Shuhrat: shoir – tarjimon

0
1255
marta koʻrilgan.

Atoqli adib va shoir Shuhrat (Gʻulom Alimov) asosan nasr va nazmda ijod etib, elga tanilgan boʻlsa-da, badiiy tarjima sohasida ham ibrat boʻlarlik koʻpgina ishlar qildi, zamonlar osha eskirmaydigan goʻzal tarjimalari bilan kitobxon qalbidan joy oldi.

Shuhrat dolgʻali 1918 yilning 19 aprelida tavallud topib, foniy olamda 76 yil umr kechirdi. Sinovlarga, hayot mashaqqatlariga toʻla yillarni boshdan oʻtkazdi. Balki ana shu sitamli kechmishlar sababmi, adib tinimsiz ijod qildi, nasrda, sheʼriyatda, dramaturgiyada, publitsistika va badiiy tarjimada oʻziga xos namunalar qoldirdi. Albatta, savol tugʻiladi – nega sitamli kechmishlar sabab deya. Gap shundaki, badiiy ijod dard hosilasi, iztirob, ruhiy qiynoqlar natijasi. Hazrat Navoiydan shunday bayt keladi:

 

Ey Navoiy, senu Xisravu Jomiy tavri

Sanʼatu rangni qoʻy, kerakdur dard ila soʻz.

 

Gʻazal bobida ustod maqomiga koʻtarilgan salaflari Xisravu Jomiy kabi hazrat Navoiy ham shaklu shamoyil, rangu jilvalarni emas, dardu armonlarni sheʼrda – soʻz aytishda eng asosiy maqsad deb biladi. Adabiyotning tirgak – ustuni dard deydi. Ulugʻ bobomizgacha boʻlgan adabiyot kabi, u zot zamonida ham va albatta, undan keyin ham dardli soʻz, dardning miqyoslari badiiy ijodning taʼsir quvvati va ahamiyatini belgilovchi bosh mezon boʻlib qoldi. Bunga yuzlab misollar keltirish mumkin. Xuddi shu fikrning isbotini Shuhrat domla sheʼriyatida ham bot-bot uchratamiz.

 

Sheʼr nima? Koʻngilda yigʻilgan armon,

Dimogʻni achitib kelgan koʻz yoshi.

Yo zulm tigʻida shahid ketgan jon,

Umidning bulutda qolgan quyoshi!

 

Sheʼr nima? Intizor koʻzlar boqishi,

Oʻrtangan yurakning yoniq soʻzidir.

Nur bilan toʻlgʻonib,

Dard bilan yonib,

Qalbingni larzaga solib keladi…

 

Shuhratning hayotida ana shunday yurak oʻrtanishlariga, dard bilan yonib kuylashiga bois boʻlgan alamli kunlar koʻp kechdi. Ikkinchi jahon urushi jangohlarida qoʻliga qurol tutib kurashdi, yaralanib, urush asoratlarini ham dilida, ham tanasida tuydi. Dahshatli muxorabaning zaxmi ketmay, otasi Aminjon akani tuproqqa qoʻydi. Keyin… keyin sotqinlik, xiyonat va turli fitnalarning qurboniga aylanib, aybsiz aybdor boʻlib, sovuq oʻlkalarda bir necha yillarni oʻtkazdi. Shoir bu hodisalardan oʻn besh sanalar keyin yozgan “Sen kulasan…” sheʼriga Ozarbayjon xalq qoʻshigʻidan bir iqtibos-epigraf olgandi:

Bu qanaqa zamondir,

Yigʻlagan koʻp, kulgan oz?

 

Darhaqiqat, adib yigʻlagan koʻpu kulganlar oz boʻlgan zamonda yashadi. Baholi qudrat ijod qildi. “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas”, “Jannat qidirganlar” romanlarini yaratdi. “Oqibatli kishilar”, “Bir kecha fojiasi” nomli qissalar, “Besh kunlik kuyov”, “Qoʻsha qaringlar”, “Ona qizim” pyesalarini yozdi. Ijodiy tarjimai holni sheʼr bilan boshlab, sheʼr bilan poyoniga yetkazdi. 1935 yilda ilk sheʼrlari matbuotda eʼlon qilingandan boshlab hisob qilinsa, hayot sanalarining biror kun-haftasi yoʻqki, sheʼrga somelik boʻlmasa. Shu tariqa shoirning “Hayot nafasi”, “Qardoshlar”, “Sening sevging”, “Ishqingda yonib”, “Kechki nurlar”, “Lirika”, “Yoshligimning davomi”, “Qalbim jilosi”, “Shaydo koʻngil”, “Hali tun uzoq” kabi oʻnlab lirik toʻplamlari dunyo yuzini koʻrdi. Aytish oʻrinliki, adib hayotining barcha murakkab, tahlikali yillari yuqorida zikr etilgan qator asarlarning dunyoga kelishiga doyalik qildi. Shu alfozda dardu armonlar goh-gohida yuz koʻrsatadigan quvonch-shodliklar bilan qoʻshilib, XX asr oʻzbek adabiyotining yana bir atoqli namoyandasini namoyon etdi. Albatta, Shuhrat domlaning barakali ijod xirmonidagi tarjima asarlari ham u zotni ustoz sifatida oʻrganish, bisotidan bahramand boʻlishga arzigulik hodisa oʻlaroq yashab qoldi.

Shuhrat aka turli yillarda zavq bilan jahon adabiyotining buyuk va taniqli vakillari A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, N. A. Nekrasov, A. Fet, Geyne, A. Mitskevich, Lesya Ukrainka, R. Tagor, Ilya Chavchavadze, V. Mayakovskiy, Yakub Kolas, Avetik Isaakyan, Abdulla Toʻqay, Xo Shi Min, G. Leonidze, Iogannes Barbarus, Stepan Shchipachev, Shayxi Mannur, Maro Markaryan, Jumagʻali Sain, Abdulla Tojiboyev, Platon Voronko, Pimen Panchenko, Tanzila Zumaqulova, Ota Otajonov, David Qugʻultinov, Suan Zyeu, Musa Gʻali, Vadim Sikorskiy, Ibroyim Yusupovlar sheʼrlarini ona tilimizga oʻgirgan va ularning aksariyatini oʻzbek oʻquvchisiga ilk bor tanishtirgan. Oʻzbek tilida alohida toʻplam holida chop etilgan Nikolaz Baratashvili, Yakub Kolas hamda yapon shoirlarining “Xirosima faryodi” nomli kitoblarining tuzuvchisi va tarjimoni boʻlgan. Tarjimon Shuhratning aksariyat tarjimalari, baayni sheʼriy turkumlari kabi, tasodif emas, balki asosan muayyan munosabat, ayniqsa, turli safarlar taassurotida amalga oshirilgan. Yevropa boʻylab dengizu daryolar osha qilingan sayohat “Dunay sohillari” turkumi yoki Kavkaz respublikalariga qilingan safar “Kavkaz daftari” turkumiga asos boʻlganidek, mazkur oʻlkalar shoirlari sheʼriyati bilan tanishish, zamonaviy shoirlari bilan doʻstlashish natijasida adabiyotimiz xazinasini boyitgan koʻpgina tarjima asarlari ham paydo boʻldiki, bu oʻz navbatida adabiy aloqalarning kuchayishiga, ijodiy hamkorliklarga keng yoʻl ochdi. Xuddi shu fikrni Shuhrat domlaning Yaponiyaga sayohati tufayli dunyoga kelgan “Xirosima faryodi” toʻplami munosabati bilan ham aytish mumkin. Qirqqa yaqin zamonaviy yapon shoirlarining sheʼrlaridan tartiblangan toʻplamning bosqinchilik urushiga, ofat yogʻdiruvchi atom bombasining dahshatlariga qarshi ehtiros bilan yaratilgan yagona mavzudagi sheʼrlardan iborat kitobning paydo boʻlishi oʻsha davrlar uchun ham, bugungi kun uchun ham birday ahamiyati bor, albatta. Bu, avvalo, mavzuning dolzarbligi yoʻqolmagani bilan izohlansa, ikkinchidan, shunday maqsadli yoʻnaltirilgan toʻplamlarga maʼnaviy ehtiyojning kuchayayotgani bilan oʻz isbotini topadi. Ayni chogʻda shoir Shuhratning tarjimonlik mahorati haqida soʻz yuritishga ham toʻla asos beradi. Masalan, Naoki Usamining “Gʻamgin koʻzlar” sheʼri ilk satrlari tarjimada shunday yangraydi:

 

Olcha pushti gullari

Nurga toʻlganda,

Bahor koʻrki kundan-kun

Yashnab kulganda,

Nega gʻamgin boqasan

Nega bu turish,

Ey, notanish goʻzal qiz,

Ey tamakfurush?

 

Yoki Kyosuke Simadzuning “Okinava” oroliga bagʻishlangan sheʼri shunday boshlanadi:

 

Bu orollar goʻyo dengiz

Chamanida guldasta.

Dala-qirga dasta-dasta

Sochilgan ming havasda.

 

Sheʼrshunoslikda alliteratsiya – tovushlar uygʻunligi, ritorik murojaat, toʻq qofiya kabi atamalar bilan yuritiladigan ijodiy hodisalarning yorqin misoli boʻlgan bu misralar tom maʼnodagi badiiy mahorat belgilaridir. Atoqli tarjimon va olim Ibrohim Gʻafurov yozadi: “Biz koʻpincha tarjimonga individ deb qarashni unutib qoʻyamiz. Holbuki, tarjimon ham ijodkor individ. Demak, uning ham oʻz tasvir manerasi, jumla qurish usullari mavjud. Ayniqsa, shoir tarjimonda va adib tarjimonlarda bu hodisa juda xarakterli va yorqin namoyon boʻladi”. (I. Gʻafurov. Tarjimonlik mutaxassisligiga kirish. T., 2008y. 79-bet).

Ozarbayjon tilidan oʻgirilgan mana bu mumtoz satrlar tarjimonning individ, teng-toʻshli shoir-tarjimon ekaniga yana bir misoldir.

 

Har yetuk goʻzalni goʻzal demasman,

Goʻzalda bir gʻayri alomat boʻlar.

Sochlari bir yonda, beli bir yonda,

Oʻzi bilmas, oʻzida bir odat boʻlar.

 

Mulla Panoh Voqifdan olingan bu satrlarni Shuhrat domla alohida ixlos bilan tarjima qilganki, xuddi boshqa bir ozariy ulugʻ shoir Fuzuliy oʻzbek xalqining oʻz shoiriga aylanib ketganidek, mazkur satrlar ham oʻzbek xalqining suyumli qoʻshiqlariga aylanib, allaqachonlar qalbidan joy olgan. Umuman, Shuhrat domlaning Ozarbayjon sheʼriyatiga muhabbati boʻlakcha edi. U Voqifdan tashqari Samad Vurgʻun, Mikoil Mushfiq, Sulaymon Rustam, Rasul Rizo, Nabi Xazriy kabi qator shoirlarni alohida mehr bilan oʻz ona tiliga oʻgirgan, ayrim oʻziga zamondoshlari bilan qalin doʻstona rishtalar bilan bogʻlangan edi. U Ozarbayjonga bir necha bor safar qilgan, uning sheʼrlari ozar tilida ham qayta-qayta chop etilgan edi. Binobarin, domla tarjimachilikni haqiqiy ijodning toʻlaqonli bir yonalishi sifatida tushunar va juda jiddiy munosabatda boʻlar edilar.

Kamina oʻtgan asrning 70-yillari Shuhrat domla bilan farzandlari Bobur Alimov tufayli tanishib, bir necha bor suhbatlarida boʻlganimda, tarjimonlik amaliyotlariga doir baʼzi fikrlarini eshitgan edim. Kunlarning birida, hali Shuhrat domla xastalikka yoʻliqmagan pallalari, uylariga borsam, ishlab oʻtirganlarini aytishdi. Biror soatlardan soʻng qoʻllarida koʻzoynak, ishxonalaridan chiqib keldilar. Salomlashgach, qanday ish bilan band ekanliklarini soʻradim. Gruzinlarning XIX asrdagi mumtoz shoiri Nikolaz Baratashvili sheʼrlarini tarjima qilayotganlarini aytdilar. “Bor-yoʻgʻi oʻttiz yettita sheʼri maʼlum, ammo har biri bir dunyo. Shu kichkinagina toʻplam boʻladigan sheʼrlari bilan jahon adabiyotiga kirgan shoir. Gurjilar ham sheʼrni, shoirning qadrini biladigan xalq. Umuman, haqiqiy shoir bir satridanoq bilinadi. Faqat bir-ikki misrasi bilangina shuhrat topgan shoirlar ham bor…”.

Vaqti-soati bilan Shuhrat domlaning tarjimonlik faoliyati va mahorati borasida ham tadqiqotlar yaratilar. Qoʻllanma-darsliklardan joy olar. Bunda, albatta, qator misollar keltirilib, muqoyasalar qilinar. Lekin ustozning oʻzlari aytgan oʻsha fikrni biroz oʻzgartirib oʻzlariga nisbat berib aytsak, ayni adolatdan boʻladi: haqiqiy tarjimon birinchi satridanoq bilinadi…

 

Shuhrat RIZAYEV

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.