Samimiyatga yoʻgʻrilgan sheʼriyat

0
924
marta koʻrilgan.

Oʻzbek sheʼriyatiga oʻtgan asrning 70-yillarida kirib kelgan qalamkash yoshlar orasida dardlari sheʼr boʻlib toʻkilayotgan, istiqlolni sogʻingan, isteʼdodi sheʼriyatimiz chamanzorida gul ochgan kamtarin ijodkor Usmon Qoʻchqor ham bor edi. Oʻshandan buyon yillar oʻtdi. Isteʼdodli shoir va mohir tarjimon umr qaymogʻini el-yurt ravnaqi yoʻlida sarflab kelmoqda.

Usmon Qoʻchqorning ilk sheʼriy toʻplami “Hayajonga koʻmilgan dunyo” nomi bilan 1982 yilda chop etildi. Toʻplam mustabid tuzum davrida nashr qilingan boʻlsa-da, erkni qoʻmsab yozilgan sheʼrlardan tashkil topgan. Kitobdagi “Iqror” sheʼrida turk va oʻzbek ildizi bir xalq ekani, ular gʻaflat uyqusidan uygʻonishi zarurligi uqtiriladi:

 

“Til” ne dedim, “dil” deding,

“Dil” ne dedim, “dil” deding.

“Manim tilu dilim bir,

Uxlama, gʻofil”, deding.

 

Sheʼrda mustabid tuzumga oshkora qarshilik, eʼtiroz ifoda etilar ekan, shoir Nasimiy va Mashrab obrazlarini tilga olib, talmehni yuzaga keltiradi, inson erkini qatagʻon qilganlar yoʻqolishi tayin, ammo erk deganlar boqiydir degan xulosani ilgari suradi. Goʻroʻgʻli, Avaz, ayni damda “Chambilni yengganlar bor” deb dagʻdagʻa qilgan devlar obrazlari yordamida obraz stilizatsiyasini yuzaga keltirar ekan, Bozirgon Goʻroʻgʻli salomini Dada Koʻrqutga eltganini, devlarning dagʻdagʻalari Goʻroʻgʻlini Dada Koʻrqutga bogʻlaganini aks ettirish orqali oʻz isyonini ifodalaydi:

 

Ming yillik orzular tirik bu yurtda,

Yurak chidab berar, koʻzlar koʻnadi –

Haqiqat ertakka evrilur erta,

Ertaga afsona haqqa doʻnadi.

 

“Shoir” sheʼrida chin shoir umriga toʻgʻri taʼrif berilgan. Shoirning ruhi goho koʻkdan oshib ketsa, goho yetti qavat yerga teng boʻladi. Aksar shoirlar oʻz davrida qadrlanmay, oʻlimidan soʻng koʻklarga koʻtarilgani haqiqat. Usmon Qoʻchqor ayon haqiqatni chiroyli tarzda ifodalaydi:

 

Hurmat bilan tilga olishar

Oʻtgan zamon feʼlida seni.

Uchratib boz hayron qolishar

Kelajakning yoʻlida seni.

 

Usmon Qoʻchqor sheʼriyatida och qofiya yoki qofiyasiz satrlar deyarli uchramaydi. Baʼzi shoirlarda qofiyaga eʼtibor sust. Ammo Usmon Qoʻchqor qofiyaga, ayniqsa, toʻq qofiya boʻlishiga alohida eʼtibor beradi. Aslida toʻq qofiyalarning oʻzi haqiqiy ilhom toʻlqinida qizil olmadek oʻynoqlab, oqib keladi.

Shoir “sh” va “t” tovushlarini takrorlash orqali tavzeʼ sanʼatini yuzaga keltirib, sheʼr badiiyatini oshiradi, ohang mukammalligiga erishadi. Tovush takrori shoirlarning oʻziga ham surur bagʻishlashi rost va bunday jilvakor satrlar Usmon Qoʻchqorning aksar sheʼrlarida uchraydi. Yomgʻir hidi anqishini dehqon, choʻpon bilan birga oʻzbekning chin shoiri ham his qiladi va bu ifor uning ruhiyatiga kirib boradi. Bu ifor sheʼrga ham singishadi:

 

Shaloladay shovullar shamol,

Yomgʻir boʻyi tagʻin anqiydi.

Tagʻin tortib ketadi xayol

Termuladi kungay tomonga.

 

Ilk sheʼrlaridayoq Usmon Qoʻchqor nafaqat xalqi, balki butun insoniyat dardi bilan ogʻridi. Dardchil, samimiyatga yoʻgʻrilgan satrlari bilan zamondoshiga yuzlandi:

 

Botirning maslagi boʻlmas yarador,

Qoʻrqoqqa vatandir hamisha joni.

Axir kim kechirar bizni birodar,

Bemaslak qoldirsak jon deb dunyoni.

 

XX asrning 2-yarmida Musa Jalilga, uning “Maobit daftari”ga eʼtibor qaratmagan shoir kam. Zotan, Musa Jalil haqiqiy shoir edi va qismatidagi azoblarni shoirga xos jasorat bilan yenga oldi. Usmon Qoʻchqor “Maobitdagi Musa maktubi” sheʼri bilan ham oʻz uslubi, oʻz olami, oʻz soʻzi borligini koʻrsata oldi. Sheʼrda maslak inson uchun muhim ekanligi, botir oʻzi yarador boʻlsa ham maslagini yarador qilmasligi lozimligi, tiriklik tirikchilik emasligi alohida taʼkidlangan. Shoir fikricha, zafar faqat tiriklik bilan belgilanmaydi. Oʻlim yordamida ham zafarga erishish mumkin. Usmon Qoʻchqor Musa Jalil hayoti mazmunini quyidagi satrlar orqali ifodalaydi, aslida bu chin inson umri mohiyatiga daxldor xulosadir. Samandar – olovda yonmaydigan xilqat. Shoir umri olovda yonmas qoʻshiq, “bor yoʻllar toshlangan boʻlsa hamki” kurash uchun qolgan imkon Musa Jalildir. Bu sheʼr Musa Jalilga bagʻishlangan sheʼrlar orasida oʻziga xos falsafasi bilan farqlanadi:

 

Men – oʻsha imkonman, samandar qoʻshiq,

Oʻlim mazmunidan topdim yangilik.

Kesilgan umrimda zavol bilmas ishq,

Kesilgan umrimda muhri yangilik…

 

Ikkinchi jahon urushi insoniyatga yovuzlikning mislsiz hujumi va vaqtincha qoʻli balandligidir. Bu haqda sheʼr bitmagan shoir yoʻq. Negaki, shoir ezgulikning qoʻriqchisi, demakki, yovuzlik uning qalbini larzaga solishi, nafrati satrlar boʻlib toʻkilishi tayin. Bu nafratni har kim oʻz tafakkuri, qalbi, ruhiyati imkoni yordamida ifodalaydi. Usmon Qoʻchqorda oʻziga xos, takrorlanmas ifoda bor. U Sulton Joʻra qismati orqali jangchi qismati haqida fikrlaydi. Jangchi “Gʻanimlarga burarkan otin, Qaytmayman deb kirmagan jangga”. Usmon Qoʻchqor jangchi shoir haqidagi xulosasini oʻz nomidan emas, Vatan nomidan keltiradi:

 

Koʻz yoshlarim tindi, qaqshadim,

Bolam, ohim koʻkka oʻralar.

Kiprigimdan tomchi yosh kabi

Oqib tushgan Sulton Joʻralar.

 

“Hayajonga koʻmilgan dunyo” toʻplamida yosh shoir ijodiga baho berilar ekan, jumladan shunday deyiladi: “Usmon tabiat va inson munosabatlaridagi uygʻunlikni nozik ilgʻay oladi; umuman yosh shoirning sheʼrlarini oʻqir ekanmiz, koʻz oldimizda tabiat va jamiyat ogʻushidagi bugungi murakkab tabiatli, kurashchan inson – zamondoshimiz obrazi namoyon boʻladi”. Darhaqiqat, Usmon Qoʻchqor sheʼrlarida tabiat tasviri bilan boshlangan satrlardan yurak va tabiat manzaralari uygʻunlashib ketgan satrlarga oʻtiladi. “Sezdirmay yashillik kirar yurakka”, “Yurakka xiromon hislar kiradi” – bu satrlardagi tasvir tabiiy. Shoir tabiiy holatdan xayolot tomon oʻtadi: “Daraxtlar yurakka kirar shovullab”, “Adirlar jimgina kiradi gullab”, “Daryolar aslida dengizni emas, Bizning qalbimizni izlab yuradi”. Shoir tabiat va ruhiyatni oʻzaro mutanosib keltirarkan, umr haqidagi falsafiy xulosasini sheʼrxon bilan oʻrtoqlashadi. Dastlab bahorning suluv manzaralarini koʻz oʻngida gavdalantirgan sheʼrxon kutilmaganda umr mohiyati haqida oʻylab qoladi. Bunga shoir majbur qiladi:

 

Nogahon bahorlar soladi faryod,

Daraxtlar boshida shovullab turar.

Yulduzlar jimgina tilaydi imdod,

Daryolar yurakka oʻzini urar.

Oxirgi nafasda anglaydi odam,

Eng soʻngi hikmat ham boʻy berur oxir –

Sezmay yurib sevgan dunyodan

Sezib turib ajramoq ogʻir.

 

Usmon Qoʻchqor sheʼriyatiga xos yana bir jihat shuki, shoir har qanday qaygʻuli holatdan yorugʻlik izlaydi, yomonlik bagʻridan yaxshilik tillolarini topib sheʼrxoniga tutadi:

 

Qurshigan labida dardlari qotar,

Qum boʻlib koʻziga qadalar uyqu.

Aruziy misralar karvondek qator,

Sarbon matlaʼlarda shohona tuygʻu.

Odam timsolida yurgan har itdan

Yigitlik yoshida hormoqda shoir.

Qochib ketmayapti Abusaiddan,

Dunyodan sheʼr soʻrab bormoqda shoir.

 

Shoirning mahorati shundaki, Alisher Navoiyga xos mutafakkirlikni ifodalay olgan. Hazrat ixrojdan noliyotgani yoʻq. U karvon safida yoʻl yurar ekan, aruziy misralar qatorini tizib ketmoqda. Karvonga matlaʼlar sarbon. Sarbon shohona tuygʻuga oʻrangan. Aruz vaznining tuya karvonlari bilan bogʻliqligi misralardagi maʼnolarni serjilo qila olgan. Sheʼr yakuni kitobxonga ulugʻ bobomiz umrlarida ulugʻvor Samarqand tutgan mavqeʼni taʼkidlab koʻrsata olgan:

 

Samarqand! Ey, Sharqda begunoh qondan,

Sheʼriyat, fikratdan tiklangan maʼvo.

Peshvoz chiq oʻgʻlingga sahro tomondan,

Hirotda shoirga yetmadi havo.

 

“Akssiz sadolar” (1986) kitobida shoir ijodiga tavsif berilar ekan, shunday deyiladi: “Usmon oʻz sheʼrlarida tarixdan timsollar axtaradi”. Shoir ijodiga xos jihatlardan yana biri aynan shu: tarixga murojaat qilish orqali xalq dardlarini ifoda eta olish, bu dardlardan maʼrifiy saboq chiqara bilish. Uning “Buxoro triptixi”, “Amudaryo”, “Buxoroning akssiz sadolari”, “Tarix” kabi sheʼrlari fikrimizni dalillaydi:

Uxlab yotar

vazmin

osuda

Kesilmagan,

kesilgan boshlar.

Ogʻir sukunatning

Ostida

Qarsillab

uygʻona boshlaydi toshlar.

Uygʻonadi…

aks-sado tinar.

Dubulgʻasin olmay,

tik turib

uxlayotgan botirdir –

minor.

 

Shu sheʼrdagi takrorlanmas tashbeh navbatdagi sheʼriy kitobning nomiga aylandi. 1987 yilda chop etilgan “Uyqudagi minora” toʻplamiga adabiyotshunos N. Jumayev taqriz yozdi (“Uyqudagi botirdir – minor”. “Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 6-son). Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, adabiyotshunosligimiz ijodi eʼtirofga har jihatdan arzigulik boʻlgan qator shoirlar, jumladan, isteʼdodli shoir Usmon Qoʻchqor sheʼriyati haqida ham yozishga qarzdor boʻlib turibdi. Bugun ustoz boʻlib ulgurgan shoirlar ijodiga yetarli eʼtibor berolmayotgan adabiyotshunoslik shu taxlit oʻtirsa, kelajak sheʼriyat oldida gunohkor boʻlib qoladi, nazdimizda. Har jihatdan taraqqiy qilayotgan Vatan ravnaqi uchun zarur har bir masalaga oʻz vaqtida eʼtibor berayotgan davlatimiz adabiyotshunosligimiz rivoj topishi uchun kerakli chora-tadbirlarni belgilashiga ishonchimiz bor.

Usmon Qoʻchqorning sheʼriy toʻplamlaridan salmoqlisi “Ogʻir karvon”(1991)dir. Kitobda barmoq, erkin va aruz vaznida bitilgan sheʼrlar berilganki, bu hol shoir uch vaznda ham ijod qila olishini, uning kayfiyati, ilhom shiddati qaysi vaznni koʻtarsa oʻsha vazndagi sheʼr dunyoga kelganini koʻrsatadi:

 

Netay, dunyoga keldim men,

bu tashrifdan netar dunyo,

Sevinchimga, oʻkinchimga,

ne ham qilsin, chidar dunyo.

 

Bu dunyoning figʻoniga oxir bir kun yetolmasman,

Mening ohu figʻonimga oxir bir kun yetar dunyo.

 

Gʻazal oʻzbek aruzida eng koʻp qoʻllanadigan hazaji musammani solimda bitilgan. Vaznda saktalik yoʻq. Ohang toʻq, ayni damda, qisqa choʻziq hijolar mutanosibligida biror bir nooʻxshashlik uchramaydi. Shoir aruzda sheʼr bitar ekan, gʻazal, muxammas janrlaridan foydalanadi. U aruz va erkin vazndan oʻrinli foydalansa-da, ijodida barmoq vazni yetakchilik qiladi. “Ogʻir karvon” nomli kitobida “Oʻlmish”, “Dunyo” radifli gʻazallari, Rauf Parfi gʻazaliga muxammasi bor. Kitobda “Quvgʻin” dostoni ham berilgan boʻlib, bu doston “inson vatan bilan qadrlidir” degan ayon haqiqatning ikkinchi tomonini kitobxonga yorqin namoyon qildi: vatan inson sabab qadrlidir. Dostonni oʻqigan yurak sel boʻlishi, urushni laʼnatlashi, ikkinchi-jahon urushida maskan izlab kelgan jabrdiydalarga Vatan boʻlgan ona Oʻzbekistoni bilan faxrlanishi, istiqlolimizga shukrona aytishi tayin:

 

Oʻzbekiston, jafokash yurtim,

Ranging buncha soʻlgʻin, sarigʻdir.

Urush-da bu, nima ham derdim,

Lekin yuzing mangu yorugʻdir.

 

Ha, urush yillarida oʻzbekning imoni butligini dunyo bildi. Shoir ana shunday haqiqatni kitobxoniga uqtira oldi. U jabrdiyda qirimliklar dardi oʻzbekning ham dardi ekanligini dilidan otilib, qovrilib chiqqan satrlari bilan isbotladi. Doston “Dunyodagi Vatanidan quvilgan, quvilayotgan va quviladigan barcha jabrdiydalarga bagʻishlangani” bilan ahamiyatlidir. U bejizga Choʻlpon nomidagi mukofotga loyiq deb topilgan emas. Shoirning Qirim turkiylariga dardkashligi uning erksevar qalbidan dalolat edi. Uning turkiy xalqlarga boʻlgan ayricha mehri keyinchalik ozarbayjon adabiyotidan tarjimalar qilishiga sabab boʻldi. Usmon Qoʻchqor Ozarbayjonning mashhur adibi Yusuf Samadoʻgʻlining “Qatl kuni” romanini mahorat bilan tarjima qilar ekan, ikki jihatdan samaraga erishdi. Avvalo, oʻzbek kitobxonini dunyo romanchiligining goʻzal namunasi bilan, qolaversa, oʻzbek romannavislarini qardosh xalq romanchiligi yutuqlari bilan tanishtirdi. Usmon Qoʻchqor yurak qoʻrini qoʻshib, ozarning mumtoz shoiri Nasimiy sheʼrlarini tarjima qildi. Ozar sheʼriyatining bugunki vakili Hidoyat Usmon Qoʻchqor sabab oʻzbekcha sheʼrlar aytdi. Mohir tarjimon tarjimalarning asliyati qadriga qadr qoʻshdiki, aslo susaytirmadi. Bu uning shoirlik iqtidori bilan bir qatorda keng va chuqur bilimidan darak beradi.

Isteʼdodli shoir va tarjimon Usmon Qoʻchqor:

 

Anglagin:

Sukutda bir sado yashar,

har qanday gʻaflatda bir uygʻonish bor.

Har qanday gʻamda bir shodlik bor magar,

Har qanday soʻnishda qayta yonish bor.

Sen oʻzing shondirsan, sen oʻzing shoyon,

Olamda poyonsiz poyonim mening.

Har qanday ayonda sen oʻzing pinhon,

Har qanday pinhonda ayonim mening, –

 

deb yashamoqda. Ustozdan biz vatanparvarlikni, mahoratni, halollikni, kamtarlikni, fidoyilikni oʻrgansak arziydi. Shoirning koʻp yutuqlari hali eʼtirof etilmagan, yana koʻp yutuqlari hali oldindadir.

 

Laylo ShARIPOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.