Saʼdiy Sheroziy

0
1426
marta koʻrilgan.

(1189–1292)

Fors adabiyotining buyuk namoyandasi Muslihiddin Saʼdiy Sherozda tugʻilgan. Uning nomi Sharq-u Gʻarbda keng tanilgan va mashhur boʻlgan. Boisi u avlodlarga xilma-xil janrlarda yozilgan juda koʻp asarlarni qoldirgan. Saʼdiy kulliyoti, yaʼni asarlar toʻplamiga shoirning sheʼriy va nasriy yoʻl bilan yozilgan asarlari jamlangan. Uning “Boʻston” va “Guliston” asarlari eski maktablarda qoʻllanma sifatida oʻqitilgan, muallif nomini ellarga mashhur qilgan. Ularda taʼlim-tarbiyaga oid mazmundor hikoyalar va sheʼriy hikmatlar mavjud boʻlib, adib bu asarlarda jahon kezib, juda koʻp mamlakatlarda boʻlib, koʻrgan-kechirganlaridan chiqargan xulosalarini bayon etgan.

Saʼdiy 1226-yili Bagʻdodda tahsil oladi. Soʻngra Janubiy Yevropa, Kichik va Oʻrta Osiyo mamlakatlari boʻylab safarga chiqadi, Xitoy va Hindistonda boʻldi. Bu safari 30 yil davom etdi. Turli-tuman mamlakatlar va xalqlar hayoti bilan tanishdi. Dunyo koʻrgan shoir tom maʼnoda faylasuf olim, donishmand inson boʻlib yetishdi. Uning asarlari Sharq adabiyotida didaktik yoʻnalishni boshlab berdi. Ularda inson hayoti uchun zarur boʻlgan umumlashmalar, pand-nasihatlarni bayon etdi. Saʼdiy asarlari yengil oʻqiladi, esda qoladi, inson xulq-atvori, axloqodobi takomillashuviga ijobiy taʼsir qiladi. Shoir inson va jamiyat, insonlararo munosabat, maʼnaviy-axloqiy fazilatlar haqida, vatanparvarlikni, odamgarchilikni, mehnatsevarlik va ilm-maʼrifatni ulugʻlaydi.

Saʼdiy sehr-jozibaga, hikmatli fikrlarga boy gʻazallari bilan ham shuhrat qozongan. Uning gʻazallari ohangdor, samimiy, maftunkor, badiiyatga boy. Ajoyib oʻxshatishlar, ichki qofiya, oʻynoqi satrlar shoir gʻazallarini bezagan asosiy vositalardir.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.