Sanʼatning maqsadi

0
1698
marta koʻrilgan.

GEGEL

 

Biz inson bu mazmunni badiiy asar shaklida yaratar ekan, kanday manfaatlarga asoslanib ish koʻradi, oʻz oldiga qanday maqsadlar qoʻyadi, degan savol qoʻyamiz. Bu, aslida, badiiy asarga yondashishning uchinchi jihati boʻlib, uni har tomonlama va chuqur oʻrganish sanʼatni toʻgʻri tushunishga olib keladi.

Bu haqdagi nisbiy tasavvurlarga murojaat etar ekanmiz, darhol sanʼatning tabiatga taqlidchilik prinsiplariga toʻqnash kelamiz.

A) Tabiatga taqlidchilik prinsipi. Bu qarashga koʻra, sanʼatning bosh maqsadi hisoblangan taqlidchilik tabiat koʻrinishlari aslan qanday boʻlsa, shunday nusxa koʻchirish layoqatini anglatadi. Bu vazifani tabiatga muvofiq tasvirlash insonga toʻlaqonli mamnunlik berishi kerak, deb hisoblaydilar.

a. Bu taʼrifga koʻra, inson tashqi olam narsa-hodisalarini qanday shakl, koʻrinishda boʻlsa, oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, ikkinchi marta oʻshanday qayta yaratishni rasman maqsad qilib oladi. Lekin biz bunday takrorni darhol ortiqcha ish deb hisoblashimiz lozim.

aa. Nega deganda, suratlar, teatr tamoshalari va boshqalar oʻziga andoza oladigan narsalar – hayvonlar, tabiat koʻrinishlari, inson hayotiga oid voqealarni bogʻ-rogʻlar yoki uyimizda, qarindosh-urugʻlar yoki uzoq tanishlarimiz davrasida allaqachon koʻrib ulgurganmiz va bunday taqlidchilikning barchasiga tabiatdan ajralib qolgan ortiqcha oʻyin deb, jilvalanish deb, qarash lozim. Sanʼat haqiqatan ham taqlidchilikning faqat rasmiy maqsadlari bilan cheklanib qolsa, haqqoniy hayotni tasvirlash oʻrniga uning sirtqi koʻrinishlarini yaratishi mumkin. Masalan, musulmon turklarda faoliyatning tasviriy sanʼat, portret chizish bilan bogʻliq har qanday turi qatʼiy taqiqlanadi; Jems Bryus (1730–1794. Ingliz sayohatchisi) Abissiniyaga borayotib, bir turkka baliq surati tushirilgan asarni koʻrsatganda, uning dafʼatan hayratga tushgani, kutilmaganda: “Bu baliq senga qiyomat kuni qarshi chiqib, menga tana berding, biroq tirik jon ato etmading, desa, oʻzingni oqlash uchun qanday javob qaytarasan?” deganini eslaydi. Sunnada aytilishicha, paygʻambarning xotinlari – Umma Habiba bilan Umma Salʼama Efiopiya cherkovlarida koʻrgan narsalari haqida hikoya kilib berganida, u: “Bu obrazlar qiyomat kuni ularni tasvirlaganlarga qarshi ayblovchilarga aylanadi”, deb qatʼiy javob bergan.

Toʻgʻri, haqiqatan ham mutlaq uydirmadan iborat tasvirlar koʻpdir. Zevksis (Eramizdan oldingi V asr oxiri – IV asr boshida yashagan qadimgi yunon rassomi)ning tok novdalarini choʻqiyotgan jonli kaptarlarni tasvirlagan suratlari allaqachon sanʼat va tabiatga taqlidning yuksak namunasiga aylanib ketganligi maʼlum. Bunday koʻhna misollarga Rezel (1705–1759. Nemis zoologi)ning “Hashoratlarning ermaklari”da mayqoʻngʻizni gʻajiyotgan maymun tasvirini ham kiritsa boʻladi. Garchi bu tasvir qimmatbaho kitobning goʻzal nusxasiga putur yetkazgan esa-da, lekin uning muallifi yaxlit manzarani oʻta yaqqol tasvirlagani uchun bunga eʼtiroz bildirmagan. Ammo-lekin bu misollarga koʻz tashlaganda, bizning miyamizda kaptaru maymunlarni laqillatgan bunday asarlarni maqtash oʻrniga, aksincha, ularning obroʻsini koʻtarishda nochor voqelikni oliy va pirovard maqsad qilib olganlarga nisbatan keskin eʼtiroz tugʻilishi kerak, degan fikr hosil boʻlishi lozim. Umuman olganda, sanʼat birgina taqlid qilish orqali tabiat bilan kim oʻzarlik qila olmaydi, aks holda, fil ortidan sudralib borayotgan kumursqani eslatadi.

Tabiiy asliyat bilan uning nusxasi oʻrtasidagi bunday omadsizlik qiyos qilinsa, sanʼatning tabiatnikiga oʻxshash narsalarni yaratishda oʻz qobiliyatidan qoniqishi uning yagona maqsadi ekanligi oydinlashadi. Inson oʻz faoliyati va tabiiy narsalarni qayta yaratish layoqatidan mamnun boʻlishi mumkin. Biroq, nusxa tabiiy asliyatga qanchalik koʻp oʻxshasa, bu xursandchilik, bu hayratlanish shuncha tez daxmaza va koʻngilsizlik tugʻdiradi. Zukkolik bilan aytilganidek, “shunday qiyofalar borki, oʻta yoqimsizligi bilan, aynan, bir-biriga quyib qoʻygandek oʻxshaydi”. Kant taqlidchilik baxsh etuvchi mamnunlik haqida toʻxtalar ekan, inson bulbulday xonish qilsa ham, bu ovoz qush emas, balki odamniki ekanligi bilinib qolsa, tezda meʼdaga tegishini taʼkidlagan. Biz bu yerda na tabiatning, na badiiy asarning ijodiy erkinligini, balki koʻzboyloqchilikni koʻramiz. Holbuki, biz inson siynasidan bulbul xonishi yangligʻ gʻayritabiiy tarqalayotgan musiqani emas, balki erkin qobiliyatning ijodiyligi va samaradorligini kutamiz, bunday oʻziga xos hayotiylik inson tuygʻularini ifoda etuvchi ohanglarga oʻxshab ketadi.

Umuman, taqlidchilik uchun uddaburonlik keltiruvchi bu shodmonlik oʻta ahamiyatsiz boʻlishi va inson esa oʻz-oʻzini yaratishdan koʻproq shodlanmogʻi mumkin. Shu maʼnoda, har qanday texnikaviy ixtirochilikka moslashuv ham muhimdir va inson koʻzbogʻlash, yaxshi taqlidga qaraganda bolgʻa, mix va shu kabilarni yaratishdan koʻproq faxrlanishi lozim. Binobarin, taqlidchilikdagi bu abstrakt holatni dukkakli yasmiq donini tor teshikka bexato tushirgan inson mahoratiga qiyoslasa boʻladi. U Iskandar Zulqarnaynga bu sohada oʻz epchilligini namoyish qilgan, Iskandar esa bu befoyda va bemaʼni mahoratni bir aravaga qoʻshilgan toʻrt ot bilan siylagan.

b. Taqlidchilik prinsipi rasmiy xarakterga ega boʻlib, faqat maqsaddan iborat boʻlsa, unda butunlay obʼyektiv goʻzallik barham topadi. Binobarin, bunda biz faqat toʻlaqonli taqlid haqida gʻamxoʻrlik qilamiz-u, lekin uning tabiati haqida bosh qotirmaymiz, goʻzallikning predmeti va mazmuniga esa qandaydir eʼtiborsiz qaraymiz. Bundan tashqari, agar goʻzal va xunuk hayvonlar, odamlar, joylar, xatti-harakat va xarakterlar haqida yana soʻz borsa, agar abstrakt taqlid, baribir, sanʼat prinsipi qilib olinsa, sanʼat uchun goʻzallik bilan xunuklik oʻrtasidagi tafovut jiddiyligini yoʻqotadi. Biroq tasvir predmetlarini tanlashda goʻzallik bilan xunuklikni tabiatning rang-barang koʻrinishlariga tatbiq etish mezonlari boʻlmasa, u holda tartib-qoida tayinlash va bahs yuritish mumkin zmasligi haqidagi subʼyektiv didga asoslanishga toʻgʻri keladi.

Aslini olganda, tasvir predmetlarini belgilashda kishilarning didlari, ularning goʻzal va xunuk deb hisoblovchi narsalari va shunga muvofiq sanʼat taqlid qilishga loyiq narsalarga asoslansak, u holda biz tabiatning har qanday narsasini tanlab olishimiz mumkin, zero, ularning har biri oʻz muxlislariga ega. Binobarin, kishilarning individual didlari xususida soʻz borganda, masalan, har bir yigit oʻz sevgilisi timsolida goʻzal jononni tasavvur etmagan taqdirda ham, loaqal uni favqulodda, shunday goʻzal deb hisoblashi, binobarin, goʻzallikni baholashda subʼyektiv did talablaridan bir oz chekinish kuyov-kelin uchun baxtli hodisaga aylanishi mumkin.

Alohida kishilarning individual didini hisobga olmagan holda, butun-butun xalqlarning didi toʻgʻrisida fikr yuritganda, ularning oʻta rang-barang va ziddiyatli ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Koʻpincha yevropalik goʻzal xonim xitoylik, ayniqsa, gottentot (Afrikaning janubi-gʻarbida yashovchi xalq)ga yoqmaydi, chunki goʻzallik toʻgʻrisida xitoylarda negrlarga qaraganda butunlay boshqa, shuningdek, negrlarda ham yevropaliklardan ayricha qarashlar mavjud, degan fikrlarni eshitishga toʻgʻri keladi. Agar biz yevropalik boʻlmagan bu xalqlarning badiiy asarlari, xususan, ularning fantaziyasi tomonidan yaratilgan ulugʻ va topinishga sazovor xudolar obrazi bilan tanishsak, bizga ular yoqimsiz sanamlar boʻlib koʻrinishi, muzikalari quloqlarimiz ostida gʻaliz eshitilishi mumkin. Oʻz navbatida, ular ham bizning haykallar, suratlar, musiqaviy asarlarimizni tushunmasligi yoki qandaydir yoqimsiz asarlar, deb baholashi, tabiiy.

v. Bordiyu biz hatto sanʼatdagi obʼyektiv prinsiplarni izlab topishdan voz kechgan taqdirda ham, alohida kishilarning subʼyektiv va shaxsiy didlari goʻzallik asosi boʻlib xizmat kilishini eʼtirof etishimiz lozim. Biroq sanʼat misolida shunga tez ishonch hosil qilsa boʻladiki, buyuk daholar asoslab bergan tabiatga taqlidchilik mohiyatan umumiy prinsip hisoblansa-da, uni bunday umumiylik orqali mutlaq abstrakt tushunmaslik lozim. Sanʼatning alohida, xususan, agar rassomlik va haykaltaroshlik kabi turlariga murojaat qilib, ular predmetlarni tabiat yoki oʻz yoʻnalishi boʻyicha olingan narsalarga, aynan, oʻxshash yoki yaqqol qilib tasvirlashini qayd etmay ilojimiz yoʻq, shunday ekan, badiiy ijod hisoblangan meʼmorchilik asarlari ham, shuningdek, poetik asarlar ham shunchaki tafsilotlar bilan cheklanib qolmaydi, shu bois, ularni tabiatga taqlid deb boʻlmaydi. Mabodoki, biz ularni shunday hisoblagan taqdirda ham qoʻshimcha izoh va cheklashlarga va, bundan tashqari, taqlidchilik prinsipini haqiqat emas, balki shunchaki ehtimollik deb eʼtirof etishga zaruriyat tugʻiladi. Lekin bu yerda nima ehtimolu nima ehtimol emas, degan masalada qiyinchilik tugʻiladi, binobarin, bundan tashqari, gʻayriixtiyoriy, mutlaq fantastik uydirmalarni poeziya sohasidan chiqarib tashlash hech kimning xayoliga kelmaydi.

Shuning uchun sanʼatning maqsadi mavjud narsalarga faqat sunʼiy, rasmiy taqliddan iborat boʻlib qolmaydi, negaki, bu narsa badiiy asarni emas, balki mahorat bilan yasalgan narsalarni vujudga keltiradi. Toʻgʻri, sanʼat uchun uning asosida yotuvchi tashqi va, shu bilan birga, tabiiy hodisalar shaklida ijod qilish muhimdir. Masalan, tasviriy sanʼat uchun ranglar uygʻunligini yorugʻlik taʼsiri, inʼikos va shu kabilarning oʻzaro munosabati, aniqrogʻi, predmetlarning kichik zarra va obrazlari shakllari qadar oʻrganish, shuningdek, ulardan nusxa olish muhimdir. Shu jihatdan eng yangi zamonda tabiat va tabiiylikka taqlid prinsiplari yana qayta jonlandi. Bu prinsip sunʼiylik va noerkinlik taʼsirida yoʻldan ozgan, zaiflashgan va xiralashgan, badiiy ijoddan ham, tabiatdan ham yiroqlashgan sanʼatga endi tabiatning taʼsiri va qatʼiyati, qonuniy, samimiy va barqaror izchilligini qaytarishi kerak. Bunda qandaydir qatʼiyat mavjud boʻlsa-da, biroq tabiiylik sanʼat asosida yotgan jiddiy va asosiy narsa emasdir. Garchand sanʼatning eng muhim xususiyatlaridan birini tashqi tasvirdagi tabiiylik tashkil etsada, tabiatdagi tabiiylik uning mezoni emas, tashqi hodisalarga bunday taqlidchilik esa sanʼatning asl maqsadi boʻla olmaydi.

B) Ruhning hayajonlanishi. Shu bois, endi, biz sanʼatning haqiqiy mazmuni nima? Nima sababdan sanʼat uni gavdalantirishi kerak? degan savollar qoʻyishimiz lozim. Bu haqda oʻylashimiz bilanoq, sanʼat inson ruhiyatida kechuvchi barcha narsalarni bizning tashqi va ichki tuygʻu, kechinmalarimizga qandaydir tarzda yetkazishi kerak, degan oddiy fikrga kelamiz. Sanʼat “insoniylikka xos barcha narsalar menga ham yot emas”, degan mashhur hikmatni amalga oshirishi lozim. Uning maqsadini bizda mudrab yotgan rang-barang tuygʻu, mayl va ehtiroslarga turtki berish, qalbni chulgʻash, inson ruhiyatining eng nozik va sirli nuqtalarida narsalarning komil yoki nokomil inson tomonidan his etish, qalbni junbishga keltiruvchi barcha narsalarning imkoniyat va xususiyatlarini aniqlashga daʼvat qilishda koʻradilar. Sanʼat insonni ruhning oʻz tafakkuri va gʻoyasiga xos olijanobligi, abadiyligi va haqiqatning ulugʻvorligi, barcha muhim va koʻtarinki hodisalarni his etish va mushohada qilishdan zavqlantirmogʻi kerak.

Xuddi shunga oʻxshab sanʼat shunchaki baxtsizlik va musibat, yovuzlik va jinoyatni koʻrsatmasligi, balki bizni har qanday rohat-farogʻat, huzur-halovat bilan roʻy berganidek, ruhan ular bilan bogʻlashi, nihoyat, obraz va sezgilarning hissiy maftunkorligiga xalal bermagan holda fantaziya va tasavvurning gʻayriixtiyoriy faolligiga keng yoʻl ochishi zarur. Sanʼat shu bilan tashqi borligʻimizning tabiiy tajribasini boyitishi, ehtiroslar tugʻdirishi, shuningdek, bu ruhiy kechinmalardan ayri boʻlmaslik, ularga faol munosabat bildirib, voqealar rang-barangligi va mazmundorligini ifodalashi ham lozim.

Biroq bunday hissiyot bu yerda haqiqiy tajribadan emas, balki uning tashqi koʻrinishi, yaʼni, sanʼatning voqelik oʻrnini bosuvchi namunalarini yaratishi taʼsirida tugʻiladi. Sanʼat bizni bunday koʻrinish bilan oʻziga jalb etish uchun har qanday voqelik inson mushohadasi va irodasiga singib, soʻngra, uning kuzatish va tasavvurlaridan oʻtish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Bunda tashqi voqelik boshqacha yoʻl bilan bevosita yoki bavosita, oʻzida voqelik mazmunini ifodalovchi va gavdalantiruvchi obrazlar, belgilar va tasavvurlar shaklida yuz beradimi-yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, ahamiyatsizdir. Inson voqelikda yoʻq narsalarni xuddi mavjuddek tasavvur eta olishi mumkin. Shuning uchun tashqi voqelikning biror-bir jihati va hayotiy mazmuni yoxud uning koʻrinishlari bizning ongimizga taʼsir qilib, ruhiyatimizda bir xilda taassurot uygʻotishi, har ikki holatda ham mazmunan azoblashi yoki shodlantirishi, hayajonlantirishi yoki iztirobga solishi, shu bilan birga, hayajon va nafrat, gʻazab, gʻam-tashvish, besaranjomlik, qoʻrqinch, muhabbat, hurmat, hayratlanish, shaʼn va nomus kabi tuygʻularni hosil qilishi mumkin.

Shunday qilib, sanʼatning oʻziga xos taʼsirchanlik kuchi ruhiyatimizni soxta monandlik va voqelik taʼsirida rang-barang hayotiy mazmun bilan boyitishda, tuygʻularimizni jonlantirishda, kechinmalarimizni shakllantirishda namoyon boʻladi.

Biroq sanʼat ruhiyatimizda ezgu hamda noxush tuygʻular qoʻzgʻaganidek, olijanob niyatlarimizni barqarorlashtirganidek, hissiy va xudbin xohish-istaklar uygʻotish orqali ham taʼsir qiladiki, bu undan mutlaq rasmiy vazifalarni ado etishni talab qiladi, bordiyu unda bundan boshqacha, jiddiyroq maqsad boʻlmasa, har qanday mazmun va materialni faqat yuzaki koʻrinish orqali berish bilan chegaralanib qoladi.

V) Oliy substansial maqsad. Sanʼatda rasmiy jihatlar ham yoʻq emas, ishonchli daʼvatkor fikr singari sanʼat mushohada va hissiyot darajasiga koʻtarilishi va oʻta rang-barang material va xatti-harakat usullari bilan shugʻullanishga asos va isbot topishi mumkin. Bunda, avvalambor, mazmunning rang-barangligi va sanʼatni yuzaga keltiruvchi yoki barqarorlashtiruvchi tasavvur va hissiyotlar oʻzaro ziddiyatga kiradi va bir-birini yoʻqotadi, degan fikr-mulohaza paydo boʻladi. Aytish mumkinki, sanʼat tuygʻularimizga turtki beradi, ehtiroslarimizni jiddiylashtiradi, sofistika va skeptitsizmga daʼvat qiluvchi aql singari bizni tartibsiz sarxushlik tomon parvona boʻlish yoki ular bilan oʻralashib qolishga olib keladi.

Materialning turli-tumanligi bizda bunday rasmiy taʼrifdan qoniqmaslik hissini uygʻotadi, binobarin, bu hashamdor rang-baranglikni his etuvchi aql botinan oliy, umumiy maqsadning bu oʻta ziddiyatli elementlar orqali qanday amal qilishini qarab chiqish va tushunishni talab qiladi. Masalan, butun insoniy qobiliyatlar va individual kuchlarning jamiki yoʻnalish va tomonlar boʻyicha rivojlanishi hamda gavdalanishini eʼtirof etish insoniyat turmushi va davlatning pirovard maqsadidir. Biroq bunday rasmiy qarashga nisbatan darhol, xoʻsh, bu oʻta rang-baranglik qanday yaxlitlikdan iboratu ularning asosiy tushuncha va, pirovard, intilishini qaysi yagona maqsad gavdalantiradi, degan savol paydo boʻladi. Maqsad sohasida davlatga nisbatan boʻlganidek, sanʼat tushunchasiga nisbatan ham – qisman, umuman, barcha xususiy tomonlarga, qisman esa oliy substansional maqsadga nisbatan ehtiyoj tugʻiladi.

Refleksiya bizga dalolat beradiki, sanʼatning substansional maqsadi uning xohish-istaklarga moyilligida va uni yumshatish qobiliyatida namoyon boʻladi.

a. Bu birinchi qarash haqida shuni aytish mumkinki, sanʼatning xohish-istaklar qoloqligiga barham berish imkoniyati uning qaysi jihatlarida ifodalanishini belgilash, tiyish hamda muddao, ishtiyoq, ehtiroslarga madaniy tus berishini aniqlab olish zarur.

Qoloqlik zamirida faqat oʻz xohish-istaklarini tabiiy qondirishga oʻch mayllarning oshkora xudbinligi yotadi. Biroq xohish-istak oʻziga insonni cheklangan mahdudligi bilan rom etsa, shuncha dagʻallashadi va zulmkor boʻladi, shu sababli, bunday muayyanlikdan umumiylik sifatida ayri boʻlolmaydi va umumiylikni erkinlashtira olmaydi. Agar bunday holatlarda inson ehtiros mendan kuchli, deya eʼtirof etsa, u holda mavhum ongda “men” shaxsiy joʻshqinlikdan rasman ajraladi, negaki, bunday ajralish tufayli, “men”ning umumiy ibtido sifatidagi ehtiroslari kuch-qudrat bilan qiyos qilinganda mutloq eʼtibordan chetda qolishini qayd etadilar. Binobarin, bunda mazmunan chekli umumibtidoiy asos – “men”ning xohish-istagi bilan birga ehtirosning toʻporiligi ham oʻrin oladi, shunday ekan, inson bu ehtiroslardan tashqarida hech qanday erkinlikka erisha olmaydi.

Sanʼat ehtirosning bu bemaʼni va tiyiqsiz taʼsirini inson his qiluvchi va gavdalantiruvchi jami holatlarni uning ongiga yetkazish yoʻli bilan kamaytiradi. Va, hattoki, sanʼat tomonidan mushohadaga moʻljallanib tasvirlangan ehtiroslar chegaralanganda ham, hattoki, tilyogʻlamachilikka yoʻl qoʻyilganda ham ular muloyim kuch boʻlib gavdalanadi; bu bilan tabiiy tuyulgan narsalar inson onggiga singdiriladi. Endi, inson, ayni paytda, avvalda ustida mulohaza yuritib koʻrmagan mayl va intilishlarini mushohada qiladi, ularni qarama-qarshi turuvchi qandaydir obʼyektivlik tarzida oʻzidan uzoqlashtiradi va ulardan xolis boʻla boradi.

Shuning uchun koʻpincha sanʼatkor ularni tasvirlar ekan, gʻam-gʻussaga dosh berib, oʻz tuygʻulari shiddatini pasaytiradi va muloyimlashtiradi, hattoki, koʻzyoshlardan taskin topadi; mutlaq gʻam-gʻussaga berilganda ham kechinmalarini ifodalashga intiladi. Soʻz, obraz, ohang va qiyofalarda aks etgan fikr-mulohazalar ham uning oʻzini yana koʻproq yengil his etishiga taʼsir qiladi. Ilgari zamonlarda yaxshi bir odat boʻlgan, unga koʻra, boshga tushgan musibatni taʼziya paytida chetdan kuzatish maqsadida maxsus kishilar yigʻichi qilib tayinlanardi. Tabiiyki, hamdardlik ham insonning oʻz baxtsizligini tushunishiga taʼsir koʻrsatadi; musibatlarni qayta-qayta eslash chuqur oʻylarga toldiradi va taskin beradi. Shuning uchun bunday yigʻi-sigʻi, gap-soʻzlar insonning maʼnan yengil tortishida, hech boʻlmasa, qalbini qiynoqlardan forigʻ etishda muhim vosita sanaladi.

Ehtiroslar taʼsirini pasaytiruvchi shunday umum sabablar mavjudki, ular insonning bevosita tuygʻularga tobelikdan xoli qiladi, ularga qandaydir tashqi narsa sifatida yondashish, fikran, ideal munosabatda boʻlishini taʼminlaydi. Sanʼat hissiy sohada tuygʻularni hirs hukmronligidan oʻz tasvirlari bilan meʼyorida xalos etadi. Baʼzida inson bevosita tabiat bilan birga boʻlib qolishi kerak, degan gaplarni eshitishga toʻgʻri keladi; biroq oʻz abstrakligi jihatidan bunday aloqadorlik dagʻallik va madaniyatsizlikni anglatishi mumkin, holbuki, sanʼat bu birlikni oʻz sehru nazokati bilan buzib, insonni tabiiy tobelikdan xalos qiladi va obroʻsini koʻtaradi. Sanʼat predmetlarini oʻrganish nazariy xususiyatga ega boʻlib, eʼtiborimizni, dastavval faqat berilgan tasvirlar, soʻngra, ularning maʼnosi, bir mazmunning boshqasi bilan qiyoslashga yoʻnaltiradi va mushohada hamda uning nuqtai nazarlariga umumiy xarakter beradigan muhitni yuzaga keltiradi.

b. Bu xususiyat bilan sanʼatning ehtiroslarni poklash, pand-nasihat va axloqiy kamolotni tarbiyalash bilan bogʻliq ikkinchi muhim fazilati izchil qoʻshilib ketadi. Binobarin, sanʼat butunlay dagʻallikni jilovlashi, ehtiroslarni madaniylashtirishi kerak, degan taʼrif mutloq rasmiy va umumiydir, shunday ekan, bu tarbiyaning muayyan turi va uning asosiy maqsadi nimadan iboratligi haqidagi masala qayta qoʻyilishi lozim.

a. Sanʼatning xohish-istaklarni muloyimlashtirish xususiyati haqidagi oldingi tasavvurlar bilan uni ehtiroslarni poklash vositasi sifatida eʼtirof etish oʻzaro bogʻlangan boʻlib, ayni kamchiliklardan ham xoli emas. Biroq bu fikr sanʼat tasvirlagan voqea-hodisalarning ahamiyati bor-yoʻqligiga qarab, ularni baholash miqyosini nazarda tutadi. Ularning ehtiroslarni nosogʻlom holatlardan poklantirishdagi faolligi ana shunday miqyos bilan belgilanadi. Shuning uchun bunday taʼsir mazmunini ifodalashdan sanʼat hamisha manfaat koʻradi, modomiki, bu taʼsir sanʼatning substansional maqsadini tashkil etar ekan, biz bunday poklantiruvchi mazmunni uning umumiyligi va jiddiyligi asosida anglab olmogʻimiz lozim.

bb. Shu munosabat bilan sanʼatning maqsadi nasihatgoʻylikdan iborat boʻlishi kerak, degan fikr ilgari suriladi. Shunday qilib, sanʼatning oʻziga xos xususiyatlarini, bir tomondan, hissiyotlarni mavjlantirish va ulardan tugʻiluvchi mamnunlikda qoʻrqinch, rahm-shafqat, hayajon va iztirob hislarini uygʻotishda, yaʼni, hissiy va ehtirosiy ehtiyojlarni qondirish vazifasida koʻradilar, demak, bu xususiyatlar sanʼat predmetlari, ularning tasviri va taʼsirlaridan bahra olish va zavqlanishda namoyon boʻladi. Biroq sanʼatning oliy maqsadini belgilovchi mezon bu – faqat pand-nasihat, fabu1a doset deb, xullas, badiiy asarning idrok subʼyektiga yetkazuvchi foydasi, deb hisoblaydilar. Shu maʼnoda, keyingi zamonlarda sanʼat haqidagi turli-tuman, oʻta mijgʻov va cheklangan fikrlar Goratsiyning hikmatlarida favqulodda loʻnda berilganini eslash kifoya.

Biz badiiy asarda bunday nasihatgoʻylik ochiq-oydin yoki yashirin aks etadimi? degan savol qoʻyishimiz kerak.

Mabodo, sanʼatning tasodifiy emas, balki umumiy maqsadi haqida fikr yuritilsa, uning maʼnaviy mohiyatiga tayanuvchi bu pirovard maqsad tabiatan xarakterga xosligiga eʼtibor qaratish lozim. Nasihatgoʻylikka nisbatan bunday maqsad muhim maʼnaviy mazmunni bevosita badiiy asar orqali ongga singdirishda koʻzga tashlanadi. Shu maʼnoda, sanʼat oʻzini qancha yuqori tutsa, mazmunan shu darajada teranlashadi va badiiy asarda ifodalangan ijobiy yoki salbiy baho bu mazmunda oʻz meʼriga erishadi. Sanʼat haqiqatan ham xalqlarning chinakam birinchi ustozi boʻlib qoladi.

Agar nasihatgoʻylik implicteda aks etgan konkret badiiy obraz shaklida emas, balki asarda tasvirlangan mazmunning bevosita abstrakt hukm, oddiy mulohaza, umumiy taʼlimotda aks etgan umumiy xarakteri maʼnosida qarab chiqilsa, sanʼat hodisasini badiiy asarga aylantiruvchi hissiy obrazli shakl ajralib qoladi, ortiqcha niqob va arzimas zohiriy koʻrinishga aylanadi.

Bu narsa, tabiiyki, badiiy asarning tabiatini soxtalashtiradi. Holbuki, badiiy asar mazmunni umumiylik emas, balki, hissiy alohidalik shaklida individuallashtirmogʻi, unga alohida hissiy xarakter bagʻishlamogʻi lozim-ku. Agar badiiy asar bu tamoyillar asosida emas, aksincha, umumiylikni mavhum nasihatga aylantirish maqsadida yaratilsa, undagi obrazli va hissiy elementlar ortiqcha bezakdan, asar shakl bilan mazmun yaxlitligi emas, balki oddiy mayda-chuyda boʻlakchalar yigʻilmasidan iborat boʻladi, bu yerda hissiy alohidalik bilan maʼnaviy yaxlitlik bir-biriga nisbatan faqat yuzaki, tashqi ahamiyat kasb etadi, xolos.

Yana davom etadigan boʻlsak, sanʼat faqat nasihatgoʻylik kelturuvchi foydani faqat maqsadiga aylantirsa, sanʼatning zavq-shavq, maroq, rohat-farogʻat bagʻishlovchi boshqa xususiyatlarini ham nomuhim, faqat pand-nasihatga ilova, foyda koʻrish deb baholashga toʻgʻri keladi. Biroq shuni ham eʼtirof qiladilarki, sanʼat oʻz vazifa va pirovard maqsadlarini oʻz-oʻziga singdirib qolmaydi, balki uning mazmuni qandaydir boshqa narsalar, oʻzi xizmat qiluvchi vositalardan oʻrin oladi. Sanʼat bunday holatda faqat bu maqsadlarga erishishning eng maqbul va amaliy vositasiga aylanadi. Bu yerda endi biz sanʼatning oʻz-oʻzicha birgina oddiy maqsad, maroqli oʻyin yoki nasihatgoʻylikning oddiy vositasiga aylanmagan muhim nuqtasiga yetib keldik.

bbb. Sanʼatning oliy maqsadi ehtiroslarni poklantirish va kishilarga pand-nasihat berish ekanligiga yana bir bor eʼtibor qaratsak, bu chegara chizigʻi oʻta jiddiy ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Eng yangi davrda bu niyat koʻpincha axloqiy oʻzgartirishlarni tartibga solishga yoʻyildi va sanʼatning vazifasi ehtiros va mayllarni axloqan kamol toptirish va shu pirovard maqsadlarni amalga oshirishdan iborat, deb hisobladilar. Bu tasavvurda nasihatgoʻylik bilan poklanish birlashtirildi, negaki, sanʼat ehtiroslarni axloqiy ezgulikni tushunish bilan, pand-nasihat orqali poklantiradi, kishilarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi, zero, uning nafi va oliy manfaati ham ayni shundan iborat.

Sanʼatning nasihatgoʻylikning maqsadiga boʻlganidek, axloqiy tuzatishlarga munosabati haqida ham shunday deyish mumkin. Aslida, sanʼat axloqsizlik yoyilishiga taʼsir oʻtkazmasligi lozim. Biroq axloqsizlikni badiiy tasvir maqsadiga aylantirish bilan axloqiylikni shunday targʻib qilish butunlay boshqa-boshqa narsalardir.

Har qanday badiiy asardan axloqiy xulosa chiqarish mumkin, lekin eng asosiy narsa – tasvirlangan axloqiy qadriyatlardan ayni kimlarning oʻgit olishidadir. Masalan, har bir odam axloqiy xatti-harakat koʻrsatishi uchun yovuzlik, ayb-gunoh kabilarning mohiyatini bilib olishi zarur, degan fikrdan kelib chiqib, sanʼatda axloqsizlikni tasvirlashni oqlash mumkin. Tiyiqsizligi tufayli oxir-oqibatida tavba-tazarru qilgan yoqimtoy Mariya Magdalinaning obrazi koʻplarni gunoh qilishga undagani toʻgʻrisida oʻta ziddiyatli fikrlar keng tarqalgan, shuning uchun sanʼat asarlari tavba-tazarruni bizda havas uygʻotadigan darajada goʻzal qilib tasvirlaydi, buning uchun esa, avvalambor, gunoh yuz berishi lozim.

Biroq kishilarni axloqiy oʻzgartirish bilan hayotni boshqarish toʻgʻrisidagi taʼlimotni izchil amalga oshirish oʻzini shu maʼnoda oqlamaydiki, bunda badiiy asarning talqini undan faqat shunday ibrat olishni targʻib qiladi, axloqiy pand-nasihat esa uning substansional, muhim maqsadiga aylanadi, shunday qilib unda faqat axloqiy predmetlar, axloqiy xarakterlar, xatti-harakatlar va hodisalar tasvirlanishi shart qilib qoʻyiladi. Axir, sanʼat tadqiqot sohasi oldindan aniq boʻlgan tarix yoki fanga qarama-qarshi oʻlaroq, avvalo, oʻz tasvir predmetini oʻzi belgilab olishi kerakmasmi?

Sanʼatning pirovard maqsadi kishilarni axloqan oʻzgartirishdan iborat boʻlishi kerak, degan eʼtirofga baho berishdan oldin biz bu yondashuv tarafdorlarining axloq haqidagi qarashlarini koʻrib chiqishimiz kerak.

Soʻzning asl maʼnosida axloqning teran nuqtai nazariga eʼtibor qaratib, bugun axloqni qanday tushunishimizga asoslanib, shuni tezda eʼtirof qilsa boʻladiki, saxovat, axlokiylik, yaxshilik kabi bir turfa fazilatlar uning tushunchasiga mos kelmasligi ham mumkin. Axloqan olijanob inson odobli boʻlishi shart degani emas; binobarin, axloq burch, xatti-harakatlarni ulugʻlovchi va bundan kelib chiquvchi tushunchadan tugʻilgan mulohazani, muayyan ongni taqozo qiladi. Aslida, burchning oʻzi iroda qonuni boʻlib, uni inson oʻz-oʻziga ishonib yuzaga keltiradi, soʻngra, ezgulikning haqiqiyligiga ishongan holda burch va ijro yuzasidan amalga oshiradi.

Masʼuliyat, erkin eʼtiqod va botiniy ehtiyoj yoʻlida ijro qilinuvchi bu qonun, bu burch irodaning bevosita tabiat, hissiy mayl, xudbin manfaat, intilish, umuman jon va qalb, deb ataluvchi narsalarga zid turuvchi abstrakt umumiy ibtidosini anglatadi. Bu ziddiyatli ikki jihatga asoslangan subʼyekt ulardan birini mustaqil tanlab olib, boshqalariga barham beradi.

Biroq bu axloqiy qaror va unga mos xatti-harakatlar faqat burch mayli nimaligiga toʻla ishonch hosil qilish yoʻli bilan va, nafaqat, alohida erkinlik, tabiiy istak, havas va boshqalarni, shu bilan birga, olijanob tuygʻu va koʻtarinki mayllarni bartaraf etish tufayli ham amal qiladi. Binobarin, axloqning hozirgi zamon taʼlimoti erkinlikning umum-maʼnaviy jihati bilan uning hissiy, tabiiy xususiyatlari oʻrtasidagi kes-kin murosasiz ziddiyatlardan kelib chiqadi. Mazkur taʼlimot bu ziddiyatli tomonlarni bavosita ifodalashga emas, balki oʻzaro bahsga kiritib, oʻrtada yuz beruvchi toʻxtovsiz kurashni eʼtirof etuvchi va burchning mayllar ustidan gʻalabasini taʼminlovchi talablarga asoslanadi.

Bunday qarama-qarshilik ongda, nafaqat, tor axloqiy taʼsir orqali yuzaga keladi, shu bilan birga, tashqi reallik bilan tashqi borliqning oʻzida va oʻzi uchun borliqdagi barcha narsalarning umumiy boʻlinishi va qarama-qarshiligi tarzida ham namoyon boʻladi. Abstrakt shaklda bu – bir-biriga ters turuvchi kuchlarni oʻzida qayd etuvchi umumiylik bilan xususiylik oʻrtasidagi qarama-qarshilikdir. Yanada konkret holda bu – tabiatda abstrakt qonun bilan hodisalarning oʻzi uchun alohidaligi, oʻziga xos toʻlaqonliligi oʻrtasidagi qarama-qarshilikdir. U ruh sohasida insondagi maʼnaviylik bilan hissiylik oʻrtasidagi qarama-qarshilik, burch niqobidagi qandaydir eʼtiborsiz aqida bilan ayrim manfaat, joʻshqin tuygʻu, hissiy intilish bilan niyatlar, yaʼni, umuman, butun individuallik oʻrtasidagi oʻzaro kurash; ruhiy erkinlik bilan tashqi tabiiy zaruriyatning shafqatsiz antogonizmi, yana davom etsak, oʻlik, botinan arzimas tushuncha bilan konkret hayotning toʻlaqonliligi, nazariya, subʼyektiv fikr bilan obʼyektiv borliq, obʼyektiv sinov oʻrtasidagi ziddiyatlar orqali yuz beradi.

Bu ziddiyatlar nozik refleksiya yoki maktab falsafasi tomonidan kashf etilgan emas, albatta. Holbuki, eng zamonaviy madaniyat bu haqda keng fikr yuritib, ularning oʻta ziddiyatli ekanligini endi chuqur tasavvur etayotgan boʻlsa-da, lekin bu masala insoniyat onggini uzoq zamonlardan beri bezovta qilib kelayotganligi maʼlum. Maʼnaviy madaniyat bilan zamonaviy aql-idrok insonda bu ziddiyatni amfibiya qiyofasida yuzaga chiqaradi, shunday ekan, insonning bu ziddiyatli ikki olamda yashashdan boshqa iloji yoʻq. Ong ham shu qarama-qarshiliklar tegrasida u yoqdan bu yoqqa tashlanib yaltoqlanishga, tuslanishga majbur, lekin ularning birortasidan qanoat hosil qilmaydi. Bir tomondan, inson tabiiy mayl va ehtiroslar, kundalik turmush va dunyoviy tashvish, odatiy ehtiyoj va talablar, tabiatning qahri, moddiy yumush, tirikchilik talablari va ularni qondirishning murakkab jarayonlari iskanjasida ozor chekib yashaydi. Boshqa tomondan, u abadiy gʻoya, tafakkur va erkinlikning yuksakliklariga koʻtariladi, oʻzini umumiy qonunlar ifodachisi va maqsadi sifatida anglaydi, atrof voqelikdan jonli, rivojlanuvchan pardani sidirib tashlaydi va uni mavhumlik tarkibiga kirib yoʻldan ozdiradi. Boshidan musibat va azoblarni kechirgan ruh singari u ham tabiatning haqsizligi va dilgirligidan oʻz haqiqatini izlab topadi.

Hayot bilan ong oʻrtasidagi bu nifoqlik hozirgi zamon madaniyati va uning aql-tafakkuri oldiga ziddiyatlarni birgalikda bartaraf etishni zaruriyat qilib qoʻyadi. Biroq aql-idrok bu qarama-qarshiliklarning oʻzgarmasligidan ham voz kecha olmaydi. Ongda ziddiyatlar yechimini topish oddiy narsaga aylanadi, mavjud voqelik esa murosa izlab bezovtalanadi. Bu yerda oddiy muqarrarlik bilan talab chegarasidagi ziddiyat – aynan shu keng qamrovli ziddiyat oʻzida va oʻzi uchun va umuman, oliy pirovard maqsadlar uchun haqiqat boʻla oladimi? degan savol tugʻiladi.

Bordiyu umumiy madaniyat bunday ziddiyatlar iskanjasiga tushib qolsa, falsafaning vazifasi ularni bartaraf etish, yaʼni qarama-qarshiliklarning har ikkisiga xos haqiqatning cheklangan mavhum tafsilotini emas, balki ularning shu tarzda oʻz-oʻzini buzishini ham koʻrsatib berishdan iborat boʻladi. Haqiqat – qarama-qarshiliklarni murosaga keltirish va ularni bevosita ifodalash, bu bevositalikni qatʼiy ehtiyoj emas, balki oʻzida va oʻzi uchun mavjudlik va muntazamlik tarzida mukammallashtirish demakdir. Yechilajak ziddiyatlarni nazarda tutuvchi, hal etuvchi va uni amalga oshirishni maqsad qilib oluvchi bu qarash doimo soxta eʼtiqod va istaklarga mos keladi. Falsafa bizga fikran bunday qarama-qarshiliklar mohiyatiga nigoh tashlasa, shu bois, haqiqat qarama-qarshiliklarning yechimiga aylanishiga, boz ustiga, bunday yechim ziddiyat, ziddiyatli tomonlar yoʻqligi emas, balki ularning murosasoz ekanligini asoslab berishga imkon beradi.

Shunday qilib, axloqiy oʻzgartirish sanʼatning pirovard maqsadi sifatida bir qadar oliy nuqtai nazar sanaladi, shunday ekan, biz ham uni sanʼatda qoʻllashni talab qilamiz. Buning oqibatida sanʼatning yuqorida biz tilga olgan axloqiy manfaatlarga xizmat qilishi, nasihatgoʻyligi va kishilarni tarbiyalab, ularni olamning pirovard axloqiy maqsadlariga yetaklashi haqidagi soxta pozitsiya barham topadi, boz ustiga, bu qarash sanʼatdagi substansial maqsad oʻz-oʻzidan emas, balki boshqalar tomonidan tayin etilishini ham koʻzda tutadi. Agar biz sanʼatning pirovard maqsadlari haqidagi fikrlarni yana davom ettiradigan boʻlsak, avvalambor, sanʼatning maqsadi faqat foyda keltirishdan iborat, degan notoʻgʻri tasavvurga barham berishimiz lozim. Badiiy asarning qandaydir boshqa muhim va zarur narsalar bilan muvofiq kelishi va sanʼatdan tashqaridagi ong sohasida alohida maqsadlarni amalga oshirishda ham foydali vosita ekanligini qarab chiqishda bu qarashning soxtaligi maʼlum boʻladi. Bunga qarama-qarshi oʻlaroq taʼkidlaymizki, sanʼat yuqorida koʻrsatilganidek, haqiqatni faqat hissiy shaklda yoritadi, murosa topgan ziddiyatlarni tasvirlaydi, zero, uning pirovard maqsadi voqelikni ayni shunday tasvirlash va yoritishdan iborat, demak, bu maqsad yolgʻiz uning oʻzida mavjuddir. Binobarin, badiiy asarning boshqa maqsadlar, chunonchi, nasihatgoʻylik, poklantirish, tartibga solish, pul topish, shuhrat va izzat-ikromga rujʼu qoʻyish kabi talablar bilan hech qanday aloqasi yoʻq va bular sanʼatning mohiyatini belgilamaydi.

 

Ruschadan Mahmud ABDULLAYEV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.