Sehrli olam sururi

0
471
marta koʻrilgan.

Bolaligida ona allasini eshitib, goʻdaklik va oʻsmirlikda ogʻzaki badiiy ijod durdonalari – xalq ertaklarini, “Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” turkumidagi dostonlarni tinglab oʻsgan bolalar ulgʻayganda asl xalq farzandlari boʻlib yetishadilar.

Xalq ertaklari bolalarni jasur, oqil, mard va oliyjanob boʻlishga, Vatanni, xalqni, adolat va haqiqatni sevishga oʻrgatadi. “Ur, toʻqmoq!”, “Yoriltosh”, “Susambil”, “Uch ogʻa-ini botirlar”, “Bulbuligoʻyo”, “Zumrad va Qimmat” kabi ertaklar bolalarning mehnatsevar, halol, bagʻrikeng, tabiatga va insonlarga mehr-shafqatli boʻlib oʻsishlariga yordam beradi.

Jahondagi barcha atoqli adiblar, shoirlar xalq poyetik ijodidan ilhomlanib bolalarga atab ajoyib, nodir asarlar yozganlar. Mark Tvenning “Tom Soyer va Gekklberri Fin sarguzashtlari”, “Janna d’Ark”, “Shahzoda va gado” romanlari, Daniyel Defoning “Robinzon Kruzo”, J. Sviftning “Gulliverning sayohatlari”, Fransua Rablening “Gargantua va Pantagruyel” romanlari, H. K. Andersen, Sh. Perro, aka-uka Grimmlarning ertaklari, Pushkinning “Ruslan va Ludmila”, S. Marshakning “Oʻn ikki oy” asarlari jahon bolalar adabiyotining durdonalari boʻlib, necha asrlar davomida yosh avlodlarga badiiy, axloqiy, maʼnaviy boyliklarni hadya qiladi. Belgiya shoiri Moris Meterlink yozgan “Baxt qushi” (“Sinyaya ptitsa”), G. Uells, Jyul Vern asarlarida tabiat va ruhiy olam sirlari kashf etilgan.

Oʻzbek xalq poyetik ijodining cheksiz boy va rang-barang namunalari, ulardan ruhlangan Alisher Navoiy, Gulxaniy, Abdulla Avloniy, Choʻlpon, Elbek sheʼrlari, Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurgʻ yoki Parizod va Bunyod”, Gʻafur G4ulomning “Shum bola”, Oybekning “Bolalik”, “Alisherning yoshligi”, “Zafar va Zahro”, Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar”, Shukur Saʼdullaning “Yoriltosh”, Quddus Muhammadiy, Tolib Yoʻldosh, Zafar Diyor, Qudrat Hikmat, Ilyos Muslim sheʼrlari, Mirkarim Osimning “Shiroq”, “Toʻmaris”, “Spitamen” hikoyalari, Asqad Muxtorning “Mardlik choʻqqisi”, “Dunyo bolalari”, “Adolat”, Pirimqul Qodirovning “Najot” (“Botirlar va baxillar”), Yavdot Ilyosovning “Soʻgʻdiyona”, “Qora beva” (“Guldursun”), “Anaxita qasosi”, Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sehrli qalpoqcha”, Oʻ. Umarbekov, Latif Mahmudov va Farhod Musajon asarlari, Gʻani Jahongirov, Hojiakbar Shayxov, Anvar Obidjon, Hamza Imonberdiyev, Tursunboy Adashboyev, Safar Barnoyev, Miraziz Aʼzam, Toʻlan Nizom, Safo Ochil sheʼrlari, Abdusaid Koʻchimov, Murod Xidir, Abduqayum Yoʻldoshev, Rustam Obid, Muhabbat Yoʻldosheva, Mavluda Ibrohimova, Sohiba Abdullayeva hikoyalari oʻzbek bolalar adabiyotining eng yaxshi namunalari sifatida yosh avlodlar tarbiyasiga hayotbaxsh taʼsir koʻrsatmoqda.

Bu adib va shoirlarning asarlarida vatanimiz ozodligi, mustaqilligi uchun kurashgan milliy qahramonlarimiz, xalqimizning baxt-saodat haqidagi orzu-armonlari, adolat va haqsizlik, ezgulik va yovuzlik, nur va zulmat oʻrtasidagi kurash, mehnatsevarlik va yalqovlik, rostgoʻylik va yolgʻonchilik, halollik va qalloblik, muhabbat va nafrat, xalq daholari va allomalarining ibratli hayoti va ilm-fandagi jasoratlari, bolalarcha shoʻxlik va oʻyinlar, tabiat goʻzalliklaridan zavqlanish va boshqa koʻpgina mavzular, axloqiy, maʼnaviy muammolar oʻziga xos rang va ohanglarda tasvirlab berilgan. Bu asarlar hali koʻp avlodlarni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalaydi.

Bolalar adabiyoti va adabiyotshunosligi bilan uzoq yillar davomida shugʻullanib kelayotgan isteʼdodli pedagog olim Mamasoli Jumaboyevning “Bolalar adabiyoti” darsligida bu adabiyotning maqsad va vazifalari, “kattalar” adabiyotidan farqlari va oʻxshash jihatlari, bolalarning tabiati, yosh xususiyatlarini eʼtiborga olishi (maktabgacha taʼlim-tarbiya, bogʻcha bolalari, maktab yoshidagi kichkintoylar, oʻrta va katta yoshdagi bolalar, yaʼni oʻsmirlar), eng muhimi, bolalarning yoshidan qatʼi nazar, ularni kamtarin, rostgoʻy, xushmuomala, vaʼdasida turadigan, ota-onasiga, qarindosh-urugʻlariga, barcha insonlarga mehr-muruvvatli, goʻzal xislatlar, fazilatlar egasi, vatan va xalqini doimo himoya qiluvchi yetuk insonlar boʻlib yetishuviga yordam berish zarurligi toʻgʻri koʻrsatilgan. “Bolalar adabiyoti bu vazifani bajarishda badiiy tilga suyanadi,” deydi darslik muallifi. U bolalar adabiyotiga, maktab va litsey oʻquvchilariga Alisher Navoiyning “Til – koʻngil xazinasining qulfi” degan hikmatini eslatadi. Muallif toʻgʻri uqtirganidek, bolalar yozuvchilarining eng yaxshi kitoblari yosh avlodni tabiatni sevishga, halol yashashga, ilm-fan choʻqqilarini egallashga, xalq uchun foydali yangi kashfiyotlar qilishga oʻrgatadi. Yana shuni aytish zarurki, arab adibi Al-Johiz (769) fikricha, “Kitob – eng yaxshi doʻst, eng sodiq hamroh, eng dono ustoz, bu doʻsting seni hech qachon zeriktirmaydi, senga hech qachon yomonlik qilmaydi”.

Sharq va Gʻarb mutafakkirlarining fikricha, yaxshi kitob olam mushkulotlarini tushunishga, oddiy va halol odamlarni, tabiat va ruhiy olam goʻzalliklarini sevishga, yuksak orzu, ideallar (adolat, haqiqat, tenglik, birodarlik, ozodlik) uchun kurashda sabot-matonatli boʻlishga, hayot mashaqqatlarini yengishga yordam beradi. Al-Johiz yana aytadiki: “Yaxshi kitob maroqli suhbatdosh, jaholatga qarshi qudratli qurol, illatlarga qarshi shifobaxsh dori, eng koʻp daromad keltiruvchi kasbkor, aziz mehmon va eng dono maslahatchidir. Kitob – bugunni kelajak bilan, siniq parchani butun bilan, maxfiyni oshkor bilan, yoʻqlikni borlik bilan, xasisni saxiy bilan (boʻrini qoʻzichoq bilan, laychani fil bilan) uchrashtira oladi”. Donishmandlar aytmishki, kitoblar – zamonlar osha manzilga toʻgʻri borayotgan tafakkur kemalaridir.

Ertaklar – bolalar adabiyotining eng nodir durdonalari. Ajoyibotlarga toʻla orzular osmonida parvoz qiluvchi baxtiyor bolalikni xalq badiiy tafakkurining dahosi yaratgan ertaklarsiz tasavvur etish qiyin. Bola, oʻsmir ertakdagi jasur qahramonlardan ibrat oladi. Chunki bu qahramonlar hamisha mehnatkash xalqni turli ajdarho va devlardan, balo-ofatlardan himoya qiladi. Xalq ogʻzaki ijodi bilan tanishgan bolalar va oʻsmirlar maʼnaviy barkamollik chashmalaridan bahra oladilar. Shuning uchun “Bolalar adabiyoti” darsligi ham folklordan boshlanishi tabiiydir.

 

Mahkam MAHMUD

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.