Shoir boʻlish shuncha osonmi?..

0
964
marta koʻrilgan.

Gazetamiz oʻquvchilari asosan yoshlardan iborat boʻlgani bois, tahririyatga keladigan maktublar ham koʻpincha yoshlar tomonidan yuborilgan boʻladi.

Endi ishga kirgan paytlarim qoʻlimga konvert tutqazishsa, uning ichida goʻyo dunyodagi eng sirli bitiklar joylashib olgandek, ularni birinchi boʻlib oʻqish sharafi menga nasib etayotgandek hayajonlanardim. Bu holat uzoq emas, bor-yoʻgʻi bir necha oy davom etdi. Toʻgʻri, avvaliga, xat tarzida joʻnatilgan sheʼrlarni (darvoqe, lof boʻlmasinu, har oʻnta konvertning toʻqqiztasida sheʼr boʻlardi) titroq bilan oʻqirdim. Gazetaga xat joʻnatishsa, uning ichida Vatan, ota-ona, bahor, oqil bobo, mehribon buvilar haqida sheʼrlar boʻlsa, qanday yaxshi! Lekin bora-bora bunday mavzudagi sheʼrlar shu darajada “oqib” kelardiki, ular qanchalik koʻp va zerikarli boʻlsa, men shunchalik hafsalasizlik, loqaydlik bilan, shunchaki majburiyat yuzasidan oʻqiydigan boʻldim.

Hayron qoldirgani sheʼrlardagi badiiy saviyaning “yuksak”ligi emas, “yosh, kelajagi olovday porloq “shoir”ga tuppa-tuzuk nomi chiqqan ijodkorlarning yozgan “oq yoʻl”lari. Soʻzim juda quruq boʻlib qolmasin, bir misol aytay. Ikki yilcha avval, bir shoira kelib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olishga intilayotgani, sheʼrlarini shaxsan bir adibning oʻzi (u adibni hamma biladi, shoir emas, yozuvchi) koʻrib, oq fotiha berganini aytdi. Qarasak, rostdan ham mashhur yozuvchining imzosi bilan ikki bet nimadir yozilgan. Qiziqib oʻqib koʻrdimu, turli gumonlarga bordim. Sevimli adibim, asarlarini miriqib oʻqigan adibim shunchalar grammatik va orfografik xatolar bilan yozar ekanmi? Qolaversa, bir oʻrinda jumla yaxshi boshlanganu, qoʻshma gap boʻlgani uchunmikan, muallif gapining davomida adashib ketgan. Shu gapni biror inshomda yozganimda, ona tili muallimimiz qizil ruchka bilan ustidan chizib tashlagan boʻlardi. Bu esa mashhur adibning qalamidan toʻkilgan jumla edi… Sizni ishontirib aytaman, men bu “oq yoʻl”ni sevimli adibim oʻz qoʻli bilan yozganiga shubha qildim. Ha, endi, u zotning vaqti yoʻq boʻlsa, shoira kelaverib bezor qilib yuborganu, adibimiz oʻzbekchilik qilib: qizim, oʻzingiz bir nima qoralab keling, qoʻl qoʻyib beraman, degan boʻlsalar kerak-da, deb oʻyladim…

Soʻzlarimni oʻqib, ayrim yosh shoirlar ranjisalar ham aytaman, tahririyatga yuboriladigan sheʼrlarning aksariyati sheʼriyatning eng oddiy talablariga ham javob bermasligi yetmaganidek, koʻpchiligining mazmuni sayoz boʻladi. Masalan, Vatan haqidagi sheʼrlarning barida mazmun shunday: “Vatanim dunyoda tanho, uning ob-havosi zoʻr. Qizlari chiroyli, yigitlari mard, oʻzi serquyosh!”. Bu sheʼrning boshi va oʻrtasidagi mazmun. Yakunda: “Senga jonimni fido qilaman, baxtimga doim omon boʻl!” deyiladi. Agar gʻazal boʻlsa, oxirgi baytda ismini ham chiroyli minnat bilan tirkab qoʻyishadi. Baraka topkur, bekordan-bekorga joningni fido qilib nima qilasan, undan koʻra el-yurtga qoʻlingdan kelgancha (mayli, ulkan binolar qurma, unga bitta gʻisht uzat!) xizmat qil, degimiz keladi.

Ona haqidagi sheʼrlarda, endi oʻzingizga maʼlum, onalarning mehribonliklari, fidoyiliklari madh etiladi. Goʻyo onalar shu qaytariq madhlarga muhtoj! (Toʻylarda bilasizmi, “Men shu ikki yoshga ulkan baxt tilayman” , deyishadi. Yoʻq narsa tilanadi, bor narsani tilab nima qilasiz, akasi, demaydi hech kim. Ular shundogʻam baxtli, ularga baxt tilamang, baxtingiz bardavom boʻlsin, deng, yetadi).

Yoʻq, qalamkashlarni nosamimiy, maqsadsiz yoki ermak uchun yozishadi desam, juda ham toʻgʻri boʻlmaydi. Maqola, sheʼr, hikoya yozib joʻnatgan yoki bevosita tahririyatning oʻziga olib kelgan mualliflarning koʻpi bemaqsad emas. Deylik, aksariyat tengdoshlarimiz oʻz ijod namunalari bilan biror tanlovda qatnashishni maqsad qilgan boʻladilar. Albatta, bunda ularni qoʻllab-quvvatlash kerak. Biroq bizni oʻyga soladigani shuki, ularning hammasi ham adabiyotni sevadi, badiiy ijodni oʻzlarining hayoti, qismati, dardu quvonchini ifoda etishga goʻzal bir vosita, koʻngil ishi deb biladi, deyish qiyin…

Yaqinda, tahririyatga bir shoir keldi. Keladiganlardan farqli ravishda, yoshi yigirma-yigirma beshda emas, ellikni qoralab qolgan, koʻrinishidan tajribali qalamkash.

Vatan haqida sheʼr yozgan ekan. Oʻqidik. Bildikki, muallif Vatanni juda ham sevar ekan. Sheʼrda el-yurtga muhabbat aks etgan edi. Sheʼrning ostiga, bilmadim, muharrir uchun boʻlsa kerak, shunday izoh ham berilibdi: “Men ushbu kamtarona yozgan sheʼrim bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshmoqchiman”.

Shoirning ulugʻ niyatlari ijobat boʻlmogʻini tilab, qachondir foydalanish maqsadida (ilgari tahririyatlardan mualliflarga “sheʼringizdan (maqola, hikoyangizdan) oʻrni kelsa foydalanamiz” degan javob kelardi) uni “esdaliklar tortmasi”ga yaxshilab joylab qoʻydik…

 

Elmurod NISHONOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.