Safo Ochil

0
105
marta ko‘rilgan.

 (1942–2009)

“Safo Ochil – serqirra ijodkor. U taniqli shoir, iqtidorli adib va tarjimon, iste’dodli adabiyotshunos va tarjimashunos olim, mohir tarbiyashunos va muallim, adolatli noshir sifatida o‘zbek xalqiga ma’lum va manzur”, deyiladi adibning “Orzular ko‘kida shafaqlar” kitobining avvalida. To‘g‘ri, yuqorida aytilgan sifat va fazilatlar Safo Ochilda to‘la mujassam.

Shoir va olim Safo Ochil to‘fonli kunlarda, o‘zbek xalqi ikkinchi jahon urushining dahshatli va vahimali azob-uqubatlarini boshidan kechirayotgan davrda, ya’ni 1942 yil, 20mart kuni Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida dunyoga keldi. U boshlang‘ich ta’limni shu tumandagi “Olg‘a” hamda Oxunboboyev nomli maktablarida oldi, keyin esa Bog‘ot tumanidagi Narimonov nomli o‘rta maktabni tamomladi.

U 1958 yilda Toshkent davlat chet el tillari pedagogika institutining nemis tili fakultetiga kirib, uni nemis tili, o‘zbek tili va adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha tugatdi. So‘ngra uzoq yillar Xorazm davlat pedagogika institutida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Filologiya fanlari nomzodi, pedagogika fanlari doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi Safo Ochil o‘z ijodiy faoliyatini 1955 yilda bolalarbop she’rlar mashq qilishdan boshladi. Uning bolalar uchun yozgan asarlari “Umidvor qushcha” (1983), “Kamalak va sumalak” (1987), “Burgut” (1992) kabi she’riy kitoblariga jamlangan bo‘lib, ularning barchasi yosh kitobxonlarga manzur bo‘lgan.

Shoirning o‘sha davrdagi mashqlarida ham o‘ziga xos isyonkorlik va kurashchanlik ko‘zga tashlanadi. “Onam paxtakor” (1955) she’rida lirik qahramon onam “O‘tgan yili ko‘p Paxta terdi. Davlat unga Nishon berdi. Pul ber desa, Derlar qoch-qoch, Bizlar esa Och, yalang‘och…” deya hayqiradi. Darhaqiqat, she’r yozilgan davrda paxtakor-mehnatkashlar faqat mehnat qilishgan, lekin mehnatiga yarasha haq olishmagan. Shu hayot haqiqati badiiy haqiqatga aylanganki, bu mavjud sho‘ro tuzumiga nisbatan murg‘ak qalbning isyonidir.

Shoir ramziy ifodalash orqali o‘zining falsafiy fikrlarini bolalar tilida jonlantirishga harakat qiladi. Bu o‘rinda “Kungaboqar” she’ri diqqatga loyiq:

Kungaboqar muloyimdir,

Uyati bor.

O‘ziga xos qiziq, ajib

Odati bor –

Tunda yerga, kunduz esa

Kunga boqar.

Shu boisdan yer-u kunga

Birday yoqar.

Qorni to‘ygach, “yig‘ib olar”

U esini.

Quyoshga ham ko‘rsatadi

Yelkasini…

Bu she’rda o‘zbek xalq og‘zaki ijodiga xos botiniy parallelizm uslubi gavdalangan. Kungaboqarning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘sishi, “yashash” tarzi yashirin ravishda insonga qiyoslanadi. Darhaqiqat, ayrim laganbardor odamlarning rahbar-u amaldorlarga yaltoqlanishi, ularning og‘ziga qarab turishi va ularga egilibbukilib turish manzaralari barchaga ayon va ma’lum. Qolaversa, hayotda ba’zi kishilar borki, ular ishi bitgach, yaxshilikni tez unutadilar, ezgulik qilgan insonga hatto “elkasini ko‘rsatadi”lar. She’rda shu lavhalar badiiy jihatdan yaxshi tasvirlangan.

“Soyam bilan o‘ynayman” she’rida ayrim subutsizlar timsoli yorqin ifodalangan. Bola o‘z soyasi bilan do‘st tutinadi, o‘ynaydi. Biroq soya esa bola yursa-yuradi, tursa-turadi.

Bolada qiziq bir xususiyat bor. Kimdir uning qilgan ishini, xatti-harakatini takrorlayversa, aytgan so‘zini bot-bot aytaversa, “Meni ermak qilyapti” deb undan jahli chiqadi. “Soyam bilan o‘ynayman” she’ridagi lirik qahramon ham shu holatga tushadi va o‘z soyasiga:

“ – Ey, soyajon! Qilmagin ermak. Shunday qilsang, Do‘stmassan, demak”, deya tanbeh beradi. Lekin soya “bilganidan qolmaydi”.

Shunda lirik qahramon o‘zining ichki ruhiy holatini, kichkintoylarga xos iztirobini, noroziligini to‘kib soladi:

Po‘m” desam-da,

Ergashib kelar.

Undan odam

Qanday qutular?!

Shoirning “Qo‘rqoqlik” she’rida yosh lirik qahramon nohaqlikka, adolatsizlikka, loqaydlikka qarshi isyon ko‘taradi. Shu isyon ruhi badiiy-publitsistik uslub orqali tasvirlanadi:

Dada, katta bir bola

Meni nohaqdan urdi.

Yordam bermay o‘rtog‘im

Qo‘rqoqlik qilib turdi.

Murg‘ak bola og‘ir ahvolga tushganida o‘rtog‘ining himoyasini kutadi. Shunda o‘rtog‘i ko‘maklashmasa, yonini olmasa, u iztirob chekadi. Va bola dadasidan so‘raydi:

Sizni ham men singari,

Birov nohaq urganmi?

Shunda do‘stingiz chetda

Yordam bermay turganmi?

Bu holat nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham xosdir. Bir kishi ikkinchi kishini begunoh, adolatsiz ravishda xafa qilsa yoxud xo‘rlashga harakat qilsa, bundan og‘iri bo‘lmaydi. Darhaqiqat, shunday noxush hodisalar uchrab turadi. Shoirning “Qo‘rqoqlik” she’rida tasvirlangan voqea-hodisada hayot uyg‘unligi bilan she’riy uyg‘unlik bir butun yaxlitlikka ega.

Bolalar shoiri kichkintoylar hayot tarzini, ichki dunyosini, fe’l-atvorini, ruhiy kechinmalarini, fikrlash darajasi va ko‘lamini, eng asosiysi, ularning shirin, chuchuk tilini yaxshi bilishi asosiy mezondir. Shoir Safo Ochil she’rlarini o‘qir ekanmiz, uning shu fazilatlarini kuzatamiz.

Odatda, bolalar tabiat manzaralarini, hayvonot va qushlar dunyosini boshqalardan ko‘ra ko‘proq sevadilar, o‘zgacharoq his qiladilar va idrok etadilar. Shoir she’rlarida bolalarning shu xislatlari badiiy-falsafiy jihatdan aniq tahlil qilinganki, ular murg‘ak qalblarning ruhiyatiga samarali ta’sir qila oladi.

“Yarador qushcha” she’rida ilgari surilgan badiiy-tarbiyaviy g‘oya qushlarga nisbatan mehr, g‘amxo‘rlik tuyg‘ularini shakllantirishga yordam beradi. She’rda poetik voqea-topilma tush orqali ifodalanadi va nazmiy til orqali “so‘zlab” beriladi. Kichkintoyning o‘zi tushida uchib yuradi. Yonginasida uchayotgan qushchani otishadi va bola qulayotgan yarador qushchani ushlab oladi. Keyin yaralarini bog‘lab, unga yordam ko‘rsatadi. Lirik qahramon qushchaning chekayotgan azobi, qiynalib chirqirashiga chidolmay yig‘lab yuboradi, uyg‘onib ketadi va deydi:

Tushdagidek ne uchun

Uchib yura olmayman?

Yarador qushchamni men

Nahot ko‘ra olmayman?

Tushidagi kabi ucholmasligidan afsuslanish, yarador qushchasiga rahm-shafqat va uni sog‘inish ruhi bola vujudini qamrab olgan. Boshqacha aytganda, murg‘ak qalbda sog‘inch dardini uyg‘otish va shakllantirish lirik yo‘sinda talqin qilingan.

“Yarador qushcha” she’rining ikkinchi qismida avvalgi poetik ma’no va maqsad ravshanlashtiriladi. Ya’ni o‘yinqaroq bolaning toshbag‘irligi, ozor chekkan qushning iztirobi va nihoyat, rahmdil kichkintoyning odobliligi va mehr-oqibati sokin ohangda kuylanganki, bu turfa fe’l-atvorlar o‘quvchi ruhiga samarali ta’sir etadi.

O‘yinqaroq bola sopqonidan tosh otib, qushni yerga qulatadi. Boshqa bir bola tipirchilab, chalajon yotgan qushchani mushukdan olib qochadi va unga in yasaydi, malham qo‘yib, yarasini bog‘lab, don-dun berib, parvarish qiladi. Qushcha esa yarasi tuzalgach, qafasda zerikadi. Rahm-shafqatli, odobli bola uning bu holatini his qiladi:

Tuzalgach asta-sekin,

Zerikdi u qafasda.

Qolgan kabi armonda,

Uchsam derdi osmonda.

Uni yaxshi ko‘rardim,

Darrov qo‘yib yubordim.

Shoirning “Men”i tutqunlikda qiynalayotgan qushchani ozod qiladi. U bundan zavq-shavq oladi. Bu yerda ozodlik, erkinlik bola tilidan falsafiy yo‘sinda ifodalangan. Yuqorida aytilgan poetik ma’noni ochib berish uchun muallif jonli hikoya uslubini tanlaganki, u she’rga nafis va ohangdor pafos hamda joziba bag‘ishlagan.

Safo Ochil “Tog‘ lavhalari” (turkum), “Mudraydi qishloq”, “Ey, qor”, “Qor bola”, “Qish”, “Oqshom”, “Ko‘klam qo‘shig‘i” she’rlarida tabiat manzaralarini chizish orqali murg‘ak bolalarning estetik didini shakllantirish, “Kurashchi bola”da sportga mehr, “Xazonlarni supurmang”da insonparvarlik, “Yaxshilikning yovlari”da ezgulikning yovuzlik ustidan tantana qilishi, boshqa ko‘pgina she’rlarida esa Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat singari tuyg‘ular rango-rang bo‘yoqlarda chizilgan.

Safo Ochil bolalar qo‘shiqchiligini rivojlantirishga samarali hissa qo‘shgan shoir. Uning qo‘shiqbop she’rlari sodda, tili ravon, sermazmun, ohangdor, shuningdek, ularning har biri muayyan poetik maqsadga yo‘naltirilgan. Shuning uchun shoirning aksariyat she’rlari osongina kuyga tushadi. Bastakor ularga qiynalmasdan kuy bastalaydi, jajjigina ijrochi osongina kuylay oladi. “Gul ekaman”, “O‘z tilim”, “Ota-ona duosi”, “Osmonimiz tiniq bo‘lsin” singari she’rlar shular jumlasidandir.

Masal bolalarning sevgan janrlaridan hisoblanadi. Chunki qushlar, sudralib yuruvchilar, hayvonlar va shu kabilarning xattiharakati, ularning o‘ziga xos xususiyatlari goh kulgili, goh satirik yo‘sinda tasvirlanadi. Safo Ochilning “Qarg‘a va Bulbul”, “Ilon va Tipratikan” “Tuya bilan Kuchuk”, “Tovuq va simob pantomimasi”, “Qurbaqa va sigaret” singari masallari badiiy yuksak mahorat bilan bitilganki, ular bolalarning diqqatini o‘ziga tortadi.

Xayoliy ramz va timsollar, kutilmagan hayotiy voqea va hodisalar, odatdan tashqari o‘xshatish va istioralar, go‘zal tasnif va tasvirlar, g‘aroyib sarguzashtlar, mardlik va shu kabi badiiy unsurlar muayyan sujet chizig‘ida birlashadi. Bunday hikmatlarga boy dialektik yaxlit topilma bolalar diqqat-e’tiborini qozonadi, o‘z “bag‘ri”ga ohanrabodek tortadi. Bu, ko‘pincha, doston, ertak va afsonalarga xos badiiy-estetik xususiyatdir.

Shoir Safo Ochil qalamiga mansub doston va ertaklar ham shunday fazilatlarga ega bo‘lib, ularda badiiy jozibasi bilan murg‘ak qalblardan tez o‘rin olish qudrati mavjud. Adibning doston va ertaklarida faqatgina ta’sirchan badiiylik emas, balki ularda voqea-hodisalarni tahlil va tadqiq etish samarali ko‘zga tashlanadi. Darhaqiqat, shoir har bir asariga badiiy-ijodiy va ilmiy-nazariy jihatdan yondashadi.

Shoirning “Gavhartosh” ertak-dostoni xalq ichida tildan tilga ko‘chib yurgan bir afsonaning sujet-voqeasi asosiga qurilgan bo‘lib, unda ota qadri, uning ma’naviy-axloqiy hikmatlari badiiy ifodasini topgan. Dostonning lirik qahramoni muayyan jamiyatda asrlar osha axloqiy qonuniyatga aylanib qolgan urf-udum va an’analarga qarshi bosh ko‘taradi.

Chambil degan mamlakatda ota yoxud ona qarigach, ular tog‘ ortiga – ilonlar makoniga olib borib tashlangan. Jur’at shohlarning udumga aylangan bu farmonidan nafratlanadi:

Farmoningga ming la’nat, ey Shoh,

Farmoningdan o‘rgildik, tojdor.

Udumlaring tufayli, e voh,

Nahot bola Otaga ag‘yor!

Shoir “o‘rgildik” so‘zini ko‘chma ma’noda ishlatgan bo‘lib, u nafratlanish ma’nosini ifodalaydi. Bu, o‘z navbatida, she’rga poetik effekt (samara, pafos) baxsh etgan va fikr ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan.

Lekin Jur’at ham taqdirga tan berib, otasini yelkasiga ortib, ilonlar saltanatiga yaqin joyda bir xarsangtoshga o‘tqizib, dam oladi. Shu yerda otasining aytgan so‘zlari farzand qalbini, uxlab yotgan tuyg‘usini uyg‘otadi:

Men ham senday sher kabi olg‘ir,

Kuchga to‘lgan yigit bo‘lganman.

Qirq yil burun bobongni, axir,

Shu tosh uzra olib kelganman”.

Shu to‘rtlik ma’nosida “Qaytar dunyo”, “Keyinchalik bu qismat sening ham boshingga keladi” degan hikmat yashirin. Biroq bu hikmat bolalar tafakkuriga, dunyoqarashiga va ichki dunyosiga mos keladigan til va sodda badiiy uslub bilan berilganki, uni yosh kitobxon tez va aniq tushuna oladi.

Xalqimizda “Qari bilganni – pari bilmas” degan maqol bor. Uning ma’nosi ertak-dostonda hayot haqiqati orqali ilmiy jihatdan asoslanadi. Johil shohga dengizning oqmas qismi – chuqur soy tubida gavhar ko‘rinadi. O‘sha hududdagi yosh yigitlar gavharni olib chiqishga majbur qilinadi. Biroq uni hech kim olib chiqolmay, suvga cho‘kib, halok bo‘lishadi. Navbat Jur’atga yetadi va bo‘lgan voqeani yerto‘ladagi otasiga bayon qilib beradi. Ota “Dedi so‘ngra nosni tupurib: – Bormi o‘sha joyda bir daraxt? Jur’at dedi: – Ha, bitta chinor”. So‘ngra ota gavhar chinor tepasidagi burgut uyasida ekanini aytadi. Darhaqiqat, suv ostida ko‘ringan gavhar burgut uyasidagi gavharning aksi edi. Bu yerda hayot voqeasi bilan badiiy to‘qima uyg‘unlashib, singishib ketganki, u bolaning fikrini teranlashtiradi va shu bilan birga unda asar davomida o‘qishga qiziqish ortadi. Bu badiiy tafakkurning qudratidir.

Ertak-doston boshqa ertaklarga xos lirik qahramonning g‘alabasi, ijtimoiy Haqiqat va Adolat tantanasi, buyuk kelajakka ishonch tuyg‘ularining ifodasi bilan yakunlanadi. Ya’ni inson hayoti va turmushini oyoqosti qiluvchi g‘oyalar ustidan insonparvarlik, qariyalarga g‘amxo‘rlik, vatanparvarlik g‘oyalarining muborak tantanasi asarning asosiy salmog‘ini tashkil qiladi.

Safo Ochilning “Burgut”, “Nodir pahlavon”, “Temirchi boy va boyo‘g‘li” kabi ertaklari ham bolalarning ma’naviy-axloqiy va estetik tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, shoir va olim Safo Ochilning deyarli barcha asarlari milliy istiqlol g‘oyasi bilan sug‘orilgan bo‘lib, ular milliy bolalar adabiyotining ravnaq topishida muhim o‘rinni egallaydi. Bunda shoirning filolog va pedagog olim sifatidagi iste’dodi qo‘l kelgan. Safo Ochilning bolalar uchun yozilgan asarlari badiiy va pedagogik jihatdan o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.