Samarot ul-mashoyix

0
85
marta koʻrilgan.

Koʻngil hamisha tashnadir. Undagi bu tuygʻu adoqsiz sahroda odimlayotgan yoʻlovchi chanqogʻining egizagi. Yoʻlovchini bu qiynoqdan suv qutqaradi. Uning holini tavsiflab, soʻzamollik bilan hikoya qilsa boʻladi.

Biroq koʻngil tashnaligini tasvirlashga bu vosita yordam bermaydi. Bu tuygʻuning hatto nomi yoʻq. Uni biror soʻz bilan atab ham boʻlmaydi. Baʼzan u meni “Qumchoʻp ota”, “Langar ota” dargohiga yetaklab ketadi. Koʻhna Nasafda yurganimda, bagʻridan Turon shukuhi koʻkka oʻrlab yotgan Buxoro koʻchalarini yayov kezganimda, engashib Qora Oʻkuzdan suv simirayotgan Samarqand yonidan oʻtayotganimda bu otsiz tuygʻu qiyofasini koʻrsatadi, gʻimirlab qoladi. Shunda uni nima qondirishini bilganday boʻlaman… U faqat maʼrifat bulogʻidan rizqlanadi, tinchlanadi. Faxruddin Ali Safiy u otsizning nasibasini “Hayot bulogʻi tomchilari” (Rashahot ayn al-hayot) deb ataydi. Bu buloq atrofida hamisha Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” (Doʻstlik epkini) va Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” (Muhabbat nasimi) esib turadi. Bu asarlar xalqimiz orasida juda mashhur boʻlgan. Mutaxassislar ularni tasavvuf tarixiga oid tazkiralar deyishadi. Bu turkumdagi kitoblar XVII–XVIII asrlarda ham yozilgan. “Ulugʻlar mevalari” (Samarot ul-mashoyix) asari ulardan biridir.

Muallif: Muhammad Mirak ibn Azizon Xoja Mir al-Husayniy, ilm ahli orasida Oxund Zinda Ali mufti Vobkandiy nomi bilan tanilgan. “Buxoriy” nisbasi ham bor. XVII asrda yashagan va “Samarot ul-mashoyix” asarini yozgan. Muallifning boshqa asarlari toʻgʻrisida hozircha maʼlumotlar yetarli emas.

Asarning ahamiyati: Unda XII asrdan qariyb XVII asr oxirigacha boʻlgan davr oraligʻida yashab oʻtgan tasavvuf ahli tarixi, ular qoldirgan maʼnaviy meros toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar toʻplangan. Muallif mazkur asarini yozishda oʻzidan oldin oʻtgan ijodkorlarning ishlarini davom ettirishga harakat qilganini taʼkidlaydi, Abdurahmon Jomiy nomini hurmat bilan yod etadi.

Tazkirada 268 nafardan ortiq ulugʻlar toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Matn kubroviya tariqati vakillari tarjimai hollari bayoni bilan boshlanadi. Yassaviya va naqshbandiya sulukining Xoja Ahmad Yassaviy, Mansur Ota, Sulaymon Ota, Shayx Mavdud, Shayx Xudoydod Vali, Qipchoq Hofiz, Azizon Pirim shayx, Shayx Poyanda, Xoja Abdulloh Barqiy, Xoja Andoqiy, Xoja Muhammad Samosiy, Xoja Bahovuddin Naqshband, Shayx Yaʼqub Charxiy, Xoja Ubaydulloh Ahror kabi mashhur namoyandalari qatorida nomi bugungi kishilarga unchalik maʼlum boʻlmagan tarixiy shaxslar, Nadr Muhammadxon, Abdulazizxon kabi ashtarxoniy hukmdorlarga oid axborotlar berilgan.

Turkiston hududida yashagan suluk ahli tarjimai hollari; til, adabiyot, tarix, tasavvuf, fiqh, hadis ilmlarida muallifga qadar yozilgan asarlar; tarixiy voqealar; Xorazm, Buxoro, Samarqand, Toshkand, Nasaf, Termez, Kesh, Fargʻona viloyatlari mavzelari, qadimiy aholi maskanlari nomlariga oid maʼlumotlar mavjudligi asarning tarixiy qimmatini oshirgan. Tazkiradagi bitiklar mamlakatimizda XVII asr ashtarxoniylar davri siyosiy hayotini yoritishga ham koʻmak beradi.

Asar hijriy 1091 yili (1680) yozilgan, qoʻlyozmalar xazinasida №1336,2619–2,3424-1 raqamlardagi nusxalari saqlanadi. №1336 raqamli qoʻlyozma mahalliy qogʻozga nastaʼliq xatida yozilgan, muqovasi qizil rangli, qattiq qogʻozdan tayyorlangan, 291 varaq (1b – 291b), 26,5x15,5 sm. Sahifalar Muhammad sahhof tomonidan kitobat qilingan. Matn oldi varaqlariga (1b – 4a) mundarija joylashtirilgan, anʼanaviy “bismilloh”dan soʻng asarning asosiy matni (5b) boshlanadi.

Shayx Xodim va Xoja Ubaydulloh Ahrorga bagʻishlangan fasllar orasida (122a) matn uzilishi bor.

Bu qoʻlyozma nusxa hijriy 1277 yili (1860–1861) kotib Hoji Muhammad tomonidan koʻchirilgan.

Tazkira oʻzbek xalqi oʻtmishi va maʼnaviy-madaniy merosini oʻrganish, anglashda muhim ahamiyatga ega boʻlishiga qaramay, yetarlicha oʻrganilmagan. Undan faqat, baʼzi mutaxassislar tadqiqotlarida yugurik foydalangan. Asarning oʻzbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishi juda muhimdir.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

 

“Yoshlik”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.