Shoirning ikki xil dunyosi

0
729
marta koʻrilgan.

Insoniyat yashab turgan olam sir-sinoatga toʻla. Uni bilish, mazmun-mohiyatini anglab yetish uchun bir inson umri yetmaydi. Lekin odamzot shu qisqa umri davomida dunyoni tushunishga intilaveradi. Olimlar dunyoni kashf etsalar, shoirlar uning goʻzalliklarini sheʼr qiladilar, neʼmatlariga shukronalar keltiradilar. Borliqni, odamzotni, insoniy munosabatlarni oʻzida jamlagan bu dunyo naqadar rangin, naqadar turfa xildir.

Dunyoning mavjudligini, uning turfa xilligini tarannum etuvchi, qogʻozga tushiruvchi bu, albatta, shoirdir. Shoir dunyoni, borliqni oʻzgacha nigoh bilan kuzatadi. Insonlar uchun oddiy boʻlib koʻringan voqea – hodisalar ijodkor uchun muhim voqea, asar uchun asosiy detal, narsa – predmet boʻla olishi mumkin. Shoir ana shu koʻrgan-kechirganlarini, kuzatganlarini oʻz tafakkuri orqali sintezlashtiradi, oʻzining maʼnaviy dunyosi orqali jonlantiradi va turli poetik timsollarni yaratadi. Shoir yaratgan timsollarda orzulari, oʻy-xayollari, tasavvurlari yaqqol koʻzga tashlanadi. Har bir shoirning dunyoqarashi, maʼnaviyati, xarakter xususiyatini yozgan sheʼrlari orqali bilib olish mumkin.

Adabiyotshunos Abdugʻafur Rasulov: “Haqiqiy badiiy asar mukammal, murakkab tarkib. U matn tarzida yaratiladi. Matnning pishiq-puxtaligi avvalo sanʼatkor isteʼdodiga, aytmoqchi boʻlgan gapining haqqoniyligiga, soʻzlarga yuklatilgan maʼnoning salmogʻiga, maromning tovlanishi, tuslanishiga bogʻliq.”[1] – deya taʼkidlaydi.

XX asr oʻzbek sheʼriyatining iqtidorli vakillaridan biri Shavkat Rahmon ijodidagi gʻayritabiiy kuch, sirli chorlov, mushohadali falsafa kitobxonni sergaklantiradi. Dunyoga, jamiyatga, insonlarga eʼtiborliroq qarashga, ona yurting, millating, ota-onang, farzandlaring, eng muhimi oʻzing haqingda oʻylashga majbur etadi.

Shavkat Rahmon har bir sheʼr matniga katta eʼtibor bilan qaraydi. Shoir sheʼrlarida qoʻllangan soʻzlar bilan poetik gʻoya mushtarakligi oʻziga xos, original sheʼrlarning paydo boʻlishiga olib keladi.

Shavkat Rahmon sheʼrlarini ikki guruhga ajratib tahlil qilinganda shoirning ikki xil dunyo orasida, yaʼni ikki xil yoʻnalishda ijod qilganligi koʻzga tashlanadi. Birinchi guruh sheʼrlarida faqat dunyo goʻzalliklarini koʻra oladigan, begʻubor, tabiat bilan tillasha oladigan tabiat kuychisini koʻrish mumkin:

 

Yechib oppoq koʻylagini vaqt,

Kiydi yashil gulli koʻylagin

Yurak, uygʻon, kapalak kabi,

Chechaklarga qoʻnib oʻynagin.[2]

 

Inson ruhiyati anglab boʻlmas sinoat. Faqat sezgilar yordamidagina koʻngil bilan, yurak bilan tillashish mumkin. Tabiat bilan tillashish, unga doʻst tutinish uchun uning bagʻrida boʻlish, unga vafo qilish, insonlar orasidan maʼlum muddatga uzilish darkor.

Shavkat Rahmonning tabiat mavzusidagi sheʼrlarini oʻqiganingizda sheʼrdagi joʻshqinlik, tasviriy vositalardagi goʻzal badiiy ifoda, tuygʻulardagi begʻuborlik sizni oʻz olamiga tortadi. Tasvir shu qadar samimiyki, shoirning tanholikda, tabiat qoʻynida kitob oʻqib oʻtirishi, “shohi libos kiygan nastarin” uning yonidan oʻtishi, “sochi qumri, dudogʻi lola, yuzlari oq, yonoqlari ol” kabi nastarin guliga berilgan beqiyos taʼrif, shamolni shoʻx bolakayga oʻxshatilishi kabilarda shoirning oʻziga xosligi koʻrinadi. Beixtiyor siz ham sheʼr ichida yashay boshlaysiz.

Sheʼrdagi oʻxshatish va mubolagʻa kabi tasviriy vositalar shu qadar mahorat bilan qoʻllanganki, bu sheʼrning jozibasini yanada oshiradi.

Kun chekinib tunning tashrifi haqida koʻplab ijodkorlar sheʼrlar yozishgan. Kun botayotgan pallada osmonning qizgʻish – sariq nurlarga burkanishi koʻpchilikka maʼlum. Lekin Shavkat Rahmonning ushbu sheʼridagi oqshomning safsarlashishi kabi goʻzal ifoda kitobxonni eʼtiborsiz qoldirmaydi:

 

Safsarlashar oqshomgi osmon,

Kun chekinar qorli togʻlarga,

sukunatning munis qushlari

uchib kelar kuzgi bogʻlarga.[3]

 

Safsarlashgan oqshomda tunning asta kirib kelishi bilan sukunat boshlanishi va xuddi qushlardek kuzgi bogʻlar qoʻyniga kirib kelishi bu tunning oʻzgachaligidan darak berib turibdi. Aksariyat sheʼrlarda tun mudhishligi, qaroligi haqida kuylangan boʻlsa, Shavkat Rahmon esa ushbu sheʼrida ana shu qoralikdan ham goʻzallik izlaganligini anglab yetish qiyin emas:

 

Kelar qora rido kiygan tun,

sukunatning qushlarin suyar,

suronlardan horgan shaharni

silab-siypab uxlatib qoʻyar.[4]

 

Shavkat Rahmon sheʼrlaridagi tabiat tasvirini oʻqir ekansiz, xuddi musavvir chizib tasvirlagan manzarani koʻz bilan koʻrib turgandek boʻlasiz. Yoz faslining kirib kelishi haqidagi sheʼrida: “Nurlarini yigʻib olar kun, osmon yerga tashlar soyasin, Yulduzlarin yoqib qoʻyar tun, kesib qoʻyar oyning poyasin…”[5] kabi goʻzal tasvirlar va mubolagʻali oʻxshatishlarda shoir uslubining takrorlanmas qirralari koʻzga tashlanadi. Yoz tashrifidan yerlar qizishi, hatto bu holat tunlarni ham ilitib yuborishi, yozning esa xuddi qaynoq suvdek oqib kelishini: “Birdan qaynoq yoz oqib kirar jimib qolgan bogʻlar oralab”[6] kabi goʻzal tasvirlarda ifodalaydi.

Shavkat Rahmonning tabiat bilan bogʻliq sheʼrlarini zavq-shavq bilan oʻqiyotgan kitobxon sheʼr ichida shoir ham yashayotganligini anglay boshlaydi. Insonlarni ayrim oʻrinlarda nimagadir oʻxshatadilar. Kimnidir mashina yoki robotga, kimnidir atirgul yoki rayhonga, yana kimnidir esa chinorga qiyoslaydilar. Shoir bir sheʼrida oʻzini daraxtga oʻxshatadi.”Oʻsayotgan kuchli daraxtman, shoxlarimda pishar soʻzlarim…”[7] Aslida daraxt – tiriklik, hayotiylik ramzi. Ildizlari mustahkam, tanasi baquvvat daraxt koʻkka intilaveradi. Bu ramziy obrazda hayot uchun kurash, fuqarolik masʼulligi koʻzga tashlanadi. Shoxlarda soʻzlar pishib yetilishi shoirning jamiyatga, insonlarga, kelajakka beparpo emasligidan dalolat beradi. Demak, kelajak uchun masʼul. soʻzlar mevalar kabi pishmoqda.

“Uslub antropologik, yaʼni ijodkor shaxsi bilan bogʻliq kategoriya sanalib, uning ijodiy individualligini belgilaydi”,[8] – deya taʼrif beriladi adabiyotshunoslik lugʻatida. Shavkat Rahmon uslubida falsafiy-ijtimoiy ruhdagi sheʼrlar oʻziga xos oʻrin egallaydi. Shoirni ijtimoiy hayotda boʻlib oʻtayotgan voqea-hodisalar, insoniy munosabatlardagi ziddiyatlar oʻylantiradi, fuqarolik burchi, shoirlik masʼuliyati, ruhiy barqarorlik shoir uslubining olmos qirralarini bezab turadi:

 

Jangda oʻlgan emas

biror bahodir,

bari halok boʻlgan xiyonatlardan.[9]

 

Sheʼrdagi soʻz qoʻllash mahoratining oʻzi ham mazmun, mohiyat uygʻunligini, fikr salmoqdorligini koʻrsatib turadi. “Oʻlgan emas” bilan “halok boʻlgan” degan fikr oʻrtasidagi oʻzgacha maʼno diqqatingizni tortadi. Oʻlim, oʻlmoq soʻzlari barcha insonlar uchun qoʻllash mumkin, halok boʻlmoq esa faqat jangdagina boʻla oladigan hodisa. Chunki jasur, kuchli jangchilarni mardonavor kurashishga, yovni yanchib tashlashga kuchi yetadi. Ular jangda hech qachon ochiqchasiga yengilmaydilar. Bahodirning jangda oʻlishi mumkin emas, faqat halok boʻlishi, shunda ham xiyonatdan halok boʻlishi mumkinligini ifodalaydi. Yaʼni:”bari halok boʻlgan xiyonatlardan”, yoki “toshday uxlaganda toʻshlarin ochib yo zahar qoʻshilgan ziyofatlardan”.[10]

Darhaqiqat, tarixga, uzoq oʻtmishga nazar tashlasak ona yurt uchun jonini fido qilgan, mard, qoʻrqmas qahramonlarning oʻlimiga sotqinlik yoki xiyonat sabab boʻlganligini koʻrasiz.

Xiyonat yoki sotqinlik qurbonlariga aylangan bahodirlarning nomi hech qachon xalq dilidan oʻchmaydi. Shoir nazarida ular yana “bolakaylar qorachigʻida” qayta tirilaveradi:

 

Har gal bahodirlar yiqilar ekan

kurakka sanchilgan nomard tigʻidan,

qayta tirilganday boʻlardi nogoh

har bir bolakayning qorachigʻida.[11]

 

Demak, mana shu “jafokash qoʻhna vatanda” bahodirlar “oʻlgan emas”, ular kelajak avlod nigohida yashamoqda.

“Ijodkor badiiy asar yaratarkan, oʻz zamonasi, millati. urf-odati, dini, turmush tarzi, siyosiy, ijtimoiy muhitidan uzoq ketolmaydi,”[12] – deya taʼkidlaydi adabiyotshunos Qahhor Yoʻlchiyev.

Shavkat Rahmon ijodi davomida millat dardi bilan yashadi, uning qismatiga beparvo qaray olmadi. Oʻzbekning soddadilligi, mehridaryoligi, mehmondoʻstligi ajoyib xislat. Ammo baʼzi oʻrinlarda bu xislat oʻzligini toptalishiga, kamsitilishiga ham olib keldi. Shoir “Mehmondoʻstlik” deb nomlangan sheʼrida mana shu holatlarni ifodalaydi:

 

Oʻzbeklar azaldan mehmonchi eldir,

Mehmon otangdan ham ulugʻ deydilar.

Bir kunlik mehmonga bor-yoʻgʻin qoʻyib,

Oʻzlari ancha vaqt turshak yeydilar.[13]

 

Oʻzbek mehmon kelsa quvonadi, hurmat-ehtirom koʻrsatadi, oʻzi yemagan noz-neʼmatini ham uning oldiga dasturxon qiladi. Shoir “Bu goʻzal xislatdir, noyob xislatdir, ayniqsa mehmonlar boʻlsa munosib”,[14]deya taʼkidlaydi. Afsuski, kelgan mehmon oʻz izzatini bilmasligi, mezbonni mensimay oyoq osti qilishi, uydagi tartibsizliklarning mehmonga yoqmasligi shoirni gʻazablantiradi.

Maʼlumki, mustabid tuzum davrida Oʻzbekistonga har kuni minglab “mehmonlar” tashrif buyurishgan. Kelgan mehmonlarning baʼzilariga esa Oʻzbekiston yoqib qolsa bemalol shu yerga joylashib yashay boshlagan. Agar mehmonning taʼbi nozikroq boʻlsa davlatimizdagi tartib-intizom yoqmagan, oʻzbekcha izzat-hurmat, oʻzbekcha “taomil” yoki “urf-odatlar” kulgisini qoʻzgʻotgan.

Kelgan mehmonlarning haddidan oshishi, xalqimiz yetishtirgan noz-neʼmatlarni ham “Bizlarga atalgan bor neʼmatlarni, hammang yeb yotibsan”[15],  – deya dagʻdagʻa qilishi shoir qalbini larzaga keltiradi. Oʻz yurtida oʻzining neʼmatlariga ham egalik qila olmaslik, “Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir”lik gʻazabini junbushga keltiradi. Hammaga maʼlumki, butun dunyoda mehmon kutish boʻyicha oʻzbek eliga teng keladigani yoʻq. Ammo shoir qalbini qiynagan bu goʻzal xislatning ham chegarasi bor. Kutishni bilgan odam kuzatishni ham oʻrganishi kerak. Shoir”Mehmon kutishni-ku qoyillatamiz, qaniydi oʻrgansak kuzatishni ham”,[16]deya orzu qiladi.

Shavkat Rahmon ruhiyatida Vatanga sodiqlik, millatparvarlik ustunlik qiladi. Shoirni ona yurt tarixining ayanchli, kechirib boʻlmas yozuvlari qiynaydi, bugungi jannatmakon yurtga muhabbat qoʻyish, uni qadrlash, asrab-avaylash qanchalik muhim ekanligini shoir boshqalarni ham tushunib yetishini istaydi, bu tuygʻuni butun oʻzbek millatiga yetib borishini chin yurakdan xohlaydi. Shuning uchun ham shoir eng sara soʻzlarini aytishga, keyingi avlodlarga ham uni meros qilib qoldirib ketishga bor kuch – gʻayratini sarflaydi. Oʻziga berilgan qisqa umri davomida ona Vatani uchun, millat uchun nima qila olganligi uning qalbida mangu savol boʻlib yashaydi. Bir inson qilishi kerak boʻlgan ishni qilishga, kelajak avlod uchun maʼnaviy meros qoldirishga, oʻzining shoirlik soʻzini ayta olishga harakat qiladi. Shuning uchun ham u mana shu savolni beradi, uning javobini izlaydi:

 

Shavkat Rahmon degan

bir oʻjar shoir,

bir kuni qaytadan yaraladimi?

Hayotim maʼnisin juda koʻp oʻylab,

sayladim soʻzlarning

saralarini.[17]

 

Darhaqiqat, Shavkat Rahmon har bir sheʼr ustida, har bir satr ustida izlandi, oʻz fikrini shunchaki aytmadi, balki sara soʻzlarni izlab topishga harakat qildi. Shoir yuragiga yaqin boʻlgan sara soʻzlar mana shular edi: Har bir soʻz yuz soʻzning oʻrnini bosar… Vatan, Xalq, Jasorat, Kurash, Ozodlik.[18] Ona Vatan ozodligi, millat erki uchun kurash olib borish, kerak boʻlsa jonini fido qilib jasorat koʻrsatish aslida har bir fuqaroning insoniylik burchidir. Shoir saralagan bu goʻzal soʻzlarini kelajak avlodga qoldirib keta oldi. Shoirning har bir sheʼrida mana shu soʻzlar sheʼr uchun asosiy qurol, goʻzal vosita boʻla oldi. Lekin shunda ham shoirni bu soʻzlar qoniqtirmadi. Uning uchun “nonday zarur, “qilichday keskir”, “zaharday mard” soʻzlar kerak edi. Xalqni, millatni baxtiyor koʻrish, dardiga sheriklik, fuqarolik burchi Shavkat Rahmon kunlik taqvimining birinchi oʻrnini egallagan edi. U oʻzining oʻlmas satrlarida millat uchun, jamiyat uchun, kelajak avlod uchun kerakli boʻlgan masʼul soʻzini ayta oldi.

 

 

Rezyume

 

Maqolada Shavkat Rahmon sheʼrlari misolida poetik uslub masalasi tahlil qilingan. Shoir uslubining poetik timsollar ifodasidagi oʻziga xos jihatlari va soʻz qoʻllash mahoratiga eʼtibor qaratilgan.

 

V statye issledovan vopros poeticheskogo stilya na primere stixov Shavkata Raxmona. Osoboye vnimaniye udeleno osobennostyam tvorcheskogo stilya poeta i yego masterstvu v primenenii poeticheskix simvolov.

 

In the article the question of poetic style on the example poems Shavkat Rahmon. Particular attention is paid to the peculiarities of the creative style of the poet and his skill in the use poetic symbols and words.

 

Dilfuza TOJIBOYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

 


[1] Rasulov. A.Badiiylik – bezavol yangilik.  – T.:Sharq NMK bosh tahririyati, 2007. – 44-bet.

[2] Shavkat Rahmon. Yurak qirralari- T.:Gʻ.Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1981. – 5-bet.

[3] Oʻsha yerda. – 30-bet.

[4] Oʻsha yerda. – 30-bet.

[5] Oʻsha yerda. – 26-bet.

[6] Oʻsha yerda.. – 26-bet.

[7] Oʻsha yerda. – 66-bet.

[8]  Quronov D.,  Mamajonov Z.,  Sheraliyeva M. Adabiyotshunoslik lugʻati – T.:Akademnashr, 2010. – 339-bet.

[9] Shavkat Rahmon. Gullayotgan tosh.- T.:Yosh gvardiya, 1985. – 10-bet.

[10] Oʻsha yerda. – 10-bet.

[11] Oʻsha yerda. – 10-bet.

[12] Yoʻlchiyev  Q. Poetik olam sirlari.- T.: Akademnashr, 2012. – 49-bet.

[13] Shavkat Rahmon. Abadiyat oralab.- T.: Movarounnahr nashriyoti, 2012. – 219-bet.

[14] Oʻsha yerda. – 219-bet.

[15] Oʻsha yerda. – 219-bet.

[16] Oʻsha yerda. – 220-bet.

[17] Oʻsha yerda. – 216-bet.

[18] Oʻsha yerda. – 216-bet.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.