Soddalik jozibasi

0
176
marta koʻrilgan.

Har qanday nutq boyligi tildagi imkoniyatlarning qay darajada oʻz aksini topganligi bilan belgilanadi. Agar nutqda rang-barang tasvir vositalari oʻz aksini topgan boʻlsa, bunday nutq boy nutq sanaladi.

Nutqni toʻgʻri rivojlantirish esa albatta, bolalikdan boshlanadi. Bolalar nutqining rang-barang boʻlishida adabiyot, ayniqsa, sheʼriyatning oʻrni beqiyos. Zero, maktabgacha taʼlim muassasalaridan boshlab, to maktabgacha boʻlgan davrlarda ham bola nutqi oʻsib, rivojlanib, yillar davomida yangi-yangi tushunchalar, soʻzlar bilan boyib boradi.

Bolalar sheʼriyati sodda, oddiy va samimiyligi bilan begʻubor koʻngillarni zabt etadi. Shoir Rauf Tolib “Sodir va Qodir” deb nomlangan sheʼrida yozadi:

 

Sodir juda mehnatkash,

Soʻzga noʻnoq.

Qodir dangasa,

Gapga

Usta biroq.

Yigʻinlarda bir chetda

Qolar Sodir.

Soʻzga chiqib uloqni

Olar Qodir.

 

Bu sodda satrlarda bolalarcha begʻuborlik, ishonuvchanlik (Sodir misolida) bor. Ammo shu bilan birga bolalarcha ayyorlik, mahmadonalik va maqtanchoqlik (Qodir misolida) ham mahorat bilan tasvirlangan. Yaʼni shoir qisqa satrlarda ikki bolaning bir-biriga zid feʼl-atvorini qiyoslab beradi. Bu qiyosdan har qanday oʻquvchi oʻz xulosasini chiqaradi. Sheʼrda mehnatsevarlik va kamtarlik ulugʻlanadi. Dangasalik, maqtanchoqlik va mahmadonalik esa bilvosita tanqid ostiga olinadi.

Shoir xuddi shu mavzuga hamohang yana bir sheʼrida yozadi:

 

Meni rosa maqtar sher:

– Sen aqlli, dono, der,

Iching toʻla maʼno, der,

Sen olamda tanho der.

Men gapiga kulaman,

Sinayapti, bilaman.

 

Sherʼning nomi ham “Sinov” deb nomlangan. Bu sheʼrda ham maqtov, hushomad kabi salbiy xislatlar biroz tabassum bilan tanqid ostiga olinadi. Gap ana shu maqtovlardan qanday xulosa chiqara olishda.

 

Ukam, “ikki” olishni

Toʻxtatasan, ayt, qachon?

Javlon esa kulib der:

Kanikulda, akajon!

 

Darhaqiqat, bolalar sheʼriyatining oʻziga xos jihati qahramon nutqi, oʻziga xos topqirlik, zukkolik va soddalikdir. Bolalarnng sevimli shoiri Rauf Tolib sheʼrlari ana shu jihatlari bilan alohida ajralib turadi. Shoir bolalarning dunyoqarashini, fikrlashini, soʻzlarini yaxshi tushunadi. Kechinmalarini qanday bayon etishlarini kuzatadi va sinchkovlik tufayli sodda va samimiy soʻzlarni topib, qisqa, ammo mazmundor sheʼrlar yaratadi.

 

 

Dildora ISAKOVA,

Nizomiy nomidagi TDPU talabasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.