Samuil Yakovlevich Marshak

0
851
marta koʻrilgan.

(1887–1964)

Hozirgi zamon rus bolalar adabiyotida Samuil Yakovlevich Marshakning roli katta. U rus bolalar adabiyotida kichkintoylar uchun katta sheʼriyat yaratib bergan ulkan sanʼatkor, taniqli tarjimon, yetuk dramaturg, mohir pedagog va bilimdon muharrirdir.

S. Marshak 1887 yilda Voronej shahrida tish texnigi oilasida tugʻildi. Boʻlajak sanʼatkorda shoirlik isteʼdodi juda erta uygʻondi. “Toʻrt-besh yoshlarimda, – deb eslaydi shoir, – sheʼrlar yoza boshladim. Oʻn bir yoshlarimda, bir qancha poemalar yaratdim. Goratsiyning “Odamlar”ini tarjima qildim”.

S. Marshak 1897-yilda Ostrogoj gimnaziyasiga oʻqishga kiradi. Bu yerda boʻlajak shoir oʻz zamonasining yetuk sanʼatkorlari bilan yaqindan tanishadi. Marshakning ijodiy faoliyati shu yerda chechak otadi. 1906 yildan boshlab feletonlari, sheʼr hamda tarjimalari bilan matbuotda chiqa boshlaydi.

S. Marshak 1912 yilda Angliyaga joʻnaydi. London universitetining sanʼat fakultetiga oʻqishga kiradi. Taʼtil kunlari u mamlakatning diqqatga sazovor joylarini yayov kezib tomosha qiladi: baliqchilar bilan dengizda sayr qiladi, qishloq maktablarida boʻladi. Ingliz xalq qoʻshiqlarini, ertaklarini sevib tinglaydi. Bu yerda Marshak V. Bleyk, Robindranat Tagor va boshqalarning sheʼr va poemalarini ingliz tilidan tarjima qiladi.

1914-yilda Rossiyaga qaytib kelgan Marshakning hayoti bolalar olami bilan chambarchas bogʻlanib ketadi. U 1915–22 yillarda bolalar uylarida tarbiyachi, oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Bu Marshakning bolalar shoiri boʻlib kamol topishida katta rol oʻynaydi.

S. Marshak 20 yillarda oʻzining sheʼr, ertak va poemalari bilan yosh kitobxonlarning sevimli shoiri sifatida tanildi. “Qayerda ovqatlanding, ey chumchuq”, “Ahmoq sichqoncha haqida ertak”, “Kecha va bugun”, “Sirk” va boshqa shu kabi mashhur asarlari oʻsha yillarda maydonga kelgan edi.

1939 yilda Marshakning “Petya nimadan qoʻrqar edi?”, “Korablcha” singari mashhur sheʼrlari bosilib chiqdi.

Ikkinchi jahon urushi davrida shoir ijodining asosiy qismini urush, bosqinchilarga qarshi kurash mavzusi tashkil etdi. Ayniqsa, 1943 yilda yaratilgan “Oʻn ikki oy” nomli ertakdramasi tez orada millionlab yosh kitobxonlar orasida mashhur boʻlib ketdi.

“Har qanday bolalar adabiyotida ikki yosh mavjud boʻladi, u olamga bolalar nigohi bilan qaraydi, ammo uni kattalardek idrok qiladi, aql-tajribasiga suyanib ish koʻradi,” – degan shoir bir umr bolalarni sevdi, ular uchun gʻoyaviy-badiiy yuksak asarlar yaratish uchun tinmay ijodiy ish olib bordi.

S. Marshakning nomini olamga yoygan, bolalar shoiri sifatida tanitgan sheʼrlaridan biri “Ahmoq sichqoncha haqida ertak”dir.

Bu ertakda shoir bolalar hayoti va xarakteriga mos boʻlgan qiziqarli sujet topa olgan. Kimki oʻziga ortiqcha oro bersa, oqibatini oʻylamay koʻr-koʻrona ish tutsa, oʻzidan kattalarning pand-nasihatiga amal qilmasa, hayotda koʻp narsa yutqazadi, oʻz baxtini qoʻldan boy beradi, degan fikr ertakning asosiy gʻoyaviy mazmunini tashkil etadi.

Kichkintoylarning otaxon shoiri S. Marshak bu asarda turli hayvon va jonivorlar misolida ularning yashash sharoitlari, tovushlari, qolaversa yemak ovqatlari bilan ham yosh kitobxonlarni oshna qiladi.

S. Marshak “Yongʻin”, “Pochta”, “Musobaqalar doskasi” asarlari bilan ham rus bolalar adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi.

S. Marshak yaratgan juda koʻp qahramonlarni oʻzi shaxsan tanigan, bilgan yoki eshitgan boʻladi, baʼzan esa gazeta materiallari asosida yaratadi. Binobarin, bu qahramonlarning, albatta, hayotiy prototipi mavjud. Jumladan, student V. Burskiy (“Nomaʼlum qahramon haqida qissa”), Igor Chkalov (“Qahramonning oʻgʻli”), Katya Budanova (“Katya Budanova”), Seryoja Smirnov (“Sizning kitobingizni qanday nashr qiladilar?”) va boshqalar shunday qahramonlar sirasiga kiradi. Shoir “Nomaʼlum qahramon haqida qissa” poemasida oddiygina hayotiy bir voqeani aks ettirish bilan 30 yillar rus bolalar dostonchiligida ijobiy qahramon qiyofasini yaratish yoʻllarini koʻrsatib berdi.

S. Marshak Rossiyada hayot kechirayotgan har bir kishi bir-biriga mehribon, jonkuyar, shuningdek, vaqti kelganda mardlik, jasorat koʻrsatishga tayyor ekanliklarini, ayni paytda oddiy, kamtarin, oʻzlarining qoʻlga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlari, erishgan jasoratlari bilan kerilmasliklarini, manmanlikka berilmasliklarini, oddiy hayotiy detal – oʻt ichida qolgan bir qizchaning hayotini saqlab qolgan bola misolida tasvir etadi. Bola, mana, koʻrib qoʻyinglar, men jasorat koʻrsatdim, deya koʻkragiga urib maqtanish oʻrniga, tezgina odamlar orasiga kirib, koʻzdan gʻoyib boʻladi. Bu qahramonni keyinchalik barcha qidiradi. Lekin hech kim topa olmaydi.

Hozir ham oʻquvchilar oʻrtasida maktab jihozlarini asrabavaylab tutmaydiganlari topilib turadi. Bunday bolalarga shoir oʻzining “Stol kelgan qayerdan?” degan sheʼrida maktab jihozlari oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaganligini, buning uchun kattalarning qanchadan qancha vaqtlari, mehnatlari sarf etilganligini tushuntirib beradi.

“Marshak bizning bolalar adabiyotimizning asoschisi va bilimdoni,” – deb yozgan edi M. Gorkiy. Bunday yuksak maqtovga S. Marshak halol mehnati, kichkintoylarni astoydil sevishi, ardoqlashi sababli erishdi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.