Shoh va shoir

0
2803
marta koʻrilgan.

Moziyning koʻhna sahifalari shundan dalolat beradiki, ona yurtimizda koʻplab soʻz sanʼatkorlari, maʼrifat dargʻalari kamol topdi. Ular avlodlar xotirasida mangu yashaydigan oʻlmas siymolarga ay­landi. Zamonlar oʻzgaradi, insonlarning  yashash tar­zida roʻy bergani kabi dunyoqarashida ham evrilish­lar sodir boʻladi, ammo bu zotlarning nomi barhayot qolaveradi. Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Ogahiy, Soʻfi Allohyor… Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Ana shu muborak nomlar bilan bir qatorda shubhasiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi ham tilga oli­nadi.

Sharqdagi uygʻonish davrining buyuk namoyandalari orasida Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi alo­hida ajralib turadi. Boburning ijodiy fao­liyatiga baho berish chogʻida shoir faoliyatining keng tarmoqli ekaniga ahamiyat qaratish zarur. Bu toifaga man­sub ijodkorlar sharq adabiyotida unchalik koʻp emas. Boburning hayot yoʻli esa nihoyatda murakkab, zid­diyatlar va sinovlarga toʻla.

Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi va faoliyati oʻz zamonasining qarama-qarshiliklari negizida shakl­­­langan. Aytish mumkinki, u ham barcha ijodkorlar singari oʻz davrining farzandi. Shuning uchun ham Bobur sheʼrlaridagi kayfiyatga qarab shoir yashagan davrni tasavvur etish mumkin. Uning adabiy merosida adabiyot uchun hech qachon eskirmaydigan va oʻzining badiiy ahamiyatini yoʻqotmaydigan gʻoyalar bor.

Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz sheʼriyati bi­lan inson yuragining sohir manzaralarini kashf eta olgan. Shoir sheʼrlarida goh toleʼ yoʻqligidan shi­koyat qiladi, gohida bahor chogʻidagi goʻzalliklarni yoshlikka qiyoslaydi va bu qiyoslardan oʻzi ham zavq oladi. Taʼbir joiz boʻlsa, Bobur ijodida baxt va kulfat, ishq va nafrat, visol va ayriliq, najot va ilojsizlik yonma-yon yuradi. Shoir oʻz ijodi vositasida oʻzaro qarama-qarshi boʻlgan bu tuygʻularning betakror mutanosibligiga erisha olgan.

Bobur oʻzidan oldin yashab oʻtgan shoirlardan farqli tarzda  ijodida xalq tili bilan adabiy til oʻrtasidagi oʻrtamiyona bir uslubni tanlab oladi. Uning adabiyotda erishgan muvaffaqiyatlari ham ijodining mazkur fazilati bilan chambarchas bogʻliqdir.

Maʼlumki, Alisher Navoiy ijodiy faoliyati da­vomida  shakl va mazmun uygʻunligiga erishish yoʻlida juda koʻp ezgu ishlarni amalga oshirdi. Keyinchalik Navoiyning maʼnaviy shogirdi boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham ustozi izidan bordi. Shoirning dilbar gʻazallari, ruboiylari, ilmiy asarlari ba­diiy tafakkurning noyob gavharlariga aylandi.

Bobur oʻzbek sheʼriyatiga oʻziga xos yangicha ruhni olib kirdi. Sheʼrlaridagi sodda va barchaga birdek tushunarli boʻlgan ifodalar, samimiy dil izhorlari, dardning dilkash ohanglari ila koʻngillarni zabt etdi.

Bobur soʻzning badiiy kuchi bilan bir qatorda oʻzining shoirlik isteʼdodidan ham unumli foydalana olgan. Ushbu misralarga diqqat qiling:

 

Har nechuk tavr qil, bu javr etma,

Har nechuk javr qil, bu tavr etma…

 

Forigʻ erdim, qanoatim bor edi,

Qoneʼ erdim, farogʻatim bor edi.

 

Bu misralarga eʼtibor bergan oʻquvchi ulardagi musiqiylikni, soʻzlar ohangi bir-biriga yaqin ekanini  anglaydi. Masnaviy usulida bitilgan bu misralar shoirning oʻziga xos tarjimai holidir. Aytish mum­kin­ki, Bobur mumtoz adabiyotimizdagi qator sheʼriy sanʼatlarni qoʻllagan holda betakror asarlar yarat­gan.

Zahiriddin Muhammad Bobur sheʼriyati oʻz xu­susiyatlari bilan Mavlono Lutfiy sheʼriyatiga yaqin turadi. Uning gʻazallari boshqa sharq shoirlari singari murakkab emas. Aksincha, har bir oʻquvchi uchun tushunarli hamda ravon uslubda yozilgan. Vazn jihatidan ham Bobur va Lutfiy sheʼriyati oʻrtasida oʻzaro oʻxshashlik bor. Adabiyotshunos olimlarimizdan Ibrohim Haqqul Lutfiy va Bobur ijodidagi oʻx­shash­liklarni oʻz izlanishlarida birinchilardan boʻlib qayd eta olgan.

Bobur gʻazallarida har bir insonga tanish boʻlgan insoniy tuygʻular kuylangan. Shoir gʻazallarining oʻziga xos fazilatlaridan biri ulardagi fikr va ohangning tabiatdagi oʻzgarishlar, yangilanishlar bi­lan hamohangligida koʻrinadi. Shoir inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatni, oʻxshashlikni oʻz misralarida juda goʻzal ifodalab beradi.

Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzing hajrida sargʻar­dim…

Diqqat bilan qaragan odam shoir tazod sanʼatini qoʻllash orqali juda goʻzal soʻz oʻyini tuzganini ilgʻab olishi mumkin. Shoir maʼ­shuqa yuzini gulga qi­yos­lashi bilan bir qa­torda, uning firoqida kuygan oshiq chehrasini xa­zon­ga oʻxshatmoqda. Gar­chi bu oʻxshatish mumtoz ada­biyotimiz tarixida Bo­­burga qadar juda koʻp ma­rotaba qoʻllanilgan boʻl­­­sa-da, Bobur uning yangicha koʻrinishini kashf eta ol­gan, deyish mumkin.

Maʼlumki, shoir yoz­­gan sheʼr uning ichki, ru­hiy ehtiyojlariga ja­vob bera olishi kerak. Aks holda u boshqalar u yoqda tursin, oʻzini ham ishontira olmaydi. Sheʼrda ifodalanmish tuy­gʻularga zarracha sox­ta­lik aralashmasligi za­rur. Negaki, sheʼriyat yol­gʻonlarni kechirmaydi. Za­hi­riddin Muhammad Bobur adabiyotning bu qatʼiy talabini juda yaxshi tushungan. Shuning uchun nafaqat sheʼriy asarlarida, balki me­muar­lari va nasriy asarlarida ham faqat rost soʻzlarni bitgan. Oʻzining hayot haqidagi fikrlarini, ijtimoiy qarashlarini, insoniy ehtiroslarini sodda yoʻllarda ifodalashga intilgan. Adabiyotshunoslar tilida aytadigan boʻlsak, samimiyat va soddalik Bobur ijodining ikki goʻzal qirrasi sanaladi.

Bunga misol tariqasida albatta hech ikkilanmay “Boburnoma”ni keltirish mumkin. Garchi biz bu maj­muani memuar asar deb atasak-da, u shoir yashagan davr haqida eng toʻliq va eng toʻgʻri maʼlumot beradigan noyob tarixiy manbalardan biri sana­ladi. “Boburnoma”ning tarixiy ahamiyati haqi­da soatlab gapirish mumkin. Bobur bu asarida oʻz davri hodisalarini qanday sodir boʻlgan boʻl­sa, oʻshandayligicha tasvirlagan. Hatto oʻzi va yaqin­larining xatolarini ham yashirib oʻtirmagan.

“Boburnoma” nafaqat sharq xalqlari tarixida, balki dunyo tarixida ham katta ahamiyatga ega boʻlgan asarlardan biridir. Shuning uchun ham tarix fani bilimdonlari bu asarga juda yuksak baho berishadi.

“Boburnoma” Oʻrta Osiyo, Hindiston, Afgʻo­nis­ton kabi mamlakatlar tabiati haqida, aholisining yashash tarzi xususida mukammal maʼ­lumot beradigan man­balardan biridir. Bobur biror bir hudud haqida maʼlumot berar ekan, uning oʻziga xos xususiyatlarini ham sanab oʻtadi. Hatto qushlar va gullarning noyob turlarini ham eʼtibordan chetda qoldirmaydi. “Kobulda lolaning oʻt­tiz toʻrt turi bor ekan”, deb yozadi bir oʻrinda. Shu maʼnoda aytish mumkinki, u oʻz ijodi bilan nafaqat adabiyot fani rivojiga hissa qoʻshdi, balki qa­dim sharqning qomusiy olimlari izidan borib, musiqa, tarix, adabiyotshunoslik, geografiya fanlarining, shu bilan birgalikda harbiy sohalarning taraqqiyotiga ham munosib ulush qoʻsha oldi.

Darhaqiqat, Bobur dil­bar shoir. U – soʻz musav­viri. Bunday deyishga toʻliq asosimiz bor. Negaki shoir soʻz vositasida ona yurt manzaralarini, tabiat goʻzalliklarini tas­­virlaydi. Bobur gʻa­zal­­­larida subhidam cho­gʻi gʻuncha uzra yogʻilgan shabnam nafisligi, yomgʻirdan soʻng osmon toqiga narvon solgan kamalak jilosi, muhabbatli koʻngilning jamiki sirlari oʻz mujassamini topgan. Demak, hali shoir ijodidan juda koʻp narsalarni oʻrganish mumkin. Zero, har bir oʻquvchi Boburni oʻzicha sharhlaydi, oʻzicha kashf etadi.

 

Dilnavoz RAHMATOVA,

Jahon tillari universitetining

nemis filologiyasi fakulteti oʻqituvchisi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.