Shoirona topqirlik

0
768
marta koʻrilgan.

Istiqlol davri oʻzbek bolalar adabiyotining oʻziga xosligi anʼanaviy mavzularda yozilgan asarlarning ham poetik mazmuniga, ham badiiy ifodasiga koʻra yangilanganligida koʻzga tashlanadi. Bundan tashqari, bu davr adabiyotida, ayniqsa, sheʼriyatida shoʻro davriga xos boʻlmagan topqirlik – manzara sheʼrlar, rasmli sheʼrlar, savolli sheʼrlar, raqamli sheʼrlar kabi bir qator ijodiy izlanishlar, adabiy eksperimentlar amalga oshirildiki, bu hol bolalar shoirlarining poetik nigohi gʻoyat oʻtkirligidan dalolat beradi. Shu jihatdan, ayniqsa, Dilshod Rajab, Abdurahmon Akbar, Rustam Nazar, Zafar Isomiddinov, U. Shukurov kabi shoirlarning ijodi xarakterlidir.

D. Rajabning manzara sheʼrlarida favqulodda topqirlik yaqqol koʻzga tashlanadi. U qalamga olinayotgan mavzuning eng xarakterli jihatlarini badiiy obraz darajasigacha koʻtarib, yumor bilan katta estetik mazmunni yengil va taʼsirchan tarzda yosh kitobxon qalbiga yetkaza oladi. Uning sheʼrlarini oʻqigan yosh kitobxon oʻzi kunda koʻrib-bilib yurgan, lekin deyarli eʼtibor bermagan narsa-hodisalarning favqulodda nafis va topqirlik bilan chizilgan manzaralaridan hayratga tushadi. Muhimi shundaki, bu manzaralar shunchaki chizilmaydi, balki ularga salmoqli ijtimoiy-estetik vazifa singdirilgan boʻladi. Shu tariqa, bolalarga atalgan, sirtdan qaraganda “quvnoqqina” sheʼr oʻziga xos tarzda falsafiy mazmun bilan boyitilganligini kuzatamiz. Shu jihatdan shoirning “Otamning bogʻi” (1996), “Daryo koʻngil” (1997) kabi sheʼriy toʻplamlariga kiritilgan bir turkum sheʼrlari xarakterlidir.

“Otamning bogʻi” toʻplamidagi “Kuz”, “Chanoq”, “Xirmon”, “Kimga ish, kimga olqish”, “Oʻq haqida”, “Ohu”, “Kun botgach” kabi sheʼrlar, shuningdek, “Uchqunbekning savollari”, “Fikratjonning fikricha”, “Shikoyat daftari” turkumlaridagi sheʼrlari ham ayni shu xususiyatlari bilan eʼtiborni tortadi.

Shoir “Kuz” sheʼrida kuz fasliga xos boʻlgan tabiat oʻzgarishlarini bolalar kundalik hayotida tez-tez uchrab turadigan “urush-urush” oʻyiniga uygʻunlashtirib tasvirlaydi: kuz bostirib kirgach, daraxtlar alvon barglari – “bayroqlarini” yerga tashlab “asir” boʻlishadi. “Uzum dorga osiladi”, olma, anor, noklar barchasi yashikka teriladi. Koʻpgina sabzavot mahsulotlari oʻralarga “avaxta” qilinadi.

Sheʼrda kuz fasliga xos yigʻim-terim ishlari jang manzarasiga monand tasvirlanadi. Biroq sheʼrning yakuni kutilmagan, yaʼni bolalik olamiga xos boʻlgan quvnoq manzara bilan xotimalanadi:

Bu gʻalaba

Kuzniki,

Endi mazza bizniki! (“Otamning bogʻi”, 10-bet)

Shoirning “Chanoq” sheʼrida ham ushbu xususiyatni koʻrishimiz mumkin. Sheʼr toʻrt qatordan iborat boʻlgani uchun uni toʻliq keltiramiz:

 

Suluv terimchi qizlar

Oʻtar dogʻda qoldirib –

Angrayib qarab qolar,

Ogʻzidagin oldirib. (oʻsha asar, 10-bet)

Avvalo shuni taʼkidlash kerakki, paxta va uning chanogʻi bilan bogʻliq sheʼrlar shoʻro davri bolalar adabiyotida koʻplab yaratilgan edi. Ularda, asosan, mehnatsevarlik motivlari ilgari surilar, bolalarning paxta bilan faxrlanishlari, mehnat qilib charchamasliklari, kichkintoylarning chanoqda qolib ketgan yoki yoʻl chetiga toʻkilgan paxtalarni terib xirmonga topshirishlari, shu tariqa paxta planining toʻlishiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshganliklari ibrat sifatida targʻib etilardi.

Oʻtgan asrning 80-yillarida H. Imonberdiyev “Chanoq” sheʼrida paxtasi terib olingan chanoqni besh bahoga qiyoslab, bu turkumga oid sheʼrlarning poetik mazmunini maʼlum darajada yangilashga uringan edi. Lekin bu kabi sheʼrlarda ham oʻsha davrga xos maʼrifiy mazmun (“besh” baho) yetakchilik qilgani kuzatiladi.

D. Rajab esa, ulardan tamoman farqli tarzda chanoqning oʻziga xos poetik obrazini yaratadi: sheʼrda suluv terimchi qizlarning chaqqon harakatlariga, mehnatiga lol qolib, ogʻzidagini oldirgan chanoqlarning “angrayib qolgan” oʻziga xos surati chiziladi. Bu manzara kichik kitobxonda favqulodda zavq – shavq uygʻotadi. Aslida shoirning poetik topqirligi ham shundadir.

“Xirmon” sheʼrida ham dehqonchilikda ishlatiladigan ish buyumlari – ketmon, oʻroq, xaskash, panshaxalarning oʻziga xos yumoristik obrazlari chiziladi va ularning harakatlari orqali bugʻdoyning ekilishidan tortib, xirmon boʻlib sovurilishigacha boʻlgan jarayon ixcham satrlarda poetiklashtiriladi. Bunda shoir quvnoq yumor orqali oʻroq, xaskash, panshaxani oʻziga xos mehnatkashlik timsollari tarzida gavdalantiradi. Ketmon bugʻdoyni ekadi, u pishib yetilgach, oʻroq uni oʻrib beradi, xaskash esa uyib xirmon qiladi. Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq panshaxa esa gʻoyibdan paydo boʻlib:

Shuncha xirmonni kelib

Zumda yelga sovurdi. (oʻsha asar, 10-bet)

Koʻrinib turibdiki, shoir “Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir” maqolini sheʼrning mazmuniga ustalik bilan singdirib yuborgan va, muhimi, uni mehnat jarayonining poetiklashgan manzarasiga muvofiq tarzda ifodalagan. Sheʼr ayni shu jihatlari bilan kitobxonda quvnoq tuygʻular hosil qiladi, uni gʻayrat koʻrsatishga undaydi. Qolaversa, bugungi kun bolajonlari ochiq pand-nasihat bilan emas, obrazli ibratomuz asarlardan bahra olib oʻssa, barkamollik sari dastlabki qadamlarni qoʻygan boʻladi.

Umuman, D. Rajabning turkum savol-sheʼrlarida topqirligi yaqqol sezilib turadi. Uning lirik qahramoni odamlar haqida emas, hayvonlar, jonzotlar va ularning feʼl-atvorlari haqida oʻylaydi. Bu qahramonni yogʻayotgan yomgʻirning shovullab emas, gʻalvirda yoki elakda elangandek yogʻishi ham, baliqlarning suv ichishi-ichmasligi ham, kurkaning doim jahli chiqqandek hurpayib yurishi-yu, toshbaqa toshini tashlasa baqaga aylanib qolishi kabi savollar birdek qiziqtiradi.

Bunday savollar soddaligi, quvnoqligi, yumorga boyligi bilan ajralib turadi. Shu bois, savol-sheʼrlar yozilish uslubiga koʻra sodda, samimiy, ixcham satrlardan tarkib topgan.

Xullas, istiqlol davri bolalar sheʼriyatidagi uslubiy izlanishlardan biri savol shaklida yozilgan turkum sheʼrlar orqali namoyon boʻlmoqda.

 

Nargiza TOʻXTAYEVA,

Nizomiy nomidagi TDPU oʻqituvchisi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.