Shon haqida doston

0
267
marta koʻrilgan.

Non barcha zamonlarda ham bayramu sayllarning, dasturxonlarimizning koʻrki, odamlarning haqiqiy madadkori va quvvati boʻlgan. Non toʻkinlik, farovonlik, ahillik, birodarlik, odamiylik, qadr-qimmat, samimiyat va doʻstlik ramzidir. Non ana shunday tabarruk va muqaddas neʼmatdir.

Oʻzbek sheʼriyatida oʻz oʻrniga ega boʻlgan isteʼdodli va koʻp qirrali shoir Sirojiddin Sayyid ham bu qadimiy va betakror mavzuda jiddiy doston yaratdi va uni “Non va nom” deb nomladi.

Avvalo shuni eʼtirof etish kerakki, xalq dostoni va ertaklarida, maqol va matallarida odamiylik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik kabi fazilatlar ulugʻlanadi. S. Sayyid ham folklor anʼanalaridan ijodiy foydalangan holda doston bitgan.

“Non va nom”ning syujeti anʼanaviy, xalqona syujet asosiga qurilgan. Doston qahramoni Omon polvon mehnat kishisi. Doston asosida mehnatni ulugʻlash motivlari yotadi.

Shoir dostonga bu xalqona syujetni shunchaki olib kirmaydi, balki uning har bir halqasiga maʼlum bir gʻoyaviy-badiiy vazifani yuklaydi. Muallif mustaqillik tufayli baxt-saodatga erishgan, mustaqillik gʻalabalarini himoya qilish uchun yonib yashayotgan mamlakati farovonligi, dasturxonlar toʻkin-sochinligi yoʻlida fidoiylarcha kurashayotgan inson obrazini yaratib berishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi.

“Non va nom” dostonida mamlakatimizning gʻalla mustaqilligi, mamlakat tegirmonlariga keltirilgan donni unga aylantirish jarayoni haqida hikoya qilinadi. Asardagi Omon polvon ana shunday jarayonda fidoiylik koʻrsatayotgan insonlardan. Shoir oʻz qahramoni Omon polvonga nisbatan boʻlgan iliq va samimiy munosabatlarini “Omon aka zoʻr-da, ukalar!”, “Ey, Omonboyga gap yoʻq, qandini ursin” kabi olqishlar orqali taʼriflaydi. Shoirning yutugʻi shundaki, folklor syujetiga ijodiy yondoshib, katta ijtimoiy mazmunni istiqlol yillari voqealari, shart-sharoitlari bilan bogʻlash orqali mahoratli ifodalashga erishgan.

“Bir paytlar shoʻro davrida ufqlardan-ufqlarga qadar faqat paxtazorlardan iborat boʻlgan Oʻzbekiston mustaqillik zamonida qisqa muddat ichida oltin bugʻdoyzorlar mamlakatiga ham aylandi, – deb yozadi shoir, – Oʻzbekiston yeri yolchib bugʻdoy koʻrdi, yolchib don koʻrdi. Bugʻdoyni-ku kim ekishini biz yaxshi bilamiz, uning ignaday maysadan to boʻliq boshoqlar holatiga kelgunicha chekiladigan mehnatu zahmati kimning zimmasida ekani ham yaxshi maʼlum. Bugʻdoy oʻrilib, yanchilib, alal oxir tegirmonga keladi. Mamlakat tegirmonlariga bu tegirmonlar boshida kimlar turibdi, kimlar ishlayapti, ularning oʻy-xayollari ne, ular qanday kishilar, orzu-umidlari, tashvishlari qanaqa – hikoyamiz shu xususda, yaʼni tegirmon boshida turganlardan biri, Sharof Rashidov nomidagi Shoʻrchi don mahsulotlari kombinati hissadorlik jamiyatining rahbari Omon Beknazarov haqida”.

Shoir dostonda odamzotning azal-azaldan, necha ming yillardan buyon ikki narsa – NON va NOM talashishi, kurashishi, jon chekib ter toʻkishi, ranju zahmat tortishini hikoya qilarkan, quyidagilarni yozadi.

“Agar odam boʻlsang yaratgin oʻzingga NOM”, deydi cheksiz bugʻdoyzorlar diyorining ulugʻ oqini.

“Yigit kishi qirq yoshgacha oʻziga NOM chiqarishi, obroʻ-eʼtibor qozonishi kerak, qirq yoshdan keyin uni shu nom boqadi”, degan hikmatnamo gap ham yuradi elning orasida.

Bizning Vatanimiz ulugʻ NOMlar mamlakati, dunyoda oʻz ulugʻ farzandlari nomini bizchalik eʼzozlaydigan boshqa diyor yoʻq. Dunyoda NONni bizning elimizday koʻzga surib qadrlaydigan boshqa bir xalq boʻlmasa kerak.

 

Bu diyor

Bugʻdoy non isli diyor

Shirmon non isli diyor

Gul, rayhon isli diyor

Osmonlar erkalagan,

Oy quyosh yuzli diyor.

 

Endi shoirning oʻz qahramoni haqida aytgan taʼrifiga eʼtibor qarataylik.

Biroz gʻurur, biroz mubolagʻa uygʻunlashib ketgan taʼriflarda shoirning oʻz qahramoniga boʻlgan mehr-muhabbati mujassam:

“Har davru zamonning el-ulus orasida nomi chiqqan, dongʻi ketgan insonlari boʻladi. Bunday zotlarning oʻz fayzi, oʻz oʻrni bor. Ularga hamma koʻz tutadi, hamma tashvishi bormi, dardu ilinji bormi ularga aytadi, bunday zotlar hammaning mushkulini hal qilish, hammaning koʻnglini koʻtarish uchun tugʻilganday, ularsiz oʻtadigan toʻyu maʼraka qandaydir tushkun, ular ishtirokisiz kechadigan davra yo yigʻin selsiz, toshqinsiz daralarday sokin va betarovat. “Xudo nazar qilgan odam”, deb ham sifat beradi edi, “Qahramon” deyishi mumkin, “jonkuyar, kuyinchak” yoki “xaqiqiy tadbirkor, ishbilarmon” desa ham toʻgʻri kelaveradi, yoinki “el dardi bilan yashaydi” debon kitobiy tashbihlar ila chopon kiygizilsa ham yarashiqli chiqadi. Bu xislat, sifat, fazilat va hokazolarning bari unda jamuljam ekanini inkor qilmagan holda men doston qilmoqchi boʻlganim bu insonga faqat birgina soʻz loyiq, munosib: Polvon. Omon Polvon “Surxonu Qashqa vohalarida ovozasi ketgan, oʻspirinlik chogʻlaridayoq kurashga tushgan, toʻylardan keyin nomi oʻsmir polvonlar orasida naqlu rivoyatlarga aylangan, hayoti turfa xil sarguzashtlaru qiziq-qiziq hangomalarga toʻliq bir ajib-ajabtovur inson edi. Kelbati togʻday, tovaday panjalari musht boʻlib tugilganda, temirchining sandoni deysiz. Egnidagi choponiga menday ozgʻin shoirlarning beshovi bemalol sigʻishi mumkin. Xudo koʻngilni ham gavdaga, qaddu-bastga qarab bersa kerakki, bagʻri keng, qalbi yoz osmoniday ochiq”.

Vohadagi eng yirik sanoat korxonalaridan birini davrning talabu, ehtiyojlari darajasiga koʻtarish, ravnaq toptirish, shuning barobarida xalqning ehtiyojini ham oʻz vaqtida qondirish, bu haqda uzluksiz oʻylash, yoʻl izlash, reja tuzish, baʼzan haftalab, oylab rohat-halovatning bahridan kechish, yana kombinatning eshigu darvozasi, toʻsiqlaridan oʻtib qabulxonagacha zorlanib keladigan ehtiyojmand bormi, beva-bechora bormi, barchasining har kuni necha martalab dardini eshitib, koʻnglini koʻtarish, yordam qoʻlini choʻzish… bularning hamma-hammasi Omon polvon qilgan va qilayotgan ishlardan bir shingil xolos.

Bugina emas, Omon polvon davralarda kurash tushib, oʻz qishlogʻining, ajdodlarining nomlarini ulugʻlaydi. Kurashganda ham halol kurashib necha polvonlarning kuragini yerga tekkizib turadi.

Omon polvonning fikricha “Yurt nima, Vatan nima deydi baʼzilar. Mana shu bugʻdoyzorlar, shu mehnat, tandirdagi, dasturxondagi non ham Vatan. Ana changga belanib ishlayotgan ishchi bor-ku, shul ham Vatan. Oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Bilgan bor, bilmagan bor buni”.

Omon polvonning odamlarni qabul qilishi ham qiziq. U qabulxonadagi barcha odamlarni birdaniga qabul qiladi. Ular bilan gapni dangal va loʻnda qilib gaplashadi. Dastlab momolarning dardini eshitadi. Kimdir ish, kimdir maʼraka oʻtkazish va hokazo masalalarda Omon polvonning huzuriga kelgan. Polvon ularni noumid qaytarmaydi. Omon polvon rafiqasi kasalxonada yotgan ishchining maoshini ololmay qiynalayotganligini eshitib, hisobchiga uning ish haqini darhol berishni buyuradi va masʼuliyatsizligi uchun kassirni shu yerning oʻzida ishdan boʻshatib yuboradi. Bu Omon polvonning odamlar taqdiriga befarq boʻlgan xodimlarni kechirmasligini koʻrsatuvchi holatdir.

Omon polvon xalq mulkini koʻz qorachigʻidek ehtiyot qiladi. Korxonada talon-tarojlikka yoʻl qoʻymaydi. Shuning uchun ham Omon polvon nomdor shoirdan un berib yuborish haqida xat olib kelgan hofizga qarata “Biz shoirni hurmat qilamiz. Lekin bilasizmi, men har kuni bundoq xatlardan yuztasini olaman. Xudoga shukr, tanish-bilish koʻp. Har biriga bir qopdan un berib yuborganda ham yuz qop boʻladi. Uyim kuyadi-ku, uka! Aybga buyurmaysiz endi…” deb izza qiladi.

Omon polvon xalqimizning tarixini hurmat qiladi. Aziz insonlarning qabrlarini ziyorat qilib turadi. Omon polvon “Boʻta boʻzlar ota” ziyoratgohini Ollohning yoʻlida xayp-ehson boʻlsin deb oʻzi tiklaganligi haqidagi lavha buning isbotidir. Xullas, shoir oʻz dostonida istiqlol fidoiylaridan boʻlgan yurtdoshlarimizning obrazini real hayotiy lavhalar orqali koʻrsatib beradi. Xudoning barcha bandalari qatori Polvonni ham kimlardir yaxshi koʻradi, kimlarningdir unga boqib koʻzlari kuygani-kuygan, deydi.

Xalqona uslubda yozilgan “Non va nom” dostonidagi har bir soʻz, ohang va sheʼriy parchalar bayonidagi ritm kitobxonni voqealar oqimiga kuchli jalb etadi. Muallif oʻz qahramonini ertagu dostonlardagi qahramonlarga qiyoslaydi. Omadi yurishgan, el-yurt tashvishida yonib yashayotgan Omon polvon hamisha elning olqishini olib yashaydi. Ertak va dostonlardagi qahramonlar baxtga sehrli buyumlar, parilar yordamida erishsalar. Omon polvon oʻz baxtini halol mehnati orqali qoʻlga kiritadi. Bunday xalq qahramonlarini esa faqatgina xalqning oʻzi yaratishi mumkin. Sirojiddin Sayyidning “NON va NOM” dostoni oʻzbek dostonchiligi degan muazzam kitobning yorqin sahifalaridan biri boʻlib qolishi shubhasiz.

 

Turgʻunoy KAZIYEVA

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.