Sen bu koʻzguni koʻngul qilgin xayol…

0
310
marta koʻrilgan.

Badiiy adabiyotda muallif tafakkuri va tasavvur olamini turfa maʼno va qirralari bilan namoyon etadigan obrazlar bor. Ulardan biri – koʻzgu (oyna) obrazidir.

Koʻzgu obrazi bolaligimizdanoq ertaklar orqali bizga tanish va sevimli. Qahramonlar uzoqdagi goʻzalni oyna orqali koʻrib, sevib qoladi, olisdagi doʻstdan oyna orqali xabar keladi, dunyo ishlari tilsim koʻzgu orqali namoyon boʻladi, yolgʻonchining yuzi sehrli oynaga qarasa, qorayib ketadi va hokazo…

Xalq udumlarida ham oynaga alohida maʼno yuklanadi. Kelin-kuyovni chimildiqda oynaga teng qaratish, chaqaloq yostigʻi tagiga kichkina koʻzgu qoʻyish kabi udumlar ota-bobolarimizning yomon ruhlar oynadan qoʻrqib qochadi, degan ishonchlari zamirida paydo boʻlgan. Koʻzgu yorugʻlik, porloq iqbol, yorqin kelajak ramzi hisoblangan.

Islom dini va tasavvuf taʼsiridagi mumtoz adabiyotda ushbu obraz inson koʻnglini ifodalaydi. Toza tutilgan koʻngil oynasida esa Olloh jamoli zohir boʻladi. Masalan, mavlono Lutfiyning quyidagi baytida koʻzgu shu maʼnoni aks ettiradi:

Ulki husn etti bahona elni shaydo qilgʻali,

Koʻzgudek qildi meni oʻzini paydo qilgʻali.

Alisher Navoiy ijodida koʻzgu obrazining maʼnolari kengaydi, yangi-yangi qirralari namoyon boʻldi. Bu obraz, ayniqsa, “Xamsa”da takomiliga yetdi. “Hayrat ul-abror”da butun olam va undan muddao boʻlmish odamzod Yaratganning koʻzgusidir, degan maʼnodagi misralar bor:

 

Jilvai husnunggʻa chu yoʻq erdi had,

Koʻzgu kerak boʻldi anga beadad.

 

Ochti bu gulshanniki rangin erur,

Har gul anga oyinai chin erur.

 

Jilvai husn oʻlgʻali zohir anga,

Boʻldi bu mirʼot mazohir anga.

 

Yaʼni: husning jilvasiga poyon va hisob yoʻq edi, uni oshkor etish uchun esa xuddi mana shunday (ulugʻvor, goʻzal va poyonsiz) koʻzgu kerak boʻldi. Shuning uchun bu gulshan (yaʼni olam) yaratildi. Undagi har bir gul (yaʼni har bir mavjudot) chiniy oyina kabi (haqiqatni namoyon etuvchi) boʻldi. Husningning jilvasini paydo qilish uchun bu koʻzgu akslantiruvchi vazifasini oʻtadi.

Dostonning bir necha oʻrinlarida Navoiy bu koʻzgu olam, undan murod esa inson ekanini va Yaratgan inson qalbiga oʻz xazinasi boʻlmish maʼrifatni joylashtirganini taʼkidlaydi.

“Farhod va Shirin” dostonida koʻzgu obrazining ikki xil variantini koʻramiz. Dostonda xoqon Farhodning koʻnglini ochish maqsadida xazinaga olib kirib, ajoyibotlarni koʻrsatgan paytida tilsim sandiqqa duch kelishi lavhasi bor. Oltinu javohirlarga nazar solmay tilsim sandiqqa qiziqqan Farhod uni ochish uchun Yunon mulkiga safar qilishi kerak edi. Saroy donishmandlarining aytishicha, oʻsha sirli koʻzguda kishi oʻz taqdirini koʻrar ekan.

Bu obrazning paydo boʻlish tarixiga ham Navoiy ijodida javob borligi qiziq. “Saddi Iskandariy” dostonida tasvirlanishicha, Iskandarga Chin xoqoni ikki ajoyibot sovgʻa qiladi. Bu ajoyibotlarning taʼsirida Iskandarning oʻzi ham musohib donishmandlarga bir koʻzgu va bir usturlob yasashni amr etadi. Jahongir podsho usturlob bilan osmon jismlarini kuzatishni moʻljallagan boʻlsa, koʻzguga qarab olamdagi barcha voqealardan xabardor boʻlishni oʻylaydi. Natijada Arastu boshchiligida ikki yuz hakim temirga sayqal berib Iskandar koʻzgusi (oyinai Iskandariy)ni yasashadi. Taqdir taqozosi bilan mana shu koʻzgu Farhodning otasi boʻlmish Chin hoqoni xazinasida paydo boʻladi va uning tilsimini ochish uchun Farhod Yunon mulkiga safar qilishi, ajdaho, dev va temir paykar kabi toʻsiqlarni yengib oʻtib, Suqrot bilan suhbatlashmogʻi kerak edi.

Bu oʻrinda tilsim sandiq – vujud, Iskandar koʻzgusi esa inson koʻngli boʻlib, uni soflash uchun kishi riyozat tortmogʻi kerak, degan fikr dostonda obrazli tarzda ifodalangan. Farhod Yunon mulkida temir paykar koʻksidagi koʻzguga oʻq otgan paytda tilsim sandiq ochiladi va Farhod koʻzguda Shirinning aksini koʻradi. Navoiy Suqrotni tasvirlar ekan, uning qalbini mana shu Iskandar koʻzgusiga oʻxshatadi.

Dostonda yana bir koʻzgu obrazi mavjud boʻlib, kamon oʻqi bilan urib sindirilishi kerak boʻlgan temir paykar odamning koʻksida joylashgan. Agar oʻq koʻzguga tegmasa, temir paykarning atrofidan yuz nafar oʻziga oʻxshash nusxalari chiqib, Farhodni kamondan otib oʻldirishardi. Farhod bu shartni ham bexato bajaradi. Bu oʻrinda temir paykar odam – yolgʻon dunyoni, uning koʻksidagi koʻzgu esa kishini oʻziga jalb etadigan dunyoning turfa jilvalarini ifodalamoqda. Va bu koʻzgu ayni paytda inson koʻksidagi ilohiy koʻzgu – koʻngilga ters maʼnoda qoʻyilmoqda.

“Layli va Majnun” dostonida Navoiy Iskandar koʻzgusini “oynai jahonnamo” (olamni koʻrsatuvchi oyna) deb ataydi va uni ishqqa qiyos qiladi. Iskandar bu koʻzgu vositasida olamni koʻrgani kabi, ishq tufayli nazari tozargan oshiq ham qayerga qarasa, yorni (bu oʻrinda haqiqiy Yor, yaʼni Olloh maʼnosida) koʻradigan boʻladi:

 

Xurshedi jahonkushoy sensen.

Mirʼoti jahonnamoy sensen,

 

Kim qildi sanga nazarni ravshan,

Koʻrdi yeru koʻkdagin muayyan.

 

Chun boqqali ixtiyor topti,

Har soriki boqti, yor topti.

 

“Sabʼai sayyor” dostonidagi hikoyatda ham koʻzgu obrazi bor. Unda tasvirlanishicha, bir musofir shohga antiqa koʻzgu sovgʻa qiladi. Uning roʻparasidagi kishi rost soʻzlasa, yuzi nurli boʻlib koʻrinar, yolgʻon soʻzlayotgan boʻlsa, qora tusga kirardi. Shoh u bilan suhbat qila turib, “Sen koʻp yurtlarni koʻrgansan, menga oʻxshagan saxiy kishini uchratganmisan?” deydi. Mehmon bu savoldan gangib, beixtiyor yolgʻon gapiradi, yaʼni “yoʻq”, deb javob beradi. Shunda mehmon yuziga oʻzi keltirgan koʻzguni tutishsa, u qorayib ketadi. Musofir bu holdan xijolatga tushib, “koʻrdim” deydi. Yana koʻzgu tutishsa, uning yuzi charogʻon boʻladi.

Ushbu koʻzguning yaratilish tarixi haqida ham “Saddi Iskandariy” dostonida maʼlumot beriladi. Iskandar Chinga kirib kelgach, hoqon unga sovgʻa tariqasida bergan ikki ajoyibotning birinchisi mana shu Chin koʻzgusi, yaʼni oyinai Chin edi. Bu oʻrinda “chin” soʻzi ikki maʼnoda qoʻllanilib, iyhom sanʼati hosil qilinmoqda. Yaʼni bu oyna rostni yolgʻondan ajratuvchi chin oyna hamda Xitoyda yasalgan chiniy oynadir:

 

Tuhfa kelturmish erdi bir koʻzgu

Kim, ani tutsa har kishi oʻtru.

 

Chin desa aksida safo erdi,

Desa yolgʻon yuzi qaro erdi.

 

Koʻzgu obraziga Navoiy falsafiy-tasavvufiy dostoni “Lison ut-tayr”da ham murojaat etadi. Dostonning “Ul shoh hikoyatikim, husnini zohir qilurgʻa koʻzguni vosila qildi” bobidagi hikoyatda bir shohning haddan ziyod goʻzalligi tufayli dunyoga hayajon va tugʻyon tushgani, qanchadan qancha oshiqlar qurbon boʻlgani, buni toʻxtatish maqsadida oʻsha podshoning oʻzi qasri tegrasiga koʻzgu yasatgani tasvirlanadi. Bob yakunida Navoiy ushbu hikoyatdagi obrazlarni quyidagicha sharhlaydi:

 

Sen bu koʻzguni koʻngul qilgin xayol,

Kim solur aksini onda ul jamol.

 

Qasri tan, onda koʻngulni koʻzgu bil,

Koʻzguda shoh husnin nazzora qil.

 

Bermayin bu koʻzguga avval jilo,

Aks anda solmagʻay ul podsho.

 

Yaʼni: sen bu koʻzguni koʻngil deb angla va unda ilohiy jamol aks etadi, deb oʻylagin. Qasrni tan deb, undagi koʻzguni koʻngil deb tushun va koʻngil koʻzgusida (ilohiy) Podshohning husni (olam jilvalarini, ilohiy maʼrifat, goʻzallik, isteʼdod kabilar) aks etayotganini tomosha qil. Lekin buning bir sharti bor: koʻzguga oldin yaxshilab jilo berib, yaltiratmasang, Podsho unga aksini solmaydi.

Demak, bu oʻrindagi koʻzgu obrazidan murod ham inson qalbidir. Uning zang bosishi koʻngilning Yaratgandan chekinishi; yaraqlashi, jilolanishi esa uning riyozatlar bilan poklanishini bildiradi.

Navoiy ijodida koʻzgu obrazi asosan ikki maʼnoda qoʻllanadi: 1) butun dunyoni koʻrsatish vositasi (Iskandar koʻzgusi); 2) rost va yolgʻonni, haq va nohaqni ajratish vositasi (Chin koʻzgusi).

Obrazning har ikkala maʼnosi ham ramziy boʻlib, alaloqibat, inson qalbini ifodalaydi. Bir soʻz bilan aytganda, Alisher Navoiy ijodida koʻzgu obrazining xalq doston va ertaklarida, tasavvufiy adabiyotda ishlatilgan barcha maʼnolari rivojlantirilgan va yangi-yangi qirralari kashf etilgan.

 

Zuhra MAMADALIYEVA,

filologiya fanlari nomzodi.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.