinani topib olsak bormi, heh-hey, odamlarga qancha yaxshiliklar qilish mumkin boʻlardi-ya!

Keyin, asosan, u qanday yaxshiliklar qilish mumkinligini sanay boshladi. Birinchi galda yaylov etagiga oʻn ming kishilik stadion quriladigan boʻldi.

– Ie, iye, – taajjubdan koʻzlari olaydi Eshmatning, – qishlogʻimizdagi odam ja borsa ikki mingtadir. Boshingga urasanmi munaqa stadionni?

– Keyinchalik odam koʻpayib ketadi, – sira ikkilanmay bashorat qildi Alamazon. – Masalan, Orif togʻaning oʻn bitta bolasi bor. Uning har bitta bolasi yana oʻn bittadan bola koʻradi. Bolalarining bolalari yana oʻn bittadan. Hisoblab koʻr-chi?

Eshmat oʻzini matematika darsida oʻtirganday his qilib, aftini bujmaytirdi…”

Mana shunday olijanob niyatlar bilan ikki oshna Jandagʻorga qarab yoʻl oladilar. Shundan eʼtiboran yozuvchi bizni yer osti gʻorining ajoyibotlari dunyosiga boshlab kirib ketadi. Biri biridan sirliroq voqealar, sarguzashtlar boshlanadi. Ular, nihoyat, oʻn ikki yilda bir ochilib yopiladigan sirli qoyalar orasidan oʻtib, Yulduziston deb atalgan ikki viloyatdan iborat yer tagi mamlakatiga kelib qoladilar. Bu mamlakatning binolari kumush, marmar va laʼl-javohirlardan tiklangan. Bu yerda yer chopish, don sochish yoʻq, bugʻdoylar oʻzi pishib yotadi. Odamlar uni xamir qilib, oftobda qizigan qaynoq koʻk toshga yopib yeydilar. Taomlarni qaynar buloqlarda pishiradilar. Lekin bu yerda Fonus ismli Qoʻtir Oltinchi degan gʻoyatda injiq podshoh saltanat tepasida oʻtiradi. U oʻzi isqirt boʻlgani uchun va isqirt yurishni yaxshi koʻrgani uchun butun mamlakat xalqini ham zoʻrlab isqirt qildiradi. Yuvinish, ozoda yurish bu yerda butunlay taqiqlangan, taʼqib qilinadi. Ozoda yuradiganlar zindonlarga tashlanadi, tavba qilib, isqirt boʻlishga vaʼda berganlargina ozod etiladi. Bu mamlakatning shoirlari: “Yuvilmagan betingiz muncha chiroyli, mogʻor bosgan etingiz muncha chiroyli”, deb gʻazal oʻqiydilar.

Barcha maʼrifatli, adolatparvar, xalqparvar pok kishilar Yulduzistonning chekka Ajdarobod viloyatiga quvgʻin qilinganlar. Yulduzistonliklar ongiga zoʻravonlik bilan jirkanch odatlar singdirilgan. Chunonchi, bu oʻlkaning boʻlajak podshosi goʻdaklik chogʻida eshak emib qoʻygan. Shahzoda va podshoh oilasini bu isnoddan qutqarish uchun shahzodani paygʻambar (keyingi nashrda “avliyo”), eshakni esa zoʻrlab xudo (keyingi nashrda “dohiy”) deb eʼlon qilganlar. Odamlarni eshakka sigʻinishga yuz yillab majbur etganlar.

Mana shunday gʻaroyib tabiat va gʻaroyib istibdod, gʻaroyib odatlar hukm surgan yer osti oʻlkasiga tushib qolgan yosh qahramonlarda Yulduzistonni istibdoddan, isqirt zulmlardan, adolatsizliklardan qutqarish istagi alanga oladi. Alamazon Isqirt Fonus shoh bilan jang qilishga otlanadi. U ajoyib tadbirkorlik, ustalik, zoʻr fantaziya koʻrsatib, mamlakatning xalqini kurashga otlantirib, ularning ongini uygʻotib, gʻalaba qozonishga erishadi. Maʼrifat va yaxshilik tantana qiladi. Alamazon Yorugʻ dunyo haqida sheʼr yozib, uni yulduzistonliklarga oʻrgatadi. Qissa soʻngida u adolatli hukmdor Feruzning Xazina deb atalgan goʻzal singlisi bilan uchrashadi…

Yorugʻ dunyo farzandlari qiyinchiliklar, favqulodda hodisalarga duch kelgan, ular bilan toʻqnashgan chogʻlarda oʻzlarini hayotbaxsh, munavvar fazilatli, adolatga intiluvchi kishilar kabi namoyon qiladilar. Bu intilishlar tugʻma olijanob intilishlarga aylanib borayotganligini Anvar Obidjon gʻoyatda qiziqarli, ishonarli va jozibali qilib yoza olganki, bu uning kitobxonlarini juda quvontiradi.

 

Ibrohim GʻAFUROV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Bolalar olamining shaydosi” toʻplamidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.