Sobir Mirvaliyev ijodi haqida

0
36
marta koʻrilgan.

Taniqli adabiyotshunos, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Sobir Mirvaliyev sermahsul olim. “Hayot va kurash poeziyasi” (1962), “Qalbdan qalblarga” (1966), “Oʻzbek romani” (1969), “70-yillar oʻzbek nasri” (1972), “Tarixiylik va zamonaviylik” (1976), “Nasr, davr va qahramon” (1983), “Roman va zamon” (1984), “Isteʼdodning qoʻsh qanoti” (1993), “Abdulla Qodiriy” (2004), “Oʻzbek adiblari” (2007) kabi 30 tacha risola, darslik, monografiya, shuningdek, 400 dan ziyod ilmiy maqola uning qalamiga mansub. Ularda XX asr oʻzbek adabiyotining boyliklari, xalqchilligi, zamonaviyligi, milliyligi, adabiy qahramon, janr xilma-xilligi, badiiy mahorat, anʼana va novatorlik singari mavzular yoritilgan. Olim asarlarida, ayniqsa, XX asr oʻzbek nasrining tugʻilishi, taraqqiyoti, Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Oʻlmas Umarbekov ijodi toʻgʻrisida teran va qiziqarli fikrlar bildirilgan.

Sobir Mirvaliyev oʻz asarlarida hali hech kim tomonidan tadqiq qilinmagan, lekin tadqiq etilishi zarur boʻlgan mavzularni topib, tahlil etadi.

Bu jihatdan uning roppa-rosa 40 yil avval yaratilgan “Oʻzbek romani” monografiyasi alohida ahamiyatga ega. Ikki marta (1969,1993 y.) nashr etilgan bu fundamental tadqiqotni romanshunos olimning shoh asari, deyish mumkin. Bu monografiyada roman ilmining tub nazariy muammolari keng yoritilgan. Muallif bu janrning dunyodagi hamma adabiyotlarga birdek xos boʻlgan umumiy qoida va xususiyatlarini koʻrsatish bilan birga, oʻzbek romanchiligining shakllanish va taraqqiyot yoʻllarini, uning oʻziga xos milliy belgilarini ochib bergan.

“Oʻzbek romani” monografiyasi adabiyotshunoslik va ilmiy jamoatchilik tomonidan yuksak baholangan. Akademik Marat Nurmuhamedov “Sobir Mirvaliyevning “Oʻzbek romani” asari faqat ilmiy-amaliy qimmatgagina emas, balki xalqaro hamda siyosiy ahamiyatga ham egadir. Chunki shu asar orqali roman krizisi, oʻlimi haqidagi igʻvolarga oʻzbek romani taraqqiyoti misolida keskin zarba berildi”, deb yozgan edi.

“Abdulla Qodiriy” monografiyasida buyuk adib ijodiga mustaqillik mafkurasi nuqtai nazaridan yangicha yondashilgan. Yozuvchi hayoti va ijodining haligacha koʻpchilikka nomaʼlum boʻlgan yoki yetarli oʻrganilmagan tomonlari haqida keng maʼlumot berilgan. Mavzuga doir avvalgi maʼlumotlar yangi hujjatlar bilan toʻldirilgan. Ayrim noaniqlik va chalkashliklarga oydinlik kiritilgan.

Muallif “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” asarlarini tahlil qilar ekan, adibning hayot haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirishdagi, xarakter va obraz yaratishdagi, syujet va kompozitsiya toʻqishdagi, xalq jonli tilidan foydalanishdagi mahorati haqida adolatli fikrlarni olgʻa surgan.

Abdulla Qodiriyning ijodiy evolyusiyasi, hayot haqiqatini oʻrganish usullari va tajribasi toʻgʻrisida qiziqarli ilmiy xulosalarni bildirgan.

Monografiyada buyuk yozuvchi hayotiga doir fojiali voqea-hodisalar ham, adib muxlislariga taskin beradigan quvonchli lavha va dalillar ham aniq va taʼsirli qilib bayon etilgan. Bu asarni oʻqigan kitobxon shoʻro hokimiyati davrida oʻz ijodiy imkoniyatlarini toʻliq roʻyobga chiqara olmagan, koʻnglida tugib, dilida pishitib yurgan durdona asarlarini qogʻozga koʻchirishga ulgurmay dunyodan armon bilan oʻtgan Abdulla Qodiriyning mardligi, donoligi, vatanparvar, noyob isteʼdod sohibi ekanligiga yana bir marta qoyil qoladi. Shu bilan birga, kitobxonda shaxsga sigʻinish hukmronlik qilgan qaltis davrda, qirq toʻrt yoshida (ayni kuchga toʻlgan va ijodiy kamolot choʻqqisiga yetgan chogʻida) mudhish tuhmatga yoʻliqib, “xalq dushmani” sifatida nohaq otib oʻldirilgan yozuvchi nomini, obroʻyini toʻliq tiklagan.

Professor Sobir Mirvaliyev monografiyalar yaratish bilan birga, koʻplab adabiy portretlar va oʻquv qoʻllanmalar yozgan. Uning “Oʻzbek adiblari” oʻquv qoʻllanmasi toʻrt marta nashr etilgan.

Portretlarni joylashtirishda birinchi navbatda yozuvchining qaysi davrda ijod qilgani asosiy mezon sifatida olingan. Qoʻllanma tuzishdagi bu yangi tamoyil ijodkorning maʼnaviy qiyofasini, uning zamon talablariga qanday va qanchalik amal qilganini, umuman, XX asr oʻzbek adabiyotining shakllanish va oʻsish yoʻllarini, yetakchi yoʻnalishini idrok etishga bevosita xizmat qilgan. Portretlarning har birida yozuvchi hayoti va ijodiga doir eng zarur va xarakterli maʼlumotlar bayon etilgan. Adib ijodining asosiy mohiyati qisqa, aniq va loʻnda qilib koʻrsatilgan.

Kitobda turli sabablarga koʻra asossiz unutilgan Isʼhoq Toʻra Ibrat, Tavallo, Abdulla Avloniy, Gʻozi Yunus, Xurshid, Gʻulom Zafariy, Shokir Sulaymon, Rafiq Moʻmin, Abdulla Alaviy, Tolib Yoʻldosh, shoʻro davrida yashab, har xil toʻsiq, siquv va tazyiqlarga qaramay, haqqoniy asarlar yozgan, biroq ijodi oʻz vaqtida qadrlanmagan Mirkarim Osim, Bahrom Rahmon kabi isteʼdodli yozuvchilar ijodi haqida yaxshi maʼlumotlar keltirilgan.

Koʻrinadiki, ushbu qoʻllanmada har bir ijodkor oʻz mehnati, isteʼdodi, asarlarining gʻoyaviy-badiiy saviyasiga yarasha xolisona baholangan. Bu fazilatni kitobdan joy olgan adibalar (xotin-qiz yozuvchilar) haqidagi portretlar misolida ham anglash mumkin. Qoʻllanmada ayol yozuvchilarimizdan 15 nafarining adabiy portreti yaratilgan. Oydin Sobirova, Zulfiya, Saida Zunnunova, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva singari adibalar ijodining muhim belgilari asosli ravishda toʻgʻri koʻrsatilgan. Maʼlumki, xotin-qizlarning ong-tushuncha va ruhiyatida turli yillarda sodir boʻlgan oʻsish-oʻzgarish va yangiliklarni, ayollar qalbidagi nozik tomonlarni boshqalarga koʻra adibalarning oʻzlari koʻproq va chuqurroq ilgʻab oladi. Mazkur kitobda ana shu holatga alohida diqqat qilingan va bu ijodiy ish ham muvaffaqiyatli bajarilgan.

Bulardan tashqari, ushbu kitobda XX asr oʻzbek adabiyotining kenja avlodi vakillari portretlaridan ham namunalar saralab berilgan. Bu hol birinchidan, yozuvchilarimiz safi yangi-yangi isteʼdodlar, umidli yosh ijodkorlar bilan uzluksiz oʻsib, kengayib borayotganidan, inchunin, yangi oʻzbek adabiyotining kelajagi porloq ekanidan dalolat beradi. Ikkinchidan, mustaqillik davri adabiyotini yaratish, uning obroʻyiga obroʻ, shuhratiga shuhrat qoʻshish niyatida izlanayotgan, hayot haqiqatini istiqlol mafkurasi asosida tasvirlayotgan bu qalam ahlining ijodi maxsus oʻrganishga va ilmiy asosda keng targʻib etishga loyiq ekanini namoyish etadi.

“Oʻzbek adiblari” kitobining yana bir fazilati shundaki, unda portretlar aniq davr va adabiy muhit fonida (asnosida), ularga bogʻliq va aloqador qilib yaratilgan. Shunga koʻra, kitobdan XX asr oʻzbek adabiyotining umumiy holati, yutuqlari, sheʼriyat, nasr va dramaturgiya sohalarida shu davrda yuz bergan oʻsish-oʻzgarishlar, janriy va uslubiy yangiliklar toʻgʻrisida kerakli maʼlumotlarni olish mumkin. Zero, kitobda zamon va adabiy muhit nafasi ochiq sezilib turganidek, tarixiy jarayon ham haqqoniy koʻrsatilgan.

Domla 1957 yildan buyon Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot ilmiy tadqiqot institutida, Toshkent davlat Madaniyat oliygohda ishlab kelmoqda. Yosh avlodga saboq berib, viloyatlardagi ilmiy xodimlarga ham amaliy yordam koʻrsatmoqda. Jumladan, u samarqandlik Mardi Nuriddinov, Abdumurod Namozov, Abdurahmon Azimovning nomzodlik, Hotam Umurov, Isroil Mirzayevning doktorlik dissertatsiyalariga rasmiy yoxud norasmiy hakamlik qilgan.

 

Saydulla MIRZAYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, professor

 

zarnews.uz da eʼlon qilingan

kh-davron.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.