“Sheʼrim, yana oʻzing yaxshisan…”

0
898
marta koʻrilgan.

Ming yillarki, sheʼriyat va inson baqamti yashab kelmoqda. Ming yillarki, fikr va tuygʻuni ifoda etishning oʻngʻayroq usullari borligiga qaramay, inson sheʼrdan voz kechmayotir. Ming yillarki, soʻz sehrgarlari bir qoʻlda qalam, bir qoʻlda “xanjar” tutib, birida sheʼr yozib, ikkinchisida unga ochiq-oshkor “tahdid qilib” kelmoqdalar. Ming yillarki, soʻz ustalari sheʼr tufayli ruhiyat va koʻngilda kechadigan ogʻriqli hissiyotlarni qogʻozga tushirishdan zavq olib, ijod qilishda davom etmoqdalar.

“Baxtlidir sheʼr toʻqishga xavasi yoʻq har kishi – Umrini oʻtkazar tinch, boʻlmas gʻami, tashvishi”, deb yozadi betakror rus shoiri Aleksandr Pushkin. Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov ham unga joʻrovoz boʻladi: “Sheʼriyat bu – yurakda qon silqigan jarohat…” Oʻzbekning yana bir vallomat isteʼdodi Muhammad Yusufning mana bu izhori esa ikki ustoznikidan ham oshib tushadi: “Shoh asar boʻlsa ham tupurdim oʻsha – Bolamni yigʻlatib yozgan sheʼrimga!”

Xoʻsh, sheʼriyatga, umuman, soʻzga oshno boʻlish shunchalik uqubatli ekan, undan voz kechib qoʻya qolsak boʻlmaydimi?! Axir, shusiz ham umrimizni mazmunli oʻtkazishga yaraydigan narsa-vositalar koʻp-ku! Tanlash imkoniyatimiz shu qadar keng ekan, nega aynan koʻngilga ogʻriq beradigan, ruhiyatni larzaga solib, “ming baloga giriftor” aylaydigan sheʼrda toʻxtalishimiz kerak?!

Gap shundaki, ijodkorni ham, kitobxonni ham aynan shunday tanlovda toʻxtalishga hech kim majbur qilmaydi. Gap shundaki, shunday abadiy qonuniyat mavjud: badiiy soʻzga, u qaysi janr vositasida voqelanishidan qatʼiy nazar, dard doyalik qiladi.

 

Koʻngil ichra gʻam kamligi asru gʻamdur,

Alam yoʻqligi dogʻi qattiq alamdur, –

 

deya yozadi ulugʻ soʻz sanʼatkori Alisher Navoiy. Zamonamizning taniqli shoiri Xurshid Davron esa bobokalon shoirimiz soʻziga hamohang soʻz aytmoqqa chogʻlanib, shunday izhorni qogʻozga tushiradi:

 

Adabiyot sheʼr, doston emas,

Roman emas, hikoya emas,

Adabiyot – rutubat aro

Hayrat bilan olingan nafas.

 

“Turkiy soʻz sehrgari”, qolaversa, sheʼr bahslarida obdon toblangan zamondosh shoirimizki dard, gʻam, alam, rutubat soʻzlariga urgʻu berayotgan ekan, bu yerda bir gap bor! Gap shundaki, ijod ahli orasida bu soʻzlar faqat salbiy maʼnoda qoʻllanmaydi. Ishq-muhabbat, sogʻinch va hijron, doʻstona va samimiy hurmat, ertangi kunga ishonch, ijod va mehnatdagi faollik ham – oʻziga xos “dard”, bu jabha vakillari uchun. Bularni dard deb atamasa ham boʻlar. Zero, ularning tub mohiyatida yaratuvchilik va tashabbuskorlikka daʼvat mujassam. Biroq bu xislat-fazilatlarni “dard” deb atash shuning uchun ham oʻrinliki, ularning barchasi ozmi-koʻpmi riyozatu mashaqqatni, tahlilu tafakkurni taqozo etadi. Bu jarayonlarsiz insonni mukammal koʻrish ham mushkul. Shu bois Bobo Mashrab dadil shart qoʻyadilar:

 

Dilda darding boʻlmasa, dardi sarimni kavlama…

 

Ustozlar hattoki, voqealarni hajv yoʻsinda aks ettirishga bel bogʻlagan havaskor qalamkashga ham “yozganlaringda dard yoʻq”, deya tanbeh berishlari mumkin. Demak, oʻsha havaskor qalamkash oʻzi tasvirlayotgan voqealarning ijtimoiy mohiyat va ahamiyatini teran tushunmagan, kitobxonni “qitiqlab” kuldirishga behuda urinayotgan boʻladi.

Tabiiyki, koʻngilda ana shunday “dardi” boʻlmagan kishining ijod maydoniga kirganidan kirmagani maʼqulroq. Yoʻqsa, bundan uning oʻzi hammadan koʻproq zarar koʻradi. Chunki kitobxon (u xoh munaqqid yoki adabiyotshunos, xoh oddiy sheʼr muxlisi boʻlsin), sheʼr bagʻridan ruhiyatda toʻlqin uygʻotadigan, qalbga poʻrtana soladigan moʻjizakor kayfiyat yoki holatni, chizgi yoki ishorani izlaydi. Bularni topolmadimi, ming urinmang, bunday sheʼr yoki qoʻshiqni unga maʼqullata olmaysiz.

Biz u qadar tushunib yetmagan va hisoblashavermaydigan ong osti sezgilarimiz, kerak boʻlsa, sheʼr misralari bagʻridan rang, hid va hatto, taʼm izlaydi. Va ana shularning biri yoki bir nechtasini topishga imkon bergan sheʼrni chuqur qoniqish bilan qabul qiladi. Shu bois Hamid Olimjonning “Novdalarni bezab gʻunchalar, Tongda aytib hayot otini, Va shabboda qurgʻur ilk sahar, Olib keldi gulning totini” satrlari bilan boshlanuvchi qoʻshiq yangrashi hamono ish-yumushimizdan bir lahza uzilib, xayol ummoniga gʻarq boʻlamiz. “Derazamning oldida bir tup, Oʻrik oppoq boʻlib gulladi” misralari yodimizga kelgan asno beixtiyor deraza oldiga borib, tashqariga nigoh tashlaymiz.

Soʻz sanʼatida paradokslar juda koʻp. Bir qalamkash ijodida bir-biriga zid fikrlar, tuygʻular toʻlqiniga istagancha duch kelish mumkin. Bu ham, shubhasiz, oʻziga mansub boʻlgan muhit va sharoitning ijodkor ruhiyatiga koʻrsatgan taʼsiriga daxldor. Binobarin, ulugʻ soʻz sanʼatkori Alisher Navoiy barchamizning tasavvurimizdan umr boʻyi xalq bilan bir tanu bir jon boʻlgan, uning manfaatlarini oʻz manfaatlaridan ustun qoʻygan siymo sifatida oʻrin olgan. “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami” – bu olijanob shoir hayoti va ijodining bosh shiori. Darhaqiqat, u chinakam odamiylikni xalq dardu gʻamini, tashvishini aritishda, bilʼaks, xalq dardi bilan ishi boʻlmagan kimsani odamiylikdan yiroq deb bildi. Va butun umr ana shu gʻoyaga sodiq qolishga intildi. Biroq shoir asarlari bagʻrida xalqdan, ayniqsa, oʻzligini anglamagan, ilmu maʼrifatdan yiroq toifadan shikoyat, undan yiroqlashishni istash kayfiyati ustuvor boʻlgan bayt va misralar ham uchraydi.

 

Parim boʻlsa, uchib qochsam ulusdan, to qanotim bor,

 

deb yozadi oʻz gʻazallaridan birida.

“Ulus” va “xalq” soʻzlari – oʻzaro maʼnodosh. “Xalq” – butun isteʼmolda boʻlgan va odamlar jamoasini anglatadigan soʻz. “Ulus” ham shunday maʼnoni ifoda etadi, ammo u eskirib isteʼmoldan chiqqan va hozirda unga oʻtmish voqeligi aks etgan asarlar matnida duch kelishimiz mumkin. Demak, dastlab eslaganimiz satrlarda xalqqa fidoyilikni targʻib qilgan shoir keyingi misralarda “ulusdan qochish” xayoliga tushayotir. Xoʻsh, Navoiydek umrini xalqqa baxshida etgan zot ne sabab “ulusdan qochish”ni orzu qildi? Bunga, birinchidan, Navoiy odamiylik fazilatiga qoʻygan talabning benihoya teran va jiddiyligi zamin yaratgan. Butun umr botinni poklash, zohiriy qutqulardan xalos boʻlish orzusida yashagan shoir bu masalada andak xatoga yoʻl qoʻygan kimsadan uzoqlashish taraddudini koʻrgan. Ikkinchidan, har qancha buyuk orzular ogʻushida yashamasin, Navoiy ham inson edi va inson sifatida oʻziga xos xarakterga ega, oʻrni kelganda bu xarakter qirralari uning hayot tarzida namoyon boʻlishi tabiiy hol edi. Manbalar ulugʻ bobomizning oʻta talabchan va anchayin injiq boʻlganligidan xabar beradi. Bunday xarakter sohiblari, avvalo, u qadar kirishimli boʻlishmaydi. Qolaversa, koʻpchilikka qoʻshilib-qorilib ketishdan koʻra, yolgʻiz qolib xayolga tolish, ezgu rejalar tuzish – ular uchun maqbul yoʻl. Ular “Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga” hikmatiga amal qilib, soʻz qadrini gʻoyat baland bilishadi. Bizning mulohazalarimiz bir chetda qolaversin, ulugʻ shoirning oʻzi bunday muhokamalarga chek qoʻymoq zaruratini avvaldan sezgandek juda koʻp asarlarida oʻz feʼl-atvori, ruhiy dunyosidagi ziddiyatlarga ishora qiladi. Bizningcha, bunday ishora shoirning mana bu shoh baytida boshqalaridagidan yorqinroq ifoda topgan:

 

Meni men istagan oʻz suhbatiga arjumand etmas,

Meni istar kishining suhbatin koʻnglum pisand etmas.

 

Mana sizga ajoyib paradoks! Ruhiyat toʻlqinining soʻzda ifoda topishi! “Sen istaganlarning suhbatiga musharraf boʻlish – mangu armon. Seni istaganlarning suhbatini esa koʻngling tilamaydi”, demoqda shoir. Azal-abad shunday: dunyo – biri kam…

Bunday paradokslarga bir ijodkor qalamiga mansub boshqa-boshqa asarlar misolida takror-takror duch kelish mumkin. Biroq bir asarning oʻzida shunday ziddiyatli fikr va holatlar talqiniga roʻbaroʻ kelish – tagʻin-da qiziqarliroq.

Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ijodi chuqur samimiyati, xalqona falsafasi bilan sheʼriyat muxlislarining yuksak ehtiromiga sazovor boʻlgan. Shoir ijodini dilga yaqin qilgan omillar talaygina. Shulardan biri, shubhasiz, otashnafas shoirning lirik qahramon ruhiyatiga xos ziddiyat va toʻqnashuvlarni mantiqli tasvirlashdagi betakror mahoratidir. Bu fazilatning, yuqorida qayd etilgandek, birgina sheʼr misralari aro namoyon boʻlishi esa shoyon diqqatga sazovor:

 

Shunday bemorlar borki,

Toʻshakda mixlanib yotar benajot,

Uyalib ketasan tuzalganingdan.

 

Shunday shifokorlar borki,

Tugʻishgan akangday qaraydi senga,

Tuzalib ketasan uyalganingdan…

 

“Shifoxonada” deb nomlangan mazkur sheʼrdagi asosiy urgʻu dardi aks – teskari qilib takrorlash sanʼati asosida vujudga kelgan “Uyalib ketasan tuzalganingdan” va “Tuzalib ketasan uyalganingdan” misralari bagʻrida jo boʻlgan.

Voqean, kasalxonada yotgan bemorning shifo topishi – moʻtadil holat. Ammo hamma ham tuzalavermaydi. Buning uchun kamida shoir yoki shoirona qalb egasi boʻlish va odamlarni osmon qadar sevish lozim. Shu bois shoir qoʻllagan bu tashbehdan gʻashlanmaysiz. Bir hikoya yoki qissa vositasida ifoda etish mumkin boʻlgan fikrni olti misra sheʼr bagʻriga jo eta olgan sohibi qalamga tasanno aytasiz.

Ayni shunday mantiqli muqoyasaga asoslanganligi bois suymagan kishisi bilan yashashga mahkum lirik qahramonning mana bu soʻzlari ham hech bir ishtiboh uygʻotmaydi:

 

Chimzor,

Chimildiqda sovuq yor quchdim.

Poʻstin gilam qilib mehrobga qoqdi.

Koʻzimni chirt yumib,

Kechalari jim,

Men uni oʻpganda –

U meni chaqdi.

Chaqdi,

Chaqaverdi zahri soʻnguncha.

Chaqdi goh bilagim,

Goh yuragimni.

U qancha chaqsa, men tirildim shuncha,

Shuncha eslayverdim kapalagimni!..

 

Shoirning “Osmonning oxiri” deb nomlangan mansurasidan olingan mana bu satrlarda esa muallif murojaat etgan paradoksning eng mantiqli va zalvorlilari jamlangan: “Siz ming mashaqqat bilan chiqqan choʻqqida kapalak ham bor, qumursqa ham yashaydi. Sizning bu yutugʻingiz ular uchun oddiy bir turmush tashvishi… Men hidlab toʻymagan bedani biya qarsillatib chaynaydi. Yalpizni suv oqizib ketadi. Men koʻzimga surtgan suvda qurbaqa choʻmiladi… Har qanday hayqiriq soʻngida nimadir dunyoga keladi. Nimadir dunyodan ketadi. Kulib gul ochiladi – yigʻlab shabnam toʻkiladi. Daryo toshadi – togʻ nuraydi. Kelin xoʻrsinadi – yanga ermak qiladi…”

Bu satrlarni oʻqir ekansiz, beixtiyor oʻyga tolasiz, insonning dunyoni anglashdek buyuk imtihon oldida nechogʻlik ojiz ekanligini eʼtirof etaroq ruhiyatingiz larzaga keladi.

Shuncha mulohazadan soʻng kuzatishlarimiz avvalida oʻrtaga qoʻyganimiz savolga tagʻin qaytgimiz keladi: sheʼriyatga, umuman, soʻzga oshno boʻlish – “dard”ga oshno boʻlish ekan, undan voz kechib qoʻya qolsak boʻlmaydimi? Javobimiz tayin: Aslo! Sheʼrga goho “dard”, goho “umidsizlik”, goho ruhiyatdagi “talotoʻp”lar doyalik qilajagidan choʻchimoq – nooʻrin! Zotan, sheʼriyat ular bagʻridan yorugʻ umidlar izlab yashaydi. Busiz sheʼriyat – sheʼriyat, adabiyot – adabiyot emas!

 

Shodmon SULAYMONOV,

filologiya fanlari nomzodi

 

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.