“Sizga yuragimni ochmoq istadim”

0
284
marta koʻrilgan.

Maʼlumki, folklor namunalarida xalqimizning maʼnaviy-axloqiy dunyosi, eʼtiqodi, marosim va urf-odatlari, voqeylikka boʻlgan etik-estetik munosabati, dunyoqarashi oʻzining toʻlaqonli ifodasini topgan. Haqiqiy soʻz sanʼatkorlari xalq ijodiga, uning bitmas-tuganmas anʼanalariga, mahorat maktabiga badiiy ijodning sarchashmasi sifatida yondashadilar va undan ijodiy foydalanib bir-biridan goʻzal va betakror asarlar yaratganlar.

Folklor anʼanalariga murojaat etish taniqli shoir Eshqobil Shukur ijodiga ham xos xususiyatlardir. Eshqobil Shukur ijodida folklor syujetlari, qadimgi rivoyat va afsonalar xalq motivlarining koʻplab uchrashi fikrimizning isbotidir. U folklor syujetlariga murojaat etar ekan, ular asosida rang-barang asarlar yaratadi.

Folklor anʼanalarini shoirning “Koʻpkari” sheʼrida yanada yaqqolroq koʻrishimiz mumkin. Uloq – xalqimizning qadimiy oʻyini. Shoir dastlab bu oʻyinning badiiy tasvirini beradi

 

“Hayt!”-dedi, uloq ketdi,

Oʻrtada taboq ketdi.

Nogahon el gurillar,

Gurillaydi chang-toʻzon.

Yer oynaday zirillar,

Otlarga qoldi maydon.

 

Uloq oʻyini davom etayotgan bir pallada nogahon chavandozning yagʻrini yaraqlagan oti chayqalib ketadi. Birdan “Muzlab qoldi saraton, Quyosh qorga botadi”. Chunki chavandozning “oti oʻlib yotar”di… Buni shoir shunday tasvirlaydi:

 

Birdan kun qoldi qarib,

Qil sigʻmaydi koʻngilga.

Otning gʻamin koʻtarib,

Otsiz qaytar ovulga.

 

Eshqobil Shukurning “Surgun” deb nomlangan turkum sheʼrini esa 30-yillar qatagʻoni qurbonlari xotirasiga bitilgan mungli doston desak yanglishmagan boʻlamiz. “Surgun” turkumi jabrdiydalari Qirmiz momo hamda Qurbon momolar bilan muloqot taʼsiri ostida yozilgan ushbu bitiklarda 30-yillarning dahshatli va armonli manzaralari, qatagʻon qurbonlarining armonli hayoti yorqin boʻyoqlarda tasvirlangan.

Momoning hikoya qilishicha, “Quloq qilinganlarning orasida keksalar ham, bolali suluv qizlar ham, noni reza bolalar ham bor edilar. Orqada el izillab qolaverdi”. Quloq qilinganlar oʻlik ovullardan, kimsasiz yerlardan oʻtib borishar, yelkalariga tushgan qamchi zarbi va ur-kaltaklar ularni holdan toydirgandi. Ularning hammalari ortda Turkiston atalmish Vatan qolganligidan koʻngli vayron, oʻzlari ham ikkiga boʻlinganday edilar. Quloq qilinganlar manzilga yetib borganlarida u yerda oʻzbeklarning mashaqqatli hayot kechirayotganligining guvohi boʻladilar. Ochlik, kasallik avj olib ketgan, odamlar bitlab ketgan edilar:

 

Yutilib borardi, xalqlar, elatlar,

Bir oʻpqon olamni choʻchitar edi.

Oʻzidan koʻpaymay qoʻygandi bitlar,

“Daho” oʻz pushtidan urchitar edi…

 

“Surgundagilarning koʻpchiligi oʻlimni boʻyniga olgan edi. Lekin ularning bir armoni bor edi. Omonatni oʻz tuprogʻi, oʻz elida topshirish armoni. Oʻlimdayam oʻlim bor-da. Koʻplarning bu armoni ushalmadi. Oʻlayotganlarning hammasi joni sachrab ketdi. Sogʻinib yetolmay oʻlish oʻlim emas, xorlikdir”. Yurtiga qaytishni orzu qilganlar orasida Naqshigul, Roʻzigul, Maqsadgul, Norsuluv degan xorazmlik qizlar bor edi. Ularning orasidagi eng suluvi Naqshigul edi. U har kecha tushida Xorazmni koʻrib chiqar edi. Afsus, bu qizlar Xorazmga qaytmadilar. Oʻsha musofir yurtlarda qolib ketishdi. Shoir xalq ogʻzaki ijodi anʼanalaridan foydalanib, xalqona ohanglarda yaratgan oʻnlab sheʼrlari kitobxonga bir olam zavq bagʻishlaydi. Chunonchi shoirning “Sumbula” sheʼrini olib koʻraylik. Sheʼr xalqimizning “Sumbula” qoʻshigʻidagi satrlar bilan boshlanadi:

 

Sumbula-yo, Sumbula

Oʻrab olay gul bilan

Mening koʻnglim siz bilan-ey,

Siz ketasiz kim bilan?

 

Shoir xalqimizning ushbu qoʻshigʻi orqali sumbula, yaʼni kuz fasli bilan bogʻliq fikrlarini ifodalaydi. Kuz kelganda atrof qanchalar huvillab qolsa, yor ketganda ham kishi shunday holatga tushadi. Buni shoir chiroyli tashbehlar orqali tasvirlaydi:

 

Ochiq qolgan qoʻllarimda titrar tilla sochingiz.

Ketajaksiz, bir tola soch – uzun-uzun xotira.

Kimlarga yor boʻlgusidir ul munis qaroshingiz,

Sumbulajon yigʻlar boʻldi, hijronlarga asira.

Sumbula, jon, Sunbula,

Siz ketasiz kim bilan?

 

Bunday xalqona qadimiy ohangni, shoirning “Alpomish ohanglarida” sheʼrida ham koʻrish mumkin. Masalan,

 

Nomozshomda gulday soʻlgan tarzim bor,

Toʻxta, ey yoʻlovchi,.. senga arzim bor.

Orbonglagan, onglagan ot boshida dardim bor,

Koʻnglim kuygan, kuyganlardan qarzim bor,

Kuyib-kuyib suyganlardan arzim bor.

Sendan, mendan davron oʻtdi, toʻrajon,

Bir maydonda maydon oʻtdi, toʻrajon.

Kul kulbadan sulton oʻtdi, toʻrajon,

Gul gulbadan giryon oʻtdi, toʻrajon.

Nomozshomda soʻlgan gulda tarzim bor,

Toʻxta, ey yoʻlovchi, senga arzim bor.

 

Albatta satrlar bizga “Alpomish” dostoni qahramonlarining nutqlarini eslatadi. Bular shoirning xalq ogʻzaki ijodi namunalari bilan yaxshi tanish boʻlganligini, ulardan ijodiy foydalanganligini koʻrsatadi.

Eshqobil Shukurning “Goʻroʻgʻli”, “Chanqovuz”, “Sholi qoʻriqchisi”, “Alla taʼrifi”, “Mehrinisoga aytgan allamiz”,”Mengim momoning yoʻqlovi”, “Oʻtov”, “Chimildiq”, “Bibizilol hikoyasi”, “Qiz qoʻshigʻi”, “Qodir baxshi yodi”, “Sogʻinch. Befarzand ayol”, “Xalq ohanglarida”, “Xun ayoli haqida qoʻshiq”, “Potini“, qoʻyingki, shoirning qaysi sheʼrini olmang, ularda xalqona ohanglar ufurib turibdi.

 

Shu togʻlar, daryolar men uchun yetar,

Manglayim silaydi momo oftobim.

Koʻnglimda begunoh daraxtlar oʻsar,

Shularning barchasi mening kitobim.

Ajab saodatli tunlar bagʻrida,

Koʻnglim yulduzlarin sochmoq istadim.

Hayot gullayotgan mehr bogʻida,

Sizga yuragimni ochmoq istadim,

Sizga yuragimni ochmoq istadim.

 

Biz shoir yuragidan oʻtkazgan kechinmalarning ayrim sahifalarinigina varaqlab, ularda xalqona ohanglar qanday aks etganligini, xalqona syujetlar shoir ijodiga ilhom baxsh etganligi haqida birozgina fikr yuritdik, xolos. Ha, xalq ijodi soʻnmas buloqdir Bu tiniq chashmadan yana koʻproq, qonib suv ichmoqchi boʻlsangiz, Eshqobil Shukur qalb daftarini siz ham bir varaqlab koʻring. Ana shunda fikrimizning naqadar haqqoniyligiga amin boʻlasiz.

 

Farogʻat MAHKAMOVA,

Andijon Davlat Universiteti

tadqiqotchisi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.