Shoir umrining haqiqatlari

0
221
marta koʻrilgan.

“Hayot intilishu kurashlardan, koʻtarinkiligu tushkunliklardan, rohatu uqubatlardan, ogʻishmasligu adashuvlardan, yutugʻu yutqiziqlardan, uchrashuvu ayriliqlardan, toʻgʻriligu qingʻirliklardan, qoniqishu attanglardan, inoqligu kelishmovchiliklardan, ulgirishu kechikishlardan, topishishu yoʻqotishlardan, mardligu gʻirromliklardan, ishonchu aldanishlardan, qisqasi – faoliyat va kechinmalardan iboratdir”.

Hayot haqidagi ushbu muxtasar va chuqur taʼrifni Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning “Oʻzbekiston” nashriyoti chop etgan “Ajinasi bor yoʻllar” kitobidan keltirdik. Fikrimizcha, ana shu birgina iqtibosning oʻzi ham taniqli adibning turmush kechinmalari bitilgan yangi asari haqida dastlabki va aniq, toʻgʻri va batafsil tushunchaga ega boʻlishga yordam beradi.

Ushbu asarning ilk variantini bundan bir muddat ilgari “Sharq yulduzi” jurnali sahifalarida oʻqigandim va gʻoyatda manzur taassurotlar olgandim. Oʻtgan davrda Anvar aka asarni yanada maromiga yetkazib, oʻz muxlislariga kitob holida taqdim etishga ahd qilganini nihoyatda qutlugʻ ish deb hisoblayman.

Yangi kitob janr nuqtai nazaridan avtobiografik asar ekaniga eʼtibor qaratish lozim. Toʻgʻri, keyingi yillarda yurtimizda bunday janrdagi kitoblar koʻplab nashr etilmoqda. Ayni chogʻda, Anvar Obidjon qalamiga mansub ushbu asarning bir qator oʻziga xos xususiyatlari borki, bu haqda alohida toʻxtalishni lozim topdim.

Birinchidan, kitob muallifi faqat tarjimai holini bayon etish bilangina cheklanib qolmaydi. Aksincha, asarda turmush qiyinchiliklarini yengib, adabiyot maydonida oʻz oʻrnini topishga tirishayotgan yosh qalamkash hayoti bilan bogʻliq real hodisalar sobiq shoʻrolar zamonining soxta tarixi bilan uygʻun holda tasvirlangan, yanada aniq qilib aytganda, tanqidiy-tahliliy negizda badiiy talqin etilgan.

Ikkinchidan, muallif oʻzi yashagan davr ruhini oʻz dunyoqarashi miqyosida haqqoniy, yaʼni hayotiy kechinmalarga yolgʻon aralashtirmay, borini boricha, ochiqchasiga yoza bilgan. Ayniqsa, adib mustabid tuzum davrida kechgan bolaligini, oʻsha mustamlakachilik zamoni qusurlarini hamda aldovlarning maʼnaviy tarbiyamizga yetkazgan salbiy oqibatlarini ochiq-oydin koʻrsatib bergan.

Misol uchun, Oʻzbekistonda paxta yakkahokimligi va uning mashʼum oqibatlari, qishloq ahlining ogʻir hayoti, koʻchirish siyosati, milliy xunarmandchilikning achinarli ahvoli, zayombozlik, milliy kadrlarga adolatsiz munosabat bilan bogʻliq muammolarni oddiy fuqaro darajasida tushunarli tarzda tasvirlagan. Albatta, bularning barchasi juda muhim ahamiyatga ega.

Uchinchidan, adib nafaqat oʻz hayot yoʻlini, ayni chogʻda, XX asrning ikkinchi yarmidagi siyosiy va madaniy muhit, oʻsha davrda yurtimizda kechgan adabiy jarayonlar bilan bogʻliq oʻzi koʻrgan-bilgan voqealarga bevosita munosabatini nihoyatda haqqoniy va samimiyat bilan tasvirlagan. Nazarimizda, aynan shu samimiyat hamda haqqoniylik, bir tomondan Anvar akaga xos ravon va shirali ifoda uslubining tub asosida tursa, ikkinchi tomondan, asarga nisbatan kitobxon ishonchini yanada oshiradi.

Masalan, Anvar Obidjon shoʻrolar davlatining bemaʼni soliq siyosati, yaʼni sovet kishisi eng koʻp soliq toʻlagani borasida fikr yuritar ekan, “Xrushchyov uy hayvonlariga ham soliq solganida, koʻp odamlar eshagini sotishga tutindi, goʻl xaridor topilavermagach, koʻchaga haydab qutulishdi”, deb ochiq va achchiq gaplarni soddagina qilib yozadi.

Toʻrtinchidan, kitobda milliy oʻzlikni anglash, madaniy meʼrosni eʼzozlash masalalari alohida oʻrin tutadi. Jumladan, adib “Yigchi eshon” (“Dukchi eshon”), “Bolosogʻun” (Poloson qishlogʻi), “Choltogʻ” (“Chortogʻ”), “Norota” (“Nurota”), “Kutargon” (“Kitkon” qalʼasi), “Zoʻroy ona” (“Zuray ona” yodgorligi), “Toʻngak ota” (“Toʻnga ota” maqbarasi) singari tarixiy ism, geografik nom va atamalar haqida mutlaqo yangicha, mantiqan asosli va gʻoyatda qiziqarli fikrlarni ilgari surgan.

Shu bilan birga, fikrimizcha, Anvar akaning faqat oʻzigagina xos boʻlgan yozish uslubi va xalqona (baʼzan, hatto oltiariqcha) sershira tili kitobxon eʼtiborini tortmasdan qolmaydi. Bu haqda soʻz borganda, muallif “kezgʻich” (“planeta”), “oʻqtosh” (”meteorit”), “koʻtakarava” (“brichka”), “sezgikuch” (“instinkt”), “kuchalatosh” (“batareya”), “eltuynuk” (“fortochka”), “lappak” (“plastinka”), “buragich” (“klyuch”), “chuchvaradoʻpi” (“pilotka”), “olovbardosh” (“ogneuporniy”), “karnaypocha” (“klyosh”), “qoʻnimdor” (“propiska”) kabi koʻpgina baynalmilal atamalarning oʻzbekcha muqobillarini topib qoʻllaganini alohida taʼkidlash darkor.

Kitobning mundarijasi mantiqan tuzilgan. Sarlavhalar tegishli fasllar mazmunini toʻla aks ettiradi. Har bir boʻlim uchun berilgan muallif epigraflari – Kulkul afandi va Gulmat Shoshiydan iqtiboslar oʻrinli, esda qolarli va faylasufonadir. Sahifalardagi kerakli oʻrinlarda muallif qalamiga mansub sheʼrlar, xususan, “uchchanoqlar”dan namunalar berib borilgani ham nihoyatda maʼqul. Kitob sahifalaridan milliy adabiyot, Sharq va Gʻarb adabiyotiga hurmat-ehtirom ruhi ufurib turibdi.

Anvar aka bir oʻrinda “Falsafasiz yashash tinchroq, faylasuflik halovatingni buzadi”, deb qayd etgan boʻlishiga qaramay, adibning kitobida oʻtkir falsafiy fikrlar juda koʻp. Mana, oʻsha quyma hikmatlardan ayrim namunalar:

“Dilporani deb oʻz dilini pora qilish! Ilohiy jasorat bu!”;

“Sof qolishga tirishish, nahotki, kirlikka qoʻshila borish jarayonidan koʻra uqubatliroq boʻlsa?”;

“Tush narigi dunyoning mavjudligidan muttasil darak berib turuvchi… ilohiy bir moʻjizadir”;

“Birlikda hamma oʻzini xavfsiz sezadi”;

“Shunchaki shashtni qoʻzituvchi, yotlarga ziyoni tegmaydigan hasad ijobiydir”;

“Bu otbozor olamda Vatan tugul, baʼzan oʻz ota-onangni topib olishing ham oson kechmaydi”;

“Zamon xudoga shaydolanishingga imkon beradigan zamon emas edi”;

“Oʻt bilan kulcha faqat tandirda yuz koʻrishadi”;

“Qanchalar keng boʻlmasin, yoʻlbars qafasga, erkak uyga sigʻmaydi”;

“Bariga bas kelaman deyish – pastga yumalayotgan ulkan xarsangni toʻxtatib qolishga urinishdek gap”;

“Men erkin yurtda xor-zor boʻlib yashashgayam roziman”;

“Yomondan jon saqlash uchun har qanday makkorona usulni qoʻllasa boʻlaveradi”;

“Bu gʻalati mutelik virusi qonimizga nechanchi ajdodimizdan oʻtib kelayotganikin?”;

“Tilni tiyib yurib, bor zardobingni qogʻozga qusaver!”;

“Baʼzida ishdan boʻshash oʻzing suymagan xotin bilan ajrashayotgandek huzurbaxsh tuyuladi”;

“Agar tugʻma lanj boʻlmasang, yaxshi kayfiyatda boshlayotgan yumushing unum keltirmay qolmaydi”;

“Bolalar adabiyotida qoʻriq yerlar koʻp, oʻzlashtirishga astoydil urinayotganlar esa kam”;

“Yangilikni yaratishdan koʻra uni tan oldirish oʻn marta qiyin”;

“Elni kamolotga yetaklash istagida yonmoq – yaxshi maʼnodagi millatchilikdir (balki buni “milliychilik” deb atash toʻgʻriroq boʻlar)”;

“Yemishi yerda boʻlsa-da, tuyalarga tepalanmaslik uchun toʻrgʻay uchishni oʻrgandi”.

Muxtasar qilib, Anvar Obidjonning “Ajinasi bor yoʻllar” kitobini XX asr ikkinchi yarmi Oʻzbekiston tarixining badiiiy-siyosiy tasviri, adibning kamtarona iborasi bilan aytganda, “umr haqiqatlari ramzi” deb baholash mumkin.

Qolaversa, ushbu kitob – hayotga muhabbatning oʻziga xos shoirona ifodasidir. Anvar Obidjonning oʻzi bu haqda: “Yashamoqqa boʻlgan bu sevgimning mavjudligiga ajdodlarim va yaqinlarim bilan bogʻliq asal-asal xotiralar ham sababchi ekanini turmushda qut-qut ilgʻab turaman”, deb eʼtirof etadi. Muhtaram kitobxonga ana shu “asal xotiralar”ning birinchi kitobi muborak boʻlsin! Sevimli adibimizga esa navbatdagi kitobni insho etish yoʻlida bemisl ilhom va kuch-gʻayrat tilab qolamiz.

 

Akmal SAIDOV,

professor

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.