Sheʼr, shaxs va talqin

0
2530
marta koʻrilgan.

Soʻnggi davr adabiy tanqidchiligida Choʻlpon asarlari tahliliga turlicha yondashilayotgani diqqatga sazovordir. Ayniqsa, biografik yondashuv asosida amalga oshirilayotgan tahlillar samarali kechmoqda. Istiqlol yillariga kelib munaqqidlarimiz shoʻro davrida maʼlum darajada mafkuralashtirilgan (negaki, bu davrda ham ijodkorning tarjimai holi, asar yozilayotgan paytdagi turli xil ijtimoiy-psixologik holatlar haqida fikr yuritilar, ayni paytda davrga mos holda bayon etilardi. Masalan: kambagʻal oiladan chiqqanligi, shoʻro inqilobi tufayli baxtini topgani va hokazo.) biografik talqinlar yuzaga kelgan edi. Buni biz ayniqsa, “Ajoyib kishilar hayotidan” seriyasida chop etilgan turkum adabiy ocherklar misolida ham koʻrishimiz mumkin. Shu bois, istiqlolning dastlabki yillaridanoq shoʻro davrida qatagʻon qurboni, asarlari taqiqlangan ijodkorlar hayoti va ijodining asl holatini yoritishda biografik yondashuv muhim ahamiyatga ega.

Adabiyotshunoslikda biografik metodning ilmiy-nazariy asoslari haqida ham maʼlumotlar paydo boʻla boshladi. Noʻmonjon Rahimjonovning “Badiiy asar biografiyasi” nomli monografiyasi, Bahodir Karimovning “Adabiyotshunoslik metodologiyasi” nomli oʻquv qoʻllanmasi, “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” nomli monografiyasi hamda boshqa olimlarimiz tomonidan yaratilgan adabiyotshunoslikka oid lugʻatlarda ham biografik metod haqida u yoki bu tarzda fikr yuritiladi, tahlil namunalari keltiriladi.

Bahodir Karimov biografik metod haqida fikr yuritar ekan, “Ijod ahlining hayotini chuqur bilish kutilmagan talqinlarni yuzaga keltiradi”[1], deb yozadi va buni Choʻlponning 1922 yilda yaratilgan “Aldanish” sheʼrining olimlarimiz tomonidan qilingan turlicha talqinlari bilan izohlaydi. Chunonchi, olim Dilmurod Quronov va Yoʻldosh Solijonovlar sheʼrni 1917 yilgi oʻzgarishlarga bogʻlab shoir orzularining sarobga aylangani haqida fikr yuritishayotganini aytsa, Naim Karimov talqinida sevgi-muhabbat motivi bilan bogʻlab tahlil amalga oshirilganini taʼkidlaydi. Bu oʻrinda olim mulohazalaridan kelib chiqib, “Aldanish” sheʼri talqinidagi kutilgan va kutilmagan talqinlarga eʼtiborni qaratsak.

Choʻlponshunos olim Dilmurod Quronov fikricha, “Choʻlpon bejiz “besh yillik yonishlar”ning yelga uchgani haqida qaygʻurayotgani yoʻq. Zero, oshiqning oʻz maʼshuqasi – istiqlolga yetishish orzusi qoʻl tekkizsa boʻladigan darajada real koʻringan, 1917 yildan “Aldanish” yozilgunga qadar aynan besh yil oʻtgan edi. Koʻramizki, bu oʻrinda ham zohiriy va botiniy qatlamlar ayricha yashaydi: shoir maʼshuqasidan ayrilgan oshiq iztiroblari tasviri vositasida milliy istiqlolga yetish umidining yoʻqqa chiqqani orqasidan kelgan iztirobu alamlarini ifodalaydi”[2].

Ushbu mulohazalarga javoban Dilmurod Quronov shoirning “Men ham sevaman” va “Goʻzal” sheʼrlarini bir-biriga bogʻlab talqin qiladi. Sheʼrlardagi oʻxshash misralarni qiyoslab, ulardagi mazmuniy yaqinlikka asoslanib, oʻz fikrlarini bayon etadi. Olim fikricha, shoir “Goʻzal” sheʼrini yozgan paytda orzularining amalga oshishiga ishonchi bor edi, mana endi oradan uch yil oʻtib (“Goʻzal” sheʼri 1919 yilda yozilgan) bu orzular sarobga aylandi. Bu mulohazalarning haqiqatga qanchalik mos yoki mos emasligiga toʻxtalib oʻtirmay, eʼtiborni “Aldanish” sheʼriga qaratsak. Dilmurod Quronov “Aldanish” sheʼri haqida fikr yuritganda, sheʼrdagi zohiriy va botiniy qatlamlar ayricha yashaydi, deb yozadi. Lekin tahlilda sheʼrning zohiriy mazmunini ifodalashda muhim ahamiyat kasb etgan “besh yillik yonish” – poetik unsurni botindagi ijtimoiy mazmunni ochishdagi asosiy detal sifatida talqin etadi. Agar bitta badiiy detal har ikki qatlamni ochishda ham birdek ahamiyat kasb etsa, bu qatlamlar bir-biridan ayri holda emas, balki bir-biriga bogʻliq holda namoyon boʻlishi maʼlum boʻladi.

Taniqli choʻlponshunos olim Naim Karimovning “Choʻlpon” nomli maʼrifiy romani biografik yondashuvning oʻziga xos yorqin namunalaridan biridir. Munaqqid ushbu romanni yozishda turli-tuman yozma va ogʻzaki manbalardan samarali foydalanadi. Oʻz davrida chop etilgan koʻplab tarixiy manbalar, davlat hujjatlari, arxiv materiallari, zamondoshlarining ogʻzaki va yozma xotiralari shoir tarjimai holini yoritish bilan birga uning ayrim asarlari, xususan, sheʼrlarining yozilish tarixi hamda konsepsiyasini belgilashga xizmat qiladi. Bunda munaqqid asar yaratilish vaqti, joyi, ijodkorning ruhiy holati kabi bir qancha omillarga eʼtibor qaratadi, ayni paytda manbalarni oʻz tasavvur olami, gipotetik talqinlar bilan boyitishga harakat qiladi. Shu jihatdan, ayniqsa, shoirning sevgi motivi tasvirlangan “Kleopatra”, “Aldanish”, “Ket”, “Suygan choqlarda” kabi sheʼrlari tahlilga tortilgan “Ishqiy iztiroblar” boʻlimi xarakterlidir.

Naim Karimov Choʻlponning 1917–1922 yillar oraligʻida yaratilgan bir qator asarlarini ishqiy motivda bitilgan asarlar sifatida tahlil qiladi. Jumladan, Orenburgda nashr etilgan “Shoʻro” jurnalining 1917 yil 31-sonida xat shaklida bosilgan va davrning “… dolgʻoli – toʻfonli ruhiga mos boʻlmagan”[3] bu nasriy sheʼrning mavzusi va yaratilishini shoir shaxsiy hayotiga oid manbalar bilan qiyoslab tahlil qiladi. Muallif shoirning kichik singlisi Foiqa aya xotiralariga tayanib, Choʻlponning yoshlik yillarida asli chorjoʻylik, Andijonda yashaydigan Obida ismli qizga koʻngil qoʻygani, biroq sevgisi rad etilgani bois, boshqa bir malak – Mohiroʻyaga uylangani xabarini beradi. Muallif ana shu Mohiroʻyadan uzoqdalik va sogʻinch tuygʻusi yuqoridagi ishqiy maktub yozilishiga sabab boʻlgan, deb hisoblaydi.

Muallif bu davrda shoir hayotida roʻy berayotgan muhim voqealarni qalamga olar ekan, uning ijodkor sifatida ruhiy olamida kechayotgan kechinmalarning badiiy ifodasi masalasiga ham katta eʼtibor qaratadi. Bu ikki omilni bir-biri bilan bogʻlab talqin etishga harakat qiladi. Jumladan, shoir Orenburgdan qaytgandan soʻng sogʻinch ila nasriy maktub bitgan rafiqasi Mohiroʻya bilan ajralib ketish sabablarini izohlaydi. Oʻsha paytda Chorjoʻyga ketib qolgan Obidaning shu paytga kelib yana Andijonga kelib, Choʻlpon yuragiga qaytadan ishq olovini yoqishi manzaralari hikoya qilinadi:

“Choʻlponning ruhiy va oilaviy hayoti izga tushgandek boʻldi. U oppoqqinadan kelgan, oydek goʻzal qiz bilan bir necha yil davomida baxtli kunlarni kechirdi. Ammo Choʻlponga Obida tufayli ham ota boʻlish baxti nasib etmadi”[4].

Naim Karimov Choʻlpon hayoti va ijodiga oid kuzatishlarini bayon qilar ekan, nafaqat real voqelik bilan xotiralarni bir-biriga bogʻlaydi, ayni paytda oʻzining tasavvur olamiga, fantaziyasiga tayanib muhim gipotetik manzaralar chizadi. Choʻlponning hassos shoir va goʻzallik shaydosi boʻlgan oshiq sifatida poetiklashgan siymosini yaratadi. Bularni biz shoirning shu davrda yozilgan “Qizlarning daftariga”, “Kleopatra”, “Qizorish”, “Shu kunda”, “Ketganingda”, “Aldanish” kabi sheʼrlarining tahlili orqali bilib olamiz. Chunonchi, Choʻlponning “Kleopatra” asaridagi Amu malikasi timsolida shoir suyuklisi Obida aks ettirilgani, shoir uning siymosini Nil malikasi – Kleopatraga nisbat berib yaratgani, yigit Nil boʻyidagi gullarni oʻzi oshiq boʻlgan shu goʻzal uchun uzgani va unga boʻlgan sevgisi tufayli Kleopatraning oʻtli ehtiroslarini rad etganini taʼkidlaydi.

“Sevgi va muhabbatning tirik maʼbudasi oʻlaroq mashhur boʻlgan Kleopatra Choʻlpon badiasidan chin muhabbat mayini totib koʻrmagan goʻzal bir ayol sifatida tasvir etilgan. Bu oʻziga xos adabiy bir uslub boʻlib, shoir shu usul vositasida yigitning Amu malikasiga boʻlgan sevgisi oldida Sezaru Antoniy singari sarkardalarning Kleopatraga boʻlgan muhabbati hech vaqo emas, degan fikrni olgʻa surmoqchi boʻlgan”.

Munaqqid shoirning shu davrda bitgan sheʼrlari tahlilidan kelib chiqib, uning Obida bilan munosabatlari murakkab kechganini taʼkidlaydi. Buxoroda “Buxoro axbori” gazetasida ishlab yurgan kezlari ogʻir xastalanib, ikki oy kasalxonada oʻlim bilan olishib yotganda ham, undan xabar olgani borib turgan Obida chehrasida roʻy bera boshlagan oʻzgarishlar va undan keyingi taqdirini ham bu davrda yozilgan sheʼrlari bilan mantiqan bir-biriga bogʻlab talqin qiladiki, bu hol masalani oydinlashtirishga xizmat qilishdan tashqari sheʼrda ilgari surilayotgan mazmunni ham ifodalaydi. “Qizorish” sheʼrida harbiy xastaxonaga shoirni koʻrishga kelgan Obida ruhiyatidagi oʻzgarishlar aks etgani tahlil qilinsa, Toshkentga qaytgandan soʻng yozilgan “Shu kunda” sheʼrida “Choʻlponning Obidaga boʻlgan muhabbat kemasi ham dengiz qoyalariga borib urilganidan darak berishi” taʼkidlanadi.

Munaqqid shu tariqa Obidaning Choʻlpon bilan aloqasi uzilgani haqida maʼlumot berar ekan, uning “Ketganingda” nomli sheʼridan parcha keltirib, sarlavhadan keyin yozilgan “Kleopatraga” degan bagʻishlov ham “sheʼrning kimga bagʻishlanganligini ochiq-oydin aytgan”iga eʼtiborni jalb qiladi.

Naim Karimov Choʻlponning “Aldanish” sheʼrini ham ishqiy sheʼrlar sirasiga kiritadi. Sheʼrda qoʻllangan “besh yil”lik iztirobni Obida bilan tanishgan payt bilan bogʻlab talqin etadi:

“Choʻlponning Obidadan ajralgan kunlari yozilgan sheʼr shunday ichki faryod, umid togʻlarining gurs-gurs qulab tushganida oʻkinch, ruhiy zilziladan keyingi qalb vayronalari bilan toʻla. Shoir bilan Obidani bogʻlagan besh yillikning shunday mungli, yoʻq-yoʻq, badtar natija bilan tugagani sheʼrga alohida fojiaviy ohang bagʻishlagan”[5].

Bu kuzatishlarning ilmiy qimmati shundaki, olim sheʼrda lirik qahramon ruhiyatida kechayotgan dardu iztiroblarni shoir shaxsiy hayotida roʻy bergan voqealar bilan bogʻlab talqin qiladi. Ayni hol biografik yondashuv badiiy asar talqinida turli-tuman kutilmagan mulohazalarning oldini olib, kutilgan, ilmiy jihatdan har tomonlama asoslangan tahlillarning yuzaga chiqishiga imkoniyat yaratishidan dalolat beradi.

 

Rezyume

 

Maqolada Choʻlponning biografik metod asosida tahlil etilgan sheʼrlarining xilma-xil talqinlari tadqiq etiladi.

 

V statye issleduyutsya razlichniʼe interpretatsii stixov Chulpana, proanalizirovanniʼe na osnove biograficheskogo metoda.

 

The article investigates the different interpretations of verses Chulpan analyzed on the basis of the biographical method.

 

Dilafroʻz JABBOROVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

 


[1] B.Karim. Abdulla Qodiriy va geremenevtik tafakkur. –T.: 2014. –B.184.

[2] Quronov D. Choʻlpon hayoti va ijodiy merosi. –T.:1997.- B.30.

[3] N.Karimov. Choʻlpon. Maʼrifiy roman. –T.: 2003.-B.90.

[4] N.Karimov. Choʻlpon. Maʼrifiy roman. –T.: 2003.-B.101.

[5] Karimov N. Choʻlpon.-T.:2003.-B.104-105.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.