Sheʼriyatimizda Qodiriy anʼanalari

0
5650
marta koʻrilgan.

Abdulla Qodiriy va Erkin Vohidov

 

E. Vohidov ijodining A. Qodiriy merosiga aloqadorligi bir qarashda koʻzga yaqqol tashlanmasligi mumkin, lekin sinchiklab koʻzdan kechirilganda ustoz-shogird maʼnosidagi ijodiy taʼsirlanishni koʻrmaslik mumkin emas. Umuman olganda esa, Qodiriydan keyin oʻzbek adabiyoti maydoniga kirgan jiddiy ijodkorlarning deyarli hammasi bu ulugʻ yozuvchi siymosi va merosidan bevosita yoki bilvosita taʼsirlangan, deb aytish toʻgʻri boʻladi. Chunki Qodiriy isteʼdodining kuchi shu darajada koʻlamli ediki, u nafaqat oʻzbek romanchiligiga asos soldi, nafaqat Behbudiy, Fitrat, Hamza va Choʻlponlar bilan birgalikda yangi oʻzbek adabiyoti tamal toshini qoʻydi, ayni damda, qardosh turkiy xalqlar nasriga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Bu fikrlarni zamonamizning zabardast ijodkori, Oʻzbekiston qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov ham tasdiqlaydi. Uning Qodiriy bilan bogʻliq fikr-mulohazalari “Iztirob”[1] va “Shoiru sheʼru shuur” nomli adabiy-tanqidiy maqolalari, suhbatlari jamlangan kitoblarida oʻz aksini topgan. “Iztirob” toʻplamidan joy olgan “Qadrimiz, qadriyatimiz” nomli moʻjaz maqolasida E. Vohidov Qodiriyyu Choʻlponlar qismati bilan, dastlab, asosan, ustozlarning hikoyatlari vositasida tanishganini aytadi: “Otaning, uztozning muqaddas vazifasi farzand, shogird qalbiga haqiqat urugʻini ekmoqdir. Domla Gʻayratiy ana shunday ota va ustoz edi. U elliginchi yillarning boshida, Choʻlpon, Qodiriylar toʻgʻrisida soʻzlashish ham qatagʻon bir zamonda biz – yettinchi, sakkizinchi sinf oʻquvchilari boʻlgan “dildoshlari”ga ularning hayotini, ijodini soʻzlab berardi. “Oʻtgan kunlar”ning boblari ustoz ovozi bilan qulogʻimda qolgan”.[2]

Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon kabi talay Istiqlol fidoyilarining asarlari millatimizning chinakam mard ziyolilari, kitobxonlari tomonidan uzoq vaqt mobaynida uylarining yertoʻlasi, tomboshisi va ogʻilxonalarining koʻzdan pana kunjlariga berkitilgan, baʼzan esa xotiralar qaʼrida saqlangan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki mening oʻzim ham taxminan 1988–89 yillarda xuddi shunga yaqin bir holning guvohi boʻlganman. Avvalgi ToshDU, hozirgi OʻzMU filologiya fakultetidagi darslardan birida professor A. Aliyev A. Choʻlponning ulugʻ rus shoiri A. S. Pushkindan oʻgirgan “Gul va bulbul” nomli sheʼrini yoddan oʻqib, soʻng bu sheʼrni u bolalik chogʻida yod olgani, sheʼrning quyma ohangdor va mazmundor boʻlgani uchun sirayam yodidan chiqarmaganini aytib bergan edi. Chunki adabiyot tarixidan yaxshi bilamizki, Choʻlponning ilmiy-badiiy va tarjima asarlari chop etilmas, qachondir chop etilganlarining mutolaasiga ham mutlaqo ruxsat yoʻq edi. Xuddi shunday, A. Qodiriyning asarlari ham necha oʻn yilliklar mobaynida xalqdan olisda tutildi. Shunga qaramasdan, odamlar qaysi bir yoʻllar bilan ulugʻ adibdan qolgan merosga talpinib, oʻz badiiy-estetik zavqini qondirishga urinib keldi. Erkin Vohidov yozadi: “Eski qorongʻi qaznoq shiftidan topib olganim (belboqqa tugib oʻralgan) “Mehrobdan chayon” meni bir hafta burchak jinnisi qilib qoʻygan edi. Koʻzlardan yiroq joyni topib olib muk tushgancha oʻqiganim oʻqigan edi.

Agar Farhodning Shirin, boʻlsa Majnunlarning

Laylosi,

Nasib etmish menga gulshan aro gullarning

Raʼnosi.

Hozir shu satrlarni oʻqisam, oʻsha qaznoqning nimyorugʻ burchagi yodimga tushadi, sargʻaygan varaqlar koʻzimga koʻrinadi, chang hidi dimogʻimga uriladi”. Bu satrlar shoirga bir umr yod boʻlib kelgani, uni ilhomlantirgani, Navoiyyu Fuzuliylarning ijodidagi shohbaytlar yangligʻ aruz vazniga mehr bogʻlashiga turtki boʻlgani, umuman, uning ijodiy kredosini koʻp jihatdan belgilaganini E. Vohidovning oʻzi eʼtirof etadi: “Kishi umrida oʻqigan kitoblar ichida shundoq kitoblar boʻladiki, ular umrining bir qismiga, inson oʻzligining tarkibiga aylanib qoladi. “Oʻtgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” men uchun ana shunday kitoblardan. Ular meni odam qilib shakllantirgan. Dunyoqarashimni, yuragim holatini belgilagan, umrim boyligi boʻlgan kitoblar sirasiga kiradi”.[3] Koʻrinadiki, Qodiriyning yuqorida ismlari zikr etilgan ikki romani Oʻzbekiston Xalq shoiri ijodining shakllanishida juda katta oʻrin tutgan. Aslida, ushbu fikrni rivojlantirib, yanada kattaroq miqyoslarda aytish mumkin va kerak. Chunki bir qarashda, Qodiriy va Vohidov ijodlarida hech qanday zohiriy mushtaraklik yoʻqdek. Ammo masalaga ichkaridan, ijodkorning badiiy-estetik didining tadriji nuqtai nazardan qaralsa-chi? Bunda vaziyat butunlay oʻzgacha manzara kasb etadi. E. Vohidovning oʻz eʼtirofi boʻyicha, “Oʻtgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlari shoir umrining bir qismiga, uning oʻzligi tarkibiga aylanib ketgan. Bu degani shuki, tashqaridan bu ikki ijodkor asarlari har qancha tafovut qilsa-da (biri XX asr avvalida, nasrda, boshqasi XX asrning oltmishinchi yillaridan keyin, nazmda ijod qilgan), botinan uzviylik kasb etib, vorisiylik xalqalarini paydo qiladi. Shu tomondan boqilganda, Qodiriy, Choʻlpon va Hamza kabi asoschi sanʼatkorlarning asarlari butun boshli XX asr oʻzbek adabiyotining ravishiga Yangi oʻzbek adabiyoti tongi otgandan beri zalvorli taʼsir koʻrsatib kelayotir, deya baralla aytish mumkin va zarur. Bu taʼsir Qodiriy va Choʻlpon asarlari oʻqilishi man etilgan chogʻlarda ham toʻxtagan emas, toʻxtashi mumkin ham emasdi. Chunki ular Navoiy asos solgan yozma oʻzbek adabiyotida yana bir yangi yoʻlni boshlab bergan yoʻlboshchilar edi. Bu taʼsir, avvalo, dunyoni badiiy-estetik idrok etishda, adabiy metodda, qolaversa, obrazlar tizimiyu badiiy priyomlarda, uslubda seziladi. Mana, E. Vohidovning oʻzi bu haqda nima deydi: “Abdulla Qodiriy ruhi bizni uygʻoqlikka chaqiradi. Qoʻydek yuvvosh tarqoq va bechorahol boʻlmaslikka undaydi. Oʻz haqi, huquqini tanigan inson – butun inson. Oʻz qadru qiymati, shonu sharafini asrayotgan xalq – butun xalqdir”.[4] Koʻrinadiki, Qodiriy oʻz hayoti va asarlari bilan kelgusi avlodni uygʻoqlikka chaqirar, uni oʻz haqini bilib yashashga undar ekan. Shundan kelib chiqqan holda, E. Vohidov qalamiga mansub “Ruhlar isyoni”[5] dostoni qatlaridagi isyon motivini eslasangiz, hammasi yanada tushunarli boʻladi. Dunyoqarashining shakllanishida Qodiriyning oʻrni va taʼsirini shoir ikki jabhada koʻradi. Biri taqdiri, boshqasi ijodi misolida. “Isyonkor sheʼrlarim zimnida ana shu taʼsir bor. Shu maʼnoda men – men koʻrgan, yaqin muloqotda boʻlgan odamlardan, asarlarini oʻqigan ijodkorlardan iborat boʻlsam kerak, deb oʻylayman”, deydi u kaminaning savollariga javob berarkan.

E. Vohidov sheʼrlarida Qodiriy asarlari (romanlari)dan bevosita taʼsirlangan oʻrinlarni topib koʻrsatish, albattaki, mushkul. Ammo XX asrning ikkinchi yarmida gʻazal janriga yangi zamon toʻnini kiydira olgan (“Yoshlik” devoni bilan) shoirning oʻzi aytadiki, “mening mumtoz sheʼriyatimizga qiziqishimda Navoiyyu Fuzuliylardan keyin Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanida keltirilgan gʻazallar benihoya katta taʼsir qilgan. Shu maʼnoda, Qodiriy asarlari ruhi ijodimda sezilib turadi, deya bemalol ayta olaman”, deydi. Buning isbotini yana shu dalilda koʻrsa boʻladiki, shoir Qodiriy romanlarini isloh qilingan alifbolarning barchasida (arab, lotin va kirill imlolarida) oʻqib chiqqanligini taʼkidlab aytadi. “Qodiriy asarlari, nazarimda, proza emas, poeziyadir. Ular sheʼrdek oʻqiladi. Qodiriy va Choʻlponlarga tuzumning munosabati, aslida, mening va tengdoshlarimning tuzumga boʻlgan munosabatlarimizni maʼlum maʼnoda belgilagan edi”, deydi shoir suhbat chogʻida.

“Qodiriyni Yevropa unchalik yaxshi qabul qilmaydi. Chunki Sharq va Gʻarb dunyoqarashi va falsafasi oʻrtasida katta farqlar mavjud. Masalan, Yevropa va hatto rus kishisi “Oʻtkan kunlar” romani bosh qahramoni Otabekni muhokama qilgan boʻlardi, “Nima uchun u oʻz erkini ota-onasiga topshirib qoʻydi, oʻz baxti va muhabbati uchun kurashmadi?” degan boʻlardi. Albatta, bu eʼtirozlar Gʻarb dunyoqarashi va falsafasi nuqtai nazaridan toʻgʻridir, lekin Qodiriy asarlarini, uning rango rang qahramonlari ruhiyatini toʻgʻri tushunish uchun oʻquvchi Sharq insoni boʻlishi shart. Yevropa kuch-qudratni yaxshi koʻradi. Majnun tabiatida ojizlik bor, boʻysunishga moyillik bor. Ammo bu shunchaki ojizlik emas, balki Olloh oldidagi ojizlik bilan bogʻliq falsafaga borib taqaladi. Bunday ojizlikni Gʻarb qabul qilmaydi, tushunmaydi. Shuning uchun Qodiriyni Yevropalik toʻgʻri baholay olmaydi”,[6] deydi shoir. Yaʼni, boshqacha aytganda, Qodiriy asarlari shoirning Gʻarbu Sharq haqidagi oʻy-mulohazalariga, umuman, ijodining kamol topishiga ulkan taʼsir qilgan.

Asrning ilk choragida Abdulla Qodiriy, Erkin Vohidov taʼbiri bilan aytganda, “butun inson” sifatida yashab, ijod etgan koʻyi xalqining butunligiga munosib hissa qoʻshgan esa, asrning soʻnggi choragiga kelganda, Vohidovning oʻzi ulugʻ salaf adib yoʻlidan borib, millat dardi aks etgan yoniq sheʼrlar, dilrabo gʻazallar, qalbu onglarga muhrlanadigan dostonlar bitdi, natijada, bu ikki ijodkor “hamkorligi” misolida avlodlar oʻrtasidagi vorisiylik anʼanasining davom etib kelayotganini kuzatishimiz mumkin boʻldi.

 

 

Abdulla Qodiriy va Muhammad Yusuf

 

Oʻzbek adabiyotida juda koʻplab shoirlar Qodiriyga, uning oʻlmas romanlari qahramonlari – Otabek, Kumush, Anvar, Raʼnolarga sheʼrlar bagʻishlaganlar. Lekin bu borada M. Yusufning xirmoni uzoq-uzoqlardan ham koʻzga yaqqol tashlanib turadi: shoirning bir necha oʻnlab goʻzal va haroratli sheʼrlari ayni mavzuda bitilgan. Muhammad Yusufning Qodiriy siymosiga, uning asarlariga, xususan, “Oʻtkan kunlar” romaniga, uning qahramonlari – Otabek, Kumush va Zaynabga murojaat tarzida yozgan sheʼrlari, ayniqsa, koʻpchilikni tashkil etadi. “Vatanim”, “Tushimga kiradi Qodiriy bobo”, “Muhabbat”, “Kundoshli uy”, “Laganbardorlar”, “Yurtim, ado boʻlmas armonlaring bor”, “Sodda Muhammadman”, “Kinoga kirmayman”, “Zaynab qoʻshigʻi”, “Bibi”, “Otabek qoʻshigʻi”, “Tushimga kiradi Qodiriy bobo” (shoir bir xil nom ostida ikkita sheʼr bitgan), “Toshkent”, “Ona tilim” kabi sheʼrlarida bevosita yoki bilvosita Qodiriyning oʻziga va asarlariga, ularning qahramonlariga murojaat bor boʻlib, buning maʼnosi gʻoyat teranlarda ekanligi, yaʼni ikki ijodkor ruhining xalq ruhiyatiga yaqinligi bilan izohlanadi. Xususan, Istiqlolga erishgan millatning estetik, ijtimoiy, siyosiy, madaniy va ruhiy jihatdan qaddini tiklashi pallasida Qodiriydek yurt ozodligi va millat ravnaqi yoʻlida jonini fido qilgan qahramonlar nomini eslanishi, ularning yodi va ishlariga suyanilishi alaloqibatda maqsadu intilishlar mushtarakligidan dalolat boʻlib, M. Yusufning ayni mavzudagi sheʼrlari soʻzimizning yaqqol misolidir. Shu maʼnoda, shoir sheʼrlarini mazmun-mundarijasiga koʻra bir necha guruhga ajratishimiz mumkin. Chunonchi, bevosita “Otabek qoʻshigʻi”, “Kumush”, “Zaynab qoʻshigʻi” kabi sheʼrlar “Oʻtkan kunlar” romani qahramonlari tilidan yoki ularga murojaat tarzida bitilgan. Shunisi eʼtiborga loyiqki, shoir har bir sheʼr qahramoni koʻzi bilan dunyoga qaraydi, ularning dardini (oʻz nazarida davom ettirgan holda) sheʼr tili bilan izhor aylaydi:

 

Sen Shirinu men ham Farhod emasman,

Sen achchigʻu men ham novvot emasman.

Zaynab, Zaynab, menga aytma zoringni,

Sen dilxunu men ham dilshod emasman…

 

Boshga neki tushsa, koʻkdan atomish,

Biz bir qafas aro giryon bir juft qush.

Bir goʻshada sen xomushsan, men xomush

Sen vayronu men ham obod emasman…[7]

 

Shu tarzda shoir Otabek tilidan romanda bayon etilgandan oʻzgacharoq manzaralarni chizadiki, natijada oʻquvchi Otabekning chorasizlikda qolgan holatini, dardini teranroq, koʻlamliroq anglaydi, ayni damda, Zaynab tushib qolgan vaziyatga, uning fojiasiga ham boshqa nuqtai nazardan razm soladi, unga salbiy qahramonga qaragandek qarashni bir zumga qoʻyib, shoʻrlik ayolni “koʻkdan ato” taqdirga boʻyin sungan bir bechora oʻlaroq taniy boshlaydi. Boshqacha aytganda, M. Yusufning yuqoridagi sheʼrlari misolida roman voqeligi va qahramonlar xatti-harakatlari oʻziga xos yoʻsinda talqin qilinadi.

Tengim boshqa, dedi yor,

Topdim desam tengimni.

Margʻilonlik bir dildor

Tortib oldi begimni…

 

Nima boʻldi bek yigit,

Bekangizga qarash yoʻq?

Kumushdan ming oʻrgilib,

Zaynabdan hol soʻrash yoʻq…[8]

“Oʻtkan kunlar” romanini oʻzini ziyoliman degan oʻzbek oʻquvchisi borki, oʻqigan, uqqan, magʻzini chaqqan. Odatda, asarni oʻqib boʻlishi bilan oʻquvchi qalbini Kumushga nisbatan muhabbat va achinish hissiyu Zaynabga nisbatan nafrat tuygʻusi qamrab oladi. M. Yusuf sheʼrlari esa oʻquvchining ana oʻsha ilk munosabatiga tahrir kiritadi, hammasini boshqatdan oʻylab koʻrishga, Zaynabni ham bir inson oʻlaroq tushunishga undaydi. Buning uchun esa voqelikka aynan Zaynab koʻzidan qarash talab etiladi. Bu, Zaynabning mudhish qilmishini oqlashga intilish emas, balki u tushib qolgan vaziyat chigalligini va kundoshli ayol boshiga yogʻilgan shoʻrish zalvorini yurak-yurakdan his qilishga daʼvat etish deganidir.

Margʻilonda Kumushni koʻrdim,

Koʻziga yosh olib turibdi.

Sochlarini maydalab oʻrib,

Otabekni izlab yuribdi…[9]

“Kumush” deb nomlangan sheʼrida shoir ana shunday manzarani chizadi. Bu bilan esa oʻquvchi xayolini yana oʻsha buyuk sevgi qissasiga, bagʻoyat goʻzal va sadoqatli Kumush obraziga – sochini mayda oʻrib, koʻzi toʻla yosh bilan Margʻilonda Otabekni izlab yurgan Kumushga qaratadi. Natijada, oʻquvchi koʻz oʻngida yana “Oʻtkan kunlar” romani voqealari, qahramonlari jonlanadi-da, beixtiyor, asarning badiiy olami chashmasidan estetik didi chanqoqligini qondirib oladi.

Sheʼrlarning boshqa bir guruhi esa Qodiriyning nomi bilan bogʻliq. “Tushimga kiradi Qodiriy bobom”, “Vatan”, “Yurtim, ado boʻlmas armonlaring bor”, “Toshkent”, “Ona tilim” deb nomlangan sheʼrlar ijtimoiy mavzularda boʻlib, oʻquvchi eʼtibori oʻrni-oʻrni bilan Qodiriy siymosiga yoʻnaltiriladi:

 

Oʻtkan kuning oʻtkan kundir,

Oʻz boshingga yetgan kun.

Qodiriyni bergan zamin,

Qodiriyni sotgan kun.

Qoʻlin bogʻlab,

Dilin dogʻlab,

Yetaklashib ketgan kun,

Voh bolam! deb aytolmagan

Dudugʻimsan, Vatanim.[10]

 

Qodiriy qoʻlini bogʻlab, dilini dogʻlab ketgan oʻtkan kunni eslash bu Vatanimiz tarixini, kechagi qora kunini xotirlash va tarixdan toʻgʻri saboq chiqarishga yuzlanishdir. Oʻsha vaqtlarda Vatan va millat dushmanlari bagʻoyat kuchli boʻlib, Qodiriy kabi millatning maʼnaviy gullari payini qirqqani, qolganlarni esa duduq boʻlishga majbur qilgani yaqin kechmishimizdan maʼlum. Demak, sheʼr tarixni kinotasma yangligʻ oʻquvchi koʻz oʻngidan qayta kechirib, xayolida jonlantirgan koʻyi badiiy idrok etishga chorlayapti.

Uchinchi guruh sheʼrlar esa u yoki bu mavzu haqida boʻlib, yoʻl-yoʻlakay Qodiriy asarlari va asarlari qahramonlarining nomlari yodga olinadi, bundan kerakli xulosalar chiqariladi. “Yurtim, ado boʻlmas armonlaring bor, Toshlarni yigʻlatgan dostonlaring bor, Oʻtmishingni oʻylab ogʻriydi jonim, Koʻksing toʻla shahid oʻgʻlonlaring bor”.[11] Tarixiy harakatda maʼlum bosqichga yetgan millat shoiri ortga oʻgirilib, oʻtmishni yodga oladi, uni anglamoqchi, anglaganlariga koʻra xulosalar chiqarmoqchi boʻladi. Chunki bu millat yangi tarixiy burilish oldida turibdi, bu tarixni yaratish uchun esa kechagi kun sarhisob etilishi shart: “Alhazar, alhazar, ming bor alhazar, Ana, yurishibdi kiyganlari zar. Qodiriyni sotib shoir boʻlganlar Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor…” Bu bilan shoir kechagi davrning fojialariga eʼtiborni qaratib, undan kerakli, bugungi va ertangi kun uchun zaruriy oʻgitlar chiqarishga undayotgandek boʻladi. Yaʼni Qodiriyga, uning achchiq qismatiga va asarlariga murojaat orqali shoir kelajak avlod maʼnaviyatiga xizmat qiladi. Sheʼr “Qodiriyni sotib shoir boʻlganlar – Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor…”[12] degan alamangiz misralar bilan yakunlanadi. Bu misralarning birinchisida, Qodiriyning achchiq qismatiga va uni sotganlarga, oʻsha murakkab davrga ishora boʻlsa, ikkinchisida, buyuk adibning “Mehrobdan chayon” nomli ikkinchi romani nazarda tutiladi. Ayni damda, yana bir maʼnoki, roman nomi Qodiriyni sotganlarga epitet sifatida xizmat qildiriladi. Koʻrinadiki, tarix kitobini varaqlash, tarixni idrok etishning yagona yoʻli emas ekan. Tarix kitoblarini uqib – oʻqish yonida badiiy adabiyot qahramonlari qismatlari va dardlarini anglash ham millat oʻtmishini his qilib anglashga olib borarkan. Aytilgandan shunday xulosa qilish mumkin: badiiy adabiyot tarixga olib borguvchi yana bitta yoʻl – his va tafakkur bilan yoʻgʻrilgan muqaddas yoʻl.

Shoirning yana shunday sheʼrlari borki, ularni toʻrtinchi guruhga oid, deb atash mumkin. Chunki ularda shoir Qodiriy qahramonlariga murojaat vositasida oʻz ahvoliga nazar tashlaydi, uni oʻquvchi koʻz oʻngida bor boʻyicha gavdalantirmoqchi boʻladi. Chunonchi, “Bibi” nomli sheʼrdan oʻqiymiz:

Margʻilon havosi elitdi andak,

Maʼyus koʻchalarda yurdim dovdirab.

Hozir Kumush chiqib qoladigandek

Har eshikka boqdim koʻzim jovdirab.

 

Chiqsa, Bibi derdim,

Sheʼrga yor boʻldim,

U bir yuho yangligʻ domiga tortar,

Shuhrat yoʻliqqanda doʻstga zor boʻldim,

Qalbimni yolgʻizlik azobi oʻrtar.

Yaʼni Kumushbibiga dardini izhor aylarkan, el aro mashhur shoirning oddiy inson sifatida bir doʻstga zorligi, ustiga ustak, yovlarining koʻp va ulkanligi quyiroqda bayon etiladiki, natijada shoir qismati “Oʻtkan kunlar” romani qahramoni Kumush obrazi bilan qiyos etiladi:

Aslida-ku, shaharga yoʻlim chap edi,

Netay, poytaxtdaman, nasibam ekan.

Sening-ku, dushmaning bir Zaynab edi,

Mening kundoshim koʻp, yovlarim ulkan.

 

Bulardan qoʻrqqulik. Bular dogʻuli,

Zaynab nima? Zaynab bir rashk bandasi.

Bular dushmanlarning eng nomard xili,

Bular kundoshlarning eng sharmandasi…[13]

Alamli va achchiq ayblov shoir bilan zamondosh ayrim olchoq, ichiqora va tuban kimsalarning asl basharasini, yovuz siyratini ochib tashlaydi, ayni damda, M. Yusufdek ulkan shoir dardini, armon va iztiroblarini elga oshkor aylaydi.

Koʻrinadiki, Muhammad Yusufdek xalqga, uning ruhiyatiga eng yaqin shoirlardan biri butun ijodi davomida ulugʻ yozuvchi Abdulla Qodiriy va uning asarlariga murojaat qilganligi sira bejiz boʻlmay, bu avvalambor, adib va shoir dunyoqarashida, olamni badiiy-estetik qabul qilishida muayyan mushtarak jihatlar borligini koʻrsatadi. Qolaversa, Qodiriy ijodi M. Yusuf sheʼriyati suv ichgan koʻplab zilol chashmalardan biri ekanligini bildiradi.

 

Ulugʻbek HAMDAMOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

 


[1] Iztirob. Toshkent. Oʻzbekiston. 1992.

[2] Oʻsha asar.

[3]  Iztirob. Toshkent. Oʻzbekiston. 1992.

[4]  Oʻsha asar.

[5] E.Vohidov. Saylanma. Ikkinchi jild. Toshkent.”ShARQ” NMAK.2001.

[6] Suhbatdan.

[7] M.Yusuf. Saylanma. Toshkent, «Sharq» 2007. B 180.

[8] M.Yusuf. Saylanma. Toshkent, «Sharq» 2007. B 144.

[9] Oʻsha asar, B.249.

[10] Oʻsha asar, B 11.

[11]Oʻsha asar, B 64.

[12] Oʻsha asar, B.63

[13] Oʻsha asar, B.169.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.