Shukur Saʼdulla

0
3940
marta koʻrilgan.

 (1912–1972)

Shukur Saʼdulla kichkintoylarga katta estetik zavq-shavq bagʻishlaydigan zabardast sheʼrlari, yosh kitobxonni yaxshilikka oʻrgatuvchi ertak-dostonlari, aʼlo oʻqishga, davrimizga sadoqatli kishilar boʻlib kamol topishga daʼvat etuvchi badiiy pishiq hikoyalari, oʻtmish hamda davrimiz bolalari hayotidan olib yozilgan pesalari, yosh qalblarni larzaga soluvchi qissalari bilan hamma yoshdagi bolalarning qadrdon va suyukli yozuvchisi boʻlib qoldi.

Shukur Saʼdulla 1912 yilning yanvarida Jizzax shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keldi, boshlangʻich maʼlumotni ona shahridagi Narimonov nomli maktabda oldi. 1924 yilda Samarqand pedagogika bilim yurtida tahsil oldi, soʻngra Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat universitetida oʻqidi. 1931–64 yillarda Shukur Saʼdulla Oʻzbekiston davlat va “Kamalak” (“Yosh gvardiya”) nashriyotlarida muharrir, boʻlim boshligʻi, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir, direktor vazifalarida mehnat qilib, bolalar uchun adabiy-badiiy kitoblar nashr etishga oʻzining barakali hissasini qoʻshdi.

Sh. Saʼdullaning birinchi sheʼrlar toʻplami 1932 yilda “Hayqiriq” nomi bilan bosilib chiqdi.

“Hayqiriq”ning maydonga kelishi shoir ijodida juda katta voqea boʻldi. Adabiy jamoatchilikning bu kitob haqidagi fikr va mulohazalari yanada chidam, qunt bilan ijod qilishga, oʻz ustida koʻproq ishlashga, izlanishga, eng muhimi hayotni oʻrganishga va shu asosda ijod etishga chorladi. Sh. Saʼdulla butun umri davomida bunga amal qildi. Qirq yildan ortiqroq hayotini ijodga bagʻishlagan sanʼatkorning “Uch ayiq”, “Ayyor chumchuq” (1935–1936), “Yoriltosh” (1939), “Ikki sandiq” (1942), “Sen nima qilding?” (1942), “Shirin kun” (1946), “Sheʼrlar” (1955), “Sheʼrlar va ertaklar” (1957), “Pesalar” (1995), “Dastyor qiz” (1960), “Sening alboming” (1962), “Ozoda” (1969), “Komandirning boshidan kechirganlari” (1962), “Kachal polvon” (1963,1966,1967,1986), “Ism qoʻyilmagan xat”, “Sening bayraming”, “Mening aziz bolalarim” kabi kitoblari bosilib chiqdi.

Dramaturg Shukur Saʼdulla tomonidan yaratilgan “Yoriltosh”, “Gulxan”, “Bizning bogʻchamiz”, “Dalada bayram”, “Vatan ishqi” (dramaturg Z. Fatxullin bilan hamkorlikda yozilgan), “Ikki bilaguzuk”, “Zubayda”, “Afsona yaratgan qiz” pesalarini tomoshabinlar yaxshi bilishadi.

Quvnoq va joʻshqin asarlar kuychisi boʻlgan Shukur Saʼdulla oʻzining juda koʻp sheʼr, qoʻshiq, ertak, ertak-doston, pesalarini kichik maktab yoshidagi bolalarga bagʻishlagan.

Shukur Saʼdulla tabiat kuychisi sifatida ham eʼzozlanadi. Shoir soʻlim bahorni koʻpgina sheʼrlarida qalamga olib, ayniqsa, kichik maktab yoshidagi bolalarni hayot bilan tanishtiradi, ularda olamni tushunish qobiliyatlarini oʻstiradi.

Odatda, boychechak qor erib-erimasdanoq koʻzga tashlanadi. Buni koʻrgan odamlar “Ha, bahor yaqinlashib qolibdi”, deydilar. Shoir “Boychechak” asarida shu fikrni loʻnda qilib chizib beradi:

Ochildimi boychechak,

Endi har yon gul demak,

Chunki bahor elchisi –

Shu mitti gul – boychechak.

Albatta, boychechak paydo boʻlganidan keyin bahor boshlanadi, yomgʻir ustiga yomgʻir yogʻadi. Yomgʻir tabiat husniga husn qoʻshadi, odamlar ruhini koʻtaradi. Shukur Saʼdulla “Yomgʻir yogʻaloq” sheʼrida bahor yomgʻiriga muhabbat bilan munosabatda boʻladi. Bu yomgʻir ekin-tikinlar uchun koni foyda ekanligini yosh kitobxon qalbiga yetib boradigan darajada quvnoq va shoʻx misralarda yaratadi:

Yomgʻir yogʻaloq,

Yam-yashil oʻtloq,

Endi ekinlar Chiqarar quloq…

Yomgʻirdan foyda Maysaga, donga.

Yurt serob boʻlar,

Oq bugʻdoy, donga.

Shukur Saʼdulla “Toʻrt fasl” sheʼrida yil fasllarining oʻziga xos xususiyatlarini ahamiyatli detallar yordamida yoritadi. Ularning jozibasi, tabiatga alohida koʻrk bagʻishlashi, insonlar qalbiga taʼsiri xususida bolalarbop xulosalar chiqaradi:

Milt etib chiqdi quyosh,

Dedi: – Doʻstlar, qish odosh.

Koʻrsak, yoʻq qora bulut,

Yer yuzi koʻk gilam – oʻt.

Shukur Saʼdulla bahorni yaratuvchi, insonlarga estetik zavq va mehnat inʼom etgan fasl deb taʼriflagach, koʻrkam yoz fasli bilan bolalarni tanishtirishga oʻtadi. Yoz kelishi bilan xursand boʻlgan bolalarning sevinchini shoir shunday ifoda etadi:

Keldi koʻklam kabi soz,

Bizlar sevgan issiq yoz.

Shoir Vatanimizning boyligiga boylik qoʻshgan, mehnatkashlar dasturxonini bezovchi noz-neʼmatlarni vujudga keltirgan, “toʻqson xil mevalarni pishirib”, “yangi dunyolar ochgan” kishilarni zoʻr muhabbat bilan, ajoyib misralarda ulugʻlaydi:

Ekin oʻsdi yerlarda,

Bugʻdoy pishdi qirlarda…

Poliz toʻla bodring,

Bogʻbon, tez uzib bering!

Sabr qiling siz andek,

Soʻyib beray handalak.

Shukur Saʼdulla yoz faslini ulugʻlash bilan kuzning ham oʻziga xos fazilatlarga toʻlaligini tabiatning oltin davri deb taʼriflaydi, kuz faslining oʻziga xosligini quyidagi tasvirlar orqali ochadi:

Quyosh tushar taftidan,

Qoʻrqib qishning aftidan.

Sargʻayadi koʻkatlar,

Barg toʻkadi daraxtlar.

Hosil yigʻib olinar,

Qishga zamin solinar.

Shoir qish faslining ham oʻziga xos chiroyli gashti borligini, kishilarda zavq-shavq uygʻotishini lirik boʻyoqlarda koʻrsatadi:

Dala-dashtda tindi ish,

Keldi mehmon boʻlib qish.

Qish emas, u – qorbobo,

Sovgʻalari bor bobo…

Xuddi yozday, bahorday –

Iliq, kuzgi nahorday.

Qor yogʻar, kecha-kunduz,

Suv sovqotib kiygan muz.

Shukur Saʼdulla ikkinchi jahon urushi davrida yanada barakali ijod etdi. “Sen nima qilding?”, “Ona va bola”, “Shohista” toʻplamlarini nashr ettirdi. Bu davrda shoir sheʼriyatida bolalar kutgan voqealar oʻz aksini topganligini koʻramiz. Mavzu rangbarangligi shoirning fikrlash doirasi kengligidan, bolalarni jondilidan sevishidan, ona-Vatanga cheksiz mehr-muhabbatidan dalolat berib turibdi. Buni “Sen nima qilding?”, “Bizning qahramon”, “Otliqlar”, “Mehmon qiz”, “Uning hikoyasi”, “Yetim emassan”, “Razvedkachi Kolya Kulikov”, “Shohista” kabi asarlari misolida ochiq-oydin koʻrishimiz mumkin.

Bu sheʼlar ichida “Shohista” asari alohida ajralib turadi:

Koʻk chirogʻi oy soʻndi,

Barglarga shabnam qoʻndi.

Tong oqarar ohista,

Turar sakrab Shohista.

Bu misralarda shoir Shohista ismli jajji qizchaning mehnatga muhabbati, gʻayrati, bogʻidagi uzumlarni qanchalik mehr qoʻyib parvarishlashi, shu bilan birga, uning frontda odamxoʻr yovlarga qarshi kurash olib borayotgan otasiga boʻlgan mehr-muhabbatini badiiy boʻyoqlar bilan ifodalab beradi. Shohista asaldek tovlanib pishgan uzumidan dadasiga sovgʻa hozirlaydi:

Soʻngra pochtaga bordi,

Dadasiga yubordi.

Dadasi botir jangchi,

Shohistaning quvonchi.

Shukur Saʼdulla “Egizak”, “Sen menga doʻst, men senga doʻst”, “Ulugʻ shahar” (turkum), “Hovlimizning bolalari” kabi qator sheʼrlarida doʻstlik gʻoyalarini ilgari suradi.

Shoirning juda koʻp sheʼrlari maktab darsliklarida, qoʻllanmalarida uzoq yillardan beri nashr etilib kelinayotir. “Oʻyin”, “Lola va mushuk”, “Bahor keldi”, “Vatanim”, “Dastyor qiz”, “Ozod diyor”, “Toʻrt fasl”, “Qush tili” shular jumlasidandir.

Shoir ijodida hajviy sheʼrlar ham bir talay: “Shalabbo”, “Anqov”, “Injiq”, “Ivirsiq”, “Bizning oyi” kabi asarlarida shoir dangasa, oʻz ustida koʻp ishlamaydigan, oʻqish, izlanishni yoqtirmaydigan, injiq, ivirsiq bolalar ustidan qattiq kuladi.

“Ivirsiq”da shoir oʻyinqaroq, kun boʻyi koptok oʻynab, uyga berilgan vazifasini bajarish, oʻz vaqtida uyqudan turish oʻrniga qotib uxlab darsdan kech qolgan Siddiq ismli bolaning maktab oʻquvchilariga xos boʻlmagan qiliqlarini fosh qiladi:

Daftari ochiq-sochiq,

Qolgan vazifa chala.

Soat yurar: chiq-chiq-chiq,

Yechilmagan masala.

Yana jiringlab soat,

Toʻqqizga zang uradi.

“Ivirsiqjon” betoqat –

Endi shoshib turadi.

Shukur Saʼdulla xalq ogʻzaki ijodini sevgan va undan ijodiy foydalangan shoirlardan biri edi. U “Noʻxatpolvon”, “Laqma it”, “Ayyor chumchuq”, “Chol bilan boʻri” kabi oʻnlab asarlarini ertaklar asosida yaratdi. Xalq ertaklarini joʻngina sheʼrga solib qoʻya qolmadi. Balki unga ijodiy yondashdi.

Shukur Saʼdullaning “Komandirning boshidan kechirganlari”, “Kachal polvon”, “Aziz qishlogʻim”, “Ism qoʻyilmagan xat” qissalari oʻzbek bolalar nasrining yaxshi namunalaridan hisoblanadi.

Shukur Saʼdullaning gʻoyaviy-badiiy yuksak, bolalarbop asarlari umr boʻyi kitobxonlar qalbida yashaydi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

  

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.