“Shavkat Rahmon degan bir oʻjar shoir…”

0
1224
marta koʻrilgan.

Oʻtgan asrning soʻnggi choragida yuzaga chiqqan istiqlol adabiyoti, taʼkidlash joizki, oʻzgarib borayotgan milliy ongning, yangilanayotgan estetik tafakkurning mahsuli edi. Ayniqsa, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Azim Suyun, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Ikrom Otamurod, Muhammad Yusuf, Faxriyor, Abduvali Qutbiddin, Aziz Said, Bahrom Roʻzimuhammad, Iqbol Mirzo kabi shoirlar sheʼriyatida olamni poetik idrok etish yangi bosqichga koʻtarilgani yaqqol namoyon boʻldi. Ushbu sirada Shavkat Rahmon nomini sira unutib boʻlmaydi, albatta.

Qalbi bezovta, ruhi uygʻoq shoir asarlari inson irodasini toblovchi ogʻriqlar, poʻrtanavor ruhiy toʻlgʻoqlar va qilichday oʻtkir fikrlarga boy. Shoirning tili keskir soʻzlardan qonaydi, soʻrashishga uzatilgan qoʻli ham oʻrni kelsa tigʻday yaltirab ketishi mumkin. Zotan, “… bilmoqchi boʻlsangiz agar, shoirlik – jasorat soʻzining tarjimasidir”.

Shavkat Rahmon ellik yil ham yashamadi. Umrining asosiy qismi esa mustamlaka davrida oʻtdi. Buyuk ajdodlari dunyoni lol qoldirgan millatning kamsitilishi, qadr-qimmati yerga urilishi shoir yuragini pora-pora qiladi. Shu bois uning satrlari orasidan, taʼbir joiz boʻlsa, qamchilar zarbidan tomchilayotgan qon sizib turadi. “Iqror” sheʼridan bir parcha tinglab koʻring-a:

 

Men jangchi emasdim,

men shoir edim,

nihoyat shoirdan koʻra zobitman,

har nafas musulmon millatim dedim,

Nafsiga kuyganlar keldi oqibat,

Haromni xush koʻrgan malakfurushlar

zigʻirday himmatin qilganda minnat,

yaproqdan sargʻaydim, buyuk urushda

musulmon yoʻq edi,

yoʻq edi millat.

 

Bu mungligʻ sheʼr “Voh, yalang shoxlarim qilichday keskir, bir yaproq qolmadi shivirlayturgʻon”, deya tugallanadi.

Shavkat Rahmon ijodida yuksak sanʼatkorona bitilgan muhabbat, tabiat lirikasi alohida ajralib turadi. Ammo shoir poeziyasida bunday asarlar ulushini keskir sheʼrlar salmogʻi bosib ketadi. Sababini sal avvalroq ham aytdik. Ijodkor davr taqozosiga koʻra millatning iztirobli kuychisiga aylangan, ezilgan xalqining choʻng dardi shoir qalamiga siyoh vazifasini oʻtagan. Shu bois “Darchadan moʻralab turgan goʻzal soʻzlarni qoldirib ketaman endi barchaga”, deydi va yana “Aslida atirgul boʻyin taratgan bu oʻynoqi soʻzlar menikimasdir. Menga nonday zarur, qilichday keskir, zaharday mard soʻzlar boʻlsayoq basdir”, deya qoʻshimcha qiladi.

Sayladim soʻzlarning saralarini,

kurashlar shamoli kirdi nazmimga.

Yurtimni kezaman,

endi har narsa –

Egilgan narsalar tegar gʻashimga.

Endi ishlash kerak bu kengliklarda,

tokim soʻylamasin yolgʻonni hech kim,

tokim buyuk togʻlar saltanatida

egilgan boshlarni

qilichlar kessin.

 

Xalqimizda egilgan boshni qilich kesmaydi degan maqol bor. Aslida bobolar uqtirmoqdaki, odam aybiga ochiq iqror boʻlishi, jazodan qochib qutulishni koʻzlamasligi, aksincha, bunga tik bora bilishi kerak. Mazkur maqol hargiz mutelikni targʻib qilmaydi. Biroq xalqda qullik psixologiyasi kuchayib ketsa, zulm qilichiga boʻyin egib borish, boʻyin egib yurish odatga aylanib qolishi hech gap emas. Tarki odat esa amri maholdir. Shavkat Rahmon sheʼrlarida bu holatga oʻzgacha ahamiyat qaratadi. Yovqur shoir qilich kesmasin deb egilgan boshlardan nafratlanadi va nafratini satrlariga singdiradi.

“Turkiylar” sheʼri Shavkat Rahmon ijtimoiy lirikasining sara namunalaridan sanaladi. Shoir istibdod ezgan millatning boshi birikmasligidan, tobe boʻlib yashashga koʻnikkanidan ozorlanadi. Turkiy xalqlarda faqat egilgan boshlar qolganidan, oʻzligidan bexabar qullar tugʻilayotganidan yuragi yonib, koʻksi pora-pora boʻladi. Murosasiz shoir bu holat bilan kelisholmaydi, millatni uygʻotishni istaydi, shu maqsadda achchiq soʻzlar aytadi:

 

Bormi er yigitlar,

Bormi er qizlar,

bormi gul bagʻringda joʻmard nolalar,

bormi gul tufroqda oʻzligin izlab,

osmonu falakka yetgan bolalar,

Bor boʻlsa,

alarga yetkarib qoʻying,

Bir boshga bir oʻlim,

bir qarab tuying:

Yovga ters qaragan musulmon emas!

Yovga ters qaragan musulmon emas!

Yovga ters qaragan musulmon emas!

Yovga ters qaragan musulmon emas!

Yovga ters qaragan musulmon emas!

 

Shavkat Rahmon turkiylar tomirida azal-azaldan joʻsh urib turgan erk qoni keyingi asrlarga kelib toʻngʻib qolganidan iztirobga tushadi, endi esa bu muz qotgan qonni faqat keskir soʻzgina yana-tagʻin vulqonday qaynatishiga umid bogʻlaydi. Shundanmi, sheʼrdan sheʼrga soʻzlarini qayrab boraveradi.

 

Ey beklar,

zahar ich – oʻzbeging qolib,

oʻzgaga boʻysunding,

oʻlganing shuldir.

Shundanmi, boshida teridan qolip,

Saksovul singari mayishgan budun…

 

“Kenglik sogʻinchi” sheʼridan koʻrinib turibdiki, shoirning nazdida qullik oʻlimdan-da qattiqroqdir. Zero, qullarda hech qachon hur fikr, ozodlikka intilish, jonini xatarga qoʻyish, zarurat tugʻilsa, qurbon qilish tuygʻusi boʻlmaydi.

Shavkat Rahmon kitoblarini varaqlab, keskir satrlaridan qalbingiz qonab, bedorlik qonlari gul tufroqqa sachrab, erta koʻklamda ona tabiatday uygʻonganingizda, qora toshlarday gullaganingizda… bir gap hadeb tilingizda yeru koʻkni quchgan qaldirgʻochlarday aylanaveradi: “Shavkat Rahmon degan bir oʻjar shoir bir kuni qaytadan yaraladimi?”.

Yaralmaydi! Shavkat Rahmon singari isteʼdodli shoirlarimiz ham koʻp tugʻiladi, ammo u kabi koʻngli iztirob ogʻusiga toʻlgan shoirimiz boʻlmaydi. Chunki xalqimiz yelkasini endi qullik qamchilari yaralamaydi. Chunki xalqimiz bundan bu yogʻiga bosh egib yashamaydi. Chunki bul vatanda er yigitlar bor, er qizlar bor, oʻzligin izlab osmonu falakka yetgan bolalar bisyor! Alarga shoirning bezovta qalbidan bir uchqun yetgan, keskir sheʼriyatidan bir bahra yetgan. Shukrki, Shavkat Rahmonga ham vatan mustaqilligini koʻrish nasib etdi, ozod havolardan toʻyib-toʻyib nafas olish nasib etdi.

 

Erku muhabbatning muxtor elchisi –

yotmasman tuproqqa doʻnib, tinchlanib,

jasadim tirikdir yorugʻ dunyoda,

oyning sinigʻiday chaqnar sinchlarim.

Agar yetti qavat yerning qaʼrida

yotsam-da, larzaga solib havoni,

elimning yuragin

topar baribir

jismimni kuydirib uchgan ovozim.

 

Gulasal Sodiqova

Andijon davlat universitetining oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi.

 

Yoshlik”, 2017–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.