Soʻz aytmoq sanʼati

0
461
marta koʻrilgan.

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida odamlar ijtimoiy-madaniy hayotini oʻzgartirish, yangicha yashash, yangicha fikrlash gʻoyalarini targʻib qilish avj olgan bu gʻoyalar targʻibotchilari sifatida ilgʻor maʼrifatparvarlar, jadidlar maydonga chiqishgan edi. Ulardan biri Abdulla Qodiriy ham shunday harakatlar taʼsirida ulgʻaydi va keyinchalik ushbu harakatning ishtirokchisi, targʻibotchisiga aylanib bordi.

Maʼlumki, adibning ilk ijodiy ishi “Yangi masjid va maktab” sarlavhali xabari, keyinchalik “Toʻy”, “Ahvolimiz”, “Millatimga bir qaror!”, “Fikr aylagʻil” kabi sheʼrlari “Sadoi Turkiston” gazetasi va “Oyna” jurnalida nashr etilgan. Maʼrifatparvar shoir sifatida sheʼrlarida millatdoshlarini jaholat va xurofotga qarshi kurashga chaqirib, yuz berayotgan voqea-hodisalarga befarq boʻlmaslikka undaydi.

Ayniqsa, adibning oktyabr inqilobidan keyingi hayoti va ijodiy faoliyati vaqtli matbuot bilan yanada uzviy bogʻliq. Chunonchi, 1919 yili “Oziq ishlari” gazetasiga muharrirlik qiladi. Keyinchalik “Inqilob”, “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq” gazetalarida adabiy xodim va muxbir sifatida faoliyat koʻrsatgan va turkum chiqishlar qilgan.

U “Mushtum” jurnali asoschilaridan biri. Nashr nomini ham oʻzi oʻylab topgan. Jurnaldagi aksar “jonli” maqolalar, hikoyalar ham unga tegishli. “Toshpoʻlat tajang nima deydi?”, “Kalvak Mahzumning xotira daftaridan” turkumidagi satirik hikoyalarida odamlar tabiatidagi muayyan salbiy xarakter va hodisalarni tasvirlashda xolis turib, boricha, davr murakkabligi, ziddiyatlari bilan koʻrsatishga harakat qilgan.

Adibda novatorlik kayfiyati ustun boʻlib, bu jurnalistika sohasidagi faoliyatida ham yaqqol namoyon boʻladi. Binobarin, oʻzbek matbuotida ocherk, felyeton kabi janrlar yuzaga kelishiga u sababchi boʻldi. Gazeta, jurnal sahifalarini “Qodiriy”, “Julqunboy”, “Toshpoʻlat tajang”, “Kalvak mahzum”, “Dumbul”, “Ovsar”, “Shigʻay” kabi taxalluslar bilan yozilgan ocherk, felyetonlari, hajviy mavzudagi yangicha shakl va mazmundagi tahliliy, tanqidiy maqolalari bilan boyitdi.

Ijodkorning “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz”, “Uloqda”, “Jinlar bazmi” kabi qator mavzu jihatdan jiddiy, badiiy jihatdan pishiq asarlari va turkum hikoyalarida oʻz xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod koʻrish istagi yaqqol sezilib turadi. Ayniqsa, “Uloqda” hikoyasida yozuvchi oddiy tashviqotchi, hikoyachi sifatida emas, balki sanʼatkor sifatida namoyon boʻladi. Voqea-hodisalarni obrazlar orqali badiiy gavdalantiradi, xolis pozitsiyani egallaydi, jarayonga aralashmaydi. Voqealarni begʻubor bola nigohi, tasavvuri orqali boricha ifodalaydi va tasvirlaydi. Bu hikoya nafaqat Qodiriy ijodining, balki oʻzbek realistik hikoyachiligining yutugʻi, uning yetuk namunasidir.

“Oʻtgan kunlar” romanini yaratish bilan adib oʻzbek nasriga oʻziga xos yangilik kiritib, mavjud anʼanalarni takomillashtirdi, yangi qonuniyatlarni amalda isbot qildi. Oʻzining bu harakati va maqsadini: “Modomiki, biz yangi davrning yangiliqlar ketidan ergashamiz va shunga oʻxshash dostonchiliq, roʻmonchiliq va hikoyachiliqlarda ham yangʻirishgʻa, xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhra”lari, “Chor darveshlari”, “Farhod-Shirin” va “Bahromgʻoʻr”lari bilan tanishtirishga oʻzimizda majburiyat his etamiz”, deb izohladi. U oʻz davri uchun jasorat namunasini koʻrsatib, oʻzbek adabiyoti uchun hali kashf etilmagan yangi janr – roman yozishga jurʼat topdi.

Umri davomida xalqini mustabid tuzum zulmidan, qora qilmishlaridan ogohlantirishga, odamlarga ziyo ulashishga harakat qilgan adib boshqa ziyolilar singari, tuhmatga uchrab, qamoqqa olinadi va qatl etiladi…

Garchi adib jisman yoʻq qilinsa-da, undan qolgan oʻlmas asarlar odamlarga haqiqat va adolat, toʻgʻrilik va hurlikdan saboq berishdan toʻxtamadi.

 

Odil BEGIMOV,

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.