Sheʼriyat va rangtasvir – egiz sanʼatlar

0
1632
marta koʻrilgan.

Aslida, sanʼat ijodkor qalbu ongida kechgan his-tuygʻu va gʻoyaning badiiy ifodasi oʻlaroq yaxlit hodisa esa-da, biz uni turlarga ajratishga odatlanganmiz. Albatta, sanʼatni turlarga ajratib tasniflash madaniy hayotimizda judayam zarur. Ammo na ijodkor va na talabgor (oʻquvchi, tomoshabin, tinglovchi va hokazo) sanʼat turlarining yaxlit hamda uygʻun hodisa ekanini unutishga haqli. Zero, chin asarning hassos yaratuvchisi olamni barcha sezgilari bilan idrok etadi. U ijod onlarida asariga musavvirning nigohlarini, shoirning tuygʻularini va musiqachining ohanglarini singdirib yuborishi mumkin. Baʼzida, sheʼr deb tutganimizning asl jozibasi ana shunday uygʻunlik sababidan ekanini “ang”lamaymiz, parvo qilmaymiz. Lekin sheʼr oʻqib ufqdan ogʻayotgan quyoshning bir toʻplam olov sochlarini ilib qolayotgan oʻrmonni (Oybek), bezavol maysaning bosh silkitishini (A. Oripov) yoki qorlariga qorishgan osmonning nurli changni elayotganini (R. Parfi) oʻz koʻzimiz bilan koʻrganday zavqlanishni, unda ajib bir hislarni tuyishni kanda qilmaymiz. Bu zavq esa biz nazarda tutgan UYGʻUNLIKning mevasi, asli.

Sheʼriyat va rangtasvir – egiz sanʼatlar. Shuning uchun boʻlsa kerak, qadimgi yunon shoiri Simonid sheʼriyatga zabonli rangtasvir, rangtasvirga esa soqov sheʼriyat deya taʼrif beradi. Bobomiz Abu Nasr Forobiy musavvir bilan shoirning sanʼatdagi moddasi ham, maqsadi ham oʻxshash ekanini aytib oʻtgan. Demak, baʼzan shoir musavvirning “moʻyqalam”ini yoki, aksincha, musavvir shoirning “qalam”ini tutishga urinadi. Bunga ilhom pallasi ijodkor oʻzi his qilganini koʻnglidagiday ifoda etolmasligi, “qalam”i ojiz qolayotganini his etishi sabab boʻlishi mumkin:

 

Deymanki: “Boshqalar bilmay qoladir –

Shunday goʻzallikni! Attang, agar men

Rassom boʻlsam edi, chizib berardim,

Oʻxshash nusxa bilan, yozib berardim,

Shu ojiz holimda, shoirmanmi men?..”

(Choʻlpon)

 

Sanʼatkorning barcha harakatlari “oʻquvchi”ga koʻrganini, oʻylaganini va his etganini huddi oʻzi tuyganiday yetkazishga qaratilgan. Balki uning boshqa sanʼat turlariga murojaat etishining bosh omili ham shundandir? Chunki, har doim ham koʻrilganni soʻz bilan, aytilgani boʻyoq bilan ifodalashning imkoni yoʻq. Masalan, shoir shunday “chigal” vaziyatda rangtasvirga xos ifoda unsurlarini sheʼriyatga koʻchiradi. U olamni shoir boʻlib emas, musavvir boʻlib tasvirlashga kirishib ketadi.

Keling, yuqoridagi mulohazalarimizni bir misol vositasi tahlil qilib, tasvirning badiiy ifodadagi ahamiyatini yanada teranroq tasavvur qilib olamiz:

 

Yer ustida nurlar soyasi…

Oydin tun bu!

Goʻyo jodugar

Shahar uzra harir oq doka

Tashlab qoʻyib tomosha qilar.

 

Shoir Xurshid Davronning 1980 yilda yozilgan “Samarqandda oydin tun” nomli sheʼrida yaxlit manzara tasvirlanadi. Yaʼni, sheʼrni oʻqirkansiz koʻhna Samarqandning tungi – oydin manzaralari koʻz oʻngingizda jonlana boshlaydi: Samarqand shahri… Tun… Toʻlin oy shuqadar yorqinki, koʻchada bino va daraxtlar soya tashlagan… Ammo shoirning maqsadi faqatgina goʻzal manzarani tasvirlashdan iborat emas. U oʻzi “chizayotgan” manzara qaʼriga katta ijtimoiy dardni yashirgan. Qarang, sheʼrning ikkinchi bandida ijodkorning bu maqsadi yanada oydinlashadi:

 

Oy nuridan ilingan umid

Yuragimni qilar bezovta.

Koʻksaroyning soqchisi – koʻr it

Egasini izlar mohtobda.

 

Aslida shoir manzarani tasvirlashda davom etsa-da, banddagi oy nurlarining tasviri lirik qahramon qalbidagi umid tuygʻusini uygʻotish vositasi boʻlib kelmoqda. Yaʼni manzaraga lirik subʼyekt kechinmalari taʼsir etib, undagi ramziylikni oshirmoqda.

 

Osmon gulxan choʻgʻlari tushib

Milt-milt etib yonayotgan shol.

Arvohlarning bezovta tushi –

Chinorlarni silkitgan shamol.

 

Osmondagi yulduzlar goʻzal istiora bilan choʻqqa, osmonning oʻzi esa sekin-asta yonishni boshlagan sholga (boʻyinga osib yoki teshigidan kiygizib qoʻyiladigan jazo taxtasi) oʻxshatiladi. Bu oʻrinda shoir mustabidning sekin-asta yemirilib, tugab borayotgan istibdodiga ishora etayotganini koʻrishimiz mumkin. Bezovta ruhlar esa ulugʻ ajdodlarimiz, buyuk oʻtmishimizga ishora. Lekin shoir bu ikki badiiy tashbehnida muayyan tasvir asosida beradiki, siz sheʼrni oʻqib ramzlar tili bilan tasvirni emas, tasvir vositasida ramzlar tiliga kirib borasiz. Boshqacha aytganda, deylik, Abdulla Oripov va Shavkat Rahmon sheʼrida manzara lirik qahramon koʻzi bilan koʻrilgan tabiat tasviri boʻlsa, Xurshid Davron sheʼrida koʻrib-kuzatilgan voqelik tasvirini boricha berish bilan birga, undan olingan taassurotlar, his-kechinmalar ifodalanadi. Xurshid Davronda tasvir ramzga aylanmay turiboq estetik qimmat kasb etadi, oʻquvchida xuddi koʻrib turgandek taassurot uygʻotadi va bu taassurot tasviriy sanʼat asarini tomosha qilganda tugʻiladigan kechinmalardan kam boʻlmaydi:

 

Mudroq nigoh ila boqaman,

Moziy yodi meni qilar mast.

Goʻyo daryo aro oqaman –

Manzilimni hech kim bilmas…

 

“Samarqandda oydin tun” sheʼrida oʻtgan asrning 80 yillarida xalqimiz ziyolilari ichida yanada olovlangan istiqlol orzusining taftini his etish mumkin. Zero, shoir tasvirlayotgan manzaraning har bir detali istiqlol tuygʻusiga ishora etadi. Ammo, bu sheʼrda bizning eʼtiborimizni tortgan eng muhim jihat asar ortidagi subʼyektning shoirga oʻxshamasligi, u koʻproq oʻz hislarini tasvir asosida yetkazishga urinayotgan “musavvir” ekanligi boʻldi. Zero, musavvir oʻz tomoshabiniga nutqi vositasida soʻzlamaydi. Musavvir tasvir, boʻyoqlar tilida soʻzlaydi. Xurshid Davroning biz yuqorida misol qilib olgan sheʼrida va yana boshqa koʻpalab asarlarida ana shunday musavvirona ifodani koʻrishimiz mumkin. Albatta, shoir bu oʻrinda boʻyoq oʻrniga soʻzdan foydalanadi. U manzarani tavsiflamaydi, balki eng kichik unsurlari bilan tavsirlaydi. Shoir xuddi rassomday oldin tasvirni koʻrsatib, keyin “dardi”ni soʻzlaydi.

Shoirning rangtasvir sanʼatiga xos ifoda shakllaridan foydalanishi sheʼrning jozibasini yanada oshiradi, badiiy gʻoyaning oʻquvchiga taʼsiri kuchayadi. Zero, odamlarda koʻz vositasida informatsiya qabul qilish boshqa sezgi aʼzolariga nisbatan ortiqroq. Ayni damda, olam haqidagi tasavvurlarning asosiy qismi ham koʻz vositasida olinadiki, bu sanʼatdagi badiiy sintezning ijodkorana ehtiyoj oʻlaroq sodir boʻlishiga yetarlicha dalildir. Oxirgi yuz yillikda vizual sanʼatlarning rivoj topishi va qaysidir maʼnoda tasviriy sanʼat, kino va teatrning madaniy hayotdagi katta mavqei kishilarda koʻproq koʻrish vositasidagi estetik zavq tuyish miqdorini oshirib yubordi. Bu oʻz-oʻzidan boshqa sanʼat turlariga ham taʼsir etmay qoʻymadi. Bugun ijodkor oʻquvchidagi shu ehtiyoj bilan “hisoblashish”ga, zamonaviy oʻquvchi istaklarini qondirishga “majbur”.

Sanʼat turlarining oʻzaro uygʻun (sinkretik) munosabati ularning taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik. Umuman, muayyan sanʼatning rivoji yondosh turlarning unga taʼsiri oʻlaroq kechadi. Misol tariqasida mumtoz sanʼatlarni olib qaralsa, tarixda bu sanʼatlarning oʻzaro mushtarak aloqada rivojlanganini koʻrish mumkin boʻladi. Mumtoz musiqani aruz vaznisiz, miniatyurani esa badiiy asarlarsiz tasavvur etib boʻlmagan. Shu bois ham Sharqda bu sanʼatlarning nafaqat badiiy-gʻoyaviy jihatdan, balki ifodaviy xususiyatlari jihatidan ham qorishiq munosabatda boʻlgani yaqqol sezilib turadi. Keyinchalik, qoʻlyozma oʻrnini toshbosmalar egallashi kitob grafikasi – miniatyuraning rivojiga soya solgan boʻlsa, aruz oʻrniga barmoqning kelishi maqomni ommaviylikdan chiqaradi. Aytmoqchimizki, sanʼat turlarida oʻzaro taʼsirlanish boʻlmasa, ulardagi rivojlanish ham soʻnadi.

Sanʼatlar oʻrtasidagi badiiy sintez masalasini oʻrganish adabiyotshunosligimizdagi dolzarb muammodir. Aytish mumkinki, oʻzbek adabiyotshunosligi badiiy sintezni oʻrganish borasida bir-ikki kichik tadqiqotlar bilan cheklanib qolgan. Badiiy sintezning judayam keng tarmoqli va muhim hodisa ekanligi eʼtiboridan mazkur kichik izlanishlarni dengizdan bir tomchiga qiyoslash mumkin.

Jahon madaniyati tarixida sheʼriyat va tasviriy sanʼatning oʻzaro uygʻunligi masalasi haqida koʻplab asarlar yozilgan. Ulardan eng mashhurlari sifatida Leonardo da-Vinchining “Musavvirning shoir bilan bahsi” hamda fransuz maʼrifatparvari Lessingning “Laokoon” asarlaridir. Keyinchalik Lessingning zamondoshi Didro ham “Salonlar” nomli asarida badiiy sintezga atroflicha toʻxtalib oʻtgan. Lekin badiiy sintezning chin maʼnodagi jiddiy oʻrganilishi XX asrning boshlariga toʻgʻri keladi. Ilmiy tadqiqotlarimiz mobaynida eʼtiborimizni tortgani shu boʻldiki, rus adabiyotshunosligi badiiy sintez borasida judayam keng koʻlamdagi ishlarni olib bormoqda. Bizning faoliyatimiz davomida yigʻilgan maʼlumotlarga koʻra, hozirga qadar rus adabiyotshunos va sanʼatshunosligida badiiy sintezning birgina tarmogʻi hisoblangan sheʼriyat va rangtasvir oʻrtasidagi uygʻunlik masalasida ellikdan ortiq kitob yozilgan. Rus olimlarining internet tarmogʻidagi doktorlik va nomzodlik ishlarini saqlovchi saytlariga kirib “badiiy sintez” istilohini qidiruvga bersangiz yuzdan ortiq roʻyxatni olishingiz mumkin. Aytmoqchi boʻlayotganim, badiiy sintez masalasini oʻzbek adabiyotshunosigida ham ahamiyatli hodisa sifatida oʻrganishga ehtiyoj katta.

Sheʼriyat va rangtasvir oʻrtasidagi badiiy sintezni tadqiq etish, avvalo, badiiy obrazning serqirra ifodaviy imkoniyati haqidagi tasavvurni kengaytiradi. Zero, obraz tabiatini tushunishimizda badiiy sintezning ahamiyati beqiyos. Ayniqsa, zamonaviy sanʼatlarni tushunishni badiiy sintezdan ayro qoʻyib boʻlmaydi. Chunki, globallashuv davrida nafaqat madaniyatlar, balki kayfiyatlar ham qorishib ijodkor tobora qurama shakllarni yaratishga intilmoqda. Bunga sheʼriyat, rangtasvir va musiqadagi modern yoʻnalishlarni misol qilib koʻrsatish mumkin. Masalan, Bahrom Roʻzimuhammadning “Tonggi manzara”, Faxriyorning “Giometrik bahor” kabi sheʼrlari mashhur modernist musavvirlar Pablo Pikasso va Salvador Dali chizgan suratlarni yodga soladi. Bahrom Roʻzimuhammad oʻzining “Choʻlpon – tong yulduzi demak” nomli kitobida sanʼatlarning oʻzaro yakdillikda talqin qilinishi, his etilishi, hozirgi davr modern sheʼriyatining tushunilishida asosiy kalit ekanligini aytib oʻtadi. Demak, oʻzbek modern sheʼriyatini badiiy sintez tamoyillari asosida tahlil qilish, yangicha badiiylikni tushunish uchun katta koʻmak beradi. Ayniqsa, vizual, turli shakl va figuralar bilan boyitilgan asarlarni tushunishda, badiiy obrazning oʻziga xos qirralarini koʻrishda, his qilishda uning amaliy ahamiyati yuqori.

 

Rezyume

 

Maqolada badiiy sintezning oʻziga xos tamoyillari, mumtoz adabiyotda tutgan oʻrni va ahamiyati, muammoga oid qarashlar muxtasar yoritilgan. Xususan, sheʼriyat va rangtasvir sanʼatining sintezi zamonaviy oʻzbek poeziyasi namunalari misolida tadqiq etilgan.

 

V statye osveshʼeniʼ osnovniʼe prinsipiʼ xudojestvennogo sinteza, yego rol i znacheniye v klassicheskoy literature, a takje nekotoriʼe vzglyadiʼ avtora po dannoy problematike. V chastnosti, rassmatrivayetsya sintez jivopisi i literaturiʼ na primere sovremennoy uzbekskoy poezii.

 

The article deals with the basic principles of artistic synthesis, its role and importance in the classical literature, as well as some of the author’s views on this issue. In particular, the synthesis of art and literature on the example of modern Uzbek poetry.

 

Saʼdullo QURONOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.